Alixonto'ra Sog'uniy. Tarixi Muhammadiyya  ( 379035 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 ... 74 B


Doniyor  20 Iyul 2006, 07:17:29

Assalamu alaykum!
Ushbu mavzuda turkistonlik mashhur olim, vatanparvar, millatparvar bobomiz Alixonto'ra Sog'uniyning "TARIXI MUHAMMADIYA" risolalarini kiritishni ma'qul ko'rdik.

Zero payg'ambarimiz Muhammad SAVning hayot tarzlari barchamiz uchun ibrat maktabidir.

Birgalikda mutolaa qilib, Muhammad SAV tarixlarini o'rganib boramiz.

MUNDARIJA

Qayd etilgan


Doniyor  20 Iyul 2006, 07:18:46

BUYUK USTOZ HAQIDA SO‘Z

«Tarixi Muhammadiy» muallifi Alixonto‘ra Sog‘uniyni asrimizning ko‘plab ulamoi fozillari o‘zlarining buyuk ustozlari deb biladilar. Zero, ul zoti bobarakotning serfayz va ta’sirchan suhbatlaridan bir lahza bahramand bo‘lgan har bir tolibi sodiq yillar davomida o‘zga ustozlardan olgan saboqlari yoki yuzlab mutolaa qilgan kitoblardan olgan ma’lumotlaridan ham ziyodroq istifoda etar edi, desam mubolag‘a bo‘lmas. Kamina esa bir lahza emas, Tangriga behad shukrlar aytamankim, ul ustozi kullning darsgo‘ylik davralarida va fayzli suhbatlarida ko‘p bo‘lganman va ko‘pdan-ko‘p ilmiy ishtibohlarimni so‘rab o‘ta qoniqarli javoblar olganman.
Hamon esimda, 1971 yili Marg‘ilon shahriga borganlarida bir ilmiy suhbatda hozirlarning ko‘pchiligi tolibi ilmlar ekanini nazarda tutib, ahli majlisga Qur’oni karimdan Val-asr surasini tafsir qilib bergan edilar. Sura eng qisqa suralardan bo‘lib, atigi uch oyat — ikki satr bo‘lishiga qaramay ustoz roppa-rosa ikki soat tahlil etib, oyatlarning har bir kalima, hatto harfi zimnidagi hikmati va nuqtalarini shunchalik hakimona sharxlar edilarki, diqqat bilan some’ bo‘lib turgan ulamo va toliblar boshlariga qush qo‘ngandek sukut saqlagan holda vujudlari quloq bo‘lib, har bir so‘zlarini uqib olishga va mag‘zini chaqishga harakat qilar edilar.
Darhaqiqat, ustoz ilmu hikmatning bir-ikki sohasida emas, balki ilmi qiroat, tafsir, hadis, fiqh, nahv, balog‘at, mantiq, tib, tarix, siyrat, jug‘rofiya, nazmu nasr va boshqa fanlar bo‘yicha ham yetuk mutaxassis edilar.
Endi ushbu siyrati nabaviyya faniga mansub «Tarixi Muhammadiy» asari xususida ham biroz to‘xtalib o‘tishga to‘g‘ri keladi.
Islom tarixi va janob payg‘ambarimiz Muhammad alayhis-salotu vas-salomning hayotlari va faoliyatlari to‘g‘risida hozirgacha arab, fors, turk va boshqa sharq va g‘arb tillarida juda ko‘plab asarlar yozilgan. Lekin Alixonto‘ra Sog‘uniyning ushbu asari ularning xulosasi bo‘lishi bilan birga, ma’lumotlarining ishonchli manbalardan olinganligi, har bir tarixiy voqea bayonidan keyin muallifning unga nisbatan o‘z fikr-mulohazalarini ibratli ravishda izhor etganlari va asarga imkoni boricha badiiylik kiritib har qanday kitobxonni o‘ziga rom etishi bilan alohida ahamiyat kasb etadi.
Mening fikrimcha, asarni bir marta o‘qib chiqishning o‘zi kifoya qilmaydi, balki shu muhim manbaga tez-tez murojaat qilib turish kerak. Tabiiyki, har safar yangi-yangi tushunchalar kashf etilib, kitobxonda o‘zgacha taassurotlar hosil bo‘ladi. Bu faqat kaminaning fikri emas. Asarni mutolaa qilib chiqqan ko‘pdan-ko‘p do‘stlarimiz ham ushbu gapni takrorlab turadilar. Ayniqsa, imom-xatiblar, ulamoi kiromlar va tolibi ilmlarning har birlarida ushbu noyob asardan bo‘lishini tavsiya etardim. Zero, hozirgi kunimizda Islom tarixi bo‘yicha o‘z ona tilimizda batafsil yozilgan bundan o‘zga asar yo‘q. Bundan tashqari bu fanga doir har qanday kitob uning o‘rnini bosa olmaydi. Xullas, «Tarixiy Muhammadiy» kitobini har qancha ta’rif va tavsif qilinsa, kamlik qiladi. Yaxshisi, asarning o‘zini qunt bilan mutolaa qilib, uning serqirrali ma’lumotlaridan, fayzu futuhli mazmunlaridan bahramand bo‘lgan kitobxongina bunday ta’riflarda mubolag‘a yo‘q ekaniga to‘la ishonch hosil qiladi.
Hadisi sharifda vorid bo‘lganki, ba’zi bir qilingan xayrli ishlarning savobi insonning vafotidan keyin ham to ro‘zi qiyomatgacha uning nomai a’moliga bitib turilar ekan. Ustozimizning ushbu asari xuddi shunday solih amallardandir. Binobarin, uni o‘qib, foydalanuvchi barcha kitobxonlar nomidan ul zoti sharifning haqlariga duoi xayrlar qilib qolamiz.

