Alixonto'ra Sog'uniy. Tarixi Muhammadiyya  ( 380060 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 68 69 70 71 72 73 74 B


Laylo  30 Oktyabr 2007, 07:07:14

 Elchilar buni anglagach:
— Yo Rasulalloh, bizning ichimizda bir xotun bordur, u folchilik qilib g‘ayb ishlardan xabar berur. Xalq ichida uning hurmati bo‘lganligidan, o‘zaro bitmagan janjallik ishlari bo‘lsa arablar uni hakam qilib, shuning hukmiga rozi bo‘lg‘aylar. Din, dunyo ishlarimizda ko‘p narsalarni undan so‘rar edik. Bu ishimiz ersa qandoq bo‘lur? — dedilar.
Rasululloh aytdilar:
— Ulardan bundoq so‘zlarni so‘rovchi bo‘lmanglar, men kelgandan keyin, u ishlarning vaqti o‘tgan, obro‘yi ketgandur. Folchilarning bir so‘zi to‘g‘ri chiqar ersa, to‘qqizi yolg‘ondur. Ularga ishonmoq ulug‘ gunohdur. Butxonalarni buzib, butlarni sindiringlar. Allohdan o‘zgaga nazr aytib, jon atamanglar, — dedilar.
Shu bilan Rasulullohning bergan javoblariga qanoatlanishib, o‘z yerlariga qaytdilar.

Qayd etilgan


Laylo  30 Oktyabr 2007, 07:07:27

BANI BALIY QABILASINING ELCHILARI

Bani Baliy qabilasining raislari ersa Abu az-Zubayb degan kishi edi. Alar shu qavmdan yolg‘iz o‘zi ilgariroq kelib iymonga musharraf bo‘lgan Ruvayfe’ degan sahobaning uyiga kelib tushdi. Bu kishi erta bilan mehmonlarini boshlab Rasululloh ziyoratlariga chiqdi. Ul zot sahobalar bilan masjidda o‘ltirgan edilar. Alar Rasulullohni ko‘rib salom berishdi ersa:
— Ey Ruvayfe’, bular kimlardur? — deb so‘radilar.
— Yo Rasulalloh, bular menim qavmim bo‘lurlar. O‘zlari iymon keltirib va ham qavmlari tarafidan elchi bo‘lib kelibdurlar, — dedi.
Anda Rasululloh:
— Ey Ruvayfe’! Senga marhabo, xush kelding, sening qavmingga marhabo. Alloh yaxshi ko‘rgan bandalarini Islom diniga boshlag‘ay, — dedilar.
Raislari olg‘a o‘tib, Rasulullohga yaqin kelib o‘ltirdi. So‘ngra:
— Yo Rasulalloh, biz sizga iymon keltirgani keldik. Siz Alloh yuborgan haq Payg‘ambar ekansiz, endi aniq bildik. Islom dinidan o‘zga dinlarni, yaxshi-yomon rasm-odatlarini barini tashladik, — dedi.
Anda Rasululloh:
— Hamdu sano ul Xudogakim, sizlarni Islom diniga kirgizdi. Avvalgi diningizda qolib o‘lganlar tamug‘ o‘tida bo‘lg‘aylar, — deb.

Qayd etilgan


Laylo  30 Oktyabr 2007, 07:07:36

 U yana aytdi:
— Yo Rasulalloh, men ersam qo‘noqsevar kishi erurman. Osh-ovqat berib mehmon kutishni yaxshi ko‘rurman. Shu qilgan ishimdan men uchun ajr-savob bo‘lurmi? — deb so‘radi.
Anda Rasululloh:
— Kelgan qo‘noqlaring boy-kambag‘al bo‘lsin, ularga bergan ziyofating ersa Xudo yo‘lida sadaqa qilg‘udek bo‘lur. Albatta, undan ajr-savob olursan, — dedilar.
U yana so‘radi:
— Mehmonning ziyofatini qilmoq necha kungacha uy egasiga lozim bo‘lur?
Rasululloh aytdilar:
— Kelgan mehmonni uch kungacha kutmak vojibdur. Bundan ortig‘i sadaqa bo‘lur. Mehmonga lozimdurki, tushgan joyiga og‘ir kelgudek ish qilmagay.
— Yo Rasulalloh, egasi yo‘qotgan qo‘y-echkilarni cho‘llarda topar bo‘lsam, ularni olg‘ali bo‘lurmu?
— Albatta, uni olishing kerakdur. Yo‘q esa bo‘riniki bo‘lur. So‘ngra egasi chiqar ersa, berishing lozimdur.
— Agar yo‘qolgan narsa tuya bo‘lsa, unga yo‘liqib qandoq qilurmiz? — dedi.
— U bilan ishing bo‘lmagay, egasi o‘zi topib olgay,— dedilar.
Shu bilan Rasululloh oldilarida uch kun turishib, so‘ngra o‘z ellariga qaytdilar.

