Qashqadaryolik mashxur odamlar.  ( 14073 marta o'qilgan) Chop etish

1 B


Abdul_Malik  01 Fevral 2010, 22:09:03

      Viloyatimizda to'g'ilib o'sgan yoki umrining ko'p qismini shu zaminda yashab elga tanilgan odamlar haqida nimadir bilsangiz barchasi shu bo'limda...

Qayd etilgan


Y_U_R_I_S_T  13 Fevral 2010, 16:27:44

Qashqadaryolik mashhurlar deng... Yaxshi mavzu...

Xo'p, o'zim boshlab bersam:

Xudaberdiyev Xushnud G'ayratovich. Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanida tug'ilgan.... Ketdi buyog'i..... :7

Qayd etilgan


Y_U_R_I_S_T  13 Fevral 2010, 16:38:52

AMIR TEMUR



Amir Temur 1336 yili 8 aprel kuni Kesh shahri (Shahrisabz yaqinida) Xo`ja Ilg`or (Yakkabog`) qishlog`ida tug`ilgan. Uning otasi amir Muhammad Tarag`ay turklarning barlos urug`idan bo`lgan xodagon oiladan kelib chiqqan edi. U o`z ta`sirini o`tkaza oladigan kishi bo`lib, Movarounnahrda katta obro`ga ega bo`lgan edi. Uning ajdodlari Chig`atoy ulusining saroy a`yonlari ichida munosib o`rini tutgan edilar va shajaralari turklarning afsonaviy yo`lboshchisi bo`lgan ayol - Alan — kuvaga taqalar edi, mulklari esa Kesh va Nefes shaharlarining atroflarida joylashgan edi. Temurning otasi amir Tarag`ay doimo ulusning xoni tomonidan Ili daryosining qirg`og`ida chaqiriladigan chig`atoy beklariing qurultoylarida ishtirok etar edi.
1355 yilda u amir Djaku — barlosningqizi Turmush — og`aga uylanadi. Movarounnahrning oliy amiri Qozogon, Amir Temurning fazilatlarini ko`rib ishongan holda ayni shu yilda unga o`z nevarasi O`ljay Turkan og`ani xotinlikka beradi. Ushbu nikoh tufayli Amir Temur amir Kozogonning nevarasi amir Husayn bilan ittifoq tuzadi. Ular irgalikda mo`g`ullarga qarshi kurashishga chiqadilar. 1356 yilda Amir Temurning ikkita o`g`li — Jahongir mirzo va Umarshayx mirzo tug`iladi.
Movarounnahrning iqtisodiy ahvoli XIII asrning oxirida — XIV asrning birinchi yarmida kundan-kunga yomonlashib borar edi. Mo`g`ulistoning xoni Tug`luq Temur bundan foydalanib, 1360 yilda biror-bir qarshilikka uchramay bosqinchilik yurishida Qashqadaryogacha yetib bordi. Amir Temur unga xizmat qila boshladi. Lekin tug`liq Temur Movarounnahr hukmdori etib o`z o`g`lini tayinlaganda Amir Temur bu shahzodaga xizmat qilishni xohlamadi va Balx shahrining hukmdori amir Husayn bilan kelishib olib, Amir Temur mo`g`ullar bilan keskin kurashga kirishib ketdi.
Bu paytda Samarqand shahrida sarbadorlar qo`zg`oloni avj olgan edi, ular ham mo`g`ullarga qarshi kurashgan. Ushbu xalq harakatining nomi unda ishtirok etuvchilarning shioridan paydo bo`lgan: «Yoki ozodlik uchun kurash, yoki bosh dorga tortiladi» (sar-ba-dor — bosh dorda). 1370 yilda Amir Temur Balx shahridagi qurultoyda Turoning oliy amiri deb e`lon qilingan edi.
Chingisxoning avlodidan bo`lgan Saroy Mulk xonim bilan tuzilgan nikoh esa Amir Temurga o`z nomiga faxriy «Go`ragon», ya`ni «xonning kuyovi» degan unvonni qo`shishga imkon berdi.
