Alixonto'ra Sog'uniy. Tarixi Muhammadiyya  ( 379189 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 58 59 60 61 62 63 64 65 66 67 68 ... 74 B


Laylo  29 Oktyabr 2007, 07:42:33

 Bu esa Rasulullohning g‘oyibdan xabar mo’jizalari edi. Ul zot deganlaridek, Hazrati Alining xalifalik davrlarida xavorij toifasi paydo bo‘ldi. Rasulullohga adabsizlik qilgan shu kishini o‘zlariga rais saylamish edilar. Islom dinning ofati xavorij firqasidan boshlab tarqaldi. Alarning alomatini Rasululloh Hazrati Aliga aytmish edilar:
— Ey Ali, mendan so‘ngra bir firqa kishilari senga qarshi chiqib urush qilgaylar, sen ularga g‘olib kelib, zafar topgaysan. Raislarining bilagi boshida ayollarning ko‘kraklaridek do‘mbayib chiqqan belgisi bordur.
Rasulullohning aytganlaridek, xavorijlardan to‘rt mingdan ortiq kishi Hazrati Aliga qarshi chiqib urushmoqchi bo‘lishdi. Orada qon to‘kilmasligi uchun, ularga ko‘p nasihat qildilar, foyda bermadi. Boshqa iloj yo‘qligidan urushmoqqa majbur bo‘lgach, Rasululloh aytganlaridek, xavorijlar ustidan g‘alaba qildi. To‘rt ming kishidan to‘qqiz kishi qochib qutuldi, qolganlari esa butunlay qilichdan o‘tkazildi. Qo‘li ustida ko‘krak kabi do‘mbayib turgan belgisi bor raislari ham shu urushda o‘ldirildi. O‘liklar ichidan axtarishib yurib, uni topdilar. O‘ttiz yil ilgari bu voqeadan xabar berib, Rasululloh aytgan so‘zlari to‘g‘ri chiqqach, Hazrati Ali boshliq butun askar takbir aytishib, Payg‘ambarimizga salovot o‘qishdilar.
Mana shu kundan boshlab xavorij firqasi musulmonlar ichida ko‘payib, Islom xalifalariga qarshi har yerda qo‘zg‘olon ko‘tardilar. Hazrati Alini shahid qilgan Abdurahmon ibn Muljam degan kishi ham shulardan edi.
Rasulullohdan:
— Ey Ali, ilgarigi ummatlardan chiqqan eng yomon odam Solih payg‘ambarning tuyasini o‘ldirgan kishidur. Keyingilardan chiqqan eng yomon odam, seni o‘ldirgan Ibn Muljamdur, — degan so‘z rivoyat qilinmishdur.

Qayd etilgan


Laylo  29 Oktyabr 2007, 07:42:49

 Yana o‘z so‘zimizga kelaylik. Shunday qilib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu urushdan o‘lja tushgan mollarni Qur’on qonunicha butun askarga taqsim qildilar. Yuqorida yozilganicha, Quraysh raislariga, bulardan boshqa qabila raislariga necha yuzlab tuya in’om qildilar. Ammo shuncha ko‘p qilgan in’omlaridan madinalik ansor sahobalarga hech narsa bermadilar. Insonchilik yuzasidan bu ish ularga og‘ir keldi. O‘z yurtlarida har xil so‘z ko‘paydi. Ko‘pchilik ichida yaxshi-yomon so‘zlaguvchilar bo‘ldi. Qaysi birlari aytur edi:
— Qattiqchilik kunlari kelsa bizlarni chaqirur, o‘lja olgan mollar bo‘lsa, qarab turgan tamoshabinlarga berur.
Qaysi biri esa:
— Bu ajab qiziq ishdur, qilichimizdan qon oqizib topgan mollarimiz yuzlab-minglab dushmanlarimizga taqsim qilinmoqdadur. Quraysh qonidan qurollarimizni hali artganimiz yo‘q edi. Urushda qon to‘kkan biz qolib, ular o‘ljalik bo‘ldilar. Bu ish Allohdan kelmish vahiy orqali bo‘lsa, u chog‘da bo‘ysunmoqdan boshqa chora yo‘qdur. Agar Rasululloh o‘z fikricha qilmish ekan, unda bu to‘g‘rilik so‘z qilishga bizning ham haqqimiz bor, — dedi.
Ansor sahobalarning raislaridan Hazrati Sa’d ibn Uboda bu holni ko‘rgach, bundan bir fitna qo‘zg‘alib qolmasin deb darhol Rasulullohga kelib;
— Yo Rasulalloh, ansor sahobalar bu ishdan norozi bo‘lmishlar. O‘z qavmi Quraysh raislariga ulug‘ in’omlar berdi, shunchalik ko‘p mollardan bizlarni quruq qoldirdi, boshqalar qatorida ham ko‘rmadi, deydurlar, — dedi.

