Alixonto'ra Sog'uniy. Tarixi Muhammadiyya  ( 380090 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 27 28 29 30 31 32 33 34 35 36 37 ... 74 B


Doniyor  25 Iyul 2006, 07:11:40

Mana shu bay’atni Qur’on va boshqa hadis kitoblarida Rizvon bay’ati deb ataydilar. «Inna Fatahna» surasida Alloh taolo shu oyatlarni tushirib, bu bay’at voqeasini bayon qildi:
«Laqad raziyallohu anil muminiyna iz yuboyi’unaka taxta-shajarati faalima mu fiy qulubihim faanzalas-sakiynata alayhim faasobahum fathan qoriban va mag‘onima kasiratan ya’xuzunaho va kanallohu aziyzan hakima».
Ma’nosi: «Alloh taolo shu mo‘minlardan rozi bo‘ldi, chunki ular Samura daraxtining tagida Alloh yo‘lida jon qurbon qilmoq uchun senga (Muhammadga) bay’at berdilar. Shu bay’at berishlari alarning dillarida chin e’tiqod, ixlos bilan bo‘lganini Alloh bildi, shuning uchun bu mo‘minlar Xudo rizoligini topdilar. Shu sababdan o‘limdan qo‘rqinch ko‘ngillaridan ko‘tarilib, dillari orom oldi. Yaqin kunlarda Alloh taolo ularga fath — nusrat bergay, dushmanlarini yengib, ko‘p o‘ljaga ega bo‘lgaylar. Har ishda Alloh g‘olibdur, xohlaganidek barcha xalqqa o‘z hukmini yurgiza olur. Aning hech bir hukmi hikmatdan holi emasdur», demak bo‘lur.
Ansor-Muhojir sahobalardan bu bay’atga kirmagan kishi qolmadi. Faqat Jadda ibn Qays degan odam tuyalar orasiga yashirinib, bu ulug‘ ne’matdan quruq qoldi. Bu kishi ersa, Bani Salama qabilasining raisi edi. Bulardan Rasulullohga elchi bo‘lib kishilar kelganida: «Sizlarning sayidlaringiz kimdur?» deb so‘ragan edilar, alar: «YO Rasulalloh, Jadda ibn Qaysdur, lekin u baxil bo‘lsa ham, uni rais saylamish edik», dedilar.
Anda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Baxillikdan yomonroq ayb bo‘lmas, baxil odam sayidlikka yaramas, balki sizlarning raislaring Amr ibn Jamuhdur». Shu so‘z bilan burungi rais qolib, bu kishi rais bo‘ldi. Oxiri esa Rasululloh nazarlaridan tushib, shunday ulug‘ ne’matdan ham quruq qoldi. Bu muborak bay’atga sahobalardan bir ming to‘rt yuzga yaqin kishi qatnashdi. Bu bay’at bo‘lgan chog‘da Hazrati Usmonni elchilikka yuborgan vaqtlari edi. Shuning uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uning tarafidan o‘zlari bay’at o‘tkazdilar. Shundoqki, Rasululloh o‘ng qo‘llarini so‘l qo‘llari ustiga qo‘yib turib aytdilar:
— Bandang Usmon sening xizmatingda, menim hojatim uchun elchilikka ketdi, uning tomonidan o‘zim bay’at qildim. Shu qilgan bay’atimni qabul qilgaysan.