Amir Temurning asosiy vazifasi parchalanganlikni bartaraf etish va alohida mayda yer-mulklarni yagona yirik davlatga birlashtirish bo`ldi. Bu davlatning poytaxti sifatida u Samarqandni tanlab, bu yerda tez orada shahar himoya qilish devorlarini, ark va saroylarni qurishni boshladi. U So`g`diyona davlatining qadimgi poytaxti (zamonaviy Afrosiyob) xarobalarining yonida yangi Samarqand shahriga asos soldi.
Amudaryo va Sirdaryo o`rtasidagi yerlarni, shuningdek Farg`ona va Shosh viloyatini birlashtirib va o`ziga bo`ysundirib, Amir Temur bosqinchilik istilolarini boshlab yubordi.
Amir Temurning Urta Osiyodagi hukmronligi 35 yil davom etgan (1370-1405). U Hind va Gang daryolaridan to Sirdaryo va Zarafshongacha, Tyan-Shan tizmasidan Bosforgacha ulkan imperiya davlatini yaratgan. Umrining ko`proq qismini u harbiy yurishlarda o`qtkazgan.
Xitoyga olib borayotgan harbiy yurishi paytida, 1405 yilda Amir Temur O`tror shahrida vafot etgan.
Amir Temurning hayotligi davrida davlat boshqaruvi to`g`risida «Temur tuzuklari» nomi bilan mashhur bo`lgan maxsus asar yozilgan. bu o`rta asrlar davrining qimmatbaho tarixiy manbai bo`lib, ikki qismdan iborat. Unda Amir Temurning tarjimai holi va uning hayoti bilan bog`liq bo`lgan voqealar, ushbu beqiyos davlat arbobi va sarkardaning harbiy san`at, mamlakatning tashkil etilishi va boshqaruvi yuzasidan fikrlari va qarashlari bayon etilgan. Bu qonunlarning qimmatli termasidir, undan Amir Temur qanday asosda markazlashgan, yaxshi boshqariladigan qudratli davlatni yaratganligi ko`rinib turadi.
Ulkan davlatni tuzib, Amir Temur mamlakatning iqtisodiy va madaniy rivojlanishi uchun zamin va shart-sharoit yaratib berdi. Avvalgi tarixiy davrlarning ko`p asrlik an`analari yangi tarixiy tus olgan shaklda tiklanadi. Movarounnahr Yaqin va O`rta Sharqning savdo, iqtisodiyot va madaniyat markaziga aylanib borgan sari Chingizxoning bosqinchilari tomnidan yer bilan yakson etilgan Samarqand, Kesh, Buxoro, Termiz, Toshkent, Marv va boshqalar kabi qadimiy shaharlar tiklanib, obod etila boshlandi. Masjidlar, madrasalar, maqbaralar, karvon-saroylar va hammomlarning hashamatli ulug`vor binolari qurila boshladi. Har bir g`alaba yoki voqea me`morchilikda ham aks ettirilishi odat tusiga aylandi. Qurilish faoliyatida Amir Temur ma`lum siyosiy maqsadlarni ham ko`zlagan edi — u barpo etgan ulkan inshootlar uning beqiyos davlatining kuchini, qudrati va buyukligini namoyish etishi kerak edi.
O`z hukmronligi yillari davomida Amir Temur feodal tarqoqlik va parokandalikka chek qo`ydi, Yevropaning eng yirik qirolliklari — Frantsiya, Angliya, Kastiliya davlatlari bilan savdo-diplomatik aloqalarni o`rnatdi. Afsuski, Amir Temurning vafotidan keyin u asos solgan g`arbiy Yevropa bilan o`rnatilgan savdo-diplomatik munosabatlar o`z rivojini topmadi.
Tarix fani Amir Temurni Iskandar Zulqarnayn, Doro 1, Yuliy Tsezar kabi eng mashhur sarkardalar bilan bir qatorga qo`yadi.


