Alixonto'ra Sog'uniy. Tarixi Muhammadiyya  ( 379946 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 28 29 30 31 32 33 34 35 36 37 38 ... 74 B


Doniyor  25 Iyul 2006, 07:13:15

Anda Rasululloh:
— Albatta, aniqdur, — dedilar.
— Endi so‘z shundoq ersa, biz nechuk bu xorliqqa rozi bo‘lamiz? Bu shartnomadagi og‘ir shartlarni qabul qilmoq biz uchun haqoratdur.
Anda Rasululloh aytdilar:
— Ey Umar, men bo‘lsam Xudoning payg‘ambaridurman, unga qarshilik qilmasman, ul meni hech vaqt yordamsiz tashlamagay.
Bu javobdin so‘ng Hazrati Umar ham rozilik berdi, bu ish Alloh izni bilan bo‘layotganini bilgach, yana savol qildilar:
— Yo Rasulalloh, bu safarga chiqar chog‘imizda Makka shahriga kirgaymiz. Baytullohni tavof qilgaymiz, deb aytgan edingiz. Endi bu sulhnomaning shartlariga ko‘ra Makkaga kirmay, Baytullohni ziyorat qilmay, Madinaga qaytmoqchi bo‘ldik. Bunday bo‘lgach, bu haqda aytgan xabaringiz qandoq bo‘ldi? — dedi.
Anda Rasululloh:
— Ey Umar, Makkaga kirib, Baytullohni ziyorat qilamiz deganim aniqdur. Ammo shu yili Makkaga kiramiz deb aytganimni eshitdingmi?
Hazrati Umar:
— Eshitganim yo‘q, yo Rasulalloh, — dedilar.
Rasululloh:
— Andoq ersa, albatta bu aytgan so‘zimning bo‘lishi haqdur. Kelasi yili Makka shahriga kirib, Baytullohni ziyorat qilurmiz, — dedilar.
Rasululloh deganlaridek, bir yildan so‘ngra shu kelgan askarlar Makkaga kelib, Baytullohni ziyorat qildilar.
Shuning bilan sulhnoma yozilib bo‘lgach, Haramga atalgan tuyalarni so‘yib, go‘shtlarini faqirlarga taqsim qilib bermakka buyurdilar. Bu tuyalarning soni yetmishga yaqin bor edi. Bular ichida bir bug‘ro tuya bo‘lib, aning Arabistonda nomi chiqqan edi.

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 07:13:24

Ul ersa ilgari zamonda Abu Jahlning tuyasi edi. Badr urushida Abu Jahl o‘ldirilib, bu tuya o‘lja olinmish edi. Sulh tamom bo‘lgach, bu atalmish tuyalarni keltirib so‘ymoqchi bo‘ldilar. Shu vaqtda bu tuya qochib Makkaga kirib, Abu Jahlning qo‘rasiga borib to‘xtadi. Tuya orqasidan Amr ibn G‘anama degan sahoba quvlab yetib keldi. U kishi ersa ansor sahobalaridan erdi. Makka mushriklarining yosh-yalanglari bu tuyani ko‘rishib, uni bermaslik uchun janjal qildilar.
Anda Suhayl ibn Amr:
— Agar bu tuyani olmoqchi ersangiz, buning bahosi uchun Muhammadga yuz tuya tenglab ko‘ringlar. Agar qabul qilur ersa, u chog‘da olsangizlar bo‘lur. Yo‘q esa, bu tuyaga tegina ko‘rmanglar. Tuzgan ahdnomamizni o‘zimiz buzgan bo‘lurmiz, — deb alarni qaytardi.
Shuning bilan bir tuyaga yuz tuya bermoqchi bo‘lishib, o‘rtaga kishi qo‘ydilar. Anda Rasululloh:
— Agar Baytullohga hadya qilib atalmagan bo‘lsa edi, bu yuz tuyani qabul qilur edim. Xudo yo‘lida atalgan narsani o‘zgartib bo‘lmag‘ay, — deb so‘zlarini rad qildilar.
Shuning bilan barcha tuyalar bo‘g‘izlanib, go‘shtlari faqir-miskinlarga tarqatildi. Hadyi bor sahobalar ham Rasulullohga ergashib, shunday qildilar.
Shu bilan bu muborak safar oxiriga yetdi. Bu joyda yigirma kun turg‘onlaridan so‘ngra, Madinaga qarab qaytdilar.
Ikki Haram o‘rtasi — Kuroul g‘anam degan manzilga yetganlarida «Inno Fatahno» surasi nozil bo‘ldi.
Anda Rasululloh Hazrati Umarga qarab:
— YO Umar, Alloh taolo vahiy yuborib, menga bir sura tushirdi, bu sura esa, men uchun butun dunyodan yaxshiroqdir», dedilar. Bu qaytishlarida butun askarni ocharchilik qoplag‘on edi. Kishilar arz qilib, «yo Rasulalloh, ochlikdan barimiz qattiq qiynaldik, mingan tuyalarimizni so‘yib yemakka ruxsat qiling. Alarning go‘shtidan ovqat qilib, ochlikni qaytaraylik, charvilaridan (yog‘laridan) tanlarimizga surtib yog‘lanaylik. Ichimizda yalang oyoq qolganlarimiz ko‘pdur. Terilaridan oyoqlarimizga choriq yasab kiyaylik», — dedilar.

