"SHAR'IY HUKMLAR TO'PLAMI" Ahmad Hodiy Maqsudiy
MEHRIBON VA RAHMLI ALLOH NOMI ILA!
Pyag'ambarimiz Muhammad alayhis-salomning hadisi shariflarida aytiladiki:
1. "Shariat ilmini bilishga harakat qilish har bir erkak va ayol musulmonlar uchun farzdir".
2. "Din hukmlarini bilib olish har bir musulmon zimmasiga qarzdir".
3. Allohi Taolo bir necha amallarni farz qildi; sizlar ularni zoye qilmay ado etingizlar! Yana bir necha ishlarni chegaralab qo'ydi; sizlar o'sha chegaralardan tajovuz qilib o'tib ketmanglar! Bir necha narsalarni harom qildi; sizlar ularga yaqinlasha ko'rmanglar! Ba'zi narsalar haqida mehribonlik uchun biror hukm aytmadi; sizlar ular haqida bahslashib o'tirmanglar!" (Doruqutniy rivoyati).
SHARIAT
Shariat - bu kishilar amal qilishi uchun islom dini tarafidan buyurilgan hukmlar va nizomlardir. Shariat hukmlarini bilib olish har bir mo'min-musulmonga farzdir.
Qilinadigan amallar 8 xil bo'lur: farz, vojib, sunnat, mustahab, muboh, harom, makruh, mustakrah.
FARZ AMALLAR
Farz - shariatda buyurilgan amaldir. Uni qilgan kishi savobli, qilmagan kishi gunohkor bo'lur. Uning farzligiga ishonmagan kishi imonsiz hisoblanur.
Farz amallar 2 xildir: farzi ayn va farzi kifoya.
Farzi ayn - har bir musulmonning qilishi shart bo'lgan amaldir. Bir jamoa musulmonlar ichidan ba'zilari bajarsalar qolganlar zimmasidan soqit bo'lmaydi. Masalan namoz va ro'za kabi amallar. Bularni ba'zi musulmonlar ado etganlari bilan boshqalardan soqit bo'lmaydi. Har kim ularni o'zi bajarishi kerak.
Farzi kifoya - Bir jamoa musulmonlar zimmasiga farz etilgan amal bo'lib, ba'zi musulmonlar bajarsalar qolganlarning zimmasidan soqit bo'lur. Ya'ni qolganlar o'sha amalni qilmaganlari uchun gunohkor bo'lmaslar. Lekin har qancha ko'p odam uni bajarsa savobi shu qadar ko'p xosil bo'laveradi. Agar jamoadan hech biri bajarmasa hammalari barobar gunohkor bo'lurlar. Masalan yetimlarni, zaif qarilarni, yolg'iz qolgan bemorlarni parvarish qilish, marhumlarni dafn qilish va ularga janoza o'qish kabilar. Bu kabi ishlar bir jamoa ichida sodir bo'lib qolsa ularning hammalariga ularni ado etish farzi kifoya bo'lur. Faqirlarga va yetimlarga yordam uchun hayriya jamiyatlari ochish mazkur farzi kifoya bo'lgan amallarni bajarish uchun juda zarur va qulay tadbir hisoblanadi.
...