Alixonto'ra Sog'uniy. Tarixi Muhammadiyya  ( 259482 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 22 23 24 25 26 27 28 29 30 31 32 ... 74 B


Doniyor  25 Iyul 2006, 07:02:47

Shu ish sabab bo‘lib, bu qabiladan hech kim qolmasdan, hammasi musulmon bo‘ldi. Shu uchun onamiz Oisha: «Bu xotunning sharofati o‘z qabilasiga bek ulug‘dur, ular asirlikdan ozod bo‘lishib, ikki dunyo azobidan qutulishdi. Islom diniga kirishib, abadiy davlatga yetdilar», dedilar. Onamiz Barrani nikohlariga olgandan keyin, ismini yo‘tkab (o‘zgartirib) Juvayra qo‘ydilar. Barra yaxshilik, Juvayra qizchoq, degan bo‘lur. Buni yo‘tkashning sababi esa fahmlik kishilarga ma’lumdir.
Yana shu safarda bir voqea o‘tdi. Askarlardan ikki kishi suv talashib, urushib qoldilar. Birlari Makka muhojirlaridan, yana birlari Madinalik ansorlardin edi. Muhojir ansorni urib, qon qildi. Bu tayoq yetgan kishi arab odaticha: «Yo lal Hazraj?» (ya’ni, «Ey Hazraj, bormisan?») deb o‘z qabilasini yordamga chaqirdi. Buni ko‘rib, urgan kishi ham: «Yo lal, muhojiriyn?», deb qo‘rqqanidan qichqirdi.
Johiliyat arablari urush vaqtida har qabilaning yuqorigi otalarini atab qichqirar edi. Mundoq qichqirishlarida har qabila o‘z urug‘iga yordam berishlari lozim bo‘lur edi. Bu tovushni eshitgach, muhojir, ansor sahobalaridin ikki firqa odam yugurib kelib, yordam berish uchun har qaysilari o‘z kishilari ustiga to‘plandilar. Qurollariga qo‘l solishib, urushib ketishlariga oz qoldi. Bu voqea ustida katta bir fitna chiqishiga yaqinlashdi, muni anglab, Rasululloh chodirlaridan yugurganlaricha kelib:
— Ey, mo‘minlar, mundoq so‘zlar johiliyat zamonidan qolgan yomon so‘zlardur. Bu qichqirishlar fitna qo‘zg‘ab, qon to‘kilishiga sabab bo‘lur. Islom diniga kirgan kishi yana shunday so‘zlarni tashlamas ersa, unday odam tamuqqa (do‘zaxga) tashlanur, Mo‘minlar bir-biriga Xudo qo‘shgan birodardur. Birodari mazlum bo‘lsin yoki zolim bo‘lsin, unga yordam berish lozimdur,— dedilar.
Anda bir kishi:
— Yo Rasululloh, mazlumga yordam qilaylik, ammo zolimga nechun yordam qilurmiz? — dedi.
Anda Rasululloh:
— Agar zolimni shu qilgan zulmidan qaytarur bo‘lsang, unga yordam qilgan bo‘lursan, — dedilar.
So‘ngra har ikki tarafni so‘z bilan qondirib, bu fitnani bosdilar. Ammo munofiqlar bo‘lsa, bu ish bahona bo‘lib, yomon so‘zga og‘izlari ochildi. Ayniqsa, ularning raislari Abdulloh ibn Ubay ibn Salul qattiq g‘azablanib, o‘ziga qarashlik bir necha munofiqlar bilan bu haqda so‘z qilishdilar.

