Imom Sha’roniy. Payg'ambarimizning (s.a.v) hazrati Aliga (r.a.) nasihatlari  ( 72568 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 3 4 5 6 7 8 9 10 11 B


AbdulAziz  03 Fevral 2010, 12:03:42

119 Payg‘ambarimiz (s.a.v.) marhamat qildilar: «Alloh taolo mo‘minga, birodariga qovog‘ini uyub qaragan uchun g‘azab qiladi» (Munoviy, «Fayzul Qodir», 2/285, 1854 - hadis).

120 Payg‘ambarimiz (s.a.v.) marhamat qildilar: «Kim Allohga va oxirat kuniga ishonsa, faqat yaxshi so‘z so‘zlasin yohud indamasin!» (Muslim, «Iymon», 74; «Luqota», 14; Buxoriy, «Adab», 32, 85; «Riqoq», 23; Abu Dovud, «Adab», 123; Termiziy, «Qiyomat», 50; «Muvatto», «Sifatun Nabiy», 22; Ahmad, 2/174, 267, 433, 4/31, 5/247, 6/69, 384, 385).
«Payg‘ambarimizning (s.a.v.) sukutlari uzoq, kulishlari oz edi» (Ahmad). Bu bir haqiqat. «Faqat yaxshi so‘z so‘zlasin yohud indama!» degan hadislaridan murod shuki:
Bir kimsa so‘zlamoqchi bo‘lsa, avvalo yaxshilab o‘ylasin, agar so‘zlari aniq yaxshi bo‘lsa, savobli bo‘lsa so‘zlasin. Yaxshi bo‘lmasa so‘zlamasin. Agar so‘zlari muboh bo‘lsa ham so‘zlamasligi manzubdir. Muboh so‘zlar juda ko‘p. Hatto aksariyatni tashkil etadi. Alloh taolo marhamat qiladi: «O’ng va chap tarafda kuzatib turgan ikki (farishta) nima so‘z aytilsa yozib turadi» (Qof surasi, 17-18-oyatlari mazmuni).
Imom Shofe’iy aytganlar: «So‘zlamoqchi bo‘lgan kimsa avval o‘ylasin, agar so‘zlaridan o‘ziga biror zarar kelmasa, so‘zlasin. Zararli bo‘lsa yoki zarar shubhasi bo‘lsa voz kechsin!»
Fuzayl ibn Iyoz aytadilar: «Har kim so‘zini amalidan deb bilganida, keraksiz narsalar haqida gapirar edi». Xulosa shuki, inson o‘rnida sukut saqlasin, o‘rnida so‘zlasin. Chunki: «Haqni so‘zlash o‘rnida sukut qilgan shaytondir», deyilibdi. Shunga ko‘ra o‘z o‘rnidagi sukut ham, so‘z ham, sharaf bo‘lar ekan. (A. Dovud o‘g‘li, «Sahihi Muslim», tarjima va sharhi, 1/272, 273).
Bu mavzuda mezon ushbu hadisi sharifdir: «Yaxshi so‘zni aytish sukut qilishdan xayrli. Sukut esa (yomon) so‘z aytishdan xayrli» («Mustadrak», 3/343; «Kanzul-ummol», 2/4846; «Kashful Xofa», 2/463).
Hazrati Ali (r.a.) rivoyat qiladilar: «Rasulullohdan (s.a.v.) shuni o‘rgandim: «Balog‘atga yetgan yetim emas. Kun bo‘yi sukut kilish yo‘qdir» (Abu Dovud, «Vasoya», 9).
Hadis shorihlaridan Xattobiy bu hadis sharhida aytadilar: «Johiliyat zamonida ibodat sanalgan narsalardan biri sukut qilishlik edi. Dinimiz bundan qaytarib, ularga xayrli so‘zni aytish va zikr qilishni buyurdi» (Al-Xattobiy, «Maolimus sunan», 3/294).

