Sahobalar esa haqiqiy iymonga ega bo‘lgan kishilardur. Shuning uchun Allohning va’dasiga ishonib, ko‘ngillari unga qanoat qilganlikdan, O‘ziga tavakkal qilib, dushman ko‘pligini ko‘zlariga ilmadilar.
Shunday qilib, Islom askari Shom tuprog‘ida Mu’ta degan joyga kelganlarida u tomondan qalin dushman askari chiqib, shu yerda ikki qo‘shin askari to‘qnashdilar. Saflar tuzilib, bir-biriga ko‘zlar tikilib, urush boshlandi. Rasululloh bergan oq tug‘ni tutib askar boshlig‘i Zayd ibn Horisa oldinga intilib, Islom askari bilan hujumga o‘tdilar.
Islom askari ersa, kuffor qo‘shini oldida ko‘kdagi qalin yulduzlar ichida qolgan hulkardek ko‘rinur edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam topshir¬g‘on oq bayroqni tutganicha olg‘a intilib, nayza-qilichlarning shig‘irlagan qaynam joyiga yetib bordilar. Dushman ko‘pchilik qilib, uni saqlagudek askarlari bo‘lmaganidan to‘rt yoqlama dushman hujumi ostida qolib, shu yerda Zayd ibn Horis shahid bo‘ldi, raziyal¬lohu anhu.
Bu kishi yiqilgudek bo‘lganida uning qo‘lidagi tug‘ini yerga tushirmasdan, ikkinchi amir Ja’far ibn Abu Tolib kelib tutdilar. Askar oldiga tushib, ot ustidan turib, qo‘lida tug‘ bo‘la turib, dushmanga hamla qildilar. Nayza-nayzaga, qilich-qilichga kirishib, bahodirlarning takbir sadosi bilan solgan suronlari ostida ko‘klar ingrashar edi. Qarasalar borgan sari ish og‘irlasha boshladi. Hazrati Ja’far buni ko‘rib, darhol otdan tushib piyoda bo‘ldi. Agar shahodat topar bo‘lsam, dushmanlar otimdan foydalanmasinlar, deb uni payini kesdi, so‘ngra takbir aytib butun askari bilan dushmanning qalin joyiga hamla qildilar. Dushman tarafidan urilib, tug‘ ko‘targan o‘ng qo‘li kesilib ketdi. Tug‘ni so‘l qo‘liga olib edi, buni ham kesdilar. Shunday bo‘lsa ham tug‘ni tashlamasdan qo‘ltig‘iga qisib turgan holda shahid bo‘ldi. Hazrati Ja’farning yoshi o‘ttiz uchda bo‘lib, u Hazrati Alining og‘alari edi. So‘ngra Islom tug‘ini uchinchi amir Abdulloh ibn Ravoha ko‘tardi. Bu kishi ham otliq edi, oldiga yurish, orqaga chekinish to‘g‘risida bir oz o‘ylanib turgach, ikki yo‘ldoshimdan ibrat olgudek bir ish qilur ersam, shunda najot topgayman, deb kofirlar to‘piga qarab arslondek otildi.