Qayd etilgan


Laylo  30 Oktyabr 2007, 07:07:47

ZI MURRA ELCHILARI

Zi Murra qabilasidan o‘n uch kishi elchi bo‘lib, Madinaga keldilar. Boshchilari ersa Horis ibn Avf degan kishi erdi.
Undan Rasululloh:
— Yurtinglar qanday? — deb so‘radilar.
Anda ul:
— Duo qiling, yo Rasulalloh, yil quruqchilik keldi. Qahatchilik boshlanib, chorva mollarimiz qirildi, ko‘p og‘irchiliklar kechirmakdamiz, — dedi.
Anda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qo‘l ko‘tarib:
— Ey bor Xudoyo, bularning yerlariga rahmat yomg‘irini yog‘dirgil, — deb duo qildilar.
Bir necha kun turishgandan keyin elchilarning har birlariga o‘n uqiya kumush, raislariga o‘n ikki uqiya kumush hadya berib, qaytmoqqa ruxsat qildilar. O‘z yerlariga kelsalar, yomg‘irlar yog‘ib qahatchiliklar ko‘tarilmishdir. Hisob qilib ko‘rsalar, naqr Rasululloh sollallohu alayhi vasallam duo qilgan vaqtda yog‘mishdur.

Qayd etilgan


Laylo  30 Oktyabr 2007, 07:07:59

HAVLON QABILASINING ELCHILARI

Havlon qabilasi Yaman viloyatida yashar edilar. Bulardin o‘n ikki kishi elchi bo‘lib Madinaga kelishdi. Rasululloh bilan ko‘rishgan so‘ngida shundoq so‘z aytdilar:
— Yo Rasulalloh, biz ersa sizni ko‘rmay turib Allohga iymon keltirdik. Sizni Allohdan kelgan haq Payg‘ambar deb eshitdik, uzun yerlarni bosib ziyoratingizga keldik. Bizni haq yo‘lga solgan, haq yo‘lini ko‘rsatgan Allohdan va uning Payg‘ambaridan minnatdormiz.
Anda Rasululloh:
— Sizlarning bu safarda bosgan har bir qadaminglarga Alloh taolo ajr-savoblar bergay. Har kim Madinaga kelib meni ziyorat qildi ersa, qiyomat kunida menim omonimda bo‘lg‘ay, — deb so‘z aytdilar:
Ular bu so‘zni anglagach:
— Yo Rasulalloh, naqadar muborak ishdur bu safarimiz, — dedilar.
So‘ngra Rasululloh:
— «Am anas» (yoki «Imyonus») nima bo‘ldi? — deb ulardan so‘radilar.
Bu ersa Havlon qabilasi topinadurgan Islomiyatdan ilgarigi butlari edi.