Abdulaziz MANSUR

Qayd etilgan


Doniyor  20 Iyul 2006, 07:19:16

Bismillahir rohmanir rohiym

Allohga beadad hamdu sanolar bo‘lsinki, qo‘lingizda «Tarixi Muhammadiy»ning to‘liq kitobi turibdi.
Asar muallifi Alixonto‘ra Sog‘uniy Shokirxo‘ja eshon o‘g‘li, Muhammadxo‘ja o‘g‘li, Mirniyoz o‘g‘li erurlar.
Buyuk insonlar haqida yozish hamisha sharafli, mas’uliyatli va shu bilan bir vaqtda o‘ta murakkab vazifadir. Bobomiz 1885 yil 21 martda sobiq Turkiston o‘lkasining To‘qmoq shahrida o‘zbek oilasida tug‘ilganlar. Naqshbandiy sulukiga mansub ulamolardan bo‘lmish katta bobomiz Shokirxo‘ja eshon boshqalardan uquvchanligi, tirishqoqligi va zehn-zakovati bilan ajralib turadigan ikkinchi o‘g‘li Alixonto‘rani katta o‘g‘li Olimxonto‘ra bilan birga uzoq Arabistonga o‘qishga yuboradilar.
Talabalik yillaridayoq olamdagi ijtimoiy voqelikni, siyosatni tub mohiyati bilan anglay boshlaydilar. Ilmga chanqoq bu talabaning yoshlikdan amal qilib yurgan shiori «Al-ilmu fis-sig‘ari kan-naqshi alal-hajari», ya’ni «Yoshlikda egallangan bilim — toshga o‘yilgan naqsh» edi.
O‘z g‘ayrat-intilishlari bilan pirovardida bobomiz o‘z zamonasining zabardast olimi, buyuk allomasi bo‘lib yetishdilar. Lekin taqdiri azal hamma zamonlarning ulug‘ sardorlariga qilgan «marhamatini» bobomizdan ham darig‘ tutmadi. Sovetlar iskanjasida yashayotgan musulmonlarning ozodligi haqida faol tashabbuslari sabab ta’qib qilina boshlagach, 30-yillarda u kishi oilasi bilan Xitoyga o‘tib ketadilar. Sababki, eng g‘ayriinsoniy mafkura asosida qurilgan chirkin sovet tuzumining tub mohiyatini hammadan oldinroq anglaganlar. Tafakkur va ma’rifat dushmanlari Xitoyga ham allaqachon yetib borishgandi. Natijada ular 1937 yil bobomizni umrbod qamoq jazosiga mahkum qiladilar. Allohning marhamati bilan, 1941 yil bu jazodan ozod bo‘lib, maxfiy «Ozodlik jamiyati»ga rahbarlik qiladilar. Shunday qilib, butun Shin-Jon o‘lkasida juda katta ozodlik harakati boshlanadi. 1944 yilgi qurolli qo‘zg‘olon natijasida «Ozod Sharqiy Turkiston» respublikasi barpo etiladi. Chankayshi va gomindanchilarning deyarli yuz ming kishilik armiyasiga qarshi ketma-ket olib borilgan shiddatli janglarda ular tor-mor etiladi. Milliy Armiyaning Bosh qo‘mondoni Alixonto‘raga Marshal unvoni beriladi va u kishi Sharqiy Turkiston jumhuriyatining birinchi prezidenti etib saylanadi.
Shunday qilib, bizning O‘zbekistonga deyarli uch barobar keladigan ulkan hududda yana bir islom davlati vujudga keladi. Bu esa dahriylik asosida qurilgan sovet davlati rahbariyatini qattiq tashvishga soladi. Oqibatda qonxo‘r Stalinning buyrug‘i bilan, jinoyatchilar bobomizni muzokaraga taklif qilish bahonasi bilan o‘g‘irlab ketishadi. O‘ttiz ming fidoiy yigitlardan tuzilgan muntazam armiya hamda milyonlab vatanparvar musulmonlar esa mung‘ayib qolaverishgan. Toshkentda bobomiz bir necha yil uy mahbusi bo‘lib o‘tirganlar.
Shunday nohaqliklar oqibatida faol siyosatdan voz kechishga majbur etilgan, qalbi qayg‘u-hasrat, dardu alamga to‘lgan, ammo o‘z e’tiqodi, o‘z mafkurasidan zarracha chekinmagan jafokash inson ilmu fan tadqiqotlariga sho‘ng‘ib ketadilar.
Bobomizning bunday og‘ir kunlarni boshlaridan kechirishlari janobi Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomning bir hadisi shariflarida kelgan mazmunni beixtiyor eslatadi, Ul zot aytgan ekanlar: «Baloyu ofat, g‘urbat va musibatlarning eng qattig‘i bu dunyoda payg‘ambarlarga, so‘ng ularning xayrli ishlarini davom ettiruvchi ulamolarga, so‘ng shularga o‘xshash solih kishilar boshiga kelishi muqarrardir».
Bu hadisi sharif ruhini tanlariga singdirib olgan bobomiz qanchalik ko‘p zulmu sitam tortsalar ham taqdir egasi ustidan hargiz shikoyat qilmas, balki shukr va mamnunlik bajo keltirar edilar.
Alixonto‘raning Toshkentda o‘tgan so‘ngi o‘ttiz yillik umri ijodiy jihatdan juda sermahsul bo‘lgan. Jumladan, Xerman Vamberining «Buxoro yoki Movarounnahr tarixi» kitobini, Ahmad Donishning «Navodirul Vaqoye» asarini hamda Darvish Ali Changiyning «Musiqa» risolasini fors tilidan tarjima qildilar. Ayniqsa, «Temur tuzuklari» shoh asarini eski forsiydan tarjima qilib, «Guliston» jurnalida nashr qilganlarida (1967 yil) chinakam inqilob bo‘lgan edi. O‘shanda «qonxo‘r Temur»ni ulug‘lashga qanday haddi sig‘di, deb bobomizga butun «katta rahbar»lar hujum qilgan, jurnalning bosh muharriri va Markazqo‘mdagi qator mas’ullar ishdan olingandi. Vaholanki, bobomiz Amir Temurni o‘zbek xalqiga tiriltirib berib ketgan edilar. Yaratganga shukrki, mana bizning kunlarga kelib Toshkentning markazida Sohibqiron Amir Temurga haykal o‘rnatildi.
