Alixonto'ra Sog'uniy. Tarixi Muhammadiyya  ( 255205 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 ... 74 B


Doniyor  20 Iyul 2006, 07:45:02

Shuning bilan Quraysh qavmlari yuborgan vakillar Amr ibn Os, Abdulloh ibn Rabia maqsadlariga yetolmay, noumid qaytishdilar. Buning ustiga Hazrati Umar ila amir Hamzaning Islomga musharraf bo‘lishlari ila Islom dini rivojlanishga boshladi. Mo‘minlar Payg‘ambarimiz boshliq ibodatlarini Ka’ba qoshida oshkora qildilar. Hazrati Umar Islomni qabul qilishi bilan: «So‘z tarqatishda Quraysh qabilasi ichida eng ortiq odam kimdur?» deb so‘radi. Anda Jamil ibn Muammar degan kishini ko‘rsatdilar. Hazrati Umar aning bilan ertalab ko‘rishib: «Ey Jamil, xabaring bormi, men Islom diniga kirib, Muhammadga iymon keltirdim», dedi. Hech so‘z qaytarmasdin Jamil Quraysh raislari o‘ltirgan joyga qarab jo‘nadi. Orqasidin Hazrati Umar ham yurdi. Jamil Baytulloh oldida turib, borlik tovushi ila:
— Ey xaloyiq, ogoh bo‘linglar. Umar o‘z dinini tashlab, Muhammad diniga kirdi, — deb qattiq qich¬qirdi. Hazrati Umar esa orqadan turib: «Bu yolg‘on aytdi, men musulmon bo‘ldim, Allohning borligiga, aning bandasi Muhammadning haq payg‘ambarligiga guvohlik berib, iymon keltirdim», deyishi bilan atrofda turgan mushriklar aning ustiga hujum qildilar. Hazrati Umar ham alarga qarshi gohi urib, gohi surib yurib, kun tush bo‘ldi. Oxiri qattiq charchaganlikdin bir joyda o‘tirdi. Endi qo‘llaringdan harna kelsa, ayamanglar, bu yo‘ldin qaytish yo‘q, bo‘lganim shu, deb qarab turdi. Xudo o‘nglab, shu orada Quraysh raislaridin Os ibn Voil degan odam yasangan-tusangan holda savlat bilan kirib keldi. Hazrati Umarning atrofida yomon ko‘z bilan hurpayishib, qarab turishgan ko‘pchilik xalqqa aning ko‘zi tushdi. «Bu nechuk holdur?» deb alardin so‘radi. «Umar Muhammadga iymon keltiribdur», dedilar. Anda Os ibn Voil aytdi:
— Ey xaloyiq, bir odam o‘zi suygan ishiga kirmishdur, aning uchun sizlarga buncha ich kuygulik bo‘ldi, bu ham Qurayshning Bani Adiy urug‘idin bo‘lgan bir o‘g‘ildur, alar buni bu holda ko‘rsalar, rozilik berib, qarab turisharmu? Tarqalinglar buning ustidan, — deb bir hayqirib edi, Hazrati Umarni qoplab turgan qalin xalqdin bir kishi qolmay tarqalishdilar. Bu bahona bilan Alloh taolo Hazrati Umarni mushriklar ozoridin qutqazdi.

Qayd etilgan


Doniyor  20 Iyul 2006, 07:45:16

SAHIYFA VOQEASI

Quraysh mushriklari ko‘rdilarkim, iymon keltirgan musulmonlarning soni kundan-kunga ko‘paygani turdi. Bir munchalari bo‘lsa, Habashistonga hijrat qilishib, Najoshiy himoyasida qaror topdilar, muhojirlarni qaytarish uchun yuborgan vakillari esa, g‘arazlik hadyalari o‘zlariga qaytarilib berildi. Alar bu safarlaridin maqsadga yetolmay, beobro‘y bo‘lishib, noumidlik bilan qaytdilar. Endi Quraysh raislari bu yengilishlariga qarshi o‘zlari uchun bir foydalik ish chiqarish qasdida butun Quraysh urug‘laridin qo‘shma bir ulug‘ majlis chaqirdilar. Bani Hoshim, Bani Muttalib, bu ikki urug‘din o‘zga, borliq Quraysh qabila boshliqlari bu majlisga hozir bo‘ldilar. Yuqorigi ikki urug‘ bo‘lsalar, Quraysh qabilasi ichida nasab jihatdin eng yaqinrog‘i shular edi. Abu Tolibning tashviqoti ila bularning mo‘min-mushriklari barobar bir jonlari boricha Payg‘ambarimizni himoya qilishga va’da berishgan edi. Mana shuning uchun bu majlisda qaraladigan masala shular ustida bo‘ldi. Majlis ochilgandin so‘ngra Islom diniga qarshi har tomondin ko‘p so‘zlar o‘tib, eng oxirida bu ikki uruqqa qarshi quyidagi moddalar qo‘yilib, bir qattiq ahdnoma tuzildi:
1. Alar bilan savdo-tijorat qilmaslik.
2. Alarga qiz berib, qiz olmaslik.
3. Ma’raka-majlislarga ulardin hech kimni chaqirmaslik.
4. Bozordin va boshqa joylardin ularga oziq-ovqat jinsidin hech bir narsa oldirmaslik.
5. Atrofdin kelganlarni ularga qo‘shmaslik.
6. Alar bilan qaysi holda bo‘lsin so‘zlashmaslik.

