Alixonto'ra Sog'uniy. Tarixi Muhammadiyya  ( 249077 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 47 48 49 50 51 52 53 54 55 56 57 ... 74 B


Doniyor  10 Avgust 2006, 08:52:52

O‘n uchinchi onamiz Safiya binti Huyay. Uning otasi Bani Nazir yahudlarining raisi edi. Xaybar qal’alari fath qilinganda qo‘lga tushgan ko‘p asirlar ichida u ham bor edi. Alarning nasabi Horun alayhissalomga yetganlikdan Rasululloh bek hurmat qilib, nikohlariga oldilar. Ziyoda aqllik, fazllik xotin edi. Bir kuni Rasululloh uyga kirsalar bu xotin yig‘lab o‘ltiribdur.
Anda Rasululloh:
— Nega yig‘lading? — deb so‘rasalar, ul onamiz shundoq dedilar:
— Oisha, Hafsa biz sendin har to‘g‘rida yaxshidurmiz, biz Rasululloh amakilarining qizidurmiz. Sen bo‘lsang yahudiy qizidursan, dedilar.
Bu so‘zlarni anglagach, Rasululloh:
— Sendan ular qanday yaxshi bo‘la olurlarkim, sening otang Horun alayhissalom, amaking Muso payg‘ambar, ering Muhammad alayhissalomdur. Yana gapirsalar shunday degil, — deb alarni yupantirdilar.
Safiya binti Huyay hijratning 52-yili Madinada vafot topib, Baqe’ go‘ristoniga qo‘yildilar, raziyallohu anho.
O‘n to‘rtinchi onamiz Maymuna erdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam 7-hijriyda Umraning qazosini qilish uchun Makkaga borganlarida bu xotinni nikohlariga oldilar. 51-hijriyda Makka yaqinidagi Sarif degan joyda sakson yoshda vafot topdi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam rivoyat qilurlar:
«Payg‘ambarlik davrida qaysi xotinni olgan bo‘lsam, yo qizlarimni kimga bergan bo‘lsam, barisi vahiy orqalik bo‘ldi».
Bu yozilgan onalarimizning, raziyallohu anhumo, sonlari o‘n to‘rttaga yetgan bo‘lsa ham, Rasulullohning vafotlarida bulardan to‘qqiztasi nikohlarida edilar.

Qayd etilgan


Doniyor  10 Avgust 2006, 08:53:30

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bir necha cho‘rilari ham bor edi. Alardan biri Moriya o‘g‘illari Ibrohimning onasi, misrlik qibtiylardan bo‘lib, Misr podshosi Muqovqis Rasulullohga hadya qilib yuborgan edi.
Rasululloh sahobalarga vasiyat qilib:
— Mendan keyin Misrni fath qilmoq uchun kirganingizda ularga yumshoqlik qilinglar. Chunki ularning qarindoshligi bor, ham qayinliklari bor, — dedilar.
Qibtiylarning qarindoshligi ersa, Ismoil alayhissalomning onalari Hojar qibtiy qizi edi. Qa¬yin deganlari ersa, Rasulullohning cho‘rilari Moriya. Misrdan kelgan qibt qizidur. Rasululloh ularga kuyov bo‘lib qoldilar. Moriyadan Ibrohim tug‘ilgach, Misr xalqi Ibrohimga tog‘a bo‘lib qolishdi.
Yana bir joriyalarining nomi ma’lum emasdur. Onamiz Zaynab uni Rasulullohga hadya qilib bermish edilar.
Uchinchisi ersa oti Zulayho. Bani Qurayza yahudlaridan olingan asirlardan edi, raziyallohu anho.

Qayd etilgan


Doniyor  10 Avgust 2006, 08:53:49

RASULULLOHNING QURNOQLARI (xodimlari)

