Alixonto'ra Sog'uniy. Tarixi Muhammadiyya  ( 258955 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 ... 74 B


Doniyor  20 Iyul 2006, 07:43:04

Quraysh raislari andin bu so‘zlarni eshitgandin keyin, unga Uqba ibn Abu Muayt degan odamni qo‘shib, Madinaga yubordilar. Alarga aytdilarkim:
— Madina shahrida Yahud toifalari ko‘pdur. Alarning ichlarida Tavrot, Injil kitoblarini o‘qiydigan katta olimlar bor, deb eshitamiz, shularning oldilariga boringlar. Muhammadning sifatlarini, xalqqa aytayotgan so‘zlarini, o‘rtamizda o‘tgan voqealarni ularga yaxshilab tushuntiringlar, chunki Yahud qavmi kitob ahllaridur, o‘tgan payg‘ambarlar, ulamolardin xabardor bo‘lib, biz bilmagan sirlarni albatta ular bilishlari kerak — dedilar.
Shuning bilan bu ikkovlari Madinaga keldilar, yahud olimlari bilan ko‘rishib, bo‘lgan voqeani ularga bayon qilishdi. Yahud olimlari bu haqda bir qancha fikr qilishgandin keyin, ularga:
— Andog‘ bo‘lsa, ul payg‘ambarlik da’vosini qilgan kishiga shul uch narsadin savol beringlar, buni pay¬g‘ambardin boshqa hech kim bilmaydi.
1. O‘tmish zamondagi Ashobi Kahf qissalaridin so‘ranglar.
2. «Butun olam atrofini aylangan bir odam o‘tgan, u kim?» deb so‘ranglar.
3. Inson ruhining haqiqati nimadur?
Agar shu uch savolga haqiqati ila javob bera olsa, bilinglarkim, u kishi payg‘ambardur. Anda u odamga iymon keltirib, ko‘rsatgan yo‘liga kirish kerak, agar bu savollarga javob bera olmasa, ul chog‘da uning yolg‘onchiligi ma’lum bo‘lib, o‘zi jazoga loyiqdur, dedilar.