Qayd etilgan


Doniyor  20 Iyul 2006, 07:45:24

Qisqasi, musulmonlar va ham ularni himoya qilguvchilar haqida har qanday yomonlik bo‘lsa, ayamasdin qilishlik bu ahdnomada bor edi.
Mana shu mazmunda ahdnoma yozishib, Quraysh raislari tasdiqlashgandin keyin, buni buzishga hech kim yo‘l topmasin va bu qilgan ahdimiz mustahkam bo‘lsin deb, «ahdnoma sahiyfasi»ni Baytulloh ichiga osib qo‘ydilar. Shuning bilan majlis tarqaldi va musulmonlarga hech ko‘rilmagan ulug‘ bir balo boshlandi. Alar bu ahdnoma ta’siridin oldilarida og‘ir kunlar borligini shu kundan boshlab sezdilar. Makka shahrining turlik tomonida tarqoq holda o‘ltirishgan ikki urug‘ ahli o‘z ichlaridagi musulmonlari ila barobar, ehtiyot yuzasidin ne ko‘rgilik bo‘lsa, bir joyda bo‘laylik, deyishib, «Abu Tolib jilg‘asi» degan o‘ringa ko‘chishib kirdilar. Payg‘ambarimizni o‘rtalarida saqlash uchun, barchalari bir mahallaga to‘plandilar. Shundog‘ bo‘lib, bu ahdnoma sababidin musulmonlarga kelgan og‘irchilik, qattiq kunlar, uzilmay, uch yilga cho‘zildi. Bu muddat o‘tgunchalik jilg‘a ichida qamalgan holda qoldilar. Musulmonlarning turmush-hollari kundan-kunga og‘irlashib, xalq bilan ichkari-tashqari aloqalari uzildi. Har tomonlama tirikchilik to‘g‘risida ko‘p qiynaldilar.
Endi ish shu holga yetganda, rahmati ilohiy qo‘zg‘olib, Quraysh raislaridin ushbu nomlari bilan yozilgan olti kishi: Hishom ibn Amr, Zuhayr ibn Abi Umayya, Mut’im ibn Adiy, Navfal ibn Abdu Manof, Abul Baxtariy, Zam’a ibn Asvad bir kecha o‘zaro o‘tirishgan majlislarida bu ahdnoma ustidin so‘z chiqdi. Birovlari turib, aytdiki:
— Bu andog‘ muruvvatsizlik ishdur, Qurayshning ikki urug‘i ochu zorlikda qirilishga keldi, shular ichida har qaysimizning qavmu qarindosh, og‘a-inilarimiz bordur. Abul Hakamning bizga o‘xshash, ularning orasida amma-xolalari bo‘lsa edi, ilgariyoq ahdnomani o‘zi buzishga boshlar edi, — deganida hammalarining xayollari buzildi. Bu kuni yuqorida nomlari yozilganlardin Hishom ibn Amr Zuhayr ibn Abi Umayya oldiga keldi. Bu kishi ersa, Payg‘ambarimizning ammalari Otika o‘g‘li edi. Anda Hishom:
— Ey Zuhayr, Bani Hoshim sening o‘z tog‘alaringdur. Alar shu ochu-yalang‘ochlikda, xor-zorlik ila xalq¬qa aralashmasdin jilg‘a ichida qamalib yotsalar, endi sen shular holini ko‘rib turib, yeb-ichib yurishga qandog‘ chidaysan? Qasam ila ayta olamanki, agar Abul Hakamning tog‘alari bo‘lib, shu holga tushsalar, hech vaqt bu ishga rozilik berib turmas edi. Sening qarab turishingni ajab ko‘raman, — dedi:
— Ey Hishom, bu ishda yolg‘iz maning qo‘limdin nima kelur, agar biror kishi menga qo‘shilsa edi, Xudo haqqi, bu ahdnomani buzishga boshlar edim, — dedi Zuhayr.

