Alixonto'ra Sog'uniy. Tarixi Muhammadiyya  ( 301837 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 24 25 26 27 28 29 30 31 32 33 34 ... 74 B


Doniyor  25 Iyul 2006, 07:06:11

So‘ngra xandaqdin o‘tib, qorong‘ulik ichida dushmanning qalin askariga borib qo‘shildi. U chog‘da «yilt» etgan yorug‘, dushman askari ichida yo‘q edi. Yurgan-turganlarning sharpasidan boshqa maydon ichida hech bir jon ko‘rinmas edi. Timiskilanib yurib-o‘ltirib, askar boshlig‘i Abu Sufyon to‘piga kelib yetdi. Shu chog‘da Abu Sufyon o‘z askariga qarab aytdikim:
— Ey Quraysh xalqi, butun jahonni qorong‘ulik bosdi. Har kishi o‘z yo‘ldoshini yaxshi tanib, soqlik bilan tursun, kecha qorong‘uligidan foydalanib, yana Muhammad josuslari kelgan bo‘lmasun. Bu chiqqan bo‘ron — shamolning qachon to‘xtashini bilmaymiz. Qurayza yahudlari bo‘lsa, va’dalarini buzganlikdan oramizda ishonmaslik tug‘ildi. O‘zimiz ot-uloqlarimiz uchun oziq-ovqatdin siqildik. Shuning uchun hozirgi bu urushni qo‘yib, uyga qaytishni to‘g‘ri topdik. Bir turlik boshqa ko‘ngilsiz ish kelib chiqmasdin ilgariroq ketganimiz yaxshiroqdur. Men buyruq qildim, qani endi ko‘chinglar, — deb sakrab tuyasiga mindi. Tuya yurmagani uchun, nima bo‘ldi deb qarasa, tushovini yechmagan ekan. Abu Jahl o‘g‘li Ikrima buni ko‘rib:
— Ey Abu Sufyon, sen xalq boshlig‘i, askar qo‘mondoni erursan, hammadin ilgari tuyaga minib, hammadin oldin qayoqqa qochmoqchidursan? — dedi.
Uning bu so‘zidan uyalib, darhol o‘zini tuyadan tashladi. Tuyasini yetaklaganicha askar oralab «ko‘chinglar, ko‘chinglar» deb qichqirur edi. Yana shu to‘polonchilikda orqa hujumidan saqlanish uchun Xolid ibn Valid qo‘mondasida ikki yuz otliq askar chiqarib, alarni chindovullikka, ya’ni orqa safga qo‘ydi. Shundoq bo‘lsa ham qattiq qo‘rqinchilik qoplog‘on dushman qo‘shini bosh-oyog‘iga qaramay, tartibsiz ravishda qaytdilar. Dushman ichida oralab yurgan Rasululloh tingchisi Abu Huzayfa aytur:
— Xabar bilishdin boshqa hech ish qilmasga Rasululloh mendin ahd olg‘on edilar. Yo‘q esa Abu Sufyonni o‘ldirish payti kelgan edi. Lekin Rasululloh buyrug‘ini ushlab, u ishdin o‘zimni saqladim.
Mana shundoq bo‘lib, o‘n mingdan ortiq dushman qo‘shini o‘zaro buzulishib, Madina ustidan ko‘tarildilar. Alarning ziyon-zahmatidan musulmonlar qutuldilar.

