Alixonto'ra Sog'uniy. Tarixi Muhammadiyya  ( 380009 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 63 64 65 66 67 68 69 70 71 72 73 74 B


Laylo  30 Oktyabr 2007, 06:54:55

DORIYUNLAR VOQEASI

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hijratdan ilgari Makkada turgan vaqtlarida Shom tarafida yashaydigan Doriyun arablaridan bir necha kishilar kelib iymon keltirishgan edi. Bular ichida Tamimud-doriy, Abu Hindud-doriy, Naimud-doriy degan kishilar bor edi. Bu doriyunlar qaytar vaqtlarida:
— YO Rasulalloh, vaqti kelib Xudo sizga olam atrofidan ko‘p yerlar bersa, bizga ham shu yerlardan ato qilg‘aysiz, — dedilar.
Anda Rasululloh aytdilar:
— Xohlagan yerni aytinglar, shu hozirdayoq xat qilib berayin.
Rasululloh oldilaridan chiqishib o‘zaro kelishgandan keyin Baytul maqdis shahrini atrof qishloqlari bilan so‘ramoqchi bo‘ldilar. Anda Abu Hind aytdi:
— Bu shahar ilgari Ajam podsholariga markaz bo‘lib kelgandur. Bu so‘nggi kunlarda esa arablarga poytaxt bo‘lishi kutilmoqda. Buni qo‘yib boshqaroq joydan ko‘rsataylik, — deyishib, oxiri Shom tuprog‘ida Bayt Jayrum degan joyni so‘radilar.
Rasululloh buni ma’qul ko‘rib, bir parcha kiyik terisiga hujjat xati yozdirib berdilar. Nusxasi bu erur:
«Bismillahir rohmanir rohiym. Haza kitobun zukira fihi ma vaxab Muhammadun rasulullohi lid-doriyyina iza a’tohullohu lahularza vahabalahum Bayta Aynuna va Jayruna val Martum va Bayta Ibrohima ilal abadalabad. Shahida bizalika Abbas ibnu Abdulmuttalib va Xuzaymatu ibni Qays va Shurahbil ibni Hasanax».

Qayd etilgan


Laylo  30 Oktyabr 2007, 06:55:07

 Tarjimasi: «Allohning Payg‘ambari Muhammad Doriyunlarga shu joylarini hiba qilib berdi: Bayti Aynun, Jayrun, Martum, Bayti Ibrohim. Alloh o‘z Payg‘ambari Muhammadni shu joylarga qachon ega qilsa, ul kishilar shu yerlarni olsinlar. Bularga doimiy mulk bo‘lsin. Abdulmuttalib o‘g‘li Abbos, Qays o‘g‘li Xuzayma, Hasana o‘g‘li Shurahbil guvohdur».
So‘ngra bu xatni ularga berib:
— Endi o‘z yeringlarga qaytganinglar yaxshidur. U yerga borgach, menim Madinaga hijrat qilib kelishimni kutib turinglar, — deb ruxsat qildilar.
Ular ham o‘z joylariga qaytishdi. Qachonki Rasululloh hijrat qilib Madinaga keldilar ersa, Doriyunlar uni anglashib Madinaga kelib, Rasululloh bilan ko‘rishgandan so‘ngra Makkada yozilgan burungi hujjat xatni yangilab berishni talab qilishdi. Ikkinchi hujjat xatni yozishga buyurdilar. Nusxasi ushbudir:
«Bismillahir rohmanir rohiym. Haza ma anto Muhammadur Rasululloh litamimid-doriy va ashobihi. Inniy antaytukum Bayta Aynuna va Jayruna val Martum va Bayta Ibrohima, birummatihim va jamiy’a ma fiyhim natiyyata battin va nafadtu va sallamtu zolika lahum valia’qobihim min ba’dihim abadal abad. Faman azahum fihi azahumulloh. Shahida bizalika Abu Bakr ibni Quhofa va Umar ibni Abi Xattob va Usmon ibni Affon va Ali ibni Abi Tolib».
Tarjimasi: «Allohning elchisi Muhammad Tamimud-doriy va aning yo‘ldoshlariga Bayti Aynun va Jayrun va Martum va Bayti Ibrohim — shu joylarni ichidagi borliq narsalari bilan hiba qilib berdim. O‘zlariga, keyin bolalariga doim mulk bo‘lsin. Bu to‘g‘rilik ularga kim aziyat yetkazsa, Alloh unga aziyat yetkizsin. Abu Bakr ibn Quhofa, Umar ibn Xattob, Usmon ibn Affon, Ali ibn Abu Tolib bu ishga guvohdurlar».

