YIGIRMA BIRINCHI MO’JIZA
Hadis olimlaridan Imom Bayhaqiy, Imom Tabaroniy, Dora Qutniy ibn Umardan rivoyat qiladilar:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Madinaga hijrat qilib kelgandan so‘ngra bir kuni sahobalar bilan majlis qurib o‘ltirmish edilar. Shu chog‘da Bani Salim qabilasidan bir kishi o‘tib borayotib to‘planib o‘ltirgan sahobalarga ko‘zi tushdi. Alar ichida o‘ltirgan Rasulullohni ko‘rib:
— Bu kishi kim bo‘lur? — deb so‘radi.
— Quraysh qabilasidan chiqqan Abdulmuttalib o‘g‘li Muhammad, butun dunyo xalqiga Xudo tarafidan payg‘ambar bo‘lib kelmishdur, — dedilar.
— Andoq ersa uning so‘zini anglamoq kerak ekan,— deb Rasulullohning majlislariga kelib o‘ltirdi.
Rasululloh ul majlisda Islomdan, arasot, qiyomatdan so‘zlar edilar. Bularni anglagach, boyagi kishi o‘rnidan sakrab turib:
— Ey Muhammad, insonlar ichida sendek yolg‘onchini ko‘rganim yo‘q. Sening bu so‘zlaringga qandoq ishongali bo‘lur? Ayniqsa, o‘lgandan keyin chirib tuproq bo‘lib ketgan kishi qaytadan tirilur, degan so‘zing shaksiz yolg‘ondur. Meni shoshqaloq kishi ekan deb arablar ayb qilishidan qo‘rqmasam erdi, shu hozirdayoq seni o‘ldirib butun xalqni rozi qilur edim, — dedi.
Buni anglagach, Hazrati Umarning g‘azabi qo‘zg‘alib:
— Yo Rasulalloh, ruxsat qiling, buning boshini kesib tashlayin, — deb o‘rnidan tura keldi.
Anda Rasululloh:
— Ey Umar, bilurmisan bosiq kishining darajasi payg‘ambar darajasiga yaqindur, og‘ir bo‘l, — dedilar.
So‘ngra ul a’robiy yeng ichidan bir jonivor chiqarib, o‘rtaga tashladi. Arablar uni zab deb ayturlar. Forscha «susmor», turkcha «erbaliq», «qumbaliq», de¬yi¬lur. Arabistonning qumlik cho‘llarida ko‘p bo‘lib, arablar uni ovlab baliq o‘rnida yeydilar. A’robiy yo‘ldan buni ov qilib olmish edi. Uyiga ketayotganida Rasulullohga yo‘liqib, bu voqea bo‘ldi. Bu jonivorni o‘rtaga tashlagach, Lot, Manot butlari bilan qasam qilib:
— Ey Muhammad, sening haq payg‘ambarligingga agar shu hayvon guvohlik berur ersa, senga iymon keltirurman. Yo‘q ersa, iymon keltirmagayman, — dedi.