Alixonto'ra Sog'uniy. Tarixi Muhammadiyya  ( 379224 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 54 55 56 57 58 59 60 61 62 63 64 ... 74 B


Laylo  29 Oktyabr 2007, 07:35:26

 Uchinchisi Habbor ibn Asvad degan kishi edi. Bu ersa Rasulullohning qizlari Zaynab Makkadan hijrat qilib chiqayotganida uni to‘sib, yo‘ldan qaytarmoqchi bo‘lgan edi. Tuya ustidan tushirmoqchi bo‘lib, qo‘lidagi nayzasi bilan turtib edi, tosh ustiga yiqilib, homilador bo‘lganidan uning zarbiga qornidagi bolasidan ajragan edi. Shunchalik og‘ir jinoyati bo‘lsa ham, qochib yurib iymon keltirgandan keyin, buning ham gunohini kechirdilar.
Bu to‘qqiz kishidan to‘rt kishi o‘ldirildi: Ibn Axtal, Horis, Maqis, Axtalning qo‘shiqchisi bir joriya. Maqis ersa murtad bo‘lgandan so‘ngra yana bir kishini o‘ldirib, Madinadan qochmish edi. Ibn Axtalning ikki qo‘shiqchi cho‘risi bo‘lib, bularning qilar ishi ersa Rasulullohga qarshi soz chalib, qo‘shiq aytish edi.
Yana Quraysh raislaridan Safvon ibn Umayya, buning inisi Zuhayr ibn Umayya, Hazrati Hamzani shahid qilgan Vahshiy degan qul, Abu Sufyon xotini Hind — bular iymon keltirgandan so‘ngra Rasululloh ularni afv qildilar. Yana Xolid ibn Validga o‘z askari bilan tubangi yo‘l bilan Makkaga kirishni, qarshi chiqmagan kishilarga qilich ko‘tarmaslikni, yo‘l to‘sib qarshi chiquvchilarga esa o‘lim jazosini berishlikni buyurdilar.
Xolid ibn Validga pastki yo‘l bilan yurishni buyurib, Rasululloh o‘zlari ansor sahobalar bilan Makka shahrining yuqorigi yo‘li Kado’ tog‘ini kesib, shaharga kirmoqchi bo‘ldilar. Xolid ibn Valid Makkaga kirayotganida Abu Jahl o‘g‘li Ikrima boshliq Quraysh olomonlari oldini olib urush boshladilar. Bu yoqdan Hazrati Xolid hamla qilib, dushmandin yigirma to‘rt kishini o‘ldirib, o‘z askaridan ikki kishi shahid bo‘ldi. Buni ko‘rgach, qolganlari tarqalib qochdilar. Bu tomondan Xolid ibn Valid kuch bilan Makkaga bosib kirgan bo‘lsa ham, Rasululloh yurgan yo‘llarida hech kim qarshilik ko‘rsatmadi. Rasulullohning amrlaricha shu kuni Islom tug‘i yo‘l ustidagi Hajun tog‘i ustiga qadalgan edi.

Qayd etilgan


Laylo  29 Oktyabr 2007, 07:35:34

 Rasulullohning qizil qubbalik chodirlarini ilgariroq kelganlar shu joyga qurishib, kutib turmoqda edilar. Chodirga tushib ozroq dam olganlaridan ke¬yin shahar tomon jo‘nadilar.
Rasulullohning yonlarida Hazrati Abu Bakr Siddiq Fath surasini o‘qib kelmoqda edilar. Ramazonning yigirmanchi kuni, sakkizinchi hijriy yilda Makka shahri fath bo‘lib, juma kuni ertalab Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shahar ichiga kirdilar.
Ikkinchi bir rivoyatda keltirilibdurkim, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Xolid ibn Validga qabila arablaridan tuzilgan askarlarni olib Makkaning ostingi yo‘li bilan shahar ichiga kirgil va qachon mahalla boshiga yetar bo‘lsang, shunda Islom tug‘ini ko‘targil, o‘zlari boshlamaguncha sen urush qilmagil, deb buyurgan bo‘lsalar ham, Quraysh raislaridan Safvon ibn Umayya, Ikrima ibn Abu Jahl, Suhayl ibn Amrlar bosh bo‘lib, Handama degan tog‘ tagida ularni yo‘lini to‘smoqchi bo‘ldilar.
Rasululloh buyruqlaricha Xolid ibn Valid shu tomondan yurib, tog‘ tagiga keldi. Qarasa, oldida olomon ko‘pchiligi ko‘rinib, bularga qarab o‘q ota boshladilar. Buni ko‘rgach, Hazrati Xolidning jahli chiqib, askarga qarab:
— Uring, bu yaramas qopqondan qolgan tulkilarni,— deb hayqirib edi, Islom askarining hujumi ostida yetmish necha kishi o‘ldirildi, qolganlari bo‘lsa tum-taraqay bo‘lib qochdilar. Hazrati Xolid ularni surganicha quvlab kelib, Baytulloh yonida Hazar degan joyga yetkazdi. Ulardan bir to‘pi qochganlaricha tog‘ ustiga chiqishib edi, orqalaridan surib chiqqan musulmonlar qilichining uzoqdan yaltiraganligi Rasulullohga ko‘ringach:
— Bu nima ishdur? — deb so‘radilar. Sahobalar:

