Alixonto'ra Sog'uniy. Tarixi Muhammadiyya  ( 379061 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 43 44 45 46 47 48 49 50 51 52 53 ... 74 B


Doniyor  10 Avgust 2006, 08:44:03

Sahobalar:
— Yo Rasulalloh, bu narsalarga iymonimiz komil,— deb guvohlik berdilar.
Men sizlarga ikki ulug‘ narsani qoldirdim. Birinchisi, Xudoning kitobi Qur’ondur. Ikkinchisi, mening avlodlarimdur. Qur’on bilan avlodlarim qiyomatgacha bir-biridan ajrashmaydi, — deb marhamat qildilar.
Yana shu yili Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Hazrati Alini Yaman viloyatiga yuborib, u yerdagi arab qabilalarini Islomga da’vat qilishga buyurgan edilar. Butun xalqqa qarata yozgan nomalari ham bor edi. Rasulullohning nomalarini ko‘rishib, bir qancha qabilalar urushsiz dinga kirmish edilar. Shundog‘ bo‘lsa ham, insonchilik, Hazrati Alining adolat bilan qilgan ishlari ba’zi bir kishilarga yoqmasdan Rasulullohga shikoyat tushgan edi. Ish tekshirilib ko‘rilgandan so‘ng shikoyat nohaq bo‘lib chiqdi. Haqiqatda esa, Hazrati Ali karamallohu vajha Rasululloh nimani buyurgan bo‘lsalar, shuni bajargan edilar.
Shuning uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shikoyat qiluvchilarning so‘zini xalq ichida rad qilib, Hazrati Alining fazllarini bayon qildilar. So‘ng hazrat Alining qo‘lini ushlab turib:
— Har kim meni yaxshi ko‘rsa, Alini ham yaxshi ko‘rsin. Ey bor Xudoyo, kim muni do‘st tutsa, sen ham uni do‘st tutgil. Uni dushman ko‘rganlarni sen ham dushman ko‘rgil. Munga yordam berganlarga yordam ber, uni yordamsiz tashlaganlarni yordamsiz qoldir, undan haqlikni ajratma, — dedilar.
Bu so‘zlarni eshitgandan so‘ngra Rasululloh oldida Hazrati Alining qanchalik ulug‘ martabaga ega ekani hammaga ma’lum bo‘ldi. Shuning bilan bir necha kunlab yo‘l yurib, Madinaga yarim kunlik yo‘l qolganda, Zulhulayfa degan manzilga kelib tushdilar. Kechasi shu yerda yotib, ertasi Madinaga qarab yurdilar. Rasululloh safardan qaytsalar shaharga kunduzi kirish odatlari edi. Tog‘ ichidan chiqib kelib, yiroqdan Madina ko‘ringanda uch marta takbir aytdilar. So‘ngra Allohga hamdu sano aytib, Madinaga kirdilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning so‘ngi safarlari shul edi. Shu bilan uch oydin so‘ngra umrlari ham oxiriga yetdi.