Qayd etilgan


AbdulAziz  03 Fevral 2010, 12:03:57

121 Ko‘p uxlaydiganlarning dangasa bo‘lishi ochiq haqiqatdir. Inson nima uchun yaratilgan bo‘lsa, unga intilishi kerak. Inson Alloh taologa qullik qilishi uchun yaratilgan. Yeyish, ichish va uxlash Allohga qullik qilishda quvvat bo‘lishi uchun berilgan. Vositalar asosiy g‘oya o‘rnini olmasligi kerak. Kifoya qiladigan miqdorda yeyish, ichish va uxlash lozim bo‘ladi. Qalb zikr, ilm va tafakkur bilan mashg‘ul bo‘lish o‘rniga uyqu bilan mashg‘ul bo‘lsa, albatta, zaiflashadi va zamon o‘tishi bilan o‘ladi. Vujud ma’naviy muvozanatini yo‘qotsa, moddiy muvozanatini ham yo‘qotadi.

122 Imom Muhosibiy «Risola»larida shunday deydilar: «Ey birodar, shuni bil! Gunohlar g‘aflatning, gaflat qalb qattiqligining, qalb qattiqligi Allohdan uzoq bo‘lishning boisidir. Allohdan uzoqlik natijasi jahannamdir» (Horisul Muhasibiy, «Risolatul-Mustarshidiyn», 154-155-sahifalar).
Imom Abu Hanifa (r.a.) mushkul masala bilan to‘qnash kelganda talabalariga: «Bu faqat qilgan gunohlarim tufaylidir», der ekanlar. So‘ng istig‘for aytib, namoz o‘qir so‘ng masalani hal qilsalar: «Tavbalarim qabul bo‘libdi», der ekanlar.
Fuzayl ibn Iyoz shunday deydilar: «Bu uning gunohi ozligidan. Bu holat boshqalarda uchrasa, hech ham bunday qilmaydi» (Aliyyul Qori, «Tabaqatul Hanafiyya», 2/482).
Ibni Qoyyum al-Javziy shunday deydilar: «Gunohlar yaralar kabi bo‘ladi. Kishini o‘limga olib boradigan yaralar ham bor. Bandaga Allohdan uzoqlashishi va qalbining qattiqligidan ham buyuk azob yo‘q. Qalb qattiqlashsa, qalb ko‘zi ko‘r bo‘ladi. Bu to‘rt narsa: yeyish, ichish, so‘zlash va (bo‘lar-bo‘lmas insonlar bilan) arazlashishning ehtiyojdan ko‘ra ko‘p bo‘lishi qalbni qattiqlashtiradi. O’zini omonlikda deb gumon qilishi va g‘aflat qalbni xarob qiladi. Xolos bo‘lish Allohdan qo‘rqish va zikr bilan bo‘ladi» (Ibnul Qayyum al-Javziy, «Al Favoid», 262-263-sahifalar).
Kichik gunohlarni ko‘p qilish katta gunohlariga yo‘l ochadi. Katta gunohlarni qilish qalb oynasini kirlatadi. Tozalab bo‘lmas holga keltiradi. Shunda inson gunohlarni oddiy hol hisoblaydi. Ana o‘shanda qalb muhrlanadi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  03 Fevral 2010, 12:04:19

123 Mo‘min imtihondadir. Allohtaolo oyati karimada marhamat qiladi: «Biz sizlarni yomonlik (siqilish, mashaqqat, faqirlik, xastalik, g‘am) bilan va yaxshilik (rohat, kenglik, boylik, sihat) bilan imtihon qilyapmiz (va qilamiz)» (Anbiyo surasi, 35-oyat mazmuni).
Demakki, mo‘min har ikki holda ham imtihondadir. Unga shukr qilarmikan deb ne’mat, sabr qilarmikan deb balo berilgan.
Mo‘minga g‘am, balo va musibat, uning gunohlariga kafforat yoki darajasini orttirish uchun beriladi. Xatosini tushungan istig‘for aytsa, kechirilishini so‘raydi, Alloh taolo tavbasini qabul qiladi. Sabri va shukri sababli ajrga noil qiladi. Jannatiga kiritadi. Alloh taolo marhamat qiladi: «Kim bir gunoh ish qilsa yoki nafsiga zulm qilsa, so‘ng Allohdan mag‘firat so‘rasa, Uning kechiruvchi va o‘ta rahmli ekanini topar-ko‘rar» (Niso surasi, 110-oyat mazmuni).