Qayd etilgan


Doniyor  20 Iyul 2006, 07:43:14

Shuning bilan bu ikkovi Makkaga qaytishdi, ularning xabarini kutishib turgan ko‘p xalq yig‘ildilar. Anda bu ikkisidin birovi turib:
— Ey xaloyiq, Madinaga borib, xizmat topshirig‘ini sizlar degandek bajarib keldik. Yahud ulamolarining maslahatlaricha, ushbu uch narsadin savol beramiz. Agar haqiqatga muvofiq javob bera olsa, uning payg‘ambarligi aniqlanadi, yo‘q ersa, yolg‘onchiligi yuzaga chiqib, o‘zi jazoga tortildai, deb shu ko‘pchilik bilan Payg‘ambarimiz oldilariga kelishib:
— Ey Muhammad, Ashobi Kahf yigitlari kimdur? Alar qaysi zamonda o‘tmishdurlar?
Ikkinchi, butun dunyoni kezgan mag‘rib-mashriqqa qadami yetgan qaysi kishidur?
Uchinchi, inson ruhining haqiqati nimadur? Mana shu uch narsaga javob berishingni sendan so‘raymiz, — dedilar.
Anda Payg‘ambarimiz bu haqda Xudo tarafidin vahiy kelishiga ishonib: «Buning javobini mendin ertaga olinglar» — dedilar, ammo «Xudo xohlasa», demadilar. Bandachilik, ul so‘z yodlaridin chiqqan edi. Shuning bilan ertaga, deb va’da bergan kishi o‘n besh kunlab vahiy kutib turdilar. Islom dinida butun ishlarni Alloh irodasi ila bo‘lur, deb ishonish farzdur. Shuning uchun har bir musulmonga, so‘z boshlarida yoki aning tugashida, «Inshaalloh» — «Xudo xohlasa», demak lozimdur. Mana shunchalik ishga tanbeh bo‘lib, vahiy kelishi o‘n besh kun kechikdi. Makka mushriklari ta’na qilishlariga bu ishni bahona qildilar:
— Mana, Muhammadning qilgan va’dasidin o‘n besh kun o‘tdi, hali daragi yo‘q, biz so‘ragan narsalarning javobiga ojiz qolgandek ko‘rinur.
Xalq ichiga tarqalgan bundoq ta’na so‘zlardin Payg‘ambarimiz ham xafa bo‘ldilar. Bu ishning zohiridagi sababi «Inshaalloh» demaganlari bo‘lib ko‘rinsa ham, yana buning haqiqatini Alloh o‘zi bilur. Endi bu muddat o‘tgandin so‘ngra Jabroil alayhissalom Kahf surasini vahiy kelturdilar, alar so‘ragan uch masalaga shu surada javob berildi. Ashobi Kahf qissalari, Ruh masalasi, Zulqarnayn qissasi tamom shu surada bayon qilindi. Bundin bir qancha nasibalik kishilar hidoyat topgan bo‘lsalar ham boshqalar yana shu gumrohlikda qoldilar. Yuqorida aytilganicha, mo‘minlarga mushriklar tarafidin haddin osha aziyatlar yetganlikdin, yana hijrat qilishga Payg‘ambarimiz ruxsat qildilar. Sahobalardin birinchi daf’a ketgan o‘n uch kishi Islomning rivoji haqida xato xabarlar onglashib, biror yil o‘tmasdin turib, qaytib kelgan edilar. Kelishlari bilan mushriklardin ko‘rgan jabrujafolari ilgarigidin necha barobar ortiq bo‘ldi. Bu ish sabab bo‘lib, sahobalar yana ikkinchi navbat hijrat qilishga kirishdilar.

Qayd etilgan


Doniyor  20 Iyul 2006, 07:43:25

HABASHISTONGA IKKINCHI HIJRAT

Bu daf’a hijratlarida, bolalardin boshqa er-xotun bo‘lib, muhojirlarning soni sakson uchga yetgan edi. Hazrat Alining akalari Ja’far Tayyor, Hazrati Usmon ibn Affon, Zubayr ibn Avvom bularning ichida edilar. Bu kelishlarida Habashiston podshosi mehmonnavozlik qilib, muhojirlar haqida ko‘p yaxshi muomalada bo‘ldi. Quraysh xalqi bu musulmonlarning bundog‘ rohat, amniyat bilan turishlariga hasadlari qo‘zg‘olib, alarni qaytarish uchun chora ko‘rishga kirishdilar. Habashiston podshosi va uning arkon-davlatlariga atab, birmuncha tansuq tortiqlar tayyorlashdilar. Quraysh ichida ishlik, kuchlik odamlardin hisoblangan ikki kishi, birisi Abdulloh ibn Rabia, ikkinchisi Amr ibn Os edi. Bu ikkovlarini vakil saylashib, hozirlangan hadyalarni alarga topshirdilar. Bu maqsadlariga yordam berish niyati ila podshoh atrofidagi davlat arboblari uchun belgilangan hadyalari bor edi. U vakillar Habashistonga kelgandin keyin, dastlabda davlat arboblari ila ko‘rishdilar. Alarga hadyalar taqdim qilib, bu ishga yordam berishlarini so‘radilar. Podshoh yaqinlari qo‘lga kirgandek ko‘rinib, ko‘ngillari tinchidi. Ertasi kuni tortiq-tarag‘aylari bilan barobar podshoh huzuriga kirdilar. So‘ngra:
— Ey podshoh, bu yaqinlarda o‘z ichimizdan chiqqan bir necha yosh, aqlsiz yigitlar paydo bo‘lishgan edi, qarasak, ular o‘zlaricha sizu biz tanimagan yangi bir din chiqardilar. Bu to‘g‘ridan o‘z oramizda dushmanchilik ko‘paydi. So‘ngra ular xalq tarafidin qattiq qarshilikka uchrashib, u joyda turolmasdin, qochishib ketgan edilar. Keyin ul buzuq qochoqlarning sizlarning ko‘z ostingizga kelib, tinch-omon yashayotganlari bizga eshitildi. Endi, ul yurtning yaxshilari, bularning qavmu qarindoshlari bizni yubordilar. Ota-bobolarining dinlaridin qaytgan, o‘z el-yurtlariga sig‘magan ul buzuqlarni o‘z yeringizdan haydab chiqarib, ularga qaytarib berishingizni sizdan so‘raydilar, — deb ayt¬dilar. Podshoh atrofida o‘tirgan davlat arboblari:
— Ey podshoh, ularning haqida bu vakillarning aytgan so‘zlari to‘g‘ridur. Bularning yaxshi-yomon fe’l-xo‘ylari bizlarga ma’lum emas, ammo o‘zlariga ma’lumdur. O‘z eliga sig‘magan odamlardin boshqa joyda ham vafo kelmas, deb o‘ylaymiz. Shuning uchun ularni qaytarib berishingizni bizlar ham ma’qul ko‘ramiz,— dedilar. Bu so‘zlarni eshitib podshohning g‘azabi qo‘zg‘oldi.

