Alixonto'ra Sog'uniy. Tarixi Muhammadiyya  ( 244226 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 50 51 52 53 54 55 56 57 58 59 60 ... 74 B


Laylo  29 Oktyabr 2007, 07:28:05

 Rasulullohning bu qilgan ishlari barcha ummatlariga, ayniqsa, askar boshchilariga katta ibrat bo‘lib, urush kunlarida qanchalik soq bo‘lishi kerak ekanligini bildirdi. Chunki Rasululloh shu payg‘ambarlik davri — yigirma uch yil ichida aytgan so‘zlari, amal qilgan ishlari ersa butun ummatlar uchun ikki dunyo davlatini topish yo‘llarini o‘rgatish edi.
Shuning uchun Xudo Qur’onda aytgandur: «Laqod kana lakum fi rasulillahi usvatun hasanatun», ya’ni, «Rasulullohning aytgan so‘zlari, qilgan ishlarida musulmonlarga yaxshilikka ulgu bo‘lg‘udek ko‘p foyda bordur». Bundan boshqa ham shu mazmunda kelgan oyatlar Qur’onda ko‘pdir. Agar, biz musulmonlar, shu yo‘lda kelgan oyat, hadislarning birortasiga amal qilgan bo‘lsak edik, bugungi kunda islomiy, insoniy haqlarimizdan mundog‘ ajrab qolmas edik. Endi nima chora qilgali bo‘lur, ish vaqtidan o‘tdi. Qachonlardan beri yig‘ilib yotgan yozuqlarimiz endi boshimizga yetdi. Allohning ulug‘ qudratidan o‘zgaga umid etarlik o‘rin qolmadi. Yo‘q esa Islomdek dini bor, Haq yuborgan Muhammad alayhissalomdek payg‘ambari bor, ko‘kdan tushgan Qur’ondek kitobi bor bir millat hech qachon bunday xor-zorlikka qolishi mumkin emasdur.
Chunki Alloh aytmishdur: «Innalloha la yug‘ayyiru ma biqavmin xamma yug‘oyyiru ma bianfusihim» Ma’nosi: «Alloh taolo bir qavmga bergan ne’matni o‘zgartirmaydi, qachonki, u ne’matning shukrini qilmasalar, aning qadriga yetib yaxshi kutmasalar, ul chog‘da ne’matdan ajragaylar, davlatlari qo‘llaridan ketgay». Bu oyatning mazmunicha, o‘zimizdan o‘tmagan bo‘lsa edi, hech qachon vatanimiz, davlatimiz qo‘limizdan ketmas edi. Bu qayg‘ulik qissani gapirish bu joyga sig‘maganlikdan, yana o‘z so‘zimizga kelaylik.

Qayd etilgan


Laylo  29 Oktyabr 2007, 07:28:14

 Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shu safarga chiqar chog‘larida Madina masjidining eshigida turib, o‘tgan yili qazo bo‘lgan umra niyati bilan ehrom bog‘ladilar. Musulmonlar haj yoki umra qilmoqchi bo‘lsalar ehrom bog‘lagaylar, ya’ni ko‘ylak, tanbol o‘rnida ikki lo‘ngini birisini beldan tubanga bog‘lab, yana birisini orqa yelkaga tashlab turib haj yoki umra qilmoq uchun niyat qiladilar. Shu chog‘da «Labbayka» qichqirish shartdur.
Rasululloh ehrom bog‘laganlarida sahobalar ham Payg‘ambarimizga ergashib barchalari «Labbayka» aytishdilar. Madinadan bir manzil yurib Zulxulayfa degan joyga kelganda, qorovullik qilib otliq askar olg‘a yursin, deb buyurdilar. Makka shahri yaqinida Marri-zahron degan bir joy bo‘lib, qorovul askarlari shu yerga yetganlarida, Quraysh ahlidan bir qancha kishilar bularga qarshi chiqdilar. Bu xilda saylangan qurollik otliq askar kelishini ko‘rib, ularga qo‘rqinchlik tushdi. Tezlikda qaytishib, bu ishdan Qurayshga xabar berdilar. Alar ersa, o‘z raislaridan Mikraz ibn Hafsni boshchi qilib bir necha kishini Rasulullohga yubordilar. Bular Batnu Ya’juj degan joyga kelishganda Rasulullohga yo‘liqib:
Ey Muhammad, kichikligingdan beri shu yoshga yetguncha hech bir xiyonat ishini sendan ko‘rmagan edik. Endi bu qandoq ishdur, o‘rtamizdagi ahdnomamiz qarshi ustimizga qurollik askar keltirmishsan? — de¬yishdi.
Anda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
— Ey Mikraz, Quraysh ustiga qurol ko‘tarib kirmagaymiz. O‘shal sulhnomada qanday shartlar qo‘yilmish bo‘lsa, albatta, unga rioya qilgaymiz, — dedilar.

