KO'RGULIK
(bo'lgan voqea)
Bir eski qadirdonim shunday voqeani hikoya qilib berdi:
"Bizning quruvchilar jamoamiz juda ahil edi. Asosan qariyb tengqur yigitlar jamlangani uchun gap-so'zimiz olishar, hazil-mutoyiba ham bo'lib turar edi. Birovning gapi boshqasiga og'ir botmasdi, ishqilib.
Yoz edi. Bir necha kun ko'rinmagan Abdulhamid xomush bo'lib ishga keldi. O'zidan katta akasining ta'ziyasiga borgan edik. Marhumni yana bir bor esladik, kasalligidan gapirgan bo'ldik. Birodarimizdan ko'ngil so'radik yana. Ammo oramizdagi yoshligida nobob muhitda o'sgan, musulmonchilikdan uncha xabari bo'lmagan, Jamshid ismlik yigit kutilmaganda:
"Ha, bratan, endi okangiz qurt-qumursqalarga, ilon-chayonlarga yem bo'lar ekan-da", dedi aralash tilda.
Biz norozilandik, xijolat tortdik. Bu manmanlik edimi, ko'ngil so'rashmi, hazilmi, yoki oddiy mulohazami, tushuna olmadik. Adbulhamid ham uning tabiatini bilganidan indamay qo'ya qoldi.
Oradan hafta-o'n kun o'tib Jamshid "gurung" berdi. Bordik. Bazmi jamshid bo'ldi, gurung bo'ldi. Kun peshindan o'tganda tarqaldik...
Ertasi kuni butun jamoa Jamshidlar uyi orqasidagi anhor bo'yida edik. Shu holatda navbatma-navbat suv yoqasida uch kecha-kunduz qolib kettik. Uchinchi kuni Jamshid endi-endi shishib ayniy boshlagan jasadi topildi...
Ma'lum bo'lishicha, biz ketgandan keyin Jamshid qizchasini yetaklab anhor bo'yiga boribdi. Har kuni ko'rib yurgan anhori. Cho'milmoqchi bo'libdi. Kiyimlarini yechib qizchasi oldida qoldiribdi-da, suvga sho'ng'ibdi. Sho'ng'ibdi-yu, qaytib chiqmabdi...
Jamshidning jasadini qabrga joylagandan keyin jamoamiz bir jiyga yig'ildik. Jimlik hukm surdi. Kimdir uh tortdi. Kimdir nimadir demoqchi bo'lib qarab-qarab qo'ydi. Ichimizdan kimdir:
"Allohning irodasi bu, - dedi. Ajali shundan ekan. Alloh har bir narsaga qodir, har narsani ko'rib-bilib turguvchi Zotdir".
Bahodir Nurmuhammad o'g'li