Qayd etilgan


Doniyor  20 Iyul 2006, 07:43:33

So‘ngra:
— Qasam qilurmanki, bularni qaytarib bermayman. Nechuk qaytarayki, boshqalardin meni ortuq ko‘rib, yaxshilik umidi ila kelibdilar. Bir mamlakatdin ikkinchi mamlakatga qochib, panoh so‘rab kelgan bechoralarni qaytarib chiqarish podshohlar sha’niga loyiq ish emasdur. Munosib ish shuldirki, ul qoch¬qinlarni chaqirib, o‘zlaridin gap so‘raylik. Agar haqiqatda bu ikkovlari degandek bo‘lib chiqsalar, ul holda qaytarsak arzimiz qabul bo‘lur. Agar bundoq bo‘lmagan taqdirda, qo‘l ostimda turganlaricha o‘z himoyatimga olurman. Har holda alarga yaxshilik qilurman,— dedi.
Bu so‘z so‘ngida muhojirlarni huzuriga chorlab, bir kishi yubordi. Kelishlari oldida sahobalar o‘zaro yig‘ildilar. «Podshoh oldida diniy masalalardin so‘ralsa, qandoq javob berilur va kim javob qilur?» degan so‘z ustida to‘xtaldilar. Oxirgi maslahatlari shul bo‘ldiki, diniy savollarda Payg‘ambarimizdin qandoq eshitgan bo‘lsak, shundoq javob beraylik, de¬yishib podshoh mukolamasi uchun ichlaridin hazrati Ja’far ibn Abu Tolibni tayin qildilar. Shuning bilan barchalari podshoh devoniga hozir bo‘lishdi. Podshoh ham diniy ruhoniylarini ushbu majlisga chaqirdi. Alar ham kelib podshoh atrofida Tavrot, Injil kitoblarini ochib o‘tirdilar. Shu chog‘da muhojirlarga qarab podshoh:
— Sizlar tutgan yangi dininglarning asosi — haqiqatini bizlarga bayon qilinglar. Ota-bobonglar yo‘lidin chiqib, o‘z dininglardin qandoq ajradinglar? Nechuk hozirgi kunlarda mashhur bo‘lgan bizning dinimizga yoki boshqa dinlarning biroviga kirmasdin, u dinga kirdinglar? — dedi.

