Chinakam baxt shu emasmi? Doniyor o'zidagi ona vatanga, yorug' dunyoga bo'lgan yuksak, otashin mehr-muhabbatini ham, anashu ulug' sevgi tug'dirgan dilrabo kuyni ham Jamila ga tortiq etdi. U Jamila uchun, Jamila haqida kuylardi. Axir baxt degani shu emasmi? Ularga yuragimdan baxt-saodat tiladim. Doniyorning kuylari meni yana hayajonga osldi-da, birdan, miyamga g'alati nir fikr keldi: " Men ularning suratini chizaman!" -- dedim o'zimcha va g'oyo nodir bir narsa topib olganday o'zimda yo'q suyunib ketdim. Lekin men shu zaxoti o'z fikrimdan o'zim cho'chib ketdim: "Bu ish meningqo'limdan kelarmikin, eplay olarmikinman?" Lekin orzu-istak qo'rquvdan kuchli keldi. " Ha, men ularning suratini albatta chizaman, men ularni xuddi xozirgiday baxtiyor qilib tasvirlayman!" derdim.
Men shunday shirin orzu-hayollar og'ushida mast bo'lib, atrofga nazar tashlar ekanman, avgust tuni ko'zimga yana ham go'zal ko'rinib, dala gullab-yashnayotganday tuyulardi. Orzu-niyatimga xuddi xozir yetadigandek bo'lardim. Lekin, endi bilsam o'shanda juda g'or, yosh bola ekanman, kelajakda qanchadan-qancha qiyinchiliklarga duch kelishimni bilmagan ekanman. Men, o'zimga ona Yerni Doniyor ko'zi bilan ko'ra bilish, Doniyor qalbi bilan seva bilish kerak derdim Men uning ashulalarini bo'yoqlar yordamida hikoya qilib beraman. Menda ham o'sha tog'lar,dalalar, maysazorlar, bulutlar, daralarning jonli tasviri beriladi. Buning uchun juda katta mahorat kerakligini o'ylamay " buning uchun bo'yoqlarni qayerdan olsam ekan, maktabdan so'rasam berishmas, axir o'zlariga kerakku" deb tashvishlanib yurardim. Endi bilsam o'shanda chuchvarani xom sanab bolalik qilib yurgan ekanman. Doniyorning ashulasi birdan uzilib qoldi. Bunday qarasm Jamila uni mahkam quchoqlab, bag'riga bosib olgan ekan. Biroq shu zaxotiyoq nimadandir cho'chigandek tisarilib, aravadan sakrab tushdi. Doniyor shoshib qo'rqqanidan tizginni tortib aravani to'xtatdi. Jamila teskari qaragancha yo'lning qoq o'rtasida serrayib turib qoldi. So'ng boshini shart burdida, yig'i aralash:
-- Nega qaraysa? Menda nimang bor? Aravangni haydada jo'na! -- dedida, orqada qolgan aravasi tomon ketdi.
Men lol bo'lib og'zimni ochib qolgan ekanman, yangam meni ham koyib berdi:
-- Ho'sh, senchi, sen nega angrayib turibsan, aravangga min! Boshimga bitgan balo bo'ldilarngda!
"Qiziq, unga nima bo'ldi? Chap yoni bilan turganmi?" deb o'ylardim yo'l-yo'lakay. Albatta chuqurroq o'ylagan odam Jamilaning rostdan ham iztirob chekayotganini izoxsiz ham tushunar edi: ko'z ochib ko'rgan eri Saratov gospitallaridan birida yotsa, yaqinda qaytib boraman desa, axir bu oson gapmi? Men hech narsa to'g'risida o'ylagim kelmasdi. Men o'zimdan ham, Jamiladan ham hafa bo'ldim. Agar Doniyorning bundan keyin ashula aytmasligini, uning ovozini boshqa eshitmasligimni aniq bilsam Jamiladan butun vujudim bilan nafratlangan bo'lardim.