-- Jamila, Jamila! -- derdim men o'pkamni bosolmay piq-piq yig'lab. Men eng yaqin, eng aziz odamlarim bilan xayrlashar edim. Mana xozirgina yerda yotib o'zim ham Jamilani sevib qolganimni tushundim. Bu mening ilk bolalikdagi sevgim edi.
Yuzimni ko'z yoshidan xo'l bo'lib ketgan yengimga artib yana anchagacha yig'lab o'tirdim. Men faqat Jamilalar bilan emas, balki bolalik davrim bbilan ham hayrlashar edim.
Qorong'ida timirskilanib uyga kelganimda shovqin-suron avjida edi: it egasini tanimasdi. Kimdir otga egar urardi, bezori Usmon bo'lsa har kungidek mast, otini gijinglatib, ovozini boricha baqirardi:
-- Aytmaganmidim, mana oqibati nima bo'ldi. Yo'lchiboy ota sharmandayu-sharmisor bo'ldi. Qani ketdik, bu sayoq it, chala qozoqni ushlab bo'ynini uzmasam otimni boshqa qo'yaman. O'n yiga kesilsam kesilamanu, lekin har qanday yalangoyoqning xotinlarimizni olib ketishlariga yo'l qo'ymayman. Qani ketdik yigitlar! Qayerga ham borardi deysan?
"Ular qaysi tomonga borarkin" degan fikr hayolimdan o'tdiyu, yuragim shuv etib, a'zoyi badanim muzlab ketdi. Nima qilarimni bilmay otliqlarning orqasidan men ham ovul chekkasiga yugurib bordim-da, ularning razyezd tomonga emas stansiyaga olib boradigan katta yo'ltomonga burilib ketganlarini ko'rib jonim o'rniga tushdi. So'ngra uyga qaytib keldimda, yig'laganimni hech kim bilmasin deb, otamning to'niga o'ralib yotdim.
Ovulda har-xil mish-mish gaplar tarqaldi. Hamma xotinlar Jamilani qoralashardi:
-- Ahmoq-da! Aqli bo'lsa tuz ichgan joyiga tuflab, sang'ib yurgan bir musofirga ergashib ketarmidi.
-- Shunisiga kuyamanda. Uning nimasiga qiziqdi ekan deymanda! Eski shineli bilan,teshik etigidan boshqa hech balosi yo'q ediku!
-- Qo'tan-qo'tan qo'yi bbormidi!. Uyi yo'q-joyi yo'q, nasl-nasabi betayin bir daydi-da! Mayli, uvoli o'ziga, hali attang deydi...Bu tannoz xotinning xolini o'shanda ko'ramiz.
-- Tavba, Sodiqdan ortiq erni topib bo'pti!
-- Qaynonasini aytmaysanmi, qaynonasini! Bunday yovvosh qaynonani qayerdan topadi? O'ziga o'zi qildi, juvonmarg, mayli!
Burungi yangamni Jamilaning qilmishini qoralamay, to'g'ri deb topgan yolg'iz men bo'lsam kerak. Doniyorning eski shineli, teshik etigidan boshqa hech narsasi bo'lmasa ham, lekin uning ma'naviy boy, qalbi yuksak odamligini men bilmaganimda kim biladi? Jamila Doniyorning etagini ushlab ketib, o'z baxtini topadi, degan gaplarga ishonish u yoqda tursin, aksincha, men u o'z baxtini endi topdi, deb ishonardim. Faqat oyimga achinardim xolos, Jamila bilan birga uning butun kuch quvvati ketgandek. Oyim g'amgin bo'lib, o'zini ancha oldirib, qaddi bukilib qoldi. Ohh, bechora oyim. Xayot oqimi ba'zida eskilik ildiziga shafqatsiz bolta urib, yangi baxt sari intilishini oyim tushunmasa kerakda.