Alixonto'ra Sog'uniy. Tarixi Muhammadiyya  ( 379039 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 48 49 50 51 52 53 54 55 56 57 58 ... 74 B


Doniyor  10 Avgust 2006, 08:55:34

TUGANCHI
(xotima)


Endi Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ummatlari uchun shuncha qilg‘on og‘ir xizmatlari, islom dini yo‘lida tortgan cheksiz azoblari, mashaqqatlarining ajr-savoblarini u zotga Alloh taolo O‘zi ato qilsin.
Bu kitobda yozilgan Rasulullohning sifatlarini o‘qiganlar, har bir o‘rinda aytgan so‘zlarini anglab, qilg‘on ishlaridan musulmonlar ulgu olib, amal qilsalar, Allohning ulug‘ rahmatiga loyiq bo‘lib, uning diydoriga musharraf bo‘lg‘aylar, inshaalloh. Ushbu so‘zlarini to‘plab, kitob yozguvchi bu gunohkor bandani ham eskarib duoda yod qilguvchilar bo‘lsa, ularni ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qiyomat kuni shafoat vaqtida yod qilg‘aylar.
Ey Rabbim, mundoq ulug‘ ne’matni — habibing Rasululloh Hazrati Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamning tarix va tavsiflarini yozishni mendek g‘arib qulingga nasib qilding. Men endi bu ulug‘ davlat shukrini qandoq ado qila olgayman? Uning dargohida shu tilim birla nima deb shukr aytishimni bila olmayman.
Bayt:

Bu ulug‘ ne’matni shukrin men kabi ojiz quli,
Qancha aytsa bo‘ldirolmasdur aning mingdin biri.


Imom Buxoriy rivoyat qilur, «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ayturlar: «Ilon odamni ko‘rganida o‘z iniga qarab qochganidek, iymon ham Madinaga qochadi». Rasululloh oxirzamon alomatlari bayonida bu so‘zni demishlardur. Alarning aytganlari shu kunlarda boshimizga kelib, ko‘zimiz bilan uni ko‘rib turibmiz.
Ulug‘ avliyolardan imom Sha’roniy aytadur: «Tarix hijrat bir mingdan o‘tdi ersa, ajoyib zamonlar bo‘lg‘ay. Ko‘z ko‘rmagan, quloq eshitmagan, ko‘ngilga kelmagan ishlarni ko‘rgaylar. Ilm oshib, hunar ko‘pa¬yib, tabiat sirlari yuzaga chiqqay. Lekin din tashlanganlikdan iymon, insof, adolat yer ustidan ko‘tarilgay.

