Alixonto'ra Sog'uniy. Tarixi Muhammadiyya  ( 379030 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 39 40 41 42 43 44 45 46 47 48 49 ... 74 B


Doniyor  04 Avgust 2006, 08:17:06

Rasululloh so‘zlari bilan Hazrati Salmon xo‘jasi yahudiydan muni so‘radi ersa, ul unamay yurib eng keyin bir ming olti yuz dirham kumushga, yana uch yuz tup xurmo daraxtini ko‘kartirib berishga kelishdilar.
Rasululloh muni anglagach, sahobalarga:
— Birodaringiz Salmonga yordam qilaylik, — deb aytdilar, ansor sahobalar har qaysilari topganicha xurmo ko‘chatini keltirishdi.
Shunda Salmonga ko‘chatlar o‘rnini qazib bitirgandan keyin kelib xabar qilishlarini buyurdilar. Ko‘chat chuqurlari tayyor bo‘lgach, Rasululloh qutlug‘ qo‘llari bilan tutib berib, boshqalar ko‘mishdi.
Shunchalik ko‘p xurmo ko‘chatlaridan biror tupi qurimasdan barisi ko‘kardi», bu esa Rasulullohning mo’jizalaridur.
Yana shu orada sahobalardan birovi Rasulullohga tuxumdek oltin hadya qildi. Anda ul zot darhol Salmonni chaqirib:
— Muni yahudiyga berib o‘zingni qulliqdan ozod qilursan, — dedilar.
Ul oltin ersa Salmon ko‘ziga oz ko‘rinib:
— Yo Rasululloh, menim berasim ko‘pdur, bu bilan qutila olmagayman, — dedi.
Anda Rasululloh:
— Shu bilan Alloh seni undan qutqargay, borgil, topshirib bergil, — dedilar.
Muni anglagach, yahudiy oldiga eltib, tortib qarasa qolmish qarziga ortiq chiqmasdan teng keldi. Bu ham Rasulullohning mo’jizalari erdi. Shu bilan Rasululloh aytganlaridek, Salmon Forsiy qulliqdan qutuldi, Raziyallohu anhu.

Qayd etilgan


Doniyor  04 Avgust 2006, 08:17:21

YIGIRMA TO‘QQIZINCHI MO’JIZA

Salmon Forsiy Rasululloh bilan dastlab ko‘rishganda arabcha gapirolmas edi. Arabcha, forscha bilgan yahudiylardan Madinada bir savdogar kishi bor edi, uni tilmochlikka chaqirdilar. Salmon Forsiy Rasulullohni maqtab Tavrot, Injilda ko‘rgan sifatlarini bayon qildi ersa, tarjimon yahudiyning dushmanligi qo‘zg‘aldi. So‘zni teskari aytib, Rasululloh haqida loyiqsiz so‘zlar bildirdi. Muni anglab Rasululloh g‘amgin bo‘ldilar. Shu hollarida Jabroil alayhissalom kelib Salmon so‘zini tarjima qildi ersa, yahudiy sharmanda bo‘lib:
— Ey Muhammad, o‘zing ersa forsiy tilga komil ekansan, tilmochlikka meni nega chaqirding? — dedi.
Anda Rasululloh:
— Bu tilni hech bilmas edim, birodarim Jabroil shu hozirda o‘rgatdi, — dedilar.
So‘ngra yahudiy:
— Mundan ilgari sening payg‘ambar ekanligingga gumonim bor edi. Endi aniq bildim, Tavrot, Injilda sifati yozilgan, Muso alayhissalom o‘z qavmiga topshirgan oxirzamon payg‘ambari siz ekansiz, — deb darhol iymon keltirdi. Raziyallohu anhu.

