Alixonto'ra Sog'uniy. Tarixi Muhammadiyya  ( 248651 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 31 32 33 34 35 36 37 38 39 40 41 ... 74 B


Doniyor  25 Iyul 2006, 07:22:29

PAYG‘AMBARIMIZNING PODSHOLARGA YOZGAN NOMALARI

Yuqorida bayoni o‘tgan Hudaybiya sulhi hijratning oltinchi yilida bo‘lmish edi. Bu sulh tuzilgandan so‘ngra, orada aloqalar boshlanib, Arabiston yo‘llari tinchlandi. So‘ngra Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Alloh amri bilan chegaradosh mamlakatlarning podsholariga noma yozmoqchi bo‘ldilar.
Anda odamlar:
— Yo Rasululloh, podsholar odati, muhrsiz xatni qabul qilmag‘aylar. O‘z nomingizga muhr o‘ydirmoq kerak, — dedilar.
Anda Rasululloh oltindan muhr o‘ydirdilar. Buni ko‘rib sahoba boylari ham oltindan muhr yasatdilar. Rasululloh muhr uzuklarini qo‘llariga taqib edilar, shunga qarab boshqa sahobalar ham uzuklarin qo‘llariga taqishdi. Shu chog‘da Allohdan vahiy yetib:
«Ey Muhammad, oltin taqinmoq, ipak kiyim kiymoq erkak ummatlaringga haromdur, ammo xotinlarga haloldur», dedi.
Darhol hammalari oltin uzuklarini qo‘llaridan chiqazib tashladilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam muhrlariga uch kalima: birinchi «Muhammad», buning ustiga «Rasul», buning ustiga «Alloh» yozilgan edi. Uchovi qo‘shilib «Muhammadur Rasululloh» bo‘ldi. Bu muborak muhr uzuk hamisha qo‘llarida taqilgan holda turar edi. Yuqoridagi vahiy kelishi bilan, erkaklarga oltin taqinchoq harom bo‘lgach, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu muhrni kumushdan yasatdilar. Vafotlaridan keyin Hazrati Abu Bakr Siddiq taqdilar. Bu kishidan keyin Hazrati Umar, so‘ngra Hazrati Usmon taqmish edilar. Lekin eng oxirgi umri yetib, vafot bo‘lar yilida bu muhr Aris qudug‘iga tushib ketib yo‘qoldi. Buni ko‘p izlashib topisha olmadilar. Shu yili Hazrati Usmon raziallohu anhu ham fitnachilar tomonidan shahid bo‘ldi.

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 07:22:37

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam muhr uzuklarini so‘l qo‘lga solish odatlari bor edi. O‘rta barmoq bilan jimjiloq o‘rtasidagi barmoqlariga taqar edilar. Arabiston tuprog‘iga chegaradosh bo‘lgan podshohlarga noma yuborish oldida bir kuni sahobalarni yig‘ib:
— Ey odamlar! Yer ustidagi barcha insonlarning baxt-saodati uchun alarga meni Alloh payg‘ambar qilib yubordi. Ko‘rishgan kishilarga bu xabarni o‘zim bayon qildim. Ko‘rishmaganlarga ersa o‘lgunimcha o‘zim ko‘rishsam, Alloh amrini ayturman, uzoqdagilarga noma yozib yuborurman. Butun odam avlodini Islom diniga da’vat qilish Alloh tomonidan buyurilgan mening vazifamdur. Bu nomalarni mening tarafimdan yozilgan joylarga yetkuringlar. Alloh sizlarni rahmat qilsin, bu xizmatni qiluvchilardan Xudo rozi bo‘lsin. Iso payg‘ambarning shogirdlariga o‘xshab yo‘lning uzoq-yaqinini sizlar talashmanglar. Bu xizmat ustida alar qilgandek ixtilof qilmanglar, — dedilar.
Anda sahobalar:
— Yo Rasulalloh, Iso alayhissalomning shogirdlari xavoriylar qanday ixtilof qilmish edilar?— deb so‘rashdilar.
Rasululloh aytdilar:
— Iso payg‘ambar ham Alloh amri bilan podshohlarga shu yanglig‘ noma yozmish edi. Nomalarni atrofga yetkazish xizmatini xavoriylar shogirdlariga (eng yaqin shogirdlariga) topshirdilar. Yaqinroq joyga yozilgan nomani olgan shogirdlari rozi bo‘lib, bu xizmatni darhol bajarishga kirishdilar yiroq yerlarga yozilgan nomani olganlar og‘ir ko‘rib, bormasga bahona izlashdilar. Bunday bo‘lgach, hazrati Iso Alloh taologa bu ishni arz qildilar. Ertasi qarasalar, Xudoning qudrati bilan noma ko‘targan kishilarning tillari noma yuborilgan xalq tilidan bo‘lmishdur. O‘z tillari esa butunlay unutilmishdur. Bu mo‘jiza ko‘rilgandan so‘ngra noiloj bo‘lishib, uzoq-yaqin demay, nomani olib yo‘lga tushdilar. Endi sizlardan ersa, alar qilgandek ish bo‘lmasin, — dedilar.
   