Qayd etilgan


Doniyor  10 Avgust 2006, 08:44:20

PAYG‘AMBARIMIZNING O‘G‘ILLARI IBROHIMNING VAFOTI

Shu o‘ninchi yili ro‘za hayitining yigirma to‘qqizinchisida Payg‘ambarimiz o‘g‘illari Ibrohim vafot topdi. Yoshi bir rivoyatda o‘n olti oy sakkiz kunlik, ikkinchi rivoyatda o‘n sakkiz oylik edi. Bu o‘g‘illari tug‘ilganida Rasululloh bek suyungan edilar. Vafot bo‘lganida qattiq qayg‘urib:
— Ey Ibrohim, sening firoqingdan ko‘nglimiz g‘amga to‘ldi, — deb muborak ko‘zlaridan yosh to‘kdilar. Buni ko‘rib Hazrati Umar:
— Yo Rasulalloh, o‘lganga yig‘lashdan bizni qaytargan edingiz, nega endi o‘zingiz yig‘laysiz? — dedilar.
Anda Rasululloh:
— Qachon sizlarni ko‘z yoshidan qaytardim? Musibat yangidur, ko‘nglimiz yumshaydi, ko‘zimiz yig‘laydi. Xudo rozi bo‘lmagan so‘zlarni aytmagaymiz. Yoqa yirtib, soch yulib yig‘lashdan, dod-voy qilib, nohaq so‘zlar aytishdan qaytardim, — dedilar.
Bu o‘g‘illari Moriya ismlik cho‘rilaridan tug‘ilgan edi. U Misr podshohi Muqovqisdan Rasulullohga hadya bo‘lib kelmish edi. Mundan boshqa Rasulullohning barcha bolalari onamiz hazrati Xadichadan tug‘ilmish edilar.
O‘g‘illari yoshligida vafot bo‘lishib, Fotimadan bosh¬qa qizlari ham o‘zlaridan ilgari vafot topgan edi. Fotima ersa Rasulullohdan olti oy keyin vafot topdi. Boshqa onalarimizdan bola bo‘lmagan edi. Shu uchun Ibrohim tug‘ilganda barchalarning rashklari qo‘zg‘almish edi. Ibrohimning janozasini Rasululloh o‘zlari o‘qidilar. Yana shu kuni quyosh tutilib, olamni qorong‘ulik bosdi. Xalq bu voqeani Rasululloh o‘g‘li Ibrohimning motami uchun bo‘ldi, deb o‘yladilar. Muni anglab Rasululloh minbarga chiqib:
— Ey odamlar! Bu oy-kun ersa Allohning ulug‘ qudratini bildirishga ikki alomatdur. Birovning o‘lishi yoki tug‘ilish uchun kun kuyib, oy tutilish degan ish yo‘qdur, — deb mundoq o‘rinsiz e’tiqod qilishdan saqlanish kerakligini ularga bildirdilar.

Qayd etilgan


Doniyor  10 Avgust 2006, 08:44:35

Yana shu yili, ya’ni hijratning o‘n birinchi yili, safar oyining avvallarida Rasulullohning buyruqlari bilan to‘rt ming kishilik askar qo‘shini tuzildi. Muning ustiga Usoma ibn Zaydni bosh qo‘mondon qilib qo‘ydilar. Undan ikki yil ilgari Usomaning otasi — Payg‘ambarimizning asrandi o‘g‘illari Zayd ibn Horisani to‘rt ming askarga bosh qilib Shom yerida Mo‘ta g‘azotiga yuborgan edilar. Buning bayoni ersa yuqorida o‘tdi. Bu askarni ham yana shu joyga borib g‘azot qilishga buyurdilar.
Sahobalarning kattalaridan bu askar ichida Abu Bakr Siddiq, Umar, Abu Ubayda, Sa’d kabi bir qancha kishilar ham bor edi. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam Usomaga tug‘ topshirgan chog‘da:
— Ey Usoma, Alloh yordami bilan aning yo‘lida g‘azot qilg‘aysan. Xudo rizoligi uchun so‘zidan tongan kofirlarga qarshi savashursan, — dedilar.
Yoshi o‘n sakkizdan o‘tmagan o‘spirin yigitni bunday ulug‘ g‘azot qo‘shini ustiga, ayniqsa, Hazrat Ali, Hazrat Abu Bakr, Hazrati Umar kabi katta sahobalar oldida amir qilib qo‘yganlarini yoqtirmasdan o‘zaro so‘z qilishganlar ham bor edi.
Bu so‘z tarqalib Rasulullohga yetdi ersa, qattiq g‘azablari kelib:
— Ey odamlar! Usomaning amirligiga rozi emas kishilar bor deb angladim. Bu qandoq ishdur? Munga rozi bo‘lmagan kishilar ersa, bundan ilgari otasi Zayd bin Horisani Mo‘ta askariga qo‘mondon qilganimda, unga ham rozi bo‘lmagang edilar. Alloh haqqi, Zayd, Usoma — ota-o‘g‘il har ikkovi ham amirlikka loyiq kishilardur. Ayniqsa, Usoma menga hammadan yaqin, hammadan suyuklik kishidur. Har yaxshilik bulardan kelgusidur. Bu to‘g‘rida qilgan topshiriqlarimni qabul qilinglar, — dedilar.
Shu bilan boshqa so‘zlar bosilib, bu tayyorlangan qo‘shin yurish ustida turganda Rasulullohning betobliklari boshlanib qoldi.