Qayd etilgan


Laylo  29 Oktyabr 2007, 07:43:17

 Anda Rasululloh:
— Ey Sa’d, bu so‘zga o‘zing qanday qarading? — deganlarida:
— Yo Rasulalloh, men ham shular ichidan chiqolmadim, — dedi.
— Andog‘ ersa, butun ansor sahobalar bir joyga yig‘ilishsin, — deb buyurdilar.
Hazrati Sa’d ularni bir yerga yiqqandan so‘ngra Rasulullohga xabar berdi, alar uzrasiga Rasululloh keldilar. So‘ngra ansor sahobalarga qarab:
— Agar ichinglarda boshqa urug‘lardan kishi bor ersa aytinglar, o‘z qo‘shiga qaytsin, — dedilar.
— Yo Rasulalloh, oramizda yot kishi yo‘qdur. O‘z jiyanlarimizdan bir kishi bordur, — deganlarida, ul zot:
— Jiyan tog‘adan bo‘lgay, — dedilar.
«Jiyan tog‘aga tortar» degan el og‘zidagi so‘zning asli shu bo‘lishi kerak. Shu bilan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ansor sahobalarga qarab bir so‘z qilmoqchi bo‘lib, Allohga hamdu sano aytgandin so‘ngra ularga dedilar:
— Ey ansor xalqi, menim ustimdan aytgan so‘zlaringizni angladim. Menim qilgan ishimni yoqtirmay, norozi bo‘libsizlar, deb eshitdim. Bu nima ishdur? Men sizlarga kelmasdan ilgari adashgan edinglar, yo‘l topdinglar. Bo‘lak-bo‘lak edinglar, birlashdingizlar. Kambag‘al edinglar, boy bo‘ldinglar. Bu ishlarga Alloh meni sababchi qildi. Allohdan bu yaxshiliklarni ko‘ra turib, nega bunday so‘z chiqardinglar, qani gapiringlar-chi?

