Alixonto'ra Sog'uniy. Tarixi Muhammadiyya  ( 245257 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 ... 74 B


Doniyor  20 Iyul 2006, 07:46:52

PAYG‘AMBARIMIZNI MASXARA QILGAN QURAYSH RAISLARINING VOQEASI

Hadis kitoblarining rivoyatlariga ko‘ra Quraysh raislaridin nomlari yozilgan shu besh kishi:
1. Asvad ibn Muttalib. 2. Asvad ibn Abdu Yag‘us. 3.Os ibn Voil. 4. Horis ibn Talotila. 5. Valid ibn Mug‘iyra — Quraysh ichida yoshi ulug‘ qari kishilardan bo‘lib, ko‘p obro‘yga ega edilar. Payg‘ambarimizga ozor berishni o‘zlariga buzilmas ahd qilgan edilar. Bularning qilar ishlari doim Payg‘ambarimizning o‘qigan namozlarini, toat-ibodat qilganlarini, o‘ltirib-turishlarini masxara qilishib, o‘tgan-ketganlarida Rasullullohga ozor berish edi. Bu haqda ko‘p sabr qildilar, alarning adabsizliklari ham nihoyatiga yetdi. Mana shu chog‘da Jabroil alayhissalom Xudo tarafidin bu oyatni keltirdilar: — «Fasda’ bima to’maru, vaa’riz anil mushrikiyna, inna kafaynakal mustahziiyn». Ma’nosi: — «Ey Muhammad, Allohning amrini ochiq aytgil, seni masxara qiluvchi adabsizlarning jazolarini o‘zimiz beramiz, ul mushriklardin sen parvo qilma», degan bo‘lur. Jabroil alayhissalom shu vahiyni keltirganlarida, alar o‘z odatlaricha Baytullohni tavof qilishib yurishgan edilar. Jabroil alayhissalom kelib, Baytulloh oldida turdilar, Payg‘ambarimiz ham aning yonlariga keldilar. Shu chog‘da tavof qilib yurgan Asvad ibn Muttalib u yerdan o‘taverdi. Uni ko‘rib, Jabroil alayhissalom qo‘llarida tutib turgan yashil bayroqni uning yuziga otdilar, darhol uning ko‘zlari ko‘r bo‘ldi. Bundin keyin Asvad ibn Abdu Yag‘us ham u joydin o‘tdi, Jabroil alayhissalom aning qorniga ishorat qildilar, shu zamon qornida shish paydo bo‘lib, istisqo illatiga yo‘liqdi. Shu dard bilan yurib halok bo‘ldi. Aning ortidin Valid ibn Mug‘iyra kelib, Jabroil alayhissalom oldilaridin o‘taverganida aning oyog‘iga ishorat qildilar. Necha yil ilgari tuzalgan yara o‘rnidan bir shish qaynab chiqdi, buning og‘rig‘iga chiday olmasdan bo‘kirib yotib, jon berdi. So‘ngra Os ibn Voil kelib edi, Jabroil alayhissalom aning tovoniga ishorat qildilar, necha kun o‘tgandin so‘ngra oyog‘iga bir tikon kirgani bahona bo‘lib, shuning dardiga davo topolmasdin bu ham o‘ldi. Horis ibn Talotila o‘tayotganida Jabroil alayhissalom aning boshiga ishorat qilib edilar, ichi suvga to‘lgan tulumdek bo‘lib, aning boshida bir shish paydo bo‘ldi. Qon-yiring oqib yurib, bu ham o‘ldi. Alhosil, yuqoridagi oyatning mazmunicha, Rasulullohga qilgan adabsizliklarining shumligidan, oxirat azobining namunasin bu dunyoda ham ko‘rib, barchalari halok bo‘ldilar. Qudrati ilohiy ila bo‘lgan bu voqeani Payg‘ambarimizdan boshqa hech kim bilmadi.

