Alixonto'ra Sog'uniy. Tarixi Muhammadiyya  ( 379923 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 64 65 66 67 68 69 70 71 72 73 74 B


Laylo  30 Oktyabr 2007, 06:56:32

ZIMOM IBN SA’LABA VOQEASI`

Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalar bilan Madina masjidida o‘ltirgan edilar. Shu orada sahro badaviylaridan sochlari xurpaygan bir kishi kelib masjid oldida to‘xtadi va tuyasini cho‘ktirdi. Uning tovushi g‘o‘ng‘irlab chiqib tursa ham, nima degani tushuniksiz edi. U masjidga kirdi va:
— Abdulmuttalib o‘g‘li Muhammad qimdur? — deb so‘radi.
Sahobalar Rasulullohni ko‘rsatdilar ersa, yaqin kelib o‘ltirdi. So‘ngra:
— Ey Muhammad, men sendin bir necha so‘z so‘ramoqchidurman, so‘zimni suyakka yetkizib qattiqlik bilan so‘rayman, yana ko‘nglingga og‘ir olmagil, — dedi.
Rasululloh:
— Nima xohlasang, shuni so‘ragil, — dedilar.
— Xudoning haqqi seni barcha insonlarga Payg‘ambar qilib Alloh yubordimi? — dedi.
Rasululloh:
— Shundoqdir, meni Alloh taolo butun insonlarga Payg‘ambar qilib yubordi, — dedilar.
Yana ul aytdi:
— Alloh haqqi, bir kecha-kunduzda besh vaqt namoz o‘qimoqqa Alloh buyurdimi?

Qayd etilgan


Laylo  30 Oktyabr 2007, 06:57:04

 Rasululloh:
— Albatta shundoqdur, Alloh buyurdi, — dedilar.
— Yana ul Alloh haqqi-hurmati bilan so‘rayman, zakot bermakni, bir yilda bir oy ro‘za tutmakni va haj qilmoqni Alloh buyurdimi, — dedi ul.
— Ha, Alloh buyurdi, — dedilar Rasululloh.
So‘ngra u kishi darhol Rasulullohga iymon keltirib:
— Sening Payg‘ambarligingga ishondim, La ilaha illallohu Muhammadur rasululloh, — dedi-da, tash¬qariga chiqdi.
Anda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
— Bu kishi ersa ongli ravishda iymon keltirdi, Islom dinini aniqlab yaxshi tanidi, — dedilar.
So‘ngra bu kishi Rasulullohdan ruxsat olib o‘z qavmiga borib, ularni dinga undadi. Buning yo‘lboshchiligida ulug‘ bir qabila dinga kirdilar.

Qayd etilgan


Laylo  30 Oktyabr 2007, 06:57:16

ABDULQAYS ELCHILARI

Abdulqays qabilasidan kelgan elchilarning soni o‘n olti kishidan iborat edi. Bular ichida Jorud nomli bir kishi bo‘lib, nasoro dinida edi. Tavrot, Injil o‘qib Rasulullohning sifatlarini ko‘rmish edi. Bu elchilar kelmasidan burun Rasululloh bulardan xabar bergan edilar. Shundoqkim, bir kuni sahobalar bilan Madina masjidida o‘ltirgan chog‘larida shunday marhamat qildilar:
— Mana shu hozirda shu tomondan bir qancha tuya mingan kishilar chiqqaylar. Bular esa sharqdan kelgan kishilarning eng yaxshilaridur. Dinga kirmakka majbur emaslar, haqiqatni izlab yiroq yo‘ldan kelurlar. Ot-ulovlari oriqlamish, oziq-ovqatlari tovsilmishdur. Ular esa Abdulqays qabilasining elchilaridurlar. Ey bor Xudoyo, bu qabilani mag‘firat qil,— deb duo qildilar.
So‘ngra xiyol o‘tmasdan Rasululloh aytgan tomonlaridan bir qancha kishilar ko‘rina boshladi. Rasulullohga ko‘zlari tushishi bilan o‘zlarini tuyadan tashlab yugurishdilar. Rasulullohni qo‘l va oyoqlariga yuz-ko‘zlarini surtishib, yig‘lashgan holda ko‘rishdilar.
Bular ichida Abdulloh ibn Avf ismli bir kishi bor edi. Barchalaridan ul yoshroq bo‘lsa ham, ularning raislari edi. Yo‘ldoshlaridan ajrab qolib, shoshilmay tuyasidan tushib uni cho‘ktirdi. So‘ngra xurjunidan ikki dona oq libos olib kiydi. Bu ishlarni Rasululloh yiroqdan ko‘rib turdilar. So‘ngra o‘z yurishida, boshqalardek yugurmay, to‘g‘ri yurib kelib Rasululloh bilan ko‘rishdi. Qutlug‘ qo‘llarini o‘pib, yuz-ko‘zlariga surtdi. Abdulloh o‘zi xunuk yuzli, ko‘rimsiz, kishi edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga uzoqroq qarab qoldilar.