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 07:22:49

RUM PODSHOSI QAYSARGA YUBORILGAN NOMA

Rum podshosining oti Hiraql, laqabi Qaysar edi. Rasululloh aytdilar:
— Bu nomani Rum podshosi Qaysarga kim yetkazib topshirur, unga Alloh taolo jannat ato qilg‘ay.
Buni anglagach, sahobalardan Dihyatil Kalbiy degan kishi:
— Yo Rasulalloh, men topshirurman, — deb o‘rnidan turdi.
Nomani olib hazrati Dihya yo‘lga tushdi. Arab yeridan o‘tib Shom tuprog‘idagi Busro shahriga yetdi. Bu shaharning hokimi ersa G‘asson qabilasining raisi Horis degan kishi edi. Nomani ko‘rib, maqsadga tushungandan keyin, hazrati Dihyaga yo‘lboshchi qilib Adiy ibn Hotamni qo‘shdi. Bular birgalashib Shom shahriga keldilar. Shu kunlarda Qaysar o‘z poytaxti Qunstantiniya shahridan Damashq shahriga kelmish edi. Bu yerdin Quddusi sharif ziyoratiga bormoqchi edi. Mana shu kunda nomani yetkurib keldi. Qarasalar, Qaysar arkon davlatlari bilan ibodat marosimlarini o‘tkazish uchun Shom shahrining katta kalisosiga (cherkoviga) shu kuni kelmoqchi ekandur. Buni anglab hazrati Dihya darhol shu joyga hozir bo‘ldi. Lekin u joydagi kishilar Dihyaga aytdilar:
— Podshoga noma berishning tartibi bordur. Qachon Qaysarga ko‘zing tushdi ersa, darhol yerga bosh qo‘yib, unga sajda qilursan. Qachon u bosh ko‘tarishga ruxsat qilur ekan, bosh ko‘tarib nomani topshirursan. Agar shundoq bo‘lmas ekan, nomang qabul qilinmagay.
Anda hazrati Dihya:
— Men bu ishni hech vaqt qila olmagayman, chunki Allohdan o‘zgaga sajda qilmoq Islom dinida yo‘qdur,— dedi.
Shu bilan hayron bo‘lib turgan chog‘da bir kishi kelib aytdi:
— Senga bir tadbir o‘rgatay, bu shuldurki, qaysi joyga Qaysar keldi esa, shu joyga bir minbar keltirib qurgaylar, ul minbar ustida Injil o‘qib, va’z aytgay. Agar nomani shu minbar zinasiga chiqarib qo‘ya olsang, u joyga qo‘yilgan nomaga hech kim tega olmagay, Qaysar minbarga chiqar chog‘ida nomani o‘zi olib o‘qigay, o‘qigandan so‘ngra, noma keltirgan kishini o‘zi chaqirgay, bu to‘g‘rida odat shuldur, — dedi.