Qayd etilgan


Doniyor  04 Avgust 2006, 08:17:43

O‘TTIZINCHI MO’JIZA

Hazrati Abu Hurayra rivoyat qilur:
«Rasululloh bilan g‘azot safariga chiqdik. Oziq-emishlarimiz yetishmaslikdan askarda ochlik bor edi. Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam;
— Ey Abu Hurayra, yegudek biror narsang bo‘lsa keltirgil, — dedilar.
Non xaltam tagida o‘n dona quruq xurmo qolmish edi, uni keltirib Rasulullohga berdim. Xalta ichiga qo‘l solib xurmoni chiqardilar. Ushlab turib aning barakasiga duo qilib, qaytarib xaltaga soldilar. So‘ngra Abu Hurayraga sahobalardan o‘n kishi chaqirib keltirmoqni buyurdilar. Bular kelgandan keyin shu xaltadan xurmo olib to‘yguncha yegizdilar. Yana o‘n odam chaqirib edilar, bular ham shu xurmodin yeb to‘yishdilar. Shunday qilib o‘n kishidan chaqirib shu xurmodan beraverdilar. Askarning barisini to‘ydirib qarasalar, xalta ichidagi xurmo yana boyagidek turmish edi.
So‘ngra Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ayt¬dilar:
— Ey Abu Hurayra, qay vaqtda xurmo yeging kelsa, xaltaga qo‘l solib olgil, ammo uning og‘zidan to‘kmagil.
Abu Hurayra aytur:
— Rasulullohning hayotlaricha shu xaltadan xurmo yeb va boshqalarga berur edim. Hazrati Abu Bakr, Hazrati Umar, Hazrati Usmon — bu uchovlarining davrlarida ham shu xaltadan yeb turdim. Hazrati Usmonning oxirgi kunlarida fitna qo‘zg‘alib, ul kishini shahid qildilar. Shu chog‘da Madinadan bir necha odamlarning uy-joylari talon-taroj bo‘ldi. Shu qatorda menim uyimni ham talab ketdilar. Mana shu fitna sabab bo‘lib, u baraka xaltadan ajrab qoldim. Bor molim yo‘qolib, koshki shu xaltam qolgan bo‘lsa, rozi edim. Oz deganda shu xaltadan oltmish tuyaga yuklik xurmo yegan edim. Raziyallohu anhu.

Qayd etilgan


Doniyor  04 Avgust 2006, 08:18:00

O‘TTIZ BIRINCHI MO’JIZA

Fahd ibn Atiyya rivoyat qilur:
«Rasululloh oldilariga o‘n necha yoshlik tilsiz, duduq bolani keltirib:
— Yo Rasulalloh, duo qiling, buning tili chiqsin,— dedilar.
Anda Rasululloh u bolaga qarab:
— Men kim bo‘lurman? — deb so‘radilar ersa, darhol bola:
— Siz Allohning payg‘ambaridursiz, — deb javob berdi.
Shu bilan tili ochilib ketdi.
Yana bir yangi tug‘ilgan bolani momosi keltirib:
— Barakot bo‘lgay, — deb Rasulullohning quchoqlariga qo‘ydi.
Unga qarab:
— Men kim bo‘lurman? — deganlarida:
— Siz Rasululloh erursiz, — dedi.
— Barakalloh, rost aytding, — dedilar.
Shu sababdan bu bola ismini Muborak qo‘ydilar».

Qayd etilgan


Doniyor  04 Avgust 2006, 08:18:18

O‘TTIZ IKKINCHI MO’JIZA

Rasulullohning xodimlari hazrati Anas bu voqeani shunday rivoyat qilur:
«Sahobalardan bir yigit vafot topdi. Aning bir ko‘r kampir onasi bor erdi. O‘lik iyagini bog‘lab kampir onasiga ta’ziyat aytdik. Onasi yig‘lab:
— Ey bor Xudoyo, o‘zing bilursan, men vatanimni tashlab, sening roziliging uchun payg‘ambar oldiga hijrat qilib keldim. Ko‘zim ko‘r, o‘zim ojiz erurman. Bu o‘g‘limdan o‘zga xizmat qilgudek mening yordamchim yo‘qdur. Ey rahmlik mehribon rabbim, bu musibatni mendan ko‘targil, — deb duo qilishi bilan yotgan o‘likka qaytadan jon kirdi. Yuziga yopgan pardani olib tashlab: «Alhamdulilloh» deb o‘rnidan turdi».
Bu ham bo‘lsa Rasulullohning mo’jizalari erur. Chunki ummatidan ko‘rilgan karomat ersa payg‘ambarning mo’jizasidan bo‘lg‘ay. Oy nurini quyoshdan olgandek, har ummatning avliyolari ko‘rsatgan karomatlarini o‘z payg‘ambarlaridan olgaylar.