Qayd etilgan


Laylo  30 Oktyabr 2007, 06:57:26

 Anda ul:
— Yo Rasulalloh, inson terisi osh ichgudek idish bo‘lmas, insonning qiymati ersa, ikki kichik narsasi bilan bo‘lur. Birisi, tili, ikkinchisi aning dilidur,— deb aytdi.
Rasululloh buning so‘zini yoqtirib:
— Ey Abdulloh, Xudo va uning Payg‘ambari yaxshi ko‘radigan ikki xislatning senda borligini ko‘rdim. Birinchisi, yumshoqlik ersa, ikkinchisi, shoshilmaslikdur. Bu ikki fe’lni Alloh yaxshi ko‘rgay, — dedilar.
Anda u:
— Yo Rasulalloh, bu xulq ersa o‘zimdan bo‘ldimi, yoki menda Alloh yaratganmidur? — dedi.
Anda Rasululloh aytdilar:
— Dastlab yaratilishingda bu xulqni Alloh sen bilan birga yaratmishdur.
— Xudo va Payg‘ambar yaxshi ko‘rgan ikki xulqni menda yaratgan Allohga hamdu sanolar bo‘lsin, — deb tashakkur qildi.
Endi yuqorida aytilishicha, nasoro dinini tutgan, Tavrot va Injilda Rasululloh sifatlarini o‘qib, o‘zlarini ko‘rishga mushtoq bo‘lib yurgan Jorud bular bilan birga kelgan edi. O‘zining yaqin yo‘ldoshi Salama ibn Iyoz degan kishiga bir kuni shunday so‘z aytgan edi:

Qayd etilgan


Laylo  30 Oktyabr 2007, 06:57:34

 — Ey Salama, Makka shahrida bir yigit payg‘ambarlik davo qilib chiqmishdur. Oxirzamon Payg‘ambari chiqdi. Iso alayhissalomning qilgan vasiyatlarini Tavrot, Injilda o‘qib ko‘rgan edim. Shu kishi bo‘lg‘aymu, deb gumon qilurman. Bani Qays elchilari bilan uning qoshiga boraylik, hozirdan har ikkovimiz o‘z ko‘nglimizda uch narsani yashiraylik, ularni ersa har qaysimiz o‘zimiz bilaylik, bir-birlarimizga ham ayt¬maylik. Agar ul kishi shu ko‘nglimizga yashiringan narsalarni to‘g‘ri topdi ersa, Alloh otig‘a ont qilurmankim, Iso Payg‘ambar bashorat bergan oxirzamon payg‘ambari aniq shu bo‘lur. Anda alar ikkovi ham elchilar bilan birgalikda Rasululloh oldilariga kirishdi. Anda Jorud:
— Ey Muhammad, sen Allohdan qanday din keltirding, nima ishlar qilmoqqa seni buyurdi? — dedi.
Anda Rasululloh:
— Allohdan Islom dinini kelturdim, bu dinning asosi ersa besh nimarsadur: birinchisi, barcha olamni yaratguvchi yolg‘iz bir Allohdur deb inonmoq; ikkinchisi, har kuni besh vaqt namoz o‘tamoq; uchinchisi, boy kishilar chog‘aylarga zakot bermoq; to‘rtinchisi, har yili bir oy ro‘za tutmoq; beshinchisi, qudrati yetsa umr ichida bir qatim haj qilmoqdur, — dedilar.
Yana Jorud:
— Ey Muhammad, aniq Alloh yuborgan Payg‘ambar bo‘lsang, ko‘nglimizdagi yashirgan so‘zlarimizdan xabar bergil, — dedi.
Rasululloh uyqu bosgandek bo‘lib, ko‘zlarini yumib ochdilar. Shu orada vahiy tushib, muborak manglaylaridan ter oqa boshladi. Boshlarini ko‘targach, Jorudga qarab:

Qayd etilgan


Laylo  30 Oktyabr 2007, 06:57:52

 — Sen ko‘nglingda uch ishni so‘ramoqchi bo‘lding. Birinchisi, Islom kelmasdan ilgari arablar orasida qonlar to‘kilib, ularning o‘z vaqtida qasosi qaytarilmagan bo‘lsa, uning hukmi Islom shariatida qandoq bo‘lur ekan?
Ikkinchisi, johiliyat davrida saqlanib kelgan qabilalar orasida ichilgan qasamlar Islomiyatda ham saqlanarmu?
Uchinchisi, qaysi sadaqaning savobi ortiqroqdur?
Bularning javoblari shuldurki, johiliyat qonlari islomiyatda so‘ralmag‘ay, ularning qasosi qaytarilmagay. Johiliyatda ichilgan qasamlar islomiyatda marduddur. Musulmonlar orasida birlik saqlash uchun islomiyat o‘zi qasamdur. Sadaqalarning eng yaxshirog‘i muhtoj kishilarga ko‘luk (ot, ho‘kiz, arava shunga o‘xshash narsalar) kuchini bermakdur yoki erta-kech sog‘ib ichgudek hayvonlar sutini sadaqa qilmoqdur, — dedilar.
Rasululloh uning ikkinchi yo‘ldoshiga qarab:
— Salama, sening ko‘nglingda yashirgan uch narsa shulardur: birinchisi, butlarga ibodat qilmoq to‘g‘risida; ikkinchisi, sabosab kunining hurmati xususinda; uchinchisi, asl va zotsiz kishilarning huquq va qasosda farqlari haqida so‘ramakchisan. Mana shularni ko‘nglingda yashirding, — dedilar.

Qayd etilgan


Laylo  30 Oktyabr 2007, 06:58:01

 Buning javobi ersa, butlarni va ularga topingan kishilarni Alloh taolo tamug‘ o‘tida kuydirgay. Sabosab kunlari ersa johiliyat davridagi hurmatli bayram kunlari bo‘lib, uning o‘rniga islomiyatda Alloh taolo Qadr kechasini ato qildi. Bu tunning qadri ersa, Xudo oldida ming oydan ortiqroq erur. Shu bir kecha toat-ibodat qilgan kishilar ming oylik toat-ibodat qilganining savobini topgaylar. Ramazon oyi¬ning eng ke¬yingi o‘n kunidan boshlab, uni talab qiling¬lar. Qadr kechasining belgisi — tuni yorug‘ bo‘lib, boshqa kechalardek ortiqcha qorong‘u bo‘lmagay. Ul kechada bo‘ron-chopqun bo‘lmagay, ul tuni tong otguncha tinchlik-omonchilik bo‘lgay. Quyosh chiqar chog‘da shu kuni boshqa kunlardek yaltirab chiqmasdin xiraroq bo‘lib chiqqay.
Asl kishilar bilan zotsiz kishilarning islomiyat oldida farqlari yo‘qdur. Har bir huquqda barobardurlar. Agar bir asl odam zotsiz odamni o‘ldirar bo‘lsa, uni qasos qilib o‘ldurmak lozimdur.
Ammo Xudo oldida ersa insonlarning farqlari bordur. Kimning taqvosi ko‘p ersa, Alloh oldida uning darajasi ulug‘dur. «Inna akramakum indallohi atkakum» oyati karimasining mazmuni ham shuldir, — dedilar.
Bu mo’jizani ko‘rgach, darhol ul ikki odam iymon keltirdilar. Buni ko‘rishib, Abdulqaysdan kelgan barcha elchilar ham iymon keltirishdilar.

Qayd etilgan


Laylo  30 Oktyabr 2007, 06:58:09

 So‘ngra ulardan bir kishi turib:
— Yo Rasulalloh, bizni yerlarimizning havosi og‘irdur. Osh-suvlarimiz singishlik emas, uzum-xurmolardan yasalgan ichimlik sharoblarimiz bo‘lur, shulardan bir kosa-yarim kosa ichib yurmakka ruxsat qilurmisiz, — deb so‘radi.
Anda Rasululloh aytdilar:
— O‘zingiz bilursizkim, hech kim bu narsadan oz ichmakka qanoat qilmagay, ko‘p ichib esirgandin (mastlikdan) so‘ngra aqli qochib, qilich sug‘urib o‘z yo‘ldoshining oyog‘iga urgay. Uning zahmidan bir kishi umr bo‘yincha oqsoq bo‘lib qolgay.
Rasulullohdan bu so‘zni anglashlari bilan barchalari birdaniga kulishib yuborishdilar. Rasululloh ulardan:
— Nega kuldinglar? — deb so‘radilar ersa:
— Siz aytgan voqea o‘z ichimizda mana shu kishi ustida bo‘lib o‘tgandur, — deyishib, cho‘loq bir kishini ko‘rsatdilar. — Guvohlik berurmizkim, Alloh yuborgan aniq payg‘ambar ekansiz. Aroq ichmasga va’da berurmiz, — deyishdi. So‘ngra Rasulullohdan ruxsat olib o‘z yurtlariga qaytishdilar.