Bular ichida eng mashhuri hazrati Anas ibn Molikdir. Madinaga hijrat qilib kelgan yildan boshlab Rasululloh vafot bo‘lgunlaricha xizmatlarida bo‘ldi. Uning haqqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
— Ey bor Xudoyo, Anasning mol-joniga bu dunyoda baraka bergil, oxiratda unga jannat ato qil, — deb duo qildilar.
Duolari qabul bo‘lib, mol-joniga baraka kirib dunyosi ko‘paydi, o‘lganida yolg‘iz o‘zidan tug‘ilgan bolalari ersa bir yuz oltita bo‘lgan edi. O‘zi bir yuz yigirma yil umr ko‘rdi, raziyallohu anhu.
Ikkinchisi, Abdulloh ibn Mas’ud erur. Makkada turganlaridan boshlab Rasululloh bilan birga bo‘lib, hech ajramas edi. Bilmagan kishilar shu oiladan deb o‘ylar edilar. Rasulullohning misvoklariga, kovushlariga ega edi. Tahorat olishda misvoklarini, turganlarida kovushlarini tayyorlab, yurganlarida aso ko‘tarib, oldilarida yo‘l boshlar edilar, raziyallohu anhu.
Uchinchi xizmatchilari Muayqib Davsiy erdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam muhr shariflarini saqlamoq uchun bu kishiga topshirmish edilar.
To‘rtinchilari, Uqba ibn Omirdur. Bu kishi ersa Rasulullohning xachirlari Duldulni boqish, kutish vazifasida edi. Safarda, hazarda uni yetaklab Rasulullohni mindirish, tushirish xizmatini bajarur edi.
Beshinchilari, Rasulullohning muazzinlari hazrati Bilol Habashiy erur. Bu ersa Rasulullohning oilalari ustidagi sarf, nafaqa ishlariga yordamlashur edi. Hijratning 8-yili Makka fath bo‘lganida Rasululloh amrlari bilan Ka’batulloh o‘gizasiga (ustiga) chiqib, Makka shahrida birinchi azoni Muhammadiyni aytgan odam shul kishidur. Hijratning 20-yili oltmish olti yoshda Shom shahrida vafot topdi, raziyallohu anhu. «Arabning afzali mendurman, Habashning afzali Biloldur», degan hadis shul kishi haqida kelmishdur.
Yana bir xodimlari Abu Zar G‘iforiy erur. Bu kishi ersa, Rasulullohga vahiy kelgandan keyin to‘rtinchi bo‘lib Islomga kirgan, so‘fiylik, qattiq tarki dunyo qilgan ulug‘ sahobalardan edi. Dunyo to‘plagan kishilarning hech biridan rozi bo‘lmay: «Uch kunligidan ortig‘ini muhtojlarga bo‘lib berish kerak», der edi.

Qayd etilgan


Doniyor  10 Avgust 2006, 08:53:59

Payg‘ambarimizdan ilgari butga topinmagan, haq din izlagan kishi erdi. Muning mazhabida har bir musulmon odamga kundalik ovqatiga qanoat qilib, ortig‘ini muhtojlarga berish farzdur. Xazina qilib saqlab qo‘yish haromdur. Shuning uchun Hazrati Usmon xalifa vaqtida Shom voliysi Muoviya bilan bir masala ustida xilof chiqib tortishuvlar bo‘ldi. Hazrati Usmonning yuvoshligidan, qarindoshchanligidan foydalanib, Muoviya boshliq Bani Umayya raislariga bu so‘z og‘ir kelganlikdan Hazrati Usmonga shikoyat qildilar. Hazrati Usmon tarafidan chaqirilib Madinaga kelgach, yana shu haqda o‘z so‘zini quvvatlab bu fikrdan qaytmadi. So‘ngra Abu Zarning xalqqa ko‘p aralashmasligini maslahat qilib, Hazrati Usmon Madinadan uch manzil uzoqlikda bo‘lgan Rabaza degan kishi yo‘q yerga surgun qildi. Sahobalar orasida fitna qo‘zg‘aldi. Hazrati Usmonni shahodatlariga sabab bo‘lgan ishlarning birisi shul edi.
Hijratning 9-yili Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Shom tuprog‘iga yaqin Tabuk g‘azotiga chiqmish edilar. Shunda Abu Zarning mingan tuyasi charchab askar ortida qoldi. Yurishga yaramaganlikdan qurollarini osinib, yukini yelkasiga qo‘yib yo‘lga tushdi. Uning kelayotganini Rasululloh yiroqdan ko‘rib:
— Bechora Abu Zar, yolg‘iz yuradi, yolg‘iz o‘ladi, — dedilar.
Shuning ustiga Ko‘fadan kelayotgan Ibn Mas’ud boshliq bir jamoa kishi kelib qolishdi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
— Ey Abu Zar, sening janozangni mo‘minlardan bir jamoa kishi o‘qiydi, — degan edilar.
Rasululloh aytganlaridek, Rabazaga surgun bo‘lib, shu joyda yolg‘izlikda vafot topadi. Yana ul zot aytganlaridek, Ibn Mas’ud imom bo‘lib, shul jamoa janozasini o‘qidi.
Rasululloh yigirma necha yil ilgari Abu Zar haqida g‘aybdan xabar aytgan mo‘jiza so‘zlari deganlaridek to‘g‘ri chiqdi.

