Alixonto'ra Sog'uniy. Tarixi Muhammadiyya  ( 379144 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 ... 74 B


Doniyor  20 Iyul 2006, 07:41:22

So‘ngra Payg‘ambarimiz ham kirishga ruxsat berdilar. Qarasalar, Hazrati Umarning yuzi dushmanlar yuzidek ko‘rinmaydi, sahobalar barobar turishib, eshik oldida Hazrati Umarni qarshi oldilar, Payg‘ambarimiz aning belidin ushlab, bir-ikki silkitgandin so‘ngra:
— Ey Umar, qaysi niyat ila kelding, xudo seni cho‘chitmaguncha to‘xtamaysanmi? — dedilar.
— YO Rasulalloh, Allohga va uning Payg‘ambariga iymon keltirib, Islom diniga kirgani keldim, — dedi. Payg‘ambarimiz boshlab, shu joydagi barcha sahobalar bu so‘zni onglashlari bilan, suyunib takbir sadosini ko‘tardilar, shul onda Hazrati Umar ham hammaning oldida shahodat aytib, iymonga musharraf bo‘ldi.
Arab bahodirlari, Quraysh sayidlaridin bo‘lgan bu ikki bahodir iymon keltirishlari bilan Islom dini rivojlanishga yuz qo‘ydi. Sahobalarning ham ko‘ngillari tinchib, o‘z uylariga tarqaldilar, yo‘q esa bulardin ilgari dushmanlar andishasidin o‘z joylarida yotisha olmay, Arqam sahobaning uylariga yig‘ilishgan edi. Mana shundoq bo‘lib, Hazrati Umar iymonga kirishlari bilan, mo‘minlarning soni qirqqa yetdi. Endi qirq kishining himmati, niyati bir maqsad ustiga to‘plansa, aning qirqi chiqdi demakdur. Sonlar ichida qirq sanog‘i diniy tomondin qaralganda ham bir xosiyatga ega ekanligi ma’lum bo‘ldi. Chunki Payg‘ambarimiz aytdilar: — «Har kim qirq kungacha uzmasdan dilini Xudo yodida tuta bilsa, uning dilidin hikmat bulog‘i tiliga qaynab chiqar».
   

Qayd etilgan


Doniyor  20 Iyul 2006, 07:41:31

Mana shuning uchun o‘tgan avliyolar xilvat tutib, chilla o‘ltirishni o‘zlariga odat qilmishlardur. Bu ishda ularning dalillari yuqoridagi hadisdur. «Nafahoti sharif» kitobida keltiribdurkim, o‘tgan ulug‘ avliyolardin shayx Najmiddin Kubro, aning laqablari shayx Valiy Tarosh edi. Buning ma’nosi esa Valiy (do‘st) qilguvchi demakdur. Sababi bu erdikim, bu zot qirq kunlik chilla ibodatini tamomlab, chiqar chog‘ida chillaxonaning bir tarafiga ko‘ru shollar va boshqa har turlik bemorlar, ikkinchi tarafiga esa sodiq muridlar tizilishib turar edilar. Bularning maqsadlari o‘z dardlariga shifo topish edi. Shayx rahmatullohi alayhi xilvatxonadin tashqariga qadam qo‘ygan chog‘larida ko‘zlarini qoplagan qoshlarini ko‘tarib, botiniy (ichki) tavajjuh ila ularga bir nazar qilur edilar. Bu «kimyo asar» nazarlari anfosi Isodek ul bemorlarning zohiriy va botiniy dardlariga shul onda Xudo izni ila shifoi komil bag‘ishlar edi. Avliyolar tarafidin favqulodda bundoq ishlar Islom olamida inkor qilinmaslik darajada bek ko‘pdur. Payg‘ambarlar qo‘llaridin ko‘rilgani mo‘jiza bo‘lib, avliyolar tomonidin bo‘lgani karomat, deb ataydilar. Haqiqatda esa har ikkovi haqligining isboti uchun dalil tarzida Alloh taolo tarafidin ko‘rsatilgan bir qudrat ko‘rsatishdur. Payg‘ambar mo’jizasi, avliyo karomati haqdur. Bularga inonmoq vojiboti iymondin sanalur. Ona qornida inson bolasining tana tuzilishi uchun uch turlik davr o‘tkazishi lozimdur.
1. Nutfalik 2. Alaqalik 3. Mudg‘alik davrlari.
Mana bu uch turlik davrning har birida qirq kunlik ilohiy bir tarbiyat tamomidan so‘ngra, nafhi ruh bo‘lib, ul tanaga jon kiradi. Muso alayhissalom Turi Sino tog‘iga chiqib, Alloh taolodin roz eshitish oldida Xudo tarafidin qirq kun ro‘za tutishga buyruldilar. Hazrati Yunus payg‘ambar baliq qornida qirq kun turib chiqqanlari rivoyat qilinur. Arvohlar ort¬larida qolgan oilalariga o‘n yilgacha har hafta juma oqshomi, juma kunlarida kelib, fotiha umid qilurlar, so‘ngra o‘n yildan qirq yilgacha har yilda bir bor ikki iyd kunlari kelurlar. Ondin keyin kelishlari to‘xtaydi. Tiriklar tomonidan qilingan fotihalar, xayru ehsonlar ularga yetib turadi. Sahobalarning sonlari Hazrati Umar bilan qirqqa yetishi munosabati ustida bu qadar so‘zlandi. O‘qiguvchilar uchun foydadin xoli bo‘lmas, inshaalloh!
   