Qayd etilgan


Doniyor  10 Avgust 2006, 08:55:46

Rasululloh aytganlaridek, shu kunlarda butun Yer usti kofirlarga to‘ldi. Yarim milliarddan ko‘p musulmon atalgan kishilar ichida Islom homiyi bo‘lg‘udek biror podsho yoki biror hukumat hech yerda yo‘qdur. Dinsizlik ofati butun olamni qoplamishdur. Din ilmi xalq ko‘nglidan burundanoq ko‘tarilmish edi. Yaqin ming uch yuz yil islomiyatda o‘tgan Buxoro, Samarqand, Farg‘ona, butkul Turkiston bolalari shu kunlarda musulmonchilikdan «Bismillah»ni ham bilmay qoldilar. Og‘izda bo‘lsa ham iymon kalimasini o‘qishdan ajradilar. Yer ustiga tarqalmoqda bo‘lgan dinsiz kommunistik hokimiyatiga birinchi qadamdayoq vatanlari, dinlari, o‘zlari qurbon bo‘ldi. Sharqiy Turkistonni Xitoy bosqinchilari bosib olib, yerlik musulmonlarni insonlik huquqlaridan butunlay ajratdilar. Shu kunlarda esa shu yalmog‘izlarga bosqin bo‘lib, alarni yeb-yutib, singdirish darajasiga olib kelib qo‘ydilar. Qur’onning xati, Islomning nomigina qoladi, degan Rasulullohning so‘zlaricha shu kungacha uzilmay kelayot¬gan Islomning quruq nomi ham endi unutilishga yaqinlashdi. Mana shunday og‘ir bir davrda men bu qutlug‘ kitobni yozishga kirishdim.
Tarix hijratning 1380 yili 26 ramazon oyida «Kohota» mahallasida bu kitobni oqqa ko‘chirdim. Muning ustida jon hovuchlab yurib, qo‘rqinchlik bilan ko‘p yillar o‘tkazdim. Allohning yordami, Rasulullohning sharofatlari bo‘lib, oxiri shu tilagimga yetdim.
Kishilar:
— Endi zamona ishlari shunday bo‘lsa, sening bu kitobingni kimlar o‘qib, kim bunga qiziqadi? Buning bozori qachonlardan beri kasod bo‘lib, do‘konlari buzilmish edi. Bu so‘z gavhariga endi kim haridorchilik qiladi? — desalar, alarga javob ushbu hadisi sharifdur:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
— Islom dini dastlabda g‘ariblik bilan boshlandi, eng keyin yana g‘ariblikka qaytadi. Shu g‘ariblikka tushgan dinlarini tashlamay kutgan o‘sha zamondagi g‘arib mo‘minlar menim qanday yaxshi ummatlarimdur! Din g‘arib bo‘lib, shariati tashlangan kunlarda kim mening sunnatimga qattiq yopishib, olov changallagandek qiynalsa ham undan ajramay dunyodan o‘tsa, Alloh taolo unday mo‘minga yuz shahidning savobini ato qiladir, — deb marhamat qildilar».
Yana Rasululloh aytdilar:
— Menim bir toifa ummatim bordurkim, qiyomat bo‘lguncha ham haq yo‘ldan adashmaydilar.