Qayd etilgan


Doniyor  10 Avgust 2006, 08:54:14

RASULULLOHNING URUSH QUROLLARI

Payg‘ambarimiz vafotlarida to‘qqiz dona qilichlari bor edi. Bular ichida otalari Abdullohdan meros qolgan bir qilich bo‘lib, oti Ma’sur edi. Madinaga hijrat qilganlarida shu qilichni taqinib keldilar. Ikkinchisi, Zulfiqor qilichidur. Bu ersa Badr so‘qishida dushmandan o‘lja olinmish edi. Hazrati Ali qo‘liga o‘tgandan so‘ngra tillarda doston bo‘lib, dunyoga oti chiqqan shu qilichdur.
Samsoma degan yana bir qilichlari bor edikim, arablar oldida uning ham nomi ko‘tarilmish edi. Sulaymon payg‘ambardan qolgan yana bir qilichlari bo‘lib, otini Rasub der edilar. Bu qilichning qissasi Qur’onda ham bordur. Yaman podshosi Bilqis xotin Sulaymon payg‘ambarga tortiq qilib yubormish edi. Otliq-atoqlik qilichlari shulardir.
Etti kishilik urush kiyimi, sovutlari bo‘lib, bular ichida bittasi Dovud alayhissalomdan qolgan, uni yahudlardan o‘lja olmish edilar. Vafotlaridan ozgina ilgari shu sovutlardan birovini o‘ttiz so’a arpaga garov qilganlari hadis kitoblarida yozilmishdur.
Uch dona qalqon, olti dona nayza, ikki dona dubulg‘alari bor edi. Minarlik ulovlardan yetti ot, olti xachirlari bo‘lib, bular ichida bir oq xachir Misr podshosi Muqovqis yuborgan hadyalar bilan kelmish edi. Rasululloh safarda shuni ko‘proq minar edilar. Bul xochir uzun umr ko‘rib, tishlari tushib, ko‘zlari xiralashib yashamish edi. Hazrati Ali xavorijlar bilan urushganida shu xachirni mingan edilar. Hazrati Alidan keyin imom Hasan, imom Husan, imom Muhammad Hanafiya mingan edilar.
Yana ikki eshaklari bor edi. Birining oti Ya’fur, yana birisi Ufayr edi. Rasululloh vafotlaridan so‘ngra Ya’fur o‘zini quduqqa otib halok qildi. Yana minish uchun boqilgan uchta tuyalari bo‘lib, ular Qasvo, Jad’o, Azboa deb atalmish edilar. Bular ichida Azboa bek chopog‘on — yuguruk bo‘lib, poyga chopishganida tuyalar hech oldiga o‘tmagan edi. Sahobalar muni poygaga qo‘shar edilar.