124 Alloh taolo marhamat qiladi: «Haqiqatan Qorun Musoning (a.s.) qavmidan edi va ularga qarshi yo‘ldan ozdi. Unga shunchalar xazina bergan edikki, kalitlarini kuchli-quvvatli bir jamoa olib yurardi. Qavmi unga aytardiki: «Ortiqcha xursand bo‘laverma. Chunki Alloh haddidan oshib sevinganlarni suymaydi» (Qasos surasi, 76-oyat mazmuni).

125 Uqba ibn Amr (r.a.) aytdilar: «Men so‘radim: «Ey Allohniig Rasuli! Najot nimada?» iltifot qildilar U Zoti muborak (s.a.v.): «Tilingga hokim bo‘l, uying senga keng bo‘lsin (uyingda yasha) va xatolaringga yig‘la!» (Termiziy, «Zuhd», 61).

Qayd etilgan


AbdulAziz  03 Fevral 2010, 12:04:26

126 Tavba qabul bo‘lishining sharti gunohlarga pushaymonlik his qilish va xafa bo‘lish hisoblanadi. Agar banda pushaymon bo‘lmasa, gunoh qilishda davom etaveradi. Tavba qilganni Alloh taolo yaxshi ko‘radi. Gunohiga afsus-nadomatda bo‘lganni ham yaxshi ko‘radi. Chunki bu holat uni tavba qilishga yetaklaydi.

127 Inson har kuni yo foyda, yo zarar ko‘radi. Shubhasiz, foyda yo‘lini tutsa foyda ko‘radi, zarar yo‘lini tutsa zarar ko‘radi. Insonga berilgan ne’matlarning eng qiymatlilaridan biri umrdir. Zero, jannat yoki jahannam mana shu qisqa umr bilan topiladi. Kunlar ham boshqa ne’matlar singari: yo foydamizga, yo zararimizga guvohlik beradi. Mo‘minning vazifasi umriing sarmoya ekanini bilish va uni bergan Zotning roziligi yo‘lida sarflashdir. Bu umrimizni rejali ravishda o‘tkazishimiz lozim. Bunday bo‘lish uchun Qur’onga va «Axloqi Qur’on» bo‘lgan Zotga (s.a.v.) ergashish kerak. U Zot (s.a.v.) nimani amr qilgan bo‘lsalar, qanday bajargan bo‘lsalar, shunday bajaramoq shart. Ya’ni, qalbda niyat Alloh taoloning roziligi bo‘lishi, amallarimiz Payg‘ambarimizning (s.a.v.) sunnati saniyyalariga muvofiq kelishi lozim.

Qayd etilgan


AbdulAziz  03 Fevral 2010, 12:04:41

DUNYO

128 O’lim ruhning badandan ayrilishidir. Qachon amri ilohiy kelsa, malak shu zahoti jasaddan ruhni chiqaradi, kishi o‘ladi. Demak, o‘limning illati xastalik va ofatlar emas. Xastalik va ofatlar bir jihatdan ne’mat hisoblanadi. Chunki ular gunohlarga kaforat bo‘ladi. O’lim bilan insonning hayoti abadiy xotima topmaydi. Balki, dunyo hayoti tugaydi. O’lim buyuk haqiqatdir. O’limdan qo‘rqishdan Allohdan panoh tilaylik va o‘limni sevaylik, zero o‘lim muhib va mahbub o‘rtasidagi ko‘prikdir.