Qayd etilgan


Laylo  29 Oktyabr 2007, 07:35:42

 — Yo Rasulalloh, Xolidga Quraysh beboshlari qarshi chiqqan bo‘lsalar, shularga ko‘tarilgan Islom qilichlari bo‘lishi kerak. Yo‘q esa urushdan uni tiygan edingiz. O‘zlari urush boshlamasalar, sizning amringizni albatta Xolid buzmagay erdi, — dedilar.
Shuning bilan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Haram tuprog‘iga kirdilar. Kirishlarida tuyaga mingan edilar. Asrandi o‘g‘illari Zaydning bolasi Usoma tuya orqasiga mingashgan edi. Rasululloh Haramga odob saqlab tuya ustida egilib, tavoze’ bilan kirdilar. Yuqorida aytilganicha, Xolid ibn Validga to‘qnashgan kishilardan boshqa, ortiqcha qon to‘kilmadi.
Shunday ulug‘ ne’matni ato qilguvchi Alloh taologa hamdu sano aytdilar. Shu yurganlaricha to‘g‘ri kelib Baytullohni tuya ustida turib, yetti aylanib tavof qildilar.
Rasululloh Makkani fath qilib kirgan kunlarida Baytullohga uch yuz oltmish but osilmish edi. Rasululloh qo‘llarida tutgan tayoqchalari bilan:
— Haq keldi, botil yo‘qoldi, — deb ularga ishorat qilur edilar.
Qaysi biriga qarab ishorat qilsalar, tayoq tegmasdan turib tuban yiqilur edi. Baytulloh ichida Hazrati Ibrohim va Hazrati Ismoillarning ham haykallarini yasagan edilar. Mana shu birinchi kirgan kunlaridayoq Ka’ba ichidagi mushriklar asarlaridan hech narsa qoldirmay tozalatdilar. Shu kundan e’tiboran butun Arabistonda butparastlik yo‘qola boshladi. Islom shariatida zaruratsiz surat ushlashga ruxsat yo‘qligining ham sababi shu edi.

Qayd etilgan


Laylo  29 Oktyabr 2007, 07:35:51

 Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Makkaga kirgan kunlarida, qarshilik qilmagan kimsalarga qurol qo‘llanilmasin deb, amr qilgan edilar. Lekin Xuzo’a qabilasining Bani Bakr qabilasidan qasos olishiga ruxsat berdilar. Bu ish ham bo‘lsa shu kunning asr vaqtigacha cheklanmish edi. Shu kun o‘tgandan keyin umumiy ravishda tinchlik saqlandi.
Rasululloh Baytullohni tavof qilib bo‘lganlaridan so‘ngra Ka’ba uyining ichiga kirdilar. To‘rt tarafga qarab takbir aytib, u yerdan chiqib Maqomi Ibrohimga kelib, ikki rakat tavof namozi o‘qidilar.
So‘ngra zam-zam qudug‘idan suv ichib Baytulloh qarshisiga qarab turdilar. Butun xalq atroflarini o‘rashib olgan holda, ularning ko‘zlari Rasulullohga tikilib turdi. O‘zlariga ozor berganlarga, o‘z vatanlarini tashlab chiqmoqqa majbur etgan kishilarga qarata nima ish qilur, ularga qanday jazo berur ekan deb, barchaning ko‘ngliga kelur edi.
Lekin Rasulullohning o‘ch olib nafs qondirish, o‘zi uchun g‘azablanish va mana shu yanglig‘ narsalardan ko‘ngillari pok edi. Yo‘q esa amakilari Hazrati Hamzani o‘ldirilganiga qanoat qilmay, quloq-burunlarini kesib, ko‘zlarini o‘yib, bag‘rini chaynagan Abu Sufyon xotini Hindning nechuk gunohini kechgay edilar? Xudo Qur’onda: «Va ma arsalnaka illa rohmatan lil a’lamin», ya’ni: «Barcha olamga seni rahmat uchun yubordik», deb aytgan so‘zi haqiqat ekanini Rasululloh har bir ish ustida isbot qilib, butun olamga buni ko‘rsatdilar.

