Alixonto'ra Sog'uniy. Tarixi Muhammadiyya  ( 255204 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 62 63 64 65 66 67 68 69 70 71 72 ... 74 B


Laylo  29 Oktyabr 2007, 08:03:08

 Yana o‘z so‘zimizga kelaylik. Yuqoridagi oyat Allohdan kelgani uchun o‘zlarini masjid ustunlariga bog‘lamish yetti kishining tavbalari qabul bo‘lib, barchalari bo‘shandilar. So‘ngra ular kelib:
— Yo Rasulalloh, buning shukronasi uchun butun mol dunyomizni Xudo yo‘lida sadaqa qildik, — dedilar.
Anda Rasululloh:
— Bu to‘g‘rida Allohdan menga buyruq yo‘qdur, — deb qabul qilmadilar.
Shu chog‘da Allohdan vahiy kelib, ushbu oyat tushdi:
«Xuz min amvalihim sadaqotan tutahhiruhum va tuzakkiyhim va salli alayhim, inna salotaka sakanun lahum, vallohu sami’un alim».
Ya’ni, «Bu kishilarning mollaridan sadaqa olgilkim, ularni gunohlaridan sadaqa poklaydi. Xayr-barakalarini ziyoda qiladi. Ularga sen duo qilg‘ilkim, sening duoying ko‘ngillariga orom bo‘ladi».
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Tabuk safaridan kelgach, tinchlik bilan Madinada uch oygacha turdilar. Hijratning to‘qqizinchi yili zulqa’da oyi¬ning oxirlarida Hazrati Abu Bakr Siddiqni shu yilgi hojilarga amir qilib, Makkatullohga yubordilar. Chunki Ibrohim Halilullohning zamonidan boshlab xayrli haj qilish arablarga odat bo‘lgan edi. Islomiyat boshlangandan keyin ham ilgarigi odatlaricha haj qilishib turdilar.

Qayd etilgan


Laylo  29 Oktyabr 2007, 08:03:20

 Lekin ularning qilgan hajlarida islomiyatga to‘g‘ri kelmaydigan ishlar ko‘p edi. Shunday bo‘lsa ham Makka fath bo‘lguncha Rasululloh sabr qilib, Makka shahri olingandan keyin bu ishni bajarishga Hazrati Abu Bakr Siddiqni buyurdilar. U kishi ham uch yuz askar olib Makkaga yurdi. Mana shu kunlarda ersa Payg‘ambarimizga vahiy kelib, Tavba surasi nozil bo‘ldi. Bu surada kelgan bir necha oyatning mazmunicha musulmonlar arab mushriklaridan butunlay aloqani uzishga va haqqa bo‘ysunmagan mushriklar bilan jihod qilishga buyurilmish edi.
Bu sura boshida: «Alloh va Allohning payg‘ambari kofirlardan, mushriklardan bezordur. Bular bilan hech qanday aloqa qilmanglar. Mundan keyin o‘rtanglarda hech bir to‘g‘rilik ahdnoma, shartnomalar tuzilmasin», degan mazmunda oyat keladi.
Bundin so‘ng Allohning amri bilan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam mushriklardan butun aloqani uzdilar. Qarshilik qiluvchilarga urush ochdilar. Haqqa bo‘ysunmagan mushriklar bilan jihod qilmoqqa, agar taslim bo‘lib haq yo‘lga kirmasalar, alarni o‘ldurmakka buyurilmishdir. Mana shuning uchun bu sura boshida «Bismillah» aytilmaydi. Boshqa suralardek boshiga «Bismillah»ni yozib, tilovat qilganlarida uni qo‘shib o‘qimaydilar. Agar «Bismilloh»ni bu suraga qo‘shib boshlasalar, buning misoli, podsho bir kishini «Men senga ko‘p mehribonman, rahmlikman», deb turib, ketidan uni o‘limga buyurganga o‘xshaydi. Bu esa hech kimga kelishmagan ishdur.

