Alixonto'ra Sog'uniy. Tarixi Muhammadiyya  ( 244218 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 ... 74 B


Doniyor  20 Iyul 2006, 07:31:40

Shundoq qilib, oradin oy, yillar o‘tib, Payg‘ambarimizning yoshlari yigirmadan oshdi. Payg‘ambarimiz bolalik vaqtidan boshlaboq odoblik, ko‘rkam axloqlik, chin so‘zlik, yumshoq ko‘ngillik, saxovatqo‘llik, go‘zal qilig‘lik, ulug‘ himmatlik edilar. Katta-kichik, yaxshi-yomon, do‘st-dushman barchaga qilgan ishlari yoqimlik edi. O‘yin-kulgudin, botil ishlardin ko‘ngillari nafrat qilur edi. Ul zamondagi arab xalqining tutgan butparastlik dinlaridin va har xil buzuq axloqlaridin bek jirkanur edilar. Bularning tutgan dinlari botil dindur, albatta, xato yo‘l bo‘lg‘ay, deb ishonur edilar.
Birovdin ko‘rmasdin, hech kimsadin o‘rganmasdin Ibrohim Xalilullohning haq dinlarini tutgan edilar. Xudo tarafidin ko‘ngillariga shundoq ilhom bo‘lgan edi.
Avvalda arab xalqining tutgan dinlari Ibrohim alayhissalom kelturgan Islom dini bo‘lsa ham, bu o‘rtada uzun zamonlar o‘tishi bilan ul yo‘ldan adashib, bularda butparastlik ko‘p rivoj topgan edi. Ichlarida Quraysh qabilasidan Varaqa ibn Navfal degan bir olim kishi bo‘lib, butun arablar ichida Ibrohim alayhissalomdin qolgan haq dinni tutgan yolg‘izgina shu kishi edi. Bu kishi ersa, hazrati Xadicha onamizning amakilaridur. Injil kitoblaridin o‘qib ko‘rib, u kishi:
— Oxirzamon Payg‘ambari chiqar chog‘i yaqinlashdi. Shu kunlarda tug‘ilib, soyasi yer ustiga tushdi. Ul arab nasli, Quraysh urug‘idin bo‘lib, butun xalqni haq dinga da’vat qilur. Uning so‘ziga arablar inkor qilib, qarshi chiqqaylar. O‘z qabilasidin unga ko‘p jabru jafolar yetgay, oxirida uni o‘z shahri Makkadin qochishga majbur qilgaylar. Koshki men u zamonda tirik bo‘lsam edim. Afsuski, u zamonni ko‘rishga umr oz qoldi, — deb har qachon shundoq so‘zlar bilan hasrat qilur edilar. Varaqaning shundoq so‘zlarini eshitib yurgan onamiz Xadicha:
«Agar bu ulug‘ davlat arablar ichida birovga nasib bo‘lsa, albatta, Muhammaddan boshqaga bo‘lmasa kerak. Chunki unda har bir yaxshilikning belgilari bordur. O‘shandoq zotning xizmatiga loyiq bo‘lsam, nikohlariga kirsam, men uchun qandoq ulug‘ baxt-davlat bo‘lur edi», deb hamisha orzu qilar edi.

