Alixonto'ra Sog'uniy. Tarixi Muhammadiyya  ( 251587 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 33 34 35 36 37 38 39 40 41 42 43 ... 74 B


Doniyor  25 Iyul 2006, 07:25:47

Misr tansiqlaridan har xil narsalarni tortiq qilib Rasulullohga yubordi. Bular ichida husn jamollik ikki kanizak bo‘lib, birisining oti Mariya edi. Buni Rasululloh o‘z nikohlariga oldilar. O‘g‘illari Ibrohim Mariyadan tug‘ildi. Rasululloh minish¬lari uchun yana bir xachir ham yubordi. Bundan ilgari arablar xachir ko‘rmagan edilar. Bunga «Duldul» ot qo‘yib Hazrati Aliga berdilar. So‘ngra Muqov¬qis hazrati Hotibga: «Qibt xalqi ersa bu to‘g‘ridagi menim so‘zimni qabul qilmagaylar. Yo‘q ersa Muhammadning oxirzamon payg‘ambari ekaniga ko‘zim yetdi. Unga iymon keltirur edim. Agar bu qilgan ishlarim alarga ma’lum bo‘lsa, ular meni halok qilgaylar. Shuning uchun bu ishim anglanmasdan oldinroq bu yerdin chiqib ketishing kerakdur», dedi va bir necha askar qo‘shib hazrati Hotibni sovg‘a mollari bilan saqlab arab tuprog‘iga yetkazib qo‘ydi. Shu bilan hazrati Hotib Madinaga kelib ko‘rgan ishlarini Rasulullohga bayon qildi. Anda Rasululloh: «Bu kishi ersa podsholigini qizg‘anib iymondan mahrum bo‘lmishdur. Lekin aning podsholigi uzoq turmagay», dedilar.

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 07:25:59

BAHRAYN PODSHOSI MUNZIR IBN SOVIYGA YUBORILGAN NOMA

«Bismillahir rohmanir rohiym.
Salomun anta. Fainniy ahmadu ilaykalloha, allaziy la ilaha illa huva. Ammo ba’d, fainna man sallo salatana vastaqbala qiblatana va akmala zabiyhatana fazalika muslimun lahu zimmatullohi va zimmatur-rasuli, man ahabba zolika minal majusi fainnahu omana va man aba fainna alayhil-jizyata, faaslim».
Ma’nosi: «Salomatmisan. YOlg‘iz Allohgagina hamd-sano ayturman va U maqtashga loyiqdur. Bundan so‘ngra har kimarsa bizlardek namoz o‘tasa, qiblamizga yuzini qaratsa, biz bo‘g‘izlagan hayvonlarni yesa, ul kishi musulmondur. Allohning ahdi, payg‘ambarining omoni ul kishiga bo‘lg‘ay, ya’ni uning mol-joniga hech kim tega olmagay. Arablardan boshqalar yaxshi ko‘rib bu dinga kirsalar, mol-jonlariga alar ham omon topgaylar. Agar qarshilik qilib, iymon keltirmas ekanlar, alarga jizya qo‘yilgay. Islom diniga kirgil, azobdan qutulursan».
Payg‘ambarimiz: «Bu nomani atalmish kishiga yetkurgil», deb, Alo ibn Hazram ismlik sahobaga topshirdilar. Ul kishi ersa Munzir ibn Soviyga yetkurdi. Nomani o‘qib ko‘rib mazmuniga tushungandan so‘ngra, darhol iymon keltirib, bu nomani yozdi:
«Ammo ba’d, ya Rasulallohi. Fainniy qora’tu kitobaka ala ahlil Bahrayni. Faminhum man ahabbal Islama va a’jabahu va dahala fihi va minhum man karihahu va biarzi majusun va yahudu fa ahdis¬ ilayya fi zalika amraka».
Ma’nosi: «Salomdan so‘ngra, yo Rasulalloh, sizning nomangizni Bahrayn xalqiga o‘qib berdim. Ba’zilari bu dinni yaxshi ko‘rib iymon keltirdilar, ba’zilari ersa bundan yuz o‘girdilar. Bu yerda yahudiy, majusiy, otashparast kofirlar bordur. Bular haqida qandoq ish qilishga buyurasiz, bizga shuni bildirgaysiz».