Bobomizning eng ulug‘ zoti oliylargagina xos sifatlaridan biri — mansabga intilish va shuhratparastlikdan yiroq bo‘lganlaridir. Bir necha yil burun «Temur tuzuklari»ni kitob shaklida chop etdilar. Asarni bizning hozirgi tilimizga muvofiqlashtirib, bobomizning yoniga yana bir kishining ismi-sharifini qo‘shib, Alixonto‘raning tarjimasi sifatsiz va xatosi ko‘p edi, asar deyarli qaytadan tarjima bo‘ldi, deb bir professor olim tanqid qilib, so‘zboshi yozibdi. Bobomizga bag‘ishlangan katta anjumanda shogirdlaridan biri o‘sha tanqidchi olimga qarata shunday degandi: «Ustozning shuhrat otiga mingashibsiz, lekin u kishini tanqid qilishga sizga kim huquq berdi. Axir buyuklar nuqsonini qidirish uchun hech bo‘lmaganda ular darajasiga yaqinroq bo‘lish kerak emasmi?» O‘shanda katta zal bu gapdan larzaga kelgandi.
«Har bir davlat rahbari, podshosi agar «Temur tuzuklari»dan mukammal xabardor bo‘lsa va unga amal qilsa, u eng odil, eng qudratli va yengilmas davlat podshosi bo‘lishi muqarrar», degan edilar bobom.
Bobomiz kuchli tabib ham edilar, hatto saraton kasalining muolajasini bilganlar.
Sovet tibbiyotida uzoq vaqt tan olinmagan seksopatologiya fanining bilimdoni ham Alixonto‘ra Sog‘uniy edilar.
Bobomiz qalamiga mansub «Shifo-ul ilal», ya’ni «Illatlar shifosi» asari ham mavjud. Unda ikki yuzga yaqin kasalliklar bayoni, tashxisi va davolash usullari berilgan.
Etuk siyosiy arbob va haqiqiy vatanparvar bo‘lgan Alixonto‘ra Sog‘uniy «Turkiston qayg‘usi» degan katta asarning muallifidirlar. Bu asarda bizning xal¬qimiz qanday qilib bosqinchilarga qul bo‘lib qolgani va qanday qilib dinni, Vatanni, millatni asrash kerakligi chuqur siyosiy-ijtimoiy mantiq asosida mukammal bayon etiladi.
«Tarixi Muhammadiy»ning yozilishi qanchalik kuch-g‘ayrat, mashaqqatli mehnat va bilim-zakovat talab etgan bo‘lsa, uni qabih kommunistik tuzum ta’qibidan asrash undan ham qiyinroq bo‘lgan. Bobom deyarli yigirma yil mobaynida juda og‘ir ahvolda, dindorlar quvg‘inda bo‘lgan yillari yozgan bu bebaho asarni avaylab zamoni saodatga, kelajak avlodga yetkazib berish uchun ko‘p yillab uni yer ostida, hatto un qoplarida ham saqlaganlar.
O‘zbekistonimiz istiqlolga erishgan bu dorulomon kunlarda adolat qaror topib, haqiqat ochiq aytilmoqdakim, yirik islomiy-falsafiy olimlarning yakdillik bilan e’tirof etishlaricha, «Tarixi Muhammadiy» XX asrning eng insonparvar, betakror, buyuk asarlaridan biri hisoblanadi. Kitobni oqqa ko‘chirish, xattotlik esa yoshligidanoq eng oliy maqsadi Otaga xizmat qilish bo‘lgan, bobomning suyukli farzandlari — mening padari buzrugvorim bo‘lmish Muhammadyorxonto‘ra zimmalarida edi. Biz yosh bola edik, dadamlar nihoyatda go‘zal arabcha husni xatlari bilan tunu kun yozardilar.
«Turkiston qayg‘usi»da bobomning shunday so‘zlari bor: «mag‘lubiyatga uchrab, dushmanlaridan yengilgan millatlar doimo qayg‘u-hasratda qolib, xoru zorlik birla yashamoqqa majburdirlar. Har kimsaga ma’lumdurki, hayot olamida insonning eng sevgan, qadrlik, qimmatlik to‘rt narsasi bordur. Bu to‘rt narsaga ega bo‘lmagan kishilar insonlik sharafidan mahrum bo‘lurlar.
Alarning eng birinchisi shuldurki, har odam o‘z erk va ixtiyoriga ega bo‘lmog‘i kerakdur. O‘zida erki, qo‘lida ixtiyori yo‘q odamlarning hayvondan nima farqlari bor.
Ikkinchisi shulki, shar’iy yoki qonuniy kasblar or¬qali topgan molu dunyosi, qilgan mehnatining mevasi shul topguvchining o‘z haqqi bo‘lib, aning xos mulkidur.
Uchinchisi, har bir millatning haqiqiy onasi, u millatning tug‘ilib o‘sgan, ota-bobosidan meros qolgan Vatanidir. Ona Vatanni boshqalar tasarrufiga qoldirmoq — Vatan avlodlarining kechirilmas og‘ir jinoyatlaridur, balki inson huquqlariga qilgan xiyonatidur.
To‘rtinchisi, har bir mamlakat xalqining asrlar bo‘yi asralib kelayotgan muqaddas dinlaridur.
Endi yuqorida yozilmish bu to‘rt narsaga ega bo‘lmoq uchun har millatning butun huquqlari shu millatning o‘z qo‘lida bo‘lishi shartdur».