Qayd etilgan


Doniyor  20 Iyul 2006, 07:47:05

Bulardin keyingi eng qattiq dushmanchilik ko‘rsatgan kishi Abu Jahl edi. Bu mal’unning Payg‘ambarimizga har qancha dushmanligi qattiq bo‘lsa ham, yana oldilariga kelganda beixtiyor tavoze’ qilar edi. Shundoqki, badaviylardin bir kishi Makka bozoriga bir tuya keltirib, sotmoqchi bo‘ldi. Pulini uydan bermoqchi bo‘lib, u tuyani Abu Jahl sotib oldi. Ammo qilgan va’dasiga vafo qilmay, uning haqqini bermasdin bir necha kunlar sudradi, ul badaviy arab hech iloj topolmasdin, Baytulloh oldida majlis qurib o‘tirishgan Quraysh raislariga arzini aytib, Abu Jahldin haqqini olib berishlarini talab qildi. Anda Quraysh raislari bir chetda o‘tirgan Payg‘ambarimizga ishorat qilib: «Hammamizning kattamiz ana shu kishidur. Sening haqqingni olib berishga shundin bosh¬qa hech kim yaramaydi», dedilar. Bundin g‘arazlari ersa, Payg‘ambarimizni masxara qilishib, Abu Jahl bilan urishtirish edi. Bularning xiyonatlik so‘ziga bechora badaviy ishonganidin, to‘g‘ri Payg‘ambarimizga kelib:
— Ey muborak odam, men bo‘lsam bu shaharga kelgan musofirdurman. Abul Hakamga bir tuya sotgan edim, shu kungacha pulini bermasdin, meni ko‘p ovora qildi. Anavi o‘tirgan odamlarga undin haqqimni olib berishlari uchun arz qilgan edim, alar sizni ko‘rsatdilar. Xudo xayr bersin, yaxshi kishi ko‘rinasiz, mening haqqimni olib berarmikinsiz, deb keldim, — dedi.
Darhol Payg‘ambarimiz: «Yaxshi bo‘lur, yur bo‘lmasa», deb o‘rinlaridin turib, Abu Jahl uyiga qarab yurdilar. Bu ishni payqab o‘tirishgan Quraysh raislari buni ko‘rishib: «Muhammad bu borishida Abu Jahl ila qandog‘ muomala qilgay, buni bilishimiz kerak», deb yashirincha bir odam yubordilar. Payg‘ambarimiz badaviyni boshlab to‘g‘ri Abu Jahlning uyiga kelib, aning eshigini qoqdilar. Abu Jahl ichkaridin turib: «Kimdir?» deb edi, Payg‘ambarimiz: — «Muhammaddurman, bu yoqqa chiqgil», dedilar. Ovozlarini eshitishi bilan, qo‘rqqanidin o‘ngi (rangi) o‘chib, yuzi sarg‘aydi, darhol eshikni ochib edi, Payg‘ambarimiz: «Bu kishini haqqini hozir ado qil», dedilar. Abu Jahl hech qandoq qarshilik qilmasdin, shoshilganicha uyidin pul olib chiqib, badaviy haqqini topshirdi. Payg‘ambarimizga u badaviy ko‘p tashakkurlar bildirgandin so‘ngra, yana Quraysh majlisiga kelib: «Sizlar ko‘rsatgan odamning Xudo xayrini bersin, Abul Hakamdin tamom haqqimni olib berdi», deb Payg‘ambarimizni ko‘p olqishladi. Bular bo‘lsa, bu ishni Payg‘ambarimizga aziyat yetkazish qasdida qilgan edilar. Alloh taolo irodasi bilan, Payg‘ambarimizga ionat bo‘ldi. Quraysh raislari xijolatlikka qolib, Abu Jahlga nafrat aytib turganlarida yuborgan kishilari keldi. «Nima voqea bo‘ldi?» deb andin so‘radilar. Ul: «Abu Jahlning Muhammad haqida qilgan muomalasi bek (cho‘ng) taajjub ishdur. Ko‘rganim shuldurki, Muhammad badaviy bilan to‘g‘ri borib, Abu Jahl qopqasini qoqdi. Qarasam, Abu Jahl qo‘rqqanidin rangi o‘chgan, ruhsiz holda chiqib keldi. Muhammad badaviyni ko‘rsatib, buning haqqini darhol ado qil, dedi. Ul ham yugurganicha uyidin pul ko‘tarib chiqib, badaviyning haqqini topshirib berdi», deb aytdi. Bu so‘zga hayron bo‘lib turib edilarki, Abu Jahl o‘zi kelib qoldi. Alar yoppasiga: «Bu qandog‘ nomuslik uyat ish, dushmanlarimizni suyuntirding, o‘zingga nomus keltirding», deb unga nafratlarini bildirdilar. — Bu choqqa davr Muhammadga bundoq yumshoqlik qilganingni ko‘rmagan edik».