Qayd etilgan


Doniyor  20 Iyul 2006, 07:43:41

Podshoh javobiga hozirlangan hazrati Ja’far dedi:
— Ey podshoh, biz arab xalqi uzun zamonlardin beri johillikda yashab yurgan bir toifa edik. O‘zimiz yasagan butlarga ibodat qilur edik. Halol-haromni farq qilmay, o‘limtiklar yer edik. Urush-talashlar, qon to‘kish, qaroqchiliklar bizlarning kasbimiz edi. Har turlik buzuqchilik, xiyonat ishlar bizlarda ko‘p edi. Kuchliklarimiz kuchsizlarimizni bosib, yeyish bizlarga odat edi. Mana shunday hol ila birmuncha davr o‘tkazdik. Oxirda Allohning rahmati bo‘lib, o‘z ichimizdin bizlarga payg‘ambar chiqardi. Uning hasab-nasabi, aql-farosati, sidq-omonati yoshligidin beri barchamizga ma’lum edi. U kelib bizlarni Allohni bir bilmakka, yolg‘izgina o‘ziga ibodat qilmakka chaqirdi. Bizlarni ham ota-bobolarimiz qilgan, oltin-kumushdin, tosh-tuproqdin o‘z qo‘llari bilan yasalmish butlarga sajda qilishdin qaytardi. U bizni har ishda rostlikka, omonat saqlashga, siylai rahmni uzmasga, qo‘shnilar haqqini bilishga buyurdi. Zulm-xiyonat qilishdin, urush-talash, nohaq qon to‘kilishlardin, yolg‘on, tuhmat so‘zlashdin, barcha buzuqchilik, harom ishlardin, yetim molini yeyishdin, umumiy insonlar huquqiga xiyonat qilishdan bizlarni qaytardi. Allohning yolg‘iz o‘ziga ibodat qilmakka, anga hech kimni sherik qilmasga, kundalik besh vaqt namoz o‘tashlikka, boy kishilar mollaridin kambag‘allarga zakot berishga, har yili bir oy ro‘za tutishga, bor kishilar yo‘q kishilarga yordam qilishga, bulardin boshqa, insonga foydalik barcha yaxshilik ishlarni qilishga bizlarni buyurdi. So‘ngra biz aning so‘ziga ishondik, o‘ziga iymon keldirdik, Xudo tarafidin keltirgan narsalarni haq deb bildik. Sheriksiz, yolg‘iz Allohga ibodat qildik, halolni halol, haromni harom deb bildik. Mana shu sababdin qavmimiz bizga hujum qildilar. Bizni urdilar, qiynadilar, dinimizdin qaytargali bizlarga ko‘p azoblar berdilar. Yana ilgarigi butparastlik, haromxo‘rlik, xiyonatgarlik, har turlik buzuqchiliklarga bizlarni zo‘r bilan qaytarmoqchi bo‘ldilar. Dinimizdin chiqarish uchun alarning bizlarga qilgan jabru jafolari, bizga ko‘rsatgan zulmlariga qarshi mudofaa kuchiga ega emasligimizdin, har to‘g‘rida ulardin yengila boshladik. O‘z elimizda himoyatimiz qolmadi. Nochor bo‘lib, o‘z yerimizdin qochib chiqdik. Boshqa hech kimni xohlamay, barchadin sizni ortiq ko‘rib panohingizga sig‘inib keldik. Endi, ey podshohim, shunday ahvolga qolib, sizning panohingizga sig‘inib keluvchilar hech vaqt zulm ko‘rmagaylar, deb umid qilamiz, — dedi. So‘ngra Najoshiy:
— U payg‘ambarga Alloh yuborgan oyatlardin o‘qigil, eshitaylik, — dedi.