Qayd etilgan


Laylo  30 Oktyabr 2007, 06:55:21

BANI OMIR ELCHILARI

Bular ichida Omir ibn Tufayl, Arbad ibn Qays, Jabbor ibn Salamiy degan qabila boshliqlari, elchilar raislari edi. Butun qabila ustidan raislar boshlig‘i qilib Omir ibn Tufaylni saylamish erdilar. Muning ko‘rinishi ko‘rkam, egiz bo‘ylik, yuzi chiroylik, chechan tillik kishi erdi. Islomiyatdan ilgari arablar o‘z odatlaricha har yili Ukoz, Zulmajoz degan mashhur bozorlarga yig‘ilishib mushoira-mufohara (muzokara) qilishur edi. Ya’ni, arab shoirlari, xatiblari oralarida so‘z musobaqasi bo‘lur edi. Qaysi qabila shoirining she’ri fasohat, balog‘at to‘g‘risida boshqalarnikidan ustunlik qilar ekan, uni keltirib hurmatini ko‘tarish uchun Ka’ba devoriga osib qo‘yishar edi. Mundog‘ she’r egalarining xalq ichida qadri ko‘tarilib, ularga ulug‘ shoirlik unvoni berilur edi. Bu ish ersa o‘shal zamon arablari oldida ulug‘ sharafga ega bo‘lgani uchun she’r sifati eng oliy darajaga yetmaguncha Baytulloh devoriga osishga yo‘l qo‘ymas edilar. Mana shundoq joylarda xalq yig‘ilib to‘lganida shu Omir ibn Tufaylning amri bilan uning jarchilari xalq ichini oralab: «Kim piyoda ersa ot mindiramiz, kim och bo‘lsa to‘yg‘izamiz, dushmandan qo‘rqqan bo‘lsa qutqazamiz», deb qichqirishur edi. Lekin Omirning ko‘nglida hasadi bo‘lg‘onlikdan Rasulullohga qattiq dushmanligi bor edi. Qabila ichidagi yaxshi kishilar:
— Ey Omir, Makkani Muhammad fath qildi, Quraysh unga iymon keltirdi, butun arab xalqi Islom diniga kirgani turdilar. Endi sen ham ko‘p qatorida iymon keltirgin, — dedilar.
Anda ul:
— Hoy, men unga qanday iymon keltiraman? Butun arab xalqini o‘zimga qarataman deb ont ichgan edim. Endi Qurayshdan chiqqan bir kishiga bo‘ysunmoqni o‘zimga or ko‘rurman, — dedi.
Shundog‘ bo‘lsa ham elchilarga bosh bo‘lib Madinaga keldi. Eng yaqin ko‘rgan yo‘ldoshi yana qabila raislaridan Arbad ibn Qays degan kishi bo‘lub, muning ham yomonligi undan qolishmas edi. Rasulullohga yo‘liqish oldida Omir unga:

Qayd etilgan


Laylo  30 Oktyabr 2007, 06:55:30

 — Qachon Muhammad oldig‘a kirduk ersa, men uni so‘z bilan alahsitib turgayman, ul chog‘da sen payt poylab chaqqonlik bilan unga qilich solur bo‘lsang o‘zimizni va butun arab xalqini undan qutqazgan bo‘lurmiz, — dedi.
Bu xiyonatni qilishga qattiq va’dalashdilar. Shu bilan Rasululloh ustiga kirib ko‘rishgandan so‘ngra Omir so‘z boshlab:
— Ey Muhammad, ikkovimiz do‘stlashib ish qilsak yaxshi bo‘lur. Shahar xalqi senga bo‘lsin, dala xalqi, ko‘chmanchilar menga bo‘lsin, — dedi.
Anda Rasululloh:
— Allohga iymon keltirur bo‘lsang, do‘st bo‘lurmiz, — dedilar.
— Agar iymon keltirsam, sendan so‘ngra hukumat ishi bizda bo‘lg‘aymu? — dedi.
Rasululloh aytdilar:
— Uni Alloh bilur, ul ersa Alloh xohlaganicha bo‘lur.
Ul yana so‘radi:
— Agar iymon keltirsam, boshqalardan ortiqcha nima topqayman?
— Foyda-ziyonni musulmonlar bilan teng ko‘rursan, senga ulardan ortiqcha ish yo‘qdur, — dedilar.
Bu so‘zni anglagach, Omirning shaytoni kelib bo‘yniga mindi. G‘azabi qo‘zg‘alib:
— Ey Muhammad, sening ustingga otliq, yayov yigitlardan sonsiz askarni keltirurman. Madinaning xurmoli bog‘larini askarga to‘lg‘izib har tup xurmoga bittadan ot bog‘laturman. Xudo haqqi, shundoq qilurman,— deb do‘q urib qo‘rqitmoqchi bo‘ldi.