Qayd etilgan


Doniyor  10 Avgust 2006, 08:54:24

Rasulullohning vafotlarida shu tuyalari motam tutib, yemay-ichmay, oxiri ochlikdan halok bo‘ldi.
Rasululloh ichimliklar ichida sutni yaxshi ko‘rar edilar. Sog‘ishga atalgan bir necha qo‘y-echkilari ham bor edi. Bu haqda yettidan yuzgacha rivoyat qilinmishdir. Tun saharlarida, namoz vaqtlarida qichqirganini yaxshi ko‘rib, bir dona oq xo‘roz ham asragan edilar.
— Xo‘roz qichqirganini eshitsanglar, Allohdan yaxshilik so‘rab duo qilinglar, chunki u farishtalarni ko‘rib qichqiradi. Agar farishtalar «omin» desalar, duo qabul bo‘ladi.
Agar eshak hangrasa, unda Xudodan panoh so‘ranglar, u ersa shaytonni ko‘rib hangraydi, — dedilar.
Mana, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning umrlarining oxirida qo‘llaridagi bor mollari shu edi. Bular ham hijratdan keyin yig‘ilgan mollardur. Hijratdan ilgari Makkada turgan chog‘larida va Madinaga yangi kelganlarida eng faqir, eng miskin oilalar qatorida umr o‘tkazur edilar. Ko‘pchilik xalqqa ko‘rsatgan, o‘rgatgan yo‘llari ersa, Qur’onning zohiriy shariat yo‘llari erdi. Lekin o‘zlari oilalari bilan tariqat yo‘lini tutdilar Abu Zar G‘iforiy, Salmon Forsiy, Abu Dardo’ kabi xos sahobalariga ham ixtiyoriy ravishda shu yo‘lni o‘rgatdilar. Chunki shariat kamoli tariqat bilan bo‘lur.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
— Mening ulamo ummatlarim Bani Isroil pay¬g‘ambarlari kabidur, — dedilar.
Shu maqomga yetgan bu ummatning haqiqiy chin ulamolari ham shu yo‘lni ixtiyor qildilar, chunki Qur’onda: «Innama amvalukum va avladukum fitna», ya’ni: «Sizlarning molinglar, bola-chaqanglar Xudodan qoldiradigan narsalardur», deb marhamat qilingan. Endi shunday bo‘lgach, bu fitnadan qutulish uchun Rasululloh yo‘liga kirib, aytgan so‘zlariga amal qilishdan boshqa chora yo‘qdur. Chunki Alloh taolo Payg‘ambarimiz haqida «Butun olam xalqiga rahmat yetkazish uchun seni yubordik», dedi. Rasulullohning ko‘rsatgan yo‘lidan boshqa hamma joyda rahmat eshigi yopiqdur. Olam halqi Allohning rahmatiga Rasulullohning keltirgan Islom yo‘li bilan yeta olgaylar.

Qayd etilgan


Doniyor  10 Avgust 2006, 08:54:33

Islom dini yangi boshlanishida xotinlar ham o‘rganish uchun jamoat namoziga chiqishar edi. Bomdod namozida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uzun suralardan qiroat qilar edilar. Bolalik xotinlar ham emizik bolalarini yo‘rgab qo‘yib namozga turishur edi. Bir kuni bomdod namozida bir bolaning yig‘lagan tovushini eshitganlarida, bolani ayab shu kungi qiroatni ikki «Qul a’uzu» surasi bilan tugatdilar.
Vahiy kelishdan ilgari yoshliklarida Abdulloh degan kishidan tuya sotib olgan edilar. O‘rtalarida bir ish bo‘lib:
— Ey Muhammad, shu joyda to‘xtab turgil, men hozir kelaman, — deb ketganicha, esidan chiqib ketib, uch kungacha kelmay qoldi. So‘ngra esiga tushib kelib qarasa, Rasululloh va’dalarini saqlab, uch kundan beri shu joyda kutib turgan ekanlar.
Yana Rasulullohning odatlaridan biri uzoq-yaqindan kelgan elchilarga o‘zlari ham xizmat qilar edilar. Agar sahobalar:
— Yo Rasulalloh, xizmatga biz yetarlikmiz, — desalar, Rasululloh:
— Bular bizdan borgan kishilarni ko‘p hurmat qilgan ekanlar. Shu qilgan yaxshiliklarini qaytarmoqchi bo‘lib, bularga o‘zim xizmat qilgim keldi, — der edilar.
G‘azot safarlarining birida bir sahoba turib:
— Yo Rasulalloh, mol so‘yish menim ustimga bo‘lsin, yana biri osh pishirish menga bo‘lsin, — dedi.
Anda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
— O‘tin terish menga bo‘lsin, — dedilar.
Yana Rasululloh takabburchilikdan bek qattiq saqlanib, hech bir ishda xalqdan boshqacha ko‘rinishni, o‘ltirish-turishda alohida bo‘lishni yoqtirmas edilar. Tavozelari nihoyatiga yetgan edi. Qurbonlik qilgan qo‘y terisidan bir po‘stak qilib, uylariga solgan edilar. Ziyoratga kelgan odamning tagiga uni to‘shab, o‘zlari qoq yerda o‘ltirar edilar.

