Buning ustiga Alloh taolo tarafidan yordam yetib, kun chiqish tomonidan qattiq shamol turib, bo‘ron boshlandi. Bo‘ron o‘tlarni o‘chirib, chodirlarni uchirib ketdi, qaynab turgan qozonlarni ag‘darib tashladi, tosh-kesaklarni uchirib, idish-tovoqlarni sindirdi. Bo‘ron boshlanishi bilan suv muzlaydigan darajada sovuq ham boshlandi. Kechasi shunday qorong‘ulik bo‘ldikim, hech kim yonidagi yo‘ldoshi kim ekanini bilolmas edi. O‘t yoqib yorug‘ qilish, qozon qaynatib osh qilishning iloji yo‘q edi. Hech qachon shundoq qattiq to‘polon ko‘rmagan askarlar bunday ahvolni ko‘rib aqldan adashdilar. «Muhammad sehr qilib bo‘ron chiqazdi, endi ustimizga hujum qilur», deb askarga qo‘rqinch tushganlikdan har kishi jon vahimasida qoldi. Rasulullohga qo‘shilgan Madina munofiqlariga bu bahona bo‘lib, ruxsatsiz uylariga qaytgali turishdi. Havoning sovuqligi, qorinning ochligi, kiyimning yo‘qligi, kechaning qorong‘uligi bo‘lib musulmonlar ham bek g‘am yedilar. Shu kecha har ikki taraf askarlari yuqorigi sabablardan o‘zlari bilan o‘zlari ovora bo‘lib qoldilar.
Rasululloh bu holni ko‘rgach sahobalarga qarab: «Bir kishi bormidurmikim, dushman qo‘shiniga borib, alardin bizga xabar keltira olg‘ay?» deb uch marta qayta aytdilar. Har bir aytganlarida Hazrati Zubayr o‘rnidan turib: «YO Rasulalloh, bu ishga men borayin», dedilar.
Anda Rasululloh aytdilar: «Har bir payg‘ambarning o‘ziga maxsus yordamchisi bo‘lur, mening ham o‘zimga xos yordamchim Zubayr», deb iltifot qildilar. Ammo u kishini bu xizmatga buyurmadilar.
Chunki u kishida bahodirlik, o‘tkirlik bor edi. Dushmandin xabar olish ustiga yana bir ish qilib qo‘ymasin deb, uni yuborishni loyiq topmadilar. Chunki har ishni o‘z ahliga topshirish lozimdur.
So‘ngra Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ey Huzayfa, bu xizmatga sen borg‘il», deb buyurdilar.
Anda Hazrati Huzayfa: «Yo Rasulalloh, Alloh haqqi bu xizmatni bajarib kelishga kuchim yetmaydur. Ochlikdan, sovuqdan yurishga quvvatim yo‘qdur. O‘limdan qo‘rqmasman. Lekin kofirlar qo‘liga asir tushib qolishdan qo‘rqaman», dedi. Anda Rasululloh aytdilar: «Alloh taolo seni to‘rt tomoningdan saqlaydi, borgil, bu xizmatga seni buyurdim». Buni anglab Hazrati Huzayfa sakrab o‘rnidan turdi. Qarasa, avval o‘zida sezilmagan bir quvvat paydo bo‘libdur. Vujudidagi borliq og‘irchiliklar andin ko‘tarilibdur. Avvalda sovqotib turgan bo‘lsa ham, Rasululloh bu xizmatga buyurganlaridan so‘ngra, o‘zini hammom ichida o‘lturg‘on odamdek sezdi.