Jamila (qissa). Chingiz Aytmatov  ( 56981 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 B


saltanat  09 Fevral 2010, 07:56:36

  Doniyor nimadandir cho'chigandek yana jim bo'lib qoldi. Kishi degan uyalmasada, nima endi shu ham ashula aytish bo'ldimi, bundan ko'ra aytmagani tuzuk edi. Xudo biladi yuzi olov bo'lib yonib ketgandir. Negadir uning uchun o'zim ham mulzam bo'ldim. Lekin Doniyorning shu bir og'iz kuylashida ham qandaydir joziba, nafosat borligi aniq sezilib turardi. Ha, ovozi ham yaxshi edi.
  "Qoyilman" deb qo'ydim ichimda hayratlanib.Jamila ham qichqirib yubordi:
 -- Iye, durustsanku, ilgari qayerda yurgan eding? Qani ayt, yaxshilab ayt!
  Doniyor miq etmay kelaverdi, oldimizda daradan vodiyga chiqadigan joy oqarib ko'rinardi, o'sha tomondan shabada esardi. Doniyorni hali boshlagan kuyini davom ettirishini sabrsizlik bilan kutardim. Doniyor yana kuylay boshladi, men o'zimda yo'q quvonib ketdim.
  Doniyor avvaliga tortinib sekin-sekin kuylay boshladi. Ammo bora-bora ovozini baralla qo'yib erkin ayta boshladi. Uning ashulasi darada qo'ng'iroqdek yangrab, uzoq-uzoqlardagi qoyalarda aks-sado berdi. Doniyorning qo'ng'iroqdek ovozigina emas, balki kuyning ohangraboligi, jo'shqin xis-tuyg'ilarga boyligi ham kishini o'ziga maftuin etardi. Buning nimasligini aqlimga sig'dira olmay lol bo'lib qoldim. Bu ahulachining ovozimi, yo bo'lmasam yurakdan qaynab chiqayotgan boshqa bir narsami? Kishi qalbining eng nozik torlarini chertib, unda ezgu tuyg'ular uyg'otayotgan bu nima o'zi? Rostini aytsam, bu savolga xozir ham javob bera olmayman.
  Qani endi, qo'limdan kelsayu bularning hammasini qog'ozga bitib o'tirmay, iloji bo'lsa o'sha ajoyib kuyning o'zginasini yaratib bersam. Unda deyarli so'z yo'q, lekin bu kuy so'zsiz ham samimiy, sof niyatli qalb egasining butun quvonchi, orzu-umidlari va tilaklarini ifodalab berardi.

Qayd etilgan


saltanat  09 Fevral 2010, 08:12:15

Men umrim bino bo'lib bunday kuyni eshitgan emasman. U qirg'izchaga ham, qozoqchaga ham o'xshamasdi, biroq bu kuyga azalda bir-biriga qondosh-jondosh bo'lgan qirg'iz bilan qozoq xalqining kuy;laridagi eng nafis, eng dilrabo ohanglar singdirilgandek bo'lib tuyulardi. Bu kuy goh qirg'iz tog'laridek baland-balandlarga parvoz qilsa, goh bepayon qozoq daralaridek uzoq-uzoqlarga taralardi. "Yo tavba, Doniyorni shunday ashulachi deb kim o'y;agan edi" der edim men o'zimga o'zim.
  Darani bosib o'tib keng dalaga chiqqanimizdan so'ng Doniyorning ashulasi qanot yozib, yana ham kuchliroq yangradi. Bugun Doniyorga nima bo'ldi, tinchlikmi o'zi, hech narsaga tushuna olmasdim. Go'yo u shu kunni orziqib kutgandek, qalbidagi butun sir-asrorini to'kib soldi. Doniyorning nima uchun merov odamday elga kulgi bo'lib yurganini, nima uchun kechqurunlari Qorovultepaga chiqib olib yolg'iz o'yga cho'mib o'tirganini, nima uchun kishi ilg'amas tovushlarga quloq osganida qoshlari chimirilib, ko'zlari quvonchga to'lganini endi bir qadar tushuna boshlagan edim. U -- qalbida yuksak insoniy muhabbat tug'yon urgan bir inson edi! Menimcha uning sevgisi biror kishiga ishqi tushib, o'sha odamga ato qilingan sevgi emas, balki insonni yaratib uni kamolga yetkagan keng olamga yorug' dunyoga bo'lgan cheksiz, jo'shqin sevgi edi! Ha, u bu sevgini o'z qalbida ardoqlab saqlagan ana shu sevgi bilan yashagan edi.
  Agar u shunday yuksak qalb egasi bo'lmay, didi past, yuragi muz bir kishi bo'lganida edi, tabiat uni qanchalik iste'dodli qilib yaratgan bo'lmasin baribir u bunchalik kuylay olmas edi.