Qayd etilgan


Doniyor  20 Iyul 2006, 07:47:14

Anda Abu Jahl:
— Meni ko‘p ayb qilmanglar, chunki bu ishda mening ixtiyorim yo‘qdur, endi bu sirni aytishga majbur bo‘ldim. Shundoqki, men o‘tirib edim, tuyuqsizdin eshik qoqilib, Muhammadning ovozini eshitdim, ixtiyorsiz ko‘nglimga qattiq bir qo‘rqinch tushdi. Yugurib chiqib edim, ko‘rdimki, badaviy oldida Muhammad turibdi, aning ortida tishlari nayzadek, boshi sandiqdek, haybatlik bir bug‘ro tuya og‘zini ochib turganini ko‘rdim. Agar men qarshilik ko‘rsatsam, ustimga hujum qilgudek ko‘rinur, — dedi.
Subhonalloh, bu qandoq ajab ishdurki, shu qadar ulug‘ mo’jizalarni ko‘rishib tursalar ham, bundin hech qandoq ibrat olmadilar.
Endi, ey mo‘min, ogoh bo‘lginkim, Payg‘ambarimizning aytishlaricha, insonda uch turlik sifat bordur.
1. Hayvonlik.
2. Shaytonlik.
3. Farishtalik xislatlaridur.
Alloh taolo odamni yaratganida, aning vujudiga bu uch turlik sifatini qo‘ymishdur. Shuning uchun har bir insonda shu uch xil maxluqning sifatlari ko‘rinmoqdadur. Shundoqki: yemak-ichmak, uxlamoq, jimo qilmoq (er-xotin qo‘shilishi), mana bular ersa, hayvonlarning sifatlaridur. Insonlardagi urush-talash, o‘ldirishlar, yorish-yirtish, bir-birlariga ozor berishlar, mana shular bo‘lsa, it-bo‘rilar kabi yirtqich hayvonlarning sifatlaridur. Makr-hiyla, zulm-xiyonat, hasad qilish, xalq ichida buzuqchilik qilib, fitna-fasod ishlarini qo‘zg‘ash, bular shaytoniy ahloqlardin bir namunadur.
Ilmdo‘stlik, ilmsevarlik, adolatparvarlik, taqvogarlik, rahmdillik, butun olijanoblik, ko‘rkam ahloqlik, mana bunday ishlar farishtalik sifatlaridin bir namunadur. Odam farzandlarida bu sifatlarning borligini ko‘rib turamiz. Agar farishtalik sifati tarbiyat topib, quvvatlanar ekan, uning darajasi farishtadin ortiq bo‘lishi shubhasizdur. Mana, payg‘ambarlarning vujud-shariflari bu so‘zni isbot qilishga ochiq dalildur.