Qayd etilgan


Doniyor  10 Avgust 2006, 08:45:26

RASULULLOHNING BETOB BO‘LISHLARI

Endi butun olamga, ayniqsa, musulmonlar boshiga tushgan bu ulug‘ qayg‘ulik, munglig‘ musibatni ko‘z yoshimiz, ko‘ngil dardimiz bilan chor-nochor bayon qilib o‘tamiz.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ozod qilgan qullaridan Muvayha degan kishi bor edi. Bir kuni yarim kechada uni chaqirib:
— Men bilan yurgil, Baqi’ go‘ristoniga borib, o‘lganlarga duo qilib kelaylik. Alloh meni shunga buyurdi, — dedilar.
So‘ngra Rasululloh u bilan Baqi’ qabristoniga chiqib, aning ichiga kirgach:
— Assalomu alaykum, ey qabrda yotganlar! Bu yotish sizlarga muborak bo‘lsin. Alloh sizlarni qanday yomon fitnalardan qutqardi. Koshki muni bilgan bo‘lsanglar edi, tun qorong‘usi qoplagandek butun xalqni qoplaguvchi, uzilmasdan ketma-ket kelguvchi fitna-balolar kelishga yuzlandi. Bu fitnalarning keyingilari oldingilaridan yomonroqdur.
Ey Muvayha! Dunyoda abadiy yashab butun yer usti xazinalariga ega bo‘lish, yo jannatga kirib Xudo diydorini ko‘rish — bu ikkovidan qaysi birini xohlashlik ixtiyorini Xudo menga berdi. Men jannatga kirib Xudo diydorini ko‘rishni ixtiyor qildim, dunyoda mangu qolib, uning xazinalariga ega bo‘lishni xohlamadim, — dedilar.
Yana bir rivoyatda Uhud tog‘ida o‘ldirilgan shahidlarga ham borib ularga yana duo qildilar. Shu yerdin qaytishlarida muborak bag‘rilariga og‘riq paydo bo‘ldi. Betoblikning boshlanishi shul edi. So‘ngra uyga keldilar ersa, onamiz Oishaning ham boshi og‘rib yotib ekandur.
— Ey Oisha, agar men tirikligimda senga ajal kelsa, sen uchun ulug‘ ne’matdur. Chunki o‘zim janozang¬ni o‘qiyman, o‘zim go‘rga qo‘yaman, — dedilar.