Qayd etilgan


Doniyor  20 Iyul 2006, 07:45:31

Anda Hishom:
— Andog‘ bo‘lsa, senga bir yo‘ldosh topdim, u ham bo‘lsa o‘zimman, — dedi.
Buni onglashi bilan Zuhayr yana bir kishi topishga buyurdi. Endi ish shu bilan boshlangani turdi. So‘ngra Hishom bu yerdin chiqib Mut’im ibn Adiy oldiga kelib:
— Ey Mut’im, Abdu Manof naslidin ikki urug‘ halok bo‘lishiga sen rozimi, ul rahmsizlarning ko‘ngli uchun shundog‘ jabru zulm ustida qarab turdingmu, agar boshqalar haqida ish shu holga yetgan bo‘lsa edi, sizlardin ilgariroq bu ahdni tashlar edilar, — dedi. Bu so‘zdin Mut’im qattiq ta’sirlandi va dedi.
— Men yolg‘iz kishi bu ahdni buzishga qandoq jur’at qilaman? — dedi.
— Yolg‘iz emassan, — dedi Hishom.
— Kim edi ul?
— Men ikkinchi bo‘lib, senga bu ishda yordurman. Uchinchini ham topib qo‘ydim. Zuhayr ibn Abi Umayya.
— Hoy, andog‘ bo‘lsa, to‘rtinchi bir kishi topar esang, bu ishning vujudga chiqishida shak yo‘qdur, — dedilar. So‘ngra Hishom Zam’a ibn Asvad qoshiga kelib, yuqoridagilarga degandek so‘zlar bilan buning ham hamiyatini qo‘zg‘adi. «Bu ishda bizdan boshqa kimlar bor?» deb so‘raganida yuqoridagilarni ko‘rsatdi. Shundog‘ bo‘lib, bu olti odam bir kecha yashirin ravishda Makka shahrining yuqorisi Hajjun degan joyda shu masala ustida yig‘ilishdilar, va shu majlisda sahiyfa ahdnomasini buzishda ittifoq ila barobar turishga, qattiq va’da berishib tarqadilar. Bu masalani qo‘zg‘ash uchun so‘z chiqarishni Zuhayr ibn Abi Umayya o‘z ustiga oldi. Quraysh raislarining odatlaricha, ertalab Baytulloh oldiga yig‘ildilar. Shu chog‘da Zuhayr ibn Abi Umayya egniga oliy liboslar kiygan holda kelib Baytullohni yetti aylanib, tavof qildi. So‘ngra turib, baland ovoz ila qichqirib:
— Ey ahli Makka, biz bunda o‘z rohatimiz ila yeb-ichib farog‘atda yotsak, Qurayshning ikki urug‘i — Bani Hoshim, Bani Muttalib, bular ochu zorlikka qolib qirilishga yaqinlashgan bo‘lsalar, biz yiroqdin alarning achinarlik hollariga tomosha qilib tursak, bu qandog‘ ko‘ngli qoralik, rahmsizlikdur. Ulug‘ Alloh taolo oti ila ont ichamanki, ul zulm, xiyonatkorlik qora sahiyfa ahdnomani yirtib, parchalab tashlamaguncha, turgan o‘rnimdin o‘lturmayman, — dedi.