Qayd etilgan


Laylo  29 Oktyabr 2007, 07:35:59

 Mana, Rasulullohning bu qilgan ishlaridan barcha ummatlari ibrat olishlari lozimdur. Haqiqiy chin mo’min ersa, aning g‘azabi va rizoligi Alloh uchun bo‘lgay, har bir qilgan ishida ko‘pchilik xalq foydasini kutgay. Xalq foydasini kutgan bo‘lib, o‘z nafsiga qurol qilmagay. Haqiqiy chin musulmon kishining qilar vazifasi shuldur. Bu yo‘lda ko‘rsatgan xizmatlari uchun hech kimsadan tashakkur kutmagay. Islom shariatining ko‘rsatgan yo‘li shuldur. Har ishni Xudo uchun qilishi ersa, yaxshi-yomon xalq so‘zidan aning parvosi yo‘qligidandir.
Yana o‘z so‘zimizga kelaylik.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yig‘ilib, o‘zlariga ko‘z tikishib turgan ko‘pchilik xalqqa qarab:
— Ey Quraysh xalqi, o‘zinglarcha meni qanday ish qilar deb o‘ylagaysiz? — dedilar.
Anda ular:
— Qarindoshimizdursiz, mehribon og‘amizdursiz, endi sizdan yaxshilik kutib turamiz, — dedilar.
Rasululloh aytdilar:
— Unday bo‘lsa, endi boringlar, barchangiz bo‘shaldingiz, qilgan yomonliklaringizni avf qildim.

Qayd etilgan


Laylo  29 Oktyabr 2007, 07:36:08

 U zamon odati bo‘yicha barchalari qul bo‘lib, asir olinishlari kerak edi. O‘sha zamondagi urush odatlarining yo‘li shu edi. So‘ngra Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ka’ba ichiga kirmoqchi bo‘ldilar. Kelib qarasalar, Ka’ba eshigi qulf ekan. Buning eshikchisi Usmon ibn Talhani chaqirib, uning qo‘lidan kalitni oldilar. Ka’a ichiga kirib chiqqandan so‘ngra, u kishi, kalitni qaytarib bermas, deb o‘ylagan edi. Ammo uning o‘ylaganicha bo‘lmay, o‘ziga qaytarib berdilar. U zamonda Ka’ba kalitiga ega bo‘lish arablar o‘rtasida ulug‘ sharaf va obro‘y hisoblanar edi. Quraysh ichida Bani Shayba avlodi bu davlatga ega bo‘lmish edilar. Islomdan ilgari johiliyat zamonida ham o‘z odatlaricha haftada ikki marta — dushanba va payshanba kunlari Baytulloh eshigi ochilur edi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hijratdan ilgari, Makkada turgan vaqtlarida Ka’baga kirgan kishilar qatorida kelib kirmoqchi bo‘ldilar. O‘shanda ham shu Usmon ibn Talha Ka’ba eshikchisi edi. U Rasulullohga noloyiq adabsiz so‘zlar aytib, kirgazmay qaytargan edi. Rasululloh yumshoqlik qilib, uning so‘ziga sukut qildilar, so‘ngra unga aytdilarkim:
— Ey Usmon, bu yaqinlarda ko‘rib qolursan, Ka’ba kaliti mening qo‘limda bo‘lgay. U chog‘da esa buni tilagan kishimni qo‘liga topshirgayman.
Shu orada o‘n necha yil o‘tgandan keyin, xuddi o‘sha deganlaridek bu ish vujudga chiqdi. Makka fath bo‘lgan kunida o‘sha aytganlaridek, Usmon ibn Talha qo‘lidan kalitni oldilar va yana o‘ziga qaytarib berdilar. So‘ngra:
— Bu kalit ilgaridan beri sizlarda turar edi, bundan buyon ham doimiy ravishda sizlarnikidur. Ka’ba kalitini talashib, sizlardan kim olur ersa, zulm qilg‘on bo‘lur, — dedilar.