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 07:13:32

Anda Hazrati Umar:
— «YO Rasulalloh, bu ishga ruxsat bermang, chunki dushmanga ishonch yo‘qdur. Oldi-orqamizdan biror ish bo‘lib dushmanlar kelib qolsalar, u holda ochlik ustiga yayov qolur bo‘lsak, nima qilurmiz? Andin ko‘ra askardagi borliq ovqatlarni bir joyga yig‘aylik, ustiga kelib, aning barakasiga siz duo qiling. Siz Xudoning haq payg‘ambari erursiz, duoingiz sharofatidan ul taomga barakot kirgay, askar ochlik balosidan qutulg‘ay, — dedilar.
Bu so‘z Rasulullohga ma’qul kelib, o‘rtaga bir supra yozdilar. So‘ngra askardagi borliq ovqat, yegulik narsalarni shu supraga to‘kishni buyurdilar. Askarning barcha ovqatlari shul joyga to‘plandi. So‘ngra Rasululloh aning ustiga kelib barakasiga duo qildilar.
«Sahih Muslim» kitobida shundoq kelibdur: «Yaqin bir yarim ming askardan yig‘ilgan ovqatni keltirib supra ustiga to‘kdilar, aning ko‘pligi yotgan echkidek bo‘ldi. Rasululloh aning barakasiga duo qilganlaridan so‘ngra shuncha ko‘p askar bir supradan to‘yganlaricha taom yedilar. Askar yeb to‘xtagandan keyin Rasululloh aytdilar: «Qani xurjun xaltalarni keltiringlar. Safarimiz tugaguncha yo‘lga yetgudek qilib oziq-ovqat olinglar», dedilar. Barchalari keltirgan idishlarini to‘ldirib oziq-ovqat oldilar, yana o‘z barobaricha shuncha kishidan ovqat ortib qoldi. Buni ko‘rib Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kulib aytdilarkim: «Ashhadu alla ilaha illallohu va anniy rasululloh», ya’ni: «Guvohlik beraman shungakim, Allohdan o‘zga hech bir Yaratguvchi yo‘qdur, yana guvohlik berurman, men Allohning barhaq Payg‘ambaridurman». Har kishi shu kalimani tilida aytib, dilida ishonib dunyodin o‘tsa, do‘zax o‘tidan omon topqay, dedilar. Yana shu kuni askar ichida ichishga suv qolmagan edi. Buni ko‘rib Rasululloh: «Bir tahoratga yetgudek suv keltiringlar», deb buyurdilar. Bir kishi idish tagida qolgan bir qoshiqcha suv keltirdi. Muborak qo‘llarini shu suvga soldilar. Barmoq oralaridan suv qaynab chiqib to‘kilishga boshladi. Bir ming to‘rt yuz kishi shu suvdan ichib, yana tahorat qilishdilar».
Rasulullohning ko‘rsatgan mo’jizalari tavotur hukmida bo‘lib, uni inkor qilish aqldan yiroqdur. Chunki hamma mo’jizalari ko‘pchilik xalq ichida bo‘lmishdur. Bu safarda ko‘rilgan mo’jizalarning mashhurrog‘i shuldur.