Qayd etilgan


Laylo  29 Oktyabr 2007, 07:43:36

 Anda ansorlar:
— Yo Rasulalloh nimani ayturmiz? Siz deganingiz ersa, hammasi rostdur. Minnatdormiz Allohga va uning Rasuliga. Qorong‘ulikda edik, siz kelgach yorug‘likka chiqdik. Adashgan edik, to‘g‘ri yo‘l topdik. Tamug‘ (do‘zax) chetini bosmish edik, siz kelib undan qutuldik. Alloh Rabbimiz, Islom dinimiz, Muhammad Payg‘ambarimizdur. Nima ish qilar ekansiz, ixtiyoringizdadur, biz rozimiz, — dedilar.
Anda Rasululloh:
— Andog‘ ersa, sizlar ham shundog‘ deyishga haqqingiz bordur: «O‘z qavmingiz sizga ishonmay yolg‘onchi dedilar. Bizlar sizga ishonib, rost aytur, dedik. Bosh¬qalar ersa sizdan qochdilar, biz bosh berib, sizga ergashdik. Yeringizga sig‘may qochib keldingiz, jonimiz bilan sizga joy berdik. Kishilar dushman bo‘lishib, sizga qasd qildilar, bizlar jonimizni ayamay yordamingizda bo‘ldik. Chog‘ay edingiz, boy qildik». Agar xohlar ekansiz, sizlar ham shu so‘zlarni aytishga haqqingiz bor. To‘g‘risi ham shuldur, — dedilar.
Anda ansorlarning ulug‘ yoshliklari:
— Yo Rasululloh, bizlardan bul to‘g‘rida hech qanday so‘z chiqqani yo‘qdur. Lekin yosh-yalanglarimiz Rasulullohni Alloh avf qilsin, o‘z urug‘i Quraysh raislariga bek ulug‘ hadyalar qildi, bizni yodidan chiqarib quruqqa qoldirdi, qonlaridan qilichimiz bo‘yalmish dushmanlar molga ega bo‘ldi deyishdi, — dedilar.

Qayd etilgan


Laylo  29 Oktyabr 2007, 07:43:52

 Anda Rasululloh:
— Ey ansor xalqi, ular ersa yangidan Islomga kirgan kishilardur. Bularning iymonlariga ko‘p ishonch yo‘qdur. Ko‘ngillarini Islomga moyil qilish uchun shu baqosiz mollardan ularga berib, dillarini shod qildim. Sizlarning iymoningiz kuchlik bo‘lganiga ishonib, dunyo moli uchun qayg‘urmaslar deb o‘ylab, sizlarga mol bermadim.
Ey ansor xalqi! Boshqa kishilar qo‘y-echki, tuya olishib uylariga qaytsalar, sizlar Rasulullohni olib qaytmoqqa rozi emasmisiz? Xudo haqqi qasam qilurman, agar Makkadan Madinaga hijrat qilib bormagan bo‘lsam edi, ansorlardan bir kishi bo‘lib yashar edim. Agar bu kishilar barchasi bir yo‘lga kirishib, ansorlar bir yo‘lga kirmoqchi bo‘lsalar, Xudo haqqi, men Ansorlar kirgan yo‘lga kirar edim.
Ey bor Xudoyo, ansorlarni va ham ularning avlodlarini rahmat qilgin, — deb duo qildilar.
Rasulullohdan shundoq o‘tkir, hayajonlik va’z eshitgach, hammalari yig‘lashib, ko‘z yoshlaridan soqollari suv bo‘lib, ko‘ksilari ho‘l bo‘ldi.
— Barcha xalq o‘lja olishib uylariga qaytsinlar, biz bo‘lsak, Rasulullohni olib qaytmoqqa rozi erurmiz, — deyishib, shodlik bilan tarqashdilar.
Rasulullohning bu muborak nutqlari natijasida hech kimning ko‘nglida kiri qolmay o‘rtadagi g‘ubor ko‘tarildi.
Bu urushda dushman yig‘ilgandan so‘ngra orqa saflarga qo‘yilgan xotin va bolalardan bir qanchalari asir olingan edi. Ular ichida Shaymo’ degan bir xotin askarlarga qasam qilib:
— Men Muhammadning emakdoshi erurman, yoshligida uni emizgan Halima xotinning qizidurman, — dedi.