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 07:11:48

Bu qutlug‘ bay’atga dastlab qo‘l ko‘targan kishi Hazrati Ukkoshaning og‘asi Abu Sinon edi.
Ba’zi olimlar: Buning o‘g‘li Sinon ibn Abu Sifon erur», deydilar. Qandoq bo‘lsa ham, bu ulug‘ sharafga birinchi qadam qo‘ygan kishi muhojirlardan edi. Bay’at bermakka qo‘l sunar chog‘da bu kishi aytdi:
— YO Rasulalloh, sening ko‘nglingdagi ishni to‘luq qilmoqqa bay’at qilurman.
— Ko‘nglimdagi ish nimadur? — deb Rasululloh so‘radilar.
Anda ul:
— Oldingda jonfidolik bilan dushmanga g‘alaba qilg‘uncha qilich chopayin yoki shu yo‘lda shahodat toparman, — dedi.
Buni anglashgan sahobalarning barisi shu so‘zni aytishib, Rasulullohga bay’at topshirdilar. Tariqat pirlarining muridlaridan qo‘l tutib, bay’at olishlari esa, shundan qoldi. Shariat bay’ati kofirlar bilan urushganda qochmaslikka, o‘limdan qo‘rqmaslikka berilgan bay’atdur.
Tariqat bay’ati ersa, shaytonga bo‘ysunmaslikka, nafs-havo yo‘liga kirmaslikka pir qo‘lini tutib turib qilingan va’dadur. Haqiqatda esa bu ikki bay’at bandaning Alloh taologa bergan va’dasi bo‘lur. Ba’zi olimlar bid’at bahonasi bilan tariqat bay’atiga inkor qildilar. Bu esa, Rasulullohning tarjimai hollaridan, Islom qurilishining tarixlaridan xabarsiz qolmish kishilarning so‘zlaridur. Balki shariat, tariqat sirlariga tushunmaslikdur. Yo‘q esa, Rasulullohning sifat va siyratlarini hadis kitoblaridan, Islom dinining qandoq qurilg‘onligini tarix sahifalaridan o‘qib tushungan olimlar, bu ikki bay’atning sunnatligiga albatta ishonadurlar.
Lekin bizning bu so‘zimiz haqiqatni kishi bilan topish emas, balki kishini haqlik bilan topish kerak degan asosga qurilmishdur. Islom dinining haqligida va har bir kamchiliklardan uning pokligiga hech shak-shubha yo‘qdir. Lekin bu haqiqatni istar ekanlar, birinchi, Allohning so‘zi Islom dinining asosi Qur’ondan, ikkinchi, Allohning haq payg‘ambari Rasulullohning sunnatlaridangina toparlar. Chunki bir din yoki bir maslakning haqiqatini shu dinni tutgan yoki shu maslakka kirgan kishilarga qarabgina bilib olish mumkin emasdur. Bid’at botqog‘iga bo‘yinlarigacha botgan, odat balchig‘i bilan yuz-ko‘zlari bulg‘angan musulmonlarni ko‘rib haq yo‘ldan adashgan kishilar ko‘pdur, desa bo‘lur.

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 07:12:07

Bayt:
Islom dar zot xo‘randorad aybiy.
Har aybki, xast dar musulmoni most.


Ma’nosi: «Islomning o‘zida hech ayb yo‘q, nima bo‘lsa bizning musulmonchiligimizda».
Yana o‘z so‘zimizga kelaylik. Bu joydagi bay’atning «Rizvon bay’ati» demakning sababi esa, Rasululloh bay’at bergan shu kishilardin Alloh rozi bo‘lganligini yuqorigi oyat bilan o‘zi bildirdi. Shuning uchun Rizvon bay’ati deb atadilar. Munisi Xudo rozi bo‘lgan bay’at demakdur. Yana hadisda kelmishdur:
«La yadhulunnaro ahadun boya’a taxtash-shajaroti».
Ya’ni: «Shu daraxt tagida bay’at bergan kishilardan hech kimarsa tamuqqa tushmaydur», demakdur. Tag‘in bir hadisda aytdilar:
«Yo ayyuhannasu, innalloha qod g‘afaro liahli Badrin val Hudaybiya».
Ya’ni: «Ey odamlar, ogoh bo‘linglar, Alloh taolo Badr urushiga qatnashgan, Hudaybiyada bay’at bergan kishilar gunohini afv qildi», demakdur.
Shuning bilan bu muborak bay’at tamom bo‘ldi. Shu orada Quraysh raislari Mikraz ibn Hafs degan odamni boshliq qilib qirq-ellik kishilik bir bo‘lik askar yuborishdi. Bularning maqsadlari esa, Islom askarining kuch-quvvati, son-sanoqlarini aniqlash, chamalab bilish edi. Agar paytini topa bilsalar, to‘satdan hujum qilib besh-o‘n kishini o‘ldirib yoki qo‘lga tushirib olmoqchi edilar. Shu g‘araz bilan kechalab kelayotganlarida Rasulullohning kuzatuvchi askarlariga yo‘liqib qolib, alar tomonidan barchalari asir olindi. YOlg‘izgina boshliqlari qochib qutuldi. Boshqalari esa butunlay qo‘lga tushdilar. Rasulullohning qorovul askarlari boshlig‘i ansor sahobalardan Muhammad ibn Maslama erdi.