Qayd etilgan


Doniyor  20 Iyul 2006, 07:47:37

Agar bundog‘ bo‘lmay, hayvoniy, shaytoniy tarafiga insonlar mayl qilsalar, shular qatorida qolib, balki bulardin ham tubanroq tushib, asfalasofilin zindoniga giriftor bo‘lgaylar. Shunga ko‘ra, Alloh taolo Rahmon rahim sifati ila insonlarga rahbarlik qilishga bir yuz yigirma to‘rt ming payg‘ambar yubormishdur. Ularning vazifalari esa insonlarning asl gavharlari bo‘lgan farishtalik sifatlarini yuzaga chiqarishdur. Diniy tarbiyatlar berib, shaytoniy sifatlardin alarni arig‘dab (tozalab), hayvoniy sifatlarini cheklashdur. Agar inson farzandlari payg‘ambarlar tarbiyalaridin chetga chiqib, alarning ko‘rsatgan yo‘llaridin yiroq yursalar, shaytoniy va hayvoniy sifatlari rivoj topib, iymon — islomdin bahrasiz bo‘lgaylar. Xudo saqlasin, agar bu ikki buzuq sifatlar insonlar olamida rivojga kirar ekan, aning natijasida qandog‘ ishlar paydo bo‘lishi ko‘z oldimizda ko‘rinmoqdadur. Qiyomat qanchalik yaqinlashgani sayin insonlarda bu yomon sifatlar shunchalar rivojlanishi mashhur hadis kitoblarida yozilmishdur.
Haqni botildin ajratish uchun Alloh taolo insonlarga aql gavharini ato qilishi buning misoli bir oyna kabidur. Agar u musaffolik, tekislik sifati ila tursa, aning to‘g‘risiga kelgan har bir narsa anda o‘z haqiqati ila ko‘ringay, agar bundog‘ bo‘lmay, aql oynasi zang boylab, tekislik va safolik sifatidin ajragan bo‘lsa, aning qarshisiga kelgan to‘g‘rini egri, oqni qora qilib ko‘rsatgay. Buning oldida yaxshi-yomon, umuman, barchasi barobar bo‘lgay. Mana bundog‘ odamlarning aqllari, shaytoniy hayvoniy quvvatlariga asir bo‘lib, aning asli fitrati buzilmishdur. Agar tamom umrini shu yo‘lda o‘tkazib, dunyodin tavbasiz ketar ekan, abadiy shaqovatga (tuzalmasga), do‘zax azobiga tutilur. Endi bu asoratdin qutilish, bu dardga davo topish uchun, Xudo tarafidin yuborilgan, Islom dini ko‘rsatgan yo‘ldin boshqa hech qandoq aning chorasi yo‘qdur. Bu yo‘lning chin qalovuzi va aning haqiqiy yo‘lboshchisi hazrati Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamdurlar. Alloh taolo tarafidin bu zotga Qur’oni karim kitobi indirilmishdur. Insonlarning ikki dunyoda baxt-saodatlik bo‘lishlari uchun, shu kitob birma-bir kafildur. Bayt:

«Haqni ko‘rgan, haqni bilgan, haq yo‘lining boshchisi
Bil, Muhammad Mustafodur, ul xudoning elchisi»