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 07:13:40

Shundin so‘ng Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir necha kun yo‘l yurib salomat Madinaga keldilar. Madinaga kelgach, bir muddat o‘tgach, Ummu Gulsum degan bir xotin Makkadan qochib, Madinaga Xudo yo‘lida hijrat qilib keldi. Bu xotin ersa, Hazrati Usmonning ona qarindoshi edi. To‘g‘ri kelib onamiz Ummu Salama uyiga kirdi. Makka ila Madina oralig‘i besh yuz chaqirimlik yo‘ldur. Bu yo‘lni butunlay piyoda yurib, ko‘p mashaqqatlar tortib kelgan edi.
Onamiz Ummu Salama bu xotinning din yo‘lida jonfidolik bilan hijrat qilib kelganini Rasulullohga bildirdi. Uni ko‘rib Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Marhabo, xush kelding», deb ko‘nglini ko‘tardilar.
Anda Ummu Gulsum:
— YO Rasulalloh, Xudo uchun, Payg‘ambar uchun hijrat qilib keldim. Men ersam xotin kishidurman, o‘zingiz bilursiz xotinlarda bo‘shlik, chidamsizlik bo‘lg‘ay. Agar meni Makkaga qaytarur ersangiz, alarning qiynovlariga chiday olmayman. Unda meni dinimdan ajratgaylarmu, deb qo‘rqib keldim, — deb aytdi.
Bu so‘zdan ko‘p vaqt o‘tmay, bu xotinning Ammora, Valid degan ikki qarindoshi ortidan quvlab keldilar.
Alar Rasulullohga yo‘liqishib, ko‘rishgandin so‘ngra:
— Ey Muhammad, o‘rtamizdagi yozilmish ahdnoma shartlari bo‘yicha qarindoshimizni qaytarib berishing kerakdur, — deyishdi.
Rasululloh shartnomada xotin kishining so‘zi yo‘qdur, deb qabul qilmadilar. Shu orada Allohdan oyat nozil bo‘ldi:
«YO ayyuhallazina amanu iza ja’akumul muminatu muhojirotin famtahinuv hunna».
Ma’nosi: «Ey mo‘minlar, agar xotinlar hijrat qilib Makkadan Madinaga kelsalar, alarni sinab ko‘ringlar. Agar aniq Xudo uchun, din uchun hijrat qilib kelgan bo‘lsalar, unday xotinlarni qaytarmanglar».
Kofirlar bilan musulmon orasida nikoh yurmasligi uchun bu oyat nozil bo‘ldi: — «La xunna hillun lahum va lahum yahilluna lahunna».
Ma’nosi: «Mo‘min xotinlar kofirlarga halol bo‘lmagaylar. Mo‘min xotinlarni kofirlarga nikoh qilmanglar va mo‘min kishilar kofir xotinlarga halol emasdurlar», demakdur.