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 07:02:55

Mo‘minlardin Zayd ibn Arqam bular ichida o‘ltirgan edi. Abdulloh ibn Ubay aytdi:
— Bunday xo‘rlikni kim ko‘rgandur, nega bunday qiladilar? Qochqin edilar, yerlik bo‘ldilar. Oz edilar, ko‘paydilar, o‘tganlarning maqollari bek to‘g‘ridur: «Itingni ko‘p to‘yg‘izma, och bo‘lsa, orqangdan ergashib yurgay, it semirsa, egasin qopgay».
Mana shunga o‘xshash adabdin tashqari bir muncha so‘zlar eshitib o‘tirgan Zayd ibn Arqam buni ko‘ngliga sig‘dirolmay, Hazrati Umarga kelib aytdi. U esa Payg‘ambarimizga aytdi. Ansor muhojirlaridin oldilarida o‘ltirgan sahobalar ko‘p edi, bu so‘zni anglab, muborak mengzalari (yuzlar) o‘zgardi, unga qarab:
— Balkim sen bu so‘zni xato anglagandursan, ul shunday yomon so‘zni aytmagan bo‘lg‘ay, — dedilar.
Ansor sahobalar Zayd ibn Arqamni qattiq hurmat qilishar edi, uni so‘zi yolg‘ondek ko‘rinib o‘zi xijolatga qoldi. So‘ngra Hazrati Umar:
— YO Rasulalloh, bu so‘zni aytuvchi munofiqlar raisi Abdulloh ibn Ubayning, albatta, jazosini berish lozimdur. Ruxsat qilingiz, boshini kesgayman, yoki ansorlarga ruxsat qilgaysiz, o‘zlari yo‘q qilsunlar, — dedi.
Anda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar:
— Ey Umar, bu ishga sabr qilmoqdin boshqa chora yo‘qdur. Agar unga jazo berur bo‘lsak, o‘zaro ko‘ngilsiz ishlar chiqib, har xil so‘z ko‘paygay.
So‘ngra kishilarni alahsitib, bu fitnani bosish uchun u joydin ko‘chishga buyurdilar. Yo‘q esa, mundoq kun qizig‘ida yo‘l yurish Rasulullohga odat emas edi. Ansor raislaridan Usayd ibn Huzayr kelib:
— Yo Rasululloh, mundoq kun qizig‘ida yo‘lga chiqishning sababi nimadur? — deb so‘radi.
Anda Rasululloh:
— Sen Abdulloh ibn Ubay so‘zini eshitmadingmi, u esa Madinaga borgan so‘nggida bizni va bizga qarashli muhojirlarni Madinadan haydab chiqarmoqchi bo‘libdur, — dedilar.

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 07:03:04

Anda ul:
— Yo Rasulalloh, sizni Alloh aziz qilgan, uni bo‘lsa, xor qilmishdur. Agar siz ruxsat qilsangiz, o‘zini Madinadan biz haydab chiqaraylik. Siz Madinaga kelishingiz oldida uni podshoh qilmoqchi bo‘lib, taxt qurgan edik. Inju gavhar bilan ziynatlab, boshiga toj kiydirmoqchi edik. Shu orada siz kelib, Islom dini rivojga kirishi bilan bu so‘z unutilib, tashlab qo‘yildi. Buning podshohligini siz tortib olgandek bo‘lib qoldingiz. Mana shunga hasadi qo‘zg‘alib, chiday olmasdin aytgan so‘zidur, — deb uning tomonidan uzr aytgandek bo‘lib, afv o‘tindi.
Shu bilan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kecha-kunduz to‘xtamasdan yo‘l yurib, ertasi kuni tushga yaqinlashganda manzilga kelib tushdilar. Yo‘l uzunligi, yana uyqusizlikdin bek charchab, tuyadan tushishlari bilan uxladilar. Mundoq uzoq yurishlarining sababi ersa, o‘tgan kungi munofiqlar qo‘zg‘agan so‘zlarni bostirmoq edi. Lekin bu munofiqning o‘g‘li Hubob chin musulmon bo‘lganidan, otasi Abdulloh ustida bo‘lgan so‘zlarni anglab, bek xafa bo‘lib Rasululloh oldilariga keldi va:
— Yo Rasulalloh, agar otamni o‘limga buyurmoqchi bo‘lsangiz, bu ishga o‘zimni buyuring, hozir uning boshini kesib keltirayin. Siz uchun ani qurbon qilayin. Agar mendin boshqa birovni qo‘li bilan otam o‘ldirilsa, men uchun bu ish yaxshilik bo‘lmag‘ay, negakim butun Madina xalqi biladur, men esam otam-onamg‘a eng ortiq hurmat ko‘rsatgan, eng ko‘p xizmat qilgan erurman. Agar otamni o‘zimdan boshqa kishi o‘ldirur ersa, uni dunyoda tirik qoldirib, men chidolmagayman. Yo Rasulalloh, ahloqingiz ulug‘, otam gunohini afv qilsangiz yaxshiroqdur, — dedi.
Anda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
— Sen o‘ylagan narsa mening ko‘nglimda yo‘qdur. Bundin keyin ham otang bilan yaxshilik ila muomalada bo‘lgaymiz, o‘tgan ishlarini kechirdim, — dedilar.

