Alixonto'ra Sog'uniy. Tarixi Muhammadiyya  ( 379192 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 ... 74 B


Doniyor  20 Iyul 2006, 07:39:34

Abu Bakr Siddiq bilan Payg‘ambarimiz oralarida yoshliklaridin beri do‘stlik aloqasi uzilmagan edi. Boshqalardin ko‘ra, Payg‘ambarimiz qandoq oliy axloqlik, chin so‘zlik, pok dillik ekanliklari ul zot oldida ochiq ma’lum edi. Mana shuning uchun hammadin ilgari bu sirni Abu Bakr Siddiqqa aytib, dinga da’vat qildilar. Anda Abu Bakr Siddiq: «Ota-onam sizga fido bo‘lsin, sizning yolg‘on aytmasligingizga mening ishonchim komildur, shundoq bo‘lsa ham bu haqda sizdan yana birorta mo‘jiza ko‘rsam, ishonchim bundin ham ortiqroq bo‘lur edi», dedi. Payg‘ambarimiz anda aytdilar: «Ey Abu Bakr, tijorat uchun chiqqan Quraysh karvoniga qo‘shilib Shom safariga chiqqanimizda ikkovimiz bir tuyaga mingashgan edik, shul kunlarda havo g‘oyatda isigan vaqti edi. Ana shunda bir parcha oq bulut borib kelgunchalik ustimizdin ajralmasdin soya solib turdi. Buni o‘zingiz ham ko‘rgan edingiz. Yana qandoq mo‘jiza istaysiz?! deganlarida hazrati Abu Bakr Siddiq darhol: «Ashhadu annaka, rasulallohi haqqo» (ya’ni, «Guvohlik beramanki, siz Alloh taoloning haq payg‘ambaridursiz»), deb Islom diniga kirdilar. Erkaklardin dastlab iymon keltirgan Abu Bakr Siddiq bo‘ldi. U vaqtda Hazrati Ali yosh bola bo‘lib, Payg‘ambarimizning xizmatlarida edi. Bir kuni Payg‘ambarimizning o‘qigan namozlarini ko‘rib: «bizning xalqimizda yo‘q odat, bu qandoq ish?» deb so‘radi. Anda Payg‘ambarimiz: «Alloh taolo butun ins-jinlarga meni Payg‘ambar qildi. Ibrohim Xalilullohning tutganlari Islom dinini Alloh tarafidin kelturdim. Butun xalqni ushbu dinga da’vat qilishga meni Alloh taolo buyurdi. Bundan boshqa dinlar barchasi botildur», deganlarida, Hazrati Ali balog‘atga yetmagan yosh bola bo‘lsa ham, haqiqatga tushunib dar¬hol iymon kelturdi. Yana yosh bolalardin Payg‘ambarimizning asrandi o‘g‘illari Zayd ibn Horisa iymon kelturgan edi. Bu bolani onamiz hazrati Xadicha qullikka sotib olib, o‘zi ziyrak, xizmatga chaqqonligidin Payg‘ambarimizga hadya qilib bergan edilar. Bir muddat o‘tgan so‘nggida Zaydning otasi bilan amakisi izlashib kelib, Payg‘ambarimizga yo‘liqdilar. Alar: «Ey Muhammad, bu bola bizning o‘g‘limizdur, qabila urushlarimizning birida g‘alaba qozongan dushmanlar qo‘liga o‘lja tushib ketgan edi, eshitsak, sizlarga sotib ketmish ekanlar, biz sizni oliy axloqlik, yumshoq ko‘ngillik, yuqori himmatlik yaxshi odam, deb ong¬laymiz, bergan pulingizni qaytarish sharti bilan bolamizni sizdan so‘rab keldik», deyishdi. Anda Pay- g‘ambarimiz: «Bu ish ko‘p yaxshi bo‘lur edi, agar xohlasangizlar bolani o‘z ixtiyoriga solsak. Kimni xohlasa, shu bilan qolsa, bunga biz ham rozi bo‘lur edik», deganlarida, bu ishga ular ham rozilik bildirdilar. So‘ngra Payg‘ambarimiz Zaydni chaqirib:
— Mana bu kishi o‘z otang, manovisi bo‘lsa, amaking ekan, yiroq yerdin safar mashaqqatini tortib, sani izlashib kelibdurlar, endi nima dersan, mening bilan qolish yoki bular bilan ketish ixtiyori o‘zingdadur, — dedilar.