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 07:06:19

«Sahih Buxoriy» kitobida aytubdirkim, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Xandaq urushida ushbu duoni o‘qur edilar: «Allohumma munzilal kitabi, sari’al hisabi ixzimil ahzoba. Allohumma ihzimhum va zalzilhum». Ya’ni «Ey bor Xudoyo, barcha payg‘ambarlarga kitob tushirguvchi O‘zingsan, oxirat kunida hammadan tezlik bilan Hisob oluvchidursan. Qudrating ulug‘dir. Bu kelgan ko‘pchilik dushmanlarni O‘zing tarqatgil», demakdir.
«Urush kunlarida alar chidamsiz bo‘lsinlar», deb duo qildilar.
Shu holda duolari qabul bo‘ldi. Qattiq shamol — bo‘ron turib, ularg‘a qo‘rqinchlik soldi. Shu orqaliq mo‘minlarga Allohdin yordam yetdi. Kofirlarning barcha qilg‘on ishlari foydasiz bo‘lib chiqdi. Bu ersa Xudo tarafidin shundoq og‘irchilik kunlarda erishgan bir ulug‘ ne’mat erdi.
Shuning uchun Alloh taolo mo‘minlarga bu ne’matni eslatib, Ahzob surasida bu oyatni endirdi: «YO ayyuhallazina amanuz-kuruv ne’matallohi alaykum izjoatkum junudun, faarsalno alayhim riyhan va junudan lam taravho va kanallohu bima ta’maluna basiro. Iz jouvkum min favqikum va min asfala minkum va iz zog‘atil absoru va balag‘atil qulubul hanajira va tazunnuna billahiz zununa».
Ma’nosi: «Ey mo‘minlar, Allohning sizlarga bergan ulug‘ ne’matini eslanglar, dushman askari ustinglarga kelgan chog‘da alarga qattiq sovuq bo‘ron yubordik va sizlarga yordam uchun ko‘zga ko‘rinmagan farishtalardin askar tushirdik, hamma qilgan ishlaringizni Alloh ko‘rib turadur. Ustinglardin, ostinglardin dushmanlar o‘rab kelishdi, shu chog‘da qo‘rqqinchlikdan (qo‘rquvdan) ko‘zlar ag‘darildi, o‘pka-yuraklar bo‘g‘izga tiqildi. Alloh haqida har turlik gumonga tushdinglar. Shu o‘rinda mo‘minlar sinaldi. Chin musulmonlar yolg‘on musulmonlardan ajradi», demakdir.
Shundoq bo‘lib Quraysh, G‘atafon boshliq bir qancha qabiladan tuzilgan ko‘pchilik dushmanlar hujumi Allohning yordami bilan musulmonlar foydasiga hal bo‘lib chiqdi.
   

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 07:06:35

BANI QURAYZA G‘AZOTI

Bani Qurayza bo‘lsa, Madina atrofida o‘rnashgan yahudlardan edilar. Ahzob askari buzilib qaytqondan so‘ngra ahdlarini buzib, Rasulullohga qarshi ish qilganlariga qattiq qayg‘urishib, bular ham o‘z joylariga qaytdilar. O‘zaro bir-birini malomat qilishur edilar. Ammo na choradurki, ish vaqtidin o‘tgan edi. Boshqa ilojlari yo‘qligidan boshlariga keladirgan qattiqchiliklardan qo‘rqishib, jon talvasasida o‘zlarini qo‘rg‘on ichiga oldilar. Dushman qaytgandan keyin Rasululloh ham urush joyidan qaytib, Madinaga kirdilar. Qurollarini qo‘yar-qo‘ymas Bani Qurayza yahudlarining ustiga yurmak uchun Allohdan vahiy keldi. Yaqin bir oy Xandaq qamali ostida eng og‘ir kunlar kechirgan bo‘lsalar ham, bu ishni kechiktirmaslikka Allohdan amr bo‘ldi. Hazrati Ali boshliq bir to‘p askar tezlik bilan yo‘lga tushdilar. Peshin namozi Madinada o‘qilgan edi. Rasululloh: «Asr namozini Bani Qurayzada o‘qinglar», deb buyurdilar.
Xandaq urushida hozir bo‘lg‘on kishilardin bu safarga chiqmagan hech kim qolmadi. Chunki xalq g‘azabi bularga qarshi qo‘zg‘algan edi. Yangi qurilayotgan Islom davlatining markazi Madina shahri va’dasida vafo yo‘q, so‘ziga ishonch yo‘q, bunday hasadxo‘r dushmanlardan albatta tozalanmog‘i lozim edi.
Hukamolar demishlarkim: «Uch narsa uch narsaga qo‘shilur ersa, uning davosi yo‘qdur. Ular ushbulardir: qarilikka kasallik qo‘shilsa; dushman hasadxo‘r bo‘lsa; kambag‘al dangasa bo‘lsa. Mana bularning iloji topilmagay».
Bu g‘azotdagi Islom askarining soni uch mingga yaqin edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam askariga asr namozini Qurayzaga borib o‘qinglar deganlari uchun ba’zi askar namoz qazo bo‘lsa ham, manzilga yetib o‘qidi. Qolg‘onlari esa, namozni qazo qilmay yo‘lda o‘qidilar. Rasululloh buni anglagan so‘ngida, hech qaysisini xato demadilar, chunki bu ikki firqaning birisi Rasululloh so‘zlarining asliga tushundi, ikkinchisi zohiriga amal qildi. Har ikkovining ham niyati to‘g‘ri edi.
Shundoq bo‘lib, barchadan ilgari Hazrati Ali askarlari bilan dushman ustiga yetib bordilar. Qarasalar, dushman qal’a ichiga qamalib mudofaaga hozirlanmishdir.

