So‘ngra Islom askari dushman yeriga kirgach, ular ustiga to‘satdan hujum qildilar. Dushman askarlari dastlabda ozroq urushgan bo‘lsalar ham, keyin yengilib qochdilar. Ko‘plari o‘ldirilib, butun mollari o‘ljaga qoldi.
Shu kunlari esa qish mazgili (vaqti) bo‘lib, havoning anchagina salqinligi bor edi. Askar usti yupun bo‘lib, ularga sovuq o‘tgan bo‘lsa ham, o‘t yoqib isinishga amirlari Amr ibn Os unamadi.
Yana shu tuni o‘zi ihtilom bo‘lib, bulg‘anmish edi. Sovuqdan qo‘rqib g‘usl qilmasdan, tayammum bilan namozga imom bo‘ldi. Qochgan dushman askarini quvlashga so‘rab edilar, unga ham ruxsat bermadi. Aning shu qilgan ishlaridan Hazrati Umar boshliq bir necha sahobalar norozi bo‘lishib, hazrati Abu Bakr Siddiq oldiga kelishdi. Anda u:
— Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shu safargi askar ustiga bu kishini boshchi qilib qo‘ymishdur. Urush ishida balki bizdan aning bilgani ortiqroq bo‘lgay. Endi bu to‘g‘rida na qilur ersa, unga hammamiz bo‘ysunishimiz kerakdir, — deb ularni bosib qo‘ydilar.
So‘ngra Madinaga kelgach, Amr ibn Os:
— Yo Rasululloh, sizga aytgandirlar, men bu safarda askarga yoqmaydigan bir necha ish qildim. Birinchisi, havo sovuq bo‘lsa ham askarlarga o‘t yoqib isinmoqqa ruxsat qilmadim. Buning sababi ersa, dushman josuslari tun qorong‘usida kelib o‘t yorug‘ida o‘ltirgan askarning ozligini payqab qolgaylar.
Ikkinchisi, dushmanlarimiz bizdan yengilib qochdilar, lekin bularni orqalaridan quvlashga ruxsat bermadim. Chunki dushman hiyla qilib yolg‘ondan qochgan bo‘lsa, bir yerga qo‘ygan buqtirma (pistirma) askari bo‘lib qolib, yana quvlagan kishilarga ziyon yetib qolmasin, deb o‘yladim. Ammo ihtilom bo‘lib qolganimda havo sovug‘idan qo‘rqib suvga tushmaganim to‘g‘ridur. G‘usl qilmasdan tayammum bilan namozga imom bo‘ldim, chunki Qur’onda Alloh aytmishdur: «Ey mo’minlar, o‘zinglarni halok qilg‘udek ishni qilmang¬lar, chunki Alloh taolo sizlarga bek mehribondur». Alloh shunday degach, o‘zimga ziyon bo‘lgudek ishni qilmadim, — dedi.
Anda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uning keyingi so‘ziga kulib qo‘ydilar. Lekin oldingi aytgan so‘zlarini to‘g‘ri topib:
— Yaxshi qilibsan, — dedilar.