Aytdikim:
— Rasululloh senga salom aytib, meni yubordilar. Sening holingni bilmakka keldim — dedi.
Anda Sa’d:
— O‘n ikki yerimdan nayza yeb, yarador bo‘ldim, jon yerimdan o‘tib, zahim ichimga tushdi. Endi men tirik emasman, o‘liklar qatoridadurman. Mendin Rasulullohga salom yetkazgil, bizga haq yo‘lni ko‘rsatib, hidoyat yo‘liga soldilar. Alloh ularga ajr bersun, ikkinchidan, qavm-qarindoshlarimga mendim salom yetkur, to bir jon kishi qolguncha Rasulullohni dushmandin saqlasinlar. Agar bu ishda bo‘shlik qilsalar, Alloh oldida uzr topa olmagaylar, — deb, jon taslim qildi. Borgan kishi bu xabarni Rasululohga yetkazdi. Anda Rasululloh:
«Rahimahullohu nasaha lillahi va lirasulihi hayyan va mayyitan», ya’ni: «Alloh uni rahmat qilsin, Xudoga va uning Payg‘ambariga tirik holida va o‘lar chog‘ida ham yaxshilik qildi» deb duo qildilar.
Buning keyinida ikki qizi qolib, merosiga ega bo‘lgan edi, hazrati Abu Bakr Siddiq xalifalik vaqtida bir kuni shu ikki qizning birisi xalifa oldiga keldi. Darhol hazrati Abu Bakr yelkasidan ridosini olib qiz ostiga soldi. Shu chog‘da eshikdan Hazrati Umar kirib: «Bu kimning qizi?» deb so‘radi. Anda hazrat Abu Bakr «Mendin-sendin yaxshiroq kishining qizidur», dedilar. Buni onglab Hazrati Umar: «Ey Rasulullohning xalifasi, u qandoq kishi bo‘lgay» dedi. Hazrat Abu Bakr aytdi: «Rojulun tabavva’a maq’adahu minal jannati va baqiytu ana va anta hazihi bintu Sa’d ibn Rabi’», ya’ni, «Ul shundoq odamdurki, jannatda tayyorlangan joydan o‘rin oldi. Sen bilan biz bu joyda qoldik, endi bu qiz ersa, shu maqomni topgan Sa’d ibn Rabi’ qizidur».
Rasululloh amakilari amir Hamzani o‘zlari izlab: «buni ko‘rgan kishi bormu?» deb so‘raganlarida, bir kishi turib: «YO Rasululloh, anavi ko‘ringan qo‘ram toshlar oldida «ana asadulloh, ana asadurasulilloh», ya’ni «Men Allohning asrlonidurman, payg‘ambarining yo‘lbarsidurman», deb na’ra tortib, qilich chopib yurganini ko‘rgan edim», dedi. Rasululloh ul joyga kelib ko‘rdilarkim, shu joyda yiqilib, shahid bo‘lmishdur. Ko‘zlari o‘yilgan, quloq-burunlari kesilgan, qorinlari yorilib, ichak-chavaqlari chuvalgan, qisqasi bu muborak tanga ko‘z qarab, chidab turolmaslik darajada dushmanlar tarafidan vahshiyliklar qilingan edi. Rasululloh bu holni ko‘rib, qattiq xafalanib qayg‘urdilar. Muborak yuz-ko‘zlari yoshga to‘ldi. So‘ngra aytdilar:
— Ey amakim, Alloh seni rahmat qilsin, yaxshi ishlarga yovuq (yaqin), yomon ishlardan yiroq eding. Sening mehribonligingdan qarindoshlaring qoniq edilar. Ey Allohning arsloni, bizning qarshimizga kelgan g‘amu qayg‘ularin qaytarur eding, — deb muborak ko‘zlaridan yosh to‘kdilar.