Alixonto'ra Sog'uniy. Tarixi Muhammadiyya  ( 248653 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 30 31 32 33 34 35 36 37 38 39 40 ... 74 B


Doniyor  25 Iyul 2006, 07:20:30

Rasululloh buyurdilar ersa, gumonlik joylarni qazishib topib olishdi. Xiyonat qilib ahdni buzg‘onligi uchun o‘lim jazosiga buyurib, Muhammad ibn Salamaga ijro etishga topshirdilar. Ul ham ukasi Muhammad ibn Maslama qasosiga uni o‘ldirdi.
So‘ngra Xaybarda tushgan o‘lja mollarini yig‘ishga buyurdilar. Sahobalardan Ka’b ibn Amr kelib hammasini bir joyga yig‘di. Bular ichida Xaybar raisi Huyay ibn Axtab qizi Safiya ham bor edi. Bu qiz esa hazrati Horun alayhissalom naslidan bo‘lib, xasab-nasablik, husn-jamollik edi. Buni olmoqqa qiziqqan kishi ko‘p edi. Shuning uchun ko‘pchilik muni Rasulullohga loyiq ko‘rishib, o‘rtadan chiqazib berishdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uni ozod qilgandan keyin:
— Agar Islom diniga kirar bo‘lsang, seni o‘z nikohimga olurman. Munga yo‘q der ersang, seni o‘z yeringga yuborurman, bu ishda o‘zing ixtiyorlik erursan, — dedilar.
Anda Safiya iymon keltirib, Rasulullohning nikohlariga kirishni ixtiyor qildi. Chunki Safiya, mundan ilgari tush ko‘rdi ersa, osmondan oy tushib aning qo‘yniga kirdi. Tushini onasiga aytib erdi, yuziga bir shapaloq urib: «Hay, beti qalin, bu yangi chiqmish payg‘ambar nikohidan sening umiding bormi?» dedi. Uning deganidek, bu tushning ta’biri ham shunga to‘g‘ri keldi. Nikoh kechasida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qarasalar Safiya ko‘zida ko‘kargan bir dog‘ ko‘rinadi. Sababini so‘radilar ersa, ul o‘tgan voqeani aytdi. Shu nikoh kechasi sahobalardin Abu Ayyub Ansoriy qilich taqinib Rasululloh yotgan chodirni aylanib, tong otguncha kuzatib chiqdi.
— Nega bunday qilding? — deb Ayyubdan so‘radilar.
Anda ul:
— YO Rasulalloh, bu xotin ersa yangidan musulmon bo‘ldi. Muning otasi, eri, qavmi qarindoshlari bu urushda o‘ldirildilar. Uyqu ichida sizga bir yomon qasd qilib qo‘ymagay deb, ko‘nglim tinchimay kuzatib chiqdim, — dedi.
Anda Rasulullohga bu so‘zi xush kelib: — Ey bor Xudoyo, Abu Ayyubni ofatlardan asragin, shu kecha uxlamasdan u meni saqlamishdur, — deb duo qildilar.