Qayd etilgan


Doniyor  20 Iyul 2006, 07:33:06

XADICHA SAVDOGARCHILIGIGA VAKIL BO‘LIB SHOM SAFARIGA CHIQQANLARI

Hazrati Xadicha arab xotunlari ichida ortiq aqllik, ziyrak, chechanliklari ziyoda bo‘lganlikdan, o‘z fahm-farosatlari bilan Payg‘ambarimiz boshlarida shundoq bir ulug‘ davlat borligini burundanoq sezib yurar edi. Shuning uchun turlik bahonalar bilan yaqinlashib, shul zotning nikohiga kirish yo‘lini izlar edi. O‘zlari bo‘lsa, Quraysh qabilasi ichida hasab-nasablik, husni jamolda chiroylik, urug‘-aymoqlari oldida obro‘lik, boy xotun bo‘lib, burungi eri o‘lib, tul o‘lturgan edi. Quraysh qabilasi sayyidlaridan bir qancha sovchi kelib, so‘rovchilar bo‘lsa ham, alardin hech birovini qabul qilmagan edi.
Makka shahrining atoqlik boylari qatorida qishda Yaman viloyatiga, yozda Shom shahriga savdo tijoratlari yil sayin yurib turmoqda edi. Bir kuni hazrati Xadicha payg‘ambarimizga kishi yuborib, aytdikim:
— Muhammad bo‘lsa, manim oldimda ko‘p hurmatlik yigitdur, men uni bek ishonimlik kishi deb bilurman, tijorat uchun Shom shahriga yubormoqchi bo‘lib, bir qancha mol tayyorladim. Agar xohlar ekan, bu tijorat ishiga boshchi bo‘lib, borib kelsin. Foydasiga teng sherik bo‘lurmiz, keyinchalik mendin ko‘p yaxshiliklar ko‘rgay, — dedi.
Payg‘ambarimiz bu so‘zni hazrati Xadichadan eshitgan so‘ngida, amakilari Abu Tolib qoshiga kelib, andin maslahat so‘radilar. Abu Tolib ham bu safardagi tijoratdin ko‘p foyda chiqishini chog‘lab, borishlariga maslahat berdi. Hazrati Xadicha bu so‘zni angladi ersa, ko‘p xursand bo‘lib, Maysara degan qulini yo‘lda xizmat qilish uchun hamroh qilib qo‘shdi va ham Pay¬g‘ambarimiz haqida nima sirlar ko‘rsa, yo‘llarda qandoq voqealar o‘tsa, payqab yurishiga buyurdi.
Shuning bilan Payg‘ambarimiz Xadichaning mollarini olib, Shom karvonlari bilan yo‘lga chiqdilar. Bu safarda Abu Bakr Siddiq ham birga edi. Payg‘ambarimiz bilan oralarida yoshliklaridin tortib do‘stlik aloqalari bor edi. Ikkovlari bir tuyaga mingashdilar. Tuyaga minishlari bilan yana bir parcha oq bulut tepalarida soya tashlab turdi. Safar tamom bo‘lguncha kun issig‘ida ustilaridin shu bulut sira ajramadi. Abu Bakr Siddiq va Maysara bu sirni ochiq ko‘rdilar. Karvonlar manzildan-manzilga ko‘chib, bir necha kun yurishib, Shom viloyatiga keldilar.

Qayd etilgan


Doniyor  20 Iyul 2006, 07:33:16

Payg‘ambarimiz o‘n ikki yoshlarida amakilari Abu Tolib bilan kelgan safarlarida ko‘rishgan Buhayro rohibning savmaasiga karvon yaqinlashdi. Ul rohib bir necha yillar ilgari o‘lib ketib, o‘rniga Nasturo degan rohib kelib o‘ltirgan edi. Bu ham Tavrot, Injil kitoblarida Payg‘ambarimiz sifatlarini ko‘rib, oxirzamon Payg‘ambarining chiqar vaqti yovuqlashdi, Shom safariga chiqib, shu yo‘ldin o‘tguvchidur, aning jamolini ko‘rarmanmu degan umid bilan savmaa uzasidin (tomi) ko‘z tutib, Madina tarafiga boqib turar edi.
Bir kuni shul tarafdin karvon qorasi ko‘rindi, alar ichida ustiga bir parcha bulut soya solib turgan Payg‘ambarimizga ko‘zi tushdi. Karvon ahli savmaa oldiga kelib tushdilar. Payg‘ambarimiz ersa, savmaa yaqinidagi bir tup daraxt soyasida o‘ltirdilar, rohib kelib, Payg‘ambarimizga uzundan-uzun tikilib, qarab turdi.
— Bu kishi kim bo‘lur? — deb Maysara quldin so‘radi.
Undan javobini anglab, kitobda ko‘rgan sifatlariga to‘g‘ri topdi. So‘ngra Maysarani bir chetga tortib, unga Payg‘ambarimiz to‘g‘rilarida ko‘p sirlarni aytdi. Va ham Shom shahriga kirmasga maslahat berdi. «U joyda yahudiylardin dushmanlar kutib turmoqdadur, ulardin ziyon-zahmat yetmasun», dedi. Bu to‘g‘rida Payg‘ambarimizning o‘zlari bilan ham biroz so‘zlashdi. Mana shu rohib so‘zi sabab bo‘lib, payg‘ambarimiz Shom shahriga kirmasdin, shu joyda mollarini ko‘p yaxshi bahoda sotib qaytdilar.