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 07:13:51

Mana bu oyatlar nozil bo‘lgandan so‘ngra hijrat qilib kelgan xotinlarni hech narsa qaytara olmas bo‘ldi. Va musulmonlar nikohida bo‘lgan kofir xotinlar, kofirlar qo‘lida qolgan musulmon xotinlar erlaridan ajrashdilar. Shu bilan bu xotinni so‘rab kelgan og‘a-inilari ham Makkaga qaytib ketishdi. Bu voqea Qurayshga eshitilgach, nochor bo‘lib sukut qildilar.
Rasululloh sollalohu alayhi vasallam bu safardan qaytib Makka va Madina oralig‘ida Kuro’ (ul-g‘anam) degan joyga kelganlarida Fath surasi nozil bo‘lgan edi. Bu sura tushishi bilan hammadan ilgari Jabroil alayhissalom kelib, Payg‘ambarimizni tabrikladi. So‘ngra barcha sahobalar tabrikladilar. Suyungudek bir yaxshi ish bo‘lganida musulmonlar bir-birlarini tabriklash rasmi shundan qolmishdur.
Anda sahobalardan birovlari aytdi:
— Bu safarimizda hech qandoq fath bo‘lmadi. Chunki Makka shahriga kira olmadik. Baytullohni ziyorat, tavof qilishdin bizni to‘sib qo‘ydilar. Qochib kelgan mo‘minlar kofirlarga qaytarildi. Ish bundoq bo‘lgach, qandoq fath bo‘lur edi?
Bu so‘z Rasulullohga yetdi ersa aytdilar:
— Bu safarda qilgan sulhimiz ulug‘ fathdir. Chunki kofirlar sizlarni urush-talashsiz Makkadin chiqarishga rozi bo‘ldilar. Biz bilan sulh qilishni ular talab qildilar, ellik-oltmish kishilari qo‘limizga asir tushib, bizning obro‘yimiz oshdi. Ularning ruhlari tushib, ko‘ngillari cho‘kdi, biz esa eson-omon, salomat o‘z yurtimizga qaytdik. Bu sulhdan ilgari bizdan ular qattiq nafrat qilishib, oramiz yiroqlashgan edi. Islomning qandoq ekanligini bilmas, aning yaxshiligini tushunmas edilar. Endi ersa bu kelishuv sababidan oramiz aloqalik bo‘lg‘ay. Muni bilingkim, butun dunyoning davlati va aning noz-ne’matlari urushda to‘kilgan bir kishi qoniga arzimas. Na choradurkim, bilmagan-tushunmaganlar hisobiga dunyoda ko‘plab qonlar to‘kilur.
Hammadan ortig‘i shuldurkim, bu safardan Xudo oldida ajrlik, savoblik bo‘lib yondinglar. O‘tgan Uhud kunining voqeasi yodinglardan chiqdimi? U kunda qandoq og‘ir voqealar o‘tdi. Kishi-kishiga qayrilisha olmay qoldi, u kuni eng ortinglarda turib sizlarga qichqirur edim. Ikkinchi, Ahzob kunini ham eslanglar. U kunda ersa, bizning ustimizdan qandoq og‘irchiliklar o‘tdi. Hijoz o‘lkasidagi butun arab qabilalari bir yoydan otilgan o‘qdek bizga hujum qildilar. Atrofimizdan o‘rab-chulg‘ab kelganlarida sizlarni qattiq qo‘rqinch bosib, ular qo‘lidan qutulish umidi uzilmish edi. Dushman qo‘rqinchlaridan ko‘zlar qorong‘ilashib, yurak o‘ynab, har kimning bo‘g‘ziga tiqilmish edi. Ishlar shul holga kelganda, yana Alloh taolo ulug‘ qudratini ko‘rsatib, bu kelgan balo selidan sizlarni omon saqladi. Bu ishlarni ersa, hali yodingizdan chiqarmagandursiz?