Qayd etilgan


Doniyor  10 Avgust 2006, 08:55:57

Mana bu hadislar «Sahih Buxoriy»da va boshqa hadis kitoblarida ham bordur. Shu mazmunda kelgan yana boshqa hadislar ham ko‘pdur. Hadislarning mazmunlaricha, Hazrati Iso alayhissalom osmondan tushib, Dajjolni o‘ldirganlaridan so‘ngra yana qirq yil umr ko‘rgaylar. O‘sha zamonda butun dunyo xalqi Islom diniga kirgay. Iso alayhissalom Qur’on hukmini butun Yer yuziga yurgizgaylar. Bu zot vafot topgandan so‘ngra yana olamni kufr qorong‘ilig‘i bosgay. Ana shu chog‘da ham Baytullohni musulmonlar tavof qilishar ekan.
Hadislardan ma’lum bo‘lurkim, din har qancha zaiflashib yer ustida Islom hukumati qolmasa ham, lekin haqiqatdan adashmaydirgan bir toifa ummatlari qiyomatgacha Yer ustidan uzilmas ekanlar. Endi men ham o‘zimni haq yo‘ldan adashmaydigan shu mo‘minlar qatoriga qo‘shdim. Shuning uchun men bu kitobimni Rasulullohning shu toifa ummatlariga atab yozdim. Mening bu kitobimni, inshaalloh, shular o‘qib, foydalanib, bahra oladilar, deb Allohdan umid qildim.
Ey mehribon Rabbim! Sen rozi bo‘lg‘udek, Payg‘ambaring yaxshi ko‘rgudek haq yo‘lda jonbozlik qilmoqchi edim. Taqdirga to‘g‘ri kelmagach, u tilagim qo‘lga kelmadi. Bu haqda qilgan bandachilik gunohlarim uchun o‘zingdan afv o‘tinadurman.
Ey ulug‘ tangrim! Endi ersa yoshim yetmish uchdan o‘tdi, yoshligim g‘aflat bila qo‘ldan ketdi, sening dargohingga borar chog‘im yaqinlashdi. Habibing Muhammadning shafoatidan, O‘zingning cheksiz rahmatingdan boshqa mening panohim yo‘qdur.
Ey Rabbim, mening farzandlarimni va mendan tar¬qalgan nasllarimni haq yo‘ldan adashtirmagil. Bu kitobni o‘qib, bunga amal qilgan mo‘minlarni Havzi Kavsar suvidan qondirib, Rasululloh shafoatlarini alarga nasib qilgil. Ma’lumdurkim, shu kungi davrda dinsizlik ofati butun dunyoga tarqaldi. Muning eng qattiq zarbasi biz yerlik xalq — O‘zbekiston va Shar¬qiy Turkiston musulmonlari ustlariga tushdi. Baxti qochgan bechora xalqimiz haqiqiy islomiyatdan ko‘p yil ilgariyoq ajragan edilar. Shuning natijasidurki, oxiri vatanlaridan, dinlaridan, butun insoniy huquqlaridan ham ajradilar. Lekin yuzaki islomiyat O‘zbekis¬ton va Sharqiy Turkiston musulmonlari ichida shu kunlargacha ham ko‘rilmoqda edi. Endi bundan ham ajralish navbati yetib keldi. Dunyo bo‘yicha turklik beshigi hisoblangan ikki Turkiston vatanimizni yutib, singdirish uchun kommunistik hokimiyati ostida Sharq¬dan qora yalmog‘izlar, G‘arbdan sariq yalmog‘izlar o‘z erklaricha yeyishga kirishdilar. Milliy, diniy rasm-odatlarimizni, ayniqsa, diniy ishlarimizni tub ildizidan quritdilar. Vatanim meni haydasa ham, o‘zimga suyuklikdur. Millatim meni xo‘rlasa ham o‘zimga qadr¬likdur. Bular uchun har yaxshilikni qilmoqchi edim, qilolmadim. Oz bo‘lsayam qilmay qarab turolmadim va kelajakdagi qahramon millat bolalariga, balki butun Turkiston musulmonlariga o‘zimdan yodgorlik qoldirmoqchi bo‘lib ona tilda Chig‘atoy turkiysi bilan bu kitobni yozdim. Savodlik, savodsiz, turk tillik har qanday kishilarga ham tushunarlik bo‘lsun deb arabiy, forsiy so‘zlarni ko‘p aralashtirmadim. Bundin maqsad Islom dinini xalqqa tushuntirish, Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomni ummatlariga tanutish edi.