Qayd etilgan


Doniyor  20 Iyul 2006, 07:47:55

RAKONA IBN ABDU YAZID VOQEASI

Quraysh qabilasi ichida Rakona ibn Abdu Yazid nomlik bir pahlavon yigit bor edi. Kurash maydonida otog‘i chiqqan, yonboshi yerga tegmagan edi. Bir kun xoli bir ko‘chadan o‘tib borayotganida, Payg‘ambarimiz aning oldidan chiqib:
— Ey Rakona, Xudodin qo‘rqgil, mening nasihatimni qabul qilib, Islom diniga kirgil, — dedilar. Anda Rakona:
— Ey Muhammad, sening kelturgan bu dining haqligini qaydin bilurman? Uning haqligiga biror belgi ko‘rsatsang, qabul qilayin, — dedi. Anda Rasululloh:
— Sening pahlavonligingga so‘z yo‘qdur. Kuch-quvvatda barchadin o‘zingni ustun chog‘larsan. Qo‘pgil (tur), ikkovimiz bu yerda kurashaylik. Agar seni yiqar bo‘lsam, mening haq payg‘ambarligimga ishonib, iymon keltururmisan? — dedilar. Ul ham roziligini bildirib, tura kelib kurashga tutindi. Muborak qo‘llari tekkan hamon butun kuchidin ajradi, ikki bukib, ani yerga urdilar. Bu ishga Rakona hayron qolib, qaytadin kurashmoqni talab qildi. Bu qatimda esa, burungidin og‘irroq holga qoldi. O‘zini arslon oldida turgan tovush¬qondek (quyon) ojiz chog‘ladi. Hech kimsani o‘ziga teng ko‘rmagan Rakona aytdi:
— Ey Muhammad, umr ichida eshitilmagan, ko‘rilmagan ajab bir ishdur. Endi bu nechuk voqeadur.
Anda Payg‘ambarimiz: — Agar tilar ersang, bundin ham ajibroq narsani senga ko‘rsaturman, — deb yiroqdin ko‘rinib turgan bir daraxtni chorladilar ersa, daraxt yer yorib kelib, Rasululloh oldida salomga egildi. «O‘rningga qayt», degan izm bilan, qaytadin o‘z joyiga borib o‘rnashdi. Mana shundog‘ ulug‘ mo’jizani ko‘rib tursa ham, yana iymon keltirmadi. Pay¬g‘ambarimizga sehrgar tuhmatini taqib, bu ulug‘ ne’matdin mahrum bo‘ldi. Shuning bilan Rakona payg‘ambarimiz oldilaridin qaytib, Quraysh majlisiga kelsa, alar jamoat qurib o‘ltirgan ekanlar. Alarga qarab:
— Ey Quraysh xalqi, Xudo haqida qasam qilurman, Muhammaddin ortiqroq yer yuzida sehrchi yo‘qdur. Aning sehrchiligi orqali butun dunyo xalqiga ega bo‘la olgaymiz, — deb ko‘rgan mo’jizalarini alarga bayon qildi. Ammo o‘zi shaytoniy vasvasalarga qolib, iymondin benasib bo‘ldi.

Qayd etilgan


Doniyor  20 Iyul 2006, 07:48:17

XADICHA ONAMIZNING VAFOTLARI

Onamiz hazrati Xadicha Huvaylid qizi, Quraysh qabilasi ichida hasab-nasab jihatdin eng yuqori darajali xotun edi. Qirq yoshida Rasululloh uni o‘z nikohlariga oldilar. Ul chog‘da Payg‘ambarimizning yoshlari yigirma beshga yetmagan edi. Payg‘ambarlik davrining o‘ninchi yilida, hijratdin uch yil ilgari Makka shahrida onamiz Xadicha vafot topdilar. Payg‘ambarimizning barcha bolalari, hamma o‘g‘il-qizlari shu onamiz Xadichadin tug‘ilgan edilar. YOlg‘iz Ibrohim otlig‘ o‘g‘illari ersa Moriya degan cho‘rilaridin tug‘ildi. U bo‘lsa Misr podshosi Muqovqis tarafidin Payg‘ambarimizga hadya qilib yuborilmush edi. Eng kichik qizlari Fotima Payg‘ambarimizdin olti oy keyin vafot topdilar. Qolgan katta-kichik hammalari o‘zlaridin ilgari dunyodin o‘tgan edilar. Bu musibat ustiga butun dushmanlariga haybat ko‘rsatib turgan amakilari Abu Tolibning vafot qilishi Payg‘ambarimizga qattiq ta’sir qildi. Bu mehribon yordamchilaridin birdaniga ajralganlari uchun ortiqcha qayg‘urdilar. Shu musibat bo‘lgan yilni qayg‘u-hasrat yili, deb atadilar. Chunki bu ikkovlari umrlarining boricha Rasululloh yordamlarida molu jonlarini ayamasdin fido qilgan edilar. Endi bularning vafotlaridin so‘ngra Quraysh mushriklari fursatdin foydalanib, Payg‘ambarimiz boshliq barcha musulmonlarga bermagan ozorlari, ko‘rsatmagan jabru jafolari qolmadi. Makka mushriklaridin umid qilarlik hech ish ko‘rmaganlikdan, Payg‘ambarimizning ko‘ngillariga Toif xalqini dinga da’vat qilish va hammalaridin yordam so‘rash fikri tushdi. Toif esa, Arabistonda yaylov qatori salqin, Makka shahridin yetmish-sakson chaqirim sharq tomonda joylashgan bir shahardur. U yerda arablardin Bani Saqiyf qabilasi yashar edilar. Eng munbit (unumli) iqlimlarda yetishgan mevalar ul joyda ortig‘i bilan yetishadi. Mana shu safarda nomlari Qur’oni karimda zikr qilingan, Payg‘ambarimizning asrandi o‘g‘illari Zayd ibn Horisa hamroh edi.