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 07:13:59

Anda musulmonlar:
— Allohning va payg‘ambarning aytgan so‘zlari haqdur. Bu qilgan sulhimiz ersa haqiqatda ulug‘ futuhot ekandur. Siz o‘ylagan joyga bizning fikrimiz yetmabdur. Alloh amrining sirlarini albatta siz bilursiz, yo Rasulalloh, — dedilar.
Shuning bilan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Madinaga kelib bir necha kun o‘tgandan so‘ngra Abu Basir degan kishi Makkadan qochib Madinaga keldi. Musulmon bo‘lg‘oni uchun Makka mushriklari ani qamoqqa olmish edilar. Buning qochganini anglab, Quraysh raislari xat yozib, Bani Omr qabilasidan Xunays degan bir kishini Payg‘ambarimizga yuborib, uning yoniga yo‘lboshchi qilib, yana bir kishi qo‘shdilar. Bu ikkovlari to‘g‘ri Rasululloh oldilariga kelib, xatni topshirdi. Xat mazmuni shunday edi:
«Ey Muhammad, o‘rtamizda qilingan ahdnomaga binoan, bizdan qochib borgan kishilarni qaytarmoqchi eding. Shu kunlarda Abu Basir degan kishi bizdan qochib, senga bormishdur, qaytarib kelmoq uchun ikki odam yubordik. Endi ul qochoq kishimizni bu ikki odamga topshirib bergaysan».
Bu xat o‘qilgandan so‘ngra, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar:
— Ey Abu Basir, urush o‘tiga tutantiriq bo‘lmishsan. O‘zingga ma’lumdir, biz Quraysh raislariga qochib keluvchilarni qaytarib berish uchun hujjat xati berganmiz. Bizning dinimizda ahdnoma shartlarini buzmoqlik yo‘qdur. Va’dasini buzg‘uvchilar, yolg‘on so‘zlovchilar, ishda xiyonat qiluvchilar bizdan emasdurlar. Bor endi, o‘z qavmingga qo‘shil, o‘z yurtingga qaytgil, albatta, Alloh taolo tomonidan sen uchun va senga o‘xshash Makkada kofirlardan zulm ko‘rayotganlar uchun yaxshilik kunlar bo‘lg‘usidur.
Anda Abu Basir:
— Yo Rasulalloh, agar meni kofirlarga qaytarur ersang, ular meni qattiq qiynab dinimdan chiqarurlar yoki meni o‘ldirurlar, — dedi.
Anda Rasululloh:
— Ey Abu Basir, Allohdan umidim shuldur, senga bir yaxshilik yetkurur, — dedilar.

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 07:14:07

Rasulullohdan bu so‘zni anglagach ikki dushmanga taslim bo‘lib, uchchovlari yo‘lga tushdi. Shu bilan Abu Basir ketayotganda, ortidan qarashib qolgan sahobalar: «Bu esa ming kishiga tatigudek odam ko‘rinur, yo‘lda borayotganda biror ish qilib, o‘zini qutqara olmagaymu?» dedilar. Bu bilan yoningdagini o‘ldirib bo‘lsa ham, o‘zingni qutqar, degan so‘zga ishorat qildilar.
So‘ngra bu kishilar Madinadan bir qo‘nolg‘u — Zulxulayfa degan manzilga yetishdi. Abu Basirni kechasi bog‘lab, kunduzi bo‘sh qo‘yishar edi. Bir yerda o‘ltirishgan chog‘da Abu Basirni eltib borayotgan Omriy qilichini qinidan sug‘urdi, so‘lqillatib turib shunday dedi: «Bir kun kelur, Muhammadning yordamchisi Avs, Xazrajni shu qilichim bilan boshlarini kesib qirgayman».
Anda Abu Basir: «Sening bu qiliching bek keskir bo‘lishi kerak, bunday qilichni ko‘rganim yo‘q edi, qani ko‘rayin, berchi», deb qo‘l uzatdi. «Ajal taqdiri yetar bo‘lsa, kishi ko‘zi ko‘r bo‘lg‘ay» deyilgandek, ko‘r bo‘lib qilichini uning qo‘liga berdi. Berishi bilan shundoq urdikim, boshi olmadek uzilib yerga tushdi. Buni ko‘rib aning yo‘ldoshi qo‘rqqanidan, jon qutqarish uchun Madina tomonga qarab qochdi.
Abu Basir bo‘lsa, dushmanni o‘ldirganidan so‘ng qurol-jabduqlarini taqinib, tuyasiga minib, aning ortidan quvganicha Madinaga qarab yurdi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam masjidda sahobalar bilan o‘ltirishgan edilar. Qarasalar bir kishi yayov chopganicha kelayotibdur. Qattiq yugurganidan oyoq ostidagi mayda toshlar parillab uchib chiqmoqda edi.
Rasululloh buni ko‘rib:
— Bu kishi ersa qattiq bir qo‘rqqudek ishdin qochganga o‘xshaydur, — dedilar. Ungachalik bu kishi ham yetib keldi.
Sahobalar:
— Hoy, senga nima bo‘ldi? — deb so‘radilar.
Bo‘lg‘on ishni aytib:
— Mana ketimdan kelib qoldi, meni ham o‘ldirmoqchi erur, ey Muhammad, senga sig‘indim, omon tilarman, — dedi.