Qayd etilgan


Laylo  30 Oktyabr 2007, 06:58:21

BANI HANIFA QABILASINING ELCHILARI

Bani Hanifa qabilasidan kelgan elchilar ichida Musaylama nomli bir kishi bor edi. Bular Madinaga kelgach, Rasululloh bilan ko‘rishgani keldilar. Ular ichida Musaylama o‘zi kelmasdan qo‘shxonada ajrab qoldi. Alar Rasulullohni ko‘rgach, dillari ochilib iymon kelturdilar, ammo Musaylama kazzob (yolg‘onchi) kelmasdan ilgari shunday aytur edi:
«Muhammad meni o‘z Payg‘ambarligiga sherik qilur ersa, unga tobe bo‘lurman. Yo‘q ersa, unga iymon keltirmagayman».
Ul o‘zi kelmagach, Rasululloh uning ila ko‘rishgani keldilar. Qo‘llarida tutgan bir xurmo butog‘i bor edi, anga qarab:
— Ey Musaylama, agar iymon kelturmasang, senga shu xurmo shohini ham bermagayman, — dedilar.
So‘ngra yo‘ldoshlari Sobit ibn Qaysga qarab aytdilarkim:
— Bir kuni uyqumda Alloh taolo yer usti xazinalarini menga ko‘rsatdi. Shu chog‘da qo‘limga solingan ikki oltin bilaguzuk ko‘rdim. Mundan xafalik paydo bo‘lib, dilimga tashvish tushdi. Shul holda menga il¬hom bo‘ldi. Bu narsalarni pullab yuborgin, mundan qutilursen. Pulladim ersam, ikki qo‘limga solingan oltin bilaguzuklar g‘oyib bo‘ldi. Shu ko‘rgan tushimning yo‘rimi shuldurki, mendan keyin ko‘p o‘tmayoq ummatlarim ichidan ikki yolg‘onchi payg‘ambar chiqqay.
Rasululloh aytganlaridek, u ikki yolg‘onchining birisi shu Musaylama kazzob edi. Bu ersa Yamomadan chiqdi. Ikkinchisi, Tulayha San’o-Yamandan xuruj qildi. Bir necha yil ilgari ko‘rgan tushlari ersa bu ikki kazzobga to‘g‘ri keldi.

Qayd etilgan


Laylo  30 Oktyabr 2007, 06:58:33

TAY QABILASI ELCHILARI

Tay qabilasi elchilarning raislari ersa Zaydul¬hayl degan kishi edi. Shoirlik, xatiblik, juvonmard¬lik, shunga o‘xshash fazl-sharaflar bilan arablar ichida atog‘i chiqqan edi. Shuning uchun buning haqida Rasululloh aytdilar:
— Ko‘rishmasdan ilgari maqtalgan ko‘p odamlarni ko‘rdim, maqtalganlaridek chiqmadilar. Ammo Zaydulhayl ersa maqtalgandan ortiqroq chiqdi.
So‘ngra Rasululloh aning qo‘lini tutib:
— Oting nimadur? — deganlarida ul:
— Otim Zaydulhayl. Ashhadu alla ilaha illallohu va annaka abduhu va rasuluh, — deb darhol iymon keltirdi.
So‘ngra Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
— Ey Zaydulhayl, oting Zaydulhayr bo‘lsin, — dedilar.
Boshqa elchilarga besh uqiya (bir uqiya — qirq misqol) kumushdan in’om qildilar ersa, bu Zaydulhayrga o‘n ikki uqiya kumush sovrun berdilar va o‘zi xohlagan joydan o‘z mulki uchun yer kesib olmoqqa Rasulullohdan xat oldi. Lekin umri unga vafo qilmay, shu yo‘lda ketayotib vafot topdi.

Qayd etilgan