Qayd etilgan


Doniyor  20 Iyul 2006, 07:48:41

TOIF XALQINI DINGA DA’VAT QILISH

Shuning bilan Rasululloh Toif shahriga qarab, yo‘ldoshlari Zayd birgaligida yo‘lga chiqdilar. Ot-ulovlari yo‘qligidin tog‘-toshlarda yayov yurishga to‘g‘ri keldi. Toif shahriga kirganlaridin so‘ngra, kunduzi yurishga dushmanlardin, saqlanib, qabila raislari bilan kechalab kelib ko‘rishdilar. Bu xalqning raislari esa Abd Yolayl, Mas’ud, Habib otlig‘ uch og‘ayni edilar. Payg‘ambarimiz bularga:
— Ey Bani Saqiyf raislari, Alloh taolo meni yer ustiga payg‘ambar qilib yubordi. Allohning buyruqlarini bandalariga yetkazgani keldim. Inson olamini Islom diniga chaqirurman. Butun olam xalqini iymon-insofga da’vat qilurman. Agar mening bu so‘zimni qabul qilib, menga iymon kelturur bo‘lsangiz, ikki dunyo davlatiga ega bo‘lursiz, — dedilar.
Lekin bulardin umid qilarlik hech bir so‘z chiqmadi. Balki birovlari:
— O‘z qavm-qarindoshlaringa foydasi tegmagan bir ishni bizga kelturibsan, alar bu ishdin yaxshilik kutmaganlikdin, ani qabul qilmadilar. Endi biz uni nechuk qabul qilaylik, — dedi. Ikkinchisi esa:
Biz senga iymon keltirsak, bizning yordamimiz bilan ishlaring o‘rin topsa, hukumat ishi bizda bo‘lishini shart qilurmiz, — dedi. Uchinchisi:
— Arablar ichida ne ulug‘ darajali raislar, katta obro‘ylik boylar bo‘laturib, kishi topilmagandek, Alloh seni payg‘ambar qilurmi? — dedi.