Qayd etilgan


Laylo  29 Oktyabr 2007, 07:44:08

 Anda sahobalar uning so‘ziga ishonmay, Rasululloh oldilariga olib keldilar. Oradan ko‘p vaqt o‘tganligidan Rasululloh uni tanimadilar va:
— Agar bu aytgan so‘zing to‘g‘ri bo‘lsa, sening badaningda mendan qolgan bir belgi bo‘lishi kerak, — dedilar.
Anda ul xotin darhol qo‘lini ochdi. Bilagi ustida oqarib turgan ochiq bir dog‘ni ko‘rsatib:
— Sizni ko‘tarib yurganimda tishlagan joyingiz mana, yo Rasulalloh, — dedi.
Bu alomatni ko‘rib tanidilar. Darhol o‘rinlaridan turib, yelkalaridagi ridolarini solib, ustiga o‘ltir¬g‘izdilar. Bu xotin Rasulullohni emizgan Halimaning qizi ekanligi aniqlangach, uni bek hurmatladilar. Ota-onalarini so‘rab, ularning o‘lganliklarini eshitgach, muborak ko‘zlaridan yosh to‘kildi. So‘ngra unga qarab:
— Ey Shaymo’, mendan nima so‘rasang berurman, nima desang qabul qilurman, — dedilar.
Bu xotin Rasulullohga kelmasdan oldin qabila raislari unga tushuntirib:
— Ey Shaymo’, Muhammad sening sut emishgan qarindoshing bo‘lur. Agar u bilan ko‘rishib qolur bo‘lsang, avval o‘z qavmingni tilab ol, — deyishgan edi. Bu so‘zni eslab:
— Yo Rasululloh, bu urushdan qo‘lga tushgan barcha asirlarni men uchun ozod qilishingiz so‘rayman, — dedi.
Xotun Bani Sa’d qabilasidan bo‘lsa ham, uning hurmatiga butun qabilalardan tushgan asirlarni bo‘shatdilar. Bundoq ulug‘ sharafga arab tuprog‘ida hech kim ega bo‘lmagan edi.

Qayd etilgan


Laylo  29 Oktyabr 2007, 07:44:30

 So‘ngra Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
— Ey Shaymo’, agar xohlar ekansan, seni o‘z oldimda qoldirurman. Oilam ichiga qo‘yib, ko‘p hurmat qilurman. Agar yo‘q desang, izzating bilan o‘z elingga qaytarurman, — dedilar.
Anda ul xotun:
— Yo Rasulalloh, ruxsat qilsangiz o‘z yerimga qaytganim yaxshidur, — dedi.
Uning xohlaganicha har urug‘ chorva mollaridan berib, xizmatiga qul-cho‘rilar qo‘shib, o‘z eliga uzatdilar. Buni ko‘rib, Havozin qabilasi o‘n to‘rt kishini elchi qilib Rasulullohga yuborishdi. Bularning raislari esa Zuhayr ibn Sard degan kishi edi. U kelib Rasululloh bilan ko‘rishgach, barchalari musulmon bo‘ldilar. So‘ngra:
— Yo Rasulalloh, men ersam sizning sut otangiz Abu Kabshaning qarindoshi erurman. Biz Havozin xal¬qi sizning sut onangiz Halima xotinning qabilasidurmiz. Moldan, boshdan ajralib bu og‘ir kunga qolganlar ersa, barchasi sizga qarindosh, emakdosh bo‘lurlar. YOshligingizda bizdan sut emgan edingiz. Shuning hurmatini yuzimizga parda qilib keldik, o‘ljaga tushib, taqsim topib ketgan mol-boshlarimizni ham qaytarib berishingiz so‘raymiz, — dedilar.
Anda Rasululloh:
— So‘zning yaxshisi eng to‘g‘ri so‘zdur. Toyifdan qaytib kelganimdan beri sizlarni ko‘p kutdim. Endigi maslahat shulki, ikki ishdan birini ixtiyor qilinglar. Yo mol so‘ranglar, yoki jon. Qaysi birini xohlar ekansiz, shuning chorasini qilurmiz, — dedilar.
Anda ular:
— Yo Rasulalloh, mol qolsa ham, bosh asirlarimizni qaytarilsa, unga ham ko‘p rozi bo‘lurmiz, — deyishib edi, o‘zlariga qarashlik asirlarni Rasululloh qaytardilar.

