Alixonto'ra Sog'uniy. Tarixi Muhammadiyya  ( 295832 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 40 41 42 43 44 45 46 47 48 49 50 ... 74 B


Doniyor  04 Avgust 2006, 08:19:58

O‘TTIZ SAKKIZINCHI MO’JIZA

Ulug‘ sahobalardan Ammor ibn Huzayma rivoyat qilur:
«Madina xalqi Avs, Xazraj degan ikki qabila erdilar. Bular ichida Xazraj raislaridan Abu Omir degan kishi Rasulullohni ko‘rmasdan turib, doim maqtab, u zotni qachon ko‘rar ekanman, deb kutmakda edi. Chunki bu kishi Madinadagi yahud olimlaridan Rasulullohning sifatlarini ko‘p eshitgan edi. Bu so‘zni aniqlash uchun, Shom viloyatiga safar qildi. U joyda ham yahud, nasoro olimlari bilan ko‘rishib Tavrot, Injilda aytilmish oxirzamon payg‘ambarining sifatlarini ulardan ham aniqlab angladi. So‘ngra u yerdan yana Madinaga qaytib kelib, rohiblik havasiga tushdi. Riyozat qilib, jonlik narsalardan chiqqan ovqatni yemasdan, ulardan parhez qilib, egniga janda ki¬yib, toat-ibodat qilishga kirishdi. Shuning uchun buni arablar Abu Omir Rohib der edilar.
Aslida esa rohib deb, nasoro dinida er bo‘lsa xotun olmay, xotun bo‘lsa erga tegmay, jonlik hayvonlardan chiqqan ovqatlarni yemay, tarki dunyo qilib so‘fiylik qilgan kishini ayturlar. Bu ham shu yo‘lni tutganlardan edi. Ammo arablarga o‘zini Ibrohim Halilulloh dinini tutgandek ko‘rsatur edi. Oxirzamon payg‘ambarining hijrat qilib kelar joyi Madina degan so‘zni Shom olimlaridan anglab, bu ish qachon bo‘lur ekan deb qizg‘inlik bilan kutmoqda edi. Shu orada Payg‘ambarimiz ham Islom tug‘ini ko‘tarib Makkadan chiqdilar.
Bu xabar butun Arabistonga tarqaldi. Kecha-kunduz shu ishni kutmoqda bo‘lgan Abu Omir, o‘n uch yil ichida biror yo‘l bo‘lsa ham Makkaga borib Rasululloh bilan ko‘rishmoqni tilamadi. Yo‘q esa, bu ishni bilish uchun safar mashaqqatlarini chekib, Shom viloyatiga ham borgan edi.
Bu muddat o‘tgandan so‘ngra Rasululloh Makkadan Madinaga hijrat qilib keldilar ersa, shu kundan boshlab uning hasadi qo‘zg‘alib kundan-kunga dushmanligi ko‘paygali turdi. Bir kuni ul Rasululloh qoshlariga kelib:
— Ey Muhammad, qanday din keltirding? — dedi.

Qayd etilgan


Doniyor  04 Avgust 2006, 08:20:09

Anda Rasululloh:
— Haq din keltirdim, — dedilar ersa:
— Yo‘q, sen uni boshqasiga aralashtirding, — dedi.
Rasululloh:
— YOlg‘on aytursan, menim keltirganim yoruq, yumshoq, arig‘ (toza) dindur. Yahud, nasoro olimlaridan eshitgan so‘zlaring qayerda qoldi? Alar ersa menim sifatlarimni senga aniqlab aytmish edilar, — dedilar.
Anda ul:
— Ular aytgan oxirzamon payg‘ambari sen emasdursan, — dedi. Payg‘ambarimiz:
— Bu so‘zing yolg‘ondur, ochiq yolg‘on aytding, — dedilar.
— Kim yolg‘onchi bo‘lsa, el-yurtidan chiqib, yolg‘iz qolib, sarsonlikda o‘lsin, — dedi rohib.
Payg‘ambarimiz ham:
— Iloho, shundog‘ bo‘lsin, — dedilar.
Bu so‘zdan uning maqsadi ersa Rasulullohga tekkizib, sen Madinaga shundog‘ bo‘lib kelgansan, demoqchi edi. So‘ngra ul o‘z yurti Madinani tashlab Makkaga ko‘chib borib, mushriklarga qo‘shildi. U yerda turganda Rasulullohga qarshi qo‘lidan kelgan yomonligini qildi.
Hijratning sakkizinchi yili Makka fath bo‘lgach, qochib, Toyifga bordi. Toyifni qamal qildilar. Ko‘p o‘tmay, ular ham iymon keltirishdi. U yerga ham sig‘may qolib, Shomga qarab qochdi. Eng oxiri, bola-chaqalaridan ham ajrab, Payg‘ambarimiz aytganlaridek, tentirab yurib o‘ldi.