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 07:06:44

Sapil ustiga tug‘ tikib, qamal qilishga kirishdilar. Buni ko‘rishib yahudlarning g‘azablari qo‘zg‘aldi. Rasululloh sha’nilariga adabdan tashqari behuda so‘zlar aytqani turishdi. Shu orada Rasululloh ham qolmish askarlar bilan yetib keldilar. Hazrati Ali qarshi olib:
— Yo Rasulalloh, bu mal’unlar yaqiniga bormaganingiz yaxshiroqdir. Chunki adabdan tashqari yomon so‘zlarni aytqoni turdilar, — dedilar.
Anda Rasululloh:
— Sizlarga qilgan adabsiz so‘zlarini menga ayta olmaslar, — deb alarning yaqinida turib qichqirib:— Ey Xudoning g‘azabiga qolgan to‘ng‘izsifatlar! Ey payg‘ambarlarning ahdini buzgan maymunsiyratlar! Bu qilgan xiyonatlaring jazosini Alloh endi sizlarga ko‘rsatgay. Xudoning la’nat azobi ustinglarga tushgay,— dedilar.
Ammo ularning bunga qarshi tillari tutilib, hech qanday yomon so‘z ayta olmadilar. Ansor sahobalarning raislaridan Usayd ibn Huzayr qattiq tovush bilan alarg‘a qarab:
— Ey Xudo dushmanlari, mal’unlar! Qal’a ichiga qamalib, endi ochlikdan o‘ldinglar, yo‘lbarsdan qochib, inida qoplanib qolgan tulkidek bo‘ldinglar, — dedilar.
So‘ngra Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bularni yigirma besh kun qattiq qamal ostiga oldilar. Har ikki tomondin uzilmay o‘qlar otilib turdi. Qamal qattiqlig‘idan alarg‘a qo‘rqinchlik tushdi. Qal’ani olmasdan Rasulullohning qaytmasligini aniq bildilar.
Buni ko‘rib yahudlar raislari Ka’b ibn Asad shunday so‘z aytdi:
— Ey yahud qavmi, boshimizga kelgan katta balo mana ko‘z oldimizda turibdur. O‘zimizdin o‘tdi, endilikdagi pushaymondin foyda yo‘qdir. Men endi sizlarga uch ishni keltirib qo‘yarman, shulardan birini albatta qabul qilishinglar kerak. Birinchisi shuldirki, bu kishiga iymon keltirib, tobe’ bo‘lmak. Alloh haqqi ayturmankim, buning oxir zamon payg‘ambarligi hammamizga ma’lumdir. Tavrot, Injil kitoblarida sifati yozilmish odam shul kishi bo‘lishida hech shak yo‘qdur.