Qayd etilgan


Laylo  29 Oktyabr 2007, 08:03:29

 Shuning uchun g‘oziylar qilich chopganlarida «Allohu akbar» sadosi bilan so‘qish maydoniga kiradilar. Mol so‘ygan-da esa «Bismilloh, Allohu akbar» deb bo‘g‘izlaydilar. Chunki bu joyda «Rohmanir rohiym» deyishning o‘rni emasdur. Balki qahr-g‘azab o‘rni bo‘lib, shunga loyiq «Allohu akbar» demak lozimdur.
Tavba surasi Hazrati Abu Bakr Siddiq Makkaga ketgandan so‘ngra nozil bo‘ldi. Bu suraning kelganidan, undagi hukmlarning qandayligidan u kishining xabari yo‘q edi. Ammo bu surada kelgan Alloh amrini Arabiston xalqiga anglatish lozim edi. Shuning uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu ishni bajarishga Hazrati Alini Abu Bakr Siddiq ortidan yubordilar. Unga qo‘shilib Makkaga borgach, xalq Arafotdan qaytib Mino tog‘iga yig‘ilishgan kuni Tavba, surasini o‘qib hajga kelgan barcha mushriklarga mundagi hukmni anglatmog‘i lozim endi.
Shu bilan Hazrati Ali bu amrni olib, Makka sari yo‘lga tushdi. Rasululloh o‘zlari minadigan tuyaga uni mindirgan edilar. Hazrati Ali shu yurganicha Makkaga yaqin Arj degan joyga kelganida, Hazrati Abu Bakr Siddiqqa yetib keldi. Anda Abu Bakr Siddiq hayronlikdan:
— Menim ustimga amir qilib yubordilarmi? — deb so‘radilar.
Hazrati Ali:
— Yo‘q, amir bo‘lib kelmadim, balki siz bilan birgalashib Tavba surasida kelgan oyatlarini o‘qib, uning hukmini hajga yig‘ilgan butun mushriklarga anglatgali keldim, — dedi.
Hazrati Abu Bakr Siddiq nazorati ostida haj amallari o‘tkazildi.

Qayd etilgan


Laylo  29 Oktyabr 2007, 08:03:41

 Qurbon bayramining birinchi kunida butun xalq Mino tog‘iga yig‘ildilar. Shu chog‘da Hazrati Ali shaytonga tosh otadigan joyga kelib, qalin xalq ichida Tavba surasi boshidan o‘n uch oyatni tovushining boricha qichqirib o‘qidi. Muning hukmini shu yerdagi xalq¬qa anglatdi. Yana sahobalar bir necha kishilar xalq ichida aylanishib yurib, Rasulullohning buyruqlarini jarladilar:
— Bu yildan boshlab kofirlar haj qila olmagaylar. Musulmon bo‘lmagan kishilarning hajga kelmoqlari yasoq (bekor)dir.
Shundin so‘ngra johiliyat odatlaricha Baytullohni yalang‘och tavof qilish yo‘qdur. Rasululloh bilan qaysi qabila ahdnoma tuzgan bo‘lsa, shundagi shartlar albatta saqlang‘usidur. Ahdini buzgan qabilalarga to‘rt oy o‘tguncha ruxsatdur. Qayerda yursalar to‘sqinlik yo‘qdur. Musulmonlardan hech kimarsa alarga tegmagay. Bu muddat o‘tganchalik Islomga kirmasalar, ularning mollariga, jonlariga omonlik yo‘qdur. Bundan keyin Haram masjidiga musulmonlardan boshqa hech bir kishi kira olmag‘ay. Iymon keltirmagan kofirlarga jannat yuzi haromdur.
Mana shu yorliqni aytib Hazrati Ali, Hazrati Abu Hurayra butun xalqni oralab yurib, jar chaqirdilar. Buni anglagan arab mushriklari Hazrati Aliga qarab:
— Sizlar bilan bizning oramiz ajradi, qilich-nayzadan boshqa ish qolmadi, — deb tarqashdilar.
Haj kunlari o‘tgandan so‘ngra Hazrati Abu Bakr Siddiq, Hazrati Ali va boshqa sahobalar Madinaga salomat keldilar.
Shu yilning zulqa’da oyida madinalik munofiqlar raisi Abdulloh ibn Ubay o‘ldi. Bu ersa shu yerlik Xazraj qabilasining bosh raisi edi. Rasululloh Madinaga kelmasdan ilgari yerlik xalq bu kishini o‘zlariga podsho qilib ko‘tarmoqchi bo‘lib ittifoq qilishgan edi. Shu orada Islom voqeasi qo‘zg‘alib, Rasululloh Madinaga hijrat qilib keldilar. Buning ishi to‘xtalib, xalq ko‘nglidan ko‘tarildi. Unga atab tayyorlashgan toj-taxtlari bekor qoldi. Mana shu sababdan Rasulullohga buning hasadi qo‘zg‘almish edi. Hasaddin chiqmish dushmanlik o‘ti o‘z egasini kuydirib, kul qilmaguncha undan qutulish yo‘qdur. Bu baxtsiz kishi Xudo yondirgan chirog‘ni o‘chirmoqchi bo‘lib, Rasulullohga doim dushmanlik qilur edi. Shundog‘ bo‘lsa ham ulug‘ axloqqa ega bo‘lgan Rahmatan lilolamin unga Allohdan tavfiq tilar edilar. Azaliy baxtsizlik uni o‘rab olgan ekan, yillab oldida yonib turgan, yer-ko‘kni yoritgan nuri Muhammadiydan bu bechora zarrachalik ham foyda ololmay, eng oxiri dunyodan iymonsiz o‘tdi. Bu sirning tagiga kim yetdi?