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 07:12:16

Bu asirlar Rasululloh oldilariga keltirilgach, ularni qamoqqa buyurdilar. Quraysh xalqi bu xabarni eshitib, ko‘p g‘amgin bo‘ldilar. Buning qasosini qaytarish uchun yana bir to‘p askar yuborib erdilar. Bular ko‘p yaqinlasha olmay, ikki orada otishuvlar bo‘ldi. Musulmonlardan Ibn Zanim degan kishiga o‘q tegib, shahodat topdi. Mushriqlardan o‘n ikki kishini musulmonlar asir oldilar. Mundan ilgari bay’at voqeasi alarga anglanib, ko‘ngillariga qo‘rqinch tushib turgan edi. Buning ustiga ellik-oltmish odamlari asirga tushib qoldi. Ular uchun shundoq ko‘ngilsiz ishlar bo‘lib qolgandan keyin o‘zaro ixtilof chiqib qolishidan qo‘rqishib, yarashmoq orzusiga kirishdilar. Shu sabab bo‘lib Quraysh raislari o‘z ichlarida atog‘liq Suhayl ibn Amrni boshchi qilib, bir jamoat kishini elchilikka yubordilar. Yiroqdin uni ko‘rib: «Sahila amrukum», ya’ni «Ishinglar osonlashdi», deb Rasululloh bashorat berdilar. Bunday vaqtda kelgan elchilar boshlig‘i yaxshi ismlik ersa, andin yaxshilikka fol ochish Rasulullohning odatlari edi.
Suhayl lafzidan «sahila» chiqdi. Muning ma’nosi «osonlashdi» demakdur. Shunday qilib, elchilar Rasululloh bilan ko‘rishib bo‘lgandan so‘ngra ularning boshlig‘i Suhayl Payg‘ambarimizga qarab:
— Ey Muhammad! Hozircha o‘rtamizda bo‘lib o‘tgan ozmi-ko‘pmi urushlar, Usmon boshliq sening kishilaring shaharda qamalib turishlari, mana bu ishlarni bo‘lsa, bizning eslik boshliq kishilarimiz qilmadilar. Balki muni qilguvchilar yosh-yalang tentak kishilarimizdir. Bularning mundoq o‘rinsiz qilgan ishlarini eshitib o‘zimiz ham xijolatdamiz. Bu ayb bebosh kishilarning qilgan ishlaridur. Bulardan bir necha kishilarni sening askarlaring asir olishibdur, avval shu asirlarni bo‘shatib yuborishingni so‘raymiz,— dedi.
Anda Rasululloh aytdilar:
— Agar bizning tarafdor kishilarimiz salomat kelsalar, bu asirlarni bo‘shaturman, yo‘q ersa, ular kelguncha bular ham tutqunlikda turgaylar.
Rasulullohdan bu so‘zni anglagach, Suhayl Quraysh raislariga kishi yubordi. Ular ham sahobalarni darrov qaytardilar.