Qayd etilgan


Doniyor  20 Iyul 2006, 07:39:46

Shunda Zayd:
— YO Rasulalloh, hech kimni sizga teng ko‘rmayman, sizdin boshqa bilan dunyoda turishni tilamayman, — deb ko‘ziga yosh oldi.
Otasi buni ko‘rib, ikki o‘rtada qandog‘ mehr-muhabbat bog‘langanini bilib, bolasining Payg‘ambarimizdin ajralmasligiga ko‘zi yetdi va ham har to‘g‘rilik bolasidin ko‘ngli tinchib, o‘z joylariga qaytdilar. Bu o‘g‘il voyaga yetib, dunyodin o‘tguncha Payg‘ambarimiz xizmatlarida bo‘ldi. Sakkizinchi hijriyda voqiy bo‘lg‘on Mo’ta g‘azotida uch ming kishilik islom askariga bosh qo‘mondon bo‘ldi. Bu qo‘shinga Payg‘ambarimiz oq tug‘ taqdim qilgan edilar. Alar o‘zlariga son jihatdin qirq-ellik barobar dushman askariga hujum qildilar, askar boshlig‘i Zayd saf oldida oq tug‘ni tutib hujumga o‘tdi. Tug‘ qo‘llarida turgan holda yetmish yeridin yaralanib, shahid bo‘ldi. Alloh undin rozi bo‘lsin, bu voqeani o‘z o‘rni kelganda tafsili ila yozarmiz, inshaalloh. Qur’oni karimda butun sahobalardin yolg‘iz shu zotning nomlari bordur.
Shundoq bo‘lib, sekinlik bilan dinga kirish ishlari boshlandi. Hazrati Abu Bakr Quraysh qavmi ichida cho‘ng obro‘ga ega edilar. Chunki o‘zlari oliy axloqlik, ochiqqo‘llik, shirinso‘zlik, xushmuomala, xush ulfati zot edilar. Xalq o‘rtasida so‘zlari mo’tabar edi. Shuning uchun quyida nomlari yozilmish kishilar hazrati Abu Bakr Siddiq tashviqi bilan iymonga kirdilar: Birinchisi, Aburahmon ibn Avf; ikkinchisi, Zubayr ibn Avvom; uchinchisi Usmon ibn Affon; to‘rtinchisi, Talha ibn Ubaydulloh, va beshinchisi Sa’d ibn Abu Vaqqos. Bular Rasululloh sollallohu alayhi vasallam huzurlarida shahodat aytishib, bay’at berdilar. Islom dini asta-sekin xalq ichiga tarqala boshladi. Musulmonlar soni o‘tiz-qirqqa yaqinlashdi. Din so‘zlari Makka shahriga yoyildi. Islom avvalida besh namoz farz bo‘lmagan bo‘lsa ham, ixtiyoriy namoz o‘qish uchun Jabroil alayhissalom namoz vaqtlarini belgilab berdilar. Va ham o‘qish tartiblarini o‘rgatdilar. Sahobalar namoz o‘qimoqchi bo‘lsalar uch yilgacha Makka tog‘lari ichida, dolda (xoli) joylarga kirib o‘qirdilar.