129 Boylik va faqirlik kishiga ne’mat ham, azob sababi ham bo‘lishi mumkin. Zero, inson boylik yo faqirlik bilan imtihon qilinadi. Boylik Allohning bir omonati, jannatni topishda bir vasila, deb bilinsa haqiqatan ham bir ne’mat bo‘ladi.
Faqirlik gunohlarga yetaklovchi ishlardan qaytarsa, haqiqatan ham buyuk sanaladi.
Hadisi qudsiyda marhamat qilinadi: «Buyuk Alloh azza va jalla Dovud alayhissalomga vahiy qildi: «Ey Dovud! Dunyo itlar to‘planib talashgan bir o‘laksaga o‘xshaydi. Sen ham ular bilan barobar talashishni xoxlarmiding?» (Suyutiy , «Addurorul muntasira», 85-sahifa).
Yana hadisi qudsiyda Alloh taolo marhamat qiladi: «Ey dunyo! Menga xizmat qilganga xizmat qil, senga xizmat qilganga xizmatingni qildir!» («Tazkirotul mavzuot», 175-sahifa).
Dunyo bir vosita. Nimaga vosita bo‘lsa, shuning hukmini oladi. Agar jannatni qozontirsa, dunyo qiymatli bo‘ladi. Jahannamni qozontirsa, dunyo eng past narsa bo‘ladi.
Mo‘min dunyo va oxirat muvozanatini saqlagan kishidir. Dunyo oxiratni topish uchun kerak. Ko‘p insonlarning dunyoni yomonliklarga va gunohlarga vosita qilganlaridan dunyo yomonlanadi. Ammo oxiratni qozontirgan dunyo yomon emasdir.
Alloh taolo huzurida dunyoning qiymati bo‘lganida, uni O’zi sevgan bandalariga ato qilar edi. Sarvari Koinot (s.a.v.) marhamat qildilar: «Alloh huzurida dunyoning chivinning kanotichalik qiymati bo‘lganida, kofirlarga bir qultum suv bermas edi» (Termiziy, «Zuhd», 13).
Dunyoning hammasi kichkina bir qanotchalik bo‘lmasa, uning bir juz’i qanday ekan.

Qayd etilgan


AbdulAziz  03 Fevral 2010, 12:04:55

ALLOH HUZURIDA INSONLARNING DARAJALARI

130 Rasululloh (s.a.v.) iltifot qildilar: «Sizlarning yaxshingiz yaxshiligi kutilgan va yomonligi bo‘lmagan kimsadir. Sizlarning yomoningiz yaxshiligi bo‘lmagan va yomonligi kutilgan kimsadir» (Termiziy, «Fitan», 76; Ahmad, 3/368, 378).
«Alloh huzurida eng yomon kimsa, yomonligidan qo‘rqib kishilar qochgan kimsadir» (Muslim, «Birr», 73;AbuDovud, «Adab», 5; Ibni Moja «Fitan», 11).
«Insonlarning eng yaxshisi insonlarga manfaat yetkazuvchi bo‘lganlaridir» (Suyutiy, «Al-jo-me’ as-sag‘iyr», 4044-hadis).
«Insonlarning eng yaxshisi umri uzun va amali go‘zal bo‘lganidir» (Termiziy, «Zuhd», 21. Dorimiy, «Riqoq», 30; Ahmad, 4/188; 190).

131 Nima Alloh huzurida yaxshi bo‘lsa yaxshidir. Nima Alloh huzurida yomon bo‘lsa yomondir. Umrning yaxshi yo yomonligi natijaga bog‘liq. Umr natijasida nimaga erishilsa, shunga ko‘radir. «Kishining oynasi ishidir, so‘ziga qaralmaydi» Yaxshi ish qilsa yaxshi, yomon ish qilsa yomondir. Qiymatli bo‘lgan umr faqat qiymatli narsalarga sarflashga berilgan.
 
132 Alloh taolo marhamat qiladi: «Dinni yolg‘on deganlarni ko‘rdingizmi? Ana o‘shalar yetimga qo‘pollik qiladilar, yo‘qsillarni to‘ydirishga tashviq etmaydilar. Namozlarini g‘aflatda o‘kigan namozxonlarning holiga voy! Ular riyokorning o‘zidirlar. Ular zakotga (yordamga, yaxshilikka) to‘sqinlik qiladilar» (Mo’un surasi, 1—7-oyatlar mazmuni).
 
133 Bir jamiyatda boylar qadrlanib, faqirlar xo‘rlansa, hayot muvozanati buziladi. Faqirlar boylarga dushman bo‘ladi. Ijtimoiy «portlashlar» maydonga chiqadi. Shuning uchun Allohning suyukli Habibi (s.a.v.) iltifot qildilar: «Zakot islomning ko‘prigidir». Faqir bilan boy orasidagi nizoning oldini oluvchi «ko‘prik», faqirning boyga dushman bo‘lishini oldini oluvchi «ko‘prik».

Qayd etilgan


AbdulAziz  03 Fevral 2010, 12:05:03

134 Harom ishlar, harom boylik, harom fe’llar jamiyat binosini tamalidan qo‘porib tashlaydi. Harom haromga yetaklaydi. Bora-bora harom uzra o‘lishga olib keladi.

