Alixonto'ra Sog'uniy. Tarixi Muhammadiyya  ( 260090 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 35 36 37 38 39 40 41 42 43 44 45 ... 74 B


Doniyor  25 Iyul 2006, 07:29:23

Yana mingta oyat ilgarigi ummatlarning, Payg‘ambarlarning tarixlaridur. Ya’ni, qaysi qavmga qaysi payg‘ambar keldi? Iymon keltirgan, keltirmaganlarning hollari qandoq bo‘ldi? Payg‘ambarga qarshilik qilgan qavmlar boshiga xudo tarafidan qanday balolar keldi? Alarning qaysilari to‘fon suvida g‘arq bo‘lib, ba’zilari g‘azab yeli bilan halok bo‘ldilar. Horunni mol-mulki bilan qo‘shib yer yutdi. Muso alayhissalom bilan Fir’avnni, Ibrohim alayhissalom bilan Namrud qissalarini, bulardan boshqa tarixiy voqe’alarni shu oyatlarda bayon qildi. Yana mingta oyat bilan ibrat olurlik har turli misollar, aql o‘rgatgudek hikmatli so‘zlar keltirdi.
Besh yuz oyat halol, harom narsalarni ajratmoq uchun keldi. Islom shariatidagi borliq halol harom narsalar shu oyatlar bilan ajradi.
Yuz oyat erta-kechda bandaning qanday duo qilishi kerak, Allohga qanday zikr, tasbeh aytishi lozim shularni bildiradi.
Qolmish oltmish olti oyat ersa, ularni mansux demishlardur. Buning ma’nosi ersa, bu oltmish olti oyatlarning hukmi vaqtlik yurgizilmish edi. Vaqti yetgan o‘rinlariga boshqa oyatlar tushib, ilgarigi oyat hukmi to‘xtaldi, demakdur. Mana shunday bo‘lganni mansux oyati deb aytilur. Bundog‘ oyatlardan ba’zilarini Alloh taolo butunlay unutdirmish edi. Payg‘ambarimiz boshliq barcha sahobalar unday oyatlarni hech vaqt esga olmaydilar. Ba’zilari esa hukmlari ko‘tarilib, Qur’onda tilovatlari qolmishdur. Masalan, Kofirun surasi shundog‘dir. Qolganlari ersa Qur’onda oyatlari o‘qilib tilovat qilinur.

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 07:29:31

Alloh taolo mansux oyatlarini bayon qilib Baqara surasida bu oyatni kelturdi: «Ma nansax min oyatin av nunsiho na’ti bixayrin minho av misliho alam ta’lam annalloha ala kulli shay’in qodir». Ma’nosi: «Qur’on oyatlaridan hech birining hukmini ko‘tarmadik yoki unuttirmadik. Agar shunday qilgan bo‘lsak andin yaxshiroq, foydaliroqni yo uning o‘xshashini keltirdik», demakdir.
Qur’onning boshi Fotiha surasi, oyog‘i An-Nos surasi bo‘lib, uning tuzilish tartibi Lavhul mahfuzning tartibiga to‘g‘ridur. Lavhul mahfuzdagi Qur’on qudrat qalami bilan shu tartibda yozilmish edi. Jabroil alayhissalom Qur’on oyatlarini Lavhul mahfuzga to‘g‘rilab Payg‘ambarimizga o‘qib berdilar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam sahobalarga buyurib shu kundagi Qur’on tartibicha qilib yozdirdilar. Qur’onning bu tartib yozilishi uning birinchi yozilishidur.
Suyaklarga, taxta parchalariga, xat yozgudek har xil toza narsalarga yozib qo‘yilmish edi. Qur’onni butun yod olgan sanoqlik kishilar ham bor edi. Rasulullohning tirik vaqtlaridayoq Qur’on yozilmish ham sahobalar ko‘ngillarida yodlamish edilar.
Ammo Qur’onning kitob suratiga keltirib, qog‘oz ustiga yozilishi ersa Hazrati Abu Bakr Siddiq xalifalik davrida butun sahobalarning ittifoqlari bilan amalga oshirilmishdir.
Hazrati Usmon davriga kelguncha butun musulmonlar o‘qigan Qur’onlar ersa shu nusxadan olinmish edi. So‘ngra Qur’on qiroatida ixtilof chiqqach, shu nusxadan to‘rt nusxa yozdirib, Islom olamiga tarqatdi. Boshqalarini kuydirishga buyurdi. Bizning shu kunlarda o‘qib yurgan Qur’onimiz o‘shal Hazrati Usmon raziyallohu anhu yozdirgan Qur’on nusxalaridandur.
   