Qayd etilgan


Doniyor  04 Avgust 2006, 08:18:34

O‘TTIZ UCHINCHI MO’JIZA

Sahobalardan bir kishi kelib:
— Yo Rasululloh, Islom diniga kirmasdan ilgari shu tog‘ ichida bir chuqurga ikki yoshli qiz bolamni tashlagan edim, nima bo‘lganidan xabarim yo‘qdur. Xudo oldida bunga nima javob ayturman? — dedi.
Arablarning eng yomon odatlaridan biri ikki-uch yoshli qiz bolalarini faqirlikdan qo‘rqib, yoki qabila urushlarida yengilur bo‘lsa, dushman qo‘liga asir tushib qolishidan nomus qilib, tiriklayin ko‘mar edilar. Islom kelganidan so‘ng bu odatlar yo‘qoldi. U kishi ersa Rasululloh bilan shu chuqur ustiga kelib qarasalar, andin hech bir nishona ko‘rinmadi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uning otini aytib:
— Alloh izni bilan menga javob qaytarg‘il, — dedilar. Shunda:
— Labbayka, yo Rasulalloh, — deb qizcha shu chuqurdan chiqa keldi.
Anda Rasululloh:
— Mana, ota-onang ersa Islom diniga kirdilar. Agar dunyo turmushini xohlar ekansan, seni ularga topshirurman, — dedilar.
Anda qizcha:
— Yo Rasulalloh, ularga hech hojatim yo‘qdur, dunyoga chiqishni xohlamayman, har yaxshilikni Alloh oldida topdim, — dedi».

Qayd etilgan


Doniyor  04 Avgust 2006, 08:18:52

O‘TTIZ TO‘RTINCHI MO’JIZA

Imom Bayhaqiy «Daloilun-nubuvva» degan kitobida shundan keltiribdur:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir kishini dinga da’vat qildilar. Uning bir qiz bolasi o‘lmish edi.
U:
— Agar o‘lgan bolamni tiriltirur ersang, men senga iymon keltirayin, — dedi.
— Andog‘ ersa, uning qabrini ko‘rsatgil, — dedilar Rasululloh.
Qizning otasi qabr ustiga boshlab keldi ersa, Rasululloh:
— Ey Faloniy, — deb chaqirdilar.
— Labbayka, yo Rasulalloh, — deb javob keldi qabrdan.
— Dunyoga qaytib chiqmoqni yaxshi ko‘rurmisan? — deb Rasululloh undan so‘radilar ersa.
Ul:
— Yo Rasulalloh, Xudo haqqi, dunyoga qaytmoqni xohlamaydurman. Ota-onamdan Allohni yaxshi ko‘rdim, dunyodan oxirat rohatini ortiq topdim, — dedi».

Qayd etilgan


Doniyor  04 Avgust 2006, 08:19:06

O‘TTIZ BESHINCHI MO’JIZA

Jobir ibn Abdulloh shundog‘ rivoyat qilur:
«Bir kuni Rasulullohga hadya qilmoqchi bo‘lib, bir qo‘yim bor edi, uni so‘yib pishirdim, katta choraga solib, Payg‘ambarimiz oldilariga keltirib qo‘ydim.
Anda ul zot:
— Mundan yegan kishilar suyagini sindirmasdan yesinlar, — dedilar.
Bu tamom yeyilgandan so‘ngra suyaklarini to‘plab ustiga muborak qo‘llarini qo‘yib, og‘izlari qimirlashi bilan unga jon kirib, bir qo‘y sakrab turdi. Bu ulug‘ qudratni ko‘rib, barcha sahobalar takbir aytdilar».