Qayd etilgan


Doniyor  20 Iyul 2006, 07:40:05

Bir kuni hazrati Sa’d ibn Abu Vaqqos bir necha sahobalar bilan tog‘ ichida yashirincha namoz o‘qib turgan chog‘larida Quraysh mushriklaridan bir to‘p kishilar kelib qoldilar. Bularning namoz o‘qishlariga qattiq g‘azablanib, inkor qildilar. Har ikki taraf o‘z so‘zlarini isbotlash ustida bir qancha tortishuvlar bo‘ldi. Buning bilan mushriklar qanoatlanishmay, o‘rtadin urush chiqardilar. Qurolsiz bo‘lgan bu urushda hazrati Sa’d ibn Abu Vaqqos bir mushrikni tuya suyagi bilan urganda, uning boshi yorildi. Islom boshlanishida eng avval to‘kilgan qon shu edi. Bu voqeadan keyin, panaroq, hazrati Arqam degan sahobaning uylariga yig‘ilishib, Payg‘ambarimizdin Qur’on o‘qishar edilar. Payg‘ambarimizning urug‘ tuqqanlaridan hazrati Alidan boshqa hech kim dinga kirmagan edi. YOlg‘iz Quraysh qabilasi emas, butun arablar ichida ham din so‘zlari tarqala boshladi. Ul zamon arablarida vahshiylik sifatlari g‘olib bo‘lib, madaniyatsiz, o‘qish-yozishdan yiroq va ham ota-bobolarining botil dinlariga, buzuq rasm-odatlariga qattiq berilgan edilar. Shuning uchun Islom diniga, dastlab chiqishida eng qattiq qarshilik ko‘rsatdilar. Borliq kuch-quvvatlari bilan bu ishni yo‘qotish, bosishning qasdiga tushdilar. Har kishi o‘z yaqinlarini, urug‘-aymoqlarini qandog‘ choralar bilan bo‘lsa ham bu yo‘ldan qaytarsun, bu haqda hech kim birovga rahm qilib, orachi bo‘lmasin. Agar Muhammadning dinidan qaytmagan taqdirda, o‘ldirishgacha, urish-qiynash choralari ko‘rilsin, deb Quraysh raislari o‘zaro qattiq va’da-va’id qilishdilar. Mana shundoq bo‘lib, balo boshlanib, imtihon kunlari musulmonlar boshlariga keldi. Chunki mo‘minlik da’vo qilguvchi bandalarga dunyoda turlik ofatlarni yuborib, uni ko‘rikdin o‘tkazib sinashlik Alloh taoloning odatidur.
Payg‘ambarimizning amakilari Abu Lahab, yana Quraysh raislaridin Abu Jahl — bu ikkovlari dinga qarshi qattiq kurashgan kishilardin edilar. Bilol Habashiy kabi himoyatchisi, qavmu qarindoshi yo‘q musofir musulmonlar uchun ko‘p qattiq kunlar bo‘ldi. Hazrati Ammorning otalari Yosir Islom yo‘lida har qancha og‘ir azoblarga chidab, til uchida bo‘lsa ham, jon qutqazish uchun «qaytdim», deyishga ko‘ngillari rozi bo‘lmadi. Haq yo‘lida jonlarini qurbon qilib, shahid bo‘lgan zotlarning birinchisi shu zotdir. Onalarini Abu Jahl alayhul la’na nozik joyiga nayza tiqib o‘ldirdi. Asov tuyaga bog‘lab, sudratib o‘ldirdi, degan ikkinchi rivoyat ham bordur. Alar iymoni-e’tiqodlarini saqlash uchun bu qadar og‘ir azoblar ostida sabr etdilar. Dinga qarshi kelgan bir og‘iz so‘zni til uchida aytishni ham o‘zlariga loyiq ko‘rmay, haq yo‘lida jonlarini fido qilishga rozi bo‘ldilar. Bilol Habashiyning xo‘jasi uni Islom diniga kirgani uchun jazirama issiq kunlarda qora shag‘al, mayda tosh ustiga qorni bilan yotqizib, ustidan yo‘g‘on og‘ir toshlar bilan bostirib qo‘yar edi. «Muhammadning dinidan qaytsang qaytganing, agar qaytmasang, ochlik, chanqoqlik — shu qiynov bilan o‘ldururman», der edi. Kun issig‘i, tosh qizig‘i, buning ustiga chanqoqlik jonidan o‘tib, bir qultum suvga zor bo‘lib, og‘ir tosh ostida: «Ahad, ahad», deya Xudo yodida ingrar edi. Mana shunchalik qattiq qiynovlarni tortsa ham, jon qutqazish uchun, til uchida bo‘lsin «qaytdim», deyishga rozi bo‘lmadi. Yo‘q ersa, bundog‘ joylarda til bilan aytishga shariatda ruxsat bor edi.