Qayd etilgan


Laylo  29 Oktyabr 2007, 07:36:16

 Bu to‘g‘rida Rasulullohga ilgari qilgan qo‘pol muomalasi yodida bor edi. Bundoq ulug‘ sharafdan ajrab, bu davlatdan quruq qolish qo‘rqinchi bosib turgan bir chog‘da yana qaytadan abadiy shu davlatga ega bo‘lishi uni ko‘p suyuntirdi. Rasululloh qo‘llaridan kalitni olishi bilan to‘xtamay uyiga qaytdi. Ketidan yana uni chaqirib oldilar, Qaytib kelgach:
— Ey Usmon, hijratdan ilgari bu kalit haqida senga aytgan so‘zim esingda bormi? — dedilar.
— U so‘z yodimda bordir, yo Rasulalloh. Endi guvohlik berurman, aniq bildim Allohning haq payg‘ambari ekansiz. Qudratingiz yetgan, qo‘lingizga tushgan chog‘da mundoq ulug‘ gunohlarimizni kechirdingiz, — dedi.
So‘ngra Rasululloh buyurdilar, Hazrati Bilol Ka’ba ustiga chiqib azon aytdi.
Quraysh raislaridan Abu Sufyon ibn Harb, Atob ibn Usayd, Xoris ibn Hishom, bulardan boshqa yana bir qancha Quraysh urug‘lari Ka’ba atrofida o‘ltirishgan edilar. Azon aytilganini eshitgach, Atob ibn Usayd turib dedi:
— Alloh taolo otam Usaydni hurmat qilib, bu ishdan ilgariroq unga ajal yubormish edi. Yo‘q ersa bu qora qarg‘aning Ka’ba ustida bundoq qichqirganini ko‘rib qattiq qayg‘urur edi.
Horis ibn Hishom aytdi:
— Koshki Muhammadning haqligini bilur bo‘lsam, albatta, unga iymon keltirur edim.
Bular so‘zini anglab Abu Sufyon aytdi:
— Bu to‘g‘rida hech qanday gapirmaslikka qasam qilurman, agar gapirur ersam, shu yotgan mayda toshlar ham Muhammadga xabar yetkazgay, — deb toshga ishora qildi.

Qayd etilgan


Laylo  29 Oktyabr 2007, 07:36:24

 Alarning so‘zlari tamom bo‘lishi bilan ularning ustiga Rasululloh keldilar va:
— Shu hozirda aytgan so‘zlaringizni Alloh menga bildirdi, — deb alarning aytgan so‘zlarini o‘zlariga aytib berdilar.
Buni eshitgach, Horis ibn Hishom, Atob ibn Usayd:
— Biz endi aniq ishondik, bu kishi payg‘ambar ekandur, yo‘q ersa, Allohdan o‘zga unga xabarni kim yetkazdi? Og‘zimizdan chiqishi bilan aytgan so‘zimizni qaytarib berdi, — deyishib, har ikkovi ham musulmon bo‘ldi.
Makka fath bo‘lgan kuni madinalik ansor sahobalar o‘ltirishib, o‘zaro shundoq so‘zlashur edilar:
— Rasululloh endi o‘z el-yurtlariga, qavmu-qarindoshlarining ichiga keldilar. Bu yer esa o‘z vatanlari, tug‘ilib o‘sgan joylaridur. Endi shu yerda turishga ko‘ngillari moyil bo‘lib qolsa, qanday qilgaymiz? — deb qayg‘urishdilar.
Rasululloh buni sezib, ularga qarab:
— Nimalarni so‘zlashayotirsiz? — deb so‘radilar.
— Hech so‘z aytmadik, yo Rasulalloh, — deb yashirgan bo‘lsalar ham, yo‘q aytinglar, deb qistaganlaridan ke¬yin, u so‘zni aytishga majbur bo‘ldilar. Anda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
— Alloh saqlasin, o‘lsak-tirilsak bir yerda bo‘lurmiz, bir-birimizdan ajrashmoq yo‘qdur, — dedilar.
Bu so‘zni anglashlari bilan madinalik butun sahobalarning yuzlari kulib, ko‘ngillari quvondi. Rasulullohdan ajrab qolgaymizmi, degan gumonlari ko‘ngillaridan chiqdi.