Qayd etilgan


Doniyor  20 Iyul 2006, 07:45:42

Anda Ka’baning bir tarafida o‘ltirgan Abu Jahl so‘zni eshitishi bilan o‘rnidan sakrab turib:
— Bu sahiyfa hech qachon yirtilmaydi, ahdnoma shartlari hech vaqt buzilmaydi, bu so‘zni bekor aytursan, — deb shovqin soldi. Bunga qarshi Zam’at ibn Asvad turib:
— Sen bekor aytursan, buni buzmaguncha qo‘ymaymiz, aning turishiga rozi emasmiz, — dedi. Bu ikkovini quvvatlab, Mut’im ibn Adiy:
— Sizlarning so‘zinglar to‘g‘ridur, boshqalar xato so‘zladi, bezormiz bunday ahdnomadan va uning ichida yozilgan shartlaridin, — dedi. Eng oxirida Hishom ibn Amr ham ular so‘zlarini quvvatlab chiqdi. Quraysh raislaridin bo‘lgan bu olti nafar odam tarafidin qilingan bu hujumni ko‘rib, Abu Jahl hayronlik ila:
— Hoy, bu ish bu joydin boshqa bir o‘rinda ilgariyoq tayyorlangan ekan, yo‘q ersa olti odamning so‘zi bir o‘qdek otilmas edi, — deb sukutga majbur bo‘ldi. Abu Tolib bu ishning natijasini kutib bir chetda o‘tirgan edi, aning oldiga Payg‘ambarimiz kelib dedilarkim:
— Birodarim Jabroil shundog‘ aytur: «Alarning Baytulloh ichiga osgan ahdnoma xatlarini Alloh ismidin boshqa harflarini araza degan yog‘och qurti tamom yeb bitiribdur.
Abu Tolib bu so‘zni eshitishi hamon so‘z bo‘lib turgan majlis ustiga kelib:
— Ey Quraysh xalqi, shu hozirda qarindoshim o‘g‘li Muhammad, bu sahiyfaning, Alloh harflari yozilgan joyidin boshqa yerlarini butunlay araza qurti yeb qo‘ydi, deydur. Endi ishimiz osonlashdi, borib ko‘raylik, agar Muhammad aytgani to‘g‘ri chiqsa, bu ahdnoma shu kundin boshlab buzulgani bo‘lsin, agar so‘zi to‘g‘ri chiqmay qolsa, anda o‘z qo‘lim bilan Muhammadni ushlab, sizlarga topshiray, — dedi.

Qayd etilgan


Doniyor  20 Iyul 2006, 07:45:50

So‘ngra Mut’im ibn Adiy sahiyfani olib, yirtib tashlash uchun o‘rnidan turdi. Kelib qarasa, xat boshiga yozilgan «Bismikallohumma» bor joydin boshqasini qurt yeb qo‘yibdur, yolg‘izgina shu harflarning o‘rni osilganicha turibdur. Bu qandog‘ qudratdurkim, sahiyfa ahdnomasini buzishga kirishgan bu olti kishi ichida birortasi bo‘lsin hali Islomni qabul qilmagan edi. Balki barchalari bu ahdnomani tuzishga qatnashgan Quraysh raislari edilar, Allohning irodasi bo‘lib edi, alarning o‘z qo‘llari bilan yozib, buzulmaslik uchun Baytulloh ichiga osishgan ahdnomalarini yana o‘zlariga yirtkazdi va bu sahiyfada ikki turlik mo‘jiza ko‘rsatdi. Biri — Payg‘ambarimizning bergan xabarlari to‘g‘ri chiqishidur. Ikkinchisi shuki, araza qurti nohaq zulm so‘zlar yozilgan joylarini butunlay yeb, «Bismikallohumma...» yozilgan joylarining o‘zigina qolishidur. Mana shunchalik oshkora mo‘jiza ko‘rib tursalar ham, yana ularning toshdek qotgan ko‘ngillari yumshamadi. Shuning bilan har holda sahiyfa balosi musulmonlar boshlaridin ko‘tarilib, qamalib yotgan jilg‘a ichidin chiqdilar. Bu voqea ersa, tarixiy kitoblarda ulug‘ bir voqealardin sanalur.
Payg‘ambarimizning amakilari Abu Tolib, yuqorigi olti nafar odamning bu haqda qilgan xizmatlarini taqdirlab, bu ne’matning shukronasi uchun arablar odaticha uzun bir qasida aytib, alarni ta’rif-tavsif qilgan bu she’rlari siyrat kitoblarida mashhurdir. Bu voqeadin keyin musulmonlar yana xalqqa aralashib, tirikchilik aloqasida bo‘ldilar. Payg‘ambarimiz ham sekinlik bilan xalqni dinga da’vat qilishda davom etdilar. Quraysh mushriklari buni to‘sishga boshqa hech chora topisholmay, atrof arablaridin kelgan kishilarni mumkin qadar Payg‘ambarimiz bilan ko‘rishtirmaslik yo‘liga kirishdilar.