Qayd etilgan


Doniyor  20 Iyul 2006, 07:40:14

Endi ishlar shundoq bo‘laturib, yana musulmonlarning soni kundan-kunga ko‘payishga turdi. Shunga qarab, mushriklarning ham jabru zulmlari haddidin ziyoda oshdi. Xudo tarafidin yondirilgan bu chiroqni so‘ndirish uchun turlik choralar qo‘llagan bo‘lsalar ham, hech biridin natija chiqmadi. Iymon-e’tiqoddin nasibalik odamlarning irodalarini to‘sish uchun ojiz qoldilar. Endi maqsadlariga yetish uchun boshqacharoq tadbir topishga kirishdilar. Shundoqki, Quraysh qabilasi raislaridin Abu Sufyon, Abu Jahl, Utba, Shayba, Abul Baxtari, Valid ibn Mug‘ira, Os ibn Voil Pay¬g‘ambarimiz amakilari Abu Tolib oldiga kelishib:
— Ey Abu Tolib, seni hurmat qilishimiz har to‘g‘ridan bizga lozimdur. Chunki sen Quraysh qabilasi ichida ulug‘ yoshligimiz, ham bizning boshlig‘imizdursan. Mana qarindoshing o‘g‘li Muhammad bizlarning va ota-bobolarimizning yo‘lidan chiqdi. Ularning dinlarini tashladi. Ota-bobolarimizdan beri hurmatlanib kelgan butlarimizni va boshqa odatlarimizni xorladi. Sen bo‘lsang, bizning dinimizdadursan, endi sen ikki ishdan birini ixtiyor qilishing kerak. YO uni yo‘q qilib o‘rtadin o‘zing ko‘targil, uning tashvishidin butun xalq qutulgan bo‘laylik, yoki uni bizlarga taslim qilib topshirib bergin, qandoq jazo bersak, o‘zimiz bilurmiz. Agar bu ishlarning hech biriga rozilik bermasang, sen ham Muhammadga qo‘shilgan bo‘lasan. Ana u vaqtda ikki tarafning biri yo‘q bo‘lguncha, o‘rtamizda urushdin, qilichdin o‘zga choramiz yo‘q, — degan tahdidli shartni qo‘yishdi.
Abu Tolib Quraysh raislaridin bu so‘zlarini ting¬lab, anchagina tashvishga tushdi. Va ham Payg‘ambarimizni chaqirib:
— Ey qarindoshimning o‘g‘li, Quraysh raislari mana shu xilda so‘zlar qildilar. Endi o‘zing uchun, men uchun toqatimizdin tashqari biror ish bo‘lib qolmasin, — dedi.

Qayd etilgan


Doniyor  20 Iyul 2006, 07:40:22

Payg‘ambarimiz: «Quraysh so‘zlaridin amakim andishaga tushibdur». Meni himoya qilishdin o‘zini tort¬moqchiga o‘xshaydi, degan gumonga kelib:
— Ey amaki, jahon xalqi meni shu ishdin to‘xtatish uchun o‘ng qo‘limga Quyoshni, chap qo‘limga Oyni solsalar yana to‘xtamayman. Alloh yordami bilan bu ishni olamga tarqaturman yoki shu yo‘lda halok bo‘lurman. Allohdin o‘zga hech yordamchim yo‘q, — deb yig‘laganlaricha o‘rinlaridin turib ketdilar.
Payg‘ambarimizni bu holda ko‘rish Abu Tolibga qattiq ta’sir qilib, ko‘ngli buzildi. Ortlaridin chaqirib:
— Ey qarindoshimning o‘g‘li, o‘z ishingda erkin bo‘l, suyganingcha so‘zla, qasam Allohga bo‘lsinkim, senga yordam qilishdin sira bosh tortmayman, har vaqt himoyatingda hozirman, — dedi.
So‘ngra Quraysh raislari Abu Tolibning bu so‘zlarini eshitdilar. Quraysh qabilasi ichida hasab-nasablik, husni-jamollik Ammor ibn Valid nomlik bir yigit bor edi. Quraysh raislari bu yigitni olib, Abu Tolib qoshiga keldilar va:
— Ey Abu Tolib, bilursanki, fazli-kamol, husni-jamolda bu yigitimizning barobari yo‘qdur, buni Muhammad o‘rnida boshga-bosh qilib kelturdik, u bo‘lsa, seni-bizni dinimizga, o‘tgan bobolarimizning yo‘llariga qarshi chiqdi, o‘zaro ittifoqimizni buzdi, qarindosh-urug‘larimizdin ajratdi. Endi maslahatimiz shuki, Muhammadni bizga topshirib bersang, biz uni o‘ldirsak, uning o‘rniga bu yigitni sen o‘g‘il qilib olsang. Shuning bilan o‘rtamizdagi dushmanchilik ishlarimiz bosilur edi, — dedilar.
Bu so‘zni eshitgan Abu Tolibning achchig‘i chiqib, g‘azabi qo‘zg‘oldi, ularga qarab:
— Sizlar meni qandoq yomon, ziyonlik savdo qildirmoqchi bo‘lasizlar, men sizlarning bolangizni boqishga olsam, sizlar mening bolamni o‘ldirishga olasizlarmi? Bundoq ahmoqlik savdoni dunyoda qilgan hech kishi bormidur? — deb ularni mot qildi.