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 07:03:29

Ammo ul munofiq aytgan so‘zidan tonib, qasamyod qilgan bo‘lsa ham Munofiqun surasi bu haqda nozil bo‘lib, uning aytgan so‘zi isbot qilindi. Bo‘lib o‘tgan voqea, ushbu surada tamomila aytilmishdur. Bu haqda Zayd ibn Arqamni yolg‘onchi qilgan edilar. Bu oyatlar nozil bo‘lgach, aning so‘zi rostga chiqdi. Shundoq bo‘lsa ham, Rasululloh afv qilib, fitnani bosdilar. Lekin ul munofiqning adabsizligidan va shumligidan, shuncha ko‘p mo‘jiza va karomatlarni ko‘ra turib, o‘lgunga qadar zarrachalik iymon nuri aning ko‘ngliga kirmadi. Bu munofiqlar buning bilan ham qanoatlanmasdan, shu safarda onamiz Oishaning ustidan tuhmat so‘zlarini chiqardilar. Rasululloh oilalariga va ashobi kiromlariga shu sababdan bir qancha xijolatlik, malomatlik so‘zlar paydo bo‘ldi. Onamiz hazrati Oisha boshliq, otalari hazrati Abu Bakr Siddiq boshlariga tog‘ yiqilgandek, butun oilalari bilan bek tashvishda qoldilar.
Bu hol bilan biror oy o‘tgandin so‘ng onamiz Oishani oqlab, Qur’oni karimda o‘ttiz oyat nozil bo‘ldi. Bu haqda munofiqlar qilgan tuhmatlari raddiga Alloh taolodin vahiy kelishi, Rasululloh xonadonining ulug‘ sharafga ega ekanini isbotladi. Musulmonlarning ko‘nglini ranjitgan bu voqea butun hadis kitoblarida, tarix sahifalarida yozilmishdur, balki hatto Qur’oni karimda ham ochiq bayoni bordur. Men bu kitobimda boshqa kishilardek boshdin-oyoq qoldirmay yozib o‘tirishni ko‘nglim ko‘tarmadi. Qisqasi shulki, Rasululloh Islom dinini yuzaga chiqarishda tortmagan turlik jabr-jafolari, ko‘rmagan qattiq kunlari, eshitmagan yomon so‘zlari qolmagan edi. Buning ajrini Alloh u zotga o‘zi bersun.
Har bir ummatman degan kishi ushbu salovatni o‘qib, Payg‘ambarimiz haqlariga duo qilishi albatta lozimdur:
«Jazallohu a’nno sayyidano Muhammadan ma huva ahluhu». Ya’ni: «Alloh taolo biz ummatlar tarafidin Payg‘ambarimizning o‘ziga loyiq savoblar bersun», demakdur.

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 07:03:43

YANA BIR VOQEA

Shu safardin qaytishlarida, bir kuni Rasulullohning mingan tuyalari yo‘qoldi. Sahobalar har tarafga tarqashib, ani izlagani turdilar. Hech joydin tuya daragi topilmagach, bu ishdin munofiqlarga yana so‘z topildi. Alarning raislari Zayd ibn Salt degan kishi ansor sahobalari ichida o‘lturgan edi. Musulmonlarga ta’na qilib:
— Bu kishi qandoq payg‘ambarmen, deydi, yo‘qolgan tuyasini qayga ketganini o‘zi bilmaydur. Osmonlar ustidan vahiy keltirguvchi Jabroil bu haqda unga nimaga xabar keltirmaydur? — dedi.
Bu so‘zni eshitgan sahobalar u munofiqni shu zamoni o‘ldirmoqchi bo‘ldilar. Alardin qo‘rqib darhol Rasululloh panohiga qochdi. Bu kelib yetmasdin ilgari Rasululloh aytdilarkim:
— Shu hozirda bu munofiq menim yo‘qolgan tuyam ustida so‘z qildi, tuyasi qayoqqa ketganini bilmagan kishi qandoq qilib payg‘ambarmen, deydi. Nega vahiy kelib, tuyasining joyini bildirmadi, dedi. G‘ayb ishni Allohdin boshqa hech kim bilmaydur. Ilgari bilmagan edim, hozirda vahiy kelib, tuya xabarini menga bildirdi. Shu ko‘ringan tog‘ jilg‘asi ichida burundiq ipi bilan bir yog‘ochning butog‘iga ilinganicha tuya to‘xtab turibdur, bir kishi borib, ani keltursun, — dedilar.
Buni eshitgan ul munofiq:
— Men endi aniq ishondim, ko‘nglimdagi g‘uborim ko‘tarildi, siz Allohning haq payg‘ambari ekansiz. Bir dam ilgari bu so‘zlar mendan aytilmish edi, og‘zimdan chiqishi bilan bu so‘zlarni sizga kim yetkuzdi? Ul tuyaning yog‘ochga o‘ralib qolganini sizga kim bildirdi? Albatta, sizga bu ishlar Xudo tarafidan berilmushdur, yo‘q esa, g‘ayb ishlarni kim bila olg‘ay? — deb Rasulullohdin o‘z gunohi uchun afv so‘radi. Rasululloh uni kechirdilar.

