Xayrli turmush
Muhammad al-Amin Hadichaning o‘y-xayollarini butunlay band qilgan edi. «Ajabo, mening yoshim qirq yoshda. Muhammad al-Aminning yoshi yigirma beshda. Men bilan oila qurishga rozi bo‘larmikan?» degan savol Hadichaga sira tinchlik bermasdi.
Ana shunday kunlarning birida Hadichaning huzuriga dugonasi Nafisa binti Munya kirib keldi. Nafisa dugonasini qiynayotgan savoldan boxabar bo‘lgach, unga tasalli berdi. Ikkalasi ancha vaqt gaplashib o‘tirdilar. Nafisa dugonasining huzuridan chiqib, to‘g‘ri Muhammad al-Aminning oldiga bordi. Salom berganidan so‘sh, unga:
- Yo Muhammad, sening uylanishingga nima to‘sqinlik qilyapti? — deya savol berdi.
Muhammad ul-Amin:
- Buning uchun qo‘limda yetarli bisotim yo‘q, - dedilar. Nafisa kulimsiradi va sekingina shunday dedi:
- Agar ehtiyojing qondirilsa, davlatga, go‘zallik va sharaf egasi bo‘lgan aqlli ayol tomonidan taklif bo‘lsa, ijobat etasanmi?
Muhammad al-Amin:
- Kim u? - deya so‘radilar.
- Huvaylidning qizi Hadicha...
- Agar u rozilik bersa, men ham qabul qilaman.
Nafisa darhol yo‘lga tushdi. Muhammad al-Amininng xayrli taklifga rozi ekanini aytish uchun Hadichaning huzuriga qushdek uchib ketdi. Bu xushxabarni eshitganida Hadichaning ham quvonchi cheksiz edi. Alloh taoloning unga ehson etgan baxt, qalbidaga pok orzulari ijobatning shuqronasi uchun faqirlarga xayr-ehsonlar qildi.
Muhammad al-Aminning amakilari Abu Tolib, Hamza va Abbos Hadicha binti Huvaylidning uyiga sovchi bo‘lib bordilar. Hadichaning amakisi Amr ibn Asad bilan maslahatlashib, Muhammad va Hadichaning nikoh marosimi uchun bir kunni tayin qildilar. Bu xabar butun Makka ahlining qulog‘iga yetib bordi. Nikoh kuni eng avval Abu Tolib so‘zga chiqib, marosimni ochdi:
- Bizlarni Ibrohimning zurriyotidan, Ismoilning naslidan etgan, bizlarni Baytning qo‘riqchilari, Haramning idorachilari, insonlarning hakami qilgan Allohga hamdlar bo‘lsin. Bu mening birodarimning o‘g‘li Muhammad ibn Abdullohdir. U odob-axloq, fazilat va aqlda barcha kishilardan ustundir. To‘g‘ri, uning" davlati oz, lekin bu kamchilik hisoblanmaydi. Mol-dunyo har nafasda yo‘qolishga mahkum bir soyaga, qaytarib olish sharti bilan berilgan bir omonatga o‘xshaydi. Jiyanimning Hadicha binti Huvaylidga nisbatan rag‘bati bor. Hadicha ham u haqda ayni shu fikrdadir...»
Abu Tolibdan so‘ng Hadichaning amakisi Amr ibn Asad so‘zga chikdi. Muhammad al-Amin va uning oila a’zolariga tashakkur va salomlarini aytdi. Birodarining suyukli qizi Hadicha bilan Muhammad al-Amnining oila qurishlarini quvonch bilan qabul etganini e’lon kildi. Yigirmata tuya kiymatida mahr belgilandi. Kelinning uyida dasturxonlar yozildi, qurbonliklar so‘yilib, Makka faqirlariga tarqatildi. Shunday qilib, Hadicha binti Huvaylid Muhammad al-Aminga zavja bo‘ldi.
Hadicha Kuraysh yigitlarining eng go‘zali va eng fazilatlisi bilan turmush qurganidan juda baxtiyor edi.
Bizga ma’lumki, bu xayrli nikohdan olti farzaid: Kosim, Zaynab, Ruqayya, UmmuGulsum, Fotima va Abdulloh tug‘ildilar.