Alixonto'ra Sog'uniy. Tarixi Muhammadiyya  ( 244143 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 46 47 48 49 50 51 52 53 54 55 56 ... 74 B


Doniyor  10 Avgust 2006, 08:50:56

Muni eshitib, sahobalarning achchig‘i chiqib, uni urmoqchi bo‘ldilar. Rasululloh ularni bosib, a’robiyga yana bir qancha narsa qo‘shib berib:
— Endi qanday? — dedilar.
Anda a’robiy:
— Sizga, xonadonlaringizga rahmat aytib, ko‘p tashakkur qilurman, — dedi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu so‘zlardin quvonib:
— Shu so‘zlaringni sahobalarim oldida aytgil. Kechagi aytgan so‘zing xafaligi ular ko‘nglidan ko‘tarilsin, — dedilar.
Ul ham qabul qilib, ertalab Rasululloh oldilariga keldi, hamma sahobalar u yerga yig‘ilgan edilar. Bular oldilarida ham o‘zining rozi bo‘lganini bildirib, tashakkur qildi.
So‘ngra Rasululloh marhamat qildilar:
— Agar bu a’robiy shu noroziligicha ketib, shu ahvol bilan o‘lsa yoki o‘ldirilsa, do‘zaxga ketar edi. Uni ayaganimdan bu ishni qildim.
Shuning uchun Alloh taolo Qur’onda «Vama arsalnaka illa Rahmatallilalamin», ya’ni, «Hammaga rahmat yetkazish uchun seni yubordik», deb Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamni sifatladi.

Qayd etilgan


Doniyor  10 Avgust 2006, 08:51:10

RASULULLOHNING BOLALARI

Payg‘ambarimizdan onamiz Hazrati Hadicha uch o‘g‘il va to‘rt qiz tug‘dilar. Dastlab Makkada eng avval tug‘ilgan o‘g‘illarining oti Qosim edi. Shunga ko‘ra Payg‘ambarimizni arablar Abul Qosim, ya’ni Qosimni otasi deb ham atadilar.
Mundan so‘ngra to‘rt qiz — Zaynab, Ruqayya, Ummu Kulsum, Fotima vahiy kelmasdan ilgari tug‘ilgan edilar. So‘ngra payg‘ambarlik davrida bir o‘g‘il tug‘ilib, oti Abdulloh bo‘ldi. Shu o‘g‘ilni Tayyib Tohir deb ham atar edilar. Biroq, bular Abdulloh emas, balki undan keyin tug‘ilgan egizak o‘g‘illari edi, deganlar ham bordur. Bularning hammalari hijratdan ilgari Makkada tug‘ilgan edilar. Bosh o‘g‘illari Qosim ikki yoshga to‘lmasdan Makkada vafot topdi. So‘ngra Abdulloh ham bir necha oyligidayoq vafot bo‘ldi. Bu bola vafot bo‘lgach, o‘g‘il farzandlari qolmadi. Arablar ersa qizni bola qatorida ko‘rmas edilar. Shuning uchun Quraysh mushriklarining raislaridan Os ibn Voil:
— Muhammadning tuxumi tugadi, dunyodan bolasiz o‘tadi, nasli uzildi, oti o‘chdi, — dedi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ma’yus bo‘lmasin deb Alloh taolo Kavsar surasini tushirib, «Inna shaniaka huval abtar», dedi. Ya’ni: «(Ey Muhammad,) senga ko‘p yaxshiliklar berdik, qiyomatgacha sening oting o‘chmaydi. Seni «abtar» degan kishining o‘zi «abtar»dur. U o‘ldi ersa oti o‘chib, hech kim uni og‘ziga olmaydi. Sening noming minoralar boshida, minbarlar ustida, musulmonlar og‘zida qiyomatgacha aytilib turadi», dedi.
Rasulullohning uchinchi o‘g‘illari Ibrohimdur. Hijratning sakkizinchi yili qurbon oyida tug‘ildi. Yettinchi kuni qo‘chqor so‘yib «aqiyqa» qildilar. Va shu kuni otini qo‘yib, sochini oldirdilar. So‘ngra uning og‘irligicha kumush sadaqa qilishga buyurdilar. Yigirma oylik bo‘lganda Ibrohim ham vafot bo‘lib, Baqe’ go‘ristoniga ko‘mdilar.
Ul kunda Rasululloh:
— Ey Ibrohim, sendan ajrayotganimiz uchun hammamiz qayg‘ulikdurmiz, — deb yig‘ladilar, muborak ko‘zlaridan yosh to‘kildi.
Chaqaloqqa yettinchi kuni qudrati yetar ekan ikki qo‘y, yo‘q esa, bir qo‘y so‘yib aqiyqa o‘tkazish va shu kuni ism qo‘yib, sochini oldirish, og‘irligicha kumush sadaqa qilish ummatlariga sunnat bo‘lib shundan qoldi.