Qayd etilgan


Doniyor  20 Iyul 2006, 07:41:45

ISLOM DINIGA UMUMIY DA’VAT VA HABASHISTONGA BIRINCHI HIJRAT

Hazrati Umar iymonga kelishi bilan dedikim: «Yo Rasulalloh, bizning dinimiz haq, yo‘limiz to‘g‘ri bo‘lgandin keyin bunday yashirinib yurishimizning yo‘li yo‘qdur, bizlar barcha xalqni bu dinga da’vat qilib, bu haqiqatni yuzaga chiqazishimiz kerak. Endigi diniy ibodatlarimizni Baytulloh huzurida ochiq ravishda ado qilaylik», dedi. Bu so‘zga hammalari qo‘shilib, qirq kishidin tuzilgan bir jamoat, Pay¬g‘ambarimiz boshliq shu hay’atlaricha Quraysh xalqining kundalik majlis joylari — Baytulloh oldiga chiqdilar. Mana shu kundin boshlab, Islom diniga da’vat ishlari oshkora bo‘ldi. Buni ko‘rgan Quraysh mushriklarining g‘azablari qattiq qo‘zg‘olib, musulmonlarga har turlik iyzo(ozor)-ihonat qilishga kirishdilar. Shundoq bo‘lsa ham iymon keltirguvchilar sonlari kundan-kunga ko‘paymoqda edi. Shunga ko‘ra, ularga har taraflama ozor ishlar ham ko‘paydi. U holdagi musulmonlar uchun dushmanlariga qarshi mudofaa qilish vaqti hali kelmaganlikdan sabr qilib chidashdan yoki ikkinchi bir hukumat qo‘l ostiga hijrat qilishdan boshqa choralari yo‘q edi. Shuning uchun Payg‘ambarimiz musulmonlarning ko‘rgan azoblariga ichlari og‘riganlikdin hijrat qilishga ruxsat qildilar. U zamonda Habashiston mamlakati Arabistonga chegaradosh edi. Najoshiy nomlik podshosi bilan butun xalqi nasoro dinida edi. Lekin bu podshoh o‘zi olimlardin bo‘lib, Tavrot, Injil kitoblarida Payg‘ambarimizning sifatlarini ko‘p ko‘rgan edi. Iso alayhissalom bashorat bergan oxirzamon Payg‘ambarining chiqar vaqti yaqin bo‘ldi, deb o‘zi ham kutmoqda edi. Mana shuning uchun Payg‘ambarimiz sahobalarini shu yoqqa hijrat qilishga buyurib:
— Ul joyning podshosi haqiqatsevar, dinparvar, odil kishidur, hijrat qilib, aning panohiga borguvchi musofirlar haqida hech qandoq jabr-zulmga yo‘l qo‘ymaydur, shu joyga borib, dininglarni, joninglarni tinch-omon saqlab, fursat kutib turinglar. Qachonki, bizlar kuch-quvvat topib, bu ishimiz rivojlansa, shu chog‘da xabar qilsak kelursizlar, — dedilar.