Qayd etilgan


Laylo  29 Oktyabr 2007, 07:28:22

 So‘ngra Rasululloh o‘zlari Marri-Zahron manziliga tushib, yaroq-jabduqlar ustiga Avs ibn Xavloni boshchi qilib ikki yuz kishi qo‘ydilar. Shu bilan har ikki tomon ham bir-birlariga ishonishib qoldi. Sulh¬noma bo‘yicha Quraysh xalqi shaharni bo‘shatib uch kungacha o‘zlari tashqarida turishlari shart edi. Shunga binoan mushriklar Makkani bo‘shatib, shahar tashqarisiga chiqishib turdilar. Lekin Islomning shon-shavkatini ko‘rishga ko‘zlari yo‘q edi. Dushmanlarimiz Baytullohni tavof qilishib yurganlarida, unga qarab turib qanday chidar ekanmiz, deyishdi.
Shahar bo‘shagani xabari Rasulullohga yetgach, Qasvo nomli tuyalarini minib, butun sahobalar atroflarini qurshagan holda Makkaga kirdilar. Jilovlarida Abdulloh ibn Ravoha, oldi-orqalarini o‘ragan askarlar ushbu oyatni qichqirishib o‘qishar edi:
«La ilaha illallohu vahdahu, sadaqo va’dahu va nasaro abdahu va a’azza jundahu va hazamal ahzoba vahdahu».
Ma’nosi: «Bir Allohdan o‘zga Yaratguvchi yo‘qdur. Va’dasini chinga chiqardi. Quli Muhammadga yordam berdi. Aning askarini aziz qildi. Ahzob urushida ko‘p askarni yolg‘iz o‘zi yengdi».
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shahar ichiga kirganlarida Makka mushriklari Qaynuqo’ tog‘i ustida qarab turishgan edi. Mushriklar o‘zaro gapirishar edi: «Madina xalqining kuchlari ko‘p yo‘qdur. Chunki ular bezgak, isitma bo‘lgan kishilardur. Bugun Baytullohni shunday odamlar kelib tavof qilishdilar, qarab turaylik».