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 07:03:53

Yana Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shu safardin qaytar vaqtlarida askar ichidagi yuguruk otlar, chopag‘on tuyalardin keltirib, poyga choptirdilar. Rasulullohning ham Qasvo va Azbo nomlik ikki chopag‘on tuyalari, Darb ismlik bir yuguruk otlari bor edi. Tuyalarini hazrati Bilol mindi, otlarini Abu Sa’d mindi, bu ikkovlari boshqalarning yuguruk ot-tuyalari bilan poyga qo‘ydilar. Har ikkovlari ham bu poygada g‘alaba qildilar. Ayniqsa, Rasulullohning Azbo nomlik yelmayon tuyalari bek chopag‘on edi. Ikki yoshlik tuyasini mingan bir a’robiy kelib, ul tuya bilan chopishtirdi, a’robiy tuyasi poygada o‘zib chiqdi. Sahobalar bu ishni ko‘rib, bek og‘ir oldilar. Anda Rasululloh aytdilar:
— Allohga odat shuldurki, dunyoda nima narsa ko‘tarilib rivoj topsa, bir kuni uni tuban tushirgay. Bu hayvonning ham ko‘p poygalardin g‘olib chiqib, ko‘kragi ko‘tarilgan edi. Allohning odati bo‘yicha bu ham tuban tushdi. Bunga xafa bo‘lish to‘g‘ri emasdur. Chunki bu ish dunyo qonunicha bo‘lmishdur.
Yana shu safarda tayammum oyati nozil bo‘ldi. Buning sababi shul erdikim, onamiz hazrati Oisha Rasululloh bilan birga chiqqan xotunlar odatlaricha bo‘yinlariga osgan ziynatlari bor edi, uni arablar «qiloda» deydilar. Bir manzildan ko‘chib yo‘lg‘a chiqqanda bo‘yinlariga qarasalar, taqilmish qiloda tushib qolmishdur. Buni Rasulullohga aytgach, shu joyda to‘xtab, axtarish uchun orqaga ikki odam yubordilar. Bu turgan joylari esa bir cho‘lu-sahro bo‘lib, o‘tgan manzildan suv ham olmagan edilar. Yo‘l ustida uzun turib qolganlaridan, kun issig‘i, suvsizlik kishilarni ko‘p malol qildi. Bir necha kishilar hazrati Abu Bakrga kelib, onamiz Oisha ustidan shikoyat qildilar. Hazrati Abu Bakr Siddiq xafa bo‘lib, qizlari Oisha chodirig‘a keldilar. Qarasalar, Rasululloh Oisha onamiz tizzasiga bosh qo‘yib, yangidan uxlagan ekanlar, o‘zlari uyg‘onmaguncha Payg‘ambarimizni hech kimar uyg‘ota olmas edi. Chunki Rasululloh uyqu ichida ham Allohdin vahiy olur edilar. Hazrati Abu Bakr qizlari Oishaga qarab:
— Sen bizni xijolatga qo‘yding, Rasululloh boshliq butun bir qo‘shin — askarni suvsiz bir cho‘l joyda to‘xtatding. Kishilar ichgali va tahorat qilgali hech joyda suv yo‘qdir, bu qiyinchiliklarga sen sabab bo‘lding, — deb onamiz Oishani biqinlariga ikki-uch marotaba qattiq nuqdilar. Oisha onamiz jonlari og‘rigan bo‘lsa ham, Rasulullohning uyqulari buzilmasin deb qimirlamadilar. Rasululloh ham shul orada uyqudan uyg‘onib ketdilar. Qaysi bir namozning vaqti ham kirgan edi, tahorat olmoqqa suv so‘radilar ersa, aning yo‘qligini aytdilar.