Qayd etilgan


Doniyor  20 Iyul 2006, 07:41:54

Mana shu sabablik, birinchi navbatda sahoblardin eru xotun bo‘lib, un uch nafar kishi yashirin yo‘l bilan Habashistonga hijrat qildilar. Mana shu hijrat islom yo‘lida qilingan hijratlarning birinchisi edi. Bular ichida Hazrati Usmon va juftlari Ruqiya — Payg‘ambarimizning qizlari bor edi. Ular ketganlaridin so‘ngra Quraysh mushriklari quvishib chiqqan bo‘lsalar ham, alarga yetolmay, yo‘ldin qaytdilar. Lekin bu muhojirlar borganlariga olti oy bo‘lmay turib, Quraysh xalqi dinga kirmishlar, degan yolg‘on xabar eshitishlari bilan, hammalari qaytib keldilar. Kelganlaridin keyin ko‘rgan aziyatlari ilgarigidin ham ko‘proq bo‘ldi. Quraysh mushriklari qarasalar, hazrati amir Hamza, Hazrati Umar, — bu ikkovlari iymon keltirishlari bilan, Islom dini rivojlanishga boshladi. Ular bu chirog‘ni o‘chirish qasdida, har turlik choraga kirishdilar. Quraysh raislaridin Utba ibn Robi’a degan kishini Payg‘ambarimizga yubordilar. Ul kelib, dedikim:
— Ey qarindoshim o‘g‘li Muhammad, sen bo‘lsang Quraysh qabilasi ichida hasab-nasablik, qadr-qimmatga ega bo‘lgan bir kishimiz eding, nima bo‘ldikim, hech xayolimizga kelmagan bir ulug‘ xodisa kelturding. Shu sabab ila o‘zaro ittifoqimiz buzilib, jamoatimiz tarqaldi. Oramizga dushmanchilik tushdi, dinimizni xo‘rlab, butlarimizni haqoratlading, ota-bobolarimiz yo‘llarini tashlading, endi men senga Quraysh xalqi tomonidin vakil bo‘lib keldim. Alarning topshiriqlari bo‘yicha bir necha so‘zlarni aytib, o‘tmoqchi bo‘laman. Agar shulardin birortasini qabul qilar bo‘lsang, o‘rtamizdagi bu ixtiloflar ko‘tarilur edi,— deb so‘zini tamomladi.
   

Qayd etilgan


Doniyor  20 Iyul 2006, 07:42:05

So‘ngra Payg‘ambarimiz: «Gapirgin, eshitaylik», deb quloq solib turdilar. Anda Utba:
— Ey qarindoshim o‘g‘li, agar sening maqsading shu bahona bilan mol topish bo‘lsa, tilaganingcha mol topib beraylik, ichimizdagi eng boyimiz sen bo‘lgin; yoki mansab-daraja topish uchun bu ishga kirishgan bo‘lsang, o‘z ustimizga seni rais ko‘taraylik, hech bir ishni sensiz qilmaylik; yoki bu ish orqalik podshoh bo‘lish niyating bo‘lsa, taxt qurib, toj kiydirib, seni podshoh qilaylik. Yoki bu maqsadlardin hech biri senda bo‘lmasa, balki ishlashgan jinlar ta’siridan bo‘lgan ish ersa, qo‘lda molimiz, tanda jonimiz boricha buning chorasiga kirishaylik, — deb shunga o‘xshash so‘zlar qildi. Payg‘ambarimiz aytdilar:
— Ey Utba, agar so‘zing tugagan bo‘lsa, endi mendin eshitgil, — deb «bismilloh»din so‘ngra «Ha. Mim.» bilan boshlanuvchi suradin boshlab o‘qiyverdilar. Utba ersa bu qadar fasohat-balog‘atga ega bo‘lgan Qur’on oyatlarini onglab, quloq solganicha hayron bo‘lib turib qoldi. Payg‘ambarimiz bu suradagi sajda oyatigacha o‘qib kelganlari so‘ngida darhol sajda qildilar. So‘ngra aytdilarkim: — Ey Utba, bu o‘qilgan Qur’on so‘zlarini eshitding, mana senga javobim shuldir, — deb so‘zlarini uzdilar. So‘ngra Utba o‘rnidin turganicha Quraysh majlisiga qarab jo‘nadi. «Nima javob keltirur ekan?» deb ular ham kutishib turgan edilar.
O‘ltirishgan kishilardin ba’zi birovlari dedikim: «Allohga qasamyod qilurmankim, Utba ketganidagi fikridin o‘zgarib qaytmoqdadir». Shu orada o‘zi ham kelib yetdi. Quraysh raislari: «Ish qandoq bo‘ldi?» deb ondin so‘radilar. Anda Utba: «Qasam ul Xudogakim, umrimda aningdin hech eshitilmagan bir turlik so‘z eshitib keldim. Shoirlarning she’ri, sohirlarning afsuni, kohinlarning mavzu’ so‘zlari, mana bularning hech biriga o‘xshamaydur.