Qayd etilgan


Laylo  30 Oktyabr 2007, 06:55:37

 Anda Rasululloh aytdilar:
— Seni bu ishdan Alloh qaytargay, bu so‘zning uddasidan chiqolmagaysan. Ichgan qasamingga yolg‘onchi bo‘lursan.
Ansor sahobalarning raislaridan Usayd ibn Huzayr ham shu yerda edi. Rasululloh oldida bularning shundog‘ adabdan tashqari aytgan so‘zlarini anglab, aning achchig‘i kelib:
— Ey maymunlar, Rasululloh oldilaridan chiqinglar, — deb Omirning boshiga bir urdi.
— Hoy bizga shunday jur’at qilgan sen kim eding?— dedi.
— Usayd ibn Huzayr erurman.
— Otang Huzayrni ko‘rgan edim, ul kishi sendan yaxshi edi, — deyishdi.
— Otamdan va sendan albatta men yaxshi erurman, chunki otam mushrik edi, sen dag‘i mushriksan. Mo’min kishi Xudo oldida albatta mushrikdan yaxshidur, — dedi.
Alarning achchiqlari haddin oshib, qahr-g‘azablari to‘lib toshib, Rasululloh oldidan chiqishlari bilan o‘z yurtlariga jo‘nadilar. Qilchalik bo‘lsa ham Islom muhabbati dillariga kirmadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bularning iymonidan umid uzdilar. Bani Omir qabilasi ersa arablar ichida atoqli katta qabila atalur edi. Raislari iymon keltirmay ketganlari uchun Rasululloh qayg‘urib qoldilar. Raislari iymon keltirur bo‘lsalar, bularni yuborgan qabila xalqining ham Islomga diniga kirishlari aniq edi.

Qayd etilgan


Laylo  30 Oktyabr 2007, 06:55:46

 So‘ngra Rasululloh sollallohu alayhi vasallam alar haqiga duo qilib:
— Ey bor Xudoyo, Bani Omir qabilasini haq yo‘lga boshlagil, Omir ibn Tufaylning yomon qasdidan bizni saqlagil, davosiz dardga yo‘liqsin, o‘zini qutqarolmay, bizni unutsin, — deb qarg‘adilar.
Rasululloh qoshlaridan chiqishganda Omir ibn Tufayl yo‘ldoshi Arbadga aytdi:
— Ey Arbad, senga nima ish buyurgan edim, menim aytgan so‘zim qayon qoldi? Arablar ichida sendan bosh¬qa birorta kishidan qo‘rqinchim yo‘q edi. Sinovdan o‘tkach endi bildim, eng qo‘rqoq kishi ermishsan, bu kundin boshlab ko‘nglim tinchidi. Endi sendan qo‘rqmas bo‘ldim, — dedi.
Anda ul:
— Ey Omir! Bu so‘zda ko‘p shoshqinlik qilma. Sen buyurgan ishni qilmoqchi bo‘lib uch qayta qasd qildim. Birinchi marta qilichga qo‘l urdim ersa, uning o‘rnida seni ko‘rdim. Seni chopgali bo‘lurmi? Ikkinchida oramizga temir qo‘rg‘on qurildi. Uchinchida qilich sopiga qo‘lim qadaldi, na ersa bu ishlarni ko‘rdim. Bo‘lg‘on ish shudir. Endi qolganini o‘zing bilursan, — deb to‘xtadi.
Ey rabbim Alloh, bu nima sir, bu qanday yo‘riqdurkim, shunchalik ulug‘ mo’jizalik, ulug‘ qudratni ko‘zlari ko‘raturib bu kishilarning ko‘ngillari yana ochilmadi-ya? Mundog‘ bo‘lishning sababi ersa, ularga Alloh tavfiq bermadi. Chunki Allohning tavfiq berishiga bandaning talabi shartdur. Alloh insonni o‘z hikmati bilan yaxshi-yomonni, buzuq-tuzuqni ajratishga aql berib, bu ikki yo‘lning qaysi biriga bo‘lsin, o‘z ixtiyoricha yurishga erklik qilib yaratmishdur.

