Buning shu so‘zini anglagach, qari bahodir:
— Hoy kishi, sen askar qo‘mondoni emas, qo‘y-echkilarning cho‘poni ekansan. Dushmandan yengilib qochgan askar oldini hech narsa to‘sa olmagay. Urush ishi o‘lish ishidur. Qilich-nayzasini qo‘lidan tushirmay turib, jon bergan askarlargina dushmanni yenga oladi. Xotin-bola, mol-dunyo qo‘rqqan kishini yo‘lidan qaytara olmagay. Agar dushmanni yengar bo‘lsak, barchamizning tilagimiz shuldur, unda yaxshi ish bo‘lur edi. Agar dushmandan yengilar bo‘lsak, mol-jon ketib, yana xotin-bolalarimizni dushmanlarimiz asir, mollarimizni o‘lja qilgaylar. Bu ishdan hech qanday foyda biz uchun chiqmaydur. Endi men maslahat berurman, bu fikrdan qaytib, xotin-bolalarni tarqatib, o‘z joylariga qaytargaysan, — dedi.
Yana shunga o‘xshash bir qancha tajribalik ishlarni aytdi ersa, hech birini ham qabul qilmay:
— Sen qarilikdan o‘tib, aljib qolibsan, — deb qo‘pollik bilan unga javob qaytardi. Yo‘q ersa buning maslahatidan chiqmaslikka o‘zi va’da bergan edi.
So‘ngra qari bahodir buning so‘zidan ko‘ngli og‘rib:
— Ey Havozin xalqi, bu kishi ersa menga bergan va’dasini o‘zi buzdi. Ko‘rsatgan yo‘limga yurmadi. Bundan boshqa foyda berarli menda hech ish yo‘qdur. Foyda o‘rniga ziyon chiqarmu deb, qo‘rqib qoldim. Ish bunday bo‘lgach, meni o‘z yerimga yetkazinglar, qaytgayman,— dedi.
Anda askar boshlig‘i qilichini qo‘liga oldi va:
— Ey xalq! Agar menim shu fikrimga yurmas ekansiz, shu qilichimni ko‘ksimdan qo‘yib, orqamdan chiqargayman, — deb o‘zini o‘ldirmoqqa qasd qildi. Buni ko‘rgan askar boshliqlari:
— Qanday bo‘lsa ham senga itoat qildik, sening so‘zing bilan yurgaymiz, — deb har tomondan qichqirdilar.