Qayd etilgan


Doniyor  20 Iyul 2006, 07:42:20

Ey Quraysh ahli, bu to‘g‘rida menga itoat qilishinglarni so‘rayman, bu ishda mening to‘xtalgan ra- yim shulki, Muhammadning diniga yordamchi bo‘lmasak ham, aning yo‘liga to‘sqinlik qilmaylik, buni boshqa arablarga qo‘yib beraylik, agan Muhammad arablardin yengilar ekan, yotlar yordami ila biz ondin qutulgan bo‘lamiz. Ish o‘z tilagimizcha o‘zimizga kelur. Yoki bu kurashda ularni yengib chiqar ersa, aning davlat-hukumatiga, izzat-shavkatiga albatta, bizlar sherikdurmiz. Insonlar ichida eng baxtlik bo‘lib yashaymiz» deb edikim, taraf-tarafdin: «Ey Utba, Muhammad tili bilan seni sehrlaganga o‘xshaydi», degan qarshi ovozlar ko‘tardilar. Utba: «Bu haqda mening fikrim shu edi, buni so‘zladim, bunga yo‘q desanglar, sizlarning deganinglarcha bo‘lsin», deb sukut qilishga majbur bo‘ldi. Shundoq bo‘laturib ham, Quraysh qabilalari ichida musulmonchilik kun sayin ko‘paygani turdi. Qabila mushriklari esa alardin bir nechalarini qamoqqa oldilar va qanchalarini dinlaridin qaytarish uchun turlik azoblar ila qiynadilar. Endi bu ishlar bilan ham muddaolari hosil bo‘lmaganlikdin, ikkinchi nav¬bat tubandagi qabila raislari yana qaytadin yig‘ildilar. Bular ersa, Utba, Rabi’a, Shayba, Abu Sufyon, Abul Baxtariy, Nazr ibn Xoris, Asvad ibn Muttalib, Zam’a ibn Asvad, Valid ibn Mug‘ira, Abu Jahl ibn Hishom va boshqalar edilar. So‘ngra bir kishi kelib: «Ey Muhammad, qabila raislari siz bilan kelishmoq uchun, Ka’ba oldida to‘planib, so‘zlashmoqqa chaqiradilar», deb xabar berdi. Payg‘ambarimiz gumon qildilarkim, meni so‘zlarim bularga endi ta’sir qilganga o‘xshaydi, tavfiq topgan bo‘lsalar ajab emas, degan xayol qilib, tezlik bilan keldilar, qarasalar tuslari boshqacharoq bo‘lib, do‘stlik nishonasi ularda ko‘rinmadi. Ichlaridin birovlari so‘zga turib:
— Ey Muhammad, butun Quraysh xalqi tomonidin bizlar bu ish ustida sen bilan ochiq so‘zlashgani keldik. Arablar ichida, sendek o‘z qavmiga zararlik ishni hech kim qilgan emas, ota-bobolarimiz yo‘lidin chiqding, dinimizni so‘kding, butlarimizni haqorat qilding, qarindosh-urug‘larimizdin ajratding, jamoatimizni tarqatding, endi bizning ustimizda sening qilmagan yomonliging qolmadi. Agar bu ishdin maqsading mol topish bo‘lsa, mol yig‘ib berib, seni boy qilaylik, agar izzat-obro‘y istagan bo‘lsang, butun Quraysh qabilasi ustiga seni rais qilib ko‘taraylik, agar podshoh bo‘lish ko‘nglingga tushgan bo‘lsa, seni podshoh qilib, taxtga chiqaraylik. Yo‘q, agar jinlar tarafidin sehrlangan bo‘lsang, mol-dunyomizni ayamay, aning chorasiga kirishaylik, yo tuzalursan, yoki bizni ma’zur tutursan.