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 07:14:16

Rasululloh:
— Qo‘rqma, omon berdim, — dedilar. Xiyol o‘tmay Abu Basir ham kelib, tuyani masjid oldig‘a bog‘ladi. Qilich osilg‘an, yaroq taqinganicha Rasulullohga to‘g‘ri kelib:
— Yo Rasulalloh, Alloh taolo sizning ahdingizni ado qildi. Chunki siz qo‘lingiz bilan meni ularga topshirib berdingiz, dinimni, jonimni saqlamoq uchun bu ishni qildim. Kofirlar qo‘lidan meni Xudo qutqardi. Nima hukm qilsangiz, bo‘ynim qilchalik, o‘z oldingizga keldim, — deb qarab turdi.
Anda Rasululloh:
— Madinadan boshqa qaysi joyni tilasang bor, senga ruxsat, — dedilar.
Mundan so‘ngra Abu Basir o‘ylab turib, Shom yo‘liga chiqdi. Makkadan chiqadirgan Quraysh karvonlarining yo‘lini to‘smoqqa boshlab, tog‘ ichidan mustahkam bir joyga o‘rnashib oldi. Atrofdagi yashirinib yurganlar bu xabarni anglashib, anga qo‘shuldilar.
Hudaybiya sulhida kofirlarga qaytarilib berilgan Abu Jandal Makka zindonidan qochib chiqdi. Uning atrofiga musulmonlardan yetmishga yaqin kishi to‘plandilar. Madinaga kelishdan qo‘rqishib, to‘g‘ri Abu Basir oldiga kelishdi. Turlik arab qabilasidagi musulmonlar sekinlik bilan shu joyga yig‘ilishdilar. Bularning sonlari uch yuzga yetdi, yo‘l to‘sib Quraysh karvonin o‘tkazmas bo‘ldi. Dushmanlardan qo‘lga tushganlarini ersa qo‘ymasdan o‘ldirar edilar. Bu ishdan Makka yo‘li to‘silib, Quraysh xalqi qiyinchilikka uchradi.
Bulardan qutulishga iloj topisholmay, Quraysh raislari Rasulullohga: — «Ey Muhammad, bizdin sizlarga kim qochib borur bo‘lsa, ikkinchi uni bizlarga qaytarmanglar. Ahdnomadagi shu shartni bekor qildik, unday odamning bizga keragi yo‘qdur. Bundan so‘ngra uning uchun biz tomondan hech kim bormaydur. Bizdin qochganlar Madinaga bormasdan, karvon yo‘lini to‘sgali va bosmachilik qilgali turdilar. Atrofdin olib turgan ovqatlarimiz kelmas bo‘ldi» — degan mazmunda xat yozdilar.