Qayd etilgan


Doniyor  10 Avgust 2006, 08:51:20

Rasulullohning Qosimdan keyin tug‘ilgan qizlari Zaynab edi. Bu qiz voyaga yetganida xolasining o‘g‘li Abul Osga berdilar. Mundan tug‘ilgan ikki bola: bir o‘g‘il va bir qiz bo‘lib, ismlari Ali va Umoma erdi. Abul Osning onasi Hadicha onamizning singillaridur.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Makkani fath qilganlarida nabiralari Alini tuya orqasiga mingashtirib olgan edilar. Umri qisqa ekan, balog‘atga yetar-etmas bu bola ham vafot topmish edi. Qiz nabiralari Umomani ersa Hazrati Fotima vafot topgandan keyin Hazrati Ali nikohlariga oldilar. Chunki, xolasi Hazrati Fotimadan shundog‘ vasiyat bo‘lmish edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘ttiz yoshga kirganlarida Zaynab tug‘ilmish edi, sakkizinchi hijriyda vafot topdi, raziyallohu anho.
Ikkinchi qizlari Ruqayyani Hazrati Usmonga bergan edilar. Hijratning ikkinchi yilida vafot topdi. Rasulullohning asrandi o‘g‘illari Zayd ibn Horisa Badr urushining xabarini suyunchilab shu kuni Madinaga kelmish edi. Qaytganida musibat xabarini yetkazib, Rasulullohga ta’ziyat qildi ersa: «Qizlarning o‘limi sharaflikdur, alhamdulilloh», dedilar. Uchinchi qizlari Ummu Kulsumdur. Uni Ruqayya vafot topgandan keyin Hazrati Usmonga berdilar. Shuning uchun bu kishining laqabi «Zunnurayn» — «Ikki nur egasi»Â¬ bo‘ldi. Hazrati Usmon u bilan olti yil umr o‘tkazdilar, o‘rtalarida bola bo‘lmadi. Hijratning to‘qqizinchi yili vafot bo‘lib, Baqe’ go‘ristoniga qo‘yildi.
Rasululloh aytdilar:
— Usmonni tezroq uylantirib qo‘ying, agar menim uchinchi qizim bo‘lsa, uni ham berar edim.
Rasulullohning to‘rtinchi qizlari Fotimai Zahro edi. Hijratning ikkinchi yili Hazrati Aliga nikoh bo‘ldi. Hazrati Fotima o‘n besh yoshda, hazrati Ali yigirma sakkiz yoshda edilar. Payg‘ambarimizga vahiy kelishdan bir yil ilgari tug‘ilmish edilar. Hijratning o‘n birinchi yili Rasulullohdan olti oy keyin vafot topdi, raziyallohu anho. Yoshi yigirma sakkizda edi.
Hazrati Ali Fotimani so‘rab kelganida:
— Nikoh mahriga nima narsang bor? — deb so‘radilar ersa:
— Urushga kiyadigan yolg‘iz sovutim bordur, — dedi.