Qayd etilgan


Doniyor  20 Iyul 2006, 07:42:29

Mana shunga o‘xshash so‘zlar qilib, ilgari Utba aytgan so‘zlarni qaytadin takror qildilar.
Payg‘ambarimiz alardin bu so‘zlarni eshitganlari so‘ngida:
— Sizlar deganinglarning hech birisi menda yo‘qdur. Bu ishda mening maqsadim mol topish yoki obro‘y, martaba orttirish emas, yo sizlarga podshoh bo‘lish emas. Lekin shuni bilinglarki, meni Alloh taolo inson olami ustiga payg‘ambar qilib yubordi, o‘z tarafidin menga «Qur’on» otlig‘ ulug‘ kitob indirdi. Bu kitobda insonlar uchun ikki jahonda saodat topish yo‘llarini ko‘rsatdi. Mo‘minlarni jannat ne’matlari ila suyuntirishga, kofirlarni do‘zax azobi ila qo‘rqitishga meni buyurdi. Tangrim buyruqlarini sizlarga yetkazdim, ustimga yuklangan yalavochlik (elchilik) vazifasini ado qildim, har holda sizlarga xayr¬ixohdurman. Hech qanday boshqa muddaoyim yo‘qdur, agar so‘zimni qabul qilsanglar, keltirgan dinimga kirsanglar, dunyo va oxirat saodatidin topgan ulug‘ nasibalaringdur. Agar bu so‘zimni rad qilib, meni yolg‘onchiga chiqarsanglar, u holda Alloh amrini kutib, sabr qilishdin boshqa choram yo‘qdur — dedilar. Bu so‘zlardin keyin ular yana:
— Ey Muhammad, endi biz senga qilgan takliflarimizni hech birini qilmagan bo‘lding, o‘zing bilasan, bizdin yeri tor, suvi oz, turmushi og‘ir hech qabila yo‘qdur. Endi sen aytgandek, ulug‘ qudratlik Xudoning seni bizga payg‘ambar qilib yuborgani aniq bo‘lsa, yerimizni toraytib turgan tog‘larni o‘rtadan ko‘tarsin, Shom, Iroq viloyatlariga o‘xshash bog‘-bo‘ston, oqin suvlar paydo qilsin, o‘tmishda o‘lgan ota-bobolarimizni tiriltirsin, ul tirilganlar ichida beshinchi bobomiz Qusay ibn Kilobning bo‘lishi shartdur. Chunki ul butun arablar ichida chin so‘zlik, to‘g‘ri tillik bo‘lib topilgan kishidur. Ana shulardin biz so‘raylik, Alloh taolo seni payg‘ambar qilib yuborgani aniqmidur. Agar sening so‘zingni tasdiqlab, Xudo tarafidin yuborilgan Payg‘ambarligingga guvohlik bersalar, yana biz so‘ragan narsalarni vujudga chiqara olsang, shundagina sening payg‘ambarligingga ishona olamiz, Alloh oldida qanchalik qadring borligini shunda bilamiz, — deyishdilar. Anda Payg‘ambarimiz aytdilar:
— Men bu ishlar uchun kelmadim, meni Alloh taolo haqiqat yo‘lini ko‘rsatish, Islom dinini o‘rgatish uchun yubordi. Alloh amrini sizlarga yetkazdim, qabul qilsanglar, dunyo va oxiratlik yaxshi nasibadur, agar uni rad qilsanglar, Xudo farmoniga qarab turishdin boshqa na choramiz bordur? — dedilar.