Qayd etilgan


Doniyor  20 Iyul 2006, 07:33:25

Endi «So‘zdan so‘z chiqar» degandek, bu kitob yozguvchi Alixonto‘ra, Shokirxonto‘ra otamiz marhum bilan o‘n to‘rt yoshimda, tarix hijrat 1319 (1902) yili haj safariga chiqdik. Toshkentdin poyezdga tushib, Kaspiy dengiz osha Kavkaziya orqalik, Botum bilan Qora dengizga kirib, Istambulga yetdik, ul zamonda sulton Abdulhamidxon hazratlari xalifa edilar. Bu joydin O‘rta dengiz orqali yurib, Bayrut shahriga keldik. Undan poyezd bilan to‘qqiz soatda Shomi sharifga keldik. Eng avval Bani Umayya jome’ida hazrati Yahyo Payg‘ambar qabrini ziyorat qildik, boshqa ko‘p ziyorat joylar bor ekan, alardin bo‘shagan so‘ngida shahardin anchagina chetroq joyda bir qishloqqa bordik. U qishloqni «Qadamun Nabiy» deb atar ekanlar. Unda bir masjidga kirdik, masjid ichida tokcha ustida bir dona katta tosh turibdur. Mana shu tosh uzasida bosilgan bir inson izini ko‘rib, ziyorat qildik. Bizni boshlab kelgan odam aytdikim, Payg‘ambarimiz yigitlik vaqtlarida hazrati Xadichaning mollari bilan tijorat uchun Shom shahriga kelgan ekanlar, shu joyda ko‘rishgan Nasturo rohib so‘zi bilan shahar ichiga kirmasdin, shu yerdin qaytgan ekanlar. Mana shu tosh ustiga, mo‘jiza bo‘lib, oyoqlarining izi tushgan, dedi. Ul zamonda butun Shom viloyati, arablar mamlakati sulton Abdulhamidxon xalifaga qarar edi. Hozirgi tarix 1371 yil bo‘lib, shul orada 52 yil o‘tibdur. «Inson umri o‘tar, yozgan so‘zlari qolar», degani shul ekan. Endi, boshqalar o‘tgandek biz ham dunyodin o‘tib ketsak, bizning avlod-nasllarimizga bu yozgan so‘zlarimiz yodgor bo‘lsin. Buni o‘qigan chog‘larida biz g‘aribni ko‘ngullariga kelturib, bir kalima Qur’on bilan duoda yod qilib, ruhimni shod qilgaylar. Alloh taolo alarning ham ikki dunyoligini obod qilg‘ay, omin!
Yana o‘z so‘zimizga kelaylik. Quraysh karvoni Shom tuprog‘idin chiqib, manzildin manzilga ko‘chib, salomat Makka shahriga yetdilar. Makka xalqi karvon xabarini anglashib, to‘sib chiqishdi. Onamiz hazrati Xadicha ham shul chog‘da bir necha xotunlar bilan tom uzasiga chiqib, qarab turgan edilar. Yiroqdin kelayot¬gan karvon ichida Payg‘ambarimizga ko‘zi tushdi. Bosh ustilarida bulutdek soya solib turgan bir juft qush ko‘rindi. Haqiqatda esa u ko‘ringan qushlar ikki farishta edi. Angachalik Maysara qul ham yetib keldi, sihat-salomatlikni bildirgandan keyin bu uzun yo‘lda payg‘ambarimizdan ko‘rgan barcha sirlarni, bir necha karomat mo’jizalarni onamiz Xadichaga birin-birin bayon qilib berdi. Buni eshitgan so‘ngida Payg‘ambarimizga ixlos-muhabbatlari, zavq-shavqlari ilgarigidan yana ortiqroq bo‘ldi. Va ham Payg‘ambarimizning bu safardagi tijoratlarida boshqa kishilardin ortiqroq foyda chiqqanidan hazrati Xadicha ko‘p suyundilar.