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 07:26:08

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu noma kelgach, javobiga yozdilar:
— Yolg‘iz Allohga hamd-sano ayturman va guvohlik berurman barcha olamni yaratguvchi yolg‘iz Allohdur. Muhammad esa Allohning quli va aning elchisidur. So‘ngra shulki, Allohni sening yodingga solurman. Har kim yaxshilik qilur ersa, aning yaxshiligi o‘ziga qaytgay. Yuborgan elchilarimga kim itoat qilib bo‘ysunsa, menga bo‘ysungandek bo‘lur. Kim alarga yaxshilik qilsa, menga yaxshilik qilmishdur. Yuborgan elchilarim qaytgach, sening yaxshi sifatlaringni aytdilar. Qarindoshlaring to‘g‘risida aytgan so‘zingni qabul qildim, musulmon bo‘lgan kishilar qaysi holda Islomga kirgan bo‘lsalar, o‘shal hol uzra qolsinlar. Ya’ni, alarning molu dunyolari, ilgari olgan xotinlari o‘z qo‘llarida bo‘lsin, alarga hech kim tegmasin. Ilgari qilgan gunohlarini kechirdim. Uzrlarini sen ham qabul qil. Agar adolatlikda turar bo‘lsang, amirliging uzoq vaqtgacha qolur, o‘rning o‘zgartirilmas. Yahudiy yoki majusiy dinida qolguvchilar bo‘lsa, alarga jizya qo‘yib, soliq olurmiz».

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 07:26:25

UMMON PODSHOLARIGA YUBORILGAN NOMALARI

«Bismillahir rohmanir rohiym.
Min Muhammad ibn Abdullohi va rasulihi ila Jayfar va Abn ibna Julandiy, Salamun ala manit-taba’al xuda. Amma ba’d fainniy ad’ukumo bidi’ayatil Islomi. Aslimo taslamo. Fainniy rasulullohi illan-nosi kaffatan liunzira man kana hayyan va yahiqqol qovlu alal kafirina va innakumo in aqrortumo bil Islomi vallaytukumo in abaytullo an tuqirro bil-islomi fainna mulkakumo zoilun ankumo va Xayliy tahillu bisahatikumo va tazharu nubuvvatiy ala mulkikumo».
Ma’nosi: «Allohning quli va aning payg‘ambari Muhammaddan Ummon o‘lkasining podshohlari Julandiy o‘g‘lonlari Jayfar va Abdga. Haq yo‘l topganlarga salom. So‘ngra har ikkovinglarni Islom diniga da’vat qilurman, musulmon bo‘linglar, omon qolgaysizlar.
Men ersam barcha odamlarga Xudo tarafidan kelgan payg‘ambardurman. Qiyomatdagi qo‘rqinchlik ishlardan butun xalqqa xabar berurman, bu so‘zni yer ustidagi tirik kishilarga yetkuzurman, qarshi chiquvchilarga albatta azob bo‘lg‘usidir. Agar Islomga iqror qilur ersangiz, o‘z o‘rningizda qoldirurman. Agar andin yuz o‘girsangiz, podsholigingiz qo‘lingizda qolmagay. Islom askari yeringizga kirgaylar. Payg‘ambarligim podsholigingizni yenggay».
Bu nomani Amr ibn Osga topshirdilar. Bu kishi nomani Ummon podsholariga yetkazdi. Bular esa Yaman arablarining podsholari erdilar. Ikki tug‘ishgan og‘a-ini bo‘lib, podsholik qilishur edi. Nomani olib o‘qib ko‘rgandan so‘ngra inisi Abd ibn Julando Amr ibn Osga:
— U payg‘ambarman deb chiqqan kishi xalqni nima ishlarga buyurur, qaysi narsalardan qaytarur? — dedi.