Qayd etilgan


Laylo  29 Oktyabr 2007, 08:03:55

Haqiqat sirriga hech kimsa yetmas,
Shariat ushlaganlar yo‘lda qolmas.
Hasaddin saqla o‘zni ey birodar,
Bu so‘zni aytdilar barcha Payg‘ambar.

Hasad o‘ti jahannam o‘tidur bil,
Ani ko‘rmay desang mundin hazar qil.

So‘ngra Rasululloh sollallohu alayhi vasallam buning zohiriga qarab janozasini o‘qidilar. Xudodan gunohini tilab, qabri ustida duo qildilar. Bundan maqsadlari ersa, uning o‘g‘li Abdullohning ko‘nglini ko‘tarish, urug‘i Xazraj qabilasini xush qilish edi. Rasulullohning bu ulug‘ axloqlari sharofatidan bir necha munofiqlar ko‘ngillariga iymon nuri kirib gumonsirash balosidan qutuldilar. Shundog‘ bo‘lsa ham bundan keyin munofiqlikda yurib tavbasiz o‘lgan kishilarga janoza o‘qilsa, qabrlari ustida turib duo qilma degan amr bo‘lib, Tavba surasida shu oyat keldi:
«Va la tusalli ala ahadin mota abadan va la taqum ala qobrihi». Ma’nosi: «Munofiqlardan o‘lganlar bo‘lsa, ularning hech biriga janoza o‘qima, qabri ustiga kelib turma», demakdur.
Shu oyat tushgandan so‘ngra munofiqlardan kim o‘lsa, unga Rasululloh janoza o‘qimas bo‘ldilar.
Quraysh qabilasi yengilib, Makka shahri fath bo‘lgandan keyinoq Arabiston o‘lkasida Islom dini rivojlana boshlagan edi. Uning ustiga Tavba surasida kelgan Allohning farmoni bo‘yincha bu yildan keyin Islom diniga kirmagan Arabiston mushriklari hajga kela olmaydigan, johiliyat odatlaricha Baytullohni ziyorat qila olmaydigan bo‘ldilar. Bu yorliq butun Arabistonga anglangach, arablar Islomdan boshqa to‘g‘ri din yo‘qligini tushunib, sel oqqandek bo‘lishib, Madinaga kelgani turdilar. Uzoq-yaqin Arabiston o‘lkasida yashaydigan ko‘chmanchi qabilalardan raislari boshliq elchilar kelishga boshladi. Shu bois bu yilni hadis, tarix kitoblarida elchilar yili deb atadilar.