Manba: mashhur.uz

Qayd etilgan


Y_U_R_I_S_T  13 Fevral 2010, 16:53:07

ABDULLA ORIPOV



Bolalik, o'spirinlik chog'larida dunyo, tevarak atrof, tabiat kishi ko'ziga yanayam sirli-sinoatli tuyuladi, yam-yashil maysalaru lolazor qirlar zavqingni toshiradi, uzoqdagi viqorli tog'lar tinmay o'ziga chorlaydi, oydin yoz osmonida milt-milt etgan yulduzlar sirli jilmayib, xayolingni olib qochadi. Shunday lahzalarda "zavqini qitiqlagan shirin tuyg'ularini" ko'ksiga sig'dirolmagan o'n yetti yoshli o'smir hayratu hayajonini she'riy misralarda izhor qilishga jazm etadi, tezroq voyaga yetib yurtga munosib farzand bo'lishni, yulduzlardek porlashni orzu qiladi:

        Ipak iz qoldirib uchar quvnoqlar.
        Bir-birin quvlashib, chaqishar chaqin.
        Osmon go'zallarin kumush yotoqlar
        Qo'yniga chorlaydi, subhidam yaqin.
        Deyman: osmonlarning hiloli bo'lsam,
        Hulkar va Zuhrosi bo'lgim keladi.
        Shu go'zal o'lkamda kamolga to'lsam,
        Porloq yulduzlarday kulgim keladi

Garchi yosh shoirning keyinroq yozilgan "Miltiraydi mitti yulduz" deb nomlangan she'rida o'z to'dasidan ajralib qolgan, shamdek titrab, ko'k gumbazining bir chetida "tanholikdan yosh to'kayotgan" osmon jismi haqida so'z borsa ham oltmishinchi yillar o'rtalaridan boshlab she'r olamida chaqnagan "mitti yulduz" to'g'risida gapira boshladilar. Yillar o'tdi, u o'zbek she'riyatini yangi bosqichga olib chiqqan yorqin yulduzga aylandi, shu'lasi yiroq-yiroqlarga taralib, butun turkiy adabiyotning, Sharqning yirik siymolari qatoridan joy oldi, she'rlari ko'plab G'arb tillariga tarjima qilindi. Nafosat olamida "Abdulla Oripov she'riyati" degan tushuncha mustahkam qaror topdi.

Insoniyat badiiy tafakkuri mo''jizalaridan biri bo'lgan she'riyat insonning olam va borliqqa hissiy-emotsional munosabati hosilasidir. Insoniyatning quvvai hofizasi zo'r shoirlari yaratgan she'riy durdonalar barcha xalqlarning, barcha avlodlarning ma'naviy mulki bo'lib qoladi. Vaqt o'tadi, davrlar yangilanadi, adabiyotga yangi avlodlar kirib keladi va bu ma'naviy boylikka o'z hissasini qo'shishga chog'lanadilar.

Abdulla Oripov adabiyotda biryoqlamalik, ritorika, deklarativlik, bayonchilik, "baxtli zamonaga" hamdu sano o'qish avj olgan, adabiyotning ijtimoiy-estetik qimmati puturdan keta boshlagan bir davrda she'riyat ostonasiga qadam qo'ydi.

Har bir shoir singari u ham havaskorlik, izlanish bosqichini bosib o'tdi. Yulduzlar, tog'lar, kapalak haqida yozdi. Ulardan she'r izladi. Biroq u o'qish-o'rganish bosqichini tez bosib o'tdi, she'riyatning missiyasini, inson va jamiyat hayotidagi o'rni va ahamiyatini juda erta angladi. 1962 yilda matbuot yuzini ko'rgan "Kuz xayollari", 1964 yilda "Sharq yulduzi" jurnali sahifalarida e'lon qilingan "Men nechun sevaman O'zbekistonni", "Miltiraydi mitti yulduz", "Burgut" kabi she'rlar o'z ovozi va uslubiga ega bo'lgan shoir shakllanayotganligidan darak berdi. Shoirning sobiq ittifoqda stalincha zo'ravonlik sharpalari hali butkul daf bo'lmagan, mustabid tuzum hukmronlik qilishda davom etayotgan, adabiyot esa "sots. realizm" iskanjasi ostida ezilish holatida bo'lgan bir sharoitda isyonkor ruh bilan sug'orilgan tug'yonli, lirik-falsafiy, teran mushohadali, hayotni o'zicha ko'rgan chinakam milliy va xalqchil she'rlari og'ir sukunatni titratib yuborgan momaqaldiroq yanglig' yangradi.