Qayd etilgan


Doniyor  10 Avgust 2006, 08:45:34

Bu so‘zni onamiz Oisha og‘ir olib:
— Mening o‘lishimni yaxshi ko‘rar ekansiz. Agar men o‘lsam xotinlaringiz uylarida kecha-kunlab yotib kuyov bo‘lmoqchiga o‘xshaysiz, — dedilar.
Rasululloh bu so‘zga javob aytmay, kulimsirab qo‘ydilar. Rasulullohning betobliklari ersa hijratning o‘n birinchi yili safar oyi boshlarida boshlanmish edi. Kasalliklari o‘n uch kun davom etib kundan-kunga kuchaygali turdi. Shunday bo‘lsa ham, onalarimizdan qaysi birlarining navbati kelgan bo‘lsa shuning uyida bo‘ldilar.
Onamiz Maymunaning navbati kelgan kunda Rasulullohning betobliklari og‘irlashdi. Shu kuni onalarimizni chaqirtirib, qolmish kunlari onamiz Oishaning uyida bo‘lish uchun ulardan ruxsat oldilar. Betob bo‘lmasdan bir-ikki kun ilgari minbarga chiqib shu va’zni aytgan edilar: «Alloh bir bandasini dunyoda abadiy yashab, uning nozu ne’matlarini ko‘rish bilan Alloh oldiga borish orasida ixtiyorlik qilib erdi, ul bandasi dunyoda qolib uning nozu ne’matlarini ko‘rishini ixtiyor qilmay, Alloh oldiga borishni xohladi». Hazrati Abu Bakr bu so‘zni anglagach:
— Ota-onam sizga fido bo‘lsin, yo Rasululloh, — deb yig‘ladilar.
Anda Rasululloh:
— Ey Abu Bakr! Yig‘lamagin, yolg‘iz tirikligimda emas, o‘lganimda ham sizlarga yaxshiligim yetadi. Chunki har vaqt ummatlarimni qilgan ishlarini ko‘rsatib turadilar menga. Agar yaxshilik bo‘lsa, Allohga shukr qilurman, agar yomon ish qilgan bo‘lsalar, Allohdan gunohlarini so‘rayman.
Ey odamlar! Hamma kishilardan ko‘ra Abu Bakrning menga qilgan xizmati ko‘pdur. U mendan hech narsani ayamadi, Xudo yo‘lida butun mol-dunyosini sarf qildi. Abu Bakr Siddiqdan boshqa kimning eshigi masjid ichidan ochilgan bo‘lsa, hammasini berkitinglar, — dedilar.
Shu bilan masjid tarafidan qo‘yilgan hammaning eshigi berkitildi. Muni ko‘rib ba’zi sahobalar «Rasululloh bizlarning eshigimizni berkitdirgach, nega Abu Bakr Siddiq eshigini ochiq qo‘yadilar», deb so‘z qildilar.
Anda Rasululloh:
— Men Abu Bakr eshigida nur chiqib turganini ko‘rurman. Bu nurni sizlarning eshigingizda ko‘rmadim. Yana men dastlab chiqib xalqni dinga da’vat qilganimda odamlar meni yolg‘onchi qildilar. Abu Bakr meni rost aytadur, deb darhol iymon keltirdi. Boshqalar mendan mol-dunyolarini ayadilar, u ersa mendan hech narsasini ayamadi» — dedilar.