Qayd etilgan


Laylo  29 Oktyabr 2007, 07:28:32

 Bu so‘zni Rasululloh angladilar ersa aytdilarkim: «Mo’minlar Baytullohni tavof qilib aylanganlarida bahodirlardek yelib-yugurib aylansinlar. Shu uchunkim, alarning ko‘zlariga askarlarimiz kuchlik, haybatlik bo‘lib ko‘ringay».
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Baytullohni tavof qilish oldida ridolarini ostidan olib o‘ng qo‘llarini yelkalari bilan ochiq qo‘ydilar. Buni ko‘rib barcha sahobalar ham shundoq qilishib, Rasululloh ayt¬ganlaridek, bahodirona yurishib Baytullohni tavof qilishga turdilar. Tog‘ boshida qarashib turgan mushriklar musulmonlarning tavof qilishidagi bahodirona yurishlarini ko‘rishib, ko‘ngillariga vahima tushdi. Sahobalarni dastlab ko‘rganlarida bularni Madina bezgagi qonlarini so‘rib, kuch-quvvatlarini qo‘ymagan, deyishgan edi. Baytullohni bu xildagi tavof qilganlarini ko‘rishgach, ul o‘ylaganlari puchga chiqdi. Mana shundan boshlab hajga borgan kishilarga Ka’bani birinchi tavof qilishlarida uch marta aylanganlaricha bahodirona yurishlari sunnat bo‘lib qoldi.
Islomning besh asosidan bittasi hajga borishdir. Boy kishilarga umri ichida bir marta haj qilish farz bo‘ldi. Boshqalar esa borishga ixtiyorlidurlar. Sharoiti bo‘laturib qudrati yetgan kishilar uzrsiz umri ichida haj qilmay qolsalar, Rasulullohning mar¬hamat qilishlaricha, unday odamlar islomiyatdan tashqari qolgaylar. Qirq besh yildan beri biz Turkiston musulmonlari asorat ostida qolib, o‘z vatanimizda g‘arib bo‘lganligimizdan bu ulug‘ diniy vazifamizni bajarolmay kelamiz. Ilm, fan kundan-kunga ko‘tarilib, madaniyat eng o‘sgan davr hisoblangan XX asrda inson olamining bir tomoni ongsizlik davrining natijasi bo‘lgan mustamlakachilar asoratidan qutilayotgan bo‘lsalar, ikkinchi tomondan onglik vahshiylar changali ostida ezilib, qayta boshdin qullik davriga kirmoqdadur. Buning sababi, Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom aytganlaridek, bu olamning hayoti tubsiz dengiz ustida qalqib yurgan kemadagi xalq kabidur. Kema ahllari esa uning qaysi qavatida o‘ltirgan bo‘lishiga qaramay, «kemaga tushganlarning joni bir» degandek, kemaning qay yeri zararlangan bo‘lsa, uni tuzatib turishlari albatta zarur.

Qayd etilgan


Laylo  29 Oktyabr 2007, 07:28:39

 Agar unday qilmay, har kim o‘zi o‘ltirgan qavatigagina qarab, shunigina nazarga olsalar, boshqa qavatlarining buzilib teshilishi bilan ishlari bo‘lmasa, bunday teshilgan kema ichida o‘ltirgan kishilar, qaysi qavatida bo‘lishdan qat’i nazar, bir kuni halok bo‘lmasdan qolmaydilar.
Yana o‘z so‘zimizga kelaylik. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Makka shahri ichida uch kun turib, xavf-xatarsiz ibodat marosimlarini o‘tkazdilar. O‘tgan yili ko‘rgan tushlari ersa to‘g‘ri chiqib, Xudo tarafidan kelgan vahiy ekanligiga gumon qolmadi.
Bu muddat o‘tgandan keyin shahar tashqarisida turgan Quraysh mushriklari Amr ibn Suhaylni yuborib, Makkadan chiqib ketishlarini so‘radilar. Shartnomaga muvofiq Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalar bilan shul kuni Makkadan chiqdilar.
Hazrati Hamzaning Amoma degan sag‘ir qizlari Makkada qolgan edi. Rasululloh Makkadan chiqayotganlarini ko‘rib, orqalaridan ergashib yig‘lagani turdi. Hazrati Ali buni ko‘rib:
— O‘z amakim qizini mushriklar ichida yetim qoldirib, nechun tashlab ketgayman? — dedi va darhol ul qizni ko‘tarib oldi. Kajava ichida o‘ltirgan Payg‘ambarimizning qizlari hazrati Fotimaga:
— Ol buni, amakingning qizidur, boqib olgaymiz,— deb topshirdilar.
Shu bilan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Makkadan chiqqanlaricha sog‘-salomat Madinaga keldilar. So‘ngra Hazrati Ali, akalari Ja’far, Payg‘ambarimizning asrandi o‘g‘illari Zayd ibn Horisa — bu uchovlari o‘rtasida qiz ustida talash paydo bo‘ldi. Da’volashib Payg‘ambarimizning oldilariga keldilar. Hazrati Ali aytdi:
— Yo Rasulalloh, bu qizga hammadan men haqliman, amakim Hamzaning qizidur, yana Makkadan bu qizni men o‘zim keltirdim, — deb aytdi.