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 07:26:37

Anda Amr ibn Os:
— Yolg‘iz Allohga toat-ibodat qilmoqqa buyuradur, gunoh ishlardan, zulm va xiyonat, zino va aroqxo‘rlik kabi ishlarni qilishdan qaytaradur. Butlarga topinmoqni man qilur, — dedi.
Anda ul:
— Ul yaxshi ishlar qilur ekan, agar og‘am menim so‘zimni qabul qilar ekan, ikkovimiz aning oldiga borib, iymon keltirur edik. Biroq ul hukumatdin ajrab qolishdan qo‘rqib unga tobe bo‘lg‘usi kelmaydir,— dedi.
Anda Amr ibn Os:
— Agar og‘ang iymon keltirur ersa, uni o‘z eliga hokim qilib qoldirgay. Boy kishilar molidan zakot olib, kambag‘allarga bo‘lib bergay, — dedi.
Anda ul:
— Undoq bo‘lsa qandoq yaxshi ish bo‘lur edi, biroq aning qabul qilishi gumondur, shundoq bo‘lsa ham aytib ko‘rurmiz. Zakot deganing nimadur? — dedi.
Amr:
— Islom dinining besh ustuni bordur. Islom dini shular ustiga qurilgan. Iymondan so‘ngra eng ulug‘i namozdir, aning yo‘ldoshi zakotdur. Alloh taolo Qur’onda: «Har kuni besh vaqt namozni to‘liqlab o‘tanglar. Boy kishilar esa kambag‘allarga zakot beringlar», demishdir. Alloh taolo namoz o‘qishni barcha musulmonlarga qanday farz qilgan bo‘lsa, zakot berishni ham boylarga shunday farz qilmishdur. Lekin har yerdan olingan zakot mollari shu yerning kambag‘allariga berilur, — dedi.
Bu so‘zlarni anglagach, uning ko‘ngli ham Islomga moyil bo‘ldi. So‘ngra ikkovlari birga aning og‘asi Jayfar oldiga bordilar. Islom dinining fazli-kamolini unga ham gapirib berdi. Buning ham ko‘ngli yumshadi. Har ikkovlari barobar musulmon bo‘ldilar.