Bobomiz tub ma’nodagi olim bo‘lib, tibbiyot, falsafa, geologiya, tarix, matematika fanlarining yetuk olimlari — professor, akademiklariga ustozlik qilganlar. Shunday ekan, nima uchun matbuotda u kishining nomi eshitilmas edi, degan savol tug‘ilishi tabiiy.
Avvalo, sovet hukumati Alixonto‘raning nomini matbuotda tilga olishdan qo‘rqqan. Ikkinchidan, yaxshisi bir misol keltiray: «Sodiqov degan ToshMIning bir professori bobomizga qadimgi bir qo‘lyozma ko‘tarib keladi. Uni o‘qishga hali hech kimning tishi o‘tmagan ekan. Bobomiz salkam uch yuz yil ilgari forsiyda yozilgan bu qo‘lyozma tibbiy asar ekanini aytib, uni darhol arabchaga va turkiyga o‘giradilar va u kishiga qaytib beradilar. Professor darhol taqriz yozib, asarning u yer-bu yerini «tuzatgan» kishi bo‘lib, o‘zining nomidan bosib chiqaradi. Voqeadan xabardor bir shogirdlari bobomizning oldilariga kelib: «Anavi professor qo‘lyozmani kattagina broshyura qilib, faqat o‘z nomidan chiqaribdi, Sizning nomingizni hatto tilga ham olmabdi», deganida bobomiz xursand bo‘lib: «Ha, barakalla, kitob qilibdimi, a? Necha ming dona kitob qilib bosibdi? Xalq o‘qiydigan bo‘libdi-da, baraka topsin!» degan edilar.
Bobomiz biz farzandlari uchun bir vaqtda ustoz ham bo‘lganlar, mening o‘zim uchun esa tub ma’nodagi haqiqiy inson timsoli edilar. «Bolaligimdan bir odatim bor, agarda ikkita choponim bo‘lsa, uning yangisini birovga bergim kelaveradi», derdilar. Shu gaplari hech yodimdan chiqmaydi.
Bir vaqtlar «saxovatli» sovet hukumati bergan katta hovlining bir qismini olib qolib, qolganini umrbod tayinlangan 500 so‘m nafaqasi bilan qo‘shib, bolalar bog‘chasiga berib yuborgan edilar.
Endi u kishining sifatlarini sanayversak, alohida kitob bo‘ladi. Alixonto‘ra valiylik darajasiga yetishgan ulug‘ zot edilarki, uni ham qator ibratli voqealarda kuzatishgan.
G‘aribroq bir kishi to‘y qilmoqchi edim, deb qarzga ikki ming so‘m pul so‘rab keldi. Men o‘shanda bobomning yonlarida qaysidir bir dorini tayyorlashda yordam berayotgan edim. «Ma’qul, dedilar, biroz shoshmang, manavi dori tayyor bo‘lsin, bolalaringiz bilan ichib yurasiz, yurak va osh¬qozonga quvvat bo‘ladi». Shu paytda tujjor ixlosmand shogirdlaridan biri bobomiz ziyoratlariga kelib qoldi. Xol-ahvol so‘rashib, bir piyola choy ichgach, uzr so‘rab ketishga otlandi va: «sizga atagandim, taqsir», deb qog‘ozga o‘ralgan pul berdi-yu, xayr¬lashib ortiga qaytdi.
U ketgach, bobom menga shu pulni sanatdilar. Pul roppa-rosa 2000 so‘m ekan. «Mana pulingiz, Xudo sizning nasibangizni ham yetkazdi, bu pul qarz emas, sizga hadya», dedilar.
O‘tirganlar bu karomat ishdan hangu mang bo‘lib qolishdi. Boyagi odam esa yig‘lay-yig‘lay, duo qila-qila xayrlashdi.
Bobom: «Millatimiz ravnaqi uchun aql-zakovat, albatta, kerak, shu bilan birga u, shijoatu matonat, jismoniy barkamolliksiz yetarli bo‘lmas», derdilar. Ular sportni sevardilar. Yoshliklarida kurashib kuraklari yerga tegmagan ekan. Sportchi bo‘lishimga ham bobomiz sababchilar. Mening GULAG qamoqxonalarida, Sibir o‘rmonlarida va Qozog‘iston cho‘llarida kechirgan deyarli o‘n yil davom etgan mashaqqatli hayotim davrida avvalo, Allohning madadi hamda bobomning ruhlari va bergan ta’limlari hamisha rahnamo bo‘lgan, Alloh ul zotdan rozi bo‘lsin!
Bobomiz tengi yo‘q notiq ham edilar. So‘zlaganlarida nuroniy yuzlaridan mudom nur taralib turar, birorta ham keraksiz so‘z ishlatmasdilar. So‘zlashdan oldin biroz sukutga ketardilar, so‘ng ohista so‘z boshlab, o‘qdek chaqnab chiqib, qalblarga malhamdek o‘rnashadigan so‘zlari-yu, qamrovi olam-jahon fikrlari bilan barchani o‘zlariga maftun etardilar.
Alixonto‘ra Sog‘uniy ana shunday, Ozodlik, Vatan va millat farzandi edilarkim, o‘zlari bashorat qilib o‘ttiz yillar burun aytgan gaplari hozirgi kunda amalga oshayotir. Ozodlikka erishgan O‘zbekistonimizni va boshqa ozod Turkiston xalqlarini ko‘rib quvongan bo‘lur edilar.
«O‘zbek eli, ayniqsa, Toshkent ahli qut-barakot kindigida yashaydi, bu yerlarga aziz-avliyolarning duosi ketgan, bunda hech qachon ocharchilik, qahatchilik bo‘lgan emas, bo‘lmaydi ham, inshoolloh», degandilar bobomiz.
Aziz birodarlar, ushbu kitob Alixonto‘ra Sog‘uniy hazratlari tavallud topganlarining 120 yilligi oldidan u zot avlodlaridan sizning xonadon ahllaringizga munosib tuhfa bo‘lar degan umiddamiz.