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 07:06:57

Agar shundoq qilsak, mol-jonimiz, xotun-bolalarimiz omon topgay va o‘zimiz ham haq ishni qabul qilgan bo‘lurmiz. Bizni iymon keltirishdan to‘sib turgan narsa yolg‘izgina hasaddur. Bu kishi haqida boshqa nima shakimiz bordur? Bilur edingiz, Muhammad bilan o‘rtamizda tuzilgan ahdnomani buzmoqqa mening hech roziligim yo‘q edi. Bu dahshatlik baloni boshimizga kelishi shu o‘ltirgan shum kishining sababidan bo‘ldi, — deb yahud raislaridan bo‘lgan Hay ibn Axtabni ko‘rsatdi. — Tavrot o‘qigan olimimiz Ibn Harosh Madinaga kelganda uning aytgan so‘zlari yodinglarda bormidur? U aytgan erdi: «Bu shahardan payg‘ambar chiqqay. Ey yahud qavmi, sizlar hammadan ilgariroq shul payg‘ambarga iymon keltiringlar, uning haqligiga ishonib, har ishda unga yordamda bo‘linglar, Agar shundoq qilar ekansizlar, ikki kitobga iymon keltirgan bo‘lib, ikki dinning savobini olursizlar», degan edi. Agar iymon keltirsak, bizni qoplagan qorong‘u jahon birdamda yorug‘ bo‘lgay, — dedi. Anda yahudlar aytdi:
— Tavrot hukmidan hech ajralmaymiz, boshqa dinni xohlamaymiz! Ka’b aytdi:
— Andoq ersa, kelinglar, boshlab xotin-bolalarimizni o‘zimiz o‘ldiraylik. So‘ngra jondan kechib, yalang‘och qilich bilan Muhammad ustiga qattiq hujum qilaylik. Agar bu urushda qirilar ekanmiz, qayg‘urgudek hech ishimiz yo‘qdur. Agar dushmanni yengar bo‘lsak, har joyda xotin-bola topilur, — dedi.
Anda yahudlar:
— Ul bechoralarni o‘z qo‘limiz bilan qanday o‘ldira olamiz, alar so‘ngida qolib, qandoq tirikchilik qilurmiz? — dedilar.
Buni anglagach, Ka’b yana:
— Endi qolgan bir ish shuldirki, bu kechasi shanba kunining kechasidur. Shanbaning kuni tunida bizning hech qanday ish qilmasligimizni arablar yaxshi bilurlar. Biz alarni g‘aflatda qoldirib, to‘satdan ustilariga bir hujum qilaylik. Agar olsak yoki oldirsak ham bir ish qilgan bo‘lurmiz, — dedi.
Qurol ko‘tarib shanba kuni hurmatini xor qilgan bo‘lurmiz, deyishib buni ham qabul qilmadilar.
Yana raislaridan biri Amr ibn Sa’diy:
— Muhammadga bergan ahdlaringni buzib, baloni o‘zinglar chiqardinglar. Endi unga iymon keltirmas bo‘lsanglar, o‘z dininglarda turib, Muhammadga jizya to‘langlar, lekin buni qabul qilurmi, yo‘qmi, bilmasman, — dedi.

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 07:07:10

Anda yahudlar aytdi:
— Arabga jizya berib, xiroj to‘lab yurishlik, biz uchun katta nomusdir. Buni ko‘targandan o‘lganimiz yaxshiroqdir.
Anda ul aytdi:
— Ilgari-keyin qilgan xiyonatlaringga men qo‘shilgan emas erdim. Sizlarni bu ishinglardan endi ham bezordurman, — deb shul kechasi qo‘rg‘ondan chiqdi.
Payg‘ambarimizning qorovul boshlig‘i Muhammad ibn Maslamaga yo‘liqib edi, uni to‘smasdan o‘z yo‘liga qo‘ya berdi. Aning ikkinchi xabari chiqmadi.
Rasululloh kelmasdan ilgari bu kishi:
— Ey Qurayza yahudlari, bilursizkim, biz uchun ibrat olgudek oldimizda ko‘p ishlar o‘tdi, bularning hech biridan ibrat olmadinglar. Muhammadga bergan ahdlaringni nohaq buzdinglar. Ahd buzmoq Tavrot hukmida harom edi-ku! Bu harom ishni ko‘ra bilaturib qildinglar, hali ham bo‘lsa askar ustimizga yetib kelmasdan, buning chorasini ko‘raylik. Qarindoshlarimiz Bani Nazir, Bani Qaynuqo’ yahudlarining ko‘rgan kunlari ko‘z oldimizda bizga ibratdur. Muhammadning oxirzamon payg‘ambarligi haqdur, buning haqlig‘iga barcha ulamolarimiz, kitoblarimiz guvohdurlar. Kelinglar, hammalarimiz unga iymon keltirib, ikki dinning sharafini topaylik. Muso payg‘ambarga Tur tog‘ida Tavrot tushirgan Xudo haqqida qasam qilurmankim, bu Muhammadga iymon keltirib, unga tobe bo‘lsak, dunyo-oxiratlik izzat-hurmatimizni shunda topgaymiz, — deb nasihat qilganida, yahudlar qabul qilmagan edilar.
So‘ngra qamalning qattiqligi, oziq-ovqat ozligidan yahudlar qo‘rqinchlikka tushdilar. Nochor Nabosh ibn Qays degan kishini Rasululloh oldiga yuborishdi. Shundoqki, butunlay qurol-jabduq, qo‘ra-joylarini tashlab, oilalari bilan bir tuya yuk mol olib, Madina tuprog‘idan chiqib ketmakka roziliklarini bildirdilar.
Rasululloh buni qabul qilmadilar.
Cho‘rilaridan, bola-chaqalaridan boshqa hech bir narsa olmasdan, butun mol-dunyolarini tashlab, Rasulullohga qarashlik yerdan chiqib ketmakni so‘rashib, ikkinchi marta elchi chiqarishdi.