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 07:04:01

Bir tahorat olgudek ham suv topilmadi. Mana shul chog‘da Tayammum qilmoqqa ruxsat bo‘lib, ushbu oyat tushdi:
«Fain lam tajiduv moan fatayammamuv sa’iydan toyyiban». Ya’ni: Tahorat olmoqqa, g‘usl qilmoqqa suv topmas ersangiz, toza tuproqqa tayammum qilinglar, demakdur.
Mana shul oyat hukmi ila suv yo‘q yerlarda g‘usl, tahorat o‘rnida tayammum qilmoq musulmonlarga farz bo‘ldi. Bu hukmning tushganiga Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ko‘p suyunib:
— Ey Oisha, bu yo‘qolgan qilodang qandog‘ qutlug‘ narsadurkim, ummatlarim uchun bundoq kengchilikka sabab bo‘ldi, — dedilar.
Hazrati Abu Bakr Siddiq kelib:
— Ey qizim Oisha, sening har bir ishingdan bir barakot chiqqay, — dedilar.
Ansor raislaridan Usayd ibn Huzayr kelib:
— Abu Bakr Siddiq avlodida musulmonlar uchun ko‘p barakot bordur, — deb suyunchilik qildi.
Shuning uchun onamiz hazrati Oisha aytdilar:
«To‘qqiz ne’matdurkim, Alloh taolo uni menga bermishdur. Ulardin hech birini boshqa xotunlarga bermabdur.
Biri shuldirkim, Jabroil alayhissalom mening rasmimni kaftida keltirib, Rasulullohga ko‘rsatib: «Bu rasm egasi sening jufting bo‘lg‘ay», dedi.
Ikkinchisi meni Rasululloh qiz oldilar, boshqa xotunlari esa, hammasi er ko‘rmish, juvon edilar.
Uchinchisi shulki, Rasululloh eng oxirgi umrida, mening quchog‘imda, boshlari ko‘ksimda turib jon berdilar.
To‘rtinchisi esa, Rasulullohning qabrlari mening uyimda bo‘ldi, demak, mening uyim arshi a’zamdan ham ulug‘ darajaga yetdi.
Beshinchisi, Rasululloh bilan bir to‘shakda yotgan vaqtimda ham vahiy kelur edi. Boshqa xotunlari bilan yotgan chog‘larida bu ish bo‘lmadi.
Oltinchisi, otam Abu Bakr Siddiq Rasulullohning ajralmas do‘sti bo‘lib, vafotlari so‘ngida aning birinchi xalifasi bo‘ldi.
Ettinchisi, pok yaratildim, pok nasldan tug‘ildim, eng pok, muqaddas zotga yor bo‘ldim.
Sakkizinchisi, tiriklik chog‘imda Allohning rahmat va mag‘firati bilan menga bashorat berildi.
To‘qqizinchisi, munofiqlar qilgan tuhmatdin pokligimni Alloh taolo vahiy yuborib, o‘zi isbot qildi.
Mana shu o‘tgan voqealardin so‘ngra Rasululloh sollallohu alayhi vassallam bu safardin qaytib, sog‘ va salomat Madinaga keldilar.