Bahmanyor SHOKIR

Qayd etilgan


Doniyor  20 Iyul 2006, 07:19:28

SO‘ZBOSHI

Bilmak kerakkim, har bir musulmon bolasi, xohi er kishi, xohi xotun kishi, xohi yosh, xohi qari, mana shu tubandagi to‘rt narsaning tarixini bilishi albatta lozimdur.
I. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom tarixlari.
II. Qur’oni karim tarixi.
III. Dini Islom tarixi.
IV. Ka’batulloh tarixi.
Shuning uchun, men faqir — Alixonto‘ra Shokirxonto‘ra o‘g‘li Sog‘uniydurmankim, bizlardin keyingi avlod nasllarimizga va ham boshqa turkiy tillik vatandosh, din qarindoshlarimizga mendan yodgor bo‘lsin deb yuqoridagi to‘rt narsa tarixini har qandoq kishi tushungudek qilib, ochiq turkiy tilida yozdim. Bu kitobga «Tarixi Muhammadiy» deb ot qo‘ydim. Buni o‘qiguvchilar faqirni duolarida yod qilib qo‘yishlarini umid qilurman.

Qayd etilgan


Doniyor  20 Iyul 2006, 07:20:45

PAYG‘AMBARIMIZNING NASABLARI VA TUG‘ILISHLARI

Bilmak kerakkim, ummatman degan har bir odam, Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomni o‘z ota-onasini tanigandek bilishi lozimdur. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o‘zlari arab naslidin, Quraysh qabilasi, Bani Hoshim urug‘idin bo‘lib, nomi shariflari Muhammaddir, sollallohu alayhi vasallam.
Tug‘ilgan joylari Arabistonda Makka shahridur. Otalari Abdulloh, Abdullohning otasi Abdulmuttalib, uning otasi Hoshim, uning otasi Abdumanofdur. Ushbu to‘rt otalarini bilishlik har bir musulmonga lozimdur. 11-otalari Quraysh, 21-otalari Adnondur.
Payg‘ambarimizning yuqorigi otalari Ibrohim Xalilullohdur. Onalarining otlari Ominadur. Payg‘ambarimiz ota-onadin yolg‘iz tug‘ilgan, to‘ng‘ich o‘g‘ildur. Chunki payg‘ambarimiz ona qornida ikki oylik bo‘lgan chog‘larida otalari Abdulloh Shom safariga ketayotib, Madina shahrida vafot topdilar, yoshlari o‘ttizga yetmagan edi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hazrati Iso alayhissalomdin 571 yil keyin tug‘ildilar. U zamonda Eron mamlakatida mashhur No‘shiravon Odil podshoh edi. Odil podshoh zamonida tug‘ildim, degan so‘zlari marviydur. Rabbiul-avval oyining 12-si dushanba kechasi, sahar vaqtida dunyoga keldilar. Ona qornida yotishlari, onadin tug‘ilishlari boshqa bolalardek bo‘lmadi. Chunki onalari Omina og‘ir bo‘y xotunlardek qursoq og‘irligini sezmadi, yuklik xotunlarga bo‘ladurgan badan og‘irchiliklarining hech birini bilmadi.
Ona qornida 6 oylik bo‘lganlarida «Xudoning do‘sti, oxirzamon Payg‘ambariga yuklik bo‘lding, — deb Ominaga tushlarida bashorat bo‘ldi. — Bu muborak o‘g‘il tug‘ilgan so‘ngida oti Muhammad bo‘lsin», deyildi.
Tug‘ilish oy-kunlari tamom bo‘lganda Allohning qudrati bilan hazrati Maryam, Fir’avnning xotuni hazrati Osiyo va boshqa bir necha hur qizlar bilan doyalikka hozir bo‘ldilar. Bola tuqqan xotunlardek odatdagi to‘lg‘oq tortish, qursoq og‘rig‘i, qon kelishiga o‘xshash narsalardin hech biri bo‘lmadi. Payg‘ambarimiz tug‘ilganlarida poklik, tozalik bilan vujudga keldilar. Shundoqki, sunnat qilingan edilar. Kindiklari kesilgan, badanlari yog‘langan, xush islik narsalar surtilgan holda tug‘ildilar.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam dunyoga kelgan kechasida ul zotning sharaf va hurmatlari uchun Xudoi taolo ko‘p mo’jizalar ko‘rsatdi. Ul zamonda olam hammasi kofiriston edi, o‘tgan payg‘ambarlarning ko‘rsatgan haq dinlaridin odamlar adashgan edilar. Arab mushriklari tarafidin Baytullohga 360 dona but osilgan edi. Arablarning har bir urug‘i o‘zlariga atab, Baytullohga bir donadan but osib qo‘yishni odat qilgan edilar. Mana shu butlar Payg‘ambarimiz tug‘ilgan kechada hammalari yuztuban yiqilib, yerga tushdi. Ertalab kelgan kofirlar bu holni ko‘rib, hayron qoldilar. Va ham ona qornidan yerga tushgan chog‘larida bir nur paydo bo‘ldi, uning yorug‘lig‘idan Shom viloyatidagi Busro degan shaharning saroylari ko‘rindi. Makka shahri bilan buning oralig‘i 50 kunlik yo‘l edi. Hozirgi Eron xalqi u zamonlarda hammalari otashparast kofir edilar. Tutgan dinlari esa majusiylar dini — o‘tparastlik edi. Bularning otashkada, ya’ni ibodatxonalaridagi ming yillab, uzun zamonlardin beri o‘chmay, yonib turg‘on hisobsiz o‘tlari Pay¬g‘ambarimiz ona qornidan tushgan chog‘larida o‘chib qoldi. Yana ul mamlakatda Sova degan bir ko‘l bor edi, shul kechada yerga singib ketib Samova degan cho‘ldan qaynab chiqdi. Ul cho‘l suvga mo‘l bo‘ldi, ko‘lga aylandi. Mana shunga o‘xshash u kechada bir necha turli mo’jizalar paydo bo‘ldikim, agar ularning hammasi bu o‘rinda yozilsa, bir kitob bo‘lur. Endi bu joyda aytganlarimiz daryodan bir cho‘mich, xirmondan bir hovuch misoli bo‘lsa ham qolganlarga ishorat, mo‘minlarga bashoratdur.
Payg‘ambarimiz tug‘ilganlarini anglagach, bobolari Abdulmuttalib hammadin ortiqroq suyundi. Yoshligida o‘lib ketgan bolasi Abdullohdin yodgor qolgan yolg‘iz o‘g‘lim Muhammad, deb ko‘p suyar edi.