Qayd etilgan


Doniyor  20 Iyul 2006, 07:34:43

XADICHAGA NIKOHLANISHLARI

Mana shu kundan boshlab, Payg‘ambarimizga qiyomat juft bo‘lib, nikohlariga kirish chorasini qildi. Xotunlar tarafidin er izlab, sovchi qo‘yish rasmi odatdin tashqari ish bo‘lsa ham onamiz Xadicha Nafisa degan xotunni Payg‘ambarimizga yuborib, asli maqsadini bildirdi. Payg‘ambarimiz ersa, eshitganlaridin keyin amakilari Abu Tolibdin bu haqda maslahat so‘radilar. Bu ishga Abu Tolib ko‘p ajablandi. Chunki hasab-nasabda Quraysh xotunlari ichida birinchi o‘rin olgan Xadichaning o‘zi xaridor bo‘lishi, u zamon arab odatlariga sig‘maydigan taajjub ish edi. Shuning uchun Abu Tolib:
— Xadichaning bu talabini sizga kelgan bir davlat deb hisoblaymiz, albatta, buni qabul qilishimiz kerak, — deb mamnunlik ila roziliklarini bildirdi.
So‘ngra Xadichaga qabul javobini berdilar.
O‘shal vaqtning rasm-odatlari bo‘yicha nikoh majlislari tuzildi. Har ikki tomondin ta’sirlik xutbalar o‘qishib, nikoh bog‘ladilar. Bu birinchi ko‘rgan nikohlari edi. Bunda yigirma tuya mahr solganlari rivoyat qilinur. Mana shu chog‘da Payg‘ambarimiz 25 yoshda bo‘lib, onamiz Xadicha 40 yosh chamasi edilar. Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning dunyoda ko‘z ochib ko‘rgan vafodor yorlari, har ikki jahonlik muborak juftlari onamiz hazrati Xadichadurlar.
Payg‘ambarimizning to‘rt o‘g‘il, to‘rt qiz farzandlari bor edi. O‘g‘illari Qosim, Tohir, Tayyib, Ibrohimdur, qizlari esa Ruqiya, Zaynab, Ummu Gulsum, Fotimadur. Mana bulardin yolg‘iz Ibrohim — cho‘rilari Moriyadan tug‘ilgan edi. Qolgan hammalari onamiz Xadichadin tug‘ilgandur. O‘g‘illarining eng kattasi Qosim bo‘lib, kichiklari Ibrohimdur. Qizlarining eng cho‘ngi Ruqiya, kichiklari hazrati Fotimadur.

Qayd etilgan


Doniyor  20 Iyul 2006, 07:36:44

Onamiz Xadicha butun mol-dunyolarini, balki tamom umrlarini Payg‘ambarimizning rizoliklarida sarf qildilar. Payg‘ambarimizga ko‘p g‘amxo‘r, ziyoda mehribon edilar. Umrlari boricha, eng oxirgi damlarigacha Payg‘ambarimizning g‘am-qayg‘ularini birga tortishdi. Hasrat kunlarida munglik boshlariga pana bo‘lib, dard¬lik dillariga davo edi. Butun dunyo xalqini Islom diniga da’vat qilish amri Alloh taolo tarafidin Payg‘ambarimizga keldi. Shu xizmatni bajarish ustida mushrik va munofiqlardin turlik jabru jafo ko‘rdilar. Tashqaridin har nechuk aziyatlar ko‘rib, uyga kirganlarida ochilgan guldek chiroylari, shirin-shakardek so‘zlari bilan Payg‘ambarimizni yupantirib, g‘amlik ko‘ngullarini ko‘tarur edilar. Birorta so‘zlarini qaytarmasdin, har qandoq ishlarini og‘ir olmasdin, barcha mol-dunyolarini, balki borliq narsalarini ayamasdan, Payg‘ambarimiz yo‘lida fido qildilar. Shuning uchun Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam:
— Ey bor Xudoyo, Xadichadin men rozidurman, sen ham rozi bo‘lg‘aysan, — deb haqlariga duo qildilar.
Onamiz Xadicha vafot etgan yilni qayg‘u-hasrat yili deb atagan edilar. Shuning uchun Alloh taolo o‘z habibiga juft qilib, yor-vafodorlikka uni loyiq ko‘rdi. Vafotlaridin keyin ham Payg‘ambarimiz har vaqtda Xadicha onamizning sifatlarini qilib, aning yaxshiliklarini aytib o‘ltirur edilar.
Bir kuni Payg‘ambarimiz, onamiz Oisha uyida o‘tirgan chog‘larida Xadicha onamiz ustilarida so‘z bo‘ldi. Payg‘ambarimiz aning yaxshilik sifatlarini aytib maqtadilar. Bunga onamiz Oishaning rashklari qo‘zg‘alib:
— Ul qari, qizil og‘iz xotunni muncha maqtadingiz, — dedi.
Anda Payg‘ambarimiz aytdilar:
— Hoy unday demagin, ul esa borliq boyligini mening yo‘limda qurbon qildi. Qayg‘u-hasratlarimni teng tortishdi. Menga tikilgan ofat-balolarga o‘zini qalqon qildi. Men undin, u mendin rozilik bilan dunyodin ketdi, — deb muborak ko‘zlariga yosh oldilar.