"Albomga", "Yuzma-yuz", "Temir odam", "Ayol", "Munojotni tinglab", "O'zbekistonda kuz", "Tilla baliqcha", "Dorboz", Otello", "Uyqu" kabi she'rlardagi o'ziga xos mushohada, dadillik, haqiqatni anglashga intilish, xalqning dardini aytish, eng muhimi erkni ulug'lash, istiqlolga talpinish tug'ma iste'dod sohibining barchani mahliyo qilib qo'ygan, qizg'in bahs-munozaralarga mavzu bo'lgan muhim fazilatlari edi. Uning she'rlaridan bahramand bo'lish "she'riyat bayrami"ga (Qaysin Quliev iborasi) aylanib ketardi.

Hayotning ichiga chuqur kirib borish, hayot haqiqatini tasvirlashdagi qat'iyat va izchillik, chuqur obrazlilik, fikr va tuyg'uning ajoyib bir tarzda omuxtaligi, shiddatkor ruh, ichki dramatizm, poetik tafakkurning teranligi, Sharq va G'arb she'riyatining eng yaxshi an'analari uyg'unlashganligi yosh shoir ijodiy evolyutsiyasini ta'minlagan omillar bo'ldi. Biroq yulduzday chaqnagan bu iste'dod uchqunlari vaqtincha emasmikan degan hadiklar ham yo'q emas edi:

        Olti oykim, she'r yozmayman, yuragim zada:
        Olti oykim, o'zgalarga tilayman omad.
        Olti oykim, do'stlarim ham pana-panada
        Iste'dodim so'nganidan qilar karomat.

Shukrlar bo'lsinkim, umumxalq ehtiromi, adabiy davralarning e'tirofi yosh shoirni havolantirib yubormadi. "Mitti yulduz"ning nurlari tobora avjlanib, ajib shu'lalar tarata boshladi. Tez orada "Sarob", "Bahor", "Avlodlarga maktub", "Sovg'a", "Minarai kalon tepasidagi laylak", "Biznikilar", "Jannat" singari har biri adabiyotimizda voqea bo'lgan she'rlar yaratildi.

Bu jihatdan ko'p tarxli "Avlodlarga maktub", "Sarob" she'rlari e'tiborlidir. "Avlodlarga maktub" she'rining yozilishiga 1966 yilgi Toshkent zilzilasi turtki bo'lgan. Shoir vaqtlar o'tib ma'shum zilzila haqida yozilgan gazetalarga ko'zi tushgan avlodlarni tasavvur qiladi. Ular qarashsa-ki, sahifalarda azob-uqubat, vahima jabrini tortgan odamlarning emas, balki xushnud odamlarning suratlari iljayib turibdi. Bu ne hol? Yer osti qattiq silkinib, uy-joylar buzilsa-yu odamlarning chehrasida shodmonlik? Shoir bu holning siridan avlodlarni voqif qiladi:

        Do'stlarim, hayratda qolmangiz faqat,
        Sirlilik bizlarning uslubga mosdir.

Tinchi yo'qolgan odamlarni jilmayishga majbur etgan kuch - bu "Sovetlar" uslubi edi. Shoir tag ma'noli misralar, so'zlar vositasida yolg'on jamiyatning, erkinlikka yot tuzumning mohiyatini ochib beradi. Bu tuzum hatto "insonning azaliy kasbi bo'lgan, dunyoday qadim" do'stlikni ham sal bo'lmasa biz kashf etdik, faqat bizga xos deb bong uradi:

        Sizga falokatdan berganda xabar
        Do'stlik borasida yozurlar albat.
        Yozurlar: "...biz bo'ldik tengsiz birodar,
        Bu xislat bizlarga xos erur faqat.

Manba: http://www.aoripov.uz/

Qayd etilgan