Qayd etilgan


Laylo  30 Oktyabr 2007, 06:55:56

 Munday bo‘lgach, yaxshi-yomon ishlarni banda o‘z erki bilan qila olur. Savob ishlarni qilib jannatga kirmak, gunoh ishlarni qilib do‘zaxga tushmak bandaning ixtiyoriga bog‘liqdur. Shayton yo‘lida yo‘qotgan kuchni rahmon yo‘lida ishlatish bandaning o‘z qo‘lidadur. Inson aqli yetmaydirgan diniy ishlarda yo‘lboshchilik qilish uchun Alloh taolo payg‘ambarlar yubordi. Bularning birinchisi Otamiz Odam Safiyulloh, eng so‘nggisi Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamdurlar. Bu ikki orada o‘tganlar bir rivoyatda bir yuz yigirma to‘rt ming, ikkinchi rivoyatda ikki yuz yigirma to‘rt ming payg‘ambardurlar. Bularning keltirgan dinlari zamonlariga yarasha turlicha bo‘lsa ham barchalarining diniy asoslari shu uch narsaga qaralmish edi:
Birinchisi, Allohning borligiga va birligiga iymon keltirish;
Ikkinchisi, o‘lgandan keyin yana qaytadan tirilishga ishonmoq;
Uchinchisi, qiyomat kunining bo‘lishiga inonmoqdur.
Mana shu xabarlarni butun insonlarga yetkizmoq uchun Alloh taolo shuncha ko‘p payg‘ambarlarni yubormishdur. Alloh o‘z rahmatini ayamadi. Bularning har qaysilari o‘z ustlariga yuklangan xizmatlarini o‘z vaqtida o‘rinlatdilar. Bu to‘g‘rida chiqqan har turli og‘irliklar bo‘lsa, sabr qildilar.
Ayniqsa, Rasulullohga bu haqda bo‘lgan qiyinchiliklar, o‘tgan payg‘ambarlarning hech biriga bo‘lmagan edi. Endi ishlar tugab, Xudo va uning Payg‘ambari o‘z vazifalarini ado qilgandurlar. Rasulullohga Qur’on tushgan kunidan boshlaboq yuzaga chiqqan haqiqat ersa Islom dinidur. Inson davri tugaguncha dunyo xalqiga moslashgudek bundan boshqa din yo‘qdir. Rasululloh marhamat qildilar:
«Bir kun kelurkim, men keltirgan shu Islom dini yer yuzini butunlay qoplab, kirmagan uyi qolmagay, bu dinga bo‘ysunganlar esa hurmat ko‘rgaylar. Qarshilik qilganlar xorlikka qolgay», dedilar.

Qayd etilgan


Laylo  30 Oktyabr 2007, 06:56:03

 Agar bu so‘zni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytgan bo‘lsalar, albatta, bu ish bo‘lg‘usidur. Muning belgi va alomatlari bo‘layotganini uzun yillardan beri payqab kelamiz. Rasululloh aytishlaricha, har yuz yilning boshida Islom dinini yangilovchilar chiqib turishlari lozimdur. Birinchi yuzidan boshlab o‘n uchinchi yuzga yetguncha uzilmay ulardan chiqib turganligi mo’tabar kitoblarda yozilgan ekan, o‘qib ko‘rdim. Endi oldimizdagi o‘n to‘rtinchi yuzni kutib turmoqdamiz.
Ehtimol, bu yuzga yetguncha katta hodisalar, zo‘r voqealar bo‘lib, ulug‘ o‘zgarishlar ko‘rilgusidur. Chunki har ishning kamolga yetishi ul ishga zavol kelishi demakdur. Islom diniga qarshi ziyonlik narsa ko‘rilmish esa, shu asr madaniyatining diniy halokatimiz uchun tayyorlamish og‘uli oshlari, zaharli sharbatlaridur. Islom dini yer ustiga tarqalgandan beri, hech davrda bunday xorlikka qolgan emas edi. Endi ko‘p uzoq emas, ustimizdagi yillarni yuzga to‘ldirsak din yangilaydiganlarning davriga yetishgan bo‘lamiz. Rasulullohning xabar berishlaricha, albatta musulmonlar uchun ko‘p yaxshilik kunlar kelishi kerakdur. Lekin u baxtli kunlarga kim yetgay, kim yetmagay. U kunlarni ko‘rgan baxtli mo’minlar, ko‘rolmay o‘lgan g‘arib mo’minlarni duoda yod qilgaylar.
Tarix hijratning bir ming ikki yuz yilligida vafot topgan hadis olimlarining ustozlaridan Imom Shavkoniy Iso alayhissalomning osmondan tushishlari, imom Mahdiyning xuruji, Dajjolning chiqishi— shu uch voqea ustida bir kitob yozmishdur. Shularning chiqishlarini isbotlab ellik hadis Mahdiy oxirzamon haqida, yigirma to‘qqiz hadis Hazrati Iso haqlarida, yuz hadis Dajjol mal’un haqida shu kitobda keltirmishdur. Bu hadislarning qaysi birlari gumonlik bo‘lsa ham, ko‘pchiligiga qaralsa, bu voqealarning bo‘lishiga shak qilish musulmon kishilarga to‘g‘ri emasdur.