Qayd etilgan


Doniyor  10 Avgust 2006, 08:51:29

Hazrati Alining boshqa hech narsasi yo‘q edi. Shuni sotib pulini keltirmoqqa buyurdilar. To‘rt yuz sakson tangaga sotib pulini Rasulullohga keltirdi. To‘y mahriga shu pulni sarf qilib, xurmo, mayiz bilan sahobalarga nikoh to‘yi qilib berdilar. Ichiga xurmo qipig‘i to‘lg‘izilgan bir yostiq, jundan to‘qilgan bir sholcha, qurbonlikdan qolgan bir qo‘chqor terisi, bir dona choyishab, bir dona suv tashiydigan idish, 2 dona ko‘zacha berdilar. Fotimani uzatganda unga qilgan asboblari shular edi. Tushirilgan uylari ichiga qum to‘shab, shuning ustiga qo‘chqor terisini solib yotar edilar. Nikoh o‘qilgandan so‘ngra bir kosa suv keltiringlar, deb buyurdilar. Unga «Bismillah» aytib duo o‘qigandan keyin shu suvdan olib Hazrati Alining yuzlarini, ko‘kraklarini siladilar. Hazrati Fotimaga ham shundoq qilganlaridan so‘ngra:
— Ey bor Xudoyo, bularga va bularning nasllariga barakot bergil, — deb duo qildilar.
Hazrati Fotimadan olti bola tug‘ildi. O‘g‘illari ersa Hasan, Husayn, Muhsin, qizlari Zaynab, Ummu Kulsum, Ruqayya edilar. Muhsin yoshligidayoq vafot topdi. Imom Hasan, imom Husaynlar bo‘lsa, Payg‘ambarimizning duolari shularga yetib, nasllariga Xudo baraka berdi. Ko‘pincha aziz va avliyolar shulardan chiqdilar. Islom tuprog‘ida bu zotlarning qadamlari yetmagan joy yo‘qdur.

Qayd etilgan


Doniyor  10 Avgust 2006, 08:51:44

RASULULLOHNING AMAKI VA AMMALARI

Rasulullohning o‘n ikki amaki va olti ammalari bor edi. Bulardan Abu Tolib, Zubayr, Abdul Ka’ba bu uchovlari Payg‘ambarimizning otalari Abdulloh bilan tug‘ishgan bo‘lib, boshqalari o‘gay edilar. Bulardan ikki kishi — Hamza bilan Abbos iymonga musharraf bo‘ldilar. Amir Hamza Quraysh ichida, balki butun arablar ichida nomi chiqqan atoqli bahodirlardan edi. Shuning uchun Rasulloh unga «Asadulloh», ya’ni Allohning arsloni, deb laqab qo‘ydilar. Bu kishi Islomda o‘ttiz to‘qqizinchi, Hazrati Umar bilan musulmonlarning soni qirqqa to‘lib, bu ikkovlarining himmati bilan Islom dini yuzaga keldi. Bo‘lmasa, bundan ilgari din ishlari yashirin edi. Hazrati Hamza Rasulullohdan uch-to‘rt oylik katta bo‘lib, bir siynani emishgan emakdoshlari edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hijrat qilib Makkadan Madinaga kelgandan so‘ngra Hazrati Hamza ham Xudo yo‘lida hijrat qilib, oilasini Makkada qoldirib, o‘zlari Madinaga keldi. Islom dinining birinchi g‘alaba qozonishi bo‘lgan Badr urushida bek bahodirlik ko‘rsatgan edi. Undan keyin bo‘lgan Uhud urushida Vahshiyning to‘satdan otgan nayzasi bilan shahid bo‘lmish edi. Kofirlar tomonidan jasadlari parchalanib, ko‘zlari o‘yilib, quloq-burunlari kesilmish edi. Shuning uchun Rasululloh bu zotni shahidlar a’losi, shahidlar sayi¬di deb, yetmish takbir aytib janozasini o‘tadilar.
Hazrati Abbos qolgan amakilarining eng kichkinasi edilar. Badr urushida Makka mushriklari zo‘rlab askarlikka olgan edilar. Shu urushda boshqalar qatori asir bo‘lib qo‘lga tushdilar. Kofirlar asirlardan fidya puli olib bo‘shatganlarida amakilari Abbosga ham to‘rt ming tanga fidya to‘lashga buyurdilar.
Anda ul kishi:
— Men majburlik bilan kelganman, — deb qutilish uchun dalil ko‘rsatsalar ham sahobalar:
— Shariat zohiriga qaraydi, ko‘rinishda shularga qo‘shilib kelding, to‘laysan, — deb qo‘ymasdan to‘rt ming tangasini oldilar.
Anda Abbos:
— Men Qurayshning oliylaridan edim. Endi eng kambag‘allaridan bo‘lib qoldim, — dedi.
Rasululloh:
— Hoy amaki, xotining Ummu Fazlga ko‘rsatgan dunyoni ko‘mgan joyingdan olsak, yana boyliging ketmaydi, — degan edilar, amakilari Abbos hayron qolib:
— Endi aniq bildim, sen Xudoning payg‘ambari ekansan, yo‘q ersa, men bu ishni xotinimdan boshqa hech kimga aytmagan edim. Senga buni Xudo bildirdi, bo‘lmasa qaydan bilar eding? Endi musulmonligimni bildirib seni oldingda qolay desam, Makka xalqiga bergan omonat mollarim kuyib ketarmikan deb qo‘rqaman, — dedi.