Qayd etilgan


saltanat  09 Fevral 2010, 08:35:19

  Doniyorning kuyi tungi dasht ustida yana jo'sh urib, mudroq dalani uyg'otgandek bo'lardi. keng poyonsiz dala o'zi yaratib, o'zi ardoqlab o'stirgan qadrdon kuychisining ashulasiga jim quloq soladi. Bug'doyzor oydinda dengiz kabi chayqalar va mo'l xosildan darak berib, o'z o'roqchilarini kutardi. Yo'l chetiga joylashgan eski tegirmon atrofidagi mirzateraklarning yaproqlari ham nimalarnidir shivirlashardi. Soyning narigi tomonida, uzoq-uzoqlarda xirmonchilar o't yoqishib go'ja pishirmoqdalar. Huv ana, kimdir allaqanday ish bilan qishloqqa shoshib ketmoqda. Oldinda qishloq bog'i ko'rinar, shabada g'arq pishgan olmalarning, ayni gullagan makkajo'xorilarning yoqimli xidlarini hovlilarga yoyilgan tezaklarning xidlariga aralshtirib dimoqqa keltirib urardi.
  Doniyor yana ancha vaqtgacha kuylab keldi. Avgust tuni uning ashulasiga mahliyo bo'lgandek jim quloq solardi. Hatto otlar ham go'yo maroqli kuyni buzishdan qo'rqqandek yurishini sekinlashtirgandi. Kishiga cheksiz orom baxsh etib, zavq-shavq bilan kuylab kelayotgan Doniyor ayni avjiga chiqqanida birdan jim bo'lib, otlarni choptirib ketdi. O'zimcha Jamila yana uning orqasidan ergasha kerak, deb o'ylab, men ham xozirlanib turdimu, biroq Jamila boshini quyoi solganicha chuqur hayolga cho'mib, qimir etmay o'tirardi. U havoda uchib yurgan ashula sadolariga hamon quloq solayotgandek edi.
  Doniyor shu bo'yi to'xtamay birozdan song ko'zdan g'oyib bo'ldi. Biz to ovulga yetguncha og'iz ochmadik. Ba'zida kishi o'z dardini so'z bilan ifoddalashga ojiz bo'lib qoladi.
  Shu kundan boshlab xayotimizda qandaydir bir o'zgarish yuz bergandek bo'ldi. Endi ko'nglim allaqanday yaxshi narsalarni qo'msab, yuragim g'alati xis-hayajonlarga to'lib, o'zimdan-o'zim xursand bo'lib yurdim. Ertalab xirmondan jo'nab stansiyaga kelib, g'allani topshirib bo'lgach, Doniyorning sehrli ashhulasini qachon eshitarkanmiz, deb ketishga shoshilar, o'sha damni sabrsizlik bilan kutar edik.
  Uning ashulasi yurak-yuragimga singib, qayerga bormay, qayerda turmay, qulog'im tagida jaraglayotgandek bo'lardi.