Qayd etilgan


Laylo  29 Oktyabr 2007, 07:44:50

 Buni ko‘rgach, boshqalar ham qaytarishdi. Shunday bo‘lib moldan tashqari barcha asirlar Rasulullohning sut onalari Halima xotin hurmati uchun ozod bo‘ldilar. So‘ngra Rasululloh Havozin elchilaridan dushman askarining boshlig‘i Molik ibn Avfni so‘rab:
— Agar ul Islomni qabul qilsa, oilasi boshliq butun mol-jonlarini o‘ziga qaytarib, yana yuz tuya in’om qilurman, unga xabar qiling, — dedilar.
U ersa Toyif shahrining qal’asida qamalmish edi. Qo‘rqib yotgan kishi bu so‘zni eshitgach, ko‘ngli Islomga moyil bo‘ldi. Shunday bo‘lsa ham, buni boshqalardan yashirin tutishi lozim edi. Bir kuni payt poylab, yashirincha qal’a tashqarisiga chiqdi. Qarasa Rasululloh sollallohu alayhi vasallam urush joyidan ko‘chib, Makka tomonidagi Ji’rona degan joyga qo‘nmish ekanlar. Buni anglab, u shu joy keldi. So‘ngra hijolatlik bilan Rasululloh oldilariga kirib ko‘rishib edi, unga qilgan xush qiliqlarini, do‘stlardek muomalani ko‘rgach, hayron qoldi. Darhol iymon keltirib:
— Yo Rasulalloh, Allohdan va uning payg‘ambaridan afv o‘tinurman, — dedi.
Buning kelganiga Rasululloh bek suyundilar. Oilasi bilan o‘ljaga qoldirgan butun molu dunyosini va’dalaricha o‘ziga qaytarib berdilar.
Rasulullohga qarshi urush ochgan Havozin qabilasidan bular yengilgandan keyin bir qancha kishi Islomga kirmish edi.
Molik ibn Avfni bularga boshchi qilib, qolgan qabilalarni ham dinga undashga buyurdilar. Bu kishi ersa bir necha kun ilgari kufr askariga boshchi bo‘lib, Rasululloh bilan urush qilgan edi. Xudo qudrati bilan Rasulullohning otgan bir hovuch tuprog‘iga shuncha ming dushman askari chidab turolmay qochdilar. Shunday ulug‘ mo’jizani o‘z ko‘zi bilan ko‘rib o‘tkazdi. Ikkinchidan esa, bu urushda arab tuprog‘iga Islom kirgandan beri bo‘lib o‘tgan urushlarning eng qattig‘i edi. Shuning uchun bu urush to‘g‘risida Allohdan shu oyat keldi:
«Va ma romayta iz romayta va lakin-nalloha roma».