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 07:26:53

YAMOMA O‘LKASINING AMIRI HAVZA IBN ALIGA YUBORILGAN NOMA

«Bismillahir rohmanir rohiym.
Ila Havza ibn Ali, Salamun ala manit-taba’al xuda, Va’lam anna diniy sayazharu ila muntahol xuffi val xofiri. Faaslim taslam va aj’allaka ma tahta yadayka».
Ma’nosi: «Allohning payg‘ambari Muhammaddan. Ali o‘g‘li Havzaga. Hidoyat topganlarga salom. Bilgilkim, Islom dini inson qadami yetgan yerlarni o‘z hukmiga olgay. Islom diniga kirgil, qo‘l ostingdagi narsalarga o‘zingni ega qilg‘ayman, salomat bo‘lursan».
Bu nomani yetkizgil, deb Hazrati Salitga buyurdilar. U kishi ersa Havzaga keltirib topshirdi. Yamoma o‘lkasi Makkadan o‘n olti kunlik yo‘l edi. Uni o‘qib ko‘rib, uzoq o‘ylab ketdi. Oldida Shom tarafidan kelgan nasoro ulug‘laridan bir kishi o‘ltirgan edi. Bu ersa Havzaga:
— Agar bu nomadagi so‘zni qabul qilur ersang ko‘p yaxshi bo‘lg‘ay. Chunki Iso payg‘ambar bashorat berganki, oxirzamon payg‘ambari arabdan chiqqay. Oti Ahmad, Allohning elchisidur, deb Injilda yozilmishdur. Agar unga iymon keltirur ersang, podsholigingni sendan olmag‘ay, — dedi.
Yana hazrati Salit:
— Ey Havza, seni podsho qilib, bu davlatga ega qilgan, kimsalarning suyagi go‘rda chirimish, o‘zlari esa tamug‘da azob tortmoqdadurlar. Haqiqatda Allohga iymon keltirib, taqvo yo‘lini tutgan kishilar tuganmas davlat egalaridur. O‘zing o‘ylab ko‘rgil, sening aqlingdan boshqalar foydalanib, ko‘plari davlat topmishlardur. Agar uning foydasi o‘zinga tegmas ersa, sen uchun bu qanday armon bo‘lg‘ay? Bu noma ersa seni eng yaxshi ishlarga buyurg‘ay, barcha yomon narsalardan qaytargay. Yolg‘iz Allohgagina ibodat qilmoqqa amr qilur. Nafs, shayton yo‘li, buzuqchilik ishlardan seni qaytarur. Alloh amrini qilar ersang, jannatga kirarsan; shayton buyrug‘ida bo‘lsang, do‘zax azobida qolursan. Agar bu so‘zni qabul qilsang, barcha yaxshiliklarni ko‘rgaysan, umidlik ishlaringga erishib, qo‘rqinchlik ishlardan qutulgaysan. Yo‘q esa bir kuni kelur, o‘rtadan parda ko‘tarilur, o‘shanda haqiqat ko‘z bilan ko‘rilur, — dedi.

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 07:27:01

Shunda Havza:
— Ey Salit, har kimsaning o‘ziga yarasha aqli bordur. O‘zimga yarashur menim ham aqlim bordur. Butun ishlarimni u bilan o‘lchab ko‘rarman. Lekin shu to‘g‘rida aqlim boshimdan uchdi, bir ozgina vaqt bergil, aqlimni yig‘ib olib, so‘ngra bu so‘zga javob berurman,— dedi.
Noma javobining mazmuni ushbudir: «Yuborgan nomangni oldim, da’vat qilgan narsang ersa na yaxshi ishdur! Men ersam arablar ichida atoqlik shoir, ham xatib erurman. Alar oldida haybatim bordur. Uzoq-yaqindagi arablar mendan hayiqqaylar. Agar shu ishing¬da meni sherik qilur bo‘lsang, ul chog‘da senga tobe bo‘lurman» demishdur.
Shu bilan noma eltgan hazrat Salitga bir qancha sovg‘a-tortiqlar berib qaytardi. Noma javobini ang¬lagach, Rasululloh:
— Ul o‘zini menga sherik qilishni so‘rabdur. U bir parcha yer so‘rasa ham endi bermagayman. O‘zi xalok bo‘lur, qo‘lidan davlati ketar, — dedilar.
Makka shahri fath bo‘lgandan so‘ngra, Jabroil alayhissalom vahiy keltirib, aning kofirlik holida o‘lganligidan xabar berdilar. Anda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
— Mendan keyin u joydan yana bir kazzob chiqur. Payg‘ambarlik da’vosini qilg‘ay, ani Islom askari o‘ldirgay, — dedilar.
Rasululloh deganlaridek, hazrati Abu Bakr Siddiq xalifalik davrlarida u joydan Musaylama kazzob chiqib payg‘ambarlik da’vosini qildi. Buni anglab hazrati Abu Bakr Siddiq Xolid ibn Valid qo‘mondasida askar yubordilar. Shu urushda o‘zi o‘ldirilib, askari tarqatildi. Hozirgi zamonimizda ikki Haramda hukmron bo‘lib turgan saudiylar ham shu joydan chiqdilar, o‘shal Musaylama kazzob qavmidan erurlar.