Qayd etilgan


Doniyor  20 Iyul 2006, 07:21:04

EMIZDIRILISHLARI

U zamondagi shaharlik arablarning odatlari yangi tug‘ilgan bolalarini sahrolik badaviy qabilalariga emizishga berur edilar. Atrofdagi badaviylarga har yili kuzda, ko‘klamda emizishga bola olish uchun Makka shahriga kelish odat edi. Shuning uchun Bani-Sa’d urug‘idin Halima degan xotun o‘z qabilasidin chiqqan xotunlarga qo‘shilib, o‘zi bir oriq eshak minib, eri bir oriq tuya mingan holda chiqishgan edilar. Bularning mingan ulovlari holsizlikdan yaxshi yurolmay hammaning ortida qolishdi. Ular shaharga kelgunlaricha ilgari kelgan xotunlar ota-onalik boy bolalarni tanlab olishib ketgan edilar.
Payg‘ambarimiz bir faqir oilaning yetim bolasi bo‘lganligidan uni emizishga hech bir xotun ortiqcha qiziqmas edi. Hammaning keyinida qolgan Halima ham shaharga kirdi. Emizishga bola so‘roqlab yurganida Payg‘ambarimizning bobolari Abdulmuttalib ko‘rib qolib, bizning bir yetim bolamiz bor edi, deb kelinlari Omina uyiga boshlab keldi. Hazrati Omina Halimani ko‘rib, aytdikim:
— Bizni kambag‘al, bolamni yetim demasanglar, emizishga berayin, — deb oq jun yo‘rgakka o‘ralgan Payg‘ambarimizni Halimaga ko‘rsatdi.
Halimaning ko‘zi tushishi bilan mehri qo‘zg‘alib, so‘l emchaklarini og‘izlariga solgan edi, og‘izlarini yumib, emmay qo‘ydilar. Ikkinchi o‘ng emchaklarini solganda, darhol ema boshladilar. Mana shu kundin tortib, to sutdan chiqqunchalik, so‘l emchakni emakdosh bolaga qoldirib, o‘zlari o‘ng emchakni emishni odat qildilar.
Halima xotun bu muborak o‘g‘ilni olishi bilan ularning uylari xayru barakaga to‘ldi. Nima ish qilsalar rivoj topib, tirikchiliklari tuzaldi. Suti ozligidan yolg‘iz o‘g‘il to‘ymasdan oriqlagan edi, qachonki Payg‘ambarimizni emgizdi ersa, suti buloqdek bo‘lib oqa boshladi.
Makkaga kelishda hammadin ortda qolgan, mingan eshagi, Payg‘ambarimizni o‘ngarib qaytar chog‘ida hammaning oldiga tushib yurdi. Bu qutlik hayvonda bir turlik quvonchlik hol paydo bo‘lib, ortiqcha kuch-quvvatga ega bo‘ldi. Bu sirni ko‘rgan yo‘ldosh xotunlar hayron qoldilar. Va ham shu yillar yomg‘ir yetarlik yog‘may Arabistonda quruqchilik edi. Yerdan o‘t unmagan sabablik, hayvonlari oriq bo‘lib, alarning sutlari so‘g‘olg‘on (to‘xtagan) edi. Tirikchiliklari chorva sut-qatig‘iga suyangan ko‘chmanchi arablar turmush to‘g‘risidin anchagina og‘irchiliklar kechirmoqda edilar.
Payg‘ambarimiz Halima xotun oilasiga qo‘shilgandin so‘ngra uning turmushi favqulodda tuzala boshladi, shundoqki, oriqlikdan ko‘taram holga erishgan qo‘y-echkilari xiyol o‘tmay semirishga turdilar. Hech yerda chiqqan o‘t, yegan cho‘plari ko‘rinmasdin, yelinlari to‘lib, sutlari oqib kelar edi. Halimaning butun oilasi ovqatga mo‘l bo‘lib, uy ichlari sut-qatiqqa to‘ldi.
Bu sirning tagiga tushunmagan boshqa moldor qo‘shni arablar Halima qo‘ychisi qaysi yerda mol boqsa, sizlar ham shu joyda boqinglar, deb o‘z molchilariga bek topshirur edilar. Ulug‘ qudrat tomonidan bo‘lgan bu karomat sirlarini u bechoralar qaydin bilsinlar. Shundoq qilib, Halima xotun Payg‘ambarimizni to‘liq ikki yoshga yetguncha emguzdi. Shu yoshdayoq boshqa bolalardin unub-o‘sishda ko‘p farqlari bor edi. Emdi odat bo‘yuncha sutdin chiqar vaqti yovuqlashdi. Halima va uning butun oilasi Payg‘ambarimizdin biror nafas ham ajrashga tob-toqatlari yo‘q edi. Shundoq bo‘lsa ham rasmu odatga qarab bolani sutdan chiqargani so‘ngida Ominaga kelturdi. Bu muborak bolaga mehri tushub ajrashga toqati yo‘qligini bildirib yig‘ladi. Bu qutluq oyog‘ o‘g‘il borg‘ondin buyon bo‘lgan barakalarni bayon qilib, mumkin bo‘lsa besh-o‘n yosh bo‘lguncha tarbiyat qilishni so‘radi. Omina Halimaga rahmi kelib, Payg‘ambarimizni unga qaytarib berdi. Bundan so‘ngra Halimaning qo‘lida yana ikki yil turub yoshlari to‘rtga to‘ldi.

Qayd etilgan


Doniyor  20 Iyul 2006, 07:30:13

KO‘KSI YORILISH VOQEASI

Mana shu yilda «Shaqqi Sadr» voqeasi bo‘ldi. Ya’ni, farishtalar kelib, muborak ko‘kraklarini yordilar. Bu qissa bayoni shundoq erdikim: badaviy arab bolalari odatlaricha Payg‘ambarimiz ham to‘rt yashar chog‘larida emakdosh bola bilan birga qo‘y, echki, qo‘zilarni boqib yurishar edi. Bir kuni emakdosh o‘g‘il yugurgan holda yig‘lab kelib xabar berdikim:
— Ukam Muhammadni oq kiyim kiygan ikki odam kelib ushlab oldi va uni yerga yotqizib, ko‘ksini yorib qo‘ydi, — dedi.
Halima eri bilan bu dahshatli xabarni eshitib, xushlari boshlaridan uchdi. Faryod-fig‘on qilishib chopishib bordilar, ko‘rdilarkim ranglari o‘chgan, vujudlari o‘zgargan holda turibdilar. Darrov quchoqlariga olishib:
— Ey o‘g‘ilchog‘im, sizga nima bo‘ldi? — deb so‘radilar. Anda Payg‘ambarimiz:
— Oq liboslar kiygan odam sifatida ikki kishi keldi, meni yotqizib, ko‘ksimni yordilar, ichimga qo‘l solib yuragimni chiqazib, uni tildilar, undan qora qonni oqizib tashlab, bir jom kavsar suvi bilan ko‘p yuvib chayqadilar. «Mana, sendagi shayton nasibasi ketdi, endi senga shayton yo‘l topolmaydur», deb yana qaytadan ko‘ksimni tikishib qo‘yib, g‘oyib bo‘ldilar, — dedilar.
Qarasalar ko‘ksilarida yorganning nishonasi qolib, izi ko‘rinib turibdir. Bechora Halima xotun eri bilan bu karomatning haqiqatiga tushunmay, bu ishning Xudo tarafidin bo‘lganiga aqllari yetmay, ko‘ngillariga turli xayollar kelib, ko‘p qo‘rqunchliklar tushdi. Bu ish jin-shaytonlar qasdidin bo‘ldimi, deb gumon qilishdi. O‘zlari Payg‘ambarimizdin ajrashishlariga sira toqatlari bo‘lmasa ham, bu hodisadin qo‘rqib, nochor Payg‘ambarimizni onalari Ominaga keltirib topshirdilar.
— Bu muborak bolaga bunday mehru muhabbat qo‘ygan enagasi bizdin ruxsatsiz kelturdi, albatta, buning boisi bo‘lsa kerak, — deb sababini Halimadin so‘radilar, avvalda aytmay yashirib turgan bo‘lsa ham, so‘ngra bo‘lgan voqeani bayon qildi va:
— Bu ish jin-shaytonlar tarafidin bo‘lish imkoniyati bordur — dedi. Onalari Omina bu so‘zga qarshi dedilarkim:
— Bu bolam Muhammad bo‘yimga bitgandin boshlab, g‘oyibdin ko‘p ishorat-bashoratlar ko‘rib kelganman. Bu bolaning sharofatini bildirish uchun tug‘ut kechasida necha turli karomat ishlar bo‘lib o‘tgandir. Endi bundog‘ ulug‘ xosiyatlarga ega bo‘lgan farzandim Muhammadga hech qachon jin-shaytonlar yaqinlasholmaydilar, — deb Halimaga hurmat ko‘rsatib, ruxsat qildilar.
Shu chog‘da Payg‘ambarimiz to‘rtga to‘lib, beshga qadam qo‘ygan edilar. Mana bu voqea Payg‘ambarimizga yosh bolalik vaqtlarida bo‘lgan mo’jizalarning birisidur. Buni «Shaqqi Sadr» deydurlar.