Qayd etilgan


Doniyor  04 Avgust 2006, 08:19:19

O‘TTIZ OLTINCHI MO’JIZA

Onamiz Hazrati Oisha roziyallohu anho rivoyat qilur:
«Madinada bir nopok, uyatsiz xotun bor edi. Bir kuni Rasululloh o‘tirgan edilar, ustilariga u xotun kirib qoldi. Oldilariga bir parcha qotgan go‘sht pishirib qo‘ygan edim, shundan yeb o‘ltirur edilar.
Muni ko‘rib, u xotun:
— Ko‘ringlar bu kishinikim, qul kishilardek taom yeydur, o‘ltirishlari ham qullarga o‘xshaydur, — deb aytdi.
Anda Rasululloh:
— To‘g‘ri, men Allohning qulidurman, qullardek o‘ltirib, quldek taom yeydurman, — dedilar.
So‘ngra ul xotun:
— Menga ham bu taomdan bering, yeb ko‘ray, — dedi.
Eb turgan go‘shtlaridan bir parchasini berib edilar, ul xotun:
— Yo‘q, og‘zingizdagi chaynab turgan go‘shtdan so‘rayman, — dedi.
Og‘zilaridagi chala chaynalgan go‘shtdan chiqarib unga berdilar ersa, u:
— O‘z qo‘lingiz bilan yegizib qo‘ying, — dedi.
O‘z qo‘llari bilan uning og‘ziga solib qo‘ydilar. Buni yutishi bilan tavfiq chirog‘i uning ko‘nglini yoritdi. O‘z zamonasidagi sharm-hayoli, soliha xotunlardan bo‘ldi».

Qayd etilgan


Doniyor  04 Avgust 2006, 08:19:38

O‘TTIZ YETTINCHI MO’JIZA

Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Rakona ibn Abdu Zaydni Makka ko‘chasida yolg‘iz turganini ko‘rdilar. Bu ersa, Quraysh yigitlari ichida eng kuchlik, atoqlik bahodirlardan edi.
Anga Rasululloh:
— Ey Rakona, endi iymon keltirgali vaqting bo‘lgandir. Agar xohlasang, payg‘ambarligimga mo‘jiza ko‘rsatayin, — dedilar.
Yiroqdan bir tup yog‘och ko‘rinib turmish edi.
Rakona:
— Andog‘ ersa, o‘shal ko‘rinib turgan daraxtni chaqirgil, shundog‘kim, teng yarmi o‘z o‘rnida qolsun, qolgan yarmi ersa kelib, sening payg‘ambarligingga guvohlik bersun, ana shunda iymon keltirgayman, — dedi.
Anda Rasululloh daraxtga qarab ishorat qildilar. Yarmi kelib Rasulullohga salom berdi.
— O‘z o‘rningga qayt, — deb yana ishorat qildilar ersa, daraxt qaytib borib yarmiga yopishdi.
Bu mo’jizani rivoyat qilguvchi sahoba aytur:
— O‘shal daraxtni ko‘rdim, yopishgan o‘rni uzun ip tortib qo‘ygandek bo‘lib bilinib turibdur.
Bu ulug‘ mo’jizani Rakona ko‘rdi ersa, ul aytdi:
— Bu ish sirrini men bila olmadim. Kel endi, ikkovimiz kurashaylik. Agar sen meni yiqitur bo‘lsang, bir qo‘ra qo‘yim bor, uning yarmini senga berayin.
Shu bilan ikkovlari kurashdilar ersa, Rasululloh uning belini ushlashlari hamon ko‘tarib yerga urdilar. Kuch-quvvatdan butunlay ajralmish edi, sharmanda bo‘lib o‘rnidan turgach:
— Ey Muhammad, armonim qolmasin, yana bir marta kurashaylik, — dedi.
Yana kurashgach, qo‘l uchlari tegishi bilan yiqilib, nima deyishini bilmay, hayron qolib turdi. So‘ngra aytdi:
— Ey Muhammad, Quraysh majlisiga borib qolsang, ularga nima aytursan?
— Rakonani yiqitib, uning yarim molini yutib oldim, deydurman, — dedilar.
Rakona:
— Yo‘q, andog‘ aytmagil. Bu ish men uchun qattiq nomusdur. Hadya qilib berdi, degil, — dedi.
Rasululloh aytdilar:
— Qandoq yolg‘on gapira olurman?
Anda ul:
— Hech yolg‘on so‘zlamasmusan? — dedi.
— Albatta so‘zlamaydurman, — dedilar Rasululloh.
So‘ngra Rakona:
— Endi aniq bildim, sen Allohning haq payg‘ambari ekansan, — deb darhol iymon keltirdi. Raziyallohu anhu.

Qayd etilgan