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 07:27:18

HORIS IBN ABI SHIMRGA YUBORGAN NOMALARI

«Bismillahir rohmanir rohiym.
Min Muhammadin rasulillohi ila Horis ibni Abi Shimr. Salamun ala manit-taba’al xuda, va amana billahi va saddaqa. Fainniy ad’uka ila an tu’mina billahi vahdahu la sharika lahu yabqo laka mulkuka».
Ma’nosi: «Allohning payg‘ambari Muhammaddan Horis ibn Abu Shumurga. Hidoyat topganlarga salom. O‘xshashi, sherigi yo‘q yolg‘iz Allohga seni chaqiraman. Agar iymon keltirsang, Islom diniga kirsang, podsholiging o‘zingga qolg‘ay, davlating zavol topmagay».
Bu nomani sahobalardan Shujo’ ibn Vahbga berdilar. Bu kishi ersa Horis ibn Abu Shumurga yetkazdi. Rum podshosi Qaysar butun Shom o‘lkasiga buni voliy qilib qo‘ymish edi. U zamondagi arablar nomiga bo‘lsa ham yarmi Rum, yarmi Eronga tobe edilar. Butun Shom viloyatiga hokim bo‘lg‘onlikdan bu ham o‘zini podshohlardek chog‘lar edi.
Aning o‘rda saroyidagi soqchilar hazrati Shujo’ni ichkari kirgani qo‘ymadilar. Bu joyda fursat kutib uch kun turib qoldi.
Bularga Rum nasorolaridan Mavriy otliq kishi boshliq edi. Rasulullohdan noma keltirganini bilgach, hazrati Shujo’dan Payg‘ambarimizning sifatlarini, Islom asoslarini so‘radi. Rasulullohning sifatlarini eshitib, ko‘ngli bo‘shab yig‘lagani turdi:
— Injilda oxirzamon payg‘ambarining sifatlarini ko‘p o‘qigan edim, uning haqida sening aytgan so‘zlaring menim o‘qig‘onlarimga to‘g‘ri chiqadur. Men bu payg‘ambarni Shom tuprog‘idan chiqarmikan, deb o‘ylagan edim. Uning arab cho‘llaridan chiqib qolishi hech kimning ko‘ngliga kelgan emas. Sening aytganingga qaraganda oxirzamon payg‘ambari albatta shul kishi bo‘lishi kerak. Uning haq payg‘ambarligiga ishondim, unga iymon keltirdim, lekin bu so‘zni ochiq aytishga qo‘rqaman. Agar buni bilib qolsalar, meni o‘ldirgaylar,—dedi.

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 07:27:28

Shunday bo‘lib uch-to‘rt kun o‘tgandan keyin Hazrati Shujo’ Horis ibn Abu Shumurga nomani topshirdi. Uni o‘qib ko‘rgach, g‘azabi kelib Horis qo‘lidagi nomani yerga tashladi:
— Meni podsholigimni qo‘limdan kim olar ekan? Agar musulmon bo‘lsang, podsholiging o‘zingda qolar demish. Qarab tur, uning ustiga askar tortib borgayman. Yamanda bo‘lsa ham mendan qutila olmag‘ay,— deb elga jar chaqirib, har tomonga kishi yuborib, askar yig‘ishga kirishdi. Urush asboblarini tayyorlatib, askar otlarini taqalatmoqqa buyurdi. So‘ngra hazrati Shujo’ga qarab:
— Mana bo‘lg‘ulik ishlarni ko‘zing ko‘rdi. Bor endi nima ko‘rgan, bilgan bo‘lsang seni yuborgan kishiga xabarini bergil, — dedi.
Darhol bu voqeani bayon qilib, Qaysarga xat yozdi, u esa Quddus ziyorati uchun Shomga kelmish edi. Rasululloh Qaysarga yuborgan nomalarining kelishi ham shu kunlarga to‘g‘ri keldi. Uning xatini o‘qib ko‘rgach, bundan ruxsatsiz qilgan ishini anglab, Qaysar uni yoqtirmay javob yozdi. To‘planmish askarlaringni tezdan tarqatib o‘zing bu yerga kelgil, deb ani chaqirdi.
Bu chog‘da hazrati Shujo’ yo‘lga chiqmagan edi. Darrov chaqirtirib yo‘lga qachon chiqishini so‘rab, Shujo’ga yuz oltin bersin, deb xazinachisiga buyurdi. Shu chog‘da soqchilar boshlig‘i Mavriy yetib keldi. Yo‘lchiga atagan yo‘l ozug‘idan boshqa Rasulullohga sovg‘a yo‘sinda bir qancha tansuq narsalar keltirib, hazrati Shujo’ga:
— Mening salomimni Rasulullohga yetkazgil. Men unga iymon keltirib, Islom diniga kirdim. O‘lmay bora olsam, aning yuzini albatta ko‘rurman, yo‘q ersa o‘lgunimcha aning dinida bo‘lurman, — dedi.
Shu bilan hazrati Shujo’ u yerdan qaytib, salomat Madinaga keldi. Bu safarda o‘tgan ishlarni gapirib, Mavriyning salomini aytgan edi, Rasululloh:
— U rost aytmishdur. Ammo Horis ibn Abu Shumur ersa o‘zini halok, mulkini xarob qilmishdur, — dedilar.