Qayd etilgan


Doniyor  20 Iyul 2006, 07:46:03

TUFAYL IBN ABU AMRNING ISLOMGA KIRISHI

Shu orada Davs qabilasi raislaridin Tufayl ibn Abu Amr degan kishi Payg‘ambarimiz bilan ko‘rishish niyatida Makkaga keldi. Bu odam ersa qabila raisi bo‘lishi bilan birga, arablar ichida atalgan shoirlardin sanalgan, izzat-obro‘ egasi edi. Shuning uchun buning kelishi ila barobar Quraysh raislaridin bir nechalari kelishib, u bilan ko‘rishganidin so‘ngra:
— Ey Tufayl, sen bizning yurtimizga kelding, eshitgandursan, o‘z ichimizdin shunday bir odam paydo bo‘ldi, buning to‘g‘risidin ishlarimiz ko‘p qiyinlashdi. Birligimiz buzilib, oramizga dushmanlik tushdi. Ani ko‘rar bo‘lsang, kelishgan, chiroyli yuzi bor, sehr¬din ortiq ta’sirlik so‘zi bor. Bolani otadin, inini og‘adin, xotunni eridin so‘zi bilan ajratadi. Endi buning sehridin senga ham yuqib qolib, bizga tushgan bo‘lgunlik (vayronlik) hodisalar sizlarga ham tushib qolmasin, deb qo‘rqib keldik, buning iloji shuki, aning yuzini ko‘rmay, aytgan so‘zini eshitmay, bir og‘iz so‘z qilishmay, eson-omon o‘z yurtingga qaytib ketar bo‘lsang, shundagina omon qolursan, bo‘lmasa o‘zingga bir og‘ir ish orttirib ketishingda shak yo‘qdur — dedilar.
Mushriklar shu misollik so‘zlar aytib, ani qattiq qo‘rqitdilar. U ham bo‘lsa bu so‘zlar ta’siridin Payg‘ambarimiz bilan ko‘rishmasga, bir og‘iz bo‘lsin, so‘zlarini eshitmasga ko‘nglida jazm qilib, o‘z yurtiga qaytmoqchi bo‘ldi. Ko‘rmasga ko‘z bog‘lab yurishning iloji yo‘q, ammo so‘zlarini eshitmasligi uchun qulog‘iga paxta tiqib oldi. Shu hol ila ertalab turib, Baytullohga chiqdi. Shu chog‘da janob Payg‘ambarimiz namozda turib, qiroat qilar edilar. Bu odam payqamasdin yaqinroq borib qolib, qulog‘iga ajib bir yaxshi so‘zlar eshitildi. So‘ngra bu kishi o‘z-o‘ziga:
— Ey voy, manga nima bo‘ldi, yaxshi yomonni ajratgan, so‘z maqomini bilgan bir kishi bo‘lsam, uzoq yerdin ataylab kelib, u kishining dushmanlari so‘zi bilan, o‘ziga ko‘rinmasdin, andin bir og‘iz so‘z eshitmasdin qaytib ketsam, el-yurtimga nima deb borurman? Bu ish men uchun eng cho‘ng ayblardin bo‘lmasmu? Yaxshisi shulki, o‘zi bilan ko‘rishay, aytgan so‘zlarini payqab qaray, agar axshilik bo‘lsa, izlaganim shuldir, ani qabul qilishim kerak, agar bundog‘ bo‘lmay Quraysh xalqi degandek bo‘lsa, ani o‘ziga otib tashlab, qaytaverishim kerak, meni bu ishga kim zo‘rlay oladi? — degan fikrga kelib, bir chetda o‘ltirdi. Bir fursat o‘tgandin keyin, Payg‘ambarimiz ham namozlaridin bo‘shab, uy sari qarab yurdilar. U kishi ham orqalaridin xiyol o‘tmay, masjiddan chiqib, ustilariga kirdi.