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 07:20:39

Rasululloh duolari qabul bo‘lib, umri boricha bu kishi ofatlardin omon bo‘ldi. Eng oxirgi umrida Islom mujohidlari bilan jihod uchun Rumga keldi. Rum poytaxti Istambul shahrini Islom askari qamal qilib turganlarida, o‘z ajali bilan vafot topib, shu yerga ko‘mildilar Raziyallohu anhu. Bu shahar fath bo‘lguncha qabrlari uzun zamon kofirlar ichida qolgan bo‘lsa ham, Rasulullohning nafaslari ketganlikdan oyoq osti bo‘lmay, shu kungacha saqlanib keldi. Turkiya poytaxti Istambul shahridan chetroq bir joyda mozorlari mashhurdir.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Makkadan Madinaga hijrat qilib kelganlarida Abu Ayyub Ansoriyning uyiga qo‘ngan edilar. Chunki mingan tuyalari Xudo buyrug‘i bilan shu kishining eshigi oldiga kelib to‘xtagan edi. Yana o‘z so‘zimizga kelaylik.
Xaybar qal’alari fath bo‘lib, dushmanlar zavol topqonlikdan musulmonlar shod bo‘lishib, shu joyda uch-to‘rt kun dam oldilar. Shu orada Hazrati Alining akalari Ja’far ibn Abu Tolib, ulug‘ sahobalardan bo‘lgan Abu Muso Ash’ariy boshliq yamanlik musulmonlar bilan o‘n olti kishi Habashistondan kelishdi. Rasululloh Makkada turg‘onlarida sahobalardin sakson to‘rt kishi Habashistonga hijrat qilmish edilar. Hazrati Ja’far shularning raislari edi. Ul so‘zga chechan, ulug‘ himmatlik, botir yuraklik kishi bo‘lg‘onlikdan Habashiston podshosi Najoshiy uni o‘z oldiga chaqirtirib Hazrati Iso alayhissalomdan so‘z so‘raganida shu haqda kelgan Maryam surasini tilovat qilib berdi. Shunda Najoshiy Islom dinining haqligini bilgach, Rasulullohni ko‘rmay turib, g‘oyibona iymon keltirmish edi.
Bu muhojirlarning kelganini anglab, Rasululloh alarni qarshi oldilar. Hazrati Ja’farni quchoqlab ko‘rishib, aning peshonasidan o‘pib turib aytdilarkim:
— Alloh taolo bugungi kunda menga ikki ulug‘ ne’mat ato qilmishdir. U ne’matlarning qaysi biriga suyungayman? Xaybar shahrining fath bo‘lganigami yoki Ja’farning salomat kelganigami? — deb shodlik bildirdilar.

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 07:20:49

Xaybarda tushgan g‘animat mollardan ularga ham nasiba chiqardilar. Mundoq iltifot boshqalarga hech bo‘lmagan edi. Yana shu kuni Davs qabilasidan Hazrati Abu Hurayra boshliq sakson kishi musulmon bo‘lishib yordamga kelishgan edi. Ularni ham quruq qo‘ymadilar. Har qanday sababdan oraga dushmanlik tushar ekan, uning do‘stlikka aylanishi mumkindur. Ammo hasaddan chiqqan dushmanlik o‘tining o‘chishi hech mumkin emasdir. Xaybar yahudiylarining yengilishi esa, ularning Rasulullohga dushmanliklarini yana ham orttirmish edi.
Shuning uchun Rasulullohga ochiqdan-ochiq ziyon yetkazish yo‘lini topolmay, yashirincha ziyon yetkazishga kirishmish edilar. Muning misoli: Xaybar yahudlari raislaridan Salom ibn Mushkamning xotini Zaynab zaharlab pishirgan bir qo‘zini Rasulullohga hadya qilib yubordi. Odatlari ersa kelgan hadyani har kimdan bo‘lsa ham qabul qilur edilar. Bu qo‘zi go‘shtini bir luqma olib og‘izlariga solgach, uni yutmay darhol tupurib tashladilar. Chunki Xudo qudrati bilan tavoqdagi go‘shtdan: «YO Rasulalloh, meni yemang, zaharlik erurman», degan tovush chiqmish edi. Muni ko‘rishib boshqalar ham bu taomdan qo‘llarini tortdilar. Bular ichida Bishr ibn Baro degan sahoba ul go‘shtdin bir luqma yeb qo‘ygan edi. Zahar ta’sir qilib, shu onda vafot etdi. Bu voqeani ko‘rgach, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Xaybar yahudlarini bir yerga yig‘ilishga buyurdilar. Barchalari yig‘ilishgach:
— Ey Yaxud qavmi, sizlardan so‘raydigan bir so‘zim bordur, unga rosti bilan javob aytasizlarmi? — dedilar ersa, to‘g‘risini ayturmiz, deb barchalari va’da berdilar.
— Andoq ersa, sizlarning eng katta otanglar kimdur? — dedilar.
O‘z bobolarini yashirishib, boshqa birovni ko‘rsatishdi.
Anda Rasululloh:
— Ey yolg‘onchilar, bobongiz ul emas, balki faloniydur, — dedilar.
Yahudlar yolg‘on aytganlariga o‘zlari iqror bo‘lishdi.
— Ikkinchi ersa, bu taomga nechuk zahar soldinglar? — deb so‘radilar.
Anda yahudlar:
— Agar bu aniq Payg‘ambar bo‘lsa, unga zahar ziyon qilmagay, agar yolg‘onchi bo‘lsa, uning o‘lgani yaxshidur. Barimiz undan qutulaylik, dedik. Zahar ta’sir qilmagach, endi bildik, siz Payg‘ambar ekansiz, — dedilar.