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 07:22:57

Hazrati Dihya bu maslahatni xush ko‘rib, qurilgan minbar ustiga nomani chiqarib qo‘ydi. So‘ngra Qaysar kelib va’z aytmoq uchun minbarga chiqar vaqtida zinaga qo‘yilgan nomaga ko‘zi tushdi. Nomani olib, ochib qarasa, arabcha xat bilan yozilmish ekandur. Darhol tilmoch chaqirib, buyurdikim: «Noma yuboruvchining o‘z qavmidan kelgan kishilar bor ersa, darhol ularni keltiringlar. Bu to‘g‘rida alar og‘zidan so‘z so‘rab eshitgayman», dedi.
Shu kunlarda Abu Sufyon boshliq bir necha Quraysh raislari tijorat uchun Shom shahriga kelishgan edi. Darhol alarni Qaysar huzuriga keltirdilar. Qarasalar, Qaysar boshiga toj kiygan, shon-shavkati bilan arkon davlatlari atrofini o‘ragan holda o‘ltiribdur. O‘z odatlari bo‘yincha unga ta’zim qildilar. So‘ngra Qaysar tarjimon orqalik «Payg‘ambarlik da’vosini qilgan kishiga sizlardan kimning nasabi yaqinroq?» deb so‘radi.
Anda Abu Sufyon:
— Bu o‘ltirgan kishilar ichida Muhammadga menim nasabim hammadan yaqinroqdur. Chunki Abdul Manof degan kishi har ikkovimizning to‘rtinchi bobomizdur. U bilan biz bir otaning bolalaridurmiz, — dedi.
Qaysar bu so‘zni anglagandan so‘ngra Abu Sufyonni chorlab, o‘zining oldiga yaqin o‘ltirg‘izdi, qolganlarini ersa uning orqasiga turg‘izdi. So‘ngra:
— Abu Sufyonni oldimga keltirib, uning ortiga sizlarni qo‘yishimning sababi shuldurki, men bu kishidan payg‘ambarlik da’vosini qilib, noma yuborgan odam to‘g‘risida so‘z so‘ramoqchiman. Agar Abu Sufyon rost gapirsa, ani tasdiq qilursiz, agar bu haqda yolg‘onchilik qilsa, orqadan turib yolg‘onligini ishorat bilan bildirursiz, — dedi.

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 07:23:05

Shu tadbir bilan Abu Sufyonni rost so‘zlatmoqchi bo‘ldi. Agar shunday qilmay, uni boshqalar bilan birga o‘tqizib, Rasululloh haqida undan so‘z so‘rar bo‘lsa, u yolg‘on aytganda ham, aning yo‘ldoshlari yolg‘on aytding deyishdan uyalur edilar. Agar orqada tursalar, ishorat bilan bildirishlari mumkin edi. Chunki u zamon arablari ham yolg‘on gapirishni katta ayblardan hisoblar edi. Ayniqsa, bularning raislari obro‘ylariga zarba yetishidan saqlanishib, yolg‘ondan juda qo‘rqar edilar. Shuning uchun Abu Sufyon: «Xalq ichida mening yolg‘on so‘zlaganim tarqalib ketishidan qo‘rqmasam edi, Qaysar Muhammad haqida mendan so‘z so‘raganida, bir necha yolg‘on so‘zlarni aytmoqchi edim. Lekin yolg‘on aytishdan uyalganim uchun, aning haqida nima so‘rasa, rostini gapirdim», dedi. Shu bilan Qaysar Abu Sufyondan Rasululloh to‘g‘risida tubandagi so‘zlarni so‘rashga kirishdi.
Qaysar:
— Arab ichida bu kishining nasabi qandaydur?
Abu Sufyon:
— Ul bizning oliy nasablik kishimizdir.
Qaysar:
— Mundin boshqa ichinglarda ilgari o‘tganlardan payg‘ambarlik da’vosini qilib chiqqan kishi bo‘lganmidi?
Abu Sufyon:
— Shu kungacha arablardan bunday da’vo qilgan kishi chiqmagan edi.
Qaysar:
— Bu so‘zni aytmasdan ilgari kishilarga uning yolg‘on gapirganini bilganmisiz?
Abu Sufyon:
— Kishiga yolg‘on gapirganini ko‘rmagan edik, ilgaridan chin so‘zlik edi.
Qaysar:
— O‘tgan ota-bobolari ichida birortasi podshoh bo‘lganmidi?
Abu Sufyon:
— Yo‘q, uning otalari ichida podshoh bo‘lgan kishi yo‘qdur.

