Tag‘in birisi turib, u Quraysh raislaridin Asvad ibn Rabia degan kishi edi:
— Bu haqda mening fikrim shulki, uni nafi-bilot qilaylik, ya’ni surgun qilib, boshqa yot yerga haydab chiqaraylik, o‘z oramizdin ketgandin keyin na bo‘lsa, u bo‘lsin, — dedi. Bu so‘zni onglag‘on hamon shaytonning hushi boshidin uchdi, o‘rnidan tura kelib:
— Hoy-hoy, bu fikrdin qattiq saqlaninglar, xalq ichiga uni qandoq chiqarib bo‘lur, uning so‘zga ustaligi, tilining totliligi ila borgan yeridin, tanishgan elidin o‘ziga yo‘ldosh-qo‘ldoshlar topa olur. Alardin qo‘l-yasov qilib, boshingizga kelur bo‘lsa, ishlaringizni qo‘lingizdin olur, — dedi. Butun majlis xalqi buning so‘zini to‘g‘ri topdilar. Uchinchi bo‘lib Abu Jahl:
— Bu to‘g‘rida maning ko‘nglimga bir fikr kelib turadi, bu o‘tirganlarning ichida hech kimning aqliga kelmagan ish deb o‘ylayman, — dedi. Anda har tarafdin: «Ey Abul Hakam, ayt, u so‘zingni, tinglaylik» — deb qichqirdilar. Anda Abu Jahl:
— Quraysh qabilasi ichida hasab-nasablik, ortiq obro‘ylik, keskir qilichlik botir yigitlardin har urug‘ boshiga birdan kishi olurmiz. Bu yigitlar qo‘llariga o‘tkir qilich olsinlar, ertalab Muhammad uyda yotgan chog‘da bosib kirib, bu yigitlar bir kishi chopgandek barobar qilich solib, uni o‘ldursinlar, shundoq qilganimizda, aning qoni butun qabila ustiga bo‘linur. Agar Bani Hoshim da’vo qilar bo‘lsalar, ishlari ikki yo‘lliqdur. Birisi — butun Quraysh qabilasiga qarshi urush ochgaylar, yoki mol olmoqqa xun uchun rozi bo‘lgaylar. Ma’lumdurki, butun qabilaga qarshi turib urishmakka toqatlari yo‘qdur. Nochor xun moli olmakka rozi bo‘lurlar. Agar bu ish vujudga chiqar bo‘lsa, undin barimiz qutulurmiz, — dedi. Bu so‘zni aytishi hamon, hammadin ilgari shayx suratlik shayton — mal’un buni ma’qul ko‘rib: «Hoy-hoy, shu kishining so‘zi so‘zdur, bundin ortiq to‘g‘ri fikr hech yo‘qdur», dedi. Shuning bilan boshqalari ham qizg‘in ravishda shu qarorni qabul qilishib, tarqashdilar. Bu ish shundoq bo‘lishi bilan hazrati Jabroil alayhissalom quyidagi oyatlar ila vahiy keltirib, shu voqeani Payg‘ambarimizga xabar qildilar.
Oyat shudir: «Va iz yamkuru bikallaziyna kafaruv liyusbituvka, va yaqtuluvka, av yuxrijuvka», ya’ni, «Kofirlar seni qamab qo‘yishga yoki surgun qilishga yoki seni o‘ldirishga qat’iy qasd qildilar», demakdur.