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 07:20:59

Ammo o‘zlari iymon keltirmadilar. Yuqorida aytilgan kishi shu go‘shtni yeb o‘lganlikdan, uning o‘rniga o‘shal yahudiy xotunni qasos qilmoqqa buyurib, boshlarini kechirdilar. Nafsning yo‘ldoshi shayton, rostning dushmani yolg‘ondir.
Xaybar voqeasi ustida Madina munofiqlari anchagina yolg‘on xabarlarni tarqatmish edilar. Ayniqsa bu xabarlar Makkaga yetganida ular uchun bayram oylari yangidan tug‘ilmish edi. Musulmonlar yahudlardan yengilibdurlar, alarning ulug‘lari o‘ldirilib, Muhammad o‘zi ersa yahudlar qo‘liga asir tushibdur. Bu yaqin orada uni Makka shahriga keltirib o‘ldirur emishlar. Mana shu yolg‘on so‘zlar tarqalib, Abu Sufyon boshliq butun Quraysh mushriklari bek suyunishmoqda edi. Shundoq ko‘ngilsiz xabarlarni eshitib, Makka musulmonlari motamga qoldilar. Ayniqsa, hazrati Abbos boshliq payg‘ambarimizning urug‘lari Bani Hoshim erkak, xotun-qizlari bilan qattiq qayg‘urishdi.
Bu xabarni tarqatuvchi ersa, Hajjoj ibn Allot degan makkalik bir savdogar kishi erdi. Urush kunlari tijorat uchun Xaybarga kelmish edi. Rasulullohga yo‘liqib qolib iymon keltirdi. Bu odamning uy-joyi Makkada bo‘lib, mol-dunyosi ko‘p boylardan edi. Agar menim musulmon bo‘lganligimni Makka xalqi bilib qolsalar, mol dunyolarimni bosib olishib, tijorat muomalasidan qarz olgan pullarimni bermagaylar, deb qo‘rqdi. Shuning uchun ishlarini bitirib, pullarini ulardan yig‘ib olguncha musulmonchiligini yashirishga, hojat tushganda yolg‘on gapirishga Rasulullohdan ruxsat so‘rab olgan edi.
Shu bilan bu kishi Makkaga bordi. Quraysh raislari Xaybardan xabar so‘radilar, alarga xush kelgudek yolg‘on so‘zlarni gapirdi. Muning suyunchisiga senga yordam qilaylik deyishib, xalq ustidagi uning qarz aqchalarini Quraysh raislari unga undirishib berdilar. Ammo ungachalik do‘stlar yig‘lashib, dushmanlar kuldilar. Biror hafta o‘tib, ishlari bitgandan so‘ngra u kishi sekingina hazrati Abbos oldiga kelib bo‘lgan voqealarni bayon qilib, uni qanoatlantirdi. Bu to‘g‘rida yolg‘on so‘zlagani uchun uzr ko‘rsatdi. U kishi ishini bitirib, bir kechada g‘oyib bo‘lgach, so‘zlar o‘zgarib, shod bo‘lganlar yana g‘amga tushib, g‘amliklar shod bo‘ldilar.

