Alixonto'ra Sog'uniy. Tarixi Muhammadiyya  ( 379020 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 16 17 18 19 20 21 22 23 24 25 26 ... 74 B


Doniyor  25 Iyul 2006, 06:51:19

Ammo Rasululloh bo‘lsalar bu dahshatlik holda zarrachalik o‘zgarmadilar. Kelgan o‘rinlaridan bir qadam bo‘lsa ham ortga qaytmadilar. Atroflarini sahobalardan bir necha jonfidolar qurshab olgan edi. Ayniqsa, bular ichida Abu Talha ansoriy dushman tomonidan qasdlab otilmish o‘qlarga o‘zini to‘sib, qalqon qilur edi. Dushman otliq, yayov askarlari ersa Islom tug‘ini yiqmoqqa qattiq hujum qilishardi. Shu chog‘da tug‘ Hazrati Ali qo‘lida edi. Tug‘ saqlovchi merganlardan bir qanchalari Rasululloh oldilarida edilar. Bular ichida shul kuni eng ortiq ish ko‘rsatgan kishi hazrati Sa’d ibn Abi Vaqqos bo‘ldi. Sel qoplagandek otliq va piyoda dushman askariga yolg‘iz o‘zi bir mingdan ortiq o‘q otdi. Rasululloh tinmay o‘q yetkazib berur va: «Irmi yo Sa’d, fidoka abiy va ummiy», ya’ni, «Otgil, ey Sa’d, ota-onam senga fido bo‘lsin», der edilar.
Rasululohning Sa’d haqida aytgan so‘zlari ikki dunyoda maqtanurlik erdi. Chunki ilgari-keyin bundoq so‘z Rasululloh taraflaridan hech kimga aytilmagan edi. Yana shu chog‘da dushmanlardan bir bo‘limi tog‘ ustidan hujum qilmoqqa chiqib, keldilar. Rasululloh ularni ko‘rib: «Ey Sa’d, buni qaytargil», dedilar. Anda u: «YO Rasululloh, men yolg‘iz kishi qanday qaytarolgayman?» dedi. Rasululloh: «Qaytargil», deb uch yo‘l aytdilar. Anda Sa’d o‘q yonchig‘idan bir o‘q chiqarib, dushmanga otgan edi, xato qilmay, jon yeriga tegishi bilan uning joni chiqdi. Ikkinchi, uchinchi otgan o‘qlari ham qoraga tegib, tog‘ ustiga chiqqan dushmanlardin ketma-ket uch kishini o‘ldirdi. Buni ko‘rgach, qolganlari tog‘ ustidan pitrab qochdilar. Yo‘q ersa, alarning qasdi — shu tomondin kelib, Rasulullohga hujum qilmoqchi edilar.
Shundoq bo‘lib, Uhud urushi boshlanishi bilan musulmonlar g‘alaba qozongan bo‘lsalar ham, buning sharoitini o‘zlari buzganlikdan, ko‘p xayol o‘tmay qattiq mag‘lubiyatga uchradilar. Saflari buzilib, bosh-oyoqlari qovushmay, tarqoq holda qolishib, tartiblari buzildi. Shuncha qalin dushman hujumiga qarshi Payg‘ambarimizning qoshlarida ushbu o‘n to‘rt kishidan boshqa hech kim qolmagan edi. Ul bahodirlarning yettitasi muhojirlardin bo‘lib, alarning otlari shulardir:
1. Hazrati Abu Bakr Siddiq.
2. Hazrati Umar.
3. Abdurahmon ibn Avf.
4. Sa’d ibn Abi Vaqqos.
5. Talha.
6. Zubayr.
7. Zayd ibn Horisa.
   