Qayd etilgan


Doniyor  10 Avgust 2006, 08:56:05

Shuning uchun ham Alloh taolo har elning o‘zidan payg‘ambar chiqarib o‘z tili bilan kitob tushirgan edi.
Alloh taolo Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomni butun dunyo xalqi, insu jinga payg‘ambar qilib yubordi. Aning dinini dunyo xalqiga tarqatish xizmatini har el, har yerning o‘zidan chiqqan ulamolarig‘a topshirdi.
Shunday bo‘lgach, har millatning o‘zidan yetishgan olimlari Alloh amrini, Qur’on hukmini shularning o‘z tillarida ochiq-oydin qilib aytib turishlari, albatta, lozimdur. O‘qiganda yoki o‘qitib eshitganda kishilar tushungudek qilib o‘z tillarida kitoblar yozib qoldirishlari zarurdir. Shu sababdan men bu kitobni boshqa til qo‘shmay so‘zlarini soddalashtirib yozdim. O‘qigan va eshitganlar yaxshi tushunib tursalar, maqsadimiz shuldur.
Bu kitobni yozganimda ushbu asarlardan foydalandim: «Zodu ma’od», «Siyratul Halabiyya», «Siyratun nabiy», «Shifoi Sharif», «Nurul yaqin». Shularni ko‘z oldimda tutdim, ayniqsa, «Siyratul Halabiyya»ning ma’lumoti kengroq bo‘lgach, unga ko‘proq qaradim. Me’roj voqeasini «Sahih Buxoriy»dan ko‘tardim.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning tarixlari, yozilmish kitoblarning mo’tabarlari shulardur. Ushbu asarlarning mualliflarini Alloh rahmat qilsin. Rasulullohning sifatlari, tarjimai hollari, balki kundalik qilgan ishlarini bizlarga yetkazgan zotlar sahobalardur. Alloh ulardan rozi bo‘lsin, ulug‘ ajrlar ato qilsin.
Menim yana vasiyatim shuldurkim, o‘z avlod-nasllarimdan har bir oilada bu kitobdan bir nusxa saqlanishi, albatta, zarurdir. Agar kelgusi zamonlarda imkoniyat topilar ekan, besh-o‘n minglab bostirib, har ikki Turkiston xalqiga, asli vatan egalariga tarqatishni ularga topshirdim. Menim bu topshirig‘imni vaqti kelganda bajarish o‘z avlodim ustiga yuklangan muqaddas bir ulug‘ vazifadur.
Agar musulmonlar shu kitobda yozilmish so‘zlarni amalga oshirsalar, Rasululloh so‘zlaricha, dunyo xorligidan, oxirat azobidan qutulishlari shubhasizdur. Hech bo‘lmaganda Payg‘ambarimiz aytgan qiyomatgacha haq yo‘ldan adashmaydigan, najot topgan bir toifa ummatlaridan bo‘ladilar va ham islom dinining asosiga tushunib, dinsizlik balosidan o‘zlarini, avlod-nasllarini qutqara oladilar. Chunki, bu balodan qutulish uchun din tarixini bilishdan o‘zga chora yo‘qdur. Din tarixini bilishga, Rasulullohning tarjimai hollaridan xabardor bo‘lishga bizning kitobimiz kafildur.
Xohi avlodlarim, xohi boshqa vatandosh din qarindoshlarimiz bo‘larlar, ibrat ko‘zini ochib, aql ko‘zgusini qo‘liga olib, har yili bu kitobni bir yo‘l boshdan-oyoq o‘qib tushirishni o‘zlariga vazifa qilsinlar. Inshaalloh, kitob xatm bo‘lgan chog‘da qilgan duolari Xudo dargohida maqbuldur. Aning uchunkim, 360 jangchi — Badr g‘oziylarining muborak ism-shariflari bu kitobda yozilmishdur. Shuning uchun o‘qiguvchilarning duolari ijobat bo‘lib, ofat va balolardan omonda bo‘lg‘aylar. Shu haqda aytilmish alarning xosiyatlari mo’tabar, ulug‘ hadis kitoblarda yozilmish, va’dalari tajriba qilinmishdur.

Qayd etilgan


Doniyor  10 Avgust 2006, 08:56:19

Ey fazli karamlik, rahmon, rahim sifatlik, mehribon Rabbim! Bu kitobda nomlari yozilgan yaxshi bandalarning haqqi-hurmati, men g‘arib qulingni yolg‘onchi qilmagil, o‘qiguvchilarni ofat va balolardan asrab, iymonlarini salomat saqlab, oxiratlarini obod qilgil. Mendan keyin avlod-nasllarim haq yo‘ldan adashib, Rasululloh oldida xijolatga qo‘ymagil. Bularning dinlarini, dunyolarini, oxiratlarini o‘zingga omonat topshirdim.
Bu kitobimni yomon ko‘zdan, yomon qo‘llardan saqlab, qiyomatgacha bundan foydalanishni Muhammad ummatiga nasib qilgil.
Ey bor Xudoyo, Muhammad ummatini rahmat qil, ularni balodan qutqargil. Abadiy-azaliy ilming sig‘dirganicha Rasulullohga va uning ahli baytlariga, ashoblariga bizdan salavot va salomlarimizni yetkurgil. Omin.

Hijriy 1380-yil Ramazon oyining 26-kunida Toshkent shahri, «Kohota» mahallasida bu kitobni oqqa ko‘chirdim.