Qayd etilgan


Doniyor  20 Iyul 2006, 07:46:15

Va:
— Ey Muhammad, qavmlaring sening haqqingda har turlik so‘zlar qilib, meni qo‘rqitdilar. Alloh otiga qasam qilurmanki, so‘zingni eshitmaslik uchun qulog‘imga paxta tiqib, masjidga kirsam, namozda qiroat qilib turganingni ko‘rdim. Men bu so‘zni eshitmay desam, uni Xudo xohlamagan ekan, eshitib qoldim. Qarasam, qulog‘imga yaxshi uqildi. Endi, ey Muhammad, bu ishni menga haqiqati bilan bayon qil, — dedi. Anda Payg‘ambarimiz Islom asosini bayon qildilar. Tavfiq topib, shahodat aytib, iymonga musharraf bo‘ldi. So‘ngra u:
— Yo Rasulalloh, men o‘z qavmim ichida qadrim ulug‘, so‘zim mo’tabar kishidurman, endi men borib, alarni dinga da’vat qilurman. Nima karomat kelturding, deb mendin so‘raydilar. Duo qiling, Alloh taolo bu ishda menga yordam qilgudek bir karomat ato qilsun, — dedi.
Payg‘ambarimiz ham: «Ey bor Xudoyo, anga bir nishona ko‘rsatgin», deb duo qildilar. Shu bilan xo‘shlashib, o‘z yerlariga qadam qo‘yar chog‘ida, Xudo qudrati bilan, yongan chiroqlardek, peshonasiga bir nur paydo bo‘ldi. Buni ko‘rib: «Ey bor Xudoyo, yuzimdin boshqa joyda bo‘lsin, o‘z dinidin chiqib, yuzi buzilibdur, degan so‘z bilan yomonlar tarafidin ta’naga qolma¬yin», deyishi bilan darhol ul nur yuzidin yo‘qoldi. Qamchisining uchida osilgan qandildek bo‘lib to‘xtadi. Yiroqdin ko‘rishgan odamlar hayron bo‘lishib, qarab turdilar. Shundog‘ alomat bilan o‘z uylarig‘a kelib tushdi. Dastlab ulug‘ yoshlik qari otasi u bilan ko‘rishgani keldi. Anda o‘g‘li: «Ey ota, mendin yiroq yuringlar, men Muhammad diniga kirdim», dedi. Anda butun oilasi ittifoq ila: «Sen qaysi dinda ersang, bizlar ham shu dinda bo‘lurmiz», deyishib, barchalari dinga musharraf bo‘ldilar. Shu bilan oilasida musulmon bo‘lmagan hech kishi qolmadi. Ammo Davs qabilasini Islomga da’vat qildi ersa, ko‘pchilik arablar qanday qilur ekanlar, ularga qarab turaylik, deb kechiktirdilar. U esa yana qaytib, Payg‘ambarimiz huzurlariga keldi. Va:
— Yo Rasulalloh, qavmni qanchalik dinga da’vat qilsam ham, ular qabul qilishmay, meni xijolatga qo‘ydilar. Duo qiling, Alloh alarni halok qilgay, — dedi. Payg‘ambarimiz:
— Yo Rab, Davs xalqini hidoyat qilgaysan, — deb duoyi xayr qildilar. — Ey Tufayl, qavmingga borib, yumshoqlik ila da’vat etgil, — deb ani qaytardilar.

Qayd etilgan


Doniyor  20 Iyul 2006, 07:46:23

Payg‘ambarimiz Madinaga hijrat qilganchalik, bu kishi o‘z qavmlarini dinga da’vat qilib turdi. Alardin bir qanchalari iymonga kirsa ham, tamom qabila dinni qabul qilmadilar. Hijrat qilib, Madinaga kelganlaridin so‘ngra, Davs qabilasidin iymon keltirgan saksondin ko‘p musulmonlar bilan Madinaga kelib, Payg‘ambarimizning vafotlarigacha shunda bo‘ldilar. So‘ngra hazrati Abu Bakr Siddiq xalifalik davrlarida bosh ko‘targan Musaylama Kazzob payg‘ambarlikka da’vo qilib chiqdi. Unga qarshi yuborilgan Islom askarlariga qo‘shilib, o‘g‘illari ila, Tufayl ham urushga bordi. U urush oldida shundog‘ tush ko‘rdi: «Og‘zidin bir qush chiqib uchib ketibdi. Boshidan sochlari olindi. So‘ngra bir xotun kelib uni ushlab, farjiga (ichiga) kirgazib yubordi. O‘g‘li urushdin kelib, otasini ko‘p izladi. Lekin uni topolmay qaytib ketdi. «Uyg‘ongandin keyin: «Sochimning tushimda olingani ersa, bu urushda boshimning olinganidur. Og‘zimdan chiqqan qush bo‘lsa, u mening ruhimdur. Xotun kishining farjig‘a kirishim — yerning bag‘riga kirgizib, meni ko‘mgaylar. Alloh taolo menga bu urushda shahodat nasib qilar ekan. O‘g‘limga qattiq jarohat yetib, menga qo‘shilishni izlasa ham, oxiri salomatlanur ekan», deb ko‘rgan tushiga o‘zi shundog‘ ta’bir berdi. Uning deganidek, o‘zi bu urushda shahidi bo‘ldi, o‘g‘li qattiq yaralanib, uzoqda sog‘aydi. Alloh bulardin rozi bo‘lsin.