Qayd etilgan


Doniyor  04 Avgust 2006, 08:20:25

O‘TTIZ TO‘QQIZINCHI MO’JIZA

Mutrif ibn Molik rivoyat qilur:
— «Hazrat Umarning xalifalik davrlarida Islom g‘oziylari bilan chiqib, Eronistonda Tastar shahrini fath qildik. O‘ljaga tushgan mollarning hisobi yo‘q edi. Bular ichidan bir sandiq chiqdi. Ochib qarasak, eskidan uning ichida bir kitob bor ekan. Biz bilan hamroh yurgan Naim nomlik bir nasoro kishi u kitobni ko‘rib, menga sotgil deb so‘radi ersa, sandiqni sotib, kitobni unga hadya qilib berdim.
So‘ngra oradan bir muncha zamon o‘tib Hazrati Muoviya zamonida Quddusi sharifga keldim. Bir kuni shahar ko‘chasida, bundan ko‘p yillar ilgari Tastar shahrida kitob hadya qilgan kishiga yo‘liqib, uni tanidim. Ko‘rishgandan so‘ngra:
— Ey Naim, hali ham o‘z diningda erurmisan? — deb so‘radim.
— Yo‘q! Alhamdullilloh, Islom dinini qabul qildim, — dedi.
So‘ngra u bilan Damashq shahriga kirmoqchi bo‘ldik. Ka’bul Ahbor ham bizga qo‘shilib, uchovimiz Damashq¬-qa keldik. Bu kishi ersa shu zamonning ulug‘ olimlaridan edi. Buni anglab yahud, nasoro olimlaridan bir qanchalari uning ziyoratiga keldilar. Tastar shahridan topilgan kitob Naimning qo‘lida edi. Bu kitob ersa o‘tgan payg‘ambarlardan qolgan va Eronistonda nusxasi saqlanganlikdan asli nusxasi buzilmagan edi. Buni bilib Ka’bul Ahbor:
— Bu kitobni o‘qib ko‘ringlar-chi, — deb ularning qo‘liga berdi ersa, bir oz o‘qigandan so‘ngra o‘qiguvchining rangi o‘zgarib, o‘qishni to‘xtatdi.
Anda Naimning g‘azabi kelib:
— Bu kitob ersa, xiyonat qo‘li tegmagan, oyatlari o‘zgarmagan qadimgi kitob ekandur. Agar oxiriga yetguncha o‘qimas ersang, mendan sog‘ qutila olmaysan, — dedi.
U ham nochor bo‘lib o‘qigan erdi, bu oyat chiqdi: «Va man yabtag‘i g‘oyrol Islomi dinan falan yuqbala, minhu va huva fil oxirati minal xosirina».
Ya’ni, «Kim Islom dinidan boshqa dinni tutsa, hech qachon qabul qilinmaydur. Ul kishi oxiratda ziyon ko‘rguvchilardan, bo‘lur».
Bu so‘z ersa, butun Shom xalqiga tarqaldi. Keyingi Tavrot, Injil kitoblarini buzib, dinga xiyonat qilganlari barchaga ma’lum bo‘ldi. Yo‘q ersa, Rasulullohning sifatlari ilohiy kitoblarning barchasida yozilmish edi. Shu ish sabab bo‘lib, bir kun ichida Shom shahrining yahud, nasoro olimlaridan qirq ikki kishi iymon keltirdilar. Shu kuni musulmonlar uchun bayram kunlaridek suyunchlik bo‘ldi. Hazrati Muoviya tomonidan bularga hadyalar yuborildi.

