Onamiz Oisha aytadi:
— Biror oylab uyimizda o‘t yoqib, qozon qaynamagan kunlarimiz ko‘p bo‘lur edi. U vaqtda non ham yo‘q, quruq xurmo bo‘lib, undan yeb ustidan suv ichar edik. Rasulullohning to‘shak yostiqlari ersa mesh teridan yasalib, ichiga xurmo qipig‘i to‘ldirilmish edi. Elangan oq bug‘doy nonni, o‘tlagan semiz qo‘y etini umr ichida ko‘rmadilar. Qorin to‘ydirib taom yemadilar, kechasi och yotib, yana kunduzi ro‘za tutar edilar. Qaysi bir kunlari Rasulullohga rahmim kelib yig‘lar edim. Orqalariga yopishgan qorinlarini silab:
— Ota-onam sizga fido, yo Rasulalloh, dunyo noz-ne’matlaridan biroz foydalansangiz nima bo‘lur? — dedim.
Anda ul zot:
— Ey Oisha, o‘tgan payg‘ambar birodarlarim mundan ham qattiqchiliklarga chidab yurib, Parvardigor oldiga bordilar. Ularga Alloh ko‘p hurmatlar ko‘rsatib, ulug‘ ne’matlar ato qildi. Endi men shularning ahvolini bilaturib dunyodan lazzatlanishga hayo qilurman, — dedilar.
Bir kuni Hazrati Ali karamallohu vajha:
— Yo Rasulalloh, sizning sunnatingiz qaysidur?— deb so‘radilar.
Anda Rasululloh:
— Ma’rifat menim sarmoyamdur, dinimning asli aqldur. Ishimning asosi muhabbatdur. Muhabbatsiz hech ish vujudga kelmas. Qurolim ilmdur, ilmsiz amalni Xudo qabul qilmas. Sabr menim libosimdur. Sabr¬siz iymon kamolga yetmas. Kasbim jihoddur, mundan qochganlar xorlikka qolgaylar. Hamrohim Xudo yodidur. Hunarim dunyoni tark qilishdur. Boyligim Xudo xazinasiga ishonishdur. Ko‘zim nuri, ko‘nglim chirog‘i namozdur. Ko‘nglim mevasi Xudo zikridur. Faqirligimga faxrim bordur. G‘amim ummatim uchundir. Shavqim Xudo diydorini ko‘rishdur, — dedilar.
Alloh taolo Qur’oni karimda marhamat qiladi:
— Ey mo‘minlar! Xabibim Muhammadni sizlarga payg‘ambar qilib yubordim. Uning aytgan so‘zlarini, qilgan ishlarini yaxshilik o‘lchovi qildim. Har nimani qilmoqchi bo‘lsanglar, shunga qarab, shundan ibrat olib qilinglar.
Demak, Rasulullohning aytgan so‘zlari, qilgan ishlari ummatlari uchun saodat o‘lchovi ekandur. Agar ummatlari shunga qarab ish olib borsalar, haq yo‘ldan hech adashmaydilar. Shuning uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
— Xudo tarafidan bir yo‘l keltirdim. U ersa Islom dinidur. Insonlar uchun moslashgan bir ilohiy qonundir. To‘g‘ri, keng, yumshoq va yorug‘ yo‘ldur. Bu yo‘lning boshi — shu dunyoda, oyog‘i u dunyoda — jannatdadur. Bundan tashqari chiqqanlar oxiratda abadiy azobga qolgaylar, bu dunyoda ersa, qo‘llari ishdan bo‘shamagay. Ko‘ngillari g‘am-qayg‘udan chiqmagay. Agar ummatlarim shu yo‘ldan chetga chiqmay to‘g‘ri tursalar, qaysi yoqqa qo‘l uzatsalar, rizqini olib yeydi, — dedilar.
Rasulullohning bu so‘zlari haqdur, chunki shunga o‘xshash so‘zlarni Alloh amri bilan ayturlar.