Qayd etilgan


Laylo  30 Oktyabr 2007, 06:50:13

NAJRON ELCHILARI

Hijratning o‘ninchi yili Ashur oyida Najron shahridan oltmish kishi elchi bo‘lib Madinaga keldilar. Bu yerning xalqi ersa, ilgaridan beri nasoro dinida yashagan arablar edi. Qur’oni karimda Buruj surasida qissasi aytilgan, tiriklay o‘tga tashlasalar ham o‘z dinlaridan qaytmagan kishilar shu kelgan elchilarning ilgarigi o‘tgan bobolari edi. Bu elchilar Madinaga kelgach, Rasulullohni so‘rashib masjidga kirdilar. Kiygan kiyimlari butunlay ipakdan bo‘lib, qo‘llariga oltindan uzuk taqishgan edi. O‘sha zamonning qo‘l ishlaridan turli raxtlar, har xil rasm-surat solingan to‘shaklar, kishi ko‘rsa qiziqarlik narsalardan Rasulullohga ko‘pgina hadya keltirgan edilar.
Bu narsalar ilgari ko‘p ko‘rilmaganlikdan xalq ko‘ziga qiziq bo‘lib, undagi suratlarni qayta-qaytadan tomosha qilardilar. Bu elchilarning ziynatlik kiygan kiyimlariga, sovg‘a qilib keltirgan qimmatbaholik mollariga qarashib, qay bir kishilarning ko‘ngli dunyo havasiga moyil bo‘ldi. Hadyalarini Rasululloh qoshlariga keltirgach, suratlik narsalarini o‘zlariga qaytarib, qolganlarini qabul qildilar. Dunyo ziynatlarini ko‘rib qiziqishgan kishilar haqida ushbu oyat nozil bo‘ldi:
«Qul aunnabbiukum bixoyrin min zalikum, lil-lazinat-taqav inda robbihim jannatun tajriy min tahtihal anharu». Ma’nosi: «Aytgil, (ey Muhammad,) mo’minlar uchun u dunyoda tayyorlangan narsalar ersa bular ko‘rib qiziqqan bu dunyoning ziynatlaridan, albatta, yaxshidur. Ichida asal, sharob anhorlari oqib turgan jannatlar mo’minlarnikidur».

Qayd etilgan


Laylo  30 Oktyabr 2007, 06:50:32

 Shu kuni asr namozi o‘qilgandan keyin ularning ham ibodat vaqti kirgach, o‘z odatlaricha kun chiqishga qarashib masjid ichida namozlarini o‘qishmoqchi bo‘ldi. Sahobalar bularni to‘smoqchi edilar, Rasululloh ularni qaytarib, o‘qishga ruxsat qildilar. Namoz o‘qishib bo‘lishgandan so‘ngra o‘ltirib edilar, Islom haqida kelgan Qur’on oyatlaridan Rasululloh o‘qib, ularga iymon arz qildilar ersa, qabul qilishmay:
— Ilgaridan beri biz musulmon erurmiz, — dedilar.
Anda Rasululloh:
— Bu so‘zinglar yolg‘ondur, chunki sizlarda uch ish bordurkim, uni qilgan kishilar musulmon bo‘la olmagaylar: birinchisi, butga topinasiz. Butga topinmoq iymondan chiqmoqdur. Ikkinchisi, to‘ng‘iz eti yeysiz, halol deb to‘ng‘iz yemak kufrdir. Uchinchisi, Iso Xudoning o‘g‘li deydursizlar. Xudo bu ishdan pokdur. Mana shu narsalar sizlarni Islomdan yiroq qilur. Iso Allohning qulidur. Alloh qudrati bilan uni otasiz yaratgandur. «Paydo bo‘l!» degan so‘zini Alloh Maryamga tashlamish, so‘ngra Isoni tug‘mishdur. Alloh qudrati bilan otamiz Odamni yaratgandek Isoni shundoq yaratibdur. Iso otasiz tug‘ilmish ersa, Odam alayhissalomni qudrat qo‘li bilan ota-onasiz yaratmishdur,— dedilar.
Ular bu so‘zni anglagach, ichlaridan birovlari turib:
— Iso Xudoning o‘g‘lidur, — dedi.

Qayd etilgan


Laylo  30 Oktyabr 2007, 06:52:00

 Yana birovi:
— Yo‘q, undog‘ emas, Iso Xudoning o‘zidur, — dedi.
Iso alayhissalom haqida nasorolarning aniq ishongan so‘zlari bo‘lmagach, Rasululloh oldida dovdirashib, bir-birlariga qarama-qarshi so‘zlashganlaridan xijolat bo‘lishdi. Ularning raislari Rasulullohga qarab:
— Nega Isoni so‘kadursan, uni Alloh quli demak, unga haqoratdur, — dedi.
Yana Rasululloh:
— Iso Allohning qulidur. Uni Alloh yaratib, xalq¬qa payg‘ambar qilib yubormishdur, — dedilar.
Bu so‘zga ularning g‘azablari kelib:
— Iso nechun banda bo‘lg‘ay, ul necha o‘liklarni tiriltirdi, shifosi topilmagan pes-moxovlarga dam urib sog‘lantirdi. Onadan tug‘ma tilsiz kasallarga, ko‘zi ochilmagan ko‘rlarga, shollarga shifo berdi. Qora balchiqdan qush suratini yasab, unga dam solib erdi, jon kirib, qo‘lidan uchdi. Bu ishlar ersa, maxluq qo‘lidan kelmagay, balki Xoliqning qudratidur, — dedi.
Mana shu chog‘da Rasulullohga vahiy kelib, ushbu oyat tushdi:
«Laqad kafaral-laziyna qolu innalloha huval Masih ibnu Maryama». Ya’ni, «Maryam o‘g‘li Isoni Alloh degan kishilar, albatta, kofirdurlar».