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 07:21:09

Yana bir voqea shul erdikim, Xaybar fath bo‘lgan kunlarida nasoro rohiblaridan yetmishtacha odam Rasulullohga yo‘liqqani keldilar. Bularning oltmish ikkitasi Habashistondan, sakkizi esa Rum nasorolaridan edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularga YOsin surasini oxirigacha o‘qib berdilar. Tilovat tamom bo‘lguncha sukut qilib yig‘lashib o‘ltirishdi. Habash viloyatidan kelgan sahobalar bilan onamiz Ummu Habiba ham birga kelgan edilar. Bu ersa Quraysh raisi Abu Sufyonning qizi edi. Bir kuni tush ko‘rsa, bir kishi uni «Ey, mo‘minlar onasi» deb, tushida chaqirdi. Kishi ekan deb qarasa, tushi ekandur. Mundoq tush ko‘rgach: «Rasululloh nikohiga kirib mo‘minlarg‘a ona bo‘lur ekanman» deb ko‘rgan tushiga o‘zi ta’bir berdi.
Bu xotin ilgari Ubaydulloh ibn Jahsh nikohida bo‘lib, Makkadan Habashistonga hijrat qilib ketmish edilar. Bu yerda o‘n yil turishgandan so‘ngra uning eri Ubaydulloh Islom dinidan qaytib, murtad bo‘lib, nasoro diniga kirmish edi. Shu dinda o‘lib, xotini Ummu Habiba tul qoldi. Rasululloh muni anglab, Amr ibn Umayya degan kishini Habash podshosi Najoshiyga yuborib: «Agar tul xotin rizolik bersa, o‘zi vakil bo‘lib menga nikoh qilsin», dedilar. Najoshiyga bu xabar kelgandan keyin, o‘zining xos kanizagini Ummu Habibaga yuborib, bu so‘zni anglatdi. Ummu Habiba ham munga rizolik berib, muhojir sahobalardin Xolid ibn Sa’dga vakolat topshirdi. Podshoh amri bilan muhojir sahobalardin hech kim qolmay yig‘ildilar. Bu tomondan davlat arboblari bilan podshohning o‘zi hozir bo‘ldi. Rasululloh tarafidan Ummu Habibaga to‘rt yuz misqol oltin mahr bog‘ladi. Xutba o‘qib podshohning o‘zi nikoh qildi. O‘qilgan xutbaning arabchasi tarix kitoblarida yozilmishdir. «Nikoh o‘tgandan so‘ngra taom yeyish payg‘ambarlar sunnatidur», deb taom keltirmakka buyurdi. Shu bilan nikoh majlisi o‘tib, ertasi kuni podshoh kanizagi Habashiston tansiqlari bilan zebu ziynat xushbo‘ylaridan Ummu Habibaga keltirib topshirdi. So‘ngra ul joriya aytdi:
— Menim salomimni Rasulullohga yetkazgil, uning payg‘ambarligiga men ishonib, Islom diniga kirdim, umrim boricha men shu dinda turgayman. Rasululloh oldida mening iymonimga sen guvohlik bergil, — deb yig‘ladi.
Keyin onamiz Ummu Habibani muhojir sahobalardan Shurahbil ibn Hasana degan kishiga qo‘shib Rasulullohga yubordilar. Madinaga kelgach, Rasulullohning safarga chiqqanlarini eshitib, to‘g‘ri Xaybarga kelib Payg‘ambarimiz bilan ko‘rishdilar. U kunlarda esa Xaybar qal’alari butunlay fath bo‘lmish edi. Buning ustiga bular kelib, ko‘p xursandlik bo‘ldi.