Qayd etilgan


Laylo  29 Oktyabr 2007, 07:24:51

VODIL QURO VOQEASI

Hijratning yettinchi yili Xaybar qal’alarini fath qilib kelayotganlarida Rasululloh Vodil Quro yahudlarini Islomga da’vat qildilar. Agar Islomni qabul qilsalar, yer-suvlari o‘zlariga qolib, mol-jonlari ham omon topgay, deb Rasululloh va’da qilsalar ham, alar urush qilmoqchi bo‘lishdi.
Bu urushda o‘n ikki kishilari o‘lgach, omon so‘rashga majbur bo‘ldilar. Bularga omonlik berilgach, Xaybar yahudlariga qilingan kelishuv bo‘lib, yer hosilotining yarmini Rasulullohga topshirish sharti bilan butun yer-suvlari qoldirildi. Bulardan boshqa alarning Madinadan olti kunlik yerda Fadak degan yahudlar qal’asi, sakkiz manzillik joyda Taymo degan bir shaharlari bor edi. Bu joylardagi yahudlar esa Xaybar voqeasini eshitgach, jizya to‘lashga rozi bo‘lishib, o‘z joylarida qolishdi. Fadak yahudlari ersa bunga rozi bo‘lishmay, yer-suvlarini tashlab, xohlagan yoqqa ko‘chib ketish sharti bilan sulh qildilar. Xaybar shahri va uning atrofida yashayotgan yahudlar o‘z yerlarining hosillaridan teng yarmini tuzilgan kelishuvga binoan Rasulullohga topshirishlari lozim edi. Buni yig‘ib olish uchun Rasululloh ansor sahobalardan Abdulloh ibn Ravohani tayinlamish edilar.
Bu kishi ersa alardan xazina haqini qoldirmay olishga qattiqroq kirishdi. Yahudlar ishni yumshatish chorasini qilmoqchi bo‘lishib, u kishiga pora berish ishoratini qildilar. Abdulloh ibn Ravoha buni payqab qolib, alarga:
— Ey Xudo dushmanlari, menga harom narsa yedirib, meni bulg‘amoqchidursiz, bu ishning bo‘lishi menim ustimda mumkin emasdur. Eng yaxshi ko‘rgan kishim tomonidan eng yomon ko‘rgan kishilar ustiga shu xizmat uchun keldim. Xudo haqqi, menim ko‘zimga sizlar to‘ng‘izdan ham, maymundan ham yomonroq ko‘rinasizlar. Shunday bo‘laturib, tutgan dinimning sharofatidan sizlarni eng yomon ko‘rishim, Rasulullohni eng yaxshi ko‘rishim meni adolat yo‘lidan toydira olmaydi, — dedi. Raziyallohu anhu.
Shuning bilan Xaybar ahli boshliq Madina atrofidagi barcha yahudiylar ba’zilari sulh bilan, ba’zilari urush bilan bo‘ysunganlikdan, musulmonlar ichki dushmanlarining ziyon-zahmatidan qutilgandek bo‘lib qolishdi.

Qayd etilgan


Laylo  29 Oktyabr 2007, 07:25:20

QURAYSH BAHODIRLARIDAN UCH KISHINING IYMON KELTIRISHLARI

Yana shu yili Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Xaybar g‘azotidan kelganlaridan keyin ko‘p vaqt o‘tmay Quraysh ichida atoqlik uch kishi kelib iymonga musharraf bo‘ldilar. Bular Xolid ibn Valid, Amr ibn Os, Usmon ibn Talha edilar. Xolid ibn Valid butun dunyo tarixida tanilgan, inson olamida atoqli mohir qo‘mondonlarning eng birinchisi bo‘lib hisoblanadi. Shuning uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu Islom qahramoni haqida baho berib: «Xolid Allohning qilichidur», degan edilar. Islom olamida bunday ulug‘ sharafga ega bo‘lgan undan boshqa hech kishi yo‘qdur.
Alloh bir ishni qilmoqchi bo‘lur ekan, eng avval uning sabablarini tayyorlaydi. Hazrati Xolidning iymon keltirishiga sabab bul erdikim, akasi Valid bundan ilgariroqda Rasulullohga kelib iymon keltirmish edi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam andin Xolid ibn Validni so‘rab:
— Unga o‘xshash oqil kishilar Islomning haqligini yaxshi bilgaylar, aqli bor odamlarga bu ish yashirin emasdur. Mo’minlar safida turib, Xudo dushmani kofirlar bilan jihod qilmoq unday odamning eng ulug‘ vazifasidur. Agar u iymon keltirib, Islomga xizmat qilar ekan, boshqalardan uni ilgari tutgaymiz, — dedilar.