Qayd etilgan


Laylo  30 Oktyabr 2007, 07:08:11

 Anda ular:
— Bashorat bo‘lg‘ay, yo Rasulalloh, mundog‘ gumrohlikdan bizni Alloh qutqazib, uning o‘rniga Siz keltirgan Islom dinini ato qildi. Ul butxonada aljigan chol, esi ketgan kampirlardan boshqa hech kim qolmadi. Bu yerdan qaytib borganimizda uni buzib tashlagaymiz, inshaalloh. Uzun yillar unga aldandik, undan ko‘p fitnalar ko‘rdik, — deyishdi.
Anda yana Rasululloh:
— Ko‘rgan fitnalaring eng ulug‘ini bizga gapirib bergil, — dedilar ersa, ular:
— Yo Rasulalloh, o‘tgan yillarning birida qattiq quruqchilik bo‘ldi, yerdan ekin unmay ocharchilik boshlandi. Biz yemagan narsa qolmadi. So‘ngra o‘zaro maslahatlashib qo‘limizdagi bor narsalarimizni sotib, shuning puliga yuz ho‘kiz oldik. Barchamiz yig‘ilishib «Am anas» butimizdan yomg‘ir so‘rab, uning oldiga keldik. Unga atab yuz ho‘kizni qurbon qildik. It-qushlar yesin deb, o‘zimiz qarab turdik. Yo‘q esa, ulardan ham biz muhtoj edik. Shu soatdan boshlab yomg‘ir yoqqani turdi. Shundoq ko‘p yog‘dikim, tuyalarimizning to‘qimlari yomg‘ir suvi bilan ko‘mildi. To‘qchilik boshlanib, ocharchilik ko‘tarildi. Ana, «Am anas» butimiz yomg‘iryog‘dirdi, tilagimizni berib, bizga ne’mat yetkuzdi, — deb quvonchlik bilan tarqashdik. Undan ko‘rgan fitnamizning ulug‘rog‘i shu edi. Qaysi bir vaqtlarda o‘zaro janjallashib qolsak, uning oldiga borur edik. Foyda ziyonimizga hukm chiqarib gapirur edi, — dedilar.

Qayd etilgan


Laylo  30 Oktyabr 2007, 07:08:19

 Anda Rasululloh aytdilar:
— But og‘zidan sizlarga so‘zlaguvchi ersa shaytondur. Butlarda ilohiy quvvat bor deb ishonishlariga shunday ishlar sabab bo‘lmish edi.
So‘ngra ular Islom dinining asoslarini, undagi farz, vojiblarini so‘rashdilar. Bu narsalarni Rasululloh bayon qilib, ularni qanoatlantirdilar. So‘ngra shundoq marhamat qildilar:
— Qilgan ahdlaringni buzmanglar. Ahdiga vafo qilmoq iymon alomatidur. Omonatga xiyonat qilmanglar. Xiyonat qilmoq Islomda haromdur. Qo‘shni haqini yaxshi saqlanglar, hech kimga zulm qilmanglar. Zulm qiyomatda zulmat bo‘lur. Zolimlar qorong‘ulikda qol¬g‘ay.
Shu bilan bir necha kun o‘tib, ketar vaqtida har birlariga o‘n ikki uqiya kumushdan hadya berib, ruxsat qildilar.

Qayd etilgan


Laylo  30 Oktyabr 2007, 07:08:42

BANI MUHORIB ELCHILARI

Bani Muhorib qabilasidan o‘n nafar odam elchi bo‘lib, Madinaga kelishdi. Raislari ersa Xuzayma ibn Savod degan kishi edi. Hijratdan ilgari Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Makkada o‘n uch yil turdilar. Har kuni Ukoz, Zulmajoz degan mashhur bozorlarda va haj mavsumi kelganda Arafot, Minoga yig‘ilgan butun arab qabilalarining har birlari ustiga kelib, Rasululloh o‘zlarini tanitgandan keyin ularni Islomga da’vat qilar edilar. Yuqorida buning bayoni o‘tgandur. Ana shu chog‘da Rasulullohga eng qattiq ozor shu qabiladan yetgan edi.
Alar:
— Agar sendan biror yaxshilik chiqar ekan, unda o‘z qarindosh-urug‘ing Quraysh xalqi nechuk sening yo‘lingga kirmadilar? O‘z qavmingni qo‘llayolmasang, boshqalarga qanday foyda yetkura olursan? — degan qo‘pol so‘zlar bilan Rasulullohga qattiq ozor berishgan edi.
Shuning uchun o‘zlari bek xijolatda edilar. Bu bechoralar qaydan bilgaykim, Rahmatanlilolamin tojini kiygan «Vainnaka laalo xuluqin azimin» yorlig‘ini taqqan sarvari olam, Rasuli akram sollallohu alayhi vasallamning quyosh ko‘zgusidek ko‘ngillariga olam xalqining ozorlaridan zarrachalik chang qo‘nmaganligini.
Bayt:
Haq sening vasfingda aytmish Rahmatanlilolamin.
Ham tufaylingdan yaratmish o‘n sakkiz ming olamin.