Qayd etilgan


Laylo  29 Oktyabr 2007, 07:28:47

 Zayd ibn Horisa turib:
— Yo Rasulalloh, bu qizga men haqliman, chunki bu mening do‘stim va din qarindoshim qizidur. Men aning vasiysi erurman, menga topshiring, o‘zim tarbiyat qilurman, — dedi.
Anda Ja’far aytdi:
— Yo Rasulalloh, bu qizga ikkovidan ham men yaqinroq erurman. Hamza ibn Abdulmutallib menga ham amaki bo‘lur, buning ustiga, bu qizning xolasi mening nikohimdadur — dedi.
So‘ngra Rasululloh qizni Ja’farga hukm qilib aytdilar:
— Kishining xolasi o‘z onasidek mehribondur.
Shuning uchun shariat hukmida o‘g‘il-qiz yetim bolalarni boqishga ota qarindoshlari qolib, ona qarindoshlari haqlik bo‘ldi.
Shu bilan qizning janjali tamom bo‘lgach, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Hazrati Aliga qarab:
— Ey Ali, sen mendan erursan, men sendan erurman, — dedilar.
So‘ngra hazrati Ja’farga boqib:
— O‘zing ham, xulqing ham menga o‘xshaydi, — dedilar. Keyin Zayd ibn Horisaga qarab:
— Sen bizning ukamiz va do‘stimizsan, — dedilar.
Bundan maqsadlari bularning ko‘ngillarini ovlab, ruhlarini ko‘tarish edi. Rasulullohning bunday ulug‘ iltifotli so‘zlarini anglab, bek suyunib ketdilar. Haqiqatda uchovlaridek yaqin jonfido kishi yo‘q edi.
Shu bilan hijratdan yetti yil o‘tib, sakkizinchi yil kirdi.

Qayd etilgan


Laylo  29 Oktyabr 2007, 07:28:59

G‘OLIB IBN ABDULLOH CHOPULI

Shu yilning Safar oyida G‘olib ibn Abdullohni bosh qilib Banil Mulavvih qabilasi ustiga askar yubordilar. Madinadan chiqib Kadid degan joyga kelganlarida Islomga qarshi qabila raislaridan Horis ibn Molik degan kishi yo‘liqib qolib, uni asir oldilar. Bu kishi ersa Rasulullohning eng qattiq dushmanlaridan edi. Qo‘lga tushgandan so‘ng o‘zini qutqarish uchun: «Musulmon bo‘lish niyati bilan Rasulullohni ziyorat qilgani chiqqan edim» dedi.
Anda G‘olib ibn Abdulloh aytdi:
— Agar bu so‘zing rost bo‘lsa, biror kun bizga bandi bo‘lib turar ersang, senga hech zarari yo‘qdur, balki savob topgaysan. Agar bu so‘z bilan joningni qutqazmoqchi bo‘lsang, qo‘limizda tutqun turishing biz uchun yaxshiroqdur, — dedi.
So‘ngra uning qo‘l-oyog‘ini bog‘lab, ustiga bir kishini qorovul qo‘yib: «Agar qarshilik qilar ekan, boshini kesgil», deb buyurdi. Shunday qilib yurib o‘ltirib bir toqqa kelib yetdilar. Shu tog‘ni oshib o‘tsalar, dushman ustiga tushilur edi. Tog‘ tubida to‘xtashib, Jundub ibn Makis degan kishini dushmandan xabar olib kelmakka yubordilar. Bu kishi ersa kechki paytda dushman ishini payqamoq uchun tog‘ ustiga chiqib, qorni bilan uzala tushib yotdi.
Shu chog‘da dushmanlarning birovi chodiridan chiqib kelib edi, ko‘zi tog‘ ustiga tushdi. Anda xotinini chaqirib:
— Tog‘ boshida kishi qorasi ko‘rinur. Bunday narsa ertalab yo‘q edi. Idish-oyoq degan narsalaringni yo‘qlab ko‘rgilchi yana itlar sudrab ketib tog‘ ustiga chiqarib tashlagan bo‘lsa, ko‘ringan narsa o‘shal bo‘lgay, — dedi. Xotini qarasa uy ichida hech narsa yo‘qolmabdur.