Qayd etilgan


Doniyor  20 Iyul 2006, 07:48:49

Bu so‘zlarni eshitib, Payg‘ambarimizning umidlari bulardin uzildi. Lekin bu voqeani yashirin tutishlarini, boshqalarga aytmasliklarini alardin qattiq o‘tindilar. Chunki u zamonda Makka mushriklari Toif mushriklari bilan adovatda edilar. Agar Quraysh mushriklari bu xabarni eshitib qolsalar, ayniqsa, bularning oldidan umidsizlanib, quruq qaytganliklarini bilsalar, alarning adovatlari Payg‘ambarimizga ilgarigidan ham ortiqroq bo‘lishi aniq edi. Shuning uchun payg‘ambarimiz bu xabarning xalq ichida tarqalmasligini suyar edilar. Bu so‘zning yashirin qolishini alardin o‘tingan bo‘lsalar ham, oldilarida qabul qilgan bo‘lib, keyinlaridin bebosh yomon kishilarni va ham yosh bolalarni Payg‘ambarimizga qarshi qo‘zg‘adilar. Ko‘chaga chiqqanlarida u beboshlar tomonidin tosh-kesaklar otildi. «Lot-manot butlarimizni haqorat qilguvchi, din buzg‘uvchi kishi keldi», deb har tarafdin qichqirar edilar. Atrofdin otilgan tosh-kesaklar zahmidin kiygan kovushlari qonga to‘ldi. Yo‘ldoshlari hazrati Zayd Payg‘ambarimizga o‘zlarini qalqon qilib, to‘sgan edilar, otilg‘on tosh-kesaklar zahmidin tanlari, bosh-ko‘zlari qonga bo‘yaldi. Xudo o‘nglab, shu o‘rtada Quraysh raislaridin Utba degan kishining chorbog‘i bor edi. Bu beboshlar hujumidin saqlanib, shu chorboqqa kirishga majbur bo‘ldilar. Rabianing ikki o‘g‘li — Utba va Shayba Makkadan salqinlash uchun yangidan kelishib, alar ham shu bog‘da edilar. Bular ersa, Payg‘ambarimizning eng qattiq dushmanlaridin sanalgan edi. Bu og‘ir ahvol ustida bularning qarab turishlari yana ham Payg‘ambarimizga og‘irroq xafalik keltirdi. Qutlug‘ ko‘ngillariga nihoyati ma’yuslik paydo bo‘lib, shu duoni o‘qib, Allohga munojot qildilar. Mashhur hadis kitoblarida Toif duosi deb yozilmish edi. O‘qiguvchilarimizga yodgor bo‘lsin, deb u duoni Payg‘ambarimizdan qilingan rivoyati bilan arabcha iboratini keltirmoqni loyiq ko‘rdim. Va duoning mazmunini turkiy tiliga tarjima qildim.
Kitobni o‘qiguvchi mo‘minlar, bu duoni o‘qiganlarida, alarning ko‘ngillari erib, ko‘zlari yoshlanur ersa, duo qilish paytining kelganidur. Ana shu chog‘da bu yozuvchi, yozuqlik qulni duoda eskarib qo‘yishni umid qilurman. Toif duosi budur:
«Allohumma ilayka ashku zu’fa quvvatiy va qillata hiylatiy va havoniy alannasi yo arhamarrohimiyn, anta rabbul mustaz’afiyna va anta rabbiy iloman takiluniy, ila baidin yatajahhamuniy am ila aduvvin mallaktahu amriy, inlam yakun bika alayya g‘azabun fala uboliy, valokinna ofiyataka hiya avsau liy».

Qayd etilgan


Doniyor  20 Iyul 2006, 07:48:58

Ma’nosi: «Ey bor xudoyo, meni kuch-quvvatim zaiflashdi, qilurga choralarim ozaydi. Odamlar meni ko‘zlariga ilmas bo‘ldilar. Ey mehribon Parvardigorim! Sen mening murabbimsan va barcha kuchsiz, ojiz qullarning suyanchisidursan, mening ishimni kimlarga topshirding. Mandin norozi bo‘lmas ersang, bu yo‘lda har qancha ozor-kulfatlar ko‘rsam ham, hech qandog‘ uni og‘ir tutmasman, ammo ofiyat ato qilsang, men uchun kengchilikroqdur».
Yuqorida yozilgan Rabianing o‘g‘illari payg‘ambarimizning bundog‘ og‘ir holga qolganlarini ko‘rib, rahm¬lari keldi. Qarindoshlik mehrlari biroz qo‘zg‘aldi. Alarning nasroniy dinida bo‘lgan Addos nomlik bir quli bor edi. Ani chorladilar va: «Ul kishi oldiga yegali bir-ikki bosh uzum keltirgin», dedilar. Ammo o‘zlari kelib, ko‘rinish berishga uyaldilar. Alarning buyruqlaricha Addos tovoqqa solgan ikki bosh uzumni keltirib, payg‘ambarimiz oldilariga qo‘ydi. Pay¬g‘ambarimiz «Bismilloh» deb, uzumdin olib yedilar. Addos qul buni onglagan so‘ngida yuzlariga qarab turib, «Bu shahar xalqidin men eshitmagan ajab bir so‘z aytdingiz», dedi. Anda payg‘ambarimiz «Qaysi shaharliksan, qaysi dindansan?» deb Addos quldin so‘radilar. «Nasroniy dinidadurman. Naynavo shahridan erurman», — deb javob berdi. «Andog‘ bo‘lsa, Yunus ibn Matto degan yaxshi kishining shahridan ekansan, ey Addos», dedilar. Addos: «Yunus ibn Mattoni siz qaydin bilursiz?» dedi. Payg‘ambarimiz: «Ul mening birodarimdur, har ikkovimiz ham Xudo tarafidin yuborilgan Payg‘ambardurmiz», dedilar. Addos bu so‘zni eshitishi bilan Payg‘ambarimizning oyoqlariga o‘zini otdi. Oyoqlariga ko‘zini surtib, bosh-ko‘zlarini o‘pib, darhol musulmon bo‘ldi. Ajib ishdurkim, necha ming sonlik Toif xalqiga nasib bo‘lmagan iymonni, Alloh taolo shu qulga loyiq ko‘rdi. Addosning bundoq qilganini yuqorida turishgan xo‘jayinlari ko‘rishib, qilgan ishlariga pushaymon bo‘lishib, shoshilib qoldilar. «Endi qulimiz buzildi, undan ajraydigan bo‘ldik», deb bir-birlariga ta’na aytishdilar. So‘ngra Rasululloh u yerdan chiqishib Makka shahriga qarab yo‘lga tushdilar. Xo‘jayinlari Addosni chaqirib: «Nechuk ul kishining qo‘l-oyoqlarini o‘pding? Undan nima ko‘rganing, bilganing bo‘ldi», — deb so‘radilar. Anda Addos aytdi:
— Men bilurman, yer ustida bu kishidan yaxshiroq hech kimsa yo‘qdur. Uning aytgan so‘zlarini payg‘ambar bo‘lmagan kishi hech qachon bilmaydi. Xudo tarafidin yuborilgan payg‘ambarligini aniq bildim. Shuning uchun aning diniga kirdim.