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 07:12:25

Shu bilan Suhayl ham asirlarni olib joyiga qaytdi. So‘ngra Quraysh raislari o‘zaro kengashib, oxiri Rasululloh bilan sulh qilmoqqa to‘xtaldilar. Bu to‘g‘rida shu Suhayl ibn Amrni vakil qilib yuborishdi. Uning kelayotganini Rasululloh uzoqdan ko‘rishlari bilan: «Bu kishi ersa sulh uchun kelur bo‘lg‘ay», dedilar. So‘ngra u ham to‘g‘ri kelib Rasululloh oldilariga tiz cho‘kib o‘ltirdi. Sahoba ulug‘lari atroflarini o‘rashib turdilar. Ikki tomondan bitim ustida so‘zga kirishib, majlis anchagina uzaydi. So‘ngra Rasululloh:
— Bu kelishimizdan bizning maqsadimiz esa, Baytullohni ziyorat qilmoqdur. Mundan boshqa hech qanday g‘arazimiz yo‘qdur. Agar bu ishdan bizni to‘smas ekansiz, Baytullohni ziyorat qilib qaytamiz, — dedilar.
Anda Suhayl:
— Ey Muhammad, Baytullohni ziyorat qilmoqdan biz sizlarni to‘smaylik, lekin bu ish kelasi yilda bo‘lsin, chunki butun arablar bu ishdan xabardor bo‘lib qoldilar. Agar shu yili shaharga kirib, Baytullohni ziyorat qilur bo‘lsangiz, arablar oldida biz xijolat bo‘lgaymiz. «Muhammad kuch bilan Qurayshni bosib kirib, Baytullohni ziyorat qildi», degaylar. Mana bu so‘z bo‘lsa, biz uchun ulug‘ nomusdir. Agar bu yili qaytib, kelasi yili kelur bo‘lsangiz, yo‘lingiz ochiqdir va ikki yoqning obro‘lari saqlanur, — dedi.
Bu so‘z Rasulullohga ham ma’qul tushdi. Chunki shunday bo‘lmasa, urush boshlanib ko‘p qonlar to‘kilur edi. Rasululloh ersalar Haram ichida qon to‘kilishidan saqlanur edilar. Buning so‘zi Rasulullohga to‘g‘ri kelgach, boshqa so‘zga o‘tishmay, o‘rtada bir sulhnoma yozishga qaror qilishdilar. Mana shu choqda Hazrati Umar bu ishga chidayolmay o‘rnidan sapchib turib, Hazrati Abu Bakr Siddiq oldiga kelib:
— Ey Abu Bakr Siddiq, Muhammadni Xudo tarafidan yuborilgan haq payg‘ambar deb unga ishondik, Islom dinini Allohdan kelgan haq din deb, uni qabul qildik. Endi bizlar haq yo‘lni tutmoq bo‘lsak, kofirlar esa botil ishda turgan bo‘lsalar, bu xorlikni bizlar nechuk qabul qilg‘aymiz. Mundoq sulhnoma tuzish to‘g‘ri emasdur, muni qabul qilmag‘aymiz. Bu ish esa biz uchun haqorat keltirur, — deb bunday sulhga rozi bo‘lmaganini bildirdi.