Qayd etilgan


Doniyor  10 Avgust 2006, 08:54:45

Bir kuni Jabroil alayhissalom vahiy keltirib:
— Ey Muhammad, agar xohlar ekansiz, Xudo sizni ham payg‘ambar, ham podshoh qilur, — dedi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam podshohlikni xohlamay, payg‘ambar bo‘lib, Xudoga qulchilik qilishni ixtiyor qildilar. Rasulullohning yonboshlab yotib yoki oyoq cho‘zib o‘ltirib taom yeganlarini hech kim ko‘rmagan edi.
— Men ham Xudoning qulidurman. Qul xo‘jasi oldida qandoq o‘ltirsa, qanday taom yesa, men ham shundoq taom yeydurman, — der edilar.
Rasululloh dunyo molini yig‘madilar, unga hech ko‘ngil qo‘ymadilar, kunda o‘tgan ovqatga qanoat qildilar. Makka shahri olingandan so‘ngra Quraysh qabilasi itoatga keldi. Butun Arabistonga Islom dini tarqaldi. Muhojirlar har tarafdan g‘animat mol olib Madinaga keltirdilar. Bu mollarni qandoq qilsalar, ixtiyor o‘zlarida edi. Shunday bo‘lsa ham yuz minglab kelgan tillo tangalardan birortasini olib saqlamadilar. Ularning hammasini muhtojlarga tarqatib, o‘zlari esa faqir oilalar qatorida kun kechirar edilar. Eng oxirgi «Hajjatul vado»ga borganlarida butun Arabistondan kelgan xalq Arafotga yig‘ilgan edi. Shundagi mingan tuyalarining to‘qimi jabdug‘i bilan to‘rt tangacha ham turmas edi. Rasululloh boylikdan faqirlikni ortiq ko‘rib: «Faqirligimga quvonib maqtanurman» dedilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam.
— Nasorolar Iso alayhissalomni haddan osha maqtashib, oxiri u zotni banda deyishmay, Xudo edi, Xudoning o‘g‘li edi, deyishib haq yo‘ldan adashdilar. Balki meni Allohning quli, uning payg‘ambari denglar,— deb ummatlariga o‘rgatdilar.
Abu Hurayra aytdi: «Bir kuni Rasululloh bilan Madina bozoriga chiqib, ko‘ynaklik bo‘z olmoqchi bo‘ldik.
Anda Rasululloh tarozibonga qarab:
— To‘g‘ri tortgil, — dedilar ersa, u irg‘ib turib qo‘llarini o‘pmoqchi bo‘lgan edi, tortib olib:
— Ajam xalqi podsholariga shundoq qiladilar. Men podsho emas, sizlardan chiqqan bir odamman, — dedilar.

Qayd etilgan


Doniyor  10 Avgust 2006, 08:54:55

So‘ngra bozordan olgan narsalarini men ko‘tarmoqchi bo‘lgan edim Rasululloh:
— Har kim molini o‘zi ko‘targani yaxshidur. Uzrsiz hech kim birovga yuk bo‘lmasin, — deb olgan narsalarini o‘zlari ko‘tardilar.
Bundan ummatlariga ibrat qoldirdilar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam dunyoni suymadilar, uning noz-ne’matiga aldanmadilar. Dunyoning hech bir narsasiga qiziqib qaramadilar, ozga qanoat qildilar. Tog‘-toshlardagi oltin-kumush konlari, balki ulug‘ tog‘lar, qip-qizil tillo bo‘lib Rasulullohga ko‘rindi. Undagi har turlik gavhar toshlar:
— Yo Rasulalloh, mendan oling, — deb o‘ziga qiziqtirmoqchi bo‘ldi, hech biriga nazar solmadilar. Dunyodan o‘tganlaricha shu holda turdilar. Vafot bo‘lganlarida oila hojatlari uchun sovutlari bir yahudiyga garovga qo‘yilgan edi.
Oisha onamiz:
— Rasululloh vafot bo‘lgunlaricha uch kun birdek surunkasiga bug‘doy nonga to‘yganimizni bilmaymiz. Tillo tanga, jonlik-jonsiz hech bir narsa bizga meros bo‘lib qolgani yo‘q. Rasululloh menim uyimda o‘z quchog‘imda turib jonlari uzildi. Shu kuni bir ozgina arpadan boshqa yeydigan hech narsa yo‘q edi, — dedilar.
Rasululloh:
— Makkaning qumtoshlarini oltin qilib menga tengladilar. YO rabbim, bir kuni to‘q, bir kuni och bo‘lganim yaxshidur. Och bo‘lgan kunlarim senga yolvorurman. To‘q bo‘ldim ersa, senga tashakkur qilurman.