Qayd etilgan


Laylo  29 Oktyabr 2007, 07:46:01

 Ma’nosi: «(Ey Muhammad), shu bir hovuch tuproqni zohirdan sen otgan bo‘lsang ham, ey Muhammad, haqiqatda uni sen otmading, uni Alloh otdi», demakdur.
Albatta, uni Alloh otgandur, bo‘lmasa Rasulullohning otgan bir hovuch tuprog‘i shuncha ming dushman askarining ko‘zlariga qaydan kirar edi. Bu urushda qanchalik ko‘p xalqning mol-jonlari chiqim bo‘lishiga, xotin-bolalari o‘lja sifatida asir olinib, bosh¬qa arablar oldida nomusga qolishlariga shu raislari sabab bo‘lmish edi. Shundog‘ bo‘lsa ham Rasululloh uni avf etib, qabilasining musulmonlariga rais qildilar. Shunday oliy axloqni ko‘rib, umid etmagan ishiga ega bo‘lgach, jon-dili bilan Rasulullohga berilib, Islomning chin xizmatchilaridan bo‘ldi.
Yana o‘z so‘zimizga kelaylik. So‘ngra Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shu tushgan joylari — Ji’rona degan yerdan umra ibodatini ado qilmoq uchun ehrom bog‘lab Makkaga kirdilar. Bu bilan Makkaning oralig‘i olti chaqirim chamasida kelur.
Haram tashqarisidan Umra qilish qasdida ehrom bog‘lagan kishi kelib, Baytullohni yetti marotaba aylanib tavof qilgandan keyin, ikki rakat tavof namozi o‘qisa, u yerdan chiqib Safo, Marva tog‘lari orasida yetti qayta yurgandan keyin sochini oldirsa, shu bilan «umra» ibodatini o‘tagan bo‘lur. Shu tartibda uch umra qilgan kishi bir haj qilganning savobini topgay.
Rasululloh umra ibodatlarini tamomlagach, Makkada yotmay, shu kecha qaytib Ji’ronaga keldilar. Askarning oldi-orqasi yig‘ilib kelguncha bu joyda o‘n uch kun turib qoldilar. Toyif safariga chiqqanlarida Makka shahriga Itob ibn Usayd degn kishi amir qo‘yilmish edi. Uni o‘z o‘rnida qoldirdilar. Sahobalardan Mu’oz ibn Jabal, Abu Muso Ash’ariy — bu ikkovlarini Makka xalqiga Qur’on o‘qitmoq, Islom xukmlarini o‘rgatmoq uchun tayin qildilar. Shuning bilan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Makkadan chiqib, hijratning sakkizinchi yili zulqa’da oyi¬dan olti kun qolganda Madinaga keldilar. Bu safardan qaytgunlaricha sakson kundan ko‘proq o‘tibdur. G‘azot safarlari ichida eng uzuni shul edi.

Qayd etilgan


Laylo  29 Oktyabr 2007, 07:46:30

 Tarix olimlari aytdilar, Rasulullohning arab tuprog‘ida qilgan g‘azotlarining birinchisi Badr g‘azoti edi. Eng oxirgisi esa shu Hunayn g‘azoti bo‘ldi. Har ikkovida ham musulmonlar g‘alaba qozondilar. Johiliyat o‘tlari o‘chirilib, Islom chirog‘i yondirildi. Buning natijasida Arabiston o‘lkasidan kufr qorong‘uligi butunlay ko‘tarildi.
Nasr surasidagi Xudo tarafidan qilingan va’dalar yuzaga chiqdi. Ya’ni, Makka fath bo‘lishi bilan arab xalqi to‘p-to‘pi bilan, qabila-qabilasi bilan kelishib, Islom diniga kirgali turdilar.
Yaqindagilari o‘zlari kelishdi, yiroqdagilari elchilar yuborishib, iymon keltirishdi. Shunday bo‘lib, butun arablar Islom diniga bo‘ysundilar va bular orqali Arabiston cho‘llarida sochilib, tarqoq yashayotgan butun qabilalar birlashib, Islom tug‘i ostiga yig‘ildilar. Demak, bir-birlari bilan birlashmoqdan davlat kuchi tug‘ilib, Islom hukumati qurildi. Mana shu kundan boshlab, Islom dini butun dunyoga tarqalgali turdi. Endi Islom dini ersa insonlar uchun Alloh tomonidan saylab chiqarilgan ilohiy bir qonundir. Bu dinning qonunnomasi bo‘lgan Qur’on kitobini Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomga Alloh taolo yubormishdur. Undagi aytilmish so‘zlarning aniqligida hech qanday shubha yo‘qdur.
Lekin nachoradurki, biz, musulmon atalmish kishilar shundayin muborak kitobdan keragicha foydalanmadik. Bizni ko‘rib boshqalar ham eski chuprakka o‘ralmish gavharni taniyolmasdan, orqalariga otib tashladilar. Shuning bilan butun olam qorong‘ulikka kelib, bosgan qadamlarini qayoqqa qo‘yishini bilmay, dunyoning eng bilimdon siyosatchilari ham hayronlikda qoldilar. Hozircha kema teshilib, suv boshdan oshdi. Endi ishning orti qanday bo‘lur, Alloh o‘zi anglamasa, bosh¬qa chorasi yo‘qdur

Qayd etilgan