Qayd etilgan


Doniyor  20 Iyul 2006, 07:43:49

Anda hazrati Ja’far surai Maryam boshidin bir necha oyat o‘qidi. Tilovat ta’siridin podshoh yig‘lab, soqollarini ho‘l qildi. Atrofida o‘tirishgan ruhoniy olimlar ham yig‘ladilar. Keyin Najoshiy:
— Xudonnig zotiga qasam ichamanki, buning o‘qigan oyatlari, Isoning keltirgan Injil kitobi har ikkovi bir chiroqdin chiqqan nurdek ko‘rinur, — dedi. So‘ngra ul ikki vakilga qarab:
— Endi bu joydin chiqinglar. Allohga qasamki, man bu aziz mehmonlarimni har vaqt o‘z himoyatimda saqlayman, turganlaricha adolatim panohida tursinlar, alarni sizlarga qo‘shib yuborishim menga zulmdur, — deb so‘zini uzdi.
Shundog‘ bo‘lib, Quraysh mushriklaridin kelgan bu ikki vakil xijolatlik bilan ul joydin chiqdilar. So‘ngra Amr ibn Osning g‘azabi kelib, bu ishga chidolmay: «Bular ustidan bir so‘z topdim, shuning bilan bularning tub tomirlarini qirqamiz», dedi. Anda ikkinchi yo‘ldoshi Abdulloh: «Ortiqcha bularga zarar yetkurmakni qasd qilmaylik, hozircha bular bizga dinda muholif bo‘lsalar ham, o‘z qarindoshlarimizdur», degan edi, Amr ibn Os: «Yo‘q, albatta, u so‘zni aytishim kerak, musulmonlar Isoni Xudo yaratgan bandadur, deb e’tiqod qilurlar. Nasorolar bo‘lsa, Iso Xudoning o‘g‘li yoki o‘zi deydurlar. Mana shu so‘z bo‘lsa, alarning diniga qattiq haqoratdur», dedi. Shuning bilan ertasi kuni ikkovi podshoh huzuriga kirib:
— Ey podshoh, siz himoyatingizga olgan musulmonlarni chaqirib, so‘rang-chi, alarning Iso haqida ko‘p yomon buzuq e’tiqodlari bordur, — dedilar.

Qayd etilgan


Doniyor  20 Iyul 2006, 07:43:58

Buni podshoh eshitib ularni chaqirishga odam yubordi. Bu ishdin sahobalar qattiq g‘amgin bo‘ldilar. Chunki bu e’tiqod alarning diniga haqorat qilish edi. Musulmonlar bu haqda maslahat uchun yig‘ilishib, qandoq javob berishlarini muzokara qilishdi. Oxirida hammalari bir ittifoq bo‘lib: «Qur’oni karimda qandoq aytilgan bo‘lsa, Payg‘ambarimiz bu to‘g‘rida nima degan bo‘lsalar, o‘sha javobni beramiz», dedilar. Shu yig‘ilganlaricha podshoh huzuriga kirishdi. Podshoh bularga qarab, Iso haqida qandoq e’tiqod qilishlarini so‘radi. Anda hazrati Ja’far:
— Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom bu haqda bizlarga nima aytgan bo‘lsalar, bizlar ham shuni aytamiz. Iso Xudoning bandasi va uning barhaq pay¬g‘ambari Ruhillohdurlar. Bu ruh Alloh amri ila Mar¬yamga tashlanib, andin tug‘uldilar, — dedi. Bu so‘zni eshitgach, Najoshiy podshoh qo‘lini yerga uzatib, qilchalik bir cho‘p olib ko‘rsatdi va: «Sening aytganingdin Iso shunchalik ham boshqa emas. Uning haqida aytilgan aniq haq so‘z shudir», dedi. Podshoh shundog‘ deganida atrofida o‘tirgan nasoro olimlari bu so‘zni yoqtirmasdin o‘zaro g‘udurlashdilar, buni payqab, podshoh: «Har qancha g‘udurlashsanglar ham, yana haqiqat so‘zi shudur», dedi. So‘ngra sahobalarga qarab:
— Boringlar endi, mening yerimda sizlar mehmonsizlar. Sizlardin bir kishining ozor topishi, mening oldimdin tog‘dek oltin ketishidin ham og‘irdur. Sizlarga kim ozor bersa, ul jazolanadi, — deb bu so‘zni uch qayta qaytarib aytdi. — Bu vakillarning keltirgan hadyalarini o‘zlariga qaytaringlar, qasam ul xudogakim, meni podshoh qilishda mendin pora olmadi, men nechuk pora olayin, meni to‘g‘rimda hech kimning so‘ziga kirmadi, uning haqida men endi kimning so‘ziga kiray, — deb to‘xtaldi.
So‘ngra ul ikki vakil bu qilgan makrlariga pushaymon bo‘lib, sharmandalik ila o‘z yerlariga qaytib ketdilar. Shuning bilan sahobalar Najoshiyning davlatida rohat bilan yashab turdilar. Endi bu orada yana bir hodisa paydo bo‘ldi.