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 06:51:38

Qolgan yetti kishi ansor sahobalardan edilar. Bular: birinchisi, Payg‘ambarimizdan qilich olgan, buni egilguncha chopqayman, deb va’da bergan hazrati Abu Dujona edi, ikkinchisi, Hubob ibn Munzir, uchinchisi, Osim ibn Sobit, to‘rtinchisi, Horis ibn Simma, beshinchisi, Suhayl ibn Hanif, oltinchisi, Sa’d ibn Mu’oz, yettinchisi, Usayd ibn Xuzayr, raziyallohu taolo anhum ajma’iyn.
Ko‘pchilik boshqa sahobalar bo‘lsa, Rasulullohdin ajrab, kurash maydonida tarqalib qoldilar. Mal’un Ibn Qam’a: «Muhammadni o‘ldirdim», deb askar ichiga yolg‘on dovruq solgan chog‘da Islom tug‘i Hazrati Ali qo‘lida edi. Urush to‘polonida chopishib yurib, Rasulullohdin adashib qoldilar. Shu orada Ibn Qam’aning yolg‘on so‘zi quloqlariga yetdi. «Bu ish bo‘lg‘ulik emasdur», degan bo‘lsalar ham yana insonchilik, ko‘ngillari vahim olib, o‘liklar yotgan gumonlik o‘rinlarni axtarib, Rasulullohni izladilar: Hech yerdin nishonalarini topmagach, shundoq o‘yladilarkim: «Rasululloh bu urushda hech qachon maydondin qochib ketmaslar, lekin bizning qilgan gunohimiz shumligidin, Alloh taolo Iso alayhissalomdek Rasulullohni ham ko‘kka ko‘targan bo‘lishi kerak. Endi biz Rasulullohdin ajrab, yer ustida tirik yurganimizdan, Xudo yo‘lida o‘lganimiz yaxshiroqdur. Rasulullohni ko‘rmagunimcha qilichimni qiniga solish yo‘qdur», deb qilich qinini sindirdilar. Yalang‘och qilich bilan o‘zlarini dushman to‘piga urdilar. Bu damlarda dushman safi buzilib, ora ochildi. Qarasalar, yuqorigi o‘n to‘rt kishi Rasulullohni o‘rtaga olib, dushmandin mudofaa qilib turibdilar.
Ular ichida Sahl ibn Hanif, bu kishi ersa, Madina xalqidan chiqqan atoqlik merganlardin edi, to‘rt tomondin Rasulullohga qasd qilib kelgan dushmanlarni o‘q bilan urib, hech birini yaqin keltirmay turibdi. Abu Dujona bo‘lsa, qaysi yoqdin biror narsa kelsa, Rasulullohni qo‘riqlab, o‘zini qalqon qilur edi. Orqa yelkalariga atrofdin otilgan o‘qlarning bir nechalari tegib qadalgan edi. Shundoq qilib, bu bahodirlar Rasulullohni qo‘riqlashda jon fidolik bilan eng so‘ngi suvliklarigacha (nafaslarigacha) chidamlik ko‘rsatdilar. Ayniqsa, bular ichida Zayd ibn Horisa Rasululloh ustiga bo‘lgan hujumlarda dushmanlar tarafidan otilgan, urilgan, chopilgan qurollarga qarshi turganlikdan qattiq yaralangan edi. Rasululloh o‘zlari bo‘lsalar shul kuni (boshlaridan) eng og‘ir ishlarni o‘tkazdilar. Har qandoq odam ko‘tarolmaslik darajada qattiq yaralandilar. Shundoq bo‘lsa ham, bu qiyinchiliklarga chidamlik ko‘rsatib, dushmanga qarshi turdilar. Bu qilishlari bo‘lsa, kelgusi kunlarda ibrat olguvdek bir ishni ummatlariga qoldirish edi.
   

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 06:51:46

Yana shunday qizg‘in urush bo‘lib turgan chog‘da, Quraysh raislaridan Ubay ibn Xalaf degan kishi: «Endi Muhammad qayon qochib qutila oladi?» deb Rasululloh ustiga ot qo‘ydi. «Agar shul kuni Muhammad mandin qutulur bo‘lsa, man dunyoda tirik tura olmagayman», deb qilich ko‘tarib hujum qilmoqchi bo‘ldi. Buni ko‘rgan sahobalardin bir nechalari uning oldini to‘sib, qarshi chiqdilar. Anda Rasululloh: «Hoy, uni to‘smanglar, yaqinroq kelsun», — dedilar. U ham og‘ziga kelganini aytib, qilichin ko‘tarib, chopgali kelmoqda edi. Rasululloh, yetishiga bir-ikki nayza bo‘yi qolgan chog‘da, yonlarida turgan Horis ibn Simma degan sahoba tutib turgan qisqa nayzani aning qo‘lidan olib, yomon niyatda kelayotgan dushmanni yetguncha qo‘ymay, ul sari otdilar. Nayza yetib, uning bo‘ynini bir oz yaraladi. Ammo qon oqizguvdek yarasi yo‘q edi. Lekin uning og‘rig‘iga chiday olmay orqaga qaytdi. Borgan sari og‘riq oshib, chidolmay baqirgani turdi. Buni ko‘rgan boshqa yo‘ldoshlari ani zonglik (masxara) qildilar: «Sening bo‘yningga tushgan bu yara agar bizning ko‘zimizga tushar bo‘lsa, biz ani eran (pisand) qilmas edik. Yuraging yo‘q, o‘zing bo‘sh kishi ekansan», deb anga kuldilar. Anda ul aytdi:
— Lot-uzzo haqqi, agar mening bu olgan yaramning dardini Rabia, Muzar (arablarning ulug‘ qabilasi) xalqi taqsim qilib olur bo‘lsalar, buning ta’siridan barchalari o‘lur edilar. Endi men nechuk bundan tirik qolgayman, — dedi. Bu kishi Rasulullohning eng qattiq dushmanlaridan biri edi. Payg‘ambarimiz Makka shahrida turgan chog‘larida ul har qachon Rasulullohni ko‘rar bo‘lsa, aytur edikim:
— Ey Muhammad, mening bir arg‘umoq otim bor, har kuni o‘n qadoqdin ortiqroq yem yegizib, uni toblab turibman, shu ot ustida seni bir kuni chopib o‘ldirgayman, — der edi. Anda Rasululloh uning so‘ziga qarshi:
— Sen meni o‘ldira olmagaysan, inshaalloh, men seni o‘ldirgayman, — degan edilar.
Payg‘ambarimizning shul aytgan so‘zlarini Alloh taolo chinga chiqardi. Shu bilan Quraysh askari Uhud urushidan qaytishlarida Makka-Madina oralig‘idagi— Saraf degan joyga kelguncha bu kishi jon talashib, bo‘kirib keldi. Shu yerga kelganda jon berdi. Rasululloh umrlari bo‘yi qilgan g‘azotlari ichida, ilgari-keyin bo‘lib, shu bir kishini o‘ldirdilar. O‘z qo‘llari bilan o‘ldirganlari yolg‘iz shu kishi edi.