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 07:23:14

Qaysar:
— Uning aqli qandaydur?
Abu Sufyon:
— Aqli ayb qilg‘udek emas, yetarlikdur.
Qaysar:
— Uning dinini qabul qilguvchilar ko‘pincha qaysi xildagi odamlardur?
Abu Sufyon:
— Uning tobelari esa ko‘proq faqir-miskin, kambag‘al kishilardur. Ammo yurt boshliqlari, qabila raislari, obro‘lik boy kishilarimiz unga ergashmadilar.
Qaysar:
— Uning diniga kiruvchilar ko‘payayotirmilar, ularning rivojlari qandaydur?
Abu Sufyon:
— Kundan-kunga o‘sib, rivojlanayotir.
Qaysar:
— Aning diniga kirgandan so‘ngra, uni yoqtirmasdan dindan qaytgan kishilar ham bormi?
Abu Sufyon:
— Yo‘qdur, mundoq kishini ko‘rmadik.
Qaysar:
— Qilg‘on ahdiga vafo qilg‘aymu yoki xiyonati bormu?
Abu Sufyon:
— Ahdini buzmas, va’daga vafo qilur.
Qaysar:
— Oralaringda urush bo‘ldimi? Agar bo‘lgan bo‘lsa, qandoq bo‘ldi?
Abu Sufyon:
— Urushlarimiz gezaklashdi. Badr so‘qishida alar yengdilar. Uhud urushida biz yengdik.
Qaysar:
— Muhammad xalqni qaysi ishga buyuradi?
Abu Sufyon:
— Yolg‘iz Allohga ibodat qilmoqqa, hech ishda unga sherik qo‘shmasga buyurib, ota-bobolarimiz ibodat qilib kelgan butlardan qaytaradi. Sadaqa, zakot bermakka, namoz o‘qimoqqa, va’daga vafo qilmoqqa, omonatga xiyonat qilmasga, yolg‘on so‘zlamaslikka, buzuq ishlardan saqlanishga amr etadur, — dedi.

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 07:23:21

Shu bilan Qaysar so‘rashni to‘xtatib, yana so‘zning boshidan tushdi. Tilmoch orqali Abu Sufyonga qarab aytdi:
— Uning nasabini sandin so‘ragan erdim, o‘zing nasablik kishidur deb iqror bo‘lding. O‘tgan payg‘ambarlar ham shunga o‘xshash nasablik kishilardan chiqqanlar.
Yana sendan, ilgari keyin ichinglardan shundoq so‘zni aytgan kishi chiqqan edimi, deb so‘rasam, mundoq odam chiqmagan deb javob berding. Agar shunday so‘z aytgan boshqa birov ham sizlardin chiqqan bo‘lsa edi, o‘tmishdagi birov so‘ziga ergashib yurgan bir kishiga o‘xshaydi, deb o‘ylar edim. Kishiga yolg‘on so‘zlaganmu desam, sen yo‘q deding. Endi, odamga yolg‘on so‘zlamagan kishi, Allohga qanday yolg‘on so‘zlaydi? O‘tgan ota-bobolarining ichida podshoh bo‘lgan kishi bor edimi, deb so‘rasam, sen yo‘q deb javob berding. Agar bobolaridan podshoh o‘tgan biror kishi bo‘lsa edi, anda men ota mulkini qaytarmoqqa hiyla qilib yurgan kishiga o‘xshaydi, deb aytar edim. Yana men, unga ergashganlar yuqori daraja kishilarmi yoki kambag‘al, faqirlarmi, deb so‘rasam, ko‘pincha uning tobelari faqir kishilardur, deding.
O‘tgan payg‘ambarlarga ham dastlab tobe bo‘lguvchilar faqirlardan bo‘lgan. Davlatlik kishilar ersa takabbur bo‘lib, haqlikni alar tezdan qabul qilmagaylar. Yana sendan unga iymon keltirguvchilar kundan-kunga ko‘paymoqdalarmi, deb so‘radim, ko‘paymoqdalar, deding. Shunga o‘xshash iymon boshlangandan keyin ko‘payish ustida bo‘lib, oxiri tamomiga yetib to‘xtagay. Unga iymon keltirib dinga kiruvchilardan qaytgan kishilar bormi, deb so‘radim. Uning dinidan qaytgan kishini ko‘rmadim, deding. Ha, shundoq bo‘lur. Agar iymon nuri kishi ko‘ngliga kirib uni yoritur ersa, aning muhabbati yurak ichidan joy olgay. Undoq dindan qaytib hech kishi chiqmagay.
O‘rtanglarda bo‘lgan urush qanday o‘tdi, deb so‘radim. Birinchida u yengdi, ikkinchisida biz yengdik, deding. Shunga o‘xshash payg‘ambarlarga ham sinash uchun bu kabi voqealar bo‘ladi. Dushmanlarni gohida yengadilar, gohida alardan yengilgaylar, lekin oxiri haq yuzaga chiqqay. Chin mo’minlar yolg‘on mo’minlardan ajralib turgaylar.

