Ixlos surasi — Tavhid surasi deb atalmog‘ining sababi ham shuldir. To‘rt oyatlik, qisqagina bir suraning, Payg‘ambarimiz aytishlaricha, Qur’oni karimning uchdan biriga barobar bo‘lishi shuning uchundir. Payg‘ambarimiz Makka shahrida o‘n uch yil turdilar, shu muddat ichida xalqni ikki eng ulug‘ diniy asosga taklif qildilar, dedik. Birinchisi, tavhidni yuqorida bayon qilib o‘tdik, ikkinchisi esa, qiyomat kunining bo‘lishiga chin ko‘ngli bilan ishonmakdur, ya’ni Alloh taolo o‘n sakkiz ming olamni yaratdi. Arsh, kursi, Lav¬hu qalam, to‘qqiz falakni yo‘qdin bor qildi. Olam ichida odamni xalq etdi. Endi alarning yaxshilari bo‘lganidek, yomonlari ham bordur. Balki yomonlari yaxshilaridin ko‘pdur. Milyon-milyon insonlarga foyda yetkazuvchilar bo‘lganidek, bularga qarshi ziyon qilguvchilar ham ko‘pdur. Bular esa har kimning ko‘z oldidin o‘tib turadur. Yaxshi-yomon, har ikki toifa ham ajallari yetgan kuni o‘lsalar, bu dunyodin ketadilar. Payg‘ambarlar kabi ne yaxshi zotlar butun umrlarini xalq g‘amida o‘tkazib, xalqqa qilgan xizmatlari, yaxshiliklari uchun, hayotliklarida zarrachalik ajr ko‘rmasdin, rohat topmasdin bu dunyodin o‘tdilar. Yana bir qancha zolim qonxo‘rlar zulm qila-qila butun dunyoni nohaq qonga to‘lg‘azib, tirikligida hech bir jazo ko‘rmasdin, ular ham ketdilar. Mana endi boshqani qo‘yib, aqlga qaraganda ham, albatta, qiyomatning bo‘lishi kerakdur. Insonlar uchun shundoq bir joy bo‘lsinkim, dunyoda qilgan ishlariga qarab, alarga jazo berilsin, buning ustiga, Xudo tarafidin yuborilgan shuncha ko‘p pay¬g‘ambarlar barchalari, qiyomat kunining bo‘lishidin xabar berdilar.
Demak, bu kunning kelishi ham aqliy, ham naqliy dalillar bilan isbotlangan bo‘ldi. Yana, Xudo tarafidin tushgan ulug‘ kitoblar — Tavrot, Zabur, Injil, Qur’on, bulardin boshqa payg‘ambarlarga kelgan kitob¬larda ham qiyomat, Arasot ahvollari bayon qilingandur. Agar qiyomat bo‘lishi inkor qilinsa, milyon kishiga foyda yetkazgan kishi bilan, shu barobar, kishilarga ziyoni yetgan zolimning hech farqi qolmaydi. Bundoq bo‘lishi, albatta, aqlga to‘g‘ri emasdur. Shuning uchun Makkada tushgan suralar, birinchisi tavhid, ikkinchisi, o‘lgandin so‘ngra tirilib, qiyomatning bo‘lishi — shu ikki masala bilan to‘ldirilgandurlar. Yana o‘z so‘zimizga kelaydik.