 135 Alloh qaytargan amaldan tavba qilmagan kimsa o‘sha amalga rozi demakdir. Bu gunohga rozilik demakdir. Najot gunohlardan qutilishda. Gunohlardan qutilish gunohlarga tavba qilish va gunohlardan voz kechishdir. Tavba qilmasdan Allohning kechirishini kutish axmokdikdir. Albatta, Alloh xohlasa kechiradi, xoxdasa azoblaydi.

136 O’z birodarini aldagan haqiqatda yomon kishidir. Bu mavzuda Payg‘ambarimiz iltifot qildilar: «Aldovchi bizdan emas» (Termiziy)
Aldash munofiqlik, yolg‘onchilik, insonlar ishonchini yo‘qotish va kishilar orasidagi huzurni buzish demakdir.

137 G’aflat deb nima uchun yaratilganini bilmaslikka aytiladi. Umrning boshi yoshlik. Yoshlik umr binosining tamali. Tamalning chirishi binoga zarar yetkazadi. Tuyg‘ularning hassos (o‘ta tez ta’sir qiluvchan) zamoni yoshlikda buladi. Bu hassosiyatni boshqa narsalarga sarflash yoshlik uchun zulm bo‘ladi. G’aflatning falokatini bildirgan oyatlar ko‘p. «Insonlarning hisoblari yaqinlashdi. Ular esa hamon g‘aflatda (iymon keltirib yaxshi amallar qilishdan) yuz o‘girmoqdalar (Anbiyo surasi, 1-oyat mazmuni).
 «Ular dunyo hayotidan ko‘rinib turgani biladilar, xolos. Ammo oxiratdan tamomila g‘aflatdalar» (Rum surasi, 7-oyat mazmuni).
Inson yoshlikda tushunmaganlarini, ko‘pincha qarilikda tushunadi. Bu uni ko‘proq amal qilishga yetaklaydi. O’zini ibodatga, toatga, insonlarga xizmat va marhamatga bag‘ishlaydi. Agar qariganida ham tushunmasa, tanballik qilsa, halokatning haqiqiysi shu bo‘ladi. Bu holat bilan bog‘liq bir duoda Rasulullohdek (s.a.v.) biz ham duo qilishimiz lozim bo‘ladi: «Allohim, xafalik va g‘amdan, ojizlik va dangasalikdan, qo‘rqoqlik va baxillikdan, qarz va insonlar qahri ostida qolishdan Senga yukinaman» (Buxoriy, 4/23, Nasoiy, 8/ 257; Muslim, «Zikr», 49-51).

Qayd etilgan


AbdulAziz  03 Fevral 2010, 12:05:21

YAXSHILIK ALOMATLARI

138 Insonning tashqi ko‘rinishi ichki dunyosi uchun oynadir. Xizmat buyuklarning fe’lidir. Rasululloh (s.a.v.) iltifot qildilar: «Qavmning boshlig‘i ularga xizmat qilganidir» (Suyutiy, «Al-jome’ as-sag‘iyr», 4751-hadis),
Insonning ichki go‘zalligi uning buyuklik maqomining ulug‘ligiga bog‘liq bo‘ladi.

139 Molning haloliga hisob bor, haromiga azob. Molparastlik azobga boshlaydi.
Ayollarning so‘nik holga tushishi insoniyatning so‘nishi demak. Mo‘min komil inson bo‘lishi kerak. Komil inson shahvatga berilmaydi. Shahvat botqoqlikka o‘xshaydi. Unga botgani sayin cho‘kib ketaveradi. Shahvat aqlning amri ostida, aql ilmning amri ostida, ilm iymonning amri ostida bo‘lishi lozim.
Insonlarning sha’nlari haqida bo‘lar bo‘lmas narsalarni gapiraverish johillarning ishidir.

140  Aqlli inson farqlaydigan kishidir. Dunyo foniy, oxirat esa boqiydir. Foniyni berib boqiyni olish juda ham foydali savdo hisoblanadi. Zotan, dunyo oxiratni qozonish uchun berilgan.
Jafoga sabr qila olgan kishi jafodan qutiladi.
G’amdan qutulishning alomati sabrdir. Imtihon sabrni talab qiladi. Alloh taolo marhamat qiladi: «Albatta, sizlarni qo‘rquv, ochlik bilan, mollaringiz, jonlaring va mahsullaringizdan kamaytirish bilan sinab ko‘ramiz. Sabrlilarga xushxabar bering!» (Baqara surasi, 155-oyat mazmuni).