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 07:07:16

Anda Rasululloh:
— Shartsiz o‘z hukmimga tushib, taslim bo‘lmoqdan boshqa hech ishni qabul qilmasman, — dedilar.
O‘rtadagi elchi qaytib borib, Rasulullohning so‘zini alarga yetkazdi. Sahobalar ichida Abu Luboba degan bir kishi bor edi. Qurayza yahudlari bilan ul kishi ilgaridan beri aloqalik edi. Yahudlar shul kishini so‘rashib, Rasulullohga yana kishi yubordilar.
Bu ishga Rasululloh ruxsat qilgandan so‘ngra, uni (Abu Lubobani) ko‘rishib xotun-bolalari ovoz chiqarib yig‘lay boshladilar. Alarg‘a bek og‘rinib rahmi keldi. So‘ngra Abu Lubobadan yahudlar maslahat so‘rashib aytdilarkim:
— Ey Abu Luboba, Muhammadning hukmiga shartsiz tushib borsak qandoq bo‘lur ekan?
— Ha, yaxshi bo‘lur, — deb u qo‘lini bo‘g‘ziga qo‘yib, o‘limga ishorat qildi. Ya’ni, Rasulullohning hukmiga shartsiz taslim bo‘lib, tushar bo‘lsangiz, barchangizni o‘limga hukm qilg‘ay degan mazmunni anglatdi. Bu esa Xudo va aning Rasuliga xiyonat qilmoq edi. Bu haqda o‘zi uchun oyat nozil bo‘lishidan qo‘rqib, Rasulullohga ko‘rinmay qochib, Madinaga keldi.
Masjid ustunlaridan biriga o‘zini mahkam bog‘latib, qo‘l-oyoqlariga zanjir soldirdi. YOz mavsumi bo‘lib, kunning nihoyat isigan vaqti edi. Tavbasi qabul bo‘lgunchalik yemasga, ichmasga va shu azob bilan o‘lishga deb qattiq qasam qildi.
Bu ishdan Rasulullohning xabarlari yo‘q edi. Keyin xabar topib aytdilarkim: «Agar to‘g‘ri oldimga kelgan bo‘lsa, Xudodan tilab gunohini kechirar edim. Endi o‘zicha bu ishni qilmishdur, tavbasi qabul bo‘lib, Xudodan ruxsat kelmaguncha unin qo‘l-oyog‘ini yechmagayman».
Shunday bo‘lib, Abu Luboba olti kecha-kunduz masjid ustunida bog‘lanib yotdi. Har namoz vaqti kirdi ersa, xotini kelib, qo‘l-oyog‘ini bo‘shatur edi. Namozdan keyin yana burungidek bog‘lab ketar edi. Kunning issig‘ligi, o‘zi bog‘langan bo‘lib, ochlik-chan-qoqlik, uyqusizlikdan oxiri esi og‘ib, yiqildi. Shu chog‘da oyat nozil bo‘ldi va aning tavbasi qabul bo‘ldi.
«Asallohu an yatuba alayhim, innalloha g‘afurur rahiym», ya’ni: «Alloh taolo alarning tavbalarini qabul qilar vaqti yetdi, albatta, Alloh taolo bandalarining gunohlarini Kechirguvchi va alarga Mehribondur», demakdur.

