Alixonto'ra Sog'uniy. Tarixi Muhammadiyya  ( 259727 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 ... 74 B


Doniyor  20 Iyul 2006, 07:37:50

HAJARUL ASVAD TARIXI

Endi Hajarul asvad toshini o‘z joyiga o‘rnatib qo‘yish vaqti edi. Shu o‘rinda Hajarul asvad toshi tarixidin bir oz ma’lumot berib o‘taylik: «Ma’lum bo‘lgayki, hadislarning mazmunlaricha, Baytulloh yer ustiga bino bo‘lgan chog‘ida Alloh taoloning amri ila «Hajarul as’ad» toshi jannatdin keltirildi. Baytullohni tavof qilishda boshlash o‘rni belgilanishi uchun uni kun chiqish do‘qmishiga qo‘ydilar. Jannatdin yangi chiqqan chog‘ida o‘z nuri bilan butun Haram xududini, ya’ni Makka shahri atrofini yoritur edi. Fatarot zamonlarida, ya’ni ikki payg‘ambar orasi uzoqlashib, din yo‘lidin xalqlar adashgan davrlarida ham Baytullohni tavof qilish odatlari tashlanmagan edi. Lekin ularga Baytullohning xurmat-odoblarini o‘rgatishga din olimlari qolmaganlikdan, arablar o‘z so‘yganlaricha tavof qilur edilar. G‘usl, tahorat, satri-avrat kabi diniy ishlarni xalq unutgan edi. Shu sifatlik arab mushriklari, tahoratsiz er-xotunlar tavof qilganlarida, odatlari bo‘yicha Hajarul as’adga yuz-ko‘z, qo‘llarini surtishur edi. Mana shu beodobchilik kasofatiga qolib ketib, bu muborak toshdin ilgarigi yorug‘lik nuri ko‘tarildi. Avvalda sham chirog‘idek oq nurlik bo‘lishi bilan «Hajarul as’ad», ya’ni «muborak tosh» deb atalgan bo‘lsa ham, u insonlar kasofatidin nurlari so‘nib, «Hajarul asvad», ya’ni «qora tosh» nomini ko‘tardi. Endi bu muborak tosh shu sifat bilan zohiriy husnidin ajragan bo‘lsa ham, ma’naviy fayzi-ilohiysi abadiy o‘zida boqiydur. Shuning uchun Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytdilar:
«Qiyomat kunida Alloh taolo Hajarul asvadni ko‘rar ko‘zlik, so‘zlar tillik qilib, burungi husni-jamoliga qaytargay, ixlos ila uni ziyorat qiluvchilarning iymoniga Xudo oldida guvohlik bergay» dedilar. Almiysoq kunida hamma arvohlardin olingan ahdnoma Hajarul asvadda saqlanmishdur, degan rivoyat bordur. Yana onamiz Oishadin rivoyat ham bordur.
Payg‘ambarimiz: «Ey mo‘minlar, Hajarul asvadni ko‘p ziyorat qilinglar, ani g‘animat bilinglar, bir kun bo‘lurki, odamlar Baytullohni kechalab tavof qilurlar, ertalab turganlarida Hajarul asvadni topa olmaslar. Chunki jannatdin chiqqan barcha narsalarni Alloh taolo qiyomat oldida yana jannatga qaytarur», dedilar.