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 06:51:53

Payg‘ambarimiz aytdilar:
— Insonlar ichida o‘lgandin so‘ngra eng qattiq azob tortguvchi kimarsa — payg‘ambarni o‘ldirguvchi yoki payg‘ambar qo‘lidan o‘lguvchi kishi bo‘lur. Buning sababi shuldurki, har bir payg‘ambar o‘z ummatiga ota-onasidan ham mehribonroqdur. Shuning uchun Alloh taolo Payg‘ambarimiz haqlarida shu oyatni tushirdi:
«Laqad joakum, rosuvlum min anfusikum, azizun alayhi ma anittum, hariysun alaykum bil mu’miniyna raufur rohiym...»
Ma’nosi: Alloh amri bilan, o‘zinglardan aziz bir kishi sizlarga payg‘ambar bo‘lib keldi. Sizlarning og‘ir yukinglar, mehnat-mashaqqatlaring aning ustiga yuklandi. Ul payg‘ambar sizlarga bek omroqdur (mehribondur). Butun dunyo xalqi Islom dinini qabul qilar bo‘lsalar, aning eng ortiq tilagi shuldur, ya’ni mo‘minlarga mehribon, alarga rahmlik, yaxshilik qiluvchi» demakdir.
Endi bilmoq kerakkim, aziz, rauf, rahim, bu uchovi ersa, Alloh taoloning sifatlaridandur. Chunki Qur’oni karimda: «Innalloha binnasi la roufur rohim» oyatini keltirdi. Ma’nosi: «Albatta, Alloh taolo odamlarga mehribondur, rahm qilguvchidur» demakdur.
Payg‘ambarimizning haqlarida ham: «Bil mu’miniyna roufur rohim» deb Alloh taolo Payg‘ambarimizni o‘z ismi bilan atadi. Boshqa hech bir payg‘ambarni bu sifati bilan atamagan edi. Endi shundoq ulug‘, mehribon, shafqatlik payg‘ambar bir insonni o‘ldirur ersa, undin sira yaxshilik kutmaganligini bildirur. Shuning uchun Payg‘ambarimiz aytdilar:
— Bir kimsa payg‘ambarni o‘ldirgan bo‘lsa, yoki payg‘ambar tarafidan o‘ldirilgan bo‘lsa, bunday odam go‘rga ko‘milgandan boshlab, qiyomat bo‘lguncha, to‘xtovsiz go‘r azobini ko‘rgay, — dedilar.
Yana bu urushda dushman bahodirlaridan Ibn Qam’a degan bir kishi bor edi. Urush qizib turgan chog‘da, payt poylab, Rasululloh ustilariga birdaniga ot qo‘ydi. Qilich bo‘yi yaqinlashib kelib, muborak bo‘yinlariga bir qilich urdi. Boshlariga kiygan dubulg‘a chiltarini qilich kesib o‘tolmagan bo‘lsa ham, qattiq urilganlikdan, qilich salmog‘i bilan biror oy miqdori muborak bo‘yinlari og‘rib yurdi. Qilich urar chog‘ida: «Qam’a o‘g‘lidurman, ol bu qilichni», deb chopgan edi. Uning bu so‘ziga qarshi Payg‘ambarimiz: «Aqmaakallohu vajhaka», ya’ni, «Alloh yuzingni xor qilsin», dedilar.