Qayd etilgan


Doniyor  04 Avgust 2006, 08:20:41

QIRQINCHI MO’JIZA

Ka’bul Ahbor rivoyat qilur:
«Bani Isroil qavmi haq yo‘ldan adashib o‘z pay¬g‘ambari Hazrati Armiyo alayhissalom nasihatlarini qabul qilmadilar. Shuning uchun Alloh taolo ularga qahr qilib Buxti Nasr degan podshoni yubordi. Yahudlar ustiga hisobsiz cherik keltirdi. Bu ersa, Qur’onda aytilgan Bobil shahrining podshosi edi. Yahudlar bunga qarshi turolmadilar. Falastin viloyatiga bosib kirib Baytul Muqaddasni buzib, butunlay xarob qildi. Shahar xalqini qatliomga buyurdi. O‘limdan qolganlarini asir olib, Bobilga qarab jo‘nadi. Bular ichida Doniyol payg‘ambar ham bor edilar. Bu yerga kelib bir qancha zamon o‘tgandan keyin Buxti Nasr bir kecha qo‘rqinchlik tush ko‘rib uyg‘ondi ersa, ani unutmish edi. Qo‘ruqchi, sehrchilarni yig‘ib:
— Bu kecha uyqumda bir tush ko‘rmish edim. Endi siz shu tushimni topib, uning ta’birini ayting, — dedi.
Anda ta’birchilar:
— Eshitmagan tushga qanday ta’bir aytgani bo‘lur?— dedilar. Anda podshohning g‘azabi kelib:
— Bir kunimga yararmikinsizlar deb sizlarni tarbiyat qilmish edim. Agar uch kun ichida buning ta’birini topmas ekansiz, barchangizni o‘ldirurman, — dedi.
Alar buni anglab, qattiq g‘amgin bo‘ldilar. Bu ish uddasidan qandog‘ chiqa olgaymiz, deb motamda qoldilar. Bu voqeaning xabari shahar ichiga tarqaldi. Shu kunlarda ersa, hazrati Doniyol zindonda edilar.
Hammadan ilgari bu xabar zindonga yetgan edi. Bir kun Doniyol alayhissalom zindonchiga:
— Sen borib podshoga yetkaz, ko‘rgan tushini men aytib berurman, ham uni ta’bir qilurman, — dedilar.
Zindonboshi bu so‘zni Buxti Nasrga yetkurdi ersa, uni darhol kelturmaklarini buyurmish. Podsho oldiga har kim kirsa unga sajda qilur erdi.
Doniyol alayhissalom uning qoshiga kirganlarida bu odatni qilmadilar. Buning bu jur’atiga podsho ajablanib:
— Bu ishda bir sir bo‘lg‘aymu? — deb o‘yladi. Boshqa kishilarni tashqari chiqarib, so‘ngra Doniyolga aytdi:
— Kishi qilmagan bir ish qilding. Nega menga sajda qilmay kirding? — dedi.