Qayd etilgan


Doniyor  20 Iyul 2006, 07:40:30

Shuning bilan Quraysh raislarining bu qilgan makri ham bo‘shashga chiqdi. Lekin har urug‘ o‘z ichidagi musulmonlarni dinlaridin qaytarish uchun qattiq kirishdilar. Alloh ulug‘ ajrlar bersin, ul kunlardagi mo‘minlar haqida toqatdin tashqari urish-qiynashlar bo‘ldi. Bahona Abu Tolib bo‘lib, mushriklar boshqa musulmonlarga qilgan zulmlarini Payg‘ambarimizga qila olmadilar. Chunki Abu Tolib Payg‘ambarimizni mushriklar ozoridin himoya qilishga qattiq ahd qilgan edi. Shu qilgan ahdini quvvatlash uchun Quraysh qabilasidan ikki urug‘ni o‘z yordamiga chaqirdi. Birinchisi, «Bani Hoshim», ikkinchisi, «Bani Muttalib» edi. Payg‘ambarimizga nasab tarafidin Quraysh ichida eng yaqinlari ham shular edi. Chunki Hoshim Payg‘ambarimizning uchinchi bobolaridur. Muttalib bilan Hoshim ota-boladurlar. Mana shu ikki avlod Islomga kirgan-kirmaganlari barobar Abu Tolib fikriga qo‘shilib, Payg‘ambarimizni dushmanlardin saqlash va u zotni himoya qilish tarafdorlari edilar. Mana shu sabablar bahona bo‘lib, Alloh taolo Payg‘ambarimizni boshqa mo‘minlarga bo‘lgandek, dushmanlar suiqasdlari va qo‘l ozorlaridin o‘zi saqladi. Ammo ular tarafidin til va dilozorliklari kundan-kunga ko‘paymoqda edi.