Qayd etilgan


Doniyor  20 Iyul 2006, 07:30:29

ONALARI BILAN MADINAGA SAFAR VA UNDAN QAYTISHLARI

Bundan so‘ngra Payg‘ambarimizning onalari hazrati Omina: «Madinaga borib, bolamga otasi Abdulloh qabrini ziyorat qildiray va ham u joydagi tog‘alari bilan ko‘rishtirib kelay», deb Madina safariga niyat qilib, yo‘lga chiqdi.
Bu safarda Ummu Ayman degan Abdullohdin meros qolgan cho‘rilari hamroh edi. Bir necha kun yo‘l yurishib, salomat Madinaga yetishdilar. Makka shahri bilan Madina oralig‘i tuya yurishida o‘n-o‘n ikki kunlik yo‘ldur. Tog‘a qabilasi ichida bir necha kun mehmonlikda bo‘lishdi. Maqsad o‘talgandin so‘ngra yana Makkaga qaytdilar. Makka va Madina shaharlari orasidagi Abvo degan joyga kelganida onalari Ominada betoblik paydo bo‘ldi va shu joyda ajal yetib, endigina besh yoshga kirgan farzandlarini dodaklari (cho‘rilari) Ummu Aymanga topshirib, yosh juvonlik holda vafot etdi.
Mana shu joyga kelganda, ikki tog‘ orasida mehribon onalaridan ham ajrab, ota-onasiz yetim bo‘lib, dodaklari Ummu Ayman qo‘lida qoldilar. So‘ngra bu joydin qo‘zg‘alib, Makkaga kelgandin keyin bobolari Abdulmuttalib ziyoda mehribonlik ko‘rsatib, o‘z tarbiyatiga oldi. Shu bilan bobolarining qo‘lida yoshlari sakkizga yetdi. Bu chog‘da Abdulmuttalibning yoshi yuzdin oshgan edi. «Har bir tug‘ilgan kishi — o‘limdir oxirgi ishi» degandek, bu kishi ham ajali yaqinlashib, betoblik to‘shagida yotdi. O‘n bir o‘g‘il, olti qizlari bor edi. Ularni yostiq ustiga chaqirib, vasiyat qildi:
— O‘g‘lim Muhammad onasidin yoshligida yetim qoldi, endi mendin ham ajrash vaqti yaqinlashdi. O‘z o‘rnimda Abu Tolibni vakil qildim, — dedi. So‘ngra unga qarab aytdi:
— Ey Abu Tolib, sen o‘zing kambag‘al odamsan va ham yosh bolalaring ko‘pdur, shundoq bo‘lsa ham o‘g‘lim Muhammadni senga topshirdim, chunki sen yumshoq ko‘ngillik, muloyim so‘zlik, ulug‘ hikmatlik kishidursan va ham Muhammad — og‘ang Abdullohning o‘g‘lidur, mana shuning uchun ham Muhammadni senga topshirdim,— deb foniy dunyodin o‘tdi.