Qayd etilgan


Laylo  29 Oktyabr 2007, 07:36:32

 Yana shu kuni Rasululloh Baytullohni tavof qilib yurgan chog‘larida Fuzola ibn Umayr degan kishi ham Baytullohni tavof qilmoqchi bo‘lib, Payg‘ambarimiz yonlarida ergashib yurdi. Tavof ichida niyati buzilib, Rasulullohni o‘ldirishga qasd qilib, yaqinlashib keldi. Rasululloh unga qarab aytdilar:
— Ey Fuzola, shu hozirda sen nimani o‘ylab turibsan?
Anda ul aytdi:
— Hech narsani o‘ylaganim yo‘qdir, yo Rasulalloh. Allohni yod qilib zikr ayturman.
Rasululloh buning so‘ziga kuldilar. So‘ngra:
— Ey Fuzalo, tavba qil, istig‘for aytgil, — deb uning ko‘ksiga muborak qo‘llarini qo‘yib edilar, shu onda uning ko‘nglidan barcha buzuq xayollar ko‘tarildi.
Shu haqda Fuzalo aytur:
— Menimcha yer yuzida eng yomon ko‘rgan kishim qo‘lini ko‘ksimga qo‘yib edi ani ko‘tarmay turib, eng yaxshi ko‘rgan kishim bo‘ldi.
Yana Abu Sufyon shunday aytadi: «Makka fathi bo‘lgan kunlari tavof qilgali Baytullohga kirdim. Mendan keyin Rasululloh ham kirib tavof qildilar. Ko‘zim yuzlariga tushishi bilan ko‘nglimga shunday fikr keldi: «Bu kishi nima sabab bilan bizga g‘alaba qildi?»
Darhol Rasululloh menga qarab oldimga keldilar:
— Allohning yordami bilan seni g‘alaba qildim, ey Abu Sufyon deb yelkamga qoqib qo‘ydilar.

Qayd etilgan


Laylo  29 Oktyabr 2007, 07:36:42

 Anda men:
«Endi aniq bildim, siz Allohning payg‘ambari ekansiz, yo‘q ersa, ko‘nglimga kelgan bu so‘zni Xudo bildirmagan bo‘lsa, qaydan bilursiz? — dedim».
Rasululloh Makkada turganlarida hazrati Bilol Ka’ba ustiga chiqib besh vaqt namozga azon aytar edi. Quraysh yigitlaridan bir nechalari aning aytgan azonini do‘rab (masxara qilib), bular ham azon aytar edilar.
Bir kuni shular ichidan Abu Mahzura degan yigit o‘z odaticha Hazrati Bilolni do‘rab azon aytganida Rasululloh eshitib qoldilar. Qarasalar uning ovozi yoqimli ekan, uni chaqirtirib kishi yubordilar. U ham bu ishim uchun o‘limga chaqirildim, deb qo‘rqib keldi. Oldilariga kelgach, uning manglayini, ko‘ksini qutlug‘ qo‘llari bilan silagan edilar, ko‘nglida iymon nuri yoridi.
So‘ngra azon aytishni unga o‘rgatdilar:
— Mana endi sen aniq azonchi bo‘lding. Shu kundan boshlab, Makka xalqiga azon o‘qib turgin, — dedilar.
Shuning bilan bu kishi Baytullohga muazzin bo‘lib qoldi. Vafot bo‘lgunchalik shu xizmatda turib, o‘zidan keyin ham ko‘p yillargacha Baytulloh muazzini shu avloddan qo‘yilar edi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam juma kuni ertalab Makkaga kirdilar. Shu kuni kechgacha qarshilik qiluvchilar bilan urushmakqa, zararlik kimsa bo‘lsa o‘ldirmakka ruxsat bergan edilar. Shu vaqt o‘tgandan keyin Makka ichida qurol qo‘llanmoq man qilinmish edi. Shunday bo‘lsa ham, buyruqqa qaramay, Islom tarafdori Xuzo’a qabilasi shahar olingan kunning ertasi dushmanlari bo‘lgan Bani Bakr qabilasidan Ibn Aqra’ degan kishini o‘ldirib qo‘ydilar. Bu o‘ldirilgan kishi mushriklardan bo‘lib, hali dinga kirmagan edi.

Qayd etilgan