Qayd etilgan


Doniyor  20 Iyul 2006, 07:42:36

Mushriklar buning bilan ham so‘zlarini to‘xtatmasdin, yana:
— Ey Muhammad, bizlar uchun foydalik ish ko‘rsatishga ko‘nmasang, endi o‘zing uchun foydalik ish qilib ko‘rsat, shundoqki, seni bizlarga yuborgan Rabbing seni so‘zingni tasdiqlash uchun yana bir farishta yuborsin, seni Xudo tarafidin elchi bo‘lib kelganingga u guvohlik ko‘rsatsin va o‘zing aytgan jannat bog‘laridin senga atab qasr-ko‘shklari ila bir bog‘ chiqarsin, u bog‘ ichida oltin-kumush xazinalari bo‘lsin, toki seni bosh-qa odamlardek ovqat ovorasi bo‘lmay, hech narsaga hojatsiz, rohat ila umr o‘tkuzishingni kishilar ko‘rsinlar. Ana shu chog‘da seni Payg‘ambarligingga, Xudo oldida qadr-qiymating borligiga ishona olurmiz, — deganlarida, yana Payg‘ambarimiz yuqoridagi so‘zlar ila javob berdilar. Bunga ham qanoatlanmasdin dedilarkim:
— Ey Muhammad, o‘zing aytgandek, Rabbingning qudrati yetmagan ish yo‘q bo‘lsa, aytgin angakim, boshimizga yomg‘urdek tosh yog‘dursin, yoki andin bir parchasini ustimizga ag‘darsun. Agar biz so‘ragan narsamizni keltira olmasang, hech vaqtda senga iymon keltirishimizni umid qilma.
Anda Payg‘ambarimiz:
— U ishlar ixtiyori Allohdadur, har narsa qilsa, uning qudrati, erki bordur. Agar qilishni istasa, hech kimdan so‘ramasdan boshlaring ustiga bu baloni bir damda keltiradur, — dedilar.
Mana shunchalik so‘zlari ustida yana birovlari turib:
— Ey Muhammad, so‘zimizning to‘xtagani shuki, seni bizga payg‘ambar qilib yuborgan Xudoyingni ko‘zimizga ko‘rsat yoki o‘zingning rostligingga guvohlik berish uchun bir jamoat farishtalarni keltir, ana shundagina iymon keltiramiz, — deb so‘zlarini kesdilar.

Qayd etilgan


Doniyor  20 Iyul 2006, 07:42:49

Payg‘ambarimizning ham ulardin umidlari uzilib, u joydin chiqdilar. Keyinlaridin Abdulloh ibn Umayya degan bir odam ergashib chiqdi, bu bo‘lsa Payg‘ambarimizning ammalari Otikaning o‘g‘li edi. Oldilarini to‘sib turib, dedikim:
— Ey Muhammad, qavming Quraysh bir necha takliflarni senga qildilar, hech birini qabul qilmading, so‘ngra xalq uchun foydalik bir necha narsalarni Allohdin so‘rab berishingni sendin o‘tindilar, buni olmading, bu talabni chiqara olsang eding, Xudo oldida naqadar martabang borlig‘i ma’lum bo‘lib, senga iymon keltirishga yo‘l ochilur edi, yoki o‘z foydang uchun ular so‘ragan narsalarni vujudga chiqarib, xalq oldida o‘z darajangni isbot qila olmading: Xalqni qo‘rqitib, o‘zing aytib yurgan narsalarning ba’zi birini ularga ko‘rsatishingni so‘radilar. Buni ham ko‘rsata olmading. Alloh oti ila ont ichamanki, men senga hech qachon iymon keltirmayman, agar ko‘z oldimda osmonga chiqib payg‘ambarligingga xat-hujjat keltirsang, uning ustiga to‘rt farishta sening bilan birga tushib, guvohlik bersalar ham endi sening so‘zingga ishonmayman, — deb yana qasam yodi bilan yuz o‘girib ketdi.
Buning so‘ngida Payg‘ambarimiz bu ishga qattiq qayg‘urib, xafalik bilan uylariga qaytdilar. Chunki ulardin ko‘z tutilgan yaxshilik umidlari uzilgan hisob bo‘ldi. Yana bu so‘zlardin so‘ngra Abu Jahl mal’un turib:
— Ey Quraysh xalqi, mana ko‘rdinglar, Muhammad bilan bo‘lgan muomalamiz shu bo‘ldi, dinimizni xorlab, butlarimizni haqorat qilib, ota-bobolarimizni, bizni ahmoq sanab yuribdi. Uning maqsadi ersa, bizlarni xafa qilishdur. Endi men o‘z ko‘nglimda shunday ahd qildimki, agar ertaga kelib Baytulloh oldida yana o‘z namozini o‘qimoqchi bo‘lsa, naqd sajdaga bosh qo‘ygan chog‘ida qo‘l ko‘targudek og‘ir tosh bilan urib boshini yanchaman. Shundoq qilib, birato‘la o‘ldirib qutulmasak, boshqa chorasi yo‘qdur. Aning himoyatchisi Bani Hoshimlar qo‘llaridin kelganini qilsunlar. Quraysh xalqi ulardin meni saqlash-saqlamasliklarini o‘zlari bilsunlar, — dedi.
   

