Shuning uchun ham Alloh taolo har elning o‘zidan payg‘ambar chiqarib o‘z tili bilan kitob tushirgan edi.
Alloh taolo Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomni butun dunyo xalqi, insu jinga payg‘ambar qilib yubordi. Aning dinini dunyo xalqiga tarqatish xizmatini har el, har yerning o‘zidan chiqqan ulamolarig‘a topshirdi.
Shunday bo‘lgach, har millatning o‘zidan yetishgan olimlari Alloh amrini, Qur’on hukmini shularning o‘z tillarida ochiq-oydin qilib aytib turishlari, albatta, lozimdur. O‘qiganda yoki o‘qitib eshitganda kishilar tushungudek qilib o‘z tillarida kitoblar yozib qoldirishlari zarurdir. Shu sababdan men bu kitobni boshqa til qo‘shmay so‘zlarini soddalashtirib yozdim. O‘qigan va eshitganlar yaxshi tushunib tursalar, maqsadimiz shuldur.
Bu kitobni yozganimda ushbu asarlardan foydalandim: «Zodu ma’od», «Siyratul Halabiyya», «Siyratun nabiy», «Shifoi Sharif», «Nurul yaqin». Shularni ko‘z oldimda tutdim, ayniqsa, «Siyratul Halabiyya»ning ma’lumoti kengroq bo‘lgach, unga ko‘proq qaradim. Me’roj voqeasini «Sahih Buxoriy»dan ko‘tardim.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning tarixlari, yozilmish kitoblarning mo’tabarlari shulardur. Ushbu asarlarning mualliflarini Alloh rahmat qilsin. Rasulullohning sifatlari, tarjimai hollari, balki kundalik qilgan ishlarini bizlarga yetkazgan zotlar sahobalardur. Alloh ulardan rozi bo‘lsin, ulug‘ ajrlar ato qilsin.
Menim yana vasiyatim shuldurkim, o‘z avlod-nasllarimdan har bir oilada bu kitobdan bir nusxa saqlanishi, albatta, zarurdir. Agar kelgusi zamonlarda imkoniyat topilar ekan, besh-o‘n minglab bostirib, har ikki Turkiston xalqiga, asli vatan egalariga tarqatishni ularga topshirdim. Menim bu topshirig‘imni vaqti kelganda bajarish o‘z avlodim ustiga yuklangan muqaddas bir ulug‘ vazifadur.
Agar musulmonlar shu kitobda yozilmish so‘zlarni amalga oshirsalar, Rasululloh so‘zlaricha, dunyo xorligidan, oxirat azobidan qutulishlari shubhasizdur. Hech bo‘lmaganda Payg‘ambarimiz aytgan qiyomatgacha haq yo‘ldan adashmaydigan, najot topgan bir toifa ummatlaridan bo‘ladilar va ham islom dinining asosiga tushunib, dinsizlik balosidan o‘zlarini, avlod-nasllarini qutqara oladilar. Chunki, bu balodan qutulish uchun din tarixini bilishdan o‘zga chora yo‘qdur. Din tarixini bilishga, Rasulullohning tarjimai hollaridan xabardor bo‘lishga bizning kitobimiz kafildur.
Xohi avlodlarim, xohi boshqa vatandosh din qarindoshlarimiz bo‘larlar, ibrat ko‘zini ochib, aql ko‘zgusini qo‘liga olib, har yili bu kitobni bir yo‘l boshdan-oyoq o‘qib tushirishni o‘zlariga vazifa qilsinlar. Inshaalloh, kitob xatm bo‘lgan chog‘da qilgan duolari Xudo dargohida maqbuldur. Aning uchunkim, 360 jangchi — Badr g‘oziylarining muborak ism-shariflari bu kitobda yozilmishdur. Shuning uchun o‘qiguvchilarning duolari ijobat bo‘lib, ofat va balolardan omonda bo‘lg‘aylar. Shu haqda aytilmish alarning xosiyatlari mo’tabar, ulug‘ hadis kitoblarda yozilmish, va’dalari tajriba qilinmishdur.