Qayd etilgan


Doniyor  04 Avgust 2006, 08:20:53

Anda Doniyol alayhissalom:
— Menim bir Tangrim bordur, tush ta’bir qilmoq ilmini menga ul o‘rgatmishdir. Agar undan o‘zgaga sajda qilur ersam, bu ilmni mendan olib qo‘yg‘aymu deb qo‘rqdim. U chog‘da sen ko‘rgan tushni topib yo‘ruyolmay qolsam, meni o‘ldirursan. O‘zing ham tush ta’birini o‘ylab g‘amda qolursan. Har ikkovimizga ham foyda bo‘lg‘ay deb, sajda qilmadim, — dedilar.
Bu so‘zni anglagandan so‘ngra Buxti Nasr:
— Endi esa menim oldimda sendan ortiq ishonchlik hech kishi yo‘qdur. Shuning uchunkim, sen o‘z Tangring buyrug‘ini ching (qattiq) tutmish kishi ekansan. Menim qoshimda eng yaxshi ko‘rilganlar shu sendek kishilardur. Ko‘rgan tushimning yo‘rimini bilarmisan?, — dedi.
Anda Doniyol:
— Alloh menga bildirmishdir. Tushingda haykalga o‘xshash katta bir but ko‘rding. Aning boshi oltindan, ko‘kragi kumushdan, qorni misdan, oyog‘i temirdan, tovoni sopoldan. Sen uni ko‘rib, hayron qolib qarab turmish erding, shu orada osmondan gurullab bir tosh tushib u butning boshiga shunday urdikim, ul parcha-parcha bo‘lib tuproqqa aralashib ketdi. Shamol bo‘lsa uchirgudek bo‘lib, to‘zgani turdi.
So‘ngra sen u toshga qarab hayron bo‘lib turib eding, tosh yo‘g‘onlashib o‘sishga boshladi, borgan sayin yo‘g‘onlashib, yer yuzini butunlay qopladi. Shundoqkim yer-ko‘kda u toshdin bo‘lak hech biron narsa senga ko‘rinmay qoldi.
Anda Buxti Nasr:
— To‘g‘ri topding, xuddi shunday ko‘rmish edim. Endi aytgil, muning ta’biri nimadir? — dedi.
Doniyol alayhissalom:
— Ul butning ta’biri yer ustidagi podsholardur, ularning qaysi birlari oltinga o‘xshaydur, qay birlari kumushdek bo‘lur. Mis Rum podshosi erur. Temir Fors Xisravidur. Ikki sopol tovon ikki xotun podshohdurkim, biri Rumga, ikkinchisi Fors ahliga podsho bo‘lgaylar. Ammo osmondan tushgan tosh — bu bir dindurki, buning boshiga urib parchaladi. U din oxirzamonda arablardan chiqadigan Islom dinidur, uni Rasululloh orqalik Alloh yuborur. Bu din butun yer ustini qoplab, barcha dinlarni yengib, yolg‘iz o‘zi qolg‘ay. Ko‘rgan tushingizning ta’biri shu bo‘lg‘ay, — dedilar».

Qayd etilgan


Doniyor  04 Avgust 2006, 08:21:44

QIRQ BIRINCHI MO’JIZA

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Makkadan Madinaga hijrat qilmasdan ilgari bir qizlari amakilari Abu Lahab o‘g‘li Utaybaning nikohida edi.
Rasulullohga payg‘ambarlik vahiysi kelgandan so‘ng dastlab Quraysh xalqini dinga da’vat qildilar. Ular borliq kuchlari bilan qarshilik qildilar. Ayniqsa, o‘z amakilari Abu Lahab bu ishda birinchilikni olgan edi. Buning haqqida Masad surasi tushgandan so‘ngra uning dushmanligi ilgarigidan ham ortiqroq bo‘ldi. Abu Lahab boshliq Quraysh raislari Utaybaga Rasululloh qizlariga taloq berib, o‘zlariga aziyat yetkizmog‘ini buyurdilar. Bu ham dushmanlikda otasi Abu Lahabdan qolishmas edi. Shu orada ota-bola tijorat uchun Shom safariga chiqmoqchi bo‘ldilar. Ketar chog‘ida Utayba Rasululloh qoshiga kelib:
— Ey Muhammad, sening keltirgan dining, so‘zlaring — hammasi yolg‘ondur. Kofirligimga qasam qilurmanki, qizingni taloq qildim, — dedi.
Bu qilgan so‘ziga qanoat qilmasdan yana Rasululloh yuzlariga qarab:
— «Tuf» senga! — dedi.
Bu baxtsiz kishi shundog‘ ulug‘ adabsizlikka jur’at qilib, qarindoshlik haqqini saqlamadi. Uning so‘zidan Rasulullohning ko‘ngillari qattiq ranjidi.
Aning uchun:
— «Allohumma sallit alayhi kalban min qilobika», ya’ni «Ey bor Xudoyo, itlaringdan bir itni bularga yuborgil, — deb uni qarg‘adilar.
Bu so‘zdan uning ko‘ngliga qattiq qo‘rqinch tushdi. Shu bilan karvonga qo‘shilib Shom safariga chiqdi. Otasi Abu Lahab ham birga edi. Arab tuprog‘idan chiqqach yo‘lda bir manzilga yetdilar. Bu joyda nasoro rohiblarining ibodatxonalari bor edi.
Alardan birovi kelib:
— Ey karvon ahli, bu yerda yirtqich hayvonlar ko‘pdir, hushyor bo‘lib yotinglar, — dedi.
Bolasi haqida Rasulullohning qarg‘ishlarini Abu Lahab ham eshitgan edi. Uning ustiga rohib so‘zi qo‘shimcha bo‘ldi, bolasidan qattiq qo‘rqinchga qolib:
— Ey karvon ahli, bolamga qilgan Muhammadning qarg‘ishidan qo‘rqaman, bu kecha soqchilik qilib bolamni kuzatib beringlar, — deb ulardan o‘tindi.
Uning so‘zini anglagach, karvon ahli yuklarini qo‘rg‘on qilib, ortidan tuyalarini cho‘ktirib, Abu Lahab o‘g‘lini o‘rtaga olib yotdilar. Yana bir necha joyga qorovul ham qo‘yilmish edi. Shunchalik hushyorlik bilan tursalar ham Allohdan amr bo‘lgach, barchalari uxlab qoldilar. Osmondan tushgandek shu kecha bir arslon karvon qo‘rg‘oni ichiga kirdi. Uyquda yotgan kishilar yuzini iskab yurib, qazodan qochgan Utaybani topdi ersa, po‘lat changalini uning yuziga botirib parchalab tashladi. Rasulullohning yuzlariga qilgan adabsizligi o‘z yuziga urdi.