Qayd etilgan


Doniyor  10 Avgust 2006, 08:45:43

Yana Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ansor sahobalari haqida vasiyat qilib, ularni muhojir sahobalarga topshirib shunday marhamat qildilar:
— Ey muhojir sahobalar! Ansorlar haqida sizlarga qilgan vasiyatlarimni o‘rniga qo‘yinglar. Qattiqchilik kunlarda ular menga boshpana bo‘lganlar. Men uchun mol-jonlarini qurbon qilganlar. Bularning yaxshiliklarini hurmat qilinglar, yomonliklarini avf qilinglar.
Bu so‘zlarni aytgach, Rasululloh onamiz Oisha hujrasiga kirib yotdilar. Isitmalari eng yuqori darajaga ko‘tarilgan edi. Shu orada hazrati Bilol xufton namoziga azon aytdilar. Azon eshitilgach, ustlaridan sovuq suv quyishga buyurdilar. Onalarimiz Rasulullohni dos idishga o‘tkazib cho‘miltirdilar. Biroz sergigandek bo‘lib, namozga borish uchun turib edilar, yana ko‘ngillari ketib o‘zlarini bilmay qoldilar. Bir ozdan so‘ngra o‘zlariga kelgach:
— Namoz o‘qildimi? — deb so‘radilar.
— Yo‘q, hali o‘qilmadi, yo Rasululloh, sizga qarab turamiz, — dedilar sahobalar.
Namozga chiqmoqchi bo‘lib g‘usl qilib edilar, yana hushlari ketdi. Shundoq bo‘lib, uch qayta g‘usl qilib, uch qayta hushsiz bo‘ldilar.
Jamoat namoziga chiqolmagach, hazrati Bilolga:
— Abu Bakr Siddiqqa aytgil, namozga imom bo‘lib, o‘qib bersun, — dedilar.
Anda onamiz Oisha:
— Yo Rasululloh, otam Abu Bakr Siddiq ko‘ngli yumshoq, ko‘zi yoshlik kishidur. Sizning o‘rningizda turib imom bo‘lmoqqa toqat qila olmag‘ay, u kishini yig‘i bosib o‘qigan qiroatini orqada turgan jamoat eshita olmag‘aylar, — dedi.
Shu xilda so‘zni onamiz Oisha ikki-uch qaytarib aytgan bo‘lsalar ham so‘zlarini rad qilib, hazrati Abu Bakr Siddiqni imom bo‘lishga buyurdilar.
Hazrati Bilol Rasulullohning hollari og‘irlashib namozga chiqa olmay qolganlarini ko‘rgach, yig‘laganlaricha masjidga chiqdilar. Sahobalar Rasulullohga muntazir bo‘lib o‘ltirgan edilar. Hazrati Bilolning so‘zini anglab, masjid yig‘iga to‘ldi.
So‘ngra hazrati Abu Bakr Siddiq nochor xufton namoziga imom bo‘lib o‘tdi. Rasulullohning bunday og‘ir holda yotganlari hammaga ma’lum bo‘lib, sahobalarga tashvish tushdi.

Qayd etilgan


Doniyor  10 Avgust 2006, 08:45:52

Ayniqsa, Ansor sahobalari boshqalardan ko‘proq qo‘rqishib, uylariga qaytmasdan, masjiddan chiqmasdan o‘ltirishdilar. Hazrati Ali boshliq uch-to‘rt kishi ketma-ket kirishi bu ishdan Rasulullohga xabar berdilar ersa, bularga tasalli berish uchun boshlarini bog‘lab, hazrati Ali bilan Abbos o‘g‘li Fazlning o‘rtasida oyoqlari sudralib, yer chizgan holda masjidga chiqdilar.
Masjidning ichi va tashqarisi odamga liq to‘la edi. Sekinlik bilan kelib, minbarning pastki poyasida o‘ltirdilar. Hammaning yuzlaridan g‘am-qayg‘u sezilmoqda edi. Allohga hamdu sano aytganlaridan keyin:
— Ey odamlar! Mening o‘lishimdan nega muncha qo‘rqdinglar! Mendan ilgarigi o‘tgan payg‘ambarlardan o‘lmay qolgan biror kishi bormu? Agar ulardan birortasi o‘z ummati ichida o‘lmasdan qolgan bo‘lsa, men ham sizlarning oranglarda o‘lmasdan turishim mumkin bo‘lur edi. Munday bo‘lishi mumkin emasdur. Sergak bo‘linglarkim, men Alloh oldiga borurman. Sizlar ham bir kuni ul dargohga borishinglar aniqdur. Dastlabda men bilan birga Xudo uchun hijrat qilib Madinaga kelgan muhojir sahobalarimni sizlarga topshirdim. Ularni hurmat qilib, haqlarini saqlanglar, ular ham o‘zaro bir-birlariga yaxshi tilakdosh bo‘lsinlar. Alloh shunga buyurmishdur, — deb bu so‘zga dalil keltirib Val-asr surasini oxirigacha o‘qidilar. So‘ngra va’zlarida davom etib:
— Har ish dunyoda Alloh izni bilan bo‘lur. Agar bir ishning bo‘lishi kechikib ketsa, nimaga oldinroq bo‘lmadi, deb unga shoshilmanglar. Negakim, kishi shoshilganiga qarab, Xudo shoshilmaydi. Xudo bilan aytishgan yengilmay qolmaydi. Xudoni aldayman deganlar o‘zlari aldanadi.
Yana ansor sahobalar haqida yaxshilik qilishni sizlarga buyuraman. Sizlar uchun ular joy tayyorladilar. Kelmasinglardan ilgari iymon keltirib, din qarindoshi bo‘ldilar. Bu to‘g‘rilik o‘z do‘stlariga yuklangan og‘ir vazifalarni ado qildilar. Endi sizlar uchun bularga yaxshilik qilishning vaqti keldi. Yangidan Madinaga kelganinglardan mol-dunyolariga sizlarni sherik qildilar. Bog‘ hosiloti mevalarini bo‘lib berdilar. O‘zlari muhtojlikda tursalar ham, sizlarni ortiq ko‘rdilar. Endi sizlardan bular ustiga kim voliy bo‘lsa, yaxshiliklarining so‘zlarini qabul qilsin, yomonlarning gunohlarini kechirsin, boshqalarni ulardan ortiq ko‘rmasin.