Qayd etilgan


saltanat  09 Fevral 2010, 10:18:32

  Tong saxarda turib yalangoyoq, yalangbosh shabnam tushgan bedazor orqali o'tloqdagi tushovlangan otlarning oldiga borayotganimda ham, bu kuy menga hamroh bo'lardi. Tog' orqasidan mo'ralab ko'tarilgan quyosh xuddi mening quvonchimga sherik bo'lgandek jilmayib nur sochardi.
  Oltin donalari kabi keksa xirmonchilarning panshaxalaridan sachrab tushayotgan bug'doy donalarining mayin shildirashida ham, ko'kda parvoz qilib yurgan yolg'iz kalxatning qanot qoqishida ham, xullas, ko'rib, uqib, sezib yurgan narsalarimning hammasidan Doniyorning kuyi eshitilayotgandek bo'lardi. Kechqurun daraga arava haydab borayotganimizda men o'zimni xuddi boshqa bir olamga kirib borayotgandek xis qilardim. Ko'zlarimni yumib Doniyorning ashulasiga quloq solar ekanman, ona suti bilan qonimga singib, bir qarichligimdan tanish bo'lgan manzaralar ko'z o'ngimdan birma-bir o'ta boshlardi. Goh ovulning zumrad osmonidan pag'a-pag'a bulutlar, suzib o'tishar, goh o'tlab yurgan yilqilar uyuri dukurlashib, kishnashib yaylovda chopib qolishar, qulunlar kokillarini o'ynatib, qop-qorq ko'zlarini jovdiratganlaricha onalarini qidirishib qolishar, goh suruv-suruv qo'ylar tepaliklarda o'tlab yurishar, goh qoyalardan oqib tushayotgan shalola oynadek yarqirab ko'zlarni qamashtirar, dengizdek mavjlanib qamishzorlar orasiga cho'kib borayotgan quyoshni lolarang ufq sari yoritib borayotgan yog'iz otliq mana xozir qo'li bilan ushlab oladigandek bo'lib tuyulardi. Keyin o'zi ham quyosh bilan birga butalar orasiga kirib g'oyib bo'lardi.
  O' jonajon, bepoyon dalam! Qozoq jondoshimning yeri bilan payvand bo'lgan azamat dalam! Mana tog'larimizni ikki yoqqa ayirib tashlab, qamish va shuvoqlarga ko'milib buyuk bir dengizdek chayqalib yotasan.Sening nimalaraga qodir ekanligingni kim biladi! Qarog'im, sirtingdan qarasa qimirlagan jon yo'qdek bo'zarib yotganing-yotgan. Ammo kechagina qon-qardoshlaring unib-o'sgan bag'ringda urush boshlanib, dushmanlar o'lkamizga chang solganda quchog'ingdagi giyohlar yonib, chavandozlaring dushman ustiga sherdek tashlanganida, musaffo osmoningni issiq chang qopladi. Yer-ko'k larzaga keldi, o'shanda qirg'oqning narigi betidan ot o'ynatib kelgan qozoq xabarchisi:
 -- Otlan, qirg'iz otlan. Yov keldi! --de saraton quyuni ichida yana qayoqqadir otini yeldirib ketdi. O'shanda keng dalam, daryolarim, tog'larim larzaga kelib o'z elini otga mingizdi. Yigitlar jangga otlanganda osmonu-zamin titrab, yovni mahv etishga chorlab bong urildi. Minglab uzangilar bir-biriga tegib shaqirlashib, son-sanoqsiz chavandozlarniong ko'zlaridan qaxr va g'azab o'ti chaqnab el bilan, yurt bilan xo'shlashdi. Ularning oldida qizil bayroqlar xilpirab, orqada otlarning tuyog'idan chiqqan chang orasida onalar ba juvonlarning: "Keng dalamiz madadkor bo'lsin. Xosiyatli Ona yer madad bersin. Buyuk Manasning ruxi yor bo'lsin" -- deb bo'zlab qolishdi. Senga jonim fido ey muqaddas dalam, tog'larim. Elimga shu kuch qudratni sen o'zing berding.