Qayd etilgan


Laylo  30 Oktyabr 2007, 06:53:52

 So‘ngra Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
— Agar men keltirgan Islom diniga kirmasdan meni yolg‘onchi qilsanglar, kelinglar, hammamiz bir yerga yig‘ilaylik, so‘ngra duoga qo‘l ko‘tarib, kim yolg‘onchi bo‘lsa, uni Alloh la’nat qilsun, deb qarg‘ashaylik. Menga ishonmaganlarga shundog‘ qilgil, deb Alloh meni buyurdi.
Bu so‘zni eshitgach, qo‘rqishib:
— Ey Abul Qosim, bu kuncha bizga ruxsat qilgil, qaytaylik, bu ish to‘g‘risida o‘zaro kengashaylik, so‘ngra kelib javobini berurmiz, — dedilar.
Shu bilan Rasululloh oldilaridan qaytib chiqishib o‘zaro maslahat qilganlarida, ulardan birovi dedi:
— Xudo haqqi, bilamiz bu kishi Iso xabar bergan oxirzamon payg‘ambaridur. Buning payg‘ambarligini o‘z ko‘nglimizda bilib turamiz. Qaysi bir kishi pay¬g‘ambar bilan la’natlanur bo‘lsa, o‘zi halok bo‘lib, uning nasli yer ustidan yo‘qolur. Endigi maslahat shulki, ul aytgan dinga kirmasak ham, u bilan kelishib tin¬ch-o¬¬mon o‘z elimizga qaytaylik, — deyishib shu so‘zga to‘xtashdilar.
Ertalab Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kelishlarida Hazrati Ali, Fotima, imom Hasan, imom Husaynlarni birga keltirdilar. Nasorolar Rasulullohning avlodlari bilan birga kelganlarini ko‘rib hayron qolishdi.

Qayd etilgan


Laylo  30 Oktyabr 2007, 06:54:39

 Anda raislari:
— Mundog‘ nur yuzlik kishilar Xudodan nima narsa so‘rasalar, qabul qilur. Alarni quruq qaytarmag‘ay. Agar shu tog‘ni o‘rnidan qo‘zg‘alsin deb duo qilsalar, darhol qo‘zg‘alur. Agar bular bilan la’natlanur bo‘lsak, nasoro naslidan yer ustida hech kishi qolmagay, — dedi.
So‘zlari nohaqligidan qo‘rqishib, bu ishga jur’at qilisha olmadilar. Har yili ikki ming uqiya kumush berib turishga o‘zlari rozi bo‘lishib, sulh qildilar. Chunki Qur’onda agar kofirlar sen bilan kelishishni so‘rasalar uni qabul qil, degan mazmunda oyat bor edi.
Bu soliqning yarmini har yili Safar oyida, qolgan yarmini Rajab oyida to‘lab tugatmoq shart qilindi. Ish bitgandan so‘ngra bular o‘z yurtiga qaytmoqchi bo‘ldilar. To‘lov molni topshirish uchun bir amin (ishonimli) odamni qo‘shib berishni Rasulullohdan so‘radilar. Mana bu kishi esa Islom ummati ichida amini erur deb, Abu Ubayda ibn Jarrohni ularga qo‘shdilar. Shu kundan boshlab Abu Ubayda «Aminul umma» laqabini oldi. Arablar «amin» deb to‘g‘ri so‘zli, ishonch¬li kishini ayturlar. Rasululloh laqablari, Jabroil alayhissalom laqablari ham Al-amin erur. Ular ketgandan keyin Rasululloh aytdilar:
— Ul ulug‘ qudratli Alloh haqida qasam qilurmanki, ahli Najron ustiga osmondan azob tushib, tayyor bo‘lib turdi. Agar men bilan la’natlashib, kim yolg‘onchi bo‘lsa, Allohning la’natiga qolsin deyishsalar edi, o‘sha onda Xudoning la’nati ularga tushib, hammalari maymun, to‘ng‘iz suratiga kirib qolishur edi. Yana osmondan azob o‘ti tushib, Najron shahrini butun xalqi bilan kuydirur edi. Yil o‘tmay turib, yer ustida nasoro kofirlaridan bir kishi ham qolmas erdi.

Qayd etilgan