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 07:21:28

G‘ATAFON QABILASINING VOQEASI

Ko‘chmanchi arablardan bo‘lgan G‘atafon qabilasi Xaybar atrofida yashar edilar. Bular esa ilgaridan beri Xaybar yahudlarining ittifoqdoshlari edilar. Rasululloh kelmaslaridan ilgariroq yahudlar o‘z raislaridan bir necha kishilarni yuborib, ulardan yordamga askar so‘radilar. Agar biz Muhammadni yenga olsak, Xaybar hosilotining teng yarmini beramiz, deb va’da qildilar. U chog‘da G‘atfon qabilasiga Islom dini kirmagan edi. Ularning raisi Uyayna ibn Hisnni Rasululloh «ahmaqul muto’» demish edi. Ya’ni, xalq ergashgan obro‘ylik ahmoq demakdur. Urush kunlari to‘rt-besh ming askar chiqarishga kuchlari yetar edi. Yahudlarga to‘rt ming askar yuborib, yordam qilmoqchi bo‘ldilar. Ularning raislari Uyayna ibn Hisn bu ishga qattiq va’da berib ishontirdi. Bu xabarni Rasululloh eshitdilar ersa, G‘atafonga kishi yuborib, agar yahudlarga qo‘shilmay tursalar Haybar o‘ljasidan alarga ham nasiba chiqarurmiz, dedilar. Bu so‘zga quloq solmasdan to‘rt ming askarlik qo‘shin tuzib Uyayna yo‘lga chiqdi. Bir oz yo‘l yurgandan so‘ngra Muhammad alayhissalom orqa tomondan hujum qilmoqqa kelur emish, deb angladilar.
Bu so‘zdan askar ichiga g‘ovur tushib, o‘zaro ittifoqlari buzildi. Nochor bo‘lib yo‘ldan qaytishib keldilar.
Ikkinchi bir rivoyatda aytibdur, yordamga chiqqan askarlar kelayotganda: «Ey odamlar, ortinglarda qolgan bola-chaqalaringni bosdilar», — degan tovush eshitilib, ularga qo‘rqinch tushdi. Lekin bu ovoz qaydan chiqqanligini hech kim bilmadi. Shuning bilan hayron bo‘lishib, orqaga qaytdilar. Kelib qarasalar bu so‘z yolg‘on ekandur. Shunday bo‘lsa ham bu bahona bilan tarqalgan askarlar o‘z oilalarini qo‘riqlab, Haybar yordamiga borishmadilar.
Bu ishning haqiqati esa, bularni yo‘ldan qaytarish uchun musulmon jinlarining mo’minlarga qilgan yordamlari edi. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam insu jinlarning ham payg‘ambaridurlar. Bular ichida ham kofir, — musulmonlari bordur. Insonlarga o‘xshash kofir va musulmon bo‘lib, o‘zaro urush qilgaylar.

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 07:21:37

Alarning ham musulmonlari musulmonlarga, kofirlari kofirlarga doim tarafdordurlar. Shuning uchun Rasululloh aytdilar:
— Kishi yo‘q keng dalada bir kimarsa namoz o‘qimoqchi bo‘lib azon aytsa, sekin aytmasin, balki qichqirib aytsin. Chunki azon tovushini eshitgan jin ummatlarim kelishib, unga iqtido qilg‘aylar. Agar shunday joyda bir mo’minning mingan oti hurkib qochdi ersa, uni to‘sqali hech kim bo‘lmasa, «Ey mo’minlar, otim qochdi, to‘singlar!» deb qichqirsin. Mo’min jinlar uni to‘sib to‘xtatgay, dedilar. Agar shunday bo‘lmay to‘rt ming askar yahudlarga yordamga yetishur ersalar, tashqaridan bular, ichkaridan yahudlar bo‘lib, musulmonlar uchun ish anchagina og‘irlashar edi. Chunki bu holda o‘n to‘rt ming dushmanga musulmonlardan bir ming olti yuz kishi qarshi turishi lozim kelurdi.
Asbob olamiga qaraganda, bu ish imkoniyatdan tashqaridir. Shuning uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Xaybar g‘animatlaridan bularga hissa chiqarib bo‘lsa ham, bu ishdan to‘xtatmoqchi bo‘lgan edilar. Ular unamagach, Alloh taolodan mo’minlarga g‘aybiy yordam yetib, bularni to‘xtatishga majbur qildi. So‘ngra Xaybar shahri Hazrati Ali qo‘lida fath bo‘lgach, G‘atafon raislari suqlik qilishib, o‘lja mol umidida Rasululloh oldilariga keldilar. Bularning raislari Uyayna aytdi:
— Ey Muhammad, Xaybardan olmish o‘lja mollardan bizlarga ham berishing lozimdur. Chunki yahudlarga yordam berishdan bosh tortib, sen bilan urushmoqqa rozi bo‘lmadik.
Anda Rasululloh aytdilar:
— Hoy yolg‘onchi, bu so‘zing yolg‘ondur. Alarga yordam berish uchun qo‘l tortib yo‘lga chiqqan eding, lekin orqangdan eshitilgan so‘z seni yo‘ldan qaytardi. Yo‘q esa sen bizni ayab turmas eding. Endi senga Ruqaybani berurman.
Anda Uyayna:
— Ruqayba nimadur? — deb so‘radi.
— Tushingda Ruqayba tog‘ini ko‘rmish eding, endi shuni olursan, — dedilar.