Qayd etilgan


Doniyor  25 Iyul 2006, 07:27:48

RASULULLOH SOLLALLOHU ALAYHI VASALLAMNING MO’JIZALARI

Dastlab «mo‘jiza» degan so‘zni o‘qiguvchilarga tushuntirib o‘tamiz. Aning uchunkim, so‘z qilishdan maqsad tushuntirmakdur. Kitob o‘qimoqdan maqsad uning ma’nosini bilib, ma’lumot olmoqdur. Alloh taolo o‘z ulug‘ qudrati bilan barcha olamni yaratdi. Ya’ni, burun hech nimarsa yo‘q edi, yo‘qdan bor qildi. Sonsiz olam ichida odamni yaratdi.
Olam yaratmoqning hikmati odam yaratish edi. Odam yaratishdan maqsadi o‘zini tanitish, ularga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatish edi. Shuning uchun Alloh taolo, bir rivoyatda aytilishicha, bir yuz yigirma to‘rt ming, ikkinchi rivoyatda aytilishicha, ikki yuz yigirma to‘rt ming Payg‘ambarlarni insonlarga elchi qilib yubordi.
Endi o‘ylab qarasak, har bir kishiga ochiq ma’lumdirkim, bir podsho yoki bir hukumat bir kishini o‘z tomonidan xizmat uchun bir yoqqa yubormoqchi bo‘lsa, qoida-qonun shuldurkim, albatta, uning qo‘liga bosh¬qalar ishongudek qilib tamg‘alarni bostirib, hujjat xatini berurlar. Mana shunga o‘xshash ulug‘ qudratli Alloh taolo o‘zi yuborgan Payg‘ambarlarini haqliklariga hujjat bo‘lishi uchun ularning har birlariga har turlik mo’jizalar bermishdur. Agar bundoq bo‘lmagan taqdirda Xudo tarafidan kelgan Payg‘ambarlar o‘z qavmlari oldida xijolatga qolurlar edi. Agar alar kelib qavmlariga:
— Sizlarni oy va kun, yulduz va yerlarni yaratguvchi Tangringiz tomonidan yalovchi bo‘lib keldim. O‘z so‘zini sizlarga yetkuzmak uchun meni yubordi, — desalar,
— Bu so‘zingga hujjating bormi? — deb kishilar undan so‘rasa, nima ayturlar? Dalilsiz quruq so‘z hech o‘rinda qabul qilinmas. Mana shuning uchun mo‘jiza ko‘rsatmagan payg‘ambar dunyoda yo‘qdur. Hech bir pay¬g‘ambarni Xudo mo’jizasiz yubormagandir.

Qayd etilgan