Qayd etilgan


Doniyor  04 Avgust 2006, 08:21:56

QIRQ IKKINCHI MO’JIZA

Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalarga:
— Bu kecha iymon uchun yer ustidagi har turlik jinlardan elchilar kelur. Alar bilan suhbat qilgayman. Men bilan shu kecha kim birga bo‘lur? — dedilar.
Anda Ibn Mas’ud:
— Men borurman, yo Rasulalloh, — deb o‘rnidan turdi.
So‘ngra har ikkovlari Makka shahrining yuqori yog‘iga qarab ketdilar. Bir yerga kelgach, Rasululloh aylantirib chiziq qilib, Ibn Ma’sudga:
— Bu chiziq ichida o‘lturgin. Mundan tashqari chiqa ko‘rma. Allohni ko‘nglingda yod qilgil, hech bir narsadin qo‘rquvchi bo‘lma. Turli suratdagi jinlar ko‘zingga ko‘ringaylar. Alarga gapirma. Chiziq ichiga kirolmagaylar. Agar bu chiziq tashqarisiga chiqar ersang, qiyomatgacha seni topolmagaymiz, — dedilar.
So‘ngra Rasululloh alar majlisiga bordilar ersa, to‘rt yoqdan turli suratdagi jin elchilari kelishgali turdi. Bular ichida arslon suratlik, burgut suratliklari ham bor edi. Shunday qilib yer-ko‘k bularga to‘ldi.
Ibn Mas’ud ko‘rib, hayron qolib o‘ltirdi. Lekin hech birovlari chiziqqa yaqinlashmas edilar. Rasulullohni o‘rab o‘ltirishib, ilgari iymon keltirganlari ersa, Qur’on o‘qib, shariat o‘rganishur edi. Yangidan kelishganlari bo‘lsalar iymon aytib dinga kirishur edi. Shundoq qilib, tong otguncha Rasululloh bilan o‘ltirib ular suhbat o‘tkazdilar. Majlis tugar chog‘ida:
— YO Rasulalloh, Qur’ondan tilovat qilib bersangiz, bizlar ham o‘z og‘zingizdan Xudo so‘zini eshitsak,— dedilar.
Anda Rasululloh ularga «Ar-rahmon» surasini o‘qib berdilar. Bu surada o‘ttiz joyda «Fabiayyi alai rabbikuma tukazziban» kelur. Bu oyatning ma’nosi: «Alloh sizlarga bergan ne’matlarining qaysi birini yolg‘on deb ayta olasiz?» Bu ersa insu jinga qarata Allohning aytgan so‘zidur. Rasululloh shu oyatni har o‘qiganlarida jinlar:
— Hech birini yolg‘on deya olmaymiz, yo Rabb, — deyishib, javob berib turdilar.

