Endi bu kishiga nega bundoq deydur? Bu to‘g‘rida kelgan hadislar mazmunicha, u zamon kishilariga har yoqlama balo va ofatlar yog‘ilib, dunyo hokimiyati har joyda dahriylar, dinsizlar qo‘lida bo‘lgay. U kundagi musulmonlar ersa gunoh ishlarini oshkora qilgaylar. Ular oldida halol-haromning farqi qolmagay. Shu bilan dinlari barbod bo‘lgay, islomiyat axloq-odoblaridan ajragaylar, shariat hukmi o‘rtadan butunlay ko‘tarilgay. Zulm-xiyonat ishlari barcha xalqni qoplagay. Yeb-ichib kiyganlari, topgan-tergan mollari butunlay harom-xarishdan bo‘lgay. Shuning uchun qilgan duolari qabul bo‘lmagay. Rasululloh payg‘ambarlar noibi degan olimlardan hech kim qolmagay, ular o‘rniga aldamchi, yolg‘onchi, chala mulla — dinbuzarlar qolgaylar. Payg‘ambarimiz ularni o‘sha zamonning eng yomon odamlaridur, derdilar. Fuqaro xalqning o‘z boshlari, oilalari, mol-dunyolari ustidan u zamon hukumatlari ixtiyorsiz, nohaq hukmlar yurgizgaylar, hech kimda hurmat-obro‘ qolmagay. Kishilarning ko‘pchiligi xor-zorlikda qolib, baraka ko‘tarilgay. Insonlar shu holga yetganda tirik yurib qiynalgandan o‘lishni afzal ko‘rgaylar. Yuqoridagi hadisni sharhini ko‘rib, qis¬qacha tarjimasini yozdim.
Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalarga aytdilar:
— Mendan keyin bir zamon kelur, men uni ko‘rmayman, sizlar ham uni ko‘rmanglar. U zamon keldi ersa, chin olim so‘zini olmagaylar, ulug‘ odamlardan uyalmagaylar, din so‘ziga quloq solmagaylar. Mana shundog‘ bo‘lib, din-dunyo ishlariga qattiqchilik kelgan kunlarda har qancha qiynalsa ham, o‘z dinidan ajramay yurib o‘lgan bir musulmon yuz shahidning savobini topgay. Qiyomatgacha bir toifa ummatim haq yo‘ldan adashmagay.