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 07:23:29

U kishi xalqni nima ish qilishga buyuradi, deb so‘radim. Ul kishi namoz o‘qimoqqa, zakot bermoqqa, va’daga vafo qilmoqqa, yolg‘on gapirmaslikka, buzuqchilikdin saqlanishga buyuradi, deding. Mana bu ishlar ersa payg‘ambarlik sifatlaridur.
Endi bildim, u kishi Alloh yuborgan payg‘ambardur. Shunday payg‘ambarning chiqishini o‘zim avvaldan ham bilar edim. Lekin arab xalqi — sizlardan bo‘lishini gumon qilmagan edim. Shu aytgan so‘zlaring agar rost bo‘lur ekan, qadam bosib turgan shu joylarimga ham bir kuni ega bo‘lg‘usidir. Agar unga iymon keltirganimda omon qolishimga ko‘zim yetsa edi, hozirdayoq iymon keltirgan bo‘lur edim.
Endi shu ishni qilur bo‘lsam, podshohligimni olib, o‘zimni o‘ldirgaylar. Koshki u kishi oldiga salomat yeta olsam, tahorat suvi quyib, oyoqlarini yuvgay edim,— dedi.
Ammo Rum podshosi ochiq ravishda iymon keltirishga jur’at qila olmadi. So‘ngra nomani olib o‘qimoqqa buyurdi. Bu noma esa shunday yozilmish edi:
Bismillohir rahmanir rohiym.
«Min Muhammadin Abdilloh va rasulihi ila Xiraqla aziymir Rum. Salomun ala manit-taba’al Xudo. Ammo ba’du fainniy ad’uka bidi’ayatil islom. Aslim taslam. Yu’tikallohu ajraka marratayni. Fain tavallayta fainnama a’layka ismul arisiyyina. Va ya ahlal Kitobi ta’alav ila kalimatin savain baynana va baynakum alla na’buda illalloha vala nushrika bihi shay’an vala yattaxiza ba’zuna ba’zan arbaban min dunillahi, fain tavallav faqulushhadu bianna muslimuna».
Ma’nosi: «Allohning quli va aning payg‘ambari Muhammaddan Rumning ulug‘ Hiraqliga, haq yo‘l topganlarga salom. Mundin so‘ngra shulki, men seni Islom dinini qabul qilmoqqa chaqiraman. Musulmon bo‘l, salomat bo‘lursan. Ikki qavat ajr olursan. Agar qabul qilmas ekansan, senga qarashlik butun xalqning gunohi ustingga tushadi.