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 07:21:46

Bu so‘zning asli ersa shundoq erdi. Uyayna Xaybar yahudlariga yordam uchun to‘rt ming askar olib yo‘lga chiqmish edi, yuqorida aytilmish so‘z bahona bo‘lib, yo‘ldan qaytmish edilar. Kelgandan so‘ngra o‘z joylarida besh-o‘n kun turib, hech qanday qo‘rqinchlik ish borligi sezilmagach, qaytganlariga pushaymon bo‘ldilar. Bu yerda chidab turolmay, Uyayna boshliq bir necha raislar har qanday bo‘lsa ham Xaybargacha borib ko‘raylik-chi, deyishib yo‘lga chiqishdi. Kechalab yurishib, Xaybar yaqiniga kelib yetishdilar ersa, raislari Uyayna tush ko‘rmish edi. U tungi tushida o‘rmon ko‘rgandek o‘rnidan sapchib turib: «Bu kecha ajab yaxshi bir tush ko‘ribdurman. Tushimda Ruqayba tog‘ini quchog‘imga oldim («Ruqayba» arab tilida «bo‘yincha» demakdir). Muning ta’biri shulki, Muhammadning bo‘ynidan tutib, o‘zimga bo‘ysundirurman. Bu ko‘rgan tushim barchamizga bashoratdur», dedi.
Alloh taolo Rasulullohga muni allaqachon bildirmish edi. Bu ko‘rgan shaytoniy tushdan yana umid qilib Xaybarga keldi ersa, Rasululloh Xaybarni fath qilibdilar. Muni ko‘rib hayronlikda qoldi. Yana qarab turmasdan ochko‘zlik qilib Rasulullohdan o‘lja so‘radi. Ana shu chog‘da Payg‘ambarimiz mo‘jiza ko‘rsatib: «O‘sha tushingda ko‘rgan Ruqayba tog‘i sengadir, shuni olg‘il», dedilar. Bu mo’jizani ko‘rib tursa dag‘i dili uyg‘onib iymon keltirmadi.
Xaybarni fath qilgan kunlarida xurmolar pishmagan dumbullik vaqti edi. Undan ko‘proq yeyishganlikdan askar ichida bezgak kasali ko‘paygani turdi. Muni Rasululloh bilgach, buyurdilar, erta namozining azoni bilan takbiri orasida sovuq suvga g‘usl qilg‘aylar. Shu bilan barchalari shifo topib, bezgakdin qutulishdi.
Xaybar urushida sahobalardan o‘n besh kishi shahodat topmish edi. Yahudlardan ersa to‘qson uch kishi o‘ldirildi. So‘ngra Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Xaybarning yerlaridan qanchalik hosil chiqdi ersa, shuning teng yarmini xazinaga topshirish sharti bilan har qaysi yerni yana o‘z egasiga qaytarib berdilar.
Hazrati Umar davrlarigacha yahudlar shu shart uzra turishib, Xaybar yerlaridan foydalanib keldilar. Bu ne’matga ham qanoat qilmasdan Islomga qarshi ba’zi bir xiyonat qilganliklari uchun arab tuprog‘idan haydab chiqarildi. Yo‘q ersa, Hazrati Umar davrlarigacha o‘z yer-suvlarida erkinlik bilan yashab turdilar. Keyin bulardan katta bir xiyonat sodir bo‘ldi. Shundoqki, Shom muhojirlaridan Mithar ibn Nofe’ degan bir kishi bor edi. U odam Shom fath bo‘lgandan keyin, urushda asir olingan nasorolardan o‘n kishini birga olib, Madinaga keldi. Muning Xaybarda bog‘lari, yer-suvlari bor edi.