Qayd etilgan


Doniyor  20 Iyul 2006, 07:44:12

NAJOSHIYGA QARSHI VOQEA

Shundoqki habash shahzodalaridin bir odam podshohlik havasiga tushib, buning bilan nizo boshladi. Har ikki taraf o‘z askarlarini to‘plashib, urushmoqchi bo‘ldilar. Najoshiy o‘z tarafidagi askarlari bilan dushman ustiga yurish qildi. Bu voqeadin muhojir sahobalar ko‘p g‘amgin bo‘ldilar. Chunki bular uchun aning himoyasidin boshqa pana qilarlik joy yo‘q edi. Xudo saqlasin, bu urush Najoshiy zarariga chiqib, aning o‘rniga boshqa birov o‘tirishi ular uchun ko‘p qo‘rqinchlik edi. O‘z qo‘llari ila yordam berish imkoniyati yo‘qligidin Najoshiy haqiga g‘alaba talab qilib, Xudoga duoda bo‘ldilar.
Endi urush maydonidagi voqealardin bularning xabardor bo‘lib turishlari lozim edi. YOsh muhojir sahobalardin Zubayr ibn Avvom bu ishni o‘z ustiga oldi. Bu kishi ersa Payg‘ambarimiz ammalari Safiyaning o‘g‘lidur. Ko‘kragiga sanoch (teri qalqon) bog‘lab Nil daryosining u tomonidagi urush maydoniga yetib bordi. U kunda butun sahobalarning eng istagan tilaklari bo‘lsa — boshpanalari Najoshiyning dushmanlari ustidan g‘alaba qozongan xabarini bir karra onglash¬lari edi. Buni kutib turishgani holda, barchalari duo¬ga qo‘l ko‘tarib, intizorlik ila turgan edilar. Yiroqdin Zubayr ibn Avvom qorasi ko‘rindi. Qo‘liga tutgan yalov (bayroq) ishorati ila barobar qichqirib, zafar bashoratini berdi. Najoshiy bu daf’a qozongan g‘alabasi ersa, g‘urbat yeri, musofirat elida g‘amginlik ila turishgan bu muhojirlar uchun eng quvonch¬lik ish edi, shunga ko‘ra bu suyunchli xabar keltiruvchi Zubayrni sahobalar shodlik, takbir ila qarshi oldilar. Najoshiy tarafidin tor-mor keltirilgan dushmanlari tegishli jazolarini tortdi. Shuning bilan muhojir sahobalar tilaklaricha, butun mamlakat hukumati Najoshiyga qarorlandi. Aning himoyasida o‘z vatanlari Arabistonga qaytganlaricha tinch-omonlik ila turishdilar.