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 07:12:36

Anda Hazrati Abu Bakr Siddiq:
— Rasululloh ersa, aniq bildik, Allohning payg‘ambaridur. Aning keltirgan dini barhaqdur. Bu ishda menim zarrachalik gumonim yo‘qdur. Nima ish qilur ersa, Rasululloh Alloh amri ila qilg‘ay, Allohdin iznsiz hech ish qilmagay. Ey Umar, o‘lgunimizcha unga itoatda bo‘laylik, butun buyruqlariga bo‘ysunaylik. Chin ko‘nglimdan guvohlik berurman, ul Allohning haq payg‘ambaridur. Alloh uni yordamsiz tashlab qo‘ymagay,— dedi.
Anda Hazrati Umar aytdi:
— Men ham shunday deb guvohlik berurman. Bilurman, albatta, ul Allohning payg‘ambaridur, lekin sening so‘zingga mening ko‘nglim qonmadi, — deb u yerdin chiqib to‘g‘ri Rasululloh qoshiga keldi. Hazrati Abu Bakr Siddiqqa nima so‘z qilgan bo‘lsa, Payg‘ambarimizga ham shu so‘zni qildi.
Anda Rasululloh:
— Ey Umar, men ersam Allohning quli va ham uning payg‘ambaridurman, uning amriga bo‘ysunmoqdan o‘zga choram yo‘qdur. Alloh taolo hech vaqt meni zoye qilmagay, — dedilar.
Shundoq bo‘lsa ham, Hazrati Umar bu sulhnomada yozilgan og‘ir shartlarga rozi bo‘lg‘usi kelmay, bu to‘g‘rida ko‘p tortishuvlar qildi. Oxiri bu sulhnomani yozmoqqa to‘xtalib, noma yozishni Avs ibn Havla degan kishiga buyurdilar.
Anda Quraysh vakili Suhayl:
— Qarindoshing Ali yoki Usmon yozsin, — deb boshqa kishining yozishiga rozilik bermaganlikdan Hazrati Alini sulhnoma yozishga buyurdilar.
— Sulhnoma boshiga «Bismilloh»ni yozg‘il, — dedilar.
Anda Suhayl aytdi:
— Ey Muhammad, biz sening bu so‘zingni haligacha taniganimiz yo‘qdur. Ota-bobolarimizdan qolgan «Bismikallohumma» so‘zini yozsin», — dedi.

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 07:12:44

Bu yoqdan musulmonlar turib: «Bismillohir rahmonir rahiym»dan o‘zga so‘z yozilmasin», deb qichqirishdilar. U tomondin: «Biz «Bismillohir rahmonir rahiym»ni tanimaymiz», degan so‘zlar bo‘lib, har ikki tomondan bu so‘zlar ustida qichqirishlar bo‘ldi. Bu ikki so‘zning qaysisi bilan boshlanishida talashg‘udek ish bo‘lmag‘anlikdan, alarning aytganidek, «Bismikallohumma» deb so‘z boshlashga buyurdilar. Buning ma’nosi «Ey Alloh, sening oting bilan boshlayman», degan bo‘lur, chunki arablar Allohga iqror qilib, olamni Yaratguvchidir deb bilur edilar. Biroq butlarini ulug‘ sanab, qudrat egasi deb, ulardin hojatlarini talab qilganlikdan mushrik deb ataldilar.
«Mushrik» deb Xudoga sherik qotqonni (qo‘shqonni) aytilur. Muning aksi esa «Muvahhid»dur. Allohning zoti sifotida yolg‘iz bilib ishongan kishi «muvahhid» bo‘lur. Mo‘min, muvahhid — bu ikkisi bir ma’noda kelur. Mushrik kofir demakdur. Rasululloh zamonidagi arablar ersa hammalari mushrik edilar. Shundoq qilib, mushriklar aytgan so‘z bilan noma boshlandi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Hazrati Aliga:
«Bu yozilmish narsa Alloh payg‘ambari Muhammadning Quraysh vakili Suhayl ibn Amr bilan qilgan sulhnomasidur» — dedilar.
Bu so‘zni anglab Suhayl:
— Ey Muhammad, biz seni Rasululloh deb ishongan ersak, senga qarshi chiqmas erdik. Rasululloh degan so‘zni qoldirib, Muhammad ibn Abdulloh deb yozsin, — dedi.
Anda payg‘ambarimiz:
— «Rasululloh» so‘zini o‘chir, o‘rniga «Muhammad ibn Abdulloh» yozg‘il, deb Hazrati Aliga buyurdilar.
Anda Hazrati Ali aytdi:
— YO Rasulalloh, bu haq so‘zni qandoq o‘chirgali bo‘lg‘ay? Men hech qachon buni o‘chirmagayman, — deb qasamyod qildi.