Qayd etilgan


Doniyor  20 Iyul 2006, 07:40:43

AMIR HAMZANING ISLOMGA KIRISHI

Bir kuni Abu Jahl Payg‘ambarimiz bilan din to‘g‘risida so‘z talashib, ko‘p adabsizlik qildi. Qoni qaynab, g‘azabi qo‘zg‘olib, o‘z haddini bilmay, urishga ham qo‘l ko‘tardi. Payg‘ambarimiz bu ishdin ko‘p ma’yus bo‘ldilar. Amakilari amir Hamzaning xotuni bu voqea ustida qarab turgan edi. Abu Jahlning qilgan beadabchiligi kishi chidab turarlik emas edi. Shunga ham Payg‘ambarimiz sabr qildilar. Ammo ul xotunning Payg‘ambarimizga rahmi kelib, yig‘laganicha uyiga qaytdi, chunki bu xotun yashirincha musulmon bo‘lib, dinga kirganlardan edi. Shul kuni amir Hamza o‘q-yoylarini osib, ov qilmoq uchun sahroga chiqqan edi, ovdin qaytib uyga kirsa, xotuni yig‘lagan holda o‘tiribdur, buni ko‘rib: «Nima bo‘ldi, na uchun yig‘lading?» deb so‘raganida, xotuni aytdi:
— Men kim uchun yig‘lar edim, yo‘qlar, izlar qarindoshi qolmagan, o‘z yurtida g‘arib bo‘lgan Muhammadning dardiga yig‘layman. Akangning o‘g‘li Muhammadni mal’un Abu Jahl qandoq xorladi, agar ko‘rgan bo‘lsang sen ham yig‘lar eding, — deb yana ko‘ziga yosh oldi.
Buni eshitgan amir Hamzaning qarindoshlik hamiyati qo‘zg‘olib, qattiq g‘azabi keldi. Shu onda o‘q-yoyini qo‘lida tutgancha otiga minib, Abu Jahl majlis qurib o‘tirgan Abu Qubays tog‘iga chopganicha chiqib bordi. Kelayotgan amir Hamzaga Abu Jahlning yiroqdan ko‘zi tushdi. YOnida o‘ltirishgan o‘ziga qarashli kishilarga qarab:
— Hamzaning kelishi buzuqroq ko‘rinadi, bundan oldinroq Muhammadga tilim tegib, urishga qo‘l uzatib, unga ko‘p ozor bergan edim, agar shul to‘g‘rida kelayotgan bo‘lsa, u har narsa qilsa, nima desa haqqi bordur. Sizlar bu ishga aralashguvchi bo‘lmanglar, yana bizga o‘chakishib, Muhammadga iymon keltirib ketmasun, — dedi. Bu orada amir Hamza ham yetib keldi va Abu Jahlning yoqasidan tutib:
— Ey fosiq, Muhammadning hech kimi yo‘q, egasiz kishi, deb o‘ylagan edingmi? — deb qo‘lidagi o‘q-yoyi bilan urib edi, ul mal’unning boshi yorilib ketdi.

Qayd etilgan


Doniyor  20 Iyul 2006, 07:40:51

Buni ko‘rgan, boyagi o‘ziga qarashli qabila yigitlari Abu Jahl himoyati uchun o‘rinlaridin sakrashib turdilar. Lekin Abu Jahl buni uzrini aytib, ularni bu ishga aralashgani qo‘ymadi. Balki hiylagarlik qilib, bir muncha yumshoq so‘zlar bilan amir Hamzani g‘azabidin tushirdi. So‘ngra amir Hamza Payg‘ambarimizga ko‘ngil aytish uchun kelib, uylaridin topmadi, qarasa Baytullohda ma’yuslik bilan o‘ltirgan ekanlar. Ustilariga kelib, hol so‘raganida Payg‘ambarimiz:
— Meni o‘z holimga qo‘yinglar, urug‘-aymoq, yordamchisi yo‘q, o‘z elida g‘arib bo‘lgan odamman, — degandek so‘zlarni aytib, muborak ko‘zlariga yosh oldilar.
Buni ko‘rgan amir Hamza Payg‘ambarimizga ko‘p achindi. Abu Jahl bilan bo‘lgan voqeada uni urib boshini yorganliklarini gapirib bersa ham chiroylari ochilmadi. Anda amir Hamza: «Ey qarindoshimning o‘g‘li, zodi (axir) nima qilsam, rozi bo‘lursan? Deganingni qilayin», dedi. Anda «Iymon keltursang rozi bo‘lurman», deb tabassum qildilar. Shul holda tavfiq— ilohiy yor bo‘lgan ekan, darhol amir Hamza shahodat aytib, iymonga musharraf bo‘ldi, hazrati Arqam uyidagi xufyona yig‘ilishgan sahobalarga qo‘shilib, Qur’on o‘rganishga kirishdi. Butun mo‘minlar amir Hamzaning iymon keltirganiga ortiqcha xursand bo‘lishib, ul zotni takbir bilan qarshi oldilar. Hazrati Hamzaning mo‘minlar safiga kirishi din rivojiga zo‘r quvvat bo‘ldi. Chunki amir Hamza yolg‘iz Quraysh ichida emas, butun arablar orasida bahodirlik atog‘ini ko‘targan yigitlardin edi, shuning uchun bu zotning iymon keltirishi Islomning rivojlanishiga yo‘l ochdi.