Qayd etilgan


AbdulAziz  03 Fevral 2010, 12:05:29

141  Olim Alloh va Rasulining (s.a.v.) sevgisini topishga harakat qilgan insondir. Buning uchun to‘g‘ri so‘zli bo‘lish lozim. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) marhamat qiladilar: «Kim o‘ziga Alloh va Rasulining sevgisini xohlasa, so‘zida to‘g‘ri bo‘lsin, omonatni (sohibiga) bersin va ko‘shnisiga aziyat yetkazmasin» («Kanzul ummal», 43360, 44293).
Olim o‘rnak bo‘lgan insondir. U har narsada, xususan to‘g‘ri so‘zlikda o‘rnak bo‘lishi lozim. Haromdan saqlanish man qilingan amallardan uzoq bo‘lish natijasidir. Harom taomdan saqlangan, harom amallardan saqlanadi.
Rasululloh (s.a.v.) marhamat qildilar: «Haromlardan saqlan! Insonlarning obidrog‘i bo‘lasan!» (Termiziy, «Zuhd», 2; Ahmad, 2/310).
Rasululloh (s.a.v.) tavsiya etdilar: «Sizga Allohdan qo‘rqishni (taqvoni) va itoat kilishni tavsiya etaman» (Abu Dovud, «Sunnat», 6; Termiziy, «Ilm», 16; Ahmad, 4/126; 127; Dorimiy, «Muqaddima», 16).
Olimning ilmi ortgan sayin tavozu’si ortadi. Tavozu’li inson Allohga yaqin bo‘ladi. Kibrli inson muhabbatga loyiq emas. Olimni hurmatlash, ilmni hurmatlashdir, ilmni qadrlash esa dinni himoyalashdir.

142 Kishi saqlanishi kerak bo‘lgan narsalarning boshida yolg‘on, yomonlik va yomon do‘stlardan uzoqlashish turadi.
Harom qilish ehtimoli bo‘lgan joyda halolni ham tark etish taqvoning talabidir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  03 Fevral 2010, 12:05:37

143 Haqiqiy sodiq kishi amallarini Alloh uchun qilib, ularni insonlar nazaridan saqlagan kishidir. Sodiqlar yolg‘iz bo‘lganda ham, insonlar orasida bo‘lganda ham ibodatni bir tarzda qiladilar, balki yolg‘iz bo‘lganlarida toat ibodatga ko‘p mashg‘ul bo‘ladilar.
Ibodatni yashirish riyodan asraydi. Sadaqani yashirish ham shunday. Bunda yana sadaqa berilgan kimsaning izzati ham saqlanadi.
Musibatni yashirishda ham riyodan saqlanish bor. Musibat sabri bilinsa, riyo bo‘lishi mumkin. Sabrki yashirish bilan riyodan qutilgan bo‘ladi.

144  G’azablanishga loyiq nafsga «nafsi ammora» deyiladi. U doimo yomonlikka boshlaydi. Yomonlikka buyurgani uchun unga doimo g‘azablanish darkor. Toki bosh qo‘tarmasin va senga hukm o‘tkazmasin.
 
145 Hazrati Umar (r.a.) aytadilar: «Nafsingdan hisob so‘ralmasdan avval, hisob so‘rang. Amallaringiz tortilmasdan avval, tortib ko‘ring. Hech bir siringiz yashirin qolmaydigan buyuk hisob Kuniga tayyorgarlik ko‘ring!» (Muhosibiy, «Risolatul mustarshidiyn», 48-sahifa).
Hasan Basriy (r.a.) hazratlari aytadilar: «Mo‘min nafsi ustidan g‘olibdir. Nafsini Alloh uchun hisobga tortadi. Dunyodalik chog‘ida nafsini hisobga tortganlarga qiyomatning hisobi oson kechadi. Nafsidan hisob so‘ramagan qavmga esa qiyomatning hisoblari og‘ir bo‘ladi» (Abu Nu’aym «Hilyatul avliyo», 2/157; Ibni Kasir, «Al-bidoya van-nihoya», 9/272)

Qayd etilgan