Qayd etilgan


Laylo  29 Oktyabr 2007, 07:25:39

 Rasulullohdan bu so‘zni Valid anglagach, ukasi Xolidga xat yozdi. Rasulullohning unga qilgan iltifotlarini aytib qanoatlantirgan edi. Xatni o‘qib ko‘rgach, undagi Rasulullohning so‘zlaridan ilhomlanib, Islom muhabbati ko‘ngliga tushdi. Chunki Rasululloh Xolid haqida bunchalik iltifot qilishlarini gumon qilmagan ham edi. Buning ustiga bir kuni tush ko‘rsa, hech bir ko‘kargan narsa yo‘q, tor bir joyda siqilib o‘tirmish edi. U yerdan turib olg‘a qarab yurdi ersa, bir kenglik, yashnab turgan shaharga kelib kirdi. Uyg‘onib qarasa tushi ekan. Bu yerdan ketsam torchilikdan qutilib kengchilikka chiqar ekanman deb, ko‘rgan tushini o‘zi mulohaza qildi. Shu bilan kundan-kunga Islom muhabbati ko‘ngliga tushib, bu yerdan hijrat qilib ketmoqchi bo‘ldi. Shu orada bir kuni Quraysh raislaridan Safvon ibn Umayya bilan ko‘rishib qolib, anga:
— Ey Safvon, o‘zing ko‘rib turursan, Muhammadning bu ishi kun sayin rivojlanib arab-ajam ustiga g‘alaba qozonmoqdadur. Rostini aytganda, aning davlati bizning davlatimizdur. Kel endi o‘rtadan adovatni ko‘taraylik. Muhammadga bo‘ysunib Islom dinini qabul qilaylik, — dedi.
Anda ul:
— Butun dunyo xalqi aning diniga kirishib, yolg‘iz qolur bo‘lsam ham, unga iymon keltirmagayman, — deb yuz o‘girib ketdi.
So‘ngra Ikrima ibn Abu Jahlga uchrab, unga ham shu so‘zni aytgan edi, bu ham Safvon javobini berdi.

Qayd etilgan


Laylo  29 Oktyabr 2007, 07:25:52

 Uchinchisida Usmon ibn Talhaga borib shu so‘zni unga ham aytmoqchi bo‘lib edi, yana ko‘ngliga keldi. Bu kishining otasi, amakisi, bir tug‘ishgan qarindoshlaridan to‘rt kishi Uhud urushida o‘ldirilgan edilar. Chunki bu odam Quraysh ichida Abdariy urug‘idan bo‘lib, urush kunlari askar safi oldida tug‘ tutib turmoq bularning xos vazifalari edi. Uhud urushi boshlanishi bilan tug‘ ko‘targanlardan olti kishi ketma-ket o‘qqa uchirilmish edilar. Alarning barchalari bir urug‘dan edi.
Bu voqea Xolidning yodiga kelib, so‘z aytishga jur’at qilmadi. Shunday bo‘lsa ham, u nima der ekan deb:
— Ey Usmon, bizning holimiz Muhammad oldida, ovchidan qochib iniga kirgan tulkiga o‘xshab qoldi. Agar unga bir mesh suv to‘ksalar, chiqmaslikka choramiz yo‘qdur, — dedi.
U ham bu so‘zni anglagach, qaraganicha to‘xtab qoldi. Bundan umidlanib Safvon, Ikrimaga aytgan so‘zini unga aytib erdi, ul:
— Rost aytursan, shunday qilaylik, — deb, shu kecha ko‘rishur joylarini va’dalashdilar. Tong otib qolganda shul joyda ikkovi topishib, ertalab yo‘lga chiqdilar. Hudda degan manzilga kelgan chog‘da qarasalar, Amr ibn Os shu joyda o‘ltiribdur. «Marhabo, xush ko‘rdik» deyishganidan keyin Amr ibn Os bu ikkovlarining qayoqqa borishlarini, nima niyatda Makkadan chiqqanlari so‘radi, alar esa rostini aytib:
— Islomga kirish niyati bilan chiqdik,—dedilar. So‘ngra Xolid:
— Ey Amr, Alloh haqqi, har qancha yashirganimiz bilan haqiqat oshkora bo‘ldi. To‘g‘ri yo‘l ochiq ko‘rinib Muhammadning payg‘ambarligida mening hech gumonim qolmadi. Shunday bo‘lgach, endi qachongacha yo‘q bahonalarni qilib, haqiqat yo‘lidan chetlab yuramiz. Biz uchun yaxshisi shul bo‘lgaykim, Muhammad oldiga borib, iymon keltiraylik, — dedi.