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 07:12:51

So‘ngra Rasululloh uni o‘zlari o‘chirib o‘rniga shular deganidek yozdilar. Buni ko‘rgach musulmonlardan chuvqon (shovqin) chiqib ketdi: — «Agar Muhammad Rasululloh deb yozilmas ekan, bu ahdnomaga bizning rizolig‘imiz yo‘qdur, o‘rtamizdagi ishni qilichimiz bilan hal qilgaymiz», deb atrofdagilar qichqirgali turdilar.
Rasululloh ularni so‘z va ishorat bilan bosdilar.
Sulhnoma tamom bo‘lib, unda tubandagicha shartlar qo‘yildi:
Birinchisi, o‘n yilgacha o‘rtadan urush ko‘tarilsin;
Ikkinchisi, shu muddat ichida musulmonlar va mushriklar aralash aloqada bo‘lsinlar;
Uchinchisi, kofirlardan kimarsa musulmon bo‘lib Makkadan Madinaga qochib kelsa, agar uni talab qilsalar, qaytarilsin;
To‘rtinchisi, musulmonlardan murtad bo‘lib qochqon kishilar qaytarilmasin;
Beshinchisi, arablardin kimarsa kim bilan ittifoq tuzmakka ixtiyorlik bo‘lsin;
Oltinchisi, kelasi yili musulmonlar Makkaga kelgaylar. Anda Quraysh xalqi Makka shahrini bo‘shatib, tashqari chiqib ketgaylar. Musulmonlar uch kungacha Makkada turmoqqa ixtiyorlik bo‘lg‘aylar.
Mana shu shartlar qo‘yilib, sulhnoma yozildi. Buning asl nusxasi Rasulullohda qolib, ikkinchi nusxasi Suhayl ibn Amrga topshirildi.
Uchinchi moddani yozar chog‘ida musulmonlar eshitib yana shovqin soldilar: «Subhanalloh, bu qanday noto‘g‘ri ishdur? Kufrdin qochib musulmon bo‘lib kelgan kishini dushman qo‘liga qandoq qaytarib berurmiz?» deb buni bek og‘ir oldilar.
Hazrati Umar:
— Yo Rasululloh, bu ishga siz nechuk rizo bo‘ladursiz? Bizning bunga roziligimiz yo‘q, — dedi.

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 07:13:00

Rasululloh tabassum qilib dedilar:
— Ulardin iymon aytib bizga qochib kelganlarni qaytarib berurmiz, umid shuldurki, Alloh taolo alarga najotlik ato qilgay. Bizdan murtad bo‘lib ketganlar bo‘lsa, Xudo rahmatidan judo bo‘lib, la’natga qolgan kishilardur, andoq kishilar shularga loyiqdur. Rahmatdan kechganlarni nechuk talab qilg‘ali bo‘lur?
Mana shu so‘z ustida turgan chog‘larida Abu Jandal ibn Suhayl kishanlarini shaldiratib qochgan holda musulmonlar oldiga kelib o‘zini otdi. Bu kishi esa, shu hozirda Quraysh tomonidan vakil bo‘lib so‘zlashayotgan Suhayl ibn Amrning o‘g‘li edi. Uni musulmon bo‘lganligi uchun qamoqqa olmish edilar. Xuddi shu chog‘da zindondan qochib, qo‘l-oyoqlariga solingan zanjirlarni sudraganicha Rasululloh huzurlariga keldi. Buni ko‘rib otasi Suhaylning g‘azabi alangalab, tikanlik daraxtning shoxi bilan o‘g‘lini bosh-ko‘ziga qaramay urgali turdi.
Rasulullohdan ruxsatsiz hech ish qilishmaganlikdan, unga yordam berisha olmay, ichlari og‘rib, sahobalar yig‘lashdilar.
Anda Suhayl Rasulullohga qarab:
— Ey Muhammad, o‘rtamizda qilingan sulh shartlarining hukmini birinchi navbat ijro qilish vaqti keldi, — deb o‘g‘lini urib sudragali turdi. O‘g‘li Abu Jandal tovushi boricha faryod qilib:
— Ey musulmonlar, meni kofirlarga nechun qaytarib berursizlar? Ko‘z oldingizda qandoq zulm qilayotganini ko‘rib turibsiz, endi meni dinimdan ajratmoq qasdida turlik azoblar bilan qiynagaylar, — deb qattiq qichqirdi.
Buni ko‘rib, musulmonlar ziyoda g‘amgin bo‘ldilar. Shundoq bo‘lsa ham Rasulullohning hukmlariga bo‘ysunmoqdan boshqa choralari yo‘q edi. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu ishni Alloh amri bilan qilmish edilar.