Qayd etilgan


Doniyor  20 Iyul 2006, 07:42:56

Anda Quraysh raislari:
— Ey Abul Hakam, Xudo haqqi, sening bu fikring to‘g‘ridur. Agar shu ahdingga vafo qilib, bu ish ijrosi ila Muhammaddin bizni qutqara olsang, barimiz bir qo‘l, bir til bo‘lib, seni himoya qilishga va’da beramiz, — dedilar.
Ularning aytgan so‘zlaridin Abu Jahl jur’atlandi, ertasi kuni o‘zi degandek bir cho‘ng toshni tutib, poylab turdi. Payg‘ambarimiz o‘z odatlaricha Baytulloh oldiga kelib, ikki rakat namoz o‘tamaklikka kirishdilar. Quraysh raislari ham o‘z masjidlarida Abu Jahl ishini kutib o‘ltirmoqda edilar. Qachonki Payg‘ambarimiz sajdaga bosh qo‘yib edilar, yomon niyat bilan poylab turgan Abu Jahl bir katta tosh ko‘targan holda urmoqchi bo‘lib yaqin keldi. Kelishi hamon ko‘kragidan itargandek bo‘lib, orqaga qaytdi. Qo‘rqqanidin rangi o‘chib, tosh ko‘targan qo‘li jonsizlanib, uni tashladi. Bu qo‘rqinchlik holga qolgan Abu Jahl ustiga bir necha mushriklar yugurishib keldilar.
— Ey Abul Hakam, senga nima hodisa bo‘ldi? — deb undin so‘radilar.
Anda ul:
— Kechagi aytgan ishimni qilmoqchi bo‘lib, yaqin borgan edim, tishlari nayzadek, umrimda ko‘rmagan haybatlik bir bug‘ro tuya oldimdan to‘g‘ri chiqib, og‘zini g‘ordek ochib, menga hamla qildi. Bo‘lgan voqea shuldir,— dedi. Payg‘ambarimiz:
— Ko‘ringan bug‘ro tuya birodarim Jabroildur, agar menga yaqinlashsa, uni halok qilur edi, — dedilar.
Bu ko‘ringan mo’jizaga Abu Jahl o‘zi iqror qilganligidan, bu so‘z tarqalib, xalq ichiga yana g‘ulg‘ula tushdi. Quraysh raislaridan Nazr ibn Horis degan odam turib:
— Ey Quraysh xalqi, bu voqea ersa taajjub qilurlik darajada bir qiziq ishdur. Chunki Muhammadning bolalik, yigitlik davrlari ko‘z oldimizda o‘tdi. Ul bo‘lsa ichimizda eng oliy axloqlik, chin so‘zlik, har ishda ishonimlik, har kimga yoqimlik yigitimiz edi. Qachonki uning yigitlik davri tugab, chakka soch¬lari oqara boshlaganda bundoq bir ulug‘ hodisani o‘rtaga chiqardi. Endi buni birimiz sehrchi, birimiz folchi dedik, yana birimiz turib ani majnun dedik. Men Alloh oti ila ont ichib, qasam qilamanki, uning haqida bularning barisi bir quruq tuhmatdur. Bu ishning haqiqatiga endi bizlar yetishimiz kerakdur, — dedi.

Qayd etilgan