U yosh qizlar shu she’rni o‘qiganlarida, Rasululloh qarab: «Meni yaxshi ko‘rasizlarmu? Alloh bilur, sizlarga muhabbatim ko‘nglimda to‘liqdur», dedilar.
Abu Ayyub Ansoriyning ost-ustlik ikki qavat uylari bor edi. Kelib ketgan kishilarga og‘irlik bo‘lmagay deb, Payg‘ambarimiz ostingi uyni ixtiyor qildilar. Lekin Abu Ayyub Ansoriy Rasululloh xizmatlariga buni loyiq ko‘rmay, yolvorib yurib, hech qo‘ymay, oxiri yuqorigi uyga ko‘chirdi. Muhojir sahobalar ko‘pchiligi Payg‘ambarimiz bilan birga edilar. Ansor sahobalar alarni qizg‘anishib, har kim o‘ziga tushirmoq uchun talashdilar. Oxiri bu ishni bajarishda chek tashlashga maslahat to‘xtadi. Har muhojir qaysi ansorning chekiga tushsa, shu joyda makon tutdi. Makkadin va boshqa joylardin kelgan muhojirlar orasida bola-chaqaliklari yo‘q hisobida edi. Xudo yo‘lida hamma narsalarini tashlab chiqqan edilar. Payg‘ambarimizning Qubodin chiqishlari juma kuni bo‘lib, juma namozining vaqti yaqin bo‘lganlikdin, Madina ichiga kiraverishda bani Solim ibn Avf mahallasida juma namozini o‘qishga to‘g‘ri keldi. Xususiy bir masjidda yig‘ilib turishgan yuz chamalik kishilarga imom bo‘lib, juma namozida shu xutbani o‘qidilar. Ko‘proq rivoyatga qaraganda birinchi o‘tagan juma namozlari, birinchi o‘qigan xutbalari shu edi. Arabcha matnini qoldirib, uning mazmunini turkiycha yozdim. Dastlab, Xudoga hamdu sano aytdilar, so‘ngra dedilar:
— Ey odamlar, dunyoda tirik turgan chog‘inglarda, oxiratga borishdan oldinroq oziq yuboringlar. Ulug‘ Allohning xaqqi bilan qasam qilurman, har bir kishi o‘lgandin so‘ngra Xudo oldiga borgay, barcha molu dunyo¬larini bu joyda qoldirgay, so‘ngra Alloh taolo oraga tilmoch solmasdin, hech kimni orachi qilmasdin u qulga degay: «Dunyoda turgan chog‘ingda yuborgan payg‘ambarimiz senga kelgan edi, bu kunlarning kelishini senga bildirgan edi, fazl-karamim bilan seni yo‘qdin bor qildim, rizq berib, seni tarbiya qildim, bu kungi holda o‘zing uchun bu joyga nima keltirding?» Anda ul kishi hijolat bo‘lganidin o‘ng tomoni, so‘l tomoniga, oldi-orqasiga qarab, tamug‘ (do‘zax)din boshqa hech narsani ko‘rmagay. Endi oldinglarda shunday ishning borligi haqdur, bu ish bir kuni ko‘z oldinglarga kelur. Har kishi ortiqcha topolmay, yarim xurmosi bo‘lsa ham, shuni oz ko‘rmay, Xudo yo‘lida muhtojlarga sadaqa qilsin. Do‘zax o‘tidin yiroqlashgay, agar bu dag‘i (bu ham) bo‘lmasa, kishi ko‘nglini olgudek bir og‘iz yaxshi so‘z bo‘lsin. Bu ham ehson qatorida o‘tgay. Mo‘minning qilgan yaxshiligi eng oz bo‘lgan-da, o‘n barobar bo‘lib yozilur. Aning ixlosiga qarab, o‘ndan yetti yuzgacha bir yaxshilikning savobi bo‘lur. Har keluvchi narsa yaqindur. Hech kimning shoshganiga qarab, Xudo shoshilmas, vaqti kelganida har ish kechiktirilmas, kishi bir ishni qilmoqchi bo‘lur, uni Alloh ham qilmoqchidur, kishi deganicha bo‘lmas, Allohning tilaganicha bo‘lur. Uni kishilar suymasalar ham shu bo‘lur. Xudo yiroqlashtirgan ishni hech kim yaqinlashtirolmas. Shuni aniq bilingkim, Xudodin iznsiz hech bir ish bo‘lmas».