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 07:29:39

Qur’on «Bo» harfi bilan boshlanib «Sin» harfi bilan tugadi. Bu ikkovi qo‘shilsa, «Bas» bo‘lur. Ya’ni, ikki jahonni topmoqqa Qur’on yetur, demakdur.
Bayt:
Nechun «bo» birla «sin» kelmishdi Qur’on bosh oyog‘ida,
Demak ikki jahonning rahbari chun «bas» demakdur.
Ammo Qur’onning dunyoga kelish tartibi esa, yozilish tartibidan butunlay boshqadur. Chunki Qur’onning birinchi vahiyda kelgani Alaq surasi edi, so‘ngra Muddassir, undan keyin Muzzammildur, eng oxirgi sura ersa, Tavba surasi edi.
Qur’onning ulug‘ mo‘jiza ekanligini yuqorida aytib o‘tdik. Lekin buning mo’jizaligini bilmak uchun aql yurgizmak, fikr ishlatmak kerakdur. Aql ko‘zi ochiq olimlar oldida Qur’onning mo’jizaligida hech shak yo‘qdur.
Shuning uchun Alloh taolo Payg‘ambarimizga ikki turlik mo‘jiza bermishdur. Birisi aqliy mo‘jiza, ikkinchisi hissiy mo’jizadur. Aqliy mo‘jiza Qur’ondur, hissiy mo‘jiza deb xalqqa ko‘rsatib turib, aqldan tashqari, odatdan tashqari bir ish qilg‘anga aytilur.
Masalan, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Tabuk cho‘lida barmoqlari orasidan ot-ulovi bilan ellik ming kishi ichib qong‘udek suv chiqardilar. Rasulullohning bu mo’jizalari ersa shuncha ko‘p askar ko‘z oldilarida bo‘lganlikdan, uning aniqligida hech gumon yo‘qdur. Unga gumon qilganlar ersa, Makka shahrining borligiga gumon qilgandek bo‘lib, kulguga qolgaylar. Endi biz bu o‘rinda Rasulullohning hissiy mo’jizalarini bayon qilurmiz. Ma’lum bo‘lgaykim, Qur’ondan boshqa Payg‘ambarimiz ko‘rsatgan mo’jizalari ichidagi eng ulug‘rog‘i «Oy yorilishi» mo’jizasidur. Buning voqeasi shunday bo‘lgan edi:
Quraysh raislaridan Valid ibn Mug‘iyra, Abu Jahl, Os ibn Voil va bir qancha kishilar bir to‘p bo‘lib, Rasululloh oldilariga kelishdi.

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 07:29:46

So‘ngra alar:
— Ey Muhammad, agar sen biz so‘ragan mo’jizani ko‘rsatur bo‘lsang, u chog‘da senga iymon kelturgaymiz. Qani, sen Alloh yuborgan payg‘ambar ekansan, shu ustimizdagi turgan oyga ishorat qil, u ikkiga bo‘linsin. O‘shanda sening so‘zingga ishonurmiz, — dedilar.
Shu kechasi o‘n to‘rt kunlik oy to‘lig‘i edi. Ular shu talabni qo‘ygach, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam oyga barmoq ko‘tarib ishorat qildilar ersa, Alloh amri bilan ikkiga bo‘lindi.
Bir bo‘lagi o‘z o‘rnida qolib, ikkinchi bo‘lagi Jaro’a tog‘ining to‘g‘risiga kelib turdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
— Mana, ko‘ringlar, Alloh qudratini, — deb oyga ishora qildilar.
Shundog‘ ulug‘ mo’jizani ko‘rib tursalar ham yana iymon keltirishmadi.
— Muhammad bizni sehr qildi, ko‘z boyladi, — dedilar.
Anda o‘z ichlaridan bir kishi turib:
— Atrofdan kelgan yo‘lovchilardan so‘rab ko‘raylik, bizni sehr qilgan bo‘lsa ham, ularni sehr qila olmag‘ay, — dedi.
Har tomondan keluvchi kishilardan so‘radilar ersa:
— Shu tunda shu soatda biz falon joyda edik. Oy ikki bo‘lak bo‘ldi, ko‘rdik, — deb hammalari guvohlik berdilar.
Bu bilan ham tavfiq topmadilar. Ammo mo’minlarning iymonlari yana ham ziyoda bo‘ldi. Baxtsiz kishilarga ersa mundoq ulug‘ ne’matdan zarrachalik ham bahra yetmadi.
Bu mo‘jiza hijratdan besh yil ilgari Makka shahrida bo‘lgan edi. Ikki parcha bo‘lib yorilgan oy ersa bir-biriga qo‘shilmay bir-ikki soatcha turib, so‘ngra qo‘shildi. Muni ko‘rdilar ersa yana iymon keltirmadilar, mana shu chog‘da «Iqtarobatis-so’atu vanshaqqal-qamaru» oyati nozil bo‘ldi. Ya’ni, «Qiyomat yaqinlashdi, oy yorildi», demakdur. Bu oyat mazmunidan ma’lum bo‘ldikim, Rasulullohga mo‘jiza bo‘lib, oy yorilmish ersa, bu ham qiyomat alomatidur. Bu mo’jizaga shak keltirmak musulmon kishiga durust emasdur. Chunki bu mo’jizaning haqligi yuqorigi oyat bilan, ham hadis bilan sobit bo‘ldi. Munga inkor qilish Qur’onni inkor qilish, demakdur.