Qayd etilgan


saltanat  09 Fevral 2010, 10:49:11

  Mana shularning barisini Doniyor kuyga solib, ko'z o'ngimda gavdalantirib, sermazmun keng olamning butun zeb-ziynatini, ko'rkini ochib ko'rsatdi. "Yopiray, u bularning barini qayerdan o'rgandi ekan." deb hayron bo'laman. O'zimcha chet yerlarda ko'p sarson-sargardon bo'lib, o'z el-yurtini ko'rish ishtiyoqi bilan yashagan, shu quvonchli damni intizorlik bilan kutgan odamgina o'z ona tuprog'iga shunchalik mehr qo'yishi, uni shu qadar seva olishi mumkin, degan fikrga keldim. Doniyorning u kuylarini tinglar ekanman, uning boshpana izlab o'tkazgan mashaqqatli yetimlik yillarini ham, qonli jang maydoninda bosib o'tgan yo'llarini ham ko'z oldimga keltirar edim. Ehtimol, uning ona vatan haqidagi jo'shqin kuylari o'shanda tugilgandir. Doniyorning ashhulalarini tinglab o'tirib, inson bolasi o'z ona tuprog'ini shunchalik seva olganligi uchun ham, tiz cho'kib, o'sha ona tuproqni xuddi o'z onagdek quchoqlab o'pging keladi. Ana shunda, birinchi marta yuragimda qandaydir yangi bir xis uyg'onib, qalbimni o'rtab, qani endi o'sha yerning muqaddasligini Doniyorchalik seza bilsam, seva bilsam, uning madhiyasini DOniyorchalik tarannum qilolsam, degan bir xavas uyg'onganligini sezdim. NImanidir orziqib kutardim, lekin nima ekanligini bilmasdim. Bunga ham xursand ham xunob bo'lardim. O'shanda menda rassomlik san'atining ilk kurtaklari paydo bo'lganini, kelajakda xayotni bo'yoqlar, suratlar orqali tasvirlashga xavas uyg'onayotganini bilmagan ekanman.
  men bolaligimdan surat solishni yaxshi ko'rardim. Bolalar o'qish kitoblaridan ko'chirib solgan rasmlarimni ko'rishib: "Voy, xuddi o'ziya." deyishardi. Muallimlarimiz ham maktab devoriy gazetasini menga topshirishar edi. Lekin keyinchalik surat solishni bir chekkaga yig'ishtirib qo'yishga to'g'ri keldi. Urush bboshlanib akalarim harbiyga ketgach, men o'qishni tashlab o'z tengqurlarim qatori dalada ishlay boshladim. O'sha vaqtlarda surat solmoq kimning ham esiga kelardi deysiz? Kelajakda rassom bo'laman degan o'yoim yo'q edi, ammo Doniyornning kuylari meni hayratlantirib, xayotning butun go'zalligini sezishga ilhomlantirdi...

Qayd etilgan


saltanat  09 Fevral 2010, 11:17:47

   Men o'ngimda emas, go'yo tushdagidek bir totli hayolga berilib, xuddi dunyoga yangi kelib, ko'zim endi ochilgandek atrofga suqlanib qarardim. Mening uchun bu juda katta turmush sabog'i edi.
 Jamilaning o'zgarib ketganini aytmaysizmi, oldingi sho'z, gapga chechan kelindan go'yo asar ham qolmagandek edi. Uning o'ynoqi o'tkir ko'zlari endi go'yo bulutli kundagi quyosh singari negadir g'amgin boqardi. Yo'lda ketib borayotganimizda Jamila doimo chuqur o'yga tolar, Lablarida bilinar-bilinmas tabassum o'ynab, u faqat o'zigagina ma'lum bo'lgan allaqanday latif bir narsadan xuzur qilayotgandek, undan suyunayotgandek tuyulardi. Ba'zan esa, hayolini bir narsa buzgandek, qopni aravadan yelkasiga silkib olib, shu turgancha qotib qolardi. U shu turishida go'yo, quturib oqayotgan suvga duch kelib, uni kechib o'tishini ham, o'tmasligini ham bilmay lol bo'lib turgan odamga o'xshardi. Doniyorga esa u nima uchundir yaqin yo'lamay, uning ko'ziga tushushdan qochib chetlab yurdi. Jamila o'zini uni avvalgidek nazarga ilmayotgandek qilib ko'rsatishga qanchalik urinmasin, oxiri bir kuni sabri cidamay xirmonda Doniyorga gap otdi -- Ustingdagi ko'ylagingni yechsang bo'lardi. Yuvib berardim.
 Koylakni soyga olib borib yuvdida, quritish uchun yozib qo'yib, burishgan joylarini tekislagan bo'lib, uni ancha vaqtgacha mehr bilan siladi. Ko'ylakning to'zigan joylarini quyoshga tutib ma'yus tikilar, nimadandit kuyingandek boshini chayqab qo'yardi.
 