Qayd etilgan


Doniyor  20 Iyul 2006, 07:49:06

Rasululloh Toif shahridin chiqib, shu yurganlaricha, Naxla degan xurmolik boqqa kelganlarida kech bo‘lib, tun qorong‘uligi bosdi. Mana shu joyda tunab qoldilar. Kechalab tahajjud namozini o‘tamakchi bo‘lib, tun yarmida turganlarida namoz o‘qib, uzun qiroat qildilar. Shul chog‘da Nasiybin degan joydagi jin toifalaridin yetti nafar jinlar raislari shu joydin o‘tishmoqda edilar. Qarasalar, bir kishi namozda qiroat qilib turibdi. Namoz o‘qib bo‘lganlaricha quloq solib turishdilar. Rasulullohning o‘qigan Qur’onlarining ta’siridan ko‘ngillari erib, ko‘zlari yoshlandi. Qur’on nuri bilan ko‘ngillari ochilib, haqiqat yo‘li yoridi. Barchalari hidoyat topib, shu joyda iymon keltirdilar. O‘z urug‘-aymoqlariga borgach, bu voqeani bayon qilib, alarni ham Islom diniga dalolat qildilar. Qur’ondagi «Qul-uvhiya» surasi boshdin-oyoq shu mo’min jinlar qissalaridur. Rasulullohga payg‘ambarlik vahiyi kelgandin so‘ngra o‘n uch yil Makka shahrida turib, xalqni dinga da’vat qildilar. Shu muddat ichida Quraysh kofirlari qancha qatim mo’jizalar ko‘rgan, Qur’on oyatlarini eshitgan bo‘lsalar ham yana iymon kelturmadilar. Bu qandog‘ ulug‘ nasibadurki, Rasulullohning Qur’on qiroatini bir yo‘lgina eshitgan o‘tkinchi jinlar bu davlatga yetdilar. Va ham shu safardin qaytishlarida, Jabroil alayhissalom «Malakul jibol», ya’ni tamom tog‘larning ustida turgan ulug‘ bir farishta bilan kelib:
— Ey Muhammad, Alloh taolo bizni sening farmoningga yubordi. Sening buyrug‘ing bilan ish qilgani keldik. Agar tilar ersang, senga qarshilik ko‘rsatgan ikki shahar ustiga ikki tog‘ni tashlagaymiz, — dedilar. Anda Rasululloh shu duoni o‘qidilar:
«Allohumma ihdi qovmiy fainnahum lo ya’lamun».

Qayd etilgan