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 07:07:27

Bu oyat nozil bo‘lgan chog‘da, sahar vaqti edi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam onamiz Ummu Salamaning uyida edilar. Rasululloh suyunganlaridan kuldilar. Onamiz Ummu Salama:
— Yo Rasulalloh, Xudo sizni kuldirdi, nimaga kulursiz?
Anda Rasululloh:
— Abu Lubobaning tavbasi qabul bo‘ldi, shunga suyunganimdan kulurman, — dedilar.
Anda onamiz Ummu Salama:
— Yo Rasulalloh, andoq ersa, Abu Lubobaga suyunchilik bu xabarni yetkazaylik, — dedilar.
— Ha, tezroq yetkizgil, mo‘minni suyuntirmak yaxshi ishdur, — dedilar Payg‘ambarimiz.
Suyungudek ishlar bo‘lsa, mo‘minlar bir-birlarini suyuntirmoq, suyunchilamoq mana shundan qoldi.
So‘ngra onamiz Ummu Salama:
— Ey Abu Luboba, senga muborak bo‘lsin, tavbang qabul bo‘ldi, — deb qichqirdilar. Buni anglagan sahobalar har tomondin yugurishib kelib, qo‘l-oyog‘ini bo‘shatmoqchi bo‘lganlarida, ul:
— Rasulullohdin boshqa kishi meni yechmagay, — deb qasam qildi. Buni anglab, Payg‘ambarimiz o‘zlari kelib bo‘shatdilar.
Shundoq bo‘lib, Qurayza qal’asining qamali bir oycha cho‘zildi. Qo‘rg‘on tagida birinchi safda Hazrati Ali, Zubayr ibn Avvom boshliq bir bo‘luk jonfido mo‘minlar hujumga hozirlanmoqda edilar. Shu chog‘da Hazrati Ali qichqirib aytdikim:
— Ey mo‘minlar, olg‘a yuringlar. Alloh haqqi, Uhud urushida Hamza ichgan shahodat sharbatini ichgayman yoki bu kun shu qal’ani olg‘ayman.
Bu so‘zni anglashib, yahudlarga bir vahima qo‘rqinch tushdi. Nima qilishlarini bilmasdan, nochor shartsiz Rasulullohning hukmiga taslim bo‘ldilar. Qurol ko‘tarishga yarashlik kishilarning soni bularning ichida olti yuzga yaqin bor edi. Bulardan xotun-bolalarni ajratib, boshqa joyga chiqarib, bularning ustiga Abdulloh ibn Salomni qorovul qo‘ydilar. Bu kishi ersa, yahudlar ichida eng buyuk olimlardan hisoblanar edi. Bu kishining qandoq iymon keltirganliklari yuqorida yozilib o‘tilgandir.
Madinalik Ansor sahobalari ikki urug‘ bo‘lib, birinchisi Avs, ikkinchisi Xazraj deb atalur edi. Islomiyatdan ilgari bu ikki urug‘ orasida yuz yillab urush-talash, qon to‘kishlar bo‘lib o‘tgan edi. Ana shu chog‘larda Madina yahudlari ham har ikki tarafga qo‘shilib urushga qatnashur edilar.