Qayd etilgan


Doniyor  20 Iyul 2006, 07:41:05

HAZRATI UMARNING IYMON KELTIRISHI

Hazrati Umarning iymon keltirishi shundoq ediki, uning Fotima nomlik bir qiz qarindoshi bor edi. Sa’d ibn Zayd bilan barobar Payg‘ambarimizga kelib, yashirincha dinga kirdilar. Lekin akalari Umar ibn Xattobning bu ishdan xabarlari yo‘q edi. Janobi Payg‘ambarimiz hazrati Arqam sahobaning uyida uch yil yashirincha mo‘minlarga Qur’on o‘qitib, Islom hukm¬larini o‘rgatardilar. Bir kuni turib, shundoq duo qildilarkim: «Ey bor Xudoyo, Quraysh qabilasi ichida birinchi Umar Xattob, ikkinchi Abul Hakam ibn Hishom, bu ikki kishining iymon keltirishlari bilan Islom diniga rivoj bergin», dedilar. Abu Jahl¬ning avvalida oti Abu Hakam edi, Payg‘ambarimizga ko‘p johillik qilganligi sabablik otini Abu Jahl qo‘ydilar. Bu ikkovi Quraysh qabilasi ichida obro‘ylik va ikki urug‘ xalqining raislari edi. Shuning uchun janobi Payg‘ambarimiz, bu ikkovi iymon keltirsa, boshqalar ham ergashib, iymonga kirsalar, dinimiz rivoj toparmikin, degan maqsadda duo qilgan edilar. Bir kuni Na’im ibn Abdulloh nomlik kishi, bu yashirin iymon keltirgan sahobalardan edi, ko‘chada Umar ibn Xattob bilan uchrashib qoldi, qarasa, urushga chiqqan kishidek qilich taqingan, fe’li bosh¬qacharoq ko‘rindi. Unga boqib: «Ey Umar, yo‘l bo‘lsin», deb so‘rab edi, Hazrati Umar: «Ey Na’im, bilginki, shu qilich bilan Muhammadning boshini kesib, butun xalqni tinchitgali chiqdim. Chunki uning sababidan, ota-bobolarimizdin qolgan dinimiz xorlandi, qarindosh-urug‘larimiz ajrashib, bir-birlariga dushmanlashdilar. Endi uni o‘ldirsam, hammani bu ishdin qutqazgan bo‘laman», dedi. Bu so‘zni eshitib, ul sahoba aytdi: «Ey Umar, bu ishni sen oson chog‘lama, boshqani qo‘yib, o‘zingga qarasang-chi, singling Fotima, kuyoving Sa’d ibn Zayd, har ikkovi Muhammadga iymon keltirib, aning diniga kirdilar. Mana sening bu ishdin xabaring bormidur?» dedi. Bu sirni aytishdin uning maqsadi ersa Xazrati Umarni yo‘ldan qaytarish edi. U kishi o‘ylagandek, bu xabarni anglashi bilan Hazrati Umarning qattiq g‘azabi qo‘zg‘oldi. Chunki o‘zi xabarsiz, oilasida bundog‘ hodisaning paydo bo‘lishi hech kutilmagan ish edi. Ularga jazo berish niyati ila, darhol yo‘lidin yonib (qaytib), singlisining uyiga qarab jo‘nadi. Hubob ibn Irs degan sahoba har kuni kelib, bularga Qur’on o‘rgatur edi. Boshqalardin ehtiyot uchun bir bolani qorovul qilib qo‘ygan edilar. Bu esa Hazrati Umarning kelayotganini ko‘rib, darhol kirib xabar berdi. Shoshganlaridan Qur’on oyatlari yozilgan taxtalarni darrov berkitdilar. Qur’on o‘rgatayotgan ustozlari Hazrati Hubobni bir joyga yashirdilar. Shuning ustiga Hazrati Umar eshikdin kirib keldi. Va: «Hoy, sizlar meni arablar ichida bosh ko‘tariksiz nomusga qo‘yib, Muhammadga iymon keltiribsizlar», deb kuyovlari Sa’d ibn Zaydning yoqasidin tutib urgani turdi. Buni ko‘rib singlisi Fotima chidab turolmasdin o‘zini eri ustiga otdi. Orachilab turgan chog‘ida mushtumi tegib ketib, Fotimaning burnidin qon oqqani turdi. So‘ngra Fotima aytdi:
— Endi bo‘larimiz bo‘ldik, haq ishni yashirmaymiz, bu kirgan dinimizdin o‘ldirsang ham qaytmaymiz, — deb akasi Hazrati Umarning yoqasiga osildi. Bosh-ko‘zlari qon bo‘lib, yig‘lab turgan singlisiga qarab, Hazrati Umar o‘zi ham hijolatga qoldi. Qarindoshlik mehridin Fotimaga ko‘ngli og‘rib, xafalik bilan uzun o‘tirib koldi. Bir fursat o‘tgandin so‘ngra achchiqlari bosilib:
— Hoy Fotima, haligi men kirishimning oldida o‘qishib o‘ltirgan narsalaringni keltiringlar, men ham uni o‘qib ko‘ray, — dedi.