Qayd etilgan


Laylo  30 Oktyabr 2007, 06:56:11

 Men bu kitobimni Payg‘ambarimiz aytgan, qiyomatgacha iymondan ajralmaydigan mo’minlar uchun yozganligimdan bu o‘rinda ochiqroq qilib gapirdim. Shundog‘ bo‘lsa ham, yana, ko‘p so‘zlarim qalamga kelmasdan ko‘nglimning bir chetida yashiringanicha qoldi. Inshaalloh, ularni ham vaqti kelgach, ko‘ngil zindonidan qalam maydoniga chiqazib, tilakdosh do‘stlarimiz, vatan bolalarimiz uchun esdalik qo‘llanma qilib qoldirish vijdoniy vazifadur.
Yana o‘z so‘zimizga qaytdik.
Shundog‘ bo‘lib, bu ulushsizlar Madinadan o‘z yurtiga qaytib ketayotganlarida Omir ibn Tufaylning bo‘g‘zida yong‘oqdek bir dona bez paydo bo‘lib, katta bo‘lgani turdi. Buning og‘rig‘iga chidayolmay, yo‘l ustida ko‘ringan bir chodirga kirib tushdi. Bu ersa Saluliy qabilasidan bir kambag‘al tul kampirning chodiri edi. Bu uyda bir necha kun betob bo‘lib yotdi. O‘zini butun arablarning sayidi hisoblagan kishi mundog‘ o‘rinda og‘rib yotmoqlik bek og‘ir edi. Chunki arablar oldida Saluliy qabilasi ersa eng olchoq, past qabiladan sanalur edi.
Shulardan bo‘lgan bir qalloj kampir uyida yotib o‘lishni o‘ziga qattiq or ko‘rdi. Otimni keltiringlar, deb yo‘ldoshlariga buyurdi. Alar keltirishgach shijoat bilan otiga minib nayzasini qo‘liga oldi:

Qayd etilgan


Laylo  30 Oktyabr 2007, 06:56:18

 — Ey o‘lim, ko‘zimga ko‘rinsang eding, sen bilan urishur edim, — deb jon achchig‘ida u yon-bu yon ot chopib, suron solib hayqirdi, oxiri ot ustida joni chiqib yerga yiqildi. Uning o‘ligini yo‘lda qoldirib, qolgan ikki yo‘ldoshi o‘z yurtiga yetib borishdi.
Qabila kishilari Arbadni ko‘rgach, andin:
— Ey Arbad, ish nima bo‘ldi? Muhammad so‘zini bizga aytgin, ahvol qanday? — deb undan so‘radilar.
Anda ul:
— Aytgudek hech gap yo‘qdur. Bordik, keldik, o‘rtada ovora bo‘lganimiz qoldi. Uning aytgan xudosini ko‘rar bo‘lsam, o‘q otib o‘ldirar edim, — dedi.
Arbad bu so‘zni qilgach, bir kundan so‘ngra tuyasini minib dalaga chiqdi. Kun ochiq, osmonda bir parcha ham bulut yo‘q edi. Shu orada qars-qurs qilib ochiq havodan yashin tushib har ikkovini halok qildi. Bu voqeadin so‘ng butun qabila iymon keltirishdi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qabilaning iymoniga, Omir ibn Tufaylning halok bo‘lishiga duo qilgan edilar. Har ikkovining haqiga qilg‘on duolari qabul bo‘ldi. Arbad ibn Qays ersa, til adabsizligidan o‘ziga loyiq jazoni topdi.

Qayd etilgan