Qayd etilgan


Laylo  30 Oktyabr 2007, 07:08:51

 Shundog‘ qilib bu elchilar Rasululloh bilan ko‘rishgandan so‘ngra oldilarida uzunroq o‘ltirishib qoldi. Anda Rasululloh ular ichida bir kishiga qarab turib:
— Sen bilan qaysi joyda ko‘rishgan edim? — dedilar.
U kishi:
— Yo Rasulalloh, meni hijratdan ilgari Ukoz bozorida ko‘rib, dinga da’vat qilgan edingiz. Sizga ozor berib, ko‘p yomon so‘zlar aytib qaytargan edim, — dedi.
— Ha, shundog‘ bo‘lgan edi, — dedilar.
So‘ngra ul:
— Yo Rasulalloh, o‘shal kunlarda mendan qattiqroq sizga dushmanlik qilgan kishi yo‘q edi. Islom dinidan hammadan ko‘proq nafrat qilgan men edim. Hamdu sano ul Allohgakim, ko‘rmasdan turib iymonga musharraf bo‘ldim, o‘lmasdan ilgari sizni ko‘rdim. O‘shal chog‘da siz bilan ko‘rishgan menim yo‘ldoshlarim hammasi johiliyat dinida o‘ldilar. Ilgari sizga og‘ir so‘zlar aytib, qattiq qarshilik ko‘rsatgan edim. Shu gunohim kechilarmikin, Allohdan tilab bering, yo Rasulalloh, — dedi.
Anda Rasululloh:
— «Alislomu yajubbu ma qoblahu», ya’ni Islom o‘zidan ilgari har qanday gunohni yo‘q qilgay, — dedilar.
So‘ngra Rasululloh bularning raislari Xuzayma ibn Savodning yuzini qutlug‘ qo‘llari bilan siladilar ersa, yongan chirog‘dek yarqirab, yuzi nurlik bo‘ldi. So‘ngra bularga ham hadyalar berib qaytmoqqa ruxsat berdilar. Raziyallohu anhum.

Qayd etilgan


Laylo  30 Oktyabr 2007, 07:09:06

SUDO QABILASINING ELCHILARI

Sudo qabilasi ham Yaman arablaridan erdi. Boshqa qabilalar kabi elchilar yuborib Islomga kirishdan to‘xtalib turdilar. Arab tuprog‘ida Islom dini kirmagan qabila ham qolmagan edi. Rasululloh buni angladilar ersa, Qays ibn Sa’d qo‘mondasida to‘rt yuz kishilik bir firqa askar Sudo ustiga yubormoqchi bo‘ldilar. Bu askarning ko‘targan jihod tug‘lari oq bo‘lib, bayroqlari qoradan edi. Shu hol ustiga u qabiladan bir kishi kelib qolib, bu voqeani angladi. Darhol Rasulullohga kirib:
— Yo Rasulalloh, men ersam o‘z qabilam tomonidan vakil qilib yuborilgan edim. Agar bu askarni yubormay to‘xtatur ekansiz, ularning Islom dinini qabul qilishlariga o‘zim kafilman, — dedi.
Bu so‘zni anglagach, Rasululloh askarni to‘xtatdilar. U kishi ersa tezlik bilan Madinadan chiqib o‘z yurtiga yetdi. Qabilasiga voqeani tushuntirgach, ulardan o‘n besh kishini elchilikka olib, yana Madinaga qaytdi.
Ansor sahobalardan Sa’d ibn Uboda uyiga tushib, aning mehmoni bo‘ldilar. U ham alarga ko‘p hurmat ko‘rsatdi. So‘ngra kelib, Rasululloh bilan ko‘rishgach, barchalari shahodat aytib, Islom diniga kirdilar. O‘z yerlariga borishgandan keyin bular orqali butun qabilaga Islom dini tarqaldi.

Qayd etilgan