Qayd etilgan


Doniyor  20 Iyul 2006, 07:31:21

AMAKILARI ABU TOLIBNING TARBIYASIGA O‘TISHLARI

Otasi Abdulmutallibning vasiyaticha, Abu Tolib ham shu kundin boshlab, vafot bo‘lgunchalik borliq kuch-quvvati bilan Payg‘ambarimiz tarbiyalariga kirishdi. U zotni himoyat qilishda hech qandoq kamchilik ko‘rsatmadi, shundoq bo‘lib amakilari Abu Tolib tarbiyasida yoshlari o‘n ikkiga erishdi. U zamondagi Quraysh xalqi¬ning har yili savdogarchilik bilan ikki qayta safarga chiqish odatlari bor edi. Qish faslida bo‘lsa, Yaman shahriga, yoz kunlari Shom viloyatiga borib, savdogarchilik qilar edilar. Shu odatlaricha, Shom safariga tayyorlangan Quraysh karvonlariga qo‘shilib, Payg‘ambarimizning amakilari Abu Tolib ham chiqmoqchi bo‘ldi. Endi jo‘nar vaqtida Payg‘ambarimiz kelib, tuya¬ning burundig‘iga osildilar:
— Ey amaki, meni kimga tashlab ketasiz, men sizdan ajramayman, — deb ko‘zlariga yosh oldilar.
Buni ko‘rib, Abu Tolibning ko‘ngli ezildi. Qarindoshlik mehri qo‘zg‘alib, ko‘ziga yosh keldi va ham seni tashlab bu safarga chiqmayman, deb qasamyod qildi. Shuning bilan Payg‘ambarimiz Abu Tolib tuyasiga mingashib safarga chiqdilar. Havo g‘oyatda isigan vaqti edi, mana shu kundan boshlab, Payg‘ambarimizning bosh ustilariga bir parcha oq bulut chiqib, soya solib turdi. Shom safaridin qaytib kelganchalik shu bulut soya¬si sira ajramadi.
Alloh taolo o‘z habibi Payg‘ambarimizga bolalik kunlaridin boshlab shundoq mo’jizalarni berib, bosh¬qalardin farqli qilgan edi. Makka shahri bilan Shom viloyatining oralig‘i ersa, tuya yurishida qirq-ellik kun chamalik yo‘ldur.
Quraysh karvoni bu yo‘llarni yurib, manzillardin o‘tib, so‘ngra Shom tuprog‘iga kirdilar. Shu yerda Busro shahri bo‘lib, aning yaqinida bir savmaa, ya’ni nasoro so‘fiylarining ibodatxonasi bor edi. Ana shunda uzun zamonlardin beri Buhayro otliq bir obid ibodat qilib yotur edi. Bu obid ersa, Iso alayhissalom keltirgan haq dinni tutgan, u yo‘ldan adashmagan, Tavrot, Injil o‘qigan katta olimlardin bo‘lib, Payg‘ambarimiz sifatlarini Tavrot, Injil kitoblarida o‘qib bilgan edi. Ul aytur edikim:
— Odam alayhissalomdin keyin ko‘p payg‘ambarlar o‘tdilar, endi barcha payg‘ambarlar ulug‘i, Xudoning do‘sti, oxirzamon Payg‘ambari chiqar vaqti yaqinlashdi, ul o‘zi arab naslidin chiqqay, Makka shahrida tug‘ilib, Madina shahriga hijrat qilgay, yosh bolalik vaqtida Shom tuprog‘iga kirgay, — der edi.
Bir kuni savmaa ustiga chiqib, Madina tarafiga qarab turib edikim, yiroqdin karvon qorasi ko‘rindi. Alar yaqinroq yetib kelguncha payqab turdi. Qarasa, tuya mingan yosh bola tepasida bir parcha oq bulut soya solib turibdur. Buhayro rohib Tavrot, Injil kitoblarida o‘qigan oxirzamon Payg‘ambarining sifatlarini aniqlab bilish uchun, uzun tikilib turdi. Karvonlar ham qo‘shlarini tushirdilar. So‘ng Payg‘ambarimiz bir daraxt tubiga kelib o‘tirdilar. Qarab tursa, daraxt shoxlari egilib kelib, ustilariga soya tashladi. Mana bu karomatni ko‘rib, obid ko‘ngli qaror topdi.
Darrov savmaasiga kirib, karvonlar uchun bor ziyofat asbobini tortib, borib ularni mehmonga chaqirdi. Karvon xalqi ichida hammadin kichikrog‘i Payg‘ambarimiz edilar. Arablar odatlaricha yosh bola deb qo‘sh-qo‘lon saqlashga qoldirib, boshqalari ziyofatga hozir bo‘lishdi. Rohib ko‘rdikim, Payg‘ambarimiz kelmabdurlar.

Qayd etilgan


Doniyor  20 Iyul 2006, 07:31:30

— Sizlardin kim qoldi? — deb so‘radi. Alar esa:
— Ulug‘larimizdin hech kim qolmadi, bir yosh bolamizdin boshqa barchamiz bormiz, — deyishdi.
Bu rohibning asl maqsadi esa, Payg‘ambarimiz diydorlarini to‘yib ko‘rish edi. Iso alayhissalom bashorat bergan, Tavrot, Injilda sifatlari aytilgan oxirzamon Payg‘ambari ekanliklarini aniqlab bilish edi. Karvon ahlini ziyofat qilishdan rohibning maqsadi ham shu edi. Yo‘q esa, karvonlar bundan ilgari qancha qayta bu joydin o‘tganlarida bu rohibdin hech qandoq iltifot ko‘rmagan edilar. Shuning uchun yana kishi yuborib, qo‘ymasdan chaqirtirib keltirdi. Kelgandin so‘ngra:
— Bu bolaning otasi sizlardin qaysi biringlar?— deb so‘radi. Anda Abu Tolib:
— Men otasi bo‘larman, — deb javob berganida rohib aytdi:
— Hoy, andoq bo‘lmasa kerak edi, bu bolaning ota-onasi o‘lgan bo‘lib, o‘zi yetim bo‘lishi kerak, — dedi. Abu Tolib aytdi:
— Bu so‘zingiz to‘g‘ridur. Siz degandek, bolaning ota-onasi yosh chog‘ida o‘lib ketgandur. Men bo‘lsam ular o‘rnida tarbiyat qilib turgan amakisidurman.
Bu so‘zlarni eshitgan rohibga bu bolaning oxirzamon Payg‘ambarligi aniq bo‘ldi. Tavrot va Injilda aytilgan sifatlari to‘g‘ri keldi, deb ko‘ngli qanoatlandi. Ziyofat o‘tgandin so‘ngra rohib Abu Tolibni bir chetga chaqirib:
— Ey Abu Tolib, sizga xushxabar, bu o‘g‘lingiz voya¬siga yetsa, Alloh taoloning habibi, anbiyolar sarvari— oxirzamon Payg‘ambari bo‘lur. Tavrot va Injilda sifatlari yozilmishdur. Uzun yillardin beri savmaada yotib, shuni kutmoqda edim. Alhamdulilloh, bugun maqsadimga yetdim. Shom shahridagi yaxud olimlari ham o‘z kitoblarida bu voqeani ko‘rib, alar ham kutib turmoqdalar. Chunki Alloh taolo tarafidin Payg‘ambarlarga berilgan barcha kitoblarda bu Pay¬g‘ambarning sifatlari bayon qilingandur. Shu jihatdan yahud, nasoro olimlari bu ishdin xabardordurlar.
Endi bundoq ulug‘ darajali payg‘ambarlar alardin bo‘lmay, arab naslidin chiqqanligi uchun, hasadlari qo‘zg‘olib, ko‘ngillarida qattiq adovat saqlamoqdadurlar. Endi maning sizga do‘stlik so‘zim shuki, Shom shahriga kirmasdin, bolani olib, siz bu joydin qayting. Mabodo unga dushmanlar qasd qilib, ziyon zahmatlar yetkuzmasun, — dedi.
Abu Tolib ham bu rohib so‘zini anglab, Shomi sharif ichiga kirmay, karvon tushgan joyda ishlarini bitirib qaytdi. Endi ul joydin karvon yurib, sihat-salomat Makkaga yetdilar.

Qayd etilgan