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 07:23:38

Ey Kitob ahllari, kelinglar, bu yaxshi so‘zga, Allohdan o‘zgaga ibodat qilmaylik. Boshqa narsani unga sherik etmaylik, Allohdan o‘zgani tangri deb tanimaylik. Agar bu so‘zdan yuz o‘girsanglar, guvoh bo‘linglar, bizlar Islom dinini qabul qildik».
Qaysar tarjimoni bu muborak nomani boshlab o‘qigan chog‘da, uning inisi oldida qilich tutib turgan edi. Birdaniga uning g‘azabi qo‘zg‘alib, nomani yirtib tashlamoqqa qo‘l soldi. Tarjimon qo‘lidan nomani tortib olib, yirtmoqchi bo‘ldi. Qaysar inisini bu ishdan qaytarib to‘xtatdi. So‘ngra:
— Nega sening g‘azabing keldi? — deb undan so‘radi.
Anda ul aytdi:
— Birinchisi shuldirki, ul kishi o‘z nomini sening nomingdan ilgari yozmishdir. Ikkinchisi ersa, Hiraql deb otingni aytib, Rum podshosi demabdur.
Anda Hiraql:
— Hoy majnun, ahmoq! Shundoq ahamiyatlik nomani o‘qib tushunmasdan turib, yirtib tashlar ersang, holing na bo‘lgay erdi? Bu so‘zda g‘azab qilg‘udek ish yo‘qdur. Agar ul Xudo tarafidan yuborilmish payg‘ambar bo‘lsa, otini oldin yozmoqqa haqlidur. Agar nomada meni Rum podshosi demagan bo‘lsa, yana to‘g‘ri yozmishdir. Chunki barchaning podshosi alarni yaratguvchi bir Allohdir. Men ersam, Rum xalqining boshchisi erurman. Alloh xohlar ekan, alarni menga bo‘ysundirur. Agar xohlamasa, butun xalq menga qarshi chiqqaylar. Fors xalqining podshosiga xalqni musallat qilgan edi, o‘z podshosini o‘ldirdilar. Agar menga ham alarni Alloh musallat qilsa, o‘z fuqarolarim meni ham o‘ldirgaylar, — deb shu yanglig‘ so‘zlar bilan inisini qaytardi.

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 07:23:50

So‘ngra o‘z qavmiga qarab aytdi:
— Barchalaringiz bilurmisiz, qiyomat oldida oxirzamon payg‘ambari chiqqay deb, Iso alayhissalom bashorat bermish edi. Bu so‘z ersa muqaddas kitoblarimizda yozilmishdir. Bu payg‘ambar Shom tuprog‘idan chiqqaymu deb umid qilgan edik, nachoradurki, Alloh taolo bu davlatni boshqalarga bermishdur.
Rasululloh zamonlarida Rum bilan Eron orasida ikki marta urush bo‘ldi. Birinchisida rumliklar yengishib, ikkinchisida eroniylar yengdilar. Rum tuprog‘idan alarni haydab chiqazdilar. Mana shuning shukronasi uchun Quddussharifni piyoda borib ziyorat qilg‘ayman deb ahd qildi. Shu ahdiga vafo qilmoq uchun Hims shahridan chiqmoqchi bo‘ldi. Ora yo‘lga gilamlar to‘shab, guli rayhonlar sochib ani ziynatladilar. Qaysar davlat arboblari bilan piyoda yurganicha Quddus shahriga yetdi. Ziyoratlari ado topgach, barchalari yana Hims shahriga keldi. Bu joyda Qaysarning ulug‘ bir saroyi bor edi. Davlat arboblari, askar boshliqlari shu joyga hozir bo‘lsinlar, deb buyurdi. Barchalari saroyga kirib o‘lturgandan keyin uning eshigini qulf¬latdi. So‘ngra Qaysar bu yig‘ilgan xalqqa qarab:
— Ey Rum elining ulug‘lari! Men ersam ushbu noma yuborgan kishi Muhammadga iymon keltirib, aning diniga kirdim. Kelajakda bizning yaxshiligimizni bu ishda ko‘rdim. Endi sizlar ham iymon keltirib, shu payg‘ambarning diniga kiringlar. Agar shunday qilar ekansiz, hukumatimiz qo‘ldan ketmagay. Va Iso alay¬hissalom ahdini buzmagan bo‘lurmiz, — dedi.
Bu so‘zni Qaysar aytishi bilan yo‘lbarsni ko‘rganda qo‘rqib qochgan hayvonlar kabi butun xalq saroy eshigiga kelib tiqildilar. Qarasalar, eshiklarga qulf solinmishdir. Yana orqalariga qaytib Qaysarni o‘ldirish qasdida uning saroyini o‘rab olib:
Bizni nasroniyat dinidan chiqarib, vahshiy arabiylarga qul qilmoqchi bo‘libdur, buni o‘ldirib tezroq qutilaylik, — deb unga qattiq norozilik bildirdilar.

Qayd etilgan