Qayd etilgan


Doniyor  10 Avgust 2006, 08:51:54

Makka fath bo‘lguncha dinini yashirincha tutib, u joyda turishga Rasululloh ruxsat qildilar. Hazrati Abbos sakson sakkiz yoshga kirib, Madinada vafot topdilar, raziyallohu anhu.
Muoviyadan boshlanib davlat sakson necha yil davom etgan Umaviya davlati eng oxiri Marvon Xarga kelganda Abu Muslim Xurosoniy inqilobi orqalik yiqilib tugadi. So‘ngra Payg‘ambarimizning amakilari Hazrati Abbos nabiralaridan Abdulloh Saffoh degan kishi saltanat taxtiga o‘ltirib, Abbosiya davlati shundan boshlandi.
Rasulullohning amakilari ichida ochiqdan-ochiq qarshilik ko‘rsatib, dushmanlik qilgan kishi Abu Lahab edi.
Ammo Hazrati Alining otasi Abu Tolibning Rasulullohga qilgan fidokorliklariga qaralsa, Raxmatal- lilolaminning shafoatidan bu kishi ham quruq qolmasa kerak. Buning haqida iymonga kirdi-kirmadi deb tekshirib o‘ltirish bizning ishimiz emasdur. Yaxshisi shulki, ul zotga Rasululloh uchun hurmat va muhabbatimizni bildirib, boshqa tomoniga o‘tmay sukut qilishdur.
Rasulullohning oltita ammalari ichida Zubayr ibn Avvomning onalari Safiya binti Abdumuttalib Islomga musharraf bo‘ldi. Otika, Arvo ikkovlarining dinga kirganlari gumonlikdur. Qolganlari ersa vahiydan ilgari o‘lgandirlar.
Payg‘ambarlarning da’vatlari yetmagan kishilar kofir yo musulmon bo‘lmaydi. Ikki payg‘ambar orasida o‘tgan din da’vati ularga yetmagan odamlarning ham hukmlari shudir. Qiyomatda bularning joylari jannat bilan do‘zax o‘rtasidagi «A’rof» degan o‘rinda bo‘lishi Qur’oni karimda aytilmishdur.