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 07:04:14

XANDAQ G‘AZOTI

Bu g‘azotning chiqishiga sabab shul erdikim, yuqorida bayoni o‘tgan Bani Nazr yahudlari Rasulullohga qilgan ahdlarini buzib, xiyonatlari bilinganligi uchun arab yeridan chiqib ketmakka Rasululloh tomonidan hukm bo‘lgan edi. Bular joylaridan chiqarilgach, alarning raislari arab qabilalariga tarqaldilar. To‘xtovsiz ravishda Rasulullohga qarshi fitna-fasod qilishga kirishdilar. Maqsadlari esa Rasulullohdin o‘ch olmoq, qaytadin o‘z joylariga qaytib bormoq edi. Yahud raislaridan bir nechalari Makkaga kelib, Quraysh raislari bilan ko‘rishgandan so‘ngra, alarni Rasululloh bilan urishtirmoqqa bek qiziqtirar edilar. Va: «Agar Muhammad bilan so‘qishur bo‘lsangiz, bizni eng oldingi safda ko‘rgaysiz», deb ahd berdilar. Bu ish ersa, Quraysh raisi Abu Sufyonga ma’qul bo‘ldi. Quraysh va’dalarini olib, so‘ngra G‘atafon qabilasiga keldilar. Bu esa arablar ichida atog‘lik qabilalardin sanalur edi. Abu Sufyon bilan qilgan urush muohadalarini(kelishishlarini) alarga bildirdilar. Bu ig‘vogar yahud raislari ichida Madinaning munofiq raislaridan Abu Omir fosiq ham bor edi. Shu bilan G‘atafon qabilasi ham Quraysh bilan birlikda urush qilmoqqa bay’at berdilar. Buni ko‘rib, tubandagi qabilalar ham shu ittifoqqa qo‘shilishdilar. Shu chog‘da Quraysh urug‘laridan atog‘liq ellik kishi Baytulloh yopinchig‘iga yopishib, ko‘kraklarini Baytulloh tomig‘a (devoriga) taqab turishib, qattiq qasam ichdilar: «Muhammadni tamom tugatmaguncha bu urushdan to‘xtamaymiz, barchamiz birlikda bo‘lib, maydonda o‘lib tugamaguncha dushmandin qochmaymiz», deyishib ahd qildilar.
Shundoq qilib, butun Quraysh qo‘shiniga Abu Sufyon rais saylandi. Askar soni to‘rt mingdan ortiq edi. Uch yuz otliq, ming tuyalik, qolganlari piyoda askarlar edi. O‘z e’tiqodlaricha, Baytullohdin so‘nggi eng qutlug‘ o‘rin atalgan Dorun Nadva uyida to‘planishib, so‘qish bayrog‘ini bog‘lashib, Usmon ibn Talhaga topshirdilar. Buning otasi Talha kofirlar tug‘chisi, Uhud urushida o‘ldirilgan edi. Shu bois alar: «Otang o‘chini olgaysan», deb bu urushda tug‘ni unga berdilar.

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 07:04:23

G‘atafon qo‘shiniga Uyayna ibn Hisn askarboshi bo‘ldi. Bunga Rasululloh yeri quruqchilik, eli ocharchilik bo‘lganda, Madina atrofidagi o‘tloq joylardin chorvasi uchun yer bergan edilar. Ochlari to‘yinib, oriqlari semirib yetilganda, yaxshilikka yomonlik qilib, Rasulullohga qarshi urushga ming askar to‘pladi. Rasululloh u haqida: «Ahmaqul muto’», ya’ni, «Obro‘ylik ahmoq», degan edilar. Buning voqeasi yuqorida o‘tgandir. Bu so‘zning chinligi yana aniqlandi.
Bani Murra qabilasidin to‘rt yuz kishilik askar chiqdi. Alarning boshlig‘i Horis ibn Avf edi. Ashja’ qabilasiga Abu Mas’ud boshchilik qildi. Bani Salm qabilasining askar boshlig‘i Sufyon ibn Abdu Shams bo‘lib, buning yetti yuz askari bor edi.
Bani Asad qabilasi ham raislari Tulayha ibn Huvaylid qo‘l ostiga kirib, bu ittifoqqa qo‘shildilar. Butun yig‘ilgan askar soni o‘n ikki mingdan ortiqroq bo‘ldi. Butkul askar boshlig‘iga, o‘zaro ittifoqlashib, Abu Sufyonni belgiladilar.
Ammo bu ishlardin Rasulullohning ham xabarlari bor edi. Tingchilar orqali bu ish aniqlangandin so‘ngra, barcha sahobalarni yig‘ib, o‘rtaga maslahat soldilar: Dushmanni to‘sib, alarga qarshi chiqqaylarmu yoki yo‘lga cheb (to‘siq) bog‘lab, Madina ichida kutib turgaylarmu? Rasulullohning odatlari bir voqea ustida agar Allohdin vahiy kelmasa, katta-kichiklarni yig‘ib, kengash bilan ish qilur edilar. Qur’onda ko‘rsatilgan qonun ham shundoq edi. Bu maslahat ustida Salmon Forsiy aytdi:
— YO Rasulalloh, biz Fors yerida, agar dushman askari ko‘pchilik bo‘lib, ularni otliq askarlari hujumidan qo‘rqilsa, askarimiz aylanasiga, ot o‘tolmagudek o‘ra qazib, muning bilan dushman otliqlari hujumidan saqlanur edik.
Aning bu so‘zi Rasulullohga ma’qul keldi. Shu bilan ishga yararlik barcha mo‘minlarga — deb buyruq berdilarkim, bu ishni dushman yetib kelmasdin ilgari, tezroq bajarsinlar. Arablar ichida mundog‘ ish ilgari-keyin hech ko‘rilmagan edi.