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 06:52:02

Shuning bilan, urush tarqalgandin so‘ngra bu kishi o‘z uyiga qaytdi, o‘zi ersa arab ko‘chmanchilari — arobiylardin edi, uyiga borgach, xotini aytdikim: «Uch kundan beri qo‘ylarimiz to‘pi bilan o‘tloqqa chiqib yo‘qoldi. Alarni izlab yurib, topolmay charchadik», dedi. Buni onglab, ul o‘zi qo‘ylarini izlamakka otlandi. Aylanib yurib qarasa, yiroqdin tog‘ boshida bir qora ko‘rindi, qo‘y bo‘lgaymi deb, tog‘ ustiga chiqdi. Yaqinlashganda payqab qarasa, ul ko‘ringan qora o‘zining qo‘y-qo‘chqori ekandur. «Hay, jonivor, meni tanib turganga o‘xshaydi», deb yaqiniga kelishi bilan, ko‘kragiga bir suzib erdi, tog‘din uchib, yumalaganicha, chala o‘lik bo‘lib, tog‘ tagiga tushdi. Mugizlari (shoxlari) qayrilgan katta bir tog‘ takasi poylab turgandek, tayyor turmush edi. Chala o‘lik bo‘lib tushgan kishini suzishga boshladi. Allohdin amr bo‘lgandek, yuzidan boshqa joyini suzmas edi. Toshdin-toshga surib yurib, uning yuzini kishi jirkanguvdek qilib, ezib tashladi. Rasululloh buning haqida: «Yuzingni Alloh xor qilsun», degan edilar, ko‘p uzoq o‘tmay, Alloh bu so‘zni chinga chiqarib, shu xorlik bilan o‘ldi.
Yana bu urushda Rasulullohga ko‘proq qasd qilib, dushmanchilik qilguvchilardan biri Madinalik Abu Omir Rohib edi. Rohibning ma’nosi obid demakdur. Rasululloh buni fosiq, deb atamish edilar. Aslida bu kishi madinalik ansor sahobalar urug‘idan edi. Iymon bunga nasib bo‘lmagach, oldiga kelgan shundoq ulug‘ ne’matdin o‘z ixtiyori bilan quruq qoldi. Chunki Madina munofiqlarining ikki raislari bor edi. Birisi shu Omir Fosiq, ikkinchisi, Abdulloh ibn Ubay. Rasululloh Madinaga kelganlaridan keyin Islom masalasi qo‘zg‘alib, ular raislikdan ajradilar. Xalqning bular bilan ishi bo‘lmay qoldi. Ana shu kundin boshlab, bularning hasad tomirlari qo‘zg‘aldi. Abadiy davlatni foniy dunyoga sotdilar. Shamchiroq gavharini ko‘r bo‘lib, qora toshga ayirbosh qildilar. Birinchisi ersa, Islom rivojini ko‘rib, chidab turolmay, ellik jonga yaqin butun oilasi bilan Makkaga ko‘chib borib, Quraysh mushriklariga qo‘shildilar. Ikkinchisi bo‘lsa, mol-jonini saqlamoq uchun til uchida bo‘lsa ham musulmon bo‘ldi, lekin Rasulullohga dilida dushmanlik qilib, fursat topar ekan, musulmonlarga ziyon yetkazmakdan hech tortinmas edi. Rasululloh bunga qarshi sabr qilmoqdin boshqa hech qandoq chora qilmadilar. Va u tavfiq topmay, shu munofiqlik bilan dunyodin o‘tdi.