Qayd etilgan


Doniyor  20 Iyul 2006, 07:44:36

Bu Habashiston ustida o‘tgan voqealarni rivoyat qilguvchi onamiz Ummu Salamadur. Bu zot bo‘lsa, ilgari erlari Abu Salama ila shu muhojirlardin edi. Sahobalar u yoqdin qaytganlarida bir kuni shu voqea o‘zaro muzokara bo‘ldi. Shunda Urva ibn Zubayr:
— «Najoshiy podshoh muhojir sahobalar bilan so‘z qilishganida andog‘ dedi: «Xudo menga podshohlik berishida u mendin pora so‘ramadi, mening haqqimda hech kimning so‘ziga kirmadi. Endi uning yo‘lida men qandog‘ pora olay, kimning so‘ziga kiray, mana shu so‘zning ma’nosi nimadur?» deb alardin so‘radi.
Sahobalar bu so‘zning asli hikoyasidin xabarlari bo‘lmagani uchun ular sukut qildilar. Anda Urva aytdi:
— Buning aslini otamdan eshitgan edim, shuni aytib berayin. Endi bu so‘z voqeasi shundog‘ ekan:
— Najoshiyning otasi Habashiston podshosi bo‘lib, bular otadin ikki o‘g‘il ekanlar. Ukasining o‘n ikki o‘g‘li bor bo‘lib, uning akasi — podshohning bo‘lsa, shu Najoshiydin boshqa o‘g‘li yo‘q ekan. Ul zamon qoida-usuliga ko‘ra, podshohlik naslidin boshqa kishilar har qancha ilm-hunarlik bo‘lsalar ham, ularning podshoh bo‘lishga haqlari yo‘q edi. Shu sababdin davlat arboblari o‘ylashib, yolg‘iz o‘g‘illik Najoshiyning otasini o‘ldirib, o‘n ikki o‘g‘illik ukasini aning o‘rniga podshohlik qilib ko‘tardilar. Otadin keyin bu o‘n ikki o‘g‘il meros yo‘li bilan taxtga o‘ltirsalar, Habashistonda uzun zamon tinchlik o‘rnaydi, deb gumon qildilar. Shuni bilan bu podshoh bir qancha zamon kechirdi. Najoshiy esa amakisi podshohning qo‘lida kundin-kunga o‘smoqda bo‘lib, o‘zining oliy axloqi, aql-farosati ila ishga yetarlik qo‘llik, o‘tkir fikrlik edi. Shuncha o‘g‘illari ichidan u amakisiga manzur bo‘lib, siyosat ishlarida ko‘proq aning fikriga qarar edi. Arkon-davlatlar bu holni ko‘rib, alarga qo‘rqinch¬lik tushdi. O‘zaro so‘zlashib: «Bu o‘g‘il ersa amakisini butunlay qo‘lga olib boradi, bilib bo‘lmaydi, buni podshoh qilib qo‘yishi ham mumkindir. Agar bu bola qo‘liga podshohlik o‘tsa, bizlardin birortamizni ham qo‘ymay o‘ldirishiga shak yo‘qdir. Chunki uning otasini biz o‘ldirganimizni u yaxshi biladi. Endi bunday bo‘lgach, ish vaqtisi o‘tmasdin, aning chorasini ko‘raylik», deyishib to‘planganlaricha podshoh oldiga kelishib:
— Ey podshoh, o‘zing bilarsan, bu bolaning o‘sishi bizlar uchun ko‘p qo‘rqinchlikdur, agar qo‘liga podshohlik tegar ekan, hech qachonda bizlarni o‘ldirmay qo‘ymaydur. Endi biz o‘z boshimizni qutqazishimiz uchun, ani o‘ldirishimiz kerak yoki surgun qilib chet elga chiqarishing kerakdur, — dedilar. Podshoh bu so‘zni onglagan so‘ngida:
— Hayf sizlarga, kechagi kuni otasini o‘ldirib, bugun bolasini o‘ldirishimiz qandog‘dur, agar buning boshqa chorasi topilmasa, chet elga ani surgun qilib yuboraylik, — dedi.
   