Qayd etilgan


saltanat  09 Fevral 2010, 11:41:15

  Keyingi kunlarda Jamila biroz ochilib qah-qah urib kuladigan, xazil-xuzul qiladigan bo'ldi. Bir kuni beda o'rimidan kelayotgan bir to'p qiz-juvonlar bilan yigitlar xirmonga burilishdi. Oralaridagi harbiydan qaytib kelgan yigitlar:
 --Hoy qizlar, bug'doy nonni o'zlaring yeyaverasizlarmi, qani bizning ulushimizni beringlar, bo'lmasa hammangizni suvga pishamiz! -- deyishdi xazillashib va panshaxalarini o'qtalishdi.
 -- BIzlarni panshaxalar bilan qo'rqitolmaysizlar. Mana bu qiz-juvonlarni nima bilan mehmon qilishni o'zim bilaman. Sizlar tuyoqlaringni shiqillatib qolinglar -- dedi Jamila o'rnidan sapchib turib.
  Yigitlarning hafsalasi pir bo'ldi shekilli:
 -- Unday bo'lsa, qiz-juvining bilan baringni qo'shib suvga pishamiz. -- deyishdi battar o'chakishib.
  Shu zahotiyoq tapir-tupur olisha ketgan yoshlar shovqin-suron ko'tarishib bir-birini suvga itara boshlashdi.
 -- Ushla, qo'yib yuborma! -- deb qichqirdi Jamila hech kimga bo'sh kelmay, ustalik bilan chap berib. yigitlar ham shuncha qiz-juvonni ichida faqat Jamilani ko'zlari ko'rgandek, nima uchundir hammasi ham unga yopishar, tortqilashar, har biri uni quchoqlab, bag'riga bosishga harakat qilishardi. mana, uch yigit birgalashib Jamilani yerga yiqitishdida, oyoq-qo'lidan ko'tarib suv bo'yiga olib borishdi.
 -- Hozir hammamizni o'pasan, bo'lmasa suvga tashlaymiz. Qani bo'l tez! -- deyishib xoxolab kulgan yigitlar uni enkaytira boshladilar.
 -- Qo'ymanglar yigitlar, bo'sh kelmanglar! -- ichagi uzilib kulgan Jamila baliqdek sirg'anib, qo'ldan chiqib ketar, xotinlarni yordamga chaqirib qichqirar, lekin ular qiy-chuv ko'tarishib o'zlarining suvda oqib borayotgan ro'mollari ushlash bilan ovora edilar. Yigitlar xoxolashib Jamilani suvga otib yuborishdi. Osmonga sachragan suv tomchilari xuddi kumush donalaridek tovlanar edi. Hali ham kulgidan o'zini to'xtata olmagan Jamila suvdan chiqib kelar ekan, uning to'zgigan xo'l sochi yana ham choryigas chiroy qo'shib yuborgan edi. Chit ko'ylagi badaniga yopishib, siynasi olmaday dirkillab turardi. Jamila bo'lsa parvoyipalak qiqir-qiqir kular, ust-boshidan sirqib tushayotgan suvni ham payqamasdi.