Qayd etilgan


Laylo  29 Oktyabr 2007, 07:29:09

 Anda xotinning eri:
— Bu ko‘ringan narsa kishi bo‘lg‘ay, mening ikki o‘q bilan sadog‘imni keltur-chi, — dedi.
Xotin o‘q-yoyini keltirib edi, qorani ko‘zlab nishonga otdi. Otgan o‘qi adashmay to‘g‘ri kelib, yotgan kishiga bo‘yni aralash tegdi. Lekin bu odam erlik qilib qimirlasam bilib qolmasun deb, joyidan qo‘zg‘olmadi. So‘ngra ortidan yana bir o‘q uzdi, bunisi ham adashmay kelib ikki yelka orasiga qadaldi.
So‘ngra u xotiniga qarab:
— Bu ikki o‘q bilan poylagan joyimni xato qilmay urdim, bu ko‘ringan narsa agar jonlik bo‘lganda, qimirlagan bo‘lur edi. Men dushman josusimi deb o‘ylagan edim, unday emas ekan. Ertalab turganingda bu otgan o‘qlarimni keltirib qo‘ygil, it g‘ajilab qo‘ymasin, — deb chodirga kirib yotdi.
Islom tingchisi tun qorong‘usida yaralarini bog‘lab, askar ustiga keldi. Bo‘lgan ishni alarga bildirib edi, barchalari undan rozi bo‘ldilar. Shu bilan dushmanlarni g‘aflatga bostirib qo‘yib, sahar vaqti yetganda birdaniga ular ustiga hujum qildilar. Qarshilik ko‘rsatganlari o‘ldirildi, qolganlari esa har yoqqa tarqalib qochishdi. Borlik mol-hayvonlarini o‘ljaga olib yo‘lga tushdilar. Tarqoq yotgan qabila xal¬qi buni anglashgandan so‘ngra yig‘ilishib orqalaridan quvishib chiqdilar. Ularning soni esa musulmonlardan bir necha barobar ortiq edi. Ikki askar bir-birlariga yaqinlashib keldilar. O‘rtada bir soy qolmish edi. Shu payt havo buzildi, qattiq jala quyib, sel yog‘ib, soy suvga to‘ldi. Shu bilan sel haybatidan dushmanlar suvni kechib o‘tishga jur’at qilolmadilar. Musulmonlar o‘lja mollarini haydashganicha sog‘-salomat Madinaga kirib keldilar.
Askar boshlig‘i G‘olib ibn Abdullohni bu safarda qilgan xizmati Rasulullohga ko‘p yoqmish edi. Urush ishlarida uning ko‘rsatgan ustaligini Rasulullohga maqtadilar. Buni anglagach, uni ikki yuz kishiga boshliq qilib, Bani Murra qabilasiga hujum qilishga buyurdilar.