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 07:30:02

IKKINCHI MO’JIZA

Raddish-Shams, ya’ni, botib ketgan quyoshni qaytarmoqdur. Bu voqea shundoq erdikim, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Xaybar urushidan qaytishlarida butun askar bilan Sahbo’ degan joyga kelib tushdilar. Shu yerda Hazrati Alining tizzasiga bosh qo‘yib yotib, ko‘zlari uyquga ketdi. Hazrati Ali ersa asr namozini o‘qimagan edi. Uyqulari buzilmasin deb qimirlamay o‘ltira berdi. Bir vaqtda Rasululloh uyqudan uyg‘ondilar, qarasalar kun botmishdur.
— Asr namozini o‘qidingmi? — deb Hazrati Alidan so‘radilar.
— Yo Rasulalloh, uyqungiz buzilmasin deb qimirlamasdan o‘ltirdim. Namoz vaqti o‘tdi, o‘qiyolmay qoldim, — dedi.
Anda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
— Ey bor Xudoyo, agar Ali sening xizmating va mening xizmatim uchun o‘ltirgan bo‘la, botgan quyoshni qaytarg‘il, namozini o‘qib olsin, — dedilar ersa, dar¬hol lop etib kun chiqdi. Hazrati Ali namozini o‘qib bo‘lishi bilan kun botib, qorong‘ulik bosdi.
Bundog‘ ishlarning bo‘lishi Xudo qudratiga qaralsa hech narsa emasdur. Oy-kunlarning chiqishi, botishi Alloh amri bilan bo‘lur. O‘n sakkiz ming olamda aning hukmidan tashqari qilchalik ish yo‘qdur. Ishondik, iymon keltirdik, ey rabbim, iymonimizni mangulik qil. Omin!

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 07:30:14

UCHINCHI MO’JIZA

Bu ersa daraxtlar tilga kelib Payg‘ambarimizga salom berishidir. Bu mo’jizani ko‘zlari bilan ko‘rgan yaqin yuz sahoba rivoyat qildi. Bular ichida chahoryorlar boshliq, ulug‘ sahobalardan ko‘p kishilar bordir.
Hazrati Umar rivoyat qilur:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan g‘azot safariga chiqdik. Yo‘lda ketayotgan bir a’robiyni ko‘rib:
Qayon borursan? — deb so‘radilar ersa:
Uyimga borurman, dedi.
Shunda ul zot:
Yaxshilik topmoqqa qandaysan? — deb edilar, u nimadur dedi.
Anda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
— Meni Alloh taolo butun Yer ustiga Payg‘ambar qilib yubordi, yaxshilikka yetganing shuldur, deb marhamat qildilar.
A’robiy:
— Men sening Payg‘ambarligingni qaydin bilurman? Bu aytgan so‘zing rostligiga kim guvohlik bera olur? — dedi.

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 07:30:21

Anda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam soy ichida ko‘rinib turgan bir tup daraxtga qarab:
— Ana shu daraxt menim Payg‘ambarligimga guvohlik berur. Sen unga borib, seni Rasululloh chorlaydi degil, kelib guvohlik bersun, — dedilar.
A’robiy borib u yog‘ochga shu so‘zni aytdi. Daraxt oldi, orqa, ikki yoniga egilib qimirladi. Yer yorib tomirlarini sudraganicha to‘g‘ri Rasululloh oldilariga kelib:
«Assalomu alayka yo Rasulalloh», deb salom berdi.
A’robiy:
— Daraxtga buyurgil, yana o‘z o‘rniga qaytsun, — dedi.
Rasululloh amr qildilar ersa, ildizlarini chuvalandirganicha qaytib borib, o‘z joyiga o‘rnashdi. Bu ulug‘ mo’jizani ko‘rgan a’robiy darhol iymon keltirdi. So‘ngra:
— Yo Rasulolloh, ruxsat bering, sizga sajda qilurman, — dedi.
Anda Rasululloh:
— Maxluqqa sajda qilmoq durust emasdur. Agar tuzuk bo‘lsa edi, xotinlar erlariga sajda qilsun, deb buyurgay edim, — dedilar.
— Yo‘q esa ruxsat bering, qo‘l-oyog‘ingizni o‘payin,— dedi.
O‘pishga ruxsat qildilar.
Pir-ustozlar oyoq-qo‘llarini o‘pmaklik shundan qolgandur.