Qayd etilgan


Doniyor  20 Iyul 2006, 07:44:46

Shu bilan bolani bozorga chiqarib, yiroqdin kelgan bir savdogarga olti yuz tanga bahoda sotdilar. Shu kuniyoq savdogar uni kemasiga olib jo‘nadi. Naq shu kechqurunda yomg‘ir yog‘ib edi, podshohni bulutdan tushgan yashin so‘qib o‘ldirdi. Bu hodisa bo‘lgandin ke¬yin Habash xalqi uning bolalaridin birini o‘rniga ko‘tarmoqchi bo‘ldilar. Qarasalarkim, o‘n ikki o‘g‘ilning birisi ham bu ishga yaramas chiqdi. Har tarafda qo‘zg‘olonlar ko‘tarilib, xalq ichi bulg‘andi. Davlat arboblari bu haqda chora topolmay, shoshilib qoldilar. Shu chog‘da alardin birovlari turib:
— Ertalabki sotgan bolanglar — sizlarning podshohinglar. Undin o‘zga bu avlod ichida hukumat bosh¬qaruvchilik kishi yo‘qdir. Ish ulg‘aymasdin ilgari ul bolani topishimiz kerak, bo‘lmasa, mamlakatimizda xarobalik boshlanadi, — dedi.
Shuning bilan bir qancha davlat kishilari savdogar kemasining ketidan yetib, ani qaytardilar. Kechagina o‘zlari o‘ldirmoqchi bo‘lgan, so‘ngra chet el ahliga sotishib yuborgan bolaning boshiga toj qo‘yib, tagiga taxt yasab, butun habash xalqi ani podshoh qilib ko‘tardilar.
Najoshiy shu voqeani eskarib, muhojir sahobalar bilan bo‘lgan muzokarada yuqoridagi so‘zni aytgan edi:
— Xudo meni podshoh qilishda pora olmadi, hech kimning so‘ziga kirmadi, — deganining ma’nosi shu ekan. So‘ngra Najoshiyni sotib olgan savdogar, keyinidin kelib, uni sotganlar bilan ko‘rishdi. «Olgan molimni yoki pulimni beringlar, bo‘lmasa, o‘ziga arz qilurman», dedi. Ular: «Senga hech narsa bera olmaymiz, arz qilaman desang, to‘smaymiz», dedilar. Savdogar to‘g‘ri podshoh oldiga kirib, salomdin so‘ngra: «Men bozorda bir jamoadin olti yuz tangaga bir g‘ulom sotib olib edim. Alar g‘ulomni berib, pulimni oldilar. G‘ulomim bilan yo‘lga chiqqanimda, orqamdin borib, ani qaytarib keldilar», deb, o‘ziga kinoya qildi. Podshoh ham: «Savdogarning puli o‘ziga topshirilsin, yoki olgan g‘ulomini qo‘liga berilsin, har joyga olib ketsa, haqlidur», deb hukm chiqardi. Bu ersa Najoshiyning birinchi chiqargan hukmida adolati edi. Shuning uchun uni Alloh taolo muhojir sahobalarga mehribon qilib, alarni hamisha o‘z himoyasida asradi. Shu orqali janobi Payg‘ambarimizning nazari iltifotlariga kirdi. Shuning natijasi bo‘lsa kerakki, saodati azaliy yor bo‘lib, yolg‘iz o‘zi butun aholisiga qarshi turib, podshohligini qizg‘anmasdin, hech bir mahluqdin qo‘rqmasdin, Xoliqi Akbarning o‘ziga takiya qilib, podshohlik taxtida turgan chog‘ida ochiqdan-ochiq Islom dinini qabul qildi. Hazrati Ja’far qo‘llarida shahodat aytib, iymonga musharraf bo‘ldi. Habashiston podshosi Najoshiyning iymonga kelishi voqeasini o‘z o‘rni kelganda yana bayon qilurmiz, inshaalloh. Yana o‘z so‘zimizga kelaylik.

Qayd etilgan