Qayd etilgan


Doniyor  10 Avgust 2006, 08:46:01

Ogoh bo‘linglarkim, men oldinroq borib sizlar uchun joy rostlab tururman. Mening ortimdan ketma-ket sizlar ham yetishib borgaysiz. Hushyor bo‘linglarkim, hammamiz Kavsar hovuzi ustida topishurmiz. Har kim men bilan Kavsar hovuzi ustida ko‘rishmoqni istar ekan, o‘ziga zarur bo‘lmaguncha gapirmasin, qo‘lidan, tilidan hech kimga ozor bermasin.
Ey odamlar! Ne’matning ofati ko‘pdir. Bandaning yozuqlari ko‘paysa, ne’matlardan ajraydi. Odamlar yaxshi bo‘lsalar, podshohlar ham yaxshi bo‘lur, insoflik bo‘lur. Agar odamlar yomonlik yo‘liga kirsalar, rahmsiz, zolim podshohlarga yo‘liqadilar, — dedilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning minbar ustida aytgan va’zlarining eng oxirgisi shul edi. Mundan so‘ngra betobliklari kundan-kunga og‘irlashgani turdi. Shu betob yotganlarida bir kuni Rasululloh qizlari Fotimani oldilariga chaqirib olib, qulog‘iga shivirlab edilar, hazrati Fotima yig‘lay boshladi. Muni ko‘rgach, yaqinroq kel, deb ishora qilib, yana qulog‘iga gapirib edilar, kulimsirab suyungandek bo‘ldi.
Avvalgi yig‘laganida Rasululloh shu betoblikda vafot bo‘lishlarini aytgan edilar. Keyingi gapirganlarida: — «Ko‘p xafa bo‘lma, uzoq o‘tmay hammadan ilgari sen menga erishursan», demish edilar. Muni anglab, suyunganlaridan kulgan edilar. Rasululloh deganlaridek, o‘zlaridan keyin olti oygina umr ko‘rib vafot topdilar.
Rasulullohning betobliklarida Abu Bakr Siddiq imom bo‘lib o‘n yetti vaqt namoz o‘qidilar. Bu zotni imomlikka o‘tkazishlari ersa, o‘zlaridan keyin shu kishining xalifa bo‘lishiga ishorat bo‘ldi. Shuning uchun sahobalar:
— Rasulalloh dinimizga ishonib imom qilgan kishini nechuk biz u dunyoyimiz uchun ishonib xalifa qilmaylik, — dedilar.
Imom Vohidiy Rasulullohning xodimlari Abdulloh ibn Ma’suddan rivoyat qilur:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafotlaridan bir oy burun bizga xabar berdilar. Judolik yaqinlashganda hammamiz hazrati Oisha uylarida Rasulullohning ustlarida yig‘ildik.
Anda Rasululloh:
— Sizlarni Alloh ofatlardan omon saqlasin. Alloh nusrat berib, din dushmanlari ustiga g‘alaba qilsin. Sizlardan Alloh rozi bo‘lib, o‘zining oldidan o‘rin bersin. Endi sizlarga vasiyatim shuldurkim, taqvo yo‘lini tutib, gunoh ishlardan saqlaninglar. Men sizlarga Xudo tomonidan kelgan xabarchi erurman. Yer ustida yurib hech kimga takabburlik, buzuqchilik qilmanglar, bu ishni qiluvchilarni joyi jahannamdur. Munday kishilarga jannat yuzi haromdur, oxirat davlatiga, jannatning nozu ne’matlariga taqvolik kishilar ega bo‘lgaylar. Judolik kunlari yaqinlashdi. Xudo dargohiga borishning vaqti yetdi. O‘z oilalarimizdan kimlar menga yaqinroq bo‘lsalar, meni shular yuvsinlar. o‘z liboslarim yoki misr, Yaman bo‘zlari bilan uch qavat kafan qilsinlar, — dedilar.