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 07:30:32

TO‘RTINCHI MO’JIZA

Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Makka ko‘chalarining birida kelayotib Rukona degan bir kishiga yo‘liqib qoldilar. Bu ersa Quraysh yigitlari ichida eng atoqlik bahodirlardan edi. Uni ko‘rib:
— Ey Rukona, Xudodan qo‘rq. Men Allohning pay¬g‘ambaridurman, iymon keltirib, musulmon bo‘lg‘il, — dedilar.
Anda ul:
— Ey Muhammad, Payg‘ambarligingga bir alomat ko‘rsatur bo‘lsang iymon keltirur edim. Dalil, hujjatsiz qanday musulmon bo‘lurman? — dedi.
Rasululloh:
— Agar alomat ko‘rsatsam musulmon bo‘lurmisan?— deb so‘radilar.
Rukona:
— Albatta, musulmon bo‘lurman, — dedi.
Yiroqdan ko‘rinib turgan bir tup daraxtga qarab:
— Alloh izni bilan oldimga kelgil, — dedilar.
Shundog‘ deyishlari bilan, u daraxt turgan joyida teng yorilib, ikki ajradi. Yarmisi shul turgan joyida qoldi. Qolgan yarmi yerni yorganicha Rasulullohga kelib salom berdi. Muni ko‘rgach, hayron qolib aytdikim:
— Ey Muhammad, eng ulug‘ ish ko‘rsatding, bunga buyurgil, yana o‘z joyiga borsin, — dedi.
— Agar buyursam, o‘z joyiga borib qo‘shilsa, iymon keltirurmisan? — dedilar.
— Albatta, iymon keltirurman, — deb va’da berdi.
Rasululloh buyurdilar ersa, Xudo qudrati bilan bu yarmi borib, u oldingi yarmiga yopishib, ilgarigidek bo‘ldi.
Shundog‘ ulug‘ qudratni ko‘rib turib, yana iymon keltirmadi. Rasulullohning daraxtlardan ko‘rsatgan mo’jizalari ersa, besh-olti joyda bo‘lganligini mo’tabar hadis kitoblarida bayon qilurlar.

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 07:30:44

BESHINCHI MO’JIZA

Hazrati Abdulloh ibn Abbos rivoyat qilur:
«Bir kuni a’robiylardan bir kishi Rasululloh qoshlariga keldi va:
— Ey Muhammad, Alloh meni butun insonlarga Payg‘ambar qildi, deb aytur emishsan. Bul so‘zning rostligini qaydan bilurmiz? — deb so‘radi.
Anda Rasululloh:
— Agar xurmo daraxtidan bir shohini chaqirsam, oldimga kelsa, iymon keltirurmisan? — dedilar.
— Albatta, iymon keltirurman, — dedi.
Rasululloh uni chaqirdilar ersa, shoh uzilib yerga tushdi. Yer ustida sakrab-sakrab Rasululloh oldilariga keldi.
— O‘z o‘rningga qaytgil! — dedilar.
Yana qaytib borib ilgarigidek bo‘ldi. A’robiy ham darhol iymon keltirdi».

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 07:30:56

OLTINCHI MO’JIZA

Hazrati Jobir raziyallohu anhu rivoyat qilur: «Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ahli Makkani dinga ochiq da’vat qildilar ersa, yosh-yalang, aqlsiz bir necha kishilar Rasulullohga hujum qilishib, ba’zi bir adabsizlar otgan tosh-kesaklardan muborak badanlari yaralandi. Bu ishdan qayg‘ulanib ma’yuslik bilan o‘ltirgan edilar, shul chog‘da Hazrati Jabroil alayhissalom hozir bo‘ldilar. Rasulullohni xafalikda ko‘rib, hol so‘radilar. Aqlsizlarning qilgan ishlarini aytdilar.
Anda Jabroil alayhissalom:
— Ey Muhammad, g‘amingizni ketkazgudek bir karomat ko‘rguzaymu? — deb aytdi.
— Albatta ko‘rgazing, — dedilar Rasululloh.
Soy ichida yiroqdan ko‘rinib turgan bir daraxtni ko‘rsatib:
— Shuni chaqiring, — dedilar.
Chaqirdilar ersa, oldilariga keldi.
— Ayting, o‘z joyiga qaytsin.
Aytdilar ersa, qaytib borib, o‘z joyiga turdi. Buni ko‘rgach Rasululloh:
— Endi meni yolg‘onchi desalar ham parvoyim yo‘q,— dedidar».

Qayd etilgan