Qayd etilgan


saltanat  09 Fevral 2010, 12:03:24

 -- O'p, darrov o'p! -- deb qistashardi yigitlar. Jamila ularni o'par, yigitlar uni yana suvga otishar, u bo'lsa go'yo buni xush ko'rgandek suvdan chiqib sochini silkitib, yana qotib-qotib kulardi. Yoshlarning bu qilig'iga xirmonda kulmagan odam qolmadi. Xirmon sovurayotgan chollar ham o'zlarini yigirma besh yashar bo'z bolalardek xis qilib, ajin bosgan yuzlari sevinchdan porlab: " Ha, ha bosh kelma, ushla etagidan tort"  deb ko'pkarida uloq tortishgandek zavq-shavq bilan qichqirishar, sharaqlab kulishardi. Men ham o'zimni to'xtata olmay qotib-qotib kulardim. Bu safar yangamni qo'riqlash esimga ham kelmabdi. Birgina, Doniyor indamay qovog'ini solib o'tirardi. Unga ko'zim tushishi bilan men ham jim bo'ldim. U xirmonning bir chekkasida bir o'zi yog'iz o'tirgan ekan. Doniyor yigitlarga yeb qo'ygudek o'qrayib qarar, vajohatidan go'yo hozir yugurib borib, Jamilani ularning qo'lidan ajratib oladigandek edi. Yuziga tik boqishga botinolmay, farishtadek pok deb bilgan Jamilani yigitlarning quchoqlab o'pishi, tortqilashib o'ynaganlari Doniyorning ko'ngliga juda qattiq botdi. Uning butun fikri-zikri, es-xushi Jamilaning xusni jamolida  edi. Doniyor yigitlardan qanchalik qizg'anmasin, xandon otib kulayotgan Jamiladan ko'zini olmay, uning bu qilig'iga ham koyinib, ham maroqlanib, xo'mraygan qovoqlari ostidan muloyim boqib, tishini tishiga bosib o'tirdi. igitlar Jamilaga har tomondan yopishib betlarini o'ptirganlarida Doniyor quti o'chib turib ketmoqchi bo'lar, lekin oyoqlari itoat qilmayotgandek qimir etolmasdi. bir vaqt Jamila uning qarab turganini payqadi shekilli, qanoti qayrilgandek bo'shashib, xiralik qilavergan yigitlarni siltab tashladi.
 -- Yetar, xazilning tagi zil bo'lmasin tag'in!
 -- Iya, senga nima bo'ldi -- deb kimdir xoxolab kulib uni yana quchoqlamoqchi bo'lgan edi, Jamila uning ko'kragidan itarib yubordi.
 -- Nima ishing bor? Nari tur!
   Keyin Doniyyorga yalt etib bir qaradida, ko'ylagini siqqani butalar orasiga kirib ketdi.