Qayd etilgan


Doniyor  10 Avgust 2006, 08:46:19

Sahobalar:
— Yo Rasulalloh, sizga kim janoza o‘qiydi? — deb so‘radilar.
Anda Rasululloh:
— Har qachon meni yuvib kafanga olsalar, shu yotgan saririmga solib qabr ustiga eltib qo‘ysinlar. So‘ngra meni biror soat yolg‘iz qoldirib, boshqalar ustimda turmay chiqib ketsinlar. Eng avval to‘rt farishta — Jabroil, Mikoil, Isrofil, Azroil har qaysilari o‘z to‘plari bilan kelishib janozamni o‘qiydilar. Bulardan keyin sizlar o‘qiysizlar. Shundoqki, to‘p-to‘p bo‘lishib, janozam ustiga kirishsin. Takbir aytib duo qilib, salom berib chiqisha bersin. Bulardan eng avval o‘z xonadonimning er kishilari, so‘ngra xotinlari, so‘ngra boshqalar kirsinlar. Meni ko‘rolmay qolgan sahobalarimga salom aytinglar. Qiyomatgacha menim dinimga kirgan ummatlarimga salom, — dedilar».
Onamiz hazrati Oisha rivoyat qiladilar:
«Bir kuni Rasululloh betobliklaridan bir oz yengillashgandek bo‘ldilar. Shu chog‘da otam Abu Bakr imom bo‘lib peshin namozini o‘qimoqda edi. Hazrati Abbos va hazrati Ali ikkovlarining yelkalariga osilib jamoat namoziga chiqdilar. Rasulullohning chiqqanlarini bilgach, otam Abu Bakr mehrobdan qaytmoqchi bo‘lganlarida «Joyingda tur», deb ishorat qildilar. So‘ngra Rasululloh sollallohu alayhi vasallam chap tomonda o‘ltirib iqtido qildilar. Shu betob kunlari vafot bo‘lgunlaricha hazrati Abu Bakr Siddiqqa iqtido qilib, uch yo‘l namoz o‘qidilar. Eng oxirgi o‘qiganlarida dushanba kuni edi».
Dushanba oqshomi isitmalari to‘xtab, ertalab bir oz yengillik paydo bo‘ldi. Fazl bilan Savbonga suyanib ertalabki jamoat namoziga chiqdilar. Namozda bir rakat o‘qilgan edi. Rasulullohning kelganlarini bilib, hazrat Abu Bakr Siddiq orqaga chekindilar. Anda Abu Bakr Siddiqni Rasululloh mehrobga surib qo‘ydilar. Salomdan so‘ngra qolgan bir rakat namozni o‘qib, masjid ustuniga suyanib o‘ltirdilar. Buni ko‘rib sahobalar salom berishib atroflariga yig‘ilishdi. Bir oz o‘ltirgandan so‘ngra o‘z hujralariga kirdilar. Orqalaridan hazrati Abu Bakr Siddiq:
— Alhamdulilloh, bu kun Rasulullohning chehralari ochiq, dardlari yengillashdi. Bu betoblikdan shifo topgaylar, — deb hammaga tasalli berdi.
O‘zi ersa Sanax degan mahalladagi joyiga ketdi. Bugun yaxshilik, deb Rasululloh o‘zlari ham ruxsat bergan edilar. Onalarimiz ham har qaysilari o‘z uylariga qaytdilar.