Qayd etilgan


Laylo  29 Oktyabr 2007, 07:26:00

 Anda Amr:
— Men ham shul niyat bilan bu joyga keldim, — deb, uchovlari birgalashdilar. Alarning iymon keltirishiga sabab shul edi.
Hijratning beshinchi yili Quraysh qo‘shini Xandaq urushidan ruhlari tushib qaytdilar. Chunki bu urushda askarlarining sonlari to‘rt barobar ortiq ersa-da, o‘zlari uchun foydalik hech qanday ish ko‘risholmay qaytgan edilar. Bu ishdan alarning ko‘ngillari cho‘kib, ruhlari tushgan edi. Safardan qaytishib Makkaga kelgandan so‘ngra, Amr ibn Os Quraysh kattalarining majlislariga kelib:
— Barchamiz ko‘rib turibmiz, Muhammad ishi kundan-kunga rivoj topib ko‘tarilgali turdi. Ko‘zing ko‘rib turgach, bu ishga chidab turish mumkin emas. Shuning uchun men Habashistonga hijrat qilmoqni ixtiyor qildim, — dedi.
Habash podshosi Najoshiy qoshiga borib, zamonga qarab vaqt kutib turgayman. Agar bu ishda Muhammad yengib chiqar ekan, uning qo‘l ostida turib yashagandan Najoshiyning qo‘l ostida turishimiz yaxshiroqdur. Bizlarga tarafdor qavmimiz agar yengar bo‘lsalar, u chog‘da biz qaytib kelsak, yaxshilikdan boshqani alardan ko‘rmagaymiz, — dedi.
Buning so‘zini barchalari to‘g‘ri dedilar. Andoq bo‘lsa, Najoshiyga yaxshi ko‘rgan narsalaridan tortiq yig‘aylik, deyishib qo‘y-echki terisidan ishlangan bir muncha yaxshi raxt yig‘ishib berdilar. Shuning bilan Amr ibn Os Habashistonga yetgach, to‘g‘ri borib Najoshiy saroyiga tushdi. Xuddi shu chog‘da Amr ibn Umayya Rasululloh tomonidan elchi bo‘lib, bu ham borib qolgan edi. Hazrati Ja’far boshliq Najoshiy himoyasida o‘n yildan beri turishgan muhojir sahobalarni Madinaga olib qaytmoq uchun Najoshiyga noma yozib yubormish edilar. Buni ko‘rib Amir ibn Os o‘z yo‘ldoshlariga:
— Men Najoshiyga kirib, bu kishini bizga bering, deb so‘rab ko‘rgayman. Agar bizga berdi ersa, to‘xtovsiz o‘ldiraylik, chunki u Muhammadning eng yaqin kishilaridandir. Agar uni o‘ldirur bo‘lsak, Qurayshni rozi qilgan bo‘lamiz, — deb, shu maqsad bilan to‘g‘ri Najoshiyning oldiga kirdi.

Qayd etilgan