Qayd etilgan


Doniyor  04 Avgust 2006, 08:22:09

Bu so‘zlari Rasulullohga ko‘p xush keldi. Tilovat tamom bo‘lgach, elchi jinlar Rasulullohdan sovg‘a so‘radilar.
Anda Rasululloh:
— Menim ummatlarimning qiyomatgacha yegan go‘shtlarining suyaklari ilgarigidek go‘shtlik bo‘lib sizlarga taom bo‘lsin va alarning mingan otlarining tezaklari ersa sizlarning otinglarga yem bo‘lsin. Mana shu narsani sizlarga tuhfa qildim, — dedilar.
Go‘shtini yeb qoldirgan bizning suyaklarimiz va otlarimizning tezaklari jin birodarlarimizga tuhfa bo‘ldi. Shuning uchun shariatda bu narsalar bilan kishi o‘zini tozalab, istinjo qilishi durust emasdur. Rasululloh bundan qaytardilar. So‘ngra Rasululloh qaytib kelganlarida bu voqeani sahobalarga gapirdilar.
Anda sahobalar:
— Bizga ham o‘qib bering shu surani, yo Rasulalloh,— deyishdi.
Bularga ham tilovat qilib Ar-rahmon surasini tamom o‘qidilar. Sura tamom bo‘lguncha sahobalar sukutda bo‘lishib o‘ltirdilar.
Anda Rasululloh:
— So‘z maromini sizlardan jin birodarlaringiz yaxshiroq bilur ekan. Ular har bir «Fabiayyi alai rabbikuma tukazziban»ni o‘qiganimda javob qaytarib turishdi, — deb marhamat qildilar.
Shuning uchun bu sura o‘qilsa, har bir «Fabiayyi alai rabbikuma tukazziban» deganda jinlardek javob aytib turmoq eshituvchilarga sunnat bo‘ldi.

Qayd etilgan


Doniyor  04 Avgust 2006, 08:22:23

QIRQ UCHINCHI MO’JIZA

Abdulloh ibn Mas’ud rivoyat qiladi:
«Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
— Bir joyga borurmiz, yurgil, — deb qo‘limdan tutdilar.
Shu yurganimizcha shahar tashqarisiga chiqdik. So‘ngra meni bir yerga o‘lturg‘izib atrofimga xat chizdilar va:
— Bu xat ichidan zinhor tashqari chiqmagin, sening oldinga turli suratda kishilar kelgaylar. Alarga sen gapirmagin va kelgunimcha shu darajadan chiqmay o‘ltirgil, — dedilar.
Rasululloh ketdilar ersa, aytganlaridek, har yoqdan turli xil kishilar kelgani turishdi. Hech biri chiziqqa yaqinlashmasdan Rasululloh turgan joyga borishur edi. Shundog‘ bo‘lib kechaning oxirida Rasululloh u joydan qaytib keldilar ersa, tizzamga bosh qo‘yib, ko‘zlari uyquga ketdi. Qarasam, oq libos kiygan bir qancha odamlar osmondan tushgali turdilar. Bularning husni-jamollaridan, kiygan liboslaridan ko‘z qamashur, aqllar lol bo‘lur edi. Bularning qaysilari Rasulullohning bosh-oyoqlariga, qaysi birlari ersa oyoq tomonlariga kelishib o‘ltirar edilar. So‘ngra, o‘zaro so‘zlab turib:
— Bu kishiga Xudo tarafidan berilgan ne’mat, hech bir odamga berilmagandur. Mundog‘ ulug‘ darajalik inson hech qachon ko‘rilmagan. Uni qaranglar-chi, ko‘zi uxloq ko‘ngli uyg‘oqdir. Buning misoli shuldurkim, bir podsho eng chiroyli bir saroy solmishdir. Uning ichini yasab, har turlik ne’matlar bilan to‘ldirmishdur. So‘ngra u podsho elchilar, jarchilar yuborib yorliq qilmishkim, hech kim qolmay mening saroyimga kirib ular uchun tayyorlangan cheksiz ne’matlarimdan xohlaganlaricha yesinlar, men ulardan rozi bo‘lurman. Agar jarchilar so‘zlariga quloq solmay menim saro¬yimga kelmasalar, ularga qahr qilurman, demishdur. Mana bu podsho Allohdur. Yasalmish nozu-ne’matga to‘lmish saroy ersa Allohning jannatidur, xalqni chaqirmoq uchun yuborgan elchisi Muhammaddur. Kim Muhammadning so‘ziga kirib, uning chaqirig‘ini qabul qilmas ekan. Tangrining qahriga qolib abadiy azobga yo‘liqqay, — dedilar.
So‘ngra ular yana ko‘kka ko‘tarilib ko‘zdan g‘oyib bo‘ldilar. Shu orada Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uyqudan uyg‘onib:
— Ey Ibn Mas’ud, bular so‘zlarini angladingmi? Ularning kimlar ekanini bildingmi? Bular ersa Allohdan kelgan farishtalardurlar, — dedilar».