Qayd etilgan


Doniyor  10 Avgust 2006, 08:46:28

Rasululloh masjiddan kirgandan keyin bir oz vaqt o‘tiboq hollari o‘zgarib, isitmalari qaytadan kuchaya boshladi. Lekin bu o‘zgarish o‘tgan kunlaridagidan qattiqroq edi. Uylariga qaytishgan onalarimiz xabar topishib qaytadin yig‘ildilar. Hushlari gohi ketib, gohi kelib turar edi.
Qarasalar, jon harakati boshlanib qoldi. Ko‘zlarini osmonga tikkancha qarab turib:
— «Yuqori olamdagi yo‘ldoshlarimga yetkur,» der edilar. Jon achchig‘i qattiqlashganda oldilariga qo‘yilgan kosadagi suvga qo‘llarini solib yuzlarini silab:
— Yo rabbiy, jon achchig‘ini oson qil, o‘lim mashaqqatlariga yordam ber, — der edilar.
Shuning uchunkim, Rasulullohning jon taslim qilishlari bek qattiq bo‘lgan edi. Muning hikmatlari ko‘pdur. Ulardan biri shulki, agar ummatlaridan biror odam jon berishda ko‘p qiynalsa, uni ko‘rgan kishi yomon xayolga ketmasinlar. Chunki bu ish Rasulullohga ham bo‘lmishdur. Agar sakarotning og‘irligi ziyon¬lik bo‘lsa edi, muni Xudo Rasulullohga bermas edi. Shunga o‘xshash uning ziyoni mo‘minlarga yo‘qdur. Balki foydasi ko‘p bo‘lib, kechirilmay qolgan gunohlarga kafforat bo‘lur. Shuning uchun hazrati Oisha onamiz: «Rasulullohning jon berishlaridagi qiyinlikni ko‘rganimdan keyin buni boshqalarda ko‘rsam, yomon ko‘rmaydigan bo‘ldim», dedilar.
Yana munga eng asosiy sabab shulki, olamdagi hayotning asli Rasulullohdurlar. Agar Rasululloh bo‘lmasa erdi, Xudo hech narsani yaratmasdi. Boshqalar ersa ildizdan chiqqan daraxtga o‘xshaydilar. Rasululloh ¬ildizlari olamga tarqalgan ulug‘ daraxtdurlar. Ildizdan o‘sgan mayda daraxtlarni yerdan ajratishdan olamga ildiz otgan, barining asli bo‘lgan ona daraxtni yerdan chiqarish albatta qiyinroqdir. Ikkinchi sabab ersa, Rasulullohning tan tuzilishlari to‘luqlashdirilgan, muborak mijozlari mo’tadil edi. Mundog‘ jasadga kirgan ruhning o‘rnashishi boshqalarga nisbatan albatta kuchlik bo‘ladi. Shunga ko‘ra mundog‘ tandan jon ham kuch bilan chiqariladi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qiynalganlarini ko‘rib hazrati Fotima:
— Voy, otamning qiynalgani, — deb yig‘ladi.
Anda Rasululloh ko‘zlarini ochib:
— Bu kundan keyin otang hech bir qiyinchilikni ko‘rmaydi, — dedilar.

Qayd etilgan