Qayd etilgan


Doniyor  20 Iyul 2006, 07:41:13

Hazrati Umarning xat-savodlari bor edi. Fotima aytdi:
— Buni sizga berishdin, yirtib tashlaysiz, deb qo‘rqamiz.
Hazrati Umar yirtmaslik sharti bilan, o‘qib ko‘rish uchun yana talab qildi. Qarasalar, bir yaxshilik bordek ko‘rinadi. Anda Fotima aytdi:
— Bu Qur’on oyatlari, Alloh taolo so‘zidur. Buni tahoratsiz tutgani bo‘lmas, sizda tahorat yo‘qdur, — dedi.
— Tahorat qandoq bo‘ladi, — deb singillaridan o‘rganib g‘usl-tahorat oldi. So‘ngra taxta-poraga yozilgan Toho surasidin bir necha oyatni ikki-uch qayta o‘qib, ahvollari o‘zgardi. Iymon nuri ko‘ngillariga tobish qilgandek bo‘lib, mayuslik bilan qarab turdi.
— Ajabo, bu oyatlar odam so‘ziga o‘xshamaydigan, qandoq yaxshi so‘zlardur! — dedi. Bu orada shuncha gap o‘tgunchalik, Hazrati Hubob qo‘rqqanlaridin, yashiringan joyida nafas chiqarolmay, xab (tinch) yotgan edi. Hazrati Umardin bunday yaxshi nishonalik so‘z anglashi bilan, yotgan joyidan chiqib:
— Ey Umar, senga xushxabar, Abul Hakam bilan sening haqqingda qaysi bir kuni janob Payg‘ambarimiz Xudodin iymon so‘rab, duo qilganlarini ko‘rgan edim. Ul duo sening haqqingda qabul bo‘lganga o‘xshaydur, — dedi.
— Ey Hubob, meni Muhammadga boshlab bor, Islom diniga kirurman, — dedi.
Buni onglab hammalari suyunganlaridin, takbir ayt¬gan holda, Arqam sahoba uyiga qarab yo‘lga chiqdilar. Payg‘ambarimiz sahobalariga Qur’on ta’lim berib o‘ltirur edilar. Shul chog‘da ko‘chaga qo‘ygan qorovullari qo‘rqqan holda kelib, Hazrati Umarning qilich osinib kelayotganidin xabar yetkurdi. Bu so‘zdin sahobalar tashvishga tushdilar. Bular ichida Qur’on o‘rganish uchun kelgan hazrati amir Hamza ham o‘ltirgan edi. U dedikim:
— Umar kelgan bo‘lsa, eshikni kattaroq ochib qo‘ying¬lar. Agar ul yaxshilik ila kelgan bo‘lsa, bizdin ham u yaxshilik ko‘rgay, agar yomon niyatda kelgan bo‘lsa, bul joydin u sog‘ chiqolmaydi. O‘z qilichi bilan boshini kesgayman, — dedi.

Qayd etilgan