Qayd etilgan


Doniyor  10 Avgust 2006, 08:52:10

ONALARIMIZ—RASULULLOHNING XOTINLARI

Shuni albatta bilmak kerakkim, bir ishni tanqid qilgan kishi ul ishning qaysi zamonda bo‘lganligini bilib, o‘shal davr ahllarining rasm-odatlaricha tushunish lozimdur. Agar shu narsalarga yaxshi tushunmas ersa, bu haqda aytgan tanqidiy so‘zlarining xato bo‘lishi shubhasizdur. Ovrupa yozuvchilarining o‘ktachilari (tanqidchilari) Rasulullohni ko‘p xotin olgan, xotinparast kishi edi, deb kamsitmoqchi bo‘ladilar.
Holbuki, Rasulullohning bu ishlari ersa shariatdan yoki o‘shal zamon rasm-odatlaridan tashqari emas edi. Balki bunda aqlga to‘g‘ri ko‘p hikmatlik ishlar bor edi. Rasulullohning Hazrati Oishadan boshqa qiz xotin olmaganlari hammaga ma’lumdir. Bular ichida to‘rt-besh bolalik Ummu Salama kabi tul xotinni ham oldilar. Qirq yoshlik Hadichani olganlarida Rasululloh yigirma besh yoshda edilar. Payg‘ambarlik davridan o‘n yil o‘tib, ellik yoshga to‘lganlarida Hadicha onamiz dunyodan o‘tdilar. Demak, 25 yil butun yigitlik davrida shu ulug‘ yoshlik xotin bilan umr o‘tkazdilar. Amakilari Abu Tolib ham shu yilda vafot topmish edi. Shunday ikki jonfido yordamchilaridan bir yilda ajraganlari Rasulullohga juda qattiq ta’sir qilgan edi.
Bu ikkovlarining vafotlaridan so‘ngra kuchli himoya¬chilari qolmaganlikdan dushmanlari ham qattiq hujumga kirishgan edilar. Shuning uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu yilni «g‘am-qayg‘u yili» deb atagan edi. Onamiz Hadichaga ajal kelgan chog‘da Rasululloh unga atalgan jannatdagi joyni ko‘rib o‘ziga bashorat berdilar. U ersa bir dona gavhardan yasalmish ulug‘ qasr edi.
Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam onamiz Oishaning oldida Hazrati Hadichaning so‘zini qilib, uni maqtadilar ersa, Oishaning rashki qo‘zg‘alib:
— Xudo sizga undan yaxshiroq xotinlarni bergan bo‘lsa ham, yana shu kampirni gapirasiz, — dedilar.
Anda Rasulullohning g‘azablari kelib:
— Alloh menga undan yaxshi juft bergani yo‘q. Hamma kishilar meni yolg‘onchi deganida, u menga ishondi. Menim roziligim uchun mol-dunyosini sarf qildi, boshqalar dunyosini mendan ayadilar. Undan topgan bir necha bolalarim bordur. Sizlardin farzand ko‘rmadim. Xudo uni rahmat qilsin, — dedilar.
Ikkinchi juftlari onamiz Savda binti Zam’adur. Eri o‘lib, tul o‘ltirganida Rasululloh uni nikohlariga oldilar. Yoshi ulg‘ayib kampir bo‘lib qolganlikdan, yotish navbatini Oishaga berib, o‘zi ersa Rasululloh nikohlarida dunyodan o‘tishga rozi bo‘ldi. Rasululloh ham qabul qildilar. Hazrati Umar xalifalik davrida olamdan o‘tdilar, raziyallohu anho.