Qayd etilgan


Doniyor  04 Avgust 2006, 08:22:43

QIRQ TO‘RTINCHI MO’JIZA

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Zotur Riqo’ g‘azotidan qaytib kelayotganlarida Subayh degan kishi Payg‘ambarimiz bilan ko‘rishgali keldi. Bu ersa Bani Muhorib qabilasining raisi edi. Bir otga minib, bir tuyani yetaklagan holda Rasululloh qoshig‘a kelib:
— Ey Muhammad, sen Xudodan kelgan payg‘ambar emishsan. Agar shu so‘zing chin bo‘lsa, bu minib turgan biyamning qornidagi quluni erkakmi, urg‘ochimi, aytib ber, — dedi.
— G‘aybni Alloh bilur, — dedilar.
— Muni bilmas ersang, yomg‘ir qachon yog‘ar, men ertaga nima ish qilurman, qaysi yerda o‘lurman — shulardan menga xabar bergil, — dedi.
Shu chog‘da Allohdan bu oyat keldi:
— «Innalloha indahu ilmus-so’ati va yunazzilul g‘oysa va ya’lamu ma fil arhomi va ma tadriy nafsun maza taksibu g‘odan va ma tadriy nafsun biayyi arzin tamut».
Ya’ni, «Qiyomat qachon bo‘lishini Alloh biladi. O‘zi xohlagan chog‘da yomg‘ir yog‘dirur, hayvon yotqusida (bachadonda) nima bor, o‘zi bilur, ertaga nima ish bo‘lishini, qaysi joyda o‘lishini hech kim bila olmas», demakdur.
Buni anglagach, ul adabsiz:
— Ey Muhammad, sening Xudoyingdan menga bu tuyam yaxshiroqdur.
Anda Rasululloh:
— Menim Parvardigorim o‘zimdan, jonimdan, bola-chaqalarimdan menga sevikliroqdur, — deb darhol boshlarini sajdaga qo‘ydilar.
So‘ngra boshlarini sajdadan ko‘tarib unga:
— Ey Muhorib, Alloh taolo menga shundog‘ xabar berdikim, sening yuzingga bir yomon yara chiqib, po‘st go‘shtlaringni oqizib tushirgay. Ko‘p azob tortib shundan o‘lursan, so‘ngra do‘zaxga ketursan, — dedilar.
Oradan ko‘p vaqt o‘tmay, Rasululloh aytganlaridek, uning yuziga bir yomon yara chiqib, yuz-ko‘zlari oqib to‘kildi. Uning sassig‘idan kishilar qochib, yoniga yaqinlashmaydigan bo‘ldilar. Muhammad bir so‘z demish edi, uning aytganidek bo‘ldi, degan bo‘lsa ham, tavba qilib iymon keltirmadi va dunyodan shunday o‘tdi.

Qayd etilgan