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 07:04:34

Madina shahrining shimol tomoni ochiqlik bo‘lgani uchun, butunlay shu yoqni o‘ra bilan o‘rashga to‘g‘ri keldi. Boshqa taraflari esa mahalla uylari, qalin xurmolik bog‘lar bilan o‘ralganlikdan, ochiq joyi yo‘q edi. Bu tomondin hujum qilish dushmanga qulay emas edi. Shu xandaq qazish kunlarida sahobalar ko‘p qiyinchilik tortdilar. Chunki u kunlarda ocharchilik bo‘lganlikdan torchilik bilan kechinmakda edilar. Kurak, ketmon kabi qazish asbobini yig‘ib, bu ishda qo‘l kuchi bilan ishlatmak lozim edi. Rasululloh o‘zlari ham bu ishda sahobalar bilan birga ishladilar. Chunki dushman qorasi ko‘rinmay turib, bu xandaq qazilib bo‘lishi zarur edi. Shuning uchun Rasululloh xandaq qaziyotgan kishilarga:
— Tezlik bilan bu xandaqlarni qazib oxiriga yetkazish lozimdur. Dunyo va oxiratlik ulug‘ ishlarni inson sabr-sabot bilan qo‘lga keltira olur. Alloh sabr qilguvchilarga, har ishda chidamlilik ko‘rsatuvchilarga yordam yetkazishi aniqdur. Urush kunlarida va har qandoq og‘ir ishlarda agar sabr qilur ersangiz, Alloh yordami bilan zafar topib, dushmanlaringizni yenggaysiz, — deb mo‘minlarga bashorat berdilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘zlari ham bu ishga qatnashib, orqalab tuproq tashidilar. Butun tanlari chang-to‘zon bo‘lmish edi. Buni ko‘rib munofiqlar, yahudlar masxara qilib, quvonishur edilar. Mo‘minlarning boshiga tushgan bu og‘irchiliklar ustiga Bani Qurayza yahudlari shu fursatdan foydalanib, Rasululloh bilan qilgan ilgarigi ahdlarini buzdilar. Ul ahd bo‘yicha Madina ustiga kelgan har qanday dushmanga qarshi Rasulullohga yordam berishlari lozim edi. Bu yahudlarning xiyonatlari eshitilgach, musulmonlarga qattiq tashvish tushdi. Chunki Madina to‘rt tomondan dushman qo‘shini bilan o‘ralmish edi. Shahar ichida qoldirilmish xotun va bolalar uchun qattiq qo‘rqinch tug‘ildi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu dahshatlik xabarni eshitib, Madinani dushmandin saqlash uchun Zayd ibn Horisa qo‘mondasida besh yuz kishilik bir bo‘luk askar yubordilar. Chunki «ahdini buzgan Bani Qurayza yahudlari Madina ustiga chopul (hujum) qilmoqchi emishlar», degan so‘z Rasulullohga eshitilmish edi. Bu xabarni aniqlash uchun hazrati Zubayrni alarga yubordilar. Bu kishi borib ko‘rinishlari bilanoq, yahudlar Rasululloh haqlarida adabdin tashqari so‘zlarni aytishgani turdi. Alar haqqida aytilgan xiyonat so‘zlarining rostligini o‘zlari ko‘rsatdi. Hazrati Zubayr darhol qaytib, Rasulullohga bu xabarni yetkurdi. Eshitgan zahoti «Allohu akbar», deb takbir aytdilar. So‘ngra bashorat berib, dedilarkim:
— Ey mo‘minlar! Sizlar bu yaqinlarda ulug‘ suyunchilikka yetgaysiz. Allohning yordami tezda sizlarga yetishgay, dushman ustidan g‘alaba qozonib, bizlar zafar topgaymiz.

Qayd etilgan