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 07:14:24

So‘ngra Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Abu Basir va Abu Jandalni Madinaga chaqarib, qolganlari esa qaysi qabiladan kelgan bo‘lsa, qaytsin, bu jamiyat tarqalsin, deb buyruq qildilar.
Rasulullohning xatlari kelgan chog‘da Abu Basir betob holda yotgan edi. Xatni qo‘liga olgach, o‘qib turib jon berdi. Raziyallohu anhu. Shu o‘rinda dafn qilib ustiga bir masjid bino qildilar.
So‘ngra Abu Jandal o‘ziga qarashlik kishilar bilan Madinaga keldi. Qolganlari esa o‘z joylariga qaytishdi. Shu bilan karvon yo‘li omon topib, Quraysh xalqi ham bu ishga rozi bo‘ldilar.
Bu sulh qilingandan so‘ngra yo‘llar ochildi, o‘rtada aloqa boshlanib, musulmonlar va mushriklar aralashdilar. Islom axloqini ko‘zlari ko‘rdi. O‘z ixtiyoricha dinga kiruvchilar kundan-kunga ko‘paygani turdi. Islom boshlangandan beri din qabul qiluvchilarning soni qanchaga yetgan bo‘lsa, ushbu sulh kunlari ichida unga o‘n barobar ortiq kishi dinga kirmish edilar.
Mana shu chog‘da barcha sahobalar bildilarkim, Rasululloh aytganlaridek, bu Hudaybiya sulhi musulmonlar uchun ulug‘ ne’mat bo‘ldi. Ular ziyonlik ko‘rib, rozi bo‘lishmagan bir necha shartlar oxiri foydalik bo‘lib chiqdi. Yo‘q ersa, bu sulhnomaga qarshilik ko‘rsatib, bir necha kishilar halok bo‘lishga yaqinlashgan edilar. Shu uchun Hazrati Abu Bakr Siddiq aytdilar:
— Islom dini boshlangandan beri hech joyda Hudaybiya sulhidek katta g‘alabaga ega bo‘lgan emasmiz. Lekin xalqning aqli bu ishning asliga yetishmay, Rasulullohga bu ishda ko‘p to‘sqinlik qildilar. Allohning shoshilishi yo‘qdur. Bandalar shoshildilar. Oxiri esa Xudo xohlagandek Rasululloh aytganlari bo‘ldi. Bu ishga keyin tushunib, barchalari rozi bo‘ldilar.

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 07:14:45

XAYBAR G‘AZOTI

Xaybar shahri ersa, Madinaning shimoliy g‘arb tarafiga to‘g‘ri kelur. Karvon yurishida Madinadan to‘rt kunlik yo‘ldir. Yerlari keng, bog‘u bo‘stonlik, oqar suvlik, ekinzorlik bo‘lib, ko‘p kelishgan joy edi. Bu yerda yahudiylar yashamoqda edilar. Bu urushning sababi esa, Rasulullohga dushmanligi eng qattiq bo‘lgan yahudlar har yoqdan qochishib kelib, shu joyda to‘planishdilar. Butun kuchlari bilan Islom diniga qarshilik ko‘rsatuvchi yahud fitnachilarining tug‘i shu joyda ko‘tarilmish edi. Bularning raislari esa Rasulullohga qarshi boshqa qabilalar ichida tashviqot yurgizib, undan Xandaq urushi kelib chiqishiga sabab bo‘lgan edilar. O‘zlari kutgan maqsadlari esa mundan chiqmagach, chanqoqlari qonmay xalq ichiga tarqalib, yana buzg‘unchilik qila boshladilar. Bu holda alarga qattiqroq zarba yetkazib, boshqalarga siyosat ko‘rsatish lozim edi.
Mana shuning uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Hudaybiya safaridan qaytib kelgach, bir oy o‘tar-o‘tmas Xaybar safariga chiqdilar. Hijratning yettinchi yili edi. Xaybar safariga chiqmish askarlar sanog‘i bir ming olti yuz bo‘lib, bundan ikki yuztasi otliq, qolganlari yayov edilar. Xaybarda yahudlarning o‘n bitta urush qal’alari bor edi. Urush kunlarida bu qal’alarda o‘n minglab askar saqlanur edi. Qo‘rg‘onlarining egizligi (kattaligi), askarlarning ko‘pligiga ishonib, ustilariga askar yetib kelguncha xabarsiz yota berdilar.
Rasululloh kelmaslaridan bir necha kun ilgariroq butun qal’a askarini tashqari chiqarib, ko‘rik o‘tkazishgan edi. Qarasalar, bu ko‘rikka o‘n mingdan ortiq askar yig‘ilibdur. Muni ko‘rgach, alar mag‘rurlanib: «Hayhot, Muhammad kelib biz bilan nechuk urusha olur?! Biz bilan so‘qishmoqqa uning toqati yo‘qdur», deyishib, maqtanchoqlilik bilan tarqashgan edilar.

Qayd etilgan