Qayd etilgan


Doniyor  10 Avgust 2006, 08:55:12

Onamiz Oisha aytadi:
— Biror oylab uyimizda o‘t yoqib, qozon qaynamagan kunlarimiz ko‘p bo‘lur edi. U vaqtda non ham yo‘q, quruq xurmo bo‘lib, undan yeb ustidan suv ichar edik. Rasulullohning to‘shak yostiqlari ersa mesh teridan yasalib, ichiga xurmo qipig‘i to‘ldirilmish edi. Elangan oq bug‘doy nonni, o‘tlagan semiz qo‘y etini umr ichida ko‘rmadilar. Qorin to‘ydirib taom yemadilar, kechasi och yotib, yana kunduzi ro‘za tutar edilar. Qaysi bir kunlari Rasulullohga rahmim kelib yig‘lar edim. Orqalariga yopishgan qorinlarini silab:
— Ota-onam sizga fido, yo Rasulalloh, dunyo noz-ne’matlaridan biroz foydalansangiz nima bo‘lur? — dedim.
Anda ul zot:
— Ey Oisha, o‘tgan payg‘ambar birodarlarim mundan ham qattiqchiliklarga chidab yurib, Parvardigor oldiga bordilar. Ularga Alloh ko‘p hurmatlar ko‘rsatib, ulug‘ ne’matlar ato qildi. Endi men shularning ahvolini bilaturib dunyodan lazzatlanishga hayo qilurman, — dedilar.
Bir kuni Hazrati Ali karamallohu vajha:
— Yo Rasulalloh, sizning sunnatingiz qaysidur?— deb so‘radilar.
Anda Rasululloh:
— Ma’rifat menim sarmoyamdur, dinimning asli aqldur. Ishimning asosi muhabbatdur. Muhabbatsiz hech ish vujudga kelmas. Qurolim ilmdur, ilmsiz amalni Xudo qabul qilmas. Sabr menim libosimdur. Sabr¬siz iymon kamolga yetmas. Kasbim jihoddur, mundan qochganlar xorlikka qolgaylar. Hamrohim Xudo yodidur. Hunarim dunyoni tark qilishdur. Boyligim Xudo xazinasiga ishonishdur. Ko‘zim nuri, ko‘nglim chirog‘i namozdur. Ko‘nglim mevasi Xudo zikridur. Faqirligimga faxrim bordur. G‘amim ummatim uchundir. Shavqim Xudo diydorini ko‘rishdur, — dedilar.
Alloh taolo Qur’oni karimda marhamat qiladi:
— Ey mo‘minlar! Xabibim Muhammadni sizlarga payg‘ambar qilib yubordim. Uning aytgan so‘zlarini, qilgan ishlarini yaxshilik o‘lchovi qildim. Har nimani qilmoqchi bo‘lsanglar, shunga qarab, shundan ibrat olib qilinglar.
Demak, Rasulullohning aytgan so‘zlari, qilgan ishlari ummatlari uchun saodat o‘lchovi ekandur. Agar ummatlari shunga qarab ish olib borsalar, haq yo‘ldan hech adashmaydilar. Shuning uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
— Xudo tarafidan bir yo‘l keltirdim. U ersa Islom dinidur. Insonlar uchun moslashgan bir ilohiy qonundir. To‘g‘ri, keng, yumshoq va yorug‘ yo‘ldur. Bu yo‘lning boshi — shu dunyoda, oyog‘i u dunyoda — jannatdadur. Bundan tashqari chiqqanlar oxiratda abadiy azobga qolgaylar, bu dunyoda ersa, qo‘llari ishdan bo‘shamagay. Ko‘ngillari g‘am-qayg‘udan chiqmagay. Agar ummatlarim shu yo‘ldan chetga chiqmay to‘g‘ri tursalar, qaysi yoqqa qo‘l uzatsalar, rizqini olib yeydi, — dedilar.
Rasulullohning bu so‘zlari haqdur, chunki shunga o‘xshash so‘zlarni Alloh amri bilan ayturlar.

Qayd etilgan