Qayd etilgan


Doniyor  10 Avgust 2006, 08:52:23

Uchinchi jufti poklari Abu Bakr Siddiq qizlari onamiz hazrati Oishadurlar. Bu zotning sifatlari hadis kitoblarida ko‘p yozilmushdur. Bu onamizning qanday ulug‘ fazl-kamolga ega ekanligiga shu yetarlikdurkim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam eng oxirgi nafaslarida shu onamiz quchog‘ida turib dunyodan o‘tdilar. Xotinlarga zarur bo‘lgan diniy masalalar haqida kelgan hadislarni ko‘proq shu onamiz Payg‘ambarimizdan rivoyat qildilar. Husn-jamolga, aqlu kamolga yetganlikdan Rasulullohning iltifotiga ega bo‘lmish edilar. Hijratning 56-yilida Madinada vafot bo‘lib, Baqe’ go‘ristoniga dafn qilindilar. Janozalarini Abu Hurayra o‘qidi. YOshlari oltmish yettida edi, raziyallohu anho.
To‘rtinchilari Hazrati Umarning qizi Hafsa erur. Vahiydan besh yil burun tug‘ilmish edi. Rasululloh amrlariga qarshilik qilib qo‘yganligi uchun Payg‘ambarimiz uni taloq qildilar. Otasi Hazrati Umar buni anglab:
— Bu kundan boshlab Xudo va payg‘ambar oldida menim qadrim yo‘qoldi, — deb boshiga tuproq sochib yig‘ladi.
Shu holda ekan Jabroil alayhissalom kelib Rasulullohni bundan qaytarib:
— Bu ersa kunduzi ro‘za tutar, kechasi sahar namozini o‘qir, u sening jannat juftlaringdan bo‘lur, — dedilar.
So‘ngra Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uning gunohini afv qilib, yana nikohlariga oldilar. Oltmish uch yoshda vafot qildilar, raziyallohu anho.
Oltinchi onamiz Xuzayma qizi Zaynabdur. Xayr-saxovatda nomi chiqqan xotinlardan edi. Shu uchun arablar uni johiliyat zamonida ham «Ummu Masokin», ya’ni, «Miskinlar onasi» deb atamish edilar. Ikki-uch oygina Rasululloh xizmatlarida turgandan keyin vafot topmish edi. Uning janozasini Rasululloh o‘zlari o‘qib, Baqe’ go‘ristoniga dafn qildilar. Yoshlari o‘ttizdan o‘tmagan edi. Rasulullohning tirikliklarida vafot topgan xotinlari Hazrati Hadicha bilan Zaynab ikkovlaridurlar, raziyallohu anhumo.
Sakkizinchi onamiz Abu Umayya qizi Ummu Salama. Dastlabki iymon keltirgan musulmonlardan bo‘lib, eri Abu Salama bilan birgalikda Habashistonga hijrat qilmish edilar. Ummu Salama Qurayshning nasablik xotinlaridan bo‘lib, o‘z qavmi ichida hurmat va obro‘ga ega edi. Habashistondan qaytib Madinaga kelganlarida ersa eri o‘lib, besh-olti bolalari bilan tul qolmish edi. Idda muddati o‘tgach, Rasululloh sovchi yuboribdilar.

Qayd etilgan


Doniyor  10 Avgust 2006, 08:52:34

Anda Ummu Salama:
— Rasulullohga jonim fido, lekin menda uch kamchilik bor: birinchisi, yetim bolalarim bor; ikkinchisi, menim kundoshligim qattiqdur; uchinchisi, menga ega bo‘lgudek bu yerda o‘z qavmu qarindoshlarimdan hech kishi yo‘qdur, — dedilar.
Anda Rasululloh:
— Bolalaring rizqini Alloh yetkazur, boshqa ishlaringni ham o‘zi o‘nglar. Meni yoqtirmagan qarindoshlaring yo‘qdur, — deganlarida, ul muhtarama nikohlariga rizolik ko‘rsatdi.
Rasulullohdan keyin uzun umr yashab, 60-hijratda vafot topdi. YOshi sakson to‘rtda edi. Hazrati Abu Hurayra janozasini o‘tab, Baqe’ qabristoniga dafn qilindilar, raziyallohu anho.
Onamiz Zaynab binti Jahsh. Ilgarigi eri Rasulullohning xodimlari Zayd ibn Horisa edi. Bu xotin Quraysh qabilasidan bo‘lib, nasablik, husn-jamollik bo‘lganidan uni o‘ziga teng ko‘rmay, oralari buzilmish edi. Oxiri ikkovi kelisholmasdan ajrashdilar. Rasulullohning ko‘ngillari unga moyil bo‘lgach, Jabroil alayhissalom bu haqda vahiy keltirib, ilohiy nikoh bilan Rasululloh uni xotinlikka oldilar. Shuning uchun Rasulullohning nikohlariga kirgach, kundoshlariga:
— Sizlarni otanglar nikoh qilgan bo‘lsa, mening nikohim Arsh ustida bo‘lgan, — deb faxrlanar edi.
Bir kuni onalarimiz:
— Yo Rasulalloh, siz vafot bo‘lsangiz, sizga qaysi birimiz ilgari erishamiz? — deb so‘radilar.
— Kimning qo‘li uzun bo‘lsa shu ilgariroq erishadi, — dedilar.
Bu so‘zning zohiriga qarashib, qayish olib hammalari qo‘llarini o‘lchashib ko‘rdilar. Hammalaridan onamiz Savdaning qo‘li uzun chiqdi. Keyin ko‘rdilarkim, barchalaridan ilgari Zaynab onamiz vafot topdilar. Arablar qo‘li ochiq, saxovatli kishini ham qo‘li uzun der edilar. Bu onamiz ersa ko‘p saxovatlik, xayr-ehsonlik edilar. Bular o‘lgandan so‘ngra ma’lum bo‘ldiki, Rasulullohning qo‘li uzun deganlari saxovatlik deganlari ekan.
Zaynab binti Jahsh 21-hijriyda ellik uch yoshga yetganda vafot topib, Baqe’ go‘ristonina qo‘yildi, raziyallohu anho.