Qayd etilgan


Doniyor  20 Iyul 2006, 07:36:52

Endi Xudo roziligi uchun erlariga bo‘yinsungan, dunyo turmushidagi g‘am-qayg‘usini birga tortishgan mo‘mina, soliha xotunlar umidi shuldirkim, qiyomat kunida onamiz Xadichai kubroning shafoatlarini topgaylar, inshaalloh.
Payg‘ambarimiz Makka shahridan Madinaga hijrat qilib kelganlaridan keyin bir kuni uylariga bir kampir xotun kirib keldi, uni ko‘rib, ko‘p hurmat qildilar, so‘ngra o‘ltirgan odamlarga qarab, aytdilarkim:
— Bu xotun ersa, Xadichaning do‘stidur, uning tirikligida ko‘p kelur edi, har kishi o‘z do‘stining do‘stlarini ko‘rsa, albatta, uni hurmat qilish lozimdur,— deb bu xotunga ko‘rsatgan hurmatlari uchun sabab bayon qildilar.
Shuning uchun bu haqda Payg‘ambarimiz aytdilarkim:
— Har bir musulmon farzandlariga ota-onalarining tirikliklarida va ham o‘lgan so‘ngida, alarning yoru do‘stlarini hurmat qilish vojibdur.
Ota-onalarning qadrdon birodarlarini siylash, ham ularni hurmatlash, haqiqatda esa o‘z ota-onasini hurmat qilgandin bo‘lur. Ota-onalarning hurmatlari va alarning xizmatlari bolalar ustiga yuklangan ulug‘ farzdur, alarga ozor berish, ko‘ngillarini ranjitish Islom shariatida eng ulug‘ gunohlardin bo‘lib hisoblanur. Chunki Payg‘ambarimiz aytdilar:
— Bu dunyoda qilgan hamma gunohlarning jazosi oxiratga qolishi mumkindur, magar ikki ulug‘ gunoh bordirki, uning jazosini bu dunyoda ham oxiratda ham, ko‘rgay. Birinchisi ota-onaga ozor berib, oq bo‘lish, ikkinchisi nohaqdan yolg‘on qasam ichishdur.
Ota bezori oqpadarlar xalq oldida ham, Xudo oldida ham marduddurlar. Ota-onalariga qilgan adabsizliklarining qasoslarini, albatta, o‘z bolalaridin ko‘rgaylar. Bunga Qur’oni karim, hadisi sharif mazmunlari ochiq shohiddur. Odob, hurmat saqlashlik shariati islomiyada yolg‘izgina ota-onalar haqida emas, balki har bir ulug‘ yoshlik qari kishilarni siylashga, yoshi kichiklarga rahm qilib, mehribonlik ko‘rsatishga buyrulmishdur. Shuning uchun Payg‘ambarimiz:
«Bizlarning qarilarimizni hurmat qilmaganlar, yoshlarimizga mehribonlik ko‘rsatmaganlar — andog‘ odamlar bizlardin emasdur», dedilar.