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 07:07:56

Bani Qaynuqo’ yahudlari Xazraj ittifoqdoshlari edi. Bularning voqealari esa yuqorida bayon qilindi. Xazraj raisi Abdulloh ibn Ubay bularning gunohini Rasulullohdin tilab yengillashtirgan edi.
Qurayza yahudlari bo‘lsa, Avs tarafdorlari edilar. Bular ham o‘z tarafdorlarini himoya qilmoqchi bo‘lib, Rasulullohga arz qilishdi.
Alar aytdilarkim:
— Yo Rasulalloh, Xazraj birodarlarimizning so‘raganlarini berdingiz. Biz ham bularning gunohlarini so‘raymiz.
Anda Rasululloh:
— Agar shundoq qilmoqchi bo‘lsangiz, o‘z raisingiz Sa’d ibn Mu’ozni hakam qilaylik, ul kishi nimani hukm chiqarsa, barchangiz rozi bo‘lursiz, — dedilar.
Bu ishga hammalari roziliklarini bildirdilar. Sa’d ibn Mu’oz Xandaq urushida iligidagi yo‘g‘on tomiridan o‘q yeb, qattiq yarador bo‘lgan edi. Ul kishini yotgan yeridan eshakka mindirib Rasululloh oldilariga keltirdilar. Yo‘lda kelayotganida unga: «Rasululloh seni bularga hakam qildi. Bular ustidan hukm chiqarur bo‘lsang, yaxshilik tarafini o‘ylab hukm chiqargil. Xazraj raisi Abdulloh ibn Ubay o‘z ittifoqdoshlari Qaynuqo’ yahudlariga qandoq yordam yetkazdi. Shuni yodingdan chiqarma. Butun qavmingning talablari ham shundog‘dur, — deyishib qulog‘iga quyib keldilar.
Muhojiru ansor sahobalar Rasulullohni o‘rashib o‘ltirishgan edilar. Sa’d ibn Mu’ozni eshak ustida kelayotganini ko‘rib: «Turinglar, mana, sayidingiz keldi», dedilar. Barilari oyoq uzra turishib, hurmat bilan uni qarshi olishgandan so‘ngra, to‘g‘ri Rasululloh yonlariga o‘ltirdi. Anda Rasululloh aytdilar:
— Ey Sa’d, Allohning amri shuldir, Quraya yahudlari ustidan bir hukm chiqargaysan.
Sa’d aytdi:
— Yo Rasululloh, hukm qilish Allohning va payg‘ambarning haqqi erdi, endi bu ishni menga buyurar bo‘lsangiz, menim chiqargan hukmimni bu o‘ltirganlar qabul qilg‘aylarmu, hukmim hukm bo‘lg‘aymi? — deb alarga qaradi.
O‘ltirgan odamlar hammalari tovush berib:
— Albatta, shundoq bo‘lur. Sening hukming to‘xtovsiz o‘tkazilur, — dedilar.
   

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 07:08:04

So‘ngra Sa’d:
— Andoq ersa, bular haqida menim hukmim shulki, erkaklari qoldirilmay tamom o‘ldirilsin! Mol-dunyolari askarga taqsim bo‘lsin. Xotin va bolalari asir olinsin. Qo‘ra-joylari muhojirlarga berilsin. Menim hukmim shuldur», — dedi.
Anda Rasululloh:
— Ey Sa’d, sening bu hukming yetti qat osmon ustida qilingan Allohning hukmiga to‘g‘ri keldi, — dedilar.
Shu bilan Qurayza yahudlarining ishi tamom bo‘lib, qilg‘on xiyonatlarining jazosini tortdilar.
Qal’a ichida bir ming besh yuz qilich, ikki yuz nayza, besh yuz qalqon, uch yuz sovut, shundan boshqa bir qancha urush asboblari bor edi.
Jonlik-jonsiz butun mol-dunyolari askar o‘rtalarida taqsim qilindi. Ertasi kuni asirlarni olib, Madinaga keldilar.
So‘ngra shahardan tashqari joyda bir necha katta xandaqlar qazdirib, shu yerda hukm yurgizildi.
Agar bu yahudlar tillari bilan bo‘lsa ham iymon keltirganlarida, albatta, mollari o‘ljadan, o‘zlari o‘limdan qutulur edilar. Lekin ularning Payg‘ambarimizga dushmanliklarining qattiqligidan, buni qilishni xohlamadilar. Hukm yurgizish ustida Rasululloh o‘zlari turdilar. Ularning raisi Ka’b ibn Usaydni o‘limga keltirildi. Anda Rasululloh unga qarab:
— Ey Ka’b, sizlarning eng ulug‘ oliminglar bo‘lgan Ibn Haroshning qilgan nasihati sizlarga nechuk ta’sir qilmadi? Ul meni ko‘rmay turib, iymon keltirmish edi. Meni haq payg‘ambar deb tanimish erdi, o‘lar vaqtida aytgan uning salomini menga yetkazgan edinglar. Nega uning so‘zini qabul qilmadinglar? — dedilar.
   

Qayd etilgan