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 07:13:07

Ul zot Abu Jandalga aytdilar:
— Sen bu ishga ko‘p xafa bo‘lmay sabr qilgil, Alloh oldida ulug‘ ajrga ega bo‘lgaysan. Bu yaqin orada Alloh taolo sizlarni yorug‘likka chiqargay. Nachora qilg‘aymiz, o‘rtamizda ahdnoma yozilib qo‘l qo‘yildi, buni buzmoq — xiyonat qilmoqdir. Endi sabr qilmoqdan o‘zga choramiz yo‘qdur. Buni aniq bilgil, Alloh taolo mo‘min bandalarni xorlikka uzoq qoldirmas. Yaqin orada Allohning yordami senga va senga o‘xshaganlarga yetishgay, — dedilar. U ham Rasululloh so‘zlaridan tasalli topib, sabrga bo‘ysundi.
Sulhnoma yozilib tamom bo‘lgach, Xuzo’a qabilasining raislari o‘rinlaridan turishib:
— Bizlar Muhammadga qo‘shildik. Aning do‘stlari bizning do‘stlarimiz, dushmanlari bizlarning dushmanlarimizdur. Orqamizda qolgan qavmlarimizning ahdi bizning ustimizga, — deb o‘zlarining Rasululloh bilan ittifoqdosh bo‘lganliklarini bildirdilar.
Buni ko‘rib, Banu Bakr qabilasining raislari Quraysh ittifoqiga qo‘shilishni ixtiyor qildilar.
Qachonki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sulh ishidan bo‘shadilar ersa, sahobalarning ulug‘laridan quyidagi kishilar bu sulhnomaga shohid bo‘ldilar: Abu Bakr Siddiq, Umar ibn Xattob, Usmon ibn Affon, Abdurahmon ibn Avf, Sa’d ibn Abi Vaqqos, Ubayda ibn Jarroh, Muhammad ibn Maslama, raziyallohu anhum. Quraysh tomonidan esa Xo‘ytob ibn Abdul Uzzo, Mikraz ibn Hafs va boshqalar shohid bo‘ldilar.
Lekin bu sulhning tamom bo‘lishi ko‘p qiyinlik bilan qo‘lga keldi. Chunki sahobalar qayta-qaytadan Rasulullohga kelishib, sulh shartlarini o‘zgartirishni talab qildilar. Mundoq bo‘lmas ersa, urushga tayyor ekanliklarini bildirishdi. Ayniqsa, Hazrati Umar boshqalardan ortiqroq bu ishga qarshilik ko‘rsatib, Rasulullohga norozilik bildirdi.
Anda Rasululloh aytdilar:
— Ey Umar, men rozi bo‘lg‘on ishga nechuk sening roziliging yo‘qdur?
Bu so‘zga qarshi Hazrati Umar:
— YO Rasulalloh, siz Xudoning haq payg‘ambari emasmisiz, bizlar haqlik uzra bo‘lib, kofirlar botillik uzra emaslarmu? Biz haq din uzradurmiz, kofirlar esa botil din uzradurlar. Biz o‘ldurulsak jannatga kirishimiz, kofirlar esa do‘zaxga ketishlari aniq emasmu? — dedilar.

Qayd etilgan