Qayd etilgan


Doniyor  20 Iyul 2006, 07:37:00

Yana o‘z so‘zimizga kelaylik, shundoq qilib, Pay¬g‘ambarimiz Xadicha onamiz bilan yaqin o‘ttiz yil eng ko‘ngillik holda umr o‘tkazdilar. Hayotliklarida ustilariga xotun olish ixtiyorini qilmadilar. Lekin Payg‘ambarimizning muborak yoshlari qancha ulg‘aygan sari, botiniy ahvollari, ruhoniy sifatlari shunchalik quvvat topib, kuchaymoqda edi. Mundog‘ bo‘lishlari esa, oldingi kunlarida Payg‘ambarlik ulug‘ vazifasini bajarish uchun tayyorlanish edi. Xilvatda yolg‘iz o‘tirib, toat-ibodat qilishni, hamisha Xudo yodi bilan mashg‘ul bo‘lishni ko‘p suyar edilar. Shu sababdin besh-o‘n kunga yetarlik oziq-ovqat tayyorlatib, shu tugagunchalik Makka shahridin chetroqda bo‘lgan Hiro tog‘idagi bir g‘orga kirib, Xudoga ibodat qilur edilar. Har chiqqanlarida necha kun hilvat o‘tkazib, tog‘larda yolg‘iz qolgan kunlari ko‘p bo‘lur edi. Borish-kelish yo‘llarida bir necha mo’jizalarni ko‘rar edilar. Shundoqki, g‘oyibdin ma’nolik tovushlar eshitilar edi. YOg‘ochu toshlardin: «Assalomu alaykum, yo Rasulalloh» degan salom ovozlari chiqar edi.
Ayniqsa, bunday mo’jizalar vahiy kelishga olti oy miqdori qolganda ko‘paya boshladi. O‘zlari Payg‘ambar bo‘lishlarini shu choqqacha bilmas edilar. Odatdan tashqari voqealar ko‘rilganida, jin-shaytonlar tarafidin bundog‘ ishlar bo‘lur degan gumon ham ko‘ngillariga kelur edi.
Chunki o‘shal zamondagi arablar ichida jinlar bilan aloqa bog‘lashgan, g‘oyibdin so‘zlaydirgan bir xil odamlar bor edikim, alarni kohin deb aytur edilar. Bundog‘ odamlar arablar orasida oliy darajalik olim hisoblanib, o‘zaro yechilmagan mushkul ishlar kohinlar hukmiga tashlanur edi. Har qandog‘ ishlar ustida chiqarilgan hukm albatta qabul qilinishi kerakdur, degan e’tiqodda edilar. Kohinlar oldida g‘oyib ishlari yashirin emas, degan arablarning ishonchlari bor edi. Bularning eng cho‘nglari Shom arablaridin ikki kishi bo‘lib, birining oti Shaq, ikkinchisining nomi Sittih edi. Sittihning tan yaratilishi ham o‘zgacha bo‘lib, bosh suyagidin boshqa hech ustihoni yo‘q edi. Yig‘in majlislariga olib bormoqchi bo‘lsalar, kiygiz yo‘rgagandek ani yo‘rgashib, xurjunga solib olib borishar edilar. Bosh suyagidin boshqa jasadi yumshoq, shundoqqina go‘sht edi.
Mana shu ikki kohin qirq yil ilgari Payg‘ambarimizning kelishlaridin, Islom dinining rivoj topishidin xabar bergan edilar.
No‘shiravon Odil shul zamonda Eron podshosi edi. Uning ko‘rgan qo‘rqinchlik tushiga e’tibor berib, Eron davlati yo‘q bo‘lishini bildirishgan edilar. Bu ikki kohinning so‘zlari qirq yildan so‘ngra shular degandek kelganligi hamma tarixiy kitoblarda yozilgan mash¬hur so‘zdir. Va ham Qur’oni karimning mazmunicha o‘tgan payg‘ambarlar har qaysilari o‘z ummatlariga Payg‘ambarimiz kelishlaridin bashorat berganlari ma’lumdir. Zamoni saodatga erishganlari bo‘lsa, alarni to‘xtovsiz iymon keltirishga vasiyat qilgan edilar. Tavrot, Injilda va boshqa payg‘ambarlar kitoblarida ham shundoq bashoratlar berilgan edi.