Qayd etilgan


Doniyor  20 Iyul 2006, 07:37:58

Yana o‘z so‘zimizga kelaylik. Hajarul asvadni hazrati Ibrohim Xalilulloh qo‘ygan joylariga o‘rnatish kerak edi. Hajarul asvadni o‘z joyiga o‘rnatish uchun ko‘tarishni talashib, Quraysh xalqi o‘rtada janjal chiqardilar. Har urug‘ bu ishda o‘zlarini boshqalardin haqliroq ko‘rishar edi. Bu to‘g‘rida so‘zlari bir joyga to‘xtayolmasdin, kelisha olmay oxiri qilich, nayzalariga yugurishib, urushmoqchi bo‘ldilar. Ish shu joyga yetganda, oqil odamlardin o‘rtaga yarashchilar tushdi. Undog‘ ulug‘ ish ustida Baytulloh oldida nohaq qon to‘kishdin saqlanaylik, deb o‘zlari insofga keldilar. Oqil orachilarning ko‘rsatishlari ila Bani Shayba darvozasidin kim ilgari kirsa, shuning hukmiga hammamiz rozi bo‘laylik, deb qaror chiqardilar.
Shul kuni Payg‘ambarimiz kelmagan bo‘lib, bu voqeadin xabarlari yo‘q edi. Shu orada u kishi darvozadin kirib keldilar. Buni ko‘rgan Quraysh xalqi hammalari bir og‘izdan ajab yaxshi ish bo‘ldi, chin so‘zlik, ishonchlik kishimiz Muhammad Amin keldi, buning hukmiga barchamiz rozimiz, deyishdilar. Payg‘ambarimiz bu ishning tubiga tushungandin keyin yelkalaridagi ridolarini yerga yozib, Hajarul asvadni ridoga soldilar, o‘n bir urug‘ Qurayshdin bir kishidin kelsin, Bani Hoshim urug‘idin mana men bo‘ldim, Hajarul asvadni hammamiz barobar ko‘tarib, o‘rniga qo‘yaylik, deb o‘n birlari barobar ko‘tardilar. O‘z joyiga yetkazganlarida Payg‘ambarimiz qo‘llari bilan o‘rnashtirib qo‘ydilar. Shuning bilan o‘tga suv sepgandek fitna bosildi. Payg‘ambarimizning bu qilgan tadbirlariga, mundoq aql topganlariga barchalari rozi bo‘lishib, ofarin qilishdilar. Bu tadbirlari bilan qancha odamlarni nohaq qonlari to‘kilishidin saqlandi. Shundoq bo‘lib, bu voqea ham ziyonsiz o‘tdi.
Endi Payg‘ambarimizning yoshlari qirqqa yaqinlashdi, vahiy kelishiga olti oy chamasi qolganda har turli yaxshi tushlarni ko‘rar edilar. Qandoq tush ko‘rsalar, hech o‘zgarmay, shundoq kelur edi.

Qayd etilgan


Doniyor  20 Iyul 2006, 07:38:05

Endi bu joyda tushning haqiqati nima ekanligini o‘quvchilarga tushuntirishni lozim topdim. Chunki tush ko‘rishning ko‘p chuqur haqiqati bordur. Agar buni yaxshi tushunib bilsa, bu bizga ko‘rinib turgan tabiat olamining ustida yana bir haqiqat olamining borligini bildiradur. Buning bilan Xudoning borliq birligi, payg‘ambarlar so‘zlarining haq rostligiga yo‘l ochiladur. Endi bilmak kerakkim, insonning haqiqiy ruhi (joni) fan olimlari, tabiat olimlarining deganlaridek qondin chiqqan bir quvvat emas, balki din olimlarining ulug‘ rahbarlari, payg‘ambarlar ayt¬ganlaridek, tabiat usti — haqiqat olamidin Xudo amri bilan inson vujudiga vaqtlik qo‘yilgan omonat bir gavhardur. Mana bu ruh qondin paydo bo‘lgan ruh bilan bek qattiq aloqalik bo‘lib, Xudo hikmati bilan shu parda ostiga yashiringanlikdin, insonlar ahli parda ostidagi asrorga yetisholmaydi. Chunki tabiat olamining ichidagi sirlarni tekshirishda fikr maydoni har qancha keng bo‘lsa ham, ammo tabiat olamidan ustungi diniy masalalarda payg‘ambarlarning rahbarligi ostidagina yo‘l topilmasa, yolg‘iz aql bilan haqiqatni topish imkondin tashqaridur. Shuning uchun bu haqda rahbarlik qilish uchun payg‘ambarlarni yubordi. Mana, inson haqiqati shu gavhardur. Bu gavhar azaliy emas, abadiydur. Ya’ni, bu ruh ilgari yo‘q edi, keyin yaratildi, demakdur. Endi u yo‘qolmay mangu yashaydi. Har inson o‘lgandin keyin, uning ruhi dunyodagi qilmishiga qarab, qilgan amaliga loyiqlab belgilangan joyda, yaxshi bo‘lsa rohatda, yomon bo‘lsa mehnatda (mashaqqatda) turadur. Payg‘ambarimizning: «Inson qabri jannat bo‘stonlaridin bir bo‘ston yoki do‘zax chuqurlaridin bir chuqurdur», degan so‘zlarining asli haqiqati shuldur. Qiyomat kuni Alloh taolo insonlarni shu ruh bilan tirgizur. Qur’oni karimdagi: «Va yas’alunaka anir-ruhi, qulir ruhu min amri robbiy» oyatining ma’nosi: «Ey Muhammad, ruhning haqiqatini sendin so‘raydilar, sen aytgin, ruh Allohning amridin paydo bo‘lgandur». Mana shundin ham insonning shu ruhi muroddur. Bu ruhning esa arvoh olami ila aloqasi bordur. Arvoh olami deb, farishtalar olamini ayturlar. U ruhning asli vatani tabiat olami ustidagi farishtalar olamidur. Boshqa hayvonlardin insonlarning farqi shu ruh orqali bo‘lur. Ilmiy taraqqiyotlar, ijodiy fikrlar hammasi shu ruh natijasidur. Endi insonning tush ko‘rishi shuki, uxlagan chog‘ida shu ruh tan xizmatidin bo‘shanib, yuqorigi o‘z olamiga sayr qilib chiqqay. Dunyoda bo‘ladigan hodisalarning ma’lumoti tamomi ila ul joyda bordur. Inson ruhi shu dunyoda bo‘ladurgan ba’zi voqealarni ul joyda ko‘rgay.

Qayd etilgan


Doniyor  20 Iyul 2006, 07:38:15

Endi ruhning shu ko‘rishini tush, deb aytilur. Ruh har qancha yorug‘, musaffo bo‘lsa, ko‘rgan tushlari shuncha yorug‘, to‘g‘ri chiqar. Misoli bir ko‘zgudirkim, aksni to‘g‘ri ko‘rsatish uchun uning sayqali safolik, dog‘siz, yuzi silliq, tekis bo‘lishi shartdir. Ko‘rilgan tushlar rahmoniy va shaytoniy bo‘lib, ikkiga ajraydi. Rahmoniy tushlarning haqiqatligida hech shak yo‘qdur. Chunki Payg‘ambarimiz aytdilar: «Mendin keyin vahiy kelishi to‘xtatilib, ilmi g‘oyib eshigi yopilur. Lekin taqvolik, pok kishilarning ko‘rgan tushlari vahiy namunasi bo‘lib, to‘g‘ri kelur». Ya’ni, rahmoniy tushlar esa g‘oyibiy hodisalarga ishorat bo‘lur, dedilar. Shuning uchun payg‘ambarlar, avliyolar, taqvolik olimlar, solih, mo‘min bandalarning ko‘rgan tushlari albatta haqdur. Qur’oni karimda hazrati Yusuf alay¬hissalomning yoshligida ko‘rgan tushlarining to‘g‘ri chiqishi bunga ochiq dalildur. Har odam o‘z umri ichida bir necha to‘g‘ri tushlar ko‘rishi ma’lumdir. Bu haqiqatga hech kim inkor qilolmas. Demak, Payg‘ambarimiz deganlaridek, vahiy uzilgandin so‘ng, g‘oyibni bilishga solih kishilar ko‘rgan tushlardin boshqa yo‘l yo‘qdur.
Mana shu g‘oyibdin xabar beruvchi ruh, Almiysoq kunida «Alastu birobbikum» savoliga «Qoluv balo» javobini bergan shu ruhdur. Alloh taolo almiysoqdagi ahdini shu ruhlardin olmishdur. Oxirat kunida hisob-kitob berguvchi, jannat-do‘zaxga tushguvchi ana shu ruhlik insondur. Hammaga ma’lumki, kishi tushida har xil narsalarni, o‘lik-tiriklarni ko‘rgay. O‘ylab ko‘raylik, ko‘rguvchi, ko‘rinuvchi kimdur? Albatta, shular arvohlardur. Buni ham bilmak kerakkim, din ishlarida, tabiat usti masalalarida yolg‘izgina aqlga suyanmay, bu haqda payg‘ambarlar so‘zlarini asos qilib tutishlik har bir musulmon odamga farzdur. Bu olamning sirlariga hech kim payg‘ambarlardek voqif emasdur. Inson olamining bilgan narsalari bilmaganlari oldida ulug‘ dengizdin bir tomchi suv misolidadur. Mo‘minlarga qandog‘ ulug‘ ne’matdurkim, din ishlarida, g‘oyibiy imonlarida alarning yo‘lboshchilari bir yuz yigirma to‘rt ming payg‘ambarlardur. Bu so‘zlarni yozguvchi faqir, boshdin o‘tgan mehnat kunlarimda bir necha ko‘rgan tushlarim bordurkim, ul tushlarim esa eng og‘ir ahvolda yotgan kunlarimda Alloh taolo tarafidin bu osiy quliga qilgan iltifotlaridin ulug‘ bir ishorat edi. Yana asli so‘zimizga kelaylik. Payg‘ambarimizga bu tush ko‘rish davri olti oy miqdori davom etdi.

Qayd etilgan


Doniyor  20 Iyul 2006, 07:38:30

PAYG‘AMBARLIK. VAHIYNING KELISHI

Bu orada Payg‘ambarimiz yoshlari qirqqa yetdi. Endi Alloh taolo tarafidin vahiy kelar vaqti bo‘ldi. Farishtalar ulug‘i Jabroil alayhissalomga Xudo tarafidin shundog‘ farmon bo‘ldikim. «Habibim Muhammadga aytgil, uni butun yer usti tamom insu jinlariga Payg‘ambar qildim. Mening dargohimda maqbul bo‘lgan Islom dinini bandalarimga o‘rgatsin, bandalarimga meni tanitib, amru farmonlarimni ularga yetkazsin. Barcha xalqni men aytgan haq yo‘lga boshlasin» dedi. Jabroil alayhissalomga bu farmon yetishi bilan Iqro surasidan boshidagi besh oyatni keltirdilar. Qur’oni karimdan yer ustiga tushgan birinchi sura shu edi.
Vahiy boshlanishi Ramazon oyining yettinchi kuniga to‘g‘ri keldi. Shu kunlarda Payg‘ambarimiz Hiro tog‘ining g‘orida ibodatga mashg‘ul edilar. Jabroil alayhissalom odam suratida ko‘rinib, Payg‘ambarimizga qarab. «O‘qi» dedilar. Payg‘ambarimiz sallalohu alayhi vasallam. «Men o‘qishni bilmayman», deganlarida, Payg‘ambarimizni quchoqlab oldilar. Siqib turib, yana: «O‘qi» dedilar. Shundoq qilib, uch qayta siqib turib, qo‘yvorib. «O‘qi» degan so‘zni takror qildilar. Uchinchi gal Payg‘ambarimizni ezib, emganish darajada qattiqroq siqib, qo‘yib yuborgandin keyin, Iqro surasining boshidin besh oyatni o‘rgatdilar. So‘ngra Jabroil alayhissalom Payg‘ambarimiz bilan tog‘din tushib, bir tekis joyga kelganlarida oyoqlarini yerga urdilar ersa, darhol shu joydin bir buloq paydo bo‘ldi. Tahorat olishni o‘rgatgan so‘nggida, namoz o‘qish tartiblarini ta’lim berib, Jabroil alayhissalom ko‘zdin g‘oyib bo‘ldilar.
Mana, birinchi vahiy kelish tartibi shu erdi. Shu kundin tortib, payg‘ambarlik davri boshlanib, bu ulug‘ vazifa Payg‘ambarimiz ustilariga yuklandi. Shu kundan boshlab, Alloh taolodin kelgan amrlarni bandalariga yetkazib, alarga Islom dinini o‘rgatishga kirishdilar.

Qayd etilgan


Doniyor  20 Iyul 2006, 07:38:38

Yani bilmak kerakkim, Alloh taolo o‘z qudrati bilan barcha olamni yo‘qdin bor qildi. Olam ichida aql yetgan, yetmagan, ko‘z ko‘rgan, ko‘rmagan turlik maxluqlarni xalq etdi. Alar ichida eng ortiq a’losi odam farzandini yaratdi va ani yer ustiga ega qilib, unga xalifalik darajasini berdi. Va ham o‘zini tanitish uchun unga aql, fikr berib, haq dinni tutib, to‘g‘ri yo‘ldin yurishga buyurdi. Bularga rahbarlik qilish uchun bir yuz yigirma to‘rt ming payg‘ambarlarni yubordi. Alarning haqlari uchun xalq oldida hujjat-dalil bo‘lsin deb alarga mo’jizalar berdi. Yana bizlarning ko‘zimizga ko‘rinmaydigan, boshqa sezish quvvatlarimiz bilan ham bilmaydigan bir turlik maxluqlarni yaratdikim, alarni farishtalar, jinlar, deb aytilur. Yer ustini insonlar, hayvonlarga joy qilgandek, osmonlarni farishtalarga, havoni, yer, suvlarni jin toifalariga makon qildi.
Mana shu farishtalar ichinda to‘rt nafar ulug‘ farishtalarga payg‘ambarlik darajasini berdi. Bular— Jabroil, Mikoil, Isrofil, Azroyil alayhimussalomdurlar. Tamom maxluqlarga rizq tayyorlash ishi Mikoil alayhissalom vazifasidur. Har bir bandaning yeydirgan bir parcha noni oltmish qo‘ldan o‘tib, uning og‘ziga tushadur. Birinchisi Mikoil, eng oxirgisi nonvoy, degan so‘zning haqiqati shuldur. Banda o‘z rizqini topishda harna o‘zi bilgan, qo‘lidan kelgan hamma sabablarini qoldirmay qilishga Alloh taolo tarafidin buyrulmishdur. Ammo bandaning ko‘zi ko‘rolmaydigan, qo‘lidan uni ishlash kelmaydigan bir qancha sabablar bordurkim, ularni ishlab vujudga chiqarish farishtalarga topshirilmishdur. Bunday bo‘lgach, banda qo‘lidan kelganicha har ishning sababini qoldirmasdin qilib, qolgani bo‘lsa uni Xudoga topshirmoq lozimdur, Islom shariatining ko‘rsatgan haqiqiy yo‘li shuldur.

Qayd etilgan


Doniyor  20 Iyul 2006, 07:38:47

Isrofil alayhissalom bo‘lsa qiyomat-qoyim bo‘lishida sur chalish va ruhlarni tarbiyat qilish, Azroyil alayhissalom jon olish, Jabroil alayhissalom Alloh amrlarini payg‘ambarlarga yetkurib, vahiy keltirish, osmoniy ofatlarni yer yuzida ijro qilish vazifalaridadurlar. Bundan boshqa ham turli xizmatlarda Xudo amriga qarashlikdur. Endi har bir musulmon odamga Xudoga va uning payg‘ambarlariga, qiyomat kunining bo‘lishiga, o‘lgandan keyin qaytadan tirilmaklikka ishonmoq qandoq farz bo‘lsa, farishtalarning borlig‘iga shundoq ishonmoq farzdur. Chunki barcha payg‘ambarlarga Xudo tarafidin keladigan vahiylar shu farishtalar ulug‘i Jabroil alayhissalom orqalik kelur. Lekin u farishtalarni payg‘ambarlardin o‘zga insonlar ko‘rishlari mumkin emasdur. Ammo payg‘ambarlar vahiy kelganda insoniy sifatlaridin farishtalik sifatlariga o‘tib turib, vahiy olurlar. Chunki ularning asli yaratilishlarida farishtalik ruhoniy sifatlari g‘olibdur.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam yigirma uch yillik payg‘ambarlik davrida Jabroil alay¬hissalomni yigirma to‘rt ming marta ko‘rganlari rivoyat qilinur. Jabroil alayhissalomning asli hil¬qatlarini ikki qayta ko‘rgan edilar. Boshqa payg‘ambarlarga bu miqdorda ko‘rish muyassar bo‘lmagan edi. Jabroil alayhissalom ko‘pincha chiroylik odam suratida bo‘lib ko‘rinur edi. Ustoz shogirdini o‘qitgandek, vahiy kelturgan Qur’on oyatlarini o‘rgatur edi. Vahiy tarqab, Jabroil alayhissalom g‘oyib bo‘lgandin keyin ko‘ngillarida yod qolgan oyatlarini bir harf qoldirmasdin sahobalarga o‘rgatib ham yozdirur edilar. Ammo Payg‘ambarimiz Jabroil alayhissalomdin vahiy olish chog‘lari o‘zlarida bir o‘zgarish paydo bo‘lur edi. Chunki ruhoniy farishta bilan aloqa bog‘lab, insoniy va jismoniy sifatlardin yiroqlashib turib, vahiy olish lozim kelur edi. Mana shu holda hozir turgan kishilar ko‘zlarida Payg‘ambarimizda bir o‘zgarish paydo bo‘lganini ko‘rar edilar. Shundoqki, vahiy tushgan chog‘da har qancha havo sovuq bo‘lsa ham, tabarruk yuzlari, peshonalaridan ter oqib ketar edi. Agar tuya mingan chog‘larida vahiy tushsa, aning og‘irligini ko‘tarolmay tuya darhol cho‘kar edi. Mana, vahiy kelishini aqlga siqqan miqdori shunchalikdur. Turkiy savodxon yoki chala olim kishilarga mo‘l yozilgan bu kitobimizda mundin ortiqroq yozishni munosib ko‘rmadik. Katta olim odamlar bo‘lsalar bu haqda yozilgan arabiy, forsiy kitoblarni ko‘rsunlar. Har bir musulmonman, degan kishiga eng bo‘lmasa shunchalik tushunib qo‘yish lozimdur.

Qayd etilgan


Doniyor  20 Iyul 2006, 07:38:59

Shundoq qilib, Payg‘ambarimiz birinchi vahiy olishlarida Iqro surasi boshidin besh oyat yodlab, vahiy tamomidin so‘ngra uylariga qaytdilar. Lekin farishta olami ila inson olamining aloqasi, Alloh taoloning shundoq ulug‘ farishtasi Jabroil alay¬hissalomning birinchi qatim (marta) ko‘rib, undin vahiy olishlari, uning Payg‘ambarimizni «O‘qi», deb uch nav¬bat siqib quchoqlashi, ulug‘ haybatga ega edi. Mana shuning uchun Payg‘ambarimizning yuraklari, butun tanlari insoniyat taqozosi ila larzon bo‘lib, titrab, har kim ko‘rsa sezarlik, o‘zlarida boshqacha bir turlik holat paydo bo‘lgan edi.
Payg‘ambarimizning har bir ishlarini tekshirib turishni o‘ziga odat qilgan Xadicha onamiz bu holatni ko‘rib: «Voqea nimadur?» deb so‘radi. Payg‘ambarimiz esa boshdin-oyoq o‘tgan hamma ishlarni bayon qilib, aytganlaridan so‘ngra: «Ey Xadicha, bu ishning oxiri qandoq bo‘lur ekan? Man o‘zimdan qo‘rqib qoldim», dedilar. Anda onamiz Xadicha aytdi: «Bundin siz hech andisha qilmang, inshaalloh, bu ishning oqibati xayr¬lik bo‘lur, chunki siz bo‘lsangiz yetim-esirlarga, faqir-miskinlarga mushfiq mehribondursiz. Hamisha ularga g‘amxo‘rlik qilursiz. Ochlarni to‘ydirib, yalan¬g‘ochlarga kiyim berursiz. Yo‘qsillarga yordamchi bo‘lib, egasiz ojizlarga otalik qilursiz, bir yaxshilik bor ersa, kamoli ila sizda topilur. Endi sizda shunchalik oliy aloqalar, bu qadar ulug‘ sifatlarni xalq etgan Alloh taolo hech vaqt sizni zoye qilmas, deb o‘ylayman. Bu sifatlarga yarashgudek sizga bir ulug‘ ne’mat ato qilishini umid qilaman. Sizdek pok sifatlik, oliy axloqlik zotga jin-shaytonlar qandoq yaqin kela olsin?.. deb shu misollik bir qancha chiroylik so‘zlar bilan ko‘ngillarini ko‘tardilar.

Qayd etilgan


Doniyor  20 Iyul 2006, 07:39:08

Yana bu voqeani aniqlash uchun onamiz Xadicha amakisi Varaqa ibn Navfal qoshiga kelib, butun voqeani bayon qilgandin keyin: «Jabroil kim bo‘lur?» deb undin so‘radi. Varaqa Jabroil nomini eshitganida: «Quddus, Quddus» deb sayha (ovoz) tortib, dedikim:
— Ey Xadicha, bu nomning egasi — Muso alayhissalom, Iso alayhissalomga Alloh taolo tarafidin vahiy keltirguvchi ulug‘ farishtadur. Dunyoga kelgan barcha payg‘ambarlarga Xudodin vahiyni shu farishta keltirur. Muhammadning o‘z og‘zidan so‘zini onglayin, ani kelturgil, — dedi.
Xadicha onamiz Payg‘ambarimizni chaqirib, keltirgandin so‘ngra, voqeani bayon qildilar. Anda Varaqa aytdi:
— Ey Xadicha, sizlarga bu ulug‘ davlat muborak bo‘lsin. Tavrot, Injil kitoblarida bashorat berilgan oxirgi zamon payg‘ambarligi Muhammadga nasib bo‘libdur. Ey Muhammad, senga ko‘rinish berib, vahiy keltirgan farishta o‘tgan hamma payg‘ambarlarga Xudodin vahiy keltiruvchidir. Oti Jabroil, Nomusi Akbar aning laqabidur. Bu ulug‘ mansab senga xush muborak bo‘lsin. Bu yaqin kunlarda butun dunyo xalqini Islom diniga da’vat qil, deb Xudodin senga farmon bo‘lgay. Shu chog‘da arab mushriklari senga qarshi chiqqaylar, koshki men u kunlarda tirik bo‘lsam edi, mol-jonimni ayamasdin senga yordam qilur edim, — deb so‘zini to‘xtatdi. Shu oradin ko‘p uzun vaqt o‘tmay, o‘zi ham olamdin o‘tdi.
Bu so‘zlarni Varaqadin eshitgandin so‘ngra Pay¬g‘ambarimizning ko‘ngillari ancha orom oldi. Bu qadar ulug‘ vazifa egasi ekanlarini o‘zlari ham bildilar. Shuning bilan bir qancha oy vahiy kelishi ham to‘xtalib qoldi. Buning muddati haqida olti oydin uch yilgacha rivoyat bordur. Bu muddat ichida Payg‘ambarimizning ruhoniy lazzat talabida zavq-shavqlari ziyoda bo‘lib, kecha-kunduz vahiy intizorligini tortar edilar. Bu ulug‘ ne’matning kechikib qolishidin andishaga tushib, buning hasratida g‘am-qayg‘ulari haddin osha ko‘paygani turdi. Bu judolik hasratidin shu daraja g‘amlari g‘alaba qildikim, ulug‘ tog‘lar boshidin o‘zlarini tashlab halok bo‘lish fikri ham ko‘ngillariga kelur edi.

Qayd etilgan


Doniyor  20 Iyul 2006, 07:39:20

Ko‘p toqatsiz bo‘lib, ish og‘irlashganda Jabroil alayhissalom ko‘rinib: «Ey Muhammad, sabr qil, albatta, sen Payg‘ambardursen, vaqt yaqindur» deb tasalli berur edi. Necha qayta shundoq ishlar Payg‘ambarimizga voqe’ bo‘ldi. Har qachonkim tog‘ cho‘qqisiga chiqib, yana shu xayolga kelsalar, darhol Jabroil alay¬hissalom ko‘rinib, yuqorigi so‘zlar bilan yupantirar edi.
Bu firoq kunlari oxiriga yetib, ikkinchi vahiy kelish davri boshlandi. Bu davrdagi birinchi vahiy bilan butun dunyo xalqini Islom diniga da’vat qilishga Xudodin amr keldi. Hammadin ilgari, aytishlari bilan Xadicha onamiz darhol iymon keltirdilar. Chunki uzun zamondin buyon bu ishdan xabari bo‘lib, bu haqda qilgan farosatlari to‘g‘ri chiqqan edi. O‘tgan payg‘ambarlar bashorat bergan Xudo habibi — oxirzamon Payg‘ambari ekanlariga gumonlari yo‘q edi. Payg‘ambarimiz rizoliklari uchun butun jonu moli bilan yordam berishga va’da berdi. Shu ikkinchi vahiy kelishi «Ya ayyuhal muddassiru» surasi ila boshlandi. «Qum, faanzir» («Tur, bajo et») xitobi ila xalqni Islom diniga da’vat qilishga Xudo tarafidin buyruldilar.
Bu sirni dastlabda kimga aytsam bo‘lur, degan fikr¬ga tushdilar. Chunki uzun zamonlardin beri xalq din ishlaridin uzoqlashib, alarning oldida din butunlay yot narsa bo‘lib ko‘rinar edi. Ikkinchidan, u zamonda arab xalqini johillik, vahshiylik tamom qoplaganlikdan, axloqlari eng tubandagi darajada buzulgan edi. Urush-talash, odam o‘ldirish ular uchun faxrlanarlik, suygan kasblari edi. Yosh bolalarni boqishdan qochib, faqirlikdan qo‘rqib, urush-so‘qishlarda dushman qo‘liga o‘lja tushishdan nomuslanib, ul bechoralarni tiriklayincha o‘z qo‘llari bilan ko‘mar edilar. Buning ustiga ota-bobodin qolgan din, buzuq rasm-odatlarga qattiq berilgan edilar. Mana shuning uchun Payg‘ambarimiz o‘zlarini ularning yolg‘onchi qilishlaridin qo‘rqib, bu to‘g‘rida ko‘p andishaga tushdilar.

Qayd etilgan