Qayd etilgan


Doniyor  10 Avgust 2006, 08:52:43

O‘ninchi onamiz Juvayriya binti Horis. Madina atrofidagi Bani Mustaliq degan qabila raisining qizi bo‘lib, urushda asir olinmish edi. Mundan boshqa shu qabiladan ikki yuz oila asir olinib, askarga taqsim qilinmish edilar. Bu qabila ersa arablar oldida obro‘ va hurmatga ega bo‘lganlikdan bu ish ularga qattiq ta’sir qildi. Rasululloh bularning oilalarini ozod qilishni istasalar ham, lekin bu to‘g‘rida hukm chiqarmish Qur’on qonuniga to‘g‘ri kelmas edi. Shuning uchun Juvayriyani nikohlariga oldilar. Buni ko‘rgan sahobalar:
— Endi Rasululloh bu qabilaga kuyov bo‘lib qoldilar. Rasulullohning qaynota va qaynog‘alarining qiz-xotinlarini asir olib o‘ltirishimiz bizga yarashmaydi, — deyishdi va bu qabiladan olingan butun asirlarini Payg‘ambarimiz hurmatlari uchun ozod qildilar. Bu esa shu qabilaning iymon keltirishlariga sabab bo‘ldi. Shuning uchun onamiz Oisha: «Juvayriya qanday baxtli xotin. Rasulullohning nikohiga kirdi va butun qavmini qullikdan qutqardi» dedilar.
Juvayriya binti Horis 56-hijriyda yetmish yoshda Madinada vafot qildi, raziyallohu anho.
O‘n birinchi onamiz Rayhonadur. Bu onamiz Bani Nazir yahudlarining raisi Yazidning qizi bo‘lib, Bani Qurayza asirlari bilan birga tushgan edi. O‘lja asirlari askar o‘rtasida taqsim topganda, uni o‘zlari uchun olib qoldilar. O‘zi suygan dinda turishga ixtiyor bergan bo‘lsalar ham Islom dinini xohlagach, ozod qilib nikohlariga oldilar. Nikoh to‘yi berib, mahr bog‘ladilar. Ammo bu xotin kundoshlariga ko‘p rashkli bo‘lgani uchun taloq qildilar. So‘ngra bu xotin Rasululloh suhbatlaridan mahrum qoldim, deb ko‘p yig‘lab edi, rahmlari kelib yana nikohlariga oldilar. Rasululloh vafot bo‘lishlarining oldi yoki ortidan bu onamiz ham vafot bo‘lib, Baqe’ go‘ristoniga qo‘yildi, raziyallohu anho.
O‘n ikkinchi onamiz Ummu Habiba Abu Sufyon qizi, Muoviyaning opasi edi. Burungi eri Ubaydulloh bilan ikkinchi hijratda Habashistonga ketgan edi. Eri murtad bo‘lib, u joyda nasoro diniga kirdi. Rasululloh sollalohu alayhi vasallam muni anglab Umar ibn Umayyani Najoshiyga yuborib:
— Agar Ummu Habiba ixtiyor qilar ekan, Najoshiyni vakil qildim, menga uni nikoh qiladi, — dedilar.
U chog‘da Najoshiy g‘oyibona Hazrati Ja’far qo‘lida iymon keltirgan edi.
Najoshiy bu so‘zni anglagach, vakillik bilan Rasulullohga uni nikoh qildi va yuz tillo mahr bog‘lamish edi. So‘ngra hijratning 7-yili xizmatga qul-cho‘rilar qo‘shib Madinaga yo‘lladi. Hijratning 44-yili Madinada vafot topdi, raziyallohu anho.

Qayd etilgan