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 07:22:00

Alarni ishlatmoq uchun shu joyga keltirdi. Bu yerga kelgach, yerlik yahudlardan biri qullarga ig‘vo qilib:
— Sizlar nasoro, bizlar esa yahudiy erurmiz. Sizlar va bizlarga arablar qilich kuchi bilan bo‘ynimizga minib hukmron bo‘ldilar. YOlg‘iz arab sizlardan qul qilib ishlatishga o‘n kishini keltirmish, bu nechuk xorlikdur. Endi kundan-kunga mehnatingiz oshgay, hayvon o‘rnida ishlayverib, azobga qolg‘aysizlar. Sizlarga mening maslahatim shulki, ishdan qaytib, qachon bu qishloqdan tashqari chiqdingiz ersa, uni o‘ldirib o‘z yurtingizga qochib ketsangiz, shundagina undan qutulg‘aysiz. Yo‘q ersa o‘lguncha umringiz qullik bilan o‘tgay,— dedi.
Ular ham:
— Aytqoning to‘g‘ridur. Lekin bu ishga qurolimiz yo‘q, — degan edilar, yashirincha ularga ikki-uch dona pichoq ham keltirib berdi. Alar ishdan qaytgach, Xaybar tashqarisiga chiqib yonroq joyda Mithar ibn Nofe’ga hujum qildilar. Quroli qo‘lida bo‘lmagach, yolg‘iz o‘zini mudofaa qilolmadi. Besh-o‘n joyiga pichoq urishib, ani shahid qilishdilar. Mundan boshqa Rasululloh zamonlarida ham bir necha martaba bu yahudlardan yashirincha xiyonatlar bo‘lgan edi. Mana shu sabablar bo‘lib, Hazrati Umar xalifalik davrlarida bari yahudlarni arab tuprog‘idan chiqarmoqqa qaror qildi.
Barcha Ansor, Muhojir sahobalarning fikrlari ham shul edi. Xaybar yahudlari bu xabarni eshitdilar ersa, raislaridan biri Hazrati Umar oldiga kelib:
— YO amiral mo‘minin, bizlarni Xaybar tuprog‘idan qandoq chiqara olursiz? Payg‘ambaringiz Muhammad alayhissalom Xaybar yerining yarmi hosilotini berish sharti bilan bu yerni bizga topshirgan edi. Endi siz bu joydan bizlarni chiqarur bo‘lsangiz, Payg‘ambaringiz Muhammad yo‘lini buzg‘on bo‘lursiz, — dedi.

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 07:22:10

Anda Hazrati Umar:
— Agar senlarni arab tuprog‘idan chiqarur ersam, Rasululloh amrini bajargan bo‘lurman. Sening haqingda aytgan so‘zlari hali menim yodimdan chiqqani yo‘q. U so‘z ersa, sening ham yodingda bor bo‘lg‘ay. Rasululloh senga: «Ey faloniy, bir kun kelur, Xaybardan chiqarilg‘aysan, yuklik tuyangni yetaklab Shom sahrosida kunlab-tunlab yurgan chog‘ingda holing nechuk bo‘lg‘ay?» degan edilar. Mana Rasululloh aytgan o‘shal so‘zning vaqti endi keldi, — deb butun yahudlarni Xaybardan haydab chiqarishga buyurdi.
Alardan qolgan mol-dunyolarni bo‘lsa, xolis baholab qiymatini berdilar. Alarning ba’zilari Taymoga, qolganlari Shom tuprog‘idagi Ariho degan yerga ketdilar.
Yana Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yahudlar haqida aytgan edilar: «Arab tuprog‘ida ikki din birgalashib turolmaydi». Bundin maqsad, yolg‘iz Islom dini yashaydi, demakdir.
Mana bu hadis mazmunicha arab tuprog‘ida borliq yahud va nasorolarni qolgan joylardan ham chiqarmoqqa hukm qildi. U zamondan boshlab arab o‘lkasida Islom dinidan o‘zga din qolmadi. Bu Xaybar g‘azotida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan sahobalar bir necha mo‘jiza ko‘rdilar. Shu urushda sahoba bahodirlaridan Salama ibn Akva’ga kattiq zarba yetdi. Uning hayotidan barchalari umid uzdilar. Ul ersa jon achchig‘i bilan o‘zini Rasulullohga yetkazdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aning jarohatiga uch qayta tupurdilar. Muborak nafaslari tegishi bilan jarohat ko‘rmagandek bo‘lib, u sog‘lom bo‘lib ketdi.

Qayd etilgan