Qayd etilgan


saltanat  09 Fevral 2010, 13:35:52

  Doniyor bilan Jamila o'rtasidagi munosabatning qanday oqibatlarga olib kelishini o'shanda men bilmagan edim. Rostini aytsam, bu haqda chuqurroq o'ylashga qo'rqib, ko'pincha ozimni boshqa narsalarga alaxsitishga xarakat qilardim. Lekin JamilaningDOnniyordan chetlanib yurgani, bunga o'zi yana ich-ichidan kuyinib yurgani ko'nglimni g'ash qilardi. Bundan ko'ra ilgarigidek xazillashib yuraversa bo'lmasmidi? O'zim shunday deymanu, biroq kechalari ovulga qaytayotganimizda DOniyorning ashulasini eshitar ekanman, ularni o'ylab qalbim quvonchga to'lib-toshar, haligi g'amgin o'y-fikrlar hayolimdan ko'tarilib, dunyoning butun lazzati shu ashhulada deb bilardim. Daradan o'tib daryo bo'yiga chiqqanimizda Jamila aravadan tushib, piyoda yurardi. Men ham aravadan tushib piyoda yurardim, yayov yurib kuy tinglaganga nima yetsin! Bunday paytda yo'ldagi chang to'zonlar orasida emas, xuddi osmonda bulutlar qo'ynida ketib borayotgandek bo'lasan kishi. Avval yangam ikkalamiz aravalarimiz yonida boramiz, so'ngra asta-sekin, beixtiyor Doniyorga yondoshib qolganimizni o'zimiz ham sezmay qolamiz. Qandaydir sehrli kuch bizni Doniyor sari yetaklardi. Qorong'uda uning yuz ifodasini, ko'z qarashini ko'rishni istardik. Nahotki shu qadar kuylayotgan kishi o'sha o'zimizning odamovi, kamgap Doniyor bo'lsa! Yuragi talpinib kuydan orom olgam Jamila Hardoim unga yaqinlab borganida Doniyor tomon sekin qo'l cho'zganini o'zi ham sezmay qolardi. Lekin zavq-shavq bilan kuylayotgan Doniyor buni payqamas edi. Uning o'y hayollari qayerlardadir, osmonda kezib yurgandek, uzoq-uzoqlarga ko'z tikib qo'llarini ko'zksiga qovushtirganicha kuy ohangiga chayqalib o'tirardi. Jamilaning qo'li shilq etib tushib arava chetiga tekkanda xuddi xushoga kelgandek qo'lini tortib olar va yo'l o'rtasida serrayib turib qolardi. Jamila hangu-mang bo'lib anchagacha Donniyorga mo'ltayib qarab turar, keyin yana qadam tashlardi.
 

Qayd etilgan


saltanat  10 Fevral 2010, 06:38:16

  Ba'zan menga yangam ikkovimizni ham bir xil, allaqanday ajib bir xis-tuyg'u hayajonga solayotganday bo'lib tuyulardi. Ehtimol bu xis-tuyg'ular ikkivomizning ham qalbimizda ko'pdan beri yashirinib yotib, endi vaqti-soat kelganda tug'yon urayotgandir.
  Jamila ish bilan alaxsirab uncha sir-boy bermaslikka xarakat qilardi. Lekin xirmondaqolib qo'li ishdan bo'shadi deguncha, Jamila o'tirgani joy topolmay kalovlanib qolardi. Bekorchilikdan nima qilarini bilmagan odamdek shu o'rtada aylanib yurar, so'ngra xirmon sovurayotganlarning yoniga borar, ularga yordamlashmoqchi bo'lib uch-to'rt kurak g'alla tashlardi-da, keyin birdan kurakni chetga irg'itib somon g'arami oldiga ketardi. U dam olmoqchi bo'lgandek g'aram soyasigs o'tirardi-yu, g'oyo yakka-yolg'iz o'tirishdan qo'rqqandek meni chaqirardi:
 -- Bu yoqqa kel, kichkina bola!
   Men, yangam xozir menga butun sir-asrorini ochib, yuragidagi dardini aytsa kerak, deb kutardm. Lekin, u hech narsa aytmas, erkalatib boshimni o'z tizzasiga qo'yardida, o'zi olis-olislarga uzoq tikoilganicha qaltiragan kaftlari bilan sochimni, yuzimni sekin-sekin silardi. Men yangamni tashvishli, g'amgin chexrasiga qarar ekanman, negadir o'zimni unga o'xshatardim. Chunki, uning ham qalbini allaqanday bir xissiyot o'rtayotganini, uning ham yuraida yangi orzu-umidlar uyg'ona boshlaganini sezib qolgandim. Nazarimda, Jamila bu otashin xisni qalbidan chiqarib tashlashga urinayotgandek bo'lardi. Biroq, o'z sevgisini tark etolmay, uning barcha zaxmatlariga chidashga majbur bo'lardi. Men ham unga o'xshab, Jamila Doniyorni sevsa yaxshi bo'lardi, desa, bir ko'nglim sevmagani yaxshi bo'lardi, derdi. Axir, ming qilsa ham kelinimizk-ku, akamning xotini-ku. Uni birovga qanday ravo ko'ray. Biroq bu xil fikrlarni darrov hayolimdan chiqarib tashlashga xarakat qilardim.

Qayd etilgan