Qayd etilgan


Doniyor  20 Iyul 2006, 07:37:12

BAYTULLOHNING DASTLABKI BINOSI

Bu oralik vahiy kelishidan besh yil burun Quraysh arablari Baytullohni buzib, qayta yasamoqchi bo‘ldilar. Buning sababi esa, Makka shahrida bir qattiq yomg‘ir yog‘ib, Baytullohni sel bosib, tomlari yiqilishga boshladi. Mana shuning uchun Quraysh qabilasi Baytullohni boshqatdan yasashga qaror qildilar. Bunga sarf bo‘ladigan chiqimga eng halol mollardin berishga qattiq shart qildilar. O‘g‘irlikdan, poradan, qimordan, fohishalikdan va boshqa har turlik buzuqchiliklardan topgan mollarni qo‘shmasga va’da qildilar.
Baytulloh yer yuzida paydo bo‘lgandan boshlab, o‘n marta buzib, yasalganligi haqida rivoyat bordur. Eng avval, birinchi navbatda farishtalar tarafidan bino qilingan edi. Inson nasli dunyoga kelmasdan ilgari, yer ustiga jinlardan Bani Jon toifasi ega edilar. Iblis-shayton shu toifa naslidan edi. Bu toifa yer ustida ko‘p fitna-fasod ishlarini qildilar.
Alloh taolo qahr qilib, ularni halok qilishni to‘rtinchi qavat osmon farishtalariga buyurdi. Bular tushib Bani Jon toifasini halok qildilar, so‘ngra o‘z makonlariga chiqishlariga ruxsat bo‘lmay, birmuncha vaqt yer ustida qoldilar. Hadisda aytilishicha, to‘rtinchi qat osmonda qizil yoqutdan yasalgan Baytul Ma’mur degan bir bino bo‘lgan. Yer ustida hojilar Baytullohni tavof qilganlaridek, farishtalar osmonda bu uyni ziyorat qilishur edilar. Shuning uchun yerda turishga buyurilgan farishtalar yer ustida ham shundoq bir ulug‘ muborak bino bo‘lishini talab qildilar, Alloh taolo duolarini ijobat qildi. Baytul Ma’murning to‘ppa-to‘g‘ri tagiga bir uy binosini yasab, shuni tavof qilishga buyurdi. Mana shu Baytullohning birinchi binosi edi. Ikkinchisi, Xudo bilur, bu voqeadin qancha zamon o‘tgandin so‘ngra otamiz hazrati Odam Safiyyulloh vujudga keldilar. Jannatdin tushgan joylari — Hindistondin qirq qayta piyoda yurib, haj qilganlari hadis kitoblarida rivoyat qilinur. Yig‘i zori bilan qilgan tavbalari ikki yuz yildan so‘ngra qabul bo‘lib, onamiz Momo Havvo ila Arafotda ko‘rishganlari, Muzdalifada topishganlari tarix kitoblarida mashhurdir. Ana shu tarixda farishtalardin keyin otamiz Odam Safiyyulloh Baytullohni ikkinchi yasaganlari haqida rivoyat bordur. Jannatdin tushishlari va vafot bo‘lishlari Hindiston tuprog‘idin Sarandip tog‘ida bo‘lganligi mashhur bo‘lsa ham, Mino tog‘i tagida Masjidi Hayfda madfundurlar (ko‘milgan), degan so‘zni kitoblarda ko‘rdim.

Qayd etilgan


Doniyor  20 Iyul 2006, 07:37:38

Uchinchi binosi Odam alayhissalom o‘g‘illari tomonidin qilingan demishlardur.
To‘rtinchisi, Ibrohim Xalilulloh tarafidin qilinganligi Qur’oni karimda ochiq aytilmishdur.
Beshinchi va oltinchisi, Amoliqa, Jurhum arablari tarafidin yasalganligini tarix ahllari rivoyat qilurlar.
Ettinchisi, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning beshinchi bobolari Qusay ibn Kilob tomonidin yasalmishdur.
Sakkizinchisini Quraysh qabilasi yasadilar. Shu kunlarda Payg‘ambarimizning muborak yoshlari o‘ttiz beshda bo‘lib, to‘liq yigitlik vaqtlari edi. Quraysh xalqi Baytullohning binosi uchun o‘z va’dalari bo‘yicha eng halol kasblardin bir muncha mol chiqardilar. Bu yo‘lda yig‘ilgan mol-dunyolari va ham kuchlari bilan ishga kirishdilar. Payg‘ambarimiz ham amakilari, urug‘-tuqqanlari ila tosh tashishib, har turlik xizmatda bo‘ldilar. Ibrohim alayhissalom yasagan vaqtlaridagi asosiy ul (poydevor) ustidin tosh qo‘yishib chiqdilar. Shundog‘ bo‘lib, Baytulloh tomlari ko‘krak bo‘yi ko‘tarildi.

Qayd etilgan