Qayd etilgan


Doniyor  20 Iyul 2006, 07:46:37

BANI QAYS SHOIRI A’SHONING VOQEASI

Bu kishi ersa, eng oliy tabaqalardin bo‘lgan arab shoirlaridin sanalur edi. Payg‘ambarimiz bilan ko‘rishib, Islomga kirish qasdida o‘z yurti Yamomadin chiqdi. Bu qilgan safarida Payg‘ambarimiz sha’nlariga aytgan, arablar odatlaricha, maqtov-sifatlarini qilgan uzun bir she’r — qasida tuhfasi bor edi. Bu shoir Makka shahriga yaqinlashganda, uning kelgan xabari Quraysh xalqiga eshitildi. Alarga tashvish tushdiki, agar bu shoir kelib, Muhammadga iymon keltirsa, she’r aytib, tili bilan tashviqot qilib, butun arablarni qo‘zg‘ashi mumkindir. Buning chorasini ko‘rib, uni Muhammadga ko‘rishtirmay qaytarish kerak, deb maslahat qildilar. Shuning bilan Quraysh raislaridin Abu Sufyon oldidin to‘sib chiqib, u bilan ko‘rishdi, aning maqsadini so‘rab bilgandin so‘ngra, u:
— Ey A’sho, agar Muhammadga iymon keltirsang, aning dinida uch narsa haromdur: 1. Zino. 2. Hamr (aroq). 3. Qimor.
Agar aning diniga kirib, musulmon bo‘lsang, bu uch lazzatdin mahrum bo‘lursan, — dedi.
Anda A’sho:
— Birinchi deganing zino bo‘lsa, endi men qaridim, agar men uni tashlamasam, u meni albatta tashlaydur. Ikkinchi aytganing hamr bo‘lsa, undan ko‘p yillardin beri ichib, bir kishichalik haqqimni olib, qonganman. Uchinchi — qimor o‘yinidin qaytarsa, uni o‘ynaganimda yutib olib, foydalanishim aniq emasdur. Ammo Muhammadning juvonmard, saxiyligini aniq, deb ong¬ladim. Agar iymon keltirsam, aning ato va baxshishlaridin bahra topgayman — dedi.
Abu Sufyon uni bu so‘zlar bilan qaytara olmasligiga ko‘zi yetgandin keyin, turib:
— Ey A’sho, bu ishga ko‘p shoshmasdin yana biror yil o‘tguncha payqab qaragin, endi sening bu kelishing ham quruq bo‘lmasin, Quraysh xalqidin qizil tuklik bir yuz tuya yig‘dirib berayin. Agar bu orada Muhammad bizni yengib, ishi rivojlansa, bir yil so‘ngra kelib, unga iymon kelturursan, ham buning ustiga yuz tuya ortiqcha o‘lja olgan bo‘lursan, yo‘q, agar bundog‘ bo‘lmay, biz uni yengib chiqar bo‘lsak, ul chog‘da butun arab o‘z dinida qolib, aning bu ishi o‘rtadin ko‘tariladi. Ul holda yuz tuya senga yana foydaga qoladi, — deb uni ta’maga soldi.
U ham bo‘lsa, mol hirsi ko‘ngliga tushgandan, uning bu so‘ziga rozilik ko‘rsatdi. Shundog‘ qilib, Abu Sufyon Quraysh xalqidin yuz tuya yig‘ib, unga topshirgandin keyin, Payg‘ambarimiz bilan ko‘rishmasdin, dunyoga aldanib, o‘z eliga qaytib ketdi. Yo‘lda ketayotganida uyiga yetmasdin ilgarigi tuyasidin yiqilib o‘ldi. Dunyo hirsi balosiga qolib, shundog‘ ulug‘ davlatdin mahrum bo‘ldi. Lekin buning shu safaridagi Payg‘ambarimiz sha’nlarida aytgan she’ri ersa, shu kungachalik kitoblarda mashhurdur. Balki g‘oyibona iymon keltirgan bo‘lsa ham ajab emas.

Qayd etilgan