Qayd etilgan


Laylo  29 Oktyabr 2007, 07:29:29

BANI MURRA QABILASIGA CHOPUL

Bu qabiladan qasos olmoqqa musulmonlar juda xumor edilar. Chunki bundan ilgariroq Bashir ibn Sa’d qo‘l ostida yuborilgan o‘ttiz kishilik askarni shular o‘ldirmish edilar. Bularning yerlari Xaybar shahriga yaqin bo‘lib, Madinadan besh-olti kunlik yo‘l edi. Islom askari dushman yeriga yaqinlashib kelgan vaqtida, G‘olib ibn Abdulloh askarga qarata bir va’z so‘zladi:
— Ey mo’minlar, birinchi so‘zim shulki, Alloh amrini mahkam ushlanglar. Ikkinchi so‘zim ersa, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu safarda sizlarga meni amir qilib sayladilar. Har ishda menga itoat qilinglar. Chunki askarlari itoatda bo‘lmagan amir aqlidan adashgay. Urush ishida yo‘lini topa olmagay, — dedi.
So‘ngra askarni ikki-ikkidan qilib, bir-biriga yo‘ldosh qildi. Hech kim o‘z yo‘ldoshidan ajralmasin, deb buyurdi. Askarni shu yo‘sinda yasagandan keyin kelishib dushmanni qurshadilar. Amirlari G‘olib ibn Abdulloh takbir boshlab, shu barobar butun askar takbir sadosi bilan dushman ustiga hujum qildilar. Natijada dushman askaridan bir kishi ham qochib qutula olmay, hammalari qilichdan o‘tkazildi. Butun mol-chorvalarini o‘ljaga olishib, Madinaga salomat keldilar.

Qayd etilgan


Laylo  29 Oktyabr 2007, 07:29:54

MU’TA G‘AZOTI

Buning sababi ersa, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Shom viloyatidagi Busro shahrining hokimi Horis ibn Abu Shumurga noma yozdilar. Bu kishi ersa, Shom podshosi Qaysar tarafidan qo‘yilgan Shom o‘lkasining amiri edi. Bunga yozgan nomani Rasululloh sahobalardan Horis ibn Umayga topshirdilar. U nomani Umay olib yo‘lga tushdi. Rumga qarashlik Mu’ta degan joyga kelganda Shurahbil ibn Amr degan G‘asson qabilasining raisi u kishiga yo‘liqib qoldi. Uni ko‘rgach:
— Kim bo‘lursan, qayon borursan? — deb so‘radi.
Ul:
— Shomga borurman, — deb javob berdi.
Anda ul aytdi:
— Qurayshdan chiqqan, payg‘ambarlik da’vosini qilgan Muhammad elchisi bo‘lmag‘aysan? — dedi.
— To‘g‘ri aytding, shu kishining Busro hokimiga yuborgan elchisi erurman, — dedi Horis ibn Umay.
Bu so‘zni anglashi bilan askariga buyurib, qo‘l-oyog‘ini bog‘ladilar. Elchiga o‘lim yo‘q edi, shundoq bo‘lsa ham bu kishini o‘ldirib, shahid qildilar. Har tomonga yuborilgan Rasululloh elchilaridan bundan bosh¬qa hech kishi o‘ldirilmadi. Bu xabarni anglab, Rasululloh g‘amgin bo‘ldilar. Ularga jihod qilish uchun askar yig‘ilsin, deb buyurdilar. Uch mingdan ortiq askar yig‘ilmish edi. Asrandi o‘g‘illari Zayd ibn Horisani ularga amir qildilar. So‘ngra Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
— Agar Zayd shahid bo‘lsa, uning o‘rniga Ja’far ibn Abu Tolib amir bo‘lsin. Agar u ham shahid bo‘lsa, o‘rniga Abdulloh ibn Ravoha qo‘yilsin. Agar unga ham o‘lim musibati yetsa, askarlar o‘rtalaridan xohlagan kishini askarboshi qilib saylab olsinlar, — dedilar.

Qayd etilgan