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 06:52:12

Yuqorida aytilgan shu Abu Omir Fosiq, musulmonlarni yiqitmoq uchun urush maydonida bir necha o‘rinlarga yashirin quduqlar qazdirib qo‘ygan edi. Rasululloh bu urushda ikki qavat temir sovut kiygan edilar. Payg‘ambarimiz kiyim og‘irligidan, payqamasdin shu chuqurlarning biriga tushib ketdilar. Qattiq yiqilganlikdan, tizza ko‘zlari yaralanib, bir oz xushlari ketgandek bo‘ldi. YOnlarida qo‘riqlab turgan Hazrati Ali qo‘llaridan tortib, Talha ibn Abdulloh oyoqlaridan ko‘tarib chuqurdan chiqardilar. Shu chog‘da kofirlar tomonidan Utba ibn Abu Vaqqos kelib Rasulullohga bir tosh otdi. Otilgan tosh ostingi ikki tishlarining birini sindirib ketdi. Muborak erinlari (lablari) ham tosh zarbidan anchagina yaralandi. Buni ko‘rib Hotib ibn Balta’a aning ustiga arslondek otilib shundoq qilich urdikim, boshi olmadek uzilib yerga tushdi.
Yana dushmanlardin Abdulloh ibn Shihob Rasulullohning yuzlariga qarab tosh otdi, buning zarbidan muborak yuzlari ham yaralandi. Buning ustiga, boshlariga kiyilgan temir dubulg‘alari urilgan qilich zarbidan sinib ketib, boshlari ham yorildi. Mengzalariga dushman tomonidan tekkan qilich zarbidan yuz suyaklariga dubulg‘a halqasi botib, yuzlarini qattiq jarohatladi.
Qisqasi shuki, hadis olimlari, tarix olimlarining aytishlaricha, Rasulullohning boshlariga, yuzlariga, butun badanlariga qilich, nayzalar, oybolta, cho‘qmorlar, toshlar dushman tomonidan otilib, urilib, yetmishdan ortiq joylari og‘ir-engil yaralangan edi. Endi bu so‘zlarni o‘qib, anglaguvchi odamlarning ko‘ngillariga shundoq kelishi mumkindurkim, Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom Xudoning do‘sti, habibi, barcha olamga yuborilgan Allohning haq payg‘ambari — Rahmatul lil alamiyndurlar. Ish shundoq ersa, bundoq ulug‘ darajalik zot shu qadar kulfat, mehnatlarga qolib, kofirlar tomonidan jabru jafolar tortishlariga hikmat na erdi? Mana shu so‘z har kimning ko‘ngliga kelib qolishi ehtimoldur. Bu so‘zning javobida, o‘tgan ulug‘ olimlarimiz shundoq demishlardirkim:
— Insonlar ichida payg‘ambarlar Xudo oldida eng ulug‘ martabaga egadurlar. Ayniqsa, alar ichida bizning Payg‘ambarimizning darajalari hammalaridan ham ulug‘roqdir. Endi Alloh taoloning dunyoga qo‘ygan odati shundoqdurkim, aning oldida kimning maqomi balandroq bo‘lsa, dunyoda tortgan jabru jafosi ortiqroq bo‘lgay, alardin qaysi birlari Alloh amrini xalqqa yetkazishda kofir va munofiqlardan ko‘proq aziyat chekkan bo‘lsa, shunga ko‘ra oxiratda ko‘proq ajr-savob topgay. Yana bir hikmati shuldurki, hayot olamidagi borliq narsalar butunlay sababga bog‘lanmishdur. Dushmanni yengishlar yoki ulardan yengilishlar bo‘lsa, albatta, bularning biror sabablari bordur. Bu urush boshlanishida yengish asbobi musulmonlar qo‘lida edi. Buning sababi bilan dastlabda dushmandan g‘alaba qozonmish edilar. So‘ngra musulmonlar qo‘llaridagi zafar sabablarini yaxshi saqlay olmagach, bu davlatdin ajradilar. Chunki Allohning taqdiri bandaning qilmishiga bog‘liqdur. Dunyo yaralgandan beri insonlar ustida bo‘layotgan ilohiy qonun shuldur. Buning rioyasi barcha insonlarga barobar vojibdur. Shuning uchun Rasululloh askarining orqa tomonini saqlamoqqa ellik kishilik bir bo‘lik merganlarni, shu kunning so‘qish yasog‘icha eng keraklik o‘ringa tayinlab qo‘ymish edilar. Har qandoq ahvol yuz bersa ham shu joyni qo‘ldan bermaslikka buyurgan edilar. Mana, Rasulullohning shu buyruqlari amalga oshirilmadi. Zafarning katta bir sababini qo‘ldan chiqardilar. Shu sababdan dushmanlaridan yengildilar.

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 06:52:21

Lekin bu yerda yana bir so‘z bordirkim, Alloh taolo o‘ziga iymon keltirgan mo‘minlarni shundoq o‘rinlarda nega kofirlardan asramaydi? Buning javobi, birinchidan shuldurki, buyongi (keyingi) mo‘minlarga tanbeh bo‘lsin, qolganlar bundan ibrat olsinlar. Musulmonlar hech bir vaqtda, ayniqsa, so‘kish-savash chog‘larida boshliqlarning buyruqlarini buzmagaylar. Alloh amrini dunyo ishlaridan oldin tutgaylar. Ikkinchi javob shuldurki, Rasululloh yaratilishida, muborak nurlari hammadin ilgari yaratilmish edi. Dunyo-ga kelishlarida barcha payg‘ambarlardan keyin keldilar. O‘tgan payg‘ambarlarga ham kofirlar bilan jang qilmoq o‘z shariatlarida farz qilingan edi. Shuning uchun o‘tgan payg‘ambarlar ham Xudo yo‘lida dushmanlariga qarshi jihod qildilar. Alarning ummatlaridan bir qancha mo‘minlarga shahidlik darajasi nasib bo‘ldi. Bu daraja ersa payg‘ambarlardan va dag‘i (yana) siddiqlardin so‘ngi, Xudo oldida, eng ulug‘ daraja shu erdi. Bunday bo‘lgach, bu ulug‘ darajadan bu ummatning eng oldingi saflari quruq qolmagay, deb Alloh taolo bir qancha sahobalarni shahidlik darajasiga yetkazdi. Yana bulardan boshqa hikmatlar ko‘p bo‘lsa ham, shu aytgan so‘zlarimiz mo‘minlar uchun yetarlikdur. Yana o‘z so‘zimizga kelaylik.
Shundoq qilib, Rasululloh bundoq og‘ir yarador bo‘lishlaridan sahobalar qattiq qayg‘urdilar. Alardin qaysi birlari aytdi:
— YO Rasululloh, duo qiling, bu kofirlar qirilsinlar, — dedi. Anda Rasululloh:
— Meni Alloh taolo olam xalqini haq dinga chaqirmoqqa, alarga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatmoq uchun yubordi. Men Alloh tomonidan butun xalq uchun rahmat keltirdim. La’nat o‘qib, odam bolalarini o‘ldirmak uchun kelganim yo‘q, — dedilar.
So‘ngra «Allohummahdi qovmiy vag‘firlahum, fainnahum la ya’lamun». Ya’ni: «Ey bor Xudoyo, qavmimni haq yo‘lga solgin, yozuqlarini kechirgil, chunki ular bilmaydilar», deb duo qildilar.
Bu Uhud urushida bir necha sahoba xotunlar ham urushga qatnashgan edilar. Alardin biri Ummu Ammora otliq bir xotun erdi. Bu xotun ersa, eri Zayd ibn Osim va ikki o‘g‘li bilan to‘rt kishi bo‘lib, urushga kirdilar. Bular haqida Rasululloh «Rohima kumullohu ahlal bayti», ya’ni, «Alloh taolo barcha oilalaringni rahmat qilsin», deb duo qildilar. Ummu Amora buni anglab:
— YO Rasululloh, yana duo qilgaysizkim, jannatda siz bilan birga bo‘lgaymiz, — dedi. Anda Rasululloh:
— Ey bor Xudoyo, bularni jannatda menga rafiq qilgaysan, — dedilar. Rasulullohdin bu so‘zni onglagach: «Endi dunyoda nima musibat ko‘rsam parvoyimga kelmas», deb mardonalardek urushga kirdi.

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 06:52:30

Rasulullohning oldi-orqa, o‘ng-so‘llaridan hech ajralmay yurib urushdi. Va shul kuni o‘n ikki joyidan yaralandi raziyallohu anho.
Yana bu g‘azotga kirgan xotunlarning birisi Ummu Ayman Barakadur. Bu xotun ersa, Rasulullohni kichikliklarida ko‘tarib boqqan, otalari Abdullohdin meros qolgan dodaklari erdi. Rasululloh buni asrandi o‘g‘illari Zayd ibn Horisaga nikohlab berdilar. Bundan Usoma ibn Zayd tug‘ildi. Mu’ta g‘azotida besh ming askarga bu o‘g‘ilning otasi Zaydni bosh qo‘mondon qilgan edilar. Bu muborak xotun yaradorlarga suv bermak niyati bilan Madinadan chiqayotganlarida, Uhud urushidan qochquvchilarga qarshi keldi. Alarning yuz-ko‘zlariga qum tuproqlar sochib:
— Ey o‘limdan qo‘rqqan nomardlar, Rasulullohni dushmanlar qo‘liga qoldirib, uyalmay nechuk kelursiz, yo‘q ersa, xotunlardek egirchak olib egiringlar, qilich-nayzalaringizni biz xotunlarga topshiringlar, — deb shundoq so‘zlar bilan alarni qattiq uyaltirdi.
O‘zi Uhud maydoniga qarab jo‘nadi, ko‘rdiki, bu urush musulmonlar ziyoniga aylanibdur. Rasulullohning vujudi-shariflari, bosh-oyoqlari degudek, bir qancha joylari yaralanibdur, buni ko‘rib, toqat keltirolmay, qilich olib urushga kirdi. Kofirlar tomonidan Habbob degan kishi bu muborak xotunni nishonga olib o‘q otdi, arablar odaticha, xotun va bolalarni o‘lja olish bo‘lsa ham, alarni urish, o‘ldirish yo‘q edi. Ammo ul nomardning otgan o‘qi Ummu Aymanga kelib tegib, yiqildi. Bu qilgan ishiga maqtanib, u kofir qattiq kuldi. Rasululloh buni payqab turgan edilar. Bu holni ko‘rib, qattiq xafalandilar. YOnlarida o‘q otib turgan Sa’d ibn Abi Vaqqosga uchida tig‘i yo‘q quruq yog‘och o‘q olib berdilar va: «Buning bilan u kofirdan Ummu Ayman qasosini qaytargil» dedilar. So‘ngra Sa’d ibn Abi Vaqqos tig‘siz yog‘och o‘qni unga qaratib otgan edi, xato qilmay, bo‘g‘iziga tegib, shul onda yiqildi. Buning chalqancha tushib yiqilganini ko‘rib, Rasululloh ham kuldilar. Bir zum ilgari Ummu Ayman yiqilganida bu kofir xush bo‘lib kulgan edi, xiyol o‘tmay bu ish o‘z boshiga tushdi. Buni ko‘rib Rasululloh:
— Ey bor Xudoyo, Ummu Ayman qasosini Sa’d qaytardi, aning duosini sen har vaqt ijobat qilgil, — dedilar.

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 06:52:40

Shuning uchun bu duo barakotidan Sa’d ibn Abi Vaqqosning duolari hamisha maqbul edi.
Ma’lumdurki, ushbu Uhud urushida dushmanlarning soni o‘n mingga yaqin edi. Bularga qarshi qo‘yilgan islom qo‘shini mingga yetmas edilar. Yuqorida aytilishicha, urush boshlanishi bilan musulmonlar g‘alaba qozongan bo‘lsalar, o‘zlari sabab bo‘lib, bu g‘alabani qo‘ldan chiqardilar. Mana shuncha ko‘p dushman askarlari ichida qancha bahodirlar bor ersa, barchalari Rasulullohni o‘ldirmak qasdida ustilariga hujum qilishib ko‘rdi. Lekin, Alloh taolo Payg‘ambarimizni saqlab, alardin hech birlari maqsadlariga yeta olmadi. Va bir necha sahobalardin boshqalari, ayniqsa, yuqorida nomlari yozilmish o‘n to‘rt odam o‘limga bosh bog‘lab, jonbozlik bilan Rasulullohni dushmandan qo‘riqladilar. Haqiqatda esa «Vallohu ya’simuka minannas», ya’ni, «Alloh taolo seni dushmanlardan saqlaydi», degan oyat nozil bo‘lib, shuning mazmunicha, alarning yomon qasdidan Payg‘ambarimizni Alloh o‘zi asradi. Bu oyat ifoda qilgan Allohning va’dasi chin bo‘ldi.
Rasulullohning muborak mengzalari (yuzlari) qattiq yaralangan edi. Dushmanlardan Ibn Qam’aning otgan toshi yuzlariga tegib, buning zarbidan dubulg‘a halqasi yuz suyaklariga botib ketdi. Hazrati Abu Ubayda bu halqani chiqarmoqchi bo‘lib, qo‘llari bilan chiqarolmay, tishlab tortganlarida, oldingi ikki tishlari qo‘mirilib ketdi. muborak yuzlaridan va tishlaridan to‘xtamay qon oqqali turdi. Lekin Rasululloh yerga oqib tushgali qo‘ymay, surtib turdilar. Buning sababi, «Agar qonim yerga tomsa, bularga osmondin balo azobi tushgay», dedilar. Shu chog‘da Rasulullohga qattiq chanqoqlik paydo bo‘ldi. Buni bilib, Hazrati Ali qalqonlarini to‘ldirib suv keltirdilar. Uzun turib, suvning rangi o‘zgarib qolganlikdan uni ichmadilar. Darhol Muhammad ibn Maslama qayerdandir bir idishda toza suv keltirdi. Undin qonib ichib, haqqiga duo qildilar.
Shu orada hazrati Fotima boshliq bir necha Madina xotunlari kelishdi. Rasulullohni bu holda ko‘rishib xotunlar yig‘lashib ketdilar. Rasulullohning bosh-ko‘zlarini qonga bo‘yalganini ko‘rib, hazrat Fotima chiday olmay, Rasulullohni quchoqlab ko‘p yig‘ladi. So‘ngra Hazrati Ali suv quyib, qonlik yaralarini yuvdilar. Yaralarining og‘zi ochilib ketganlikdan, qaytadan qon oqa boshladi. Buni ko‘rib, Fotima, kuydirgan bo‘yraning kulini yaralariga sepdi. Shu bilan qon to‘xtadi. Yana shu o‘rtada dushmanlardan bir bo‘lak kishilar tog‘ ustidan ko‘rinish qilib, maqsadlari shul tomondan hujum qilmoqchi edilar. Rasululloh alarni ko‘rib:
— Ey bor Xudoyo, kofirlar mo‘min qullaringni yengib, alardin yuqori turmoqlari loyiq bo‘lmagay, Sening yordaming bilan har vaqt quvvat topgaymiz, yo‘q ersa, bular bilan urushmoqqa bizda kuch yo‘qdur, — dedilar.

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 06:52:51

Buni onglab, Hazrati Umar boshliq bir necha muhojir sahobalar alarga qarshi chiqib, tog‘ ustidan qo‘g‘lab tushdilar. Mana bu oyat shu chog‘da nozil bo‘ldi:
«Vala tahinu vala tahzanu va antumul a’lavna inkuntum mu’minin», ya’ni, «Ey mo‘minlar, bo‘shashmanglar, qayg‘urmanglar, albatta, sizlar ustundursizlar, agar chin mo‘min ersanglar», demakdur.
Bu oyat mazmunida mo‘minlar uchun bek ulug‘ bashorat bordur. Chunki buning mazmunicha, har vaqt ustunlik va g‘olibiyat haqiqiy mo‘minlarga xos sifatlardandur. Chunki bu dunyo maydoni bo‘lsa, mo‘minlar uchun sinash o‘rnidur. Alloh taolo mo‘minlarni urush kunlarida gohi yengish, gohi yengilish bilan sinab boqadur. Agar musulmonlar chin mo‘minlik maqomini saqlay olsalar, har ishning sababini o‘z o‘rnida qilsalar, eng so‘ngi g‘alabani qozonishlarida hech shak-shubha yo‘qdur. Yuqorigi oyat ustiga mana bu hadis bordurkim, Rasululloh aytdilar: «Al-islamu ya’li vala yu’la», ya’ni «Islom ustun bo‘lur, ostin bo‘lmas, g‘olib kelur, mag‘lubiyatda qolmas» demakdur.
Endi yuqorida aytilmish oyat, hadisdan chiqqan ma’noga qaralsa, qullikda qolgan, butun huquqlaridan ajrab, asoratga tushgan musulmonlar haqida qandoq hukm chiqarsa bo‘lur. Tushungan har bir odam buni o‘zi bilur. Yana maqsadga kelaylik.
Rasululloh urushda olgan jarohatlarining ko‘pligidan, shu kungi peshin namozini turib o‘qishga kuchlari kelmay, o‘ltirib o‘qidilar. Sahobalar ham ko‘pchiliklari yarador, majruh bo‘lganliklaridan alar ham o‘ltirib iqtido qildilar. Shundoqkim, Hazrati Talha ibn Ubaydulloh, raziyallohu anhu, bu urushda yetmish necha joydin jarohatlangan edi. Yalang‘och qo‘li bilan dushman qurolidan Rasulullohni qo‘riqlab yurib, necha barmoqlari kesildi. Qon ko‘p oqqanlikdan, qonsirab yiqildi. Buni ko‘rib, Abu Bakr Siddiq aning yuziga suv sepib edi, hushiga kelishi bilan, — «Rasululloh nima bo‘ldilar, u kishi qandoqdur?», — deb so‘radi. Omonliklarini onglab: «Ey Abu Bakr, endi bizga har qancha musibat yetsa, osondur», dedi. Ya’ni, Rasulullohni tirik ko‘rishdan umidlari uzilmish edi. Tirik borliklarini anglagach, buning quvonchligida boshqa mehnat mashaqqatlarini unutdilar. Yana sahobalardan Abdulloh ibn Jahsh, amir Hamzaning jiyanlari Uhud shahidlaridan edi. Uhud urushiga chiqardin bir kun ilgari shundoq deb duo qildilar:
— Ey bor Xudoyo, erta urush maydonida qattiq ko‘ngillik, bir dushman bahodirini menga yo‘liqtir. Ul meni o‘ldirgan so‘ngida, unga qanoat qilmay, ko‘zimni o‘yib, quloq burunlarimni kesib tashlasin. Tongla qiyomat kuni sening dargohingga borganimda: «Ey Abdulloh, nega quloq-burning kesilmishdur, deb so‘ragaysan. — Sening yo‘lingda, payg‘ambaring yo‘lida kesildi, deganimda, «Rost aytursan», deb bu yo‘lda chinligimni bildurursan, — dedi. Darhol duolari qabul bo‘lmish edi, o‘zi degandek kofir bahodirlaridan Axnas ibn Shurayq degan kishi qo‘lida o‘ldirildi. So‘ngra quloq-burunlari kesilib, ko